Opamni topib oldim

0
297
marta koʻrilgan.

Bayram qanaqa boʻlishini bilasizmi? Bilmasangiz bilib qoʻying! Bayram degani shuki, hammamiz yasanamiz. Bu – birinchidan. Toʻgʻri, dadam hammamizga baravar boshoyoq kiyim qilib berolmaydi. Lekin hech boʻlmasa, bittadan ohorlik kiyamiz. Undan keyin oyim albatta palov, juda boʻlmasa, shovla pishiradi. Bu – ikkinchisi. Nihoyat, bayram degani shuki, men onamga ergashib albatta togʻamnikiga boraman. Togʻamning men tengi oʻgʻli bor. Maza qilib obaki yeymiz. Iloji boʻlsa, “Tarzan” kinosiga tushamiz. Tarzanni bilasizmi? Xuddi maymundek daraxtdan-daraxtga sakraydi. Yoʻlbarsdan ham, arslondan ham qoʻrqmaydi.

Joʻraboshimiz aytgan, oʻzi koʻrgan.

Mana, bugun oyim non yopyapti. Arpa non unchalik oppoqmas. Ammo juda mazali. Ana, non isi kelyapti. Oyim menga atab ataylabdan kulcha yasagan. Kulcha nondan oldin pishadi: kichkina-da! Ana, oyim rapidani qoʻliga kiyib, toʻnkarilgan zambil ustiga chiqdi. Boʻlmasa tandirning tepasiga boʻyi yetmaydi. Oʻsha yerdan turib buyurdi.

 – Doʻppingni och!

Doʻppimni boshimdan yulib oldimu tutib turdim. Shu ondayoq choʻgʻdek issiq, qip-qizil non doʻppiga tushdi. Jiyaklari titilib ketgan doʻppimni changallagancha koʻchaga yugurdim.

 – Hoy, sekinroq, yiqilasan! – deb qoldi oyim chirqillab.

Nega yiqilar ekanman! Orqamdan kuchugim ham yugurgilab qoldi. Biladi-da, oʻziniyam ulushi borligini. Ikkalamiz oldinma-ketin chopishib, Shirin arigʻining boʻyiga keldik. Issiq nonni suvga tashladim-da, oʻzim pastga qarab chopib ketdim. Gurji kuchugim ham oyogʻimga oʻralashib yugurdi. Ellik qadamcha yurgandan keyin qoqigullar ochilib yotgan qirgʻoqda kutib oʻtirdim. Ana, bizning non oqib kelyapti! Tandirdan yangi chiqqan nonni oqizoq qilib yemagan boʻlsangiz, yeb koʻring. Meni aytdi dersiz, maza qilasiz!

Bir oyoqlab suvga tushib, nonimni tutib oldimu ushatib yedim. Ana rohatu mana rohat! Usti muzday, ichi issiq. Bir burdasini oʻzim yeyman, bir burdasini kuchugimga beraman. Kuchugim nonini mendan oldin yeb boʻladi. Yeb boʻladi-da, boshini goh u tomonga, goh bu tomonga tashlab moʻltirab qoʻlimga qaraydi. Dumini likillatib-likillatib qoʻyadi. Ikkalamiz maza qilib ovqatlandik. Keyin shundoq sohilga yotib, tip-tiniq suv ichdim. Kuchugim ham oldingi oyoqlari bilan choʻkka tushib, qip-qizil tili bilan shapillatib rosa ichdi.

Uyga qaytsak, dadam bodom tagida turib, endi xaltasini ochayotgan ekan. Urre!

 – Manavi senga! – dedi dadam oyimga qarab. Xaltadan poshnasi past yaltiroq amirkon kavush chiqdi. Oyim eski kalishini yechib, kiyib koʻrgan edi, kavush lop-loyiq keldi. U yoq-bu yoqqa yurib koʻruvdi, kavushi gʻarchillab ketdi.

 – Iya, gʻarchiyam bor ekan, – dedi oyim yosh boladek quvonib. – Baraka toping, anchadan buyon shunaqasini orzu qilib yuruvdim.

 – Qizing qani? – dadam gʻolibona qiyofada yana xaltaga qoʻl suqdi.

Tutundan boʻgʻilgan opam oshxonadan koʻzini ishqalab chiqdi.

 – Manavini oʻrab koʻr-chi! – Dadam guldor shoyi roʻmolni opamga uzatdi. Opamning koʻzlari quvonchdan porlab ketdi.

 – Rahmat, – dedi uyalinqirab.

Katta akamga yoʻl-yoʻl koʻylak, kichik akamga chiyduxoba shim tegdi. Endi bizning navbat! Yoʻq, dadam xaltasiga qoʻl suqqan edi, bu safar ukamning sovgʻasi chiqdi. Dengizchilar kiyadigan koʻylak! Chetida tasmasiyam bor.

 – Menga-chi? – dedim hovliqib.

 – Sengayam bor, oʻgʻlim! – deb dadam xaltasidan qizil duxoba doʻppi chiqardi. Koʻzim yonib ketdi. – Qani, – dedi u doʻppini boshimga kiygizib. – E-e, boshdan ham bergan-da, senga, oʻgʻlim!

Rostdan ham doʻppi boshimni bir chekkasida qolib ketdi.

 – Ziyoni yoʻq! – dadam doʻppini tizzasining koʻziga kiygizib, bir chetidan tortdi. Allanima “tirr” etdi. Qoʻrquv ichida doʻppiga qaradim. Yoʻq, yirtilmabdi. Dadam qaytadan kiygizgan edi, boshimni xiyol qissayam, loyiq kelgandek boʻldi. – Boshdan ham bor-da, oʻzi, oʻgʻlim. – Dadam yana kuldi.

Kichik akam hozirjavoblik bilan gap suqdi.

 – Boshi katta boʻlgani bilan aqli yoʻq.

Opam uning yelkasiga bir tushirdi.

 – Yoshi senga yetsa, sendan aqlliroq boʻladi.

 – Oʻzingiz-chi? – Oyim dadamning koʻziga termildi. – Oʻzingizga hech nima olmadingizmi?

Dadam qoʻl siltadi:

 – Keyin… Keyin olinar. Nima, men yosh bolamidim…

Aka-ukalar bir zumda koʻchaga otildik. Boʻlmasa-chi, qanaqa yasanib olganimizni hamma koʻrib qoʻysin-da.

…Ertalab kimdir sekin yelkamga turtayotganini payqab uygʻonib ketdim. Hali koʻzimni ochmasimdanoq dimogʻimga oʻsma hidi urildi. Qarasam, tepamda oyim jilmayib turibdi. Qoshi qalin, qop-qora (oyim pardoz qilmas, ammo “qosh suv ichadi” deb oʻsma qoʻyardi).

 – Jim, – dedi u barmogʻini labiga bosib. – Ukang uygʻonib qolmasin. Tez yuvin.

Tushundim. Demak, togʻamnikiga boramiz. Ukamni tashlab ketamiz. Boʻlmasa, oyimni qiynab yuboradi. Besh qadam yuradi-da, opiching, deb xarxasha qiladi. Yoʻl uzoq.

Ukam, boshi devor tomonda, bir oyogʻi mening qornim ustida maza qilib uxlab yotibdi. Hali turgandan keyin “loʻlilik” qilib opamning dodini beradi.

Yuvinib kelib, apil-tapil choy ichdim.

 – Bolani ehtiyot qil, – oyim ayvon burchagida oʻtirib, toʻnkarilgan piyoladan oʻsma botirib qoshiga tortayotgan opamga tayinladi.

 – Xavotir olmang. – Opam boshini u yoq-bu yoqqa egib, bir cheti siniq koʻzguga qiyo-qiyo qararkan, jilmaydi. – Oʻzim qarab turaman.

Opam juda mehribon. Oyim yoʻgʻida hammamiz opamning pinjiga tiqilamiz…

Guzarga chiqqanimizdan keyin, eng katta niyatimni sekin aytdim:

 – Oyi, kinoga tushsam maylimi? Tarzanga?

U gʻarchli kavushiga chang qoʻndirmaslik uchun tuproq koʻchadan avaylab borarkan, orqasiga qaramasdan soʻradi:

 – Kim bilan tushasan?

 – Sobir bilan.

 – Togʻangnikiga bormaymiz.

Hafsalam pir boʻlib toʻxtab qoldim. Bundan chiqdi, ammamnikiga borarkanmiz-da. Ammamnikida men tengi oʻrtogʻim yoʻq.

 – Ammamnikiga ketyapmizmi? – dedim qovoq-tumshugʻim osilib.

Oyim burilib qaradi:

 – Yoʻq, opangnikiga.

 – Opam uyda-ku? – dedim hayron boʻlib. – Yana qanaqa opamnikiga boramiz?

 – Oʻqchiga. Katta opangnikiga.

Qiziq, qanaqa katta opam? Oʻzi bitta opam bor-ku.

 – Yur, – dedi oyim shoshirib. – Kun isib ketmasidan Beshyogʻochga yetib olaylik.

Oyimga ergashib borarkanman, allanimani gʻira-shira tushungandek boʻldim. Besh-olti kun oldin ammam kelgan edi. U oyim bilan pichir-pichir gaplashgan, “oʻgay… yigʻladi… Oʻqchi…” degan soʻzlar qulogʻimga chalingan edi. Demak, Oʻqchi degan joyga ketyapmiz.

Oʻqchi degani ikki tomoni boloxonali uylar bilan oʻralgan tor koʻcha ekan. Bizning tomonlarda allaqachon hammayoq koʻkarib ketgan, bu yerda boʻlsa koʻcha zax, ikki chetda qop-qora suv jilgʻa boʻlib oqib yotibdi. Ancha yurdik. Tez-tez temirchilik doʻkonlari uchraydi. Bayram boʻlsayam, baʼzilari ochiq. Devordagi mixlarga ketmon, tesha, xaskash ilib qoʻyilgan. Sandonda olov gurillaydi. Taraq-turuq avjida: yaqiniga borib boʻlmaydi. Oxiri tagidan qoramoydek loyqa suv oqib yotgan, chetidagi panjaralari liqillab turgan yogʻoch koʻprikdan oʻtdik. Oyim dam-badam toʻxtaydi. Hali u eshikni taqillatadi, hali bunisini.

 – Hoy, oʻrgilay, Bashoratxonning uyi shumi? Eri peravodniy…

Birov yoʻq, deydi, birovi yelka qisib eshikni berkitadi, bir xili eshikni umuman ochmaydi.

Shu qadar charchadimki, oyogʻimni qimirlatishga madorim qolmadi. Xuddi, hov birda, uydagi opamga sovchi kelganida Qaʼniga borganimizdek. Kelmasam boʻlarkan. Qaytaga uyda Xoʻja bilanmi, Vali bilanmi maza qilib chillak oʻynab yurgan boʻlardim. Kun isib ketgan, suv ichgim kelardi. Oyimning oʻzi ham koʻcha chetidagi vodoprovoddan ikki marta suv ichdi. Suv ichish oson boʻlsayam mayli ekan. Odamlar paqirini koʻtarib, qatorlashib navbat kutib turadi… Bayram boʻlgani uchunmi, yasangan-tusangan oʻtkinchilar tuzuk-quruq gaplashmaydi. Hamma qayoqqadir shoshadi.

Bir mahal paranji-chachvonli xotinga duch keldik. Oyim yana oʻsha yalinchoq ohangda soʻradi:

 – Hoy, baraka topgur, Bashoratxonni tanimaysizmi?

Paranjili xotin toʻxtadi. Chachvonini yuzidan olgan edi, qoʻrqib ketdim. Bunaqangi choʻtir xotinni birinchi koʻrishim edi. Negadir xayolimga choʻtirini berkitish uchun paranji yopinib yursa kerak, degan oʻy keldi.

 – Qanaqa Bashor? – dedi u roʻmolcha bilan ter bosgan yuzini artib.

 – Bashoratxon-da! – Oyim kuyib-pishib tushuntirdi. – Eri peravodniy. Ashxobodda yer qimirlaganda kasallarni poyezdda olib kelgan.

 – Uyini bilmaysizmi? – choʻtir xotin achinib bosh chayqadi. – Dunyoda nima koʻp, Bashor koʻp.

 – Yoʻq. Egachim aytuvdilar, – deb oyim yana tushuntirdi. – Shundoq koʻprikdan oʻtgandan keyin topasiz, devdilar.

 – Bu koʻchada nima koʻp, koʻprik koʻp, aylanay, – choʻtir xotin yelkasini nochor qisdi.

 – Hayronman, – dedi oyim umidsizlik bilan. – Nechta eshikni taqillatdim, hech yerda yoʻq.

Boʻlmadi, choʻtir xotindan ham ish chiqmadi. Tagʻin ikkita katta-kichik koʻprikdan oʻtdik. Yurib-yurib, choyxona oldidan chiqib qoldik. Bayram sharofati bilan choyxona ayniqsa gavjum boʻlib ketgan, soʻrilarda erkaklar chordana qurib, sabzi toʻgʻrab oʻtirishar, toʻrqovoqlardagi bedanalar avjiga chiqib sayrar, havoda jizza hidi kezar edi.

 – Bor, bolam, – dedi oyim yalinib, – erkaklarning oldiga men bormay qoʻya qolay. Soʻragin, peravodniyni uyi qaysi, degin, Bashor degan xotini bor, degin, xoʻpmi?

Soʻri oldiga bordimu, toʻxtab qoldim. Har kim oʻzi bilan oʻzi ovora, qayrilib ham qaramaydi. Askiya…. Qiyqiriq… Shoʻppayib turib-turib qaytib keldim. Oyim urishmadi. Yana ketaverdik.

Kattakon tilla zirak taqqan, yalpoq gulli koʻrpabop matodan koʻylak kiygan, qalin qoshli juvon duch kelganida oyim tagʻin soʻradi:

 – Hoy, opovsi, Bashoratxonni…

 – Man namedonam! – dedi ayol yelka qisib.

Oxiri oyim ham holdan toydi. Koʻcha chetidagi yapasqi xarsang ustiga oʻtirib, tugunini yechdi. Kecha yopgan arpa nonidan olib olgan ekan. Shundan bittasini ushatib, ona-bola yedik. Tagʻin chanqay boshladim.

 – Oyi, suv, – dedim hiqillab.

 – Shoshma, bolam, sabr qil. – Oyim yupatdi. – Topamiz. Hozir topib olamiz.

Non quvvat berdimi, yana avvalgidek yoʻlga tushdik.

Bir mahal onam toʻxtab qoldi.

 – Voy, oʻlsin, tagʻin Beshyogʻochga chiqib qolibmiz-ku.

Qarasam, rostdan ham Beshyogʻoch! Bundan chiqdi, aylanib-aylanib yana shu yerga kelib qolibmiz-da. Bozor oldidagi maydonda odam koʻp edi. Yasangan qizlar, papiros tutatgan yigitlar… Daraxt soyasida bir oyoqli kishi qoʻltiqtayoqqa suyanib turibdi. Oldida eski kursi, kursidagi savatda obaki. U ingichka boʻynining tomirini oʻynatib, ovozi boricha baqirardi:

 – Obaki dandon

Lablari xandon

Chaynama, shimi,

Chaynama-a-a!

Birpasda chanqoq ham esimdan chiqib ketdi.

 – Obaki obering, – dedim yalinib.

Oyim bir zum ikkilanib turdi-da, qoʻlimdan yetakladi:

 – Yur.

Parvardaga oʻxshatib kesilgan obakini ogʻzimga soldimu maza qilib soʻra boshladim. Saqichga oʻxshagan yumshoq, ammo juda shirin.

 – Siz shu yerlikmisiz, amaki? – dedi oyim qandolatchiga termilib.

Qandolatchi qoʻltiqtayogʻiga suyanib, choʻntagidan papiros olarkan, shubhalanib oyimga qaradi:

 – Nima edi?

 – Bashoratxonni qidirib keluvdik. Eri peravodniy, Ashxobodda yer qimirlaganda kasallarni olib kelgan. Oʻqchida koʻprikning oldida turadi, deyishuvdi.

 – Nomeri nechchi? – dedi qandolatchi papiros tutatib.

 – Oʻshanisini soʻramabman. – Oyim aybdor qiyofada yerga qaradi.

 – Iya, qiziq ekansiz-ku, singil! – choʻloq qandolatchi ovozi boricha shangʻilladi. – Afandi eshagi yoʻqolganida bir qoʻlida yantoq, bir qoʻlida tezak koʻtarib, bozor aylangan ekan, buni yeb, buni anaqa qilganni koʻrgan bormi, deb. Siznikiyam shundan boʻldi-ku.

Atrofdagi hangomatalab tomoshabinlar xaxolab kulishdi. Oyim mulzam boʻlib sekin burildi.

 – Soʻrab-soʻrab Makkani topgan ekan, amallab topib olarmiz.

Ikkovlashib yana oʻsha zaxkash, ikki chetida qop-qora suv jilgʻa boʻlib oqayotgan koʻchaga kirdik. Oyoqda zoʻrgʻa tursam ham, dam olaylik deb oyimga xarxasha qilishga qoʻrqar edim. Boyagi odamning gapi oyimni xafa qilganini bilib turardim. Yurib-yurib yana oʻsha omonat panjarali yogʻoch koʻprikdan oʻtdik.

Oyim roʻparadan kelayotgan, sumka koʻtargan xotinni toʻxtatdi.

 – Jon singlim, bir narsa soʻrasam maylimi? Shu yerlikka oʻxshaysiz. – Oyim uning qoʻlidagi sumkasiga, bayram boʻlsayam yasanmasdan eskiroq qargʻashoyi koʻylak kiyganiga qarab, shu yerlik deb gumon qilgan boʻlsa ehtimol.

Xotin shoshilib turgan ekan shekilli, “gapingizni ayting” degandek qoshini chimirdi.

 – Bashoratxonni tanimaysizmi? – dedi oyim shosha-pisha. – Eri peravodniy. Ashxobodda…

 – Nimaga edi? – dedi ayol oyimning gapini boʻlib.

Oyim uning koʻziga tikilib qaradi-da, koʻnglida umid uygʻondi shekilli, ovozi dadillashdi:

 – Kerak edi-da. Ertalabdan beri qidiramiz, aylanay. Bilmagan joyning koʻchasi koʻp, deb shuni aytar ekanda.

Ayol oyimga tikilib turib negadir ovozi titrab ketdi.

 – Siz… Siz kimi boʻlasiz? – dedi sekin.

 – Onasiman, aylanay, onasiman!

Ayolning qoʻlidan sumkasi tushib ketdi.

 – Oyijon! – dedi iltijoli ohangda. – Oyijon! Oʻzingizmisiz? – Shunday dediyu oyimni quchoqlab oldi. Oʻsha zahoti koʻzidan tirqirab yosh chiqib ket-di. – Oʻsha men… Menman… Qizingizman… Oyijon… Biluvdim, topib kelishingizni biluvdim. Biluvdimu ishonmovdim. Ammam aytsalar, ishonmagandim!

U hadeb oyimni oʻpar, nuqul bitta gapni qaytarardi.

 – Ishonmovdim…

Keyingi daqiqada meni yerdan dast koʻtarib oldi-da, koʻzimdan, yuzimdan oʻpa boshladi.

 – Oʻzimning ukamdan oʻrgilay, ukajonimdan aylanay.

Dimogʻimga binafsha hidi urildi. U baquvvat qoʻllari bilan meni mahkam quchoqlab olgan, yoshli koʻzlari bilan qayta-qayta koʻzimga termilib qarar, nuqul oʻpar edi. Shundagina uning katta xotin emas, yoshgina ekanligini, allaqayeri uydagi opamga oʻxshab ketishini payqadim. Bashor opa bir qoʻlida meni koʻtargancha egilib, ikkinchi qoʻli bilan sumkasini yerdan oldi.

 – Qoʻying, – dedi oyim uning bilagidan tutib. – Yosh bolamas, oʻzi yuradi. Shu kuzda maktabga boradi-ku.

 – Nega qoʻyarkanman?! – Bashorat opam binafsha hidi anqib turgan boshini yana yuzimga bosdi. – Ukajonimni nega qoʻyarkanman?! Oʻzim zoʻrgʻa topib oldim-ku!

Kap-katta bola opamning qoʻlida ketayotganimdan, botinkam koʻylagini loy qilib yuborganidan uyalib tipirchiladim.

 – Tushaman!

Yoʻq, opam qattiqroq bagʻriga bosdi.

 – Tushmaysan. Charchab qopsan, ukam. Koʻrib turibman.

Bashorat opam shaxdam-shaxdam qadam tashlar, oyim unga arang yetib borar, ikkovlari hayajondan entikib, gaplashib borishardi.

 – Tanimay qolganimni qarang, qizim. Oʻziyam sizni bir marta koʻruvdim-da… Ancha boʻp ketdi. Oʻshanda jamalaksoch qizcha edingiz.

 – Men ham avvaliga tanimadim… Qarang, oyijon, sira ishonmovdim.

Opamning uyi chindan ham koʻprik yaqinida ekan. Biroq, yana bitta tor koʻchaga kirish esimizdan chiqibdi. Oʻsha tor koʻchadan oʻtib, kaftdekkina hovliga kirib qoldik. Hovli oʻrtasida bir tup tut bor edi. Tut hali pishmagan, ammo ancha oqarib qolgan, shoxiga belanchak ilib qoʻyilibdi. Tut tagiga kelgandan keyingina opam meni yerga qoʻydi.

 – Mana singling, – dedi belanchakka imo qilib. – Singlim desang ham boʻladi, jiyanim desang ham. Singlim deyaver.

Moʻralab qarasam, belanchakda atlas koʻylakcha kiygan qizaloq yotibdi. Sekin tebratib koʻrdim.

Opam yoshli koʻzlariga tabassum qalqib, yana bir marta boshimni silab qoʻydi-da, uy tomonga qarab qichqirdi:

 – Dadasi! Oyim keldilar!

Zum oʻtmay oynaband ayvonning eshigi sharaqlab ochildi-da, yelkasiga beqasam toʻn tashlagan kishi chiqib keldi.

 – Oyim keldilar! – dedi Bashorat opam tantana bilan.

Beqasam toʻnli kishi oyim bilan quyuq soʻrashdi. Onam uning peshonasidan oʻpib koʻrisharkan, menga oʻgirildi:

 – Pochchangga salom bermaysanmi?

Pochcham xuddi katta kishi bilan soʻrashgandek, qoʻl berib koʻrishdi.

 – Otingiz nima, polvon yigit? – dedi kulib.

Pastak shiftli xonaga kirdik. Toʻrda Stalinning harbiy kiyimdagi surati iligʻliq turar, deraza tepasidagi mixga ilingan laganchaga oʻxshash qora karnaydan muzika yangrar edi. Yonbosh tomonda esa zanjirli osma soat. Soatning tepasi mushukning boshiga oʻxshatib ishlangan. Kapgir u yoq-bu yoqqa borib kelgan sayin mushukning koʻzi ham u yoq-bu yoqqa moʻralaydi. Bunaqa soatni dadamning hujrasida ham koʻrmaganman.

Opam eski sholcha toʻshalgan yerga darrov koʻrpacha yozdi. Xontaxta qoʻyib, dasturxon bezadi. Piyolamga mushtdek novvot solib choy quyib berdi.

Kunboʻyi piyoda yuraverib, charchadimmi, karnaydan hadeb yangrayotgan muzika elitdimi, uxlab qolibman. Bir mahal opam peshonamni silab uygʻotdi:

 – Tur, jonim, qorning ochib ketdi-ku.

Koʻzimni ochsam dasturxonda ustiga koʻk piyoz sepilgan bir lagan moshkichiri turibdi. Oyim, opam, pochcham gangir-gungir suhbatlashib oʻtirishibdi. Opamning qistovi bilan uch-toʻrt qoshiq moshkichiri yedimu tagʻin uxlab qoldim.

Keyin yana uygʻonib ketdim. Anchagacha qayerdaligimni bilolmay, shiftga tikilib yotdim. Xira lampochka yonib turar, allaqayerda soat chiqillardi. Devordagi “mushuk soat”ni koʻrgandan keyingina Bashor opamnikida yotganimni angladim. Yonboshimga oʻgirilgan edim, karavot gʻichirladi. Qarasam, yonimda boyagi atlas koʻylakli singilcham yumshoqqina boʻlib pishillab uxlab yotibdi. Uygʻotib yubormay deb, tagʻin koʻzimni yumib oldim. Avval xoʻrsiniq, ketidan ayol kishining hiqillagan yigʻisi eshitildi.

 – Yuzimni yorugʻ qildingiz, oyijon… – Bu Bashor opamning ovozi edi. – Kuyovingizning oldida yerdan sugʻurib oldingiz. Turmush qurganimizga uch yil boʻlyapti. Kuyovingizga nima deyishimni bilmayman. Otam bor deymanu borolmayman, onam bor deymanu koʻrsatolmayman. – Opam yana chuqur xoʻrsindi. – Oyim tirikligida, otangning koʻziga koʻrinma, deb tergab turardi. Onam oʻlgandan keyin nima deb borishni oʻzim ham bilmadim. Bir zamonlar dadam bilan oyimning turmushi buzilgan boʻlsa, mening aybim nima, oyijon… Oyim adamning dilini ogʻritgan boʻlsa bordir, ammo menda nima gunoh?

 – Qoʻying, jon bolam, – oyim ohista yupatdi. – Turmush oʻlgur shunaqa ekan. Odam bu dunyodan nima obketadi? Boradigan joyi boʻyradek yer… Adangizning jahli tez boʻlgani bilan koʻngli boʻsh. Uch-toʻrt kundan keyin oʻzingiz boring. Kuyovniyam oboring. Siz bolasiz, u kishi ota. Mening kelganimni aytmay qoʻya qoling. Eski ginalarni unutinglar.

 – Bormoqchiyam boʻluvdim… – Opam taraddudlanib jimib qoldi. – Tagʻin sizning koʻnglingizga kelmasin, deb…

 – Gapingiz qurmasin, – oyim opamning soʻzini kesdi. – Etni tirnoqdan ajratib esimni yebmanmi? Ming qatla shukr, adangiz borlar, singlingiz, qoʻsha-qoʻsha ukalaringiz bor, qaddingizni koʻtarib yuring, jon bolam.

Oyim bilan opam hamon dardlashar, “mushuk soat” bir meʼyorda chiqillar, yonimda yumshoqqina boʻlib singilcham pishillab uxlab yotar edi. Yana koʻzim ilindiyu qotib uxlab qopman.

…Ertasiga hovlimizga mahallaning tabibi – Hoji buvi, Xayri opa, Moʻmin akaning xotini Kelinoyi, Valining oyisi Zebi xola, Sepkilli xola, Xolposh xola toʻplanishdi. Oyim aytib kelganmi, bayram bahona boʻlganmi, unisini bilmayman. Oyim garmdori gulli piyolada qoʻshnilarga choy quyib uzatar ekan, ogʻzini toʻldirib maqtanar edi:

 – Qizim berdi! Qarang, piyolasining chiroyliligini qarang! Voy, oʻrgilay sizlardan, shundoq qizim bor ekanu men ahmoq bilmay yurganimni qarang! U bogʻ-rogʻlar, u oq uy-olabargaklar desangiz! Qoʻsha-qoʻsha gilamlar! Bir radiosi bor, sandiqdek keladi. Qizimning chaqqonligini koʻrsangiz. Birpasda bir guruch, bir goʻsht qilib, chigit bosgandek osh damlab keldi. Kuyovimni aytmaysizmi, peravodniylarning boshligʻi ekan. Uyogʻi Ashxobod, buyogʻi Leninobod – yetti iqlimda koʻrmagan joyi qolmabdi. Biram odobli, biram aqlli…

Oyim opamning hovlisidagi tutdan boshqa qaysi bogʻni, eski sholchadan boshqa qaysi gilamni, moshkichiridan boshqa qaysi palovni aytayotganini bilmasdim-u, lekin hamma gapiga ishongim kelardi.

 – Siz koʻpam ixtimat qoʻyavermang! – Kelinoyi oyimning gapini ogʻzidan oldi. – Oʻgay bari bir oʻgayligini qiladi. Undan sizga nima foyda!

 – Unaqa demang, ovsinjon. – Oyim unga taʼnali qarash qildi. – Bu dunyodan hech kim hech narsa orqalab ketmaydi, oʻrgilay. Bolalarim buyoqda otasining bagʻrida yayrab yursin-da qizim uyoqda tirik yetim boʻlib yursin… Shuyam diyonatdanmi? Bunaqa gapingizni bir aytdingiz, ikkinchi qaytarmang, ovsinjon.

Boshqa xotinlar oyimning soʻzini maʼqullab chuvillashdi:

 – Toʻgʻri aytasiz!

 – Oxiratni oʻylagan odam shundoq qiladi.

 – Ammo-lekin… – Oyim ovozini pasaytirdi. – Adasi men borganimni bilmay qoʻya qolsinlar. Qiz boʻlib u kelmaydi-yu, ona boʻlib sen borasanmi, deb dillari ogʻriydi… Erta-indin qizimning oʻzi keladi.

Bashor opam ertasiga emas, uch kundan keyin keldi. Dadam bodom soyasida choʻkkalab oʻtirgancha, arraning tishini egov bilan qayrar, oyim oshxonada, men esa supada ukam bilan kurash tushayotgan edim. Gurji kuchugim darvoza tomonga yugurdi. Koʻkshoyi koʻylak kiygan Bashor opamni darrov tanidim. Opam kuchukni koʻrib, darvozadan kiriboq toʻxtab qoldi. Dadam bir zum tikilib qaradi-da, garangsibroq oʻrnidan turdi. Kuchukni haydash bahonasida opam tomon chopdim. Opam uch-toʻrt qadam bosdi-yu, koʻzida yosh bilan hayqirib yubordi:

 – Adajon!

Dadam bir qalqib ketgandek boʻldi.

 – Ie, iye, – dedi ovozi titrab. Keyin oshxonaga qarab qichqirdi. – Hoy, bu yoqqa chiq, qizing keldi!

Bashor opam dadamning quchogʻiga oʻzini otdi.

 – Yigʻlama, ona qizim, yigʻlama. – Dadam Bashor opamning sochini silar ekan, koʻzlari namlandi. (Uning koʻzida hech qachon yosh koʻrmagan edim.) – Bormisan, oppoq qizim.

Opam dadamning bagʻridan chiqishi bilanoq oyim quchoqlab oldi.

 – Voy oʻzimning qochqoq qizimdan aylanay! – dedi Bashor opamning yuzidan oʻpib. – Voy, oʻzimning toʻngʻich qizimdan oʻrgilay!

Boyadan beri nariroqda bola koʻtarib iljayib turgan pochchamni endi koʻrishdi. Dadam pochcham bilan ham quchoqlashib koʻrishdi. Singilcham birpasda qoʻlma-qoʻl boʻlib ketdi. Opam, aka-ukalar birinchi jiyanimizni “xomtalash” qilib yubordik.

Oʻsha kuni dadam oʻz qoʻli bilan osh damladi. Hatto pochcham ikkovlari jinday-jinday vino ham ichishdi.

…Oʻshandan keyin bironta bayram shunchalik esimda qolgani yoʻq.

 

Oʻtkir HOSHIMOV

 

“Dunyoning ishlari”dan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.