Onaizorim

0
338
marta koʻrilgan.

Oʻlmasoy opamning aziz xotirasiga bagʻishlayman

 

Muqaddima

 

Bahor togʻlarning ustlaridan to nigoh yetmas olislardagi yaylovlargacha yastanib ketgan bepoyon kengliklarni sanoqsiz rangu tus, shaklu qiyofadagi anvoyi gul-chechaklar bilan bezaydi, shamollar qatida islarini, gulchanglarini va urugʻlarini koʻtarib uchib, boshqa yerlarga sochadi, turli-tuman qushlar u rizqlardan choʻqib sayrab yurishadi. Gurkirab oʻsgan butalar bagʻrida qurtu qushlar turlicha saslanishadi, chigirtkalar sakraydi, chumolilar yemish ilinjida har yoqqa tarqalishadi.

Havolarni almashtiradigan va tabiatni joʻshtiradigan ikki unsur bor bu yerda: shamol va suv. Shamol kurtaklarni ochadi, gulkosalarni toʻkadi, yerni uygʻotadi. Suv tuproq bagʻrida yashirinib yotgan urugʻlargacha singib boradi. Shu ikkovlon tuproqni ilhomlantiradi, goʻyo quloq eshitmas, aql bovar qilmas bir sado ila har narsa birdaniga harakatga keladi.

Bu yerlarda shamollar suron solib esadilar: kunbotardan kunchiqarga, kunchiqardan kunbotarga…

Shamol zabtida tollar, tutlar, teraklar chayqaladi, qamishlar shovullaydi, bugʻdoyzorlar shitirlaydi, qovgʻa popiltiriqlari momaqaymoq ukparlari bilan har yon qoʻshilib uchadi, yovvoyi oʻtlar atri ekinlar va daraxt gullari isi bilan qoʻshilib huzurli, gʻalati boʻy hosil qiladi.

 

Birinchi qism

 

Qishloq tomorqalari aro olingan sargʻish guvalak devor ustiga quyosh chiqmasidan ninachilar qoʻnib olishgan. Ular turli-tuman. Masalan, kichkina sariq ninachi zaif boʻladi, tez charchab qoladi. Qizgʻish tusli yana bir turi ham bor. Eng kattasini, koʻk ranglisini ot ninachi deymiz, u sira toliqmaydi. Boshqalari tonggi shudringda namlangan qanotini guvalak yoki yerdagi kesak ustida quritib oʻtiradi, kattasi esa qanoti nam boʻlsayam uchaveradi.

Tomorqa adogʻida baland teraklar boʻy choʻzgan. Ostlarida oʻtlar gurkirab oʻsgan, pechaklar oppoq gullab, terak tanasiga chirmashib, hatto uchigacha chiqib ketgan.

Raʼno degan koʻzlari chaqnab-chaqnab turadigan bir qizcha mana shu hovlida dunyoga kelgan.

U – shiddati, gʻayrati ichiga sigʻmas qizaloq. Oʻzidan katta chelaklarni koʻtarib, daranglatib yurib qoladi. Yugurib tinmaydi, guldor koʻylaklarni yaxshi koʻradi, ammo oʻyinga berilganidan kir qilib qoʻyadi, “kir boʻpti-ku” deyishsa, “voy oʻlay” deb egilib etagini koʻtarib qaraydi.

Daraxtlar benihoya bahaybat va ajoyib, shoxlaridagi qushchalar Raʼnoga anqayib qarashadi. Ulkan soyalar aro shunaqangi tez chopadiki! Naʼmatak butalari oppoq gullaydi. Shaftoli pushti, oʻrik oqish, gilos qizgʻish gul ochadi. Momaqaldiroq gumburlab, jala quyganida barining guli toʻkilib, suvlarda chayqalib turadi, shunda Raʼno yalang oyoqchalari bilan suvlarni sochib oʻynaydi.

Qoʻshni bir qizaloq ham bor, ismi Xosiyat. Xosi deb chaqiradi Raʼno uni.

– Xosi, oʻynaysanmi?

– Yoʻq, onam ish buyurgan.

– U ishni bitirib qoʻyib, keyin oʻynasak-chi?

– Mayli.

Xosiyatning onasi ozgʻin, baland boʻyli, doim guli oʻchgan koʻylak kiyib yuradigan ayol.

Birgalashib ichi qorayib ketgan oʻchoqning kulini tozalashadi. Keyin ariqda enkayib, kosa-tovoq yuvishadi. Kosa-tovoqlar sopoldan. Uyda oppoq chinni idishlar ham bor, Xosiyatning onasi ularni hech kimga ishonmaydi. Kundalik ishlatiladigan idish-tovoqlarni koʻpincha tandirdan yo oʻchoqdan kul olib, ishqab-ishqab yuvishadi. Goho oʻtlarni yulib, shu bilan ham tozalashadi.

Ikkovining ham oyoqchalari ingichka, tovonlari qorayib-qorayib ketgan, ikkalovi ham koʻzlari chaqnab-chaqnab turadigan yoqimtoy qizaloqlar.

Yumushlardan boʻshaganlarida birgalashib oʻynashadi. Kichkinaliklarida qum oʻynashardi. Keyinroq choʻpga bir boʻlak matoni ip bilan oʻrab-chirmab, ayol shaklini berib, “mehmon-mehmon” oʻynaydigan boʻlishdi. Bu oʻyinning xususiyati shundaki, goh unisinikiga, goh bunisinikiga “mehmon” kelib qoladi. Qizaloqlar mehmonni kutib olishib, toʻshak solib oʻtirgʻizishib hol-ahvol soʻrashishadi, keyin bir chekkaga qozon-oʻchoq osib, ovqat pishirishib, dasturxonga taom ham tortishadi. Keyin qizaloqlardan birini yo onasi chaqirib qoladi, yo oʻzi:

– Voy oʻlay, gaplashib oʻtiraverganimni qarang, ishlarim qolib ketyapti-ku, boraqolay, – deya uyiga “joʻnaydi”.

Ajab, bu besh-olti yashar bu qizginalarning “bolalari” ham bor, ularni oʻzlaricha koyib-urishishadi:

– Bola boʻlmay qol, muncha meni kuydirasan? Buyurgan ishlarimni qilmabsan-ku?

– Xosi, bolalaring nechta?

– Toʻrtta. Seniki-chi?

– Menikiyam toʻrtta. Yoʻq, beshta ekan!

Qishloq qizginalarining oʻyinlaridan yana nimalarni aytsa boʻladi? Bahorda birinchi boʻlib tol och-yashil tusda kurtak yozadi. Tol poʻstlogʻi moʻrt, yengil burab turib, ichidagi oqish chivigʻini chiqazib tashlab, popukli qismini sochlariga qoʻshib oʻrib olishadi, buni tolpopuk, deydilar. Yashil tolpopuklar chiroyli koʻrinadi-da. Oʻgʻil bolalar esa tol novdasidan surnay yasab, chiyillatib chalib yurishadi.

Oʻynaganlarida qoʻshiqlar ham aytadilar:

 

Chumoli chumoli-ya,

Mayda chumoli-ya,

Chumolini uyasi,

Doshqozonni kuyasi,

Alli qiz, balli qiz,

Chiqaqolsin Raʼno qiz…

 

Qoʻshiq aytar ekanlar, maysa poyalarida oʻrmalab yurgan chumolilar angrayib qarashayotganday tuyuladi, Raʼnoning kulgisi qistaydi.

Bunday qoʻshiqlar koʻp, Raʼno ham anchaginasini yod biladi. Kech kira boshlaganida darvozaxona oldidan bolalarning joʻr boʻlib aytgan chorlovlari eshitiladi:

 

Halinchag-o halinchak,

Uydan chiqmagan kelinchak!..

 

Oʻynay-oʻynay charchashgach, bu qoʻshiqning tersi aytiladi:

 

Halinchag-o halinchak,

Uyiga kirmagan kelinchak!

 

Potirlab hamma uy-uyiga tarqalib ketadi…

Shom tushganida koʻkda yulduzlar jimirlay boshlaydi. Uzum toklari orasidan juda yorugʻ oy samoga koʻtariladi. Ishkom ostidagi soʻrida ovqatlanib oʻtirishsa, toʻsatdan gʻoʻngʻillab daraxt qoʻngʻizi yoki buzoqboshi uchib kelib qoladi. Raʼno buzoqboshidan qoʻrqadi. Qoʻngʻiz esa yagona shoxini koʻz-koʻzlab, dasturxonni tirmalaydi. Oy yanada havolab, kecha qorongʻisida shitirlayotgan teraklar uchiga yetganida ayvonga qatorasiga joy solinadi, boshi yostiqqa tegishi bilan dong qotib, bolalikning musaffo uyqusiga choʻmadi.

Tush ham koʻradimi? Ha, lekin u tushlar esda qolmagan.

Esida qolgani – ayvonning orasi ochiq taxtalari, tepadagi vassajuftlar va oʻsha yerdan moʻralab turadigan qaldirgʻoch bolalari.

Har holda, u juda odobli va aqlli qiz boʻlib oʻsmoqda edi.

Hushyor nigohi bilan tevarakni kuzatar edi.

Kishilarning bari oppoq yaxtak kiyib, bellarini yashil yoki koʻk rang belbogʻ bilan bogʻlab, mahsi-etik kiyib yurishadi, belbogʻlarida pichoqlari osigʻliq turadi. U juda oʻtkir, ayb ish qilsa, kattalar oʻsha pichoq bilan shoʻxroq oʻgʻil bolalarning qulogʻini kesib olishlari mumkin. Qizlarning qulogʻini kesishmaydi, qizaloqlarni faqat xotinlar chimchilab-koyishadi.

Dunyo joʻshib yotadi-da. Bahorda har narsa junbishga kelib, tevarak birpasda turli-tuman gul-chechakka burkanib ketadi. Ariqchadagi suv ham shoʻx-shodon oqa boshlaydi: rangi boʻtana tus olib, u boʻtana aro mayda shoxchalar, oʻtlarning barglari va gullari oqib keladi.

Goh-goh uyga begona kishilar ham kelishib, iljayishib “Hoy qizcha, otingiz nima?” deb soʻrashadi. Raʼno ularga ismini aytgisi kelmaydi. “Bor-e” deb chopib ketib qolsa ham birov uni koyib-urishmaydi, kulib qoʻyaqolishadi.

 

Ota

 

Ota baland boʻyli, keng yelkali kishi boʻlib, Raʼno uni juda yaxshi koʻradi.

“Otang kelganida “Assalomu alaykum” deb, qoʻlingni koʻksingga qoʻyib, burro-burro qilib salom berasan, – deb qulogʻiga quyadi ona. – Salom berganingda baqrayib qarab turmaysan, darrov qaytib, ishingga urinasan.

Sen qiz bolasan, tengdoshlaringga salom bermasang ham boʻlaveradi, lekin kattalarga albatta salom berasan.

Kattalar senga salom berishsa, alik olmaysan, xuddi eshitmaganday, shoshib oʻzing salom berasan.

Qizalogʻim, har muomalaning oʻz odobi bor. Mehmon kelsa, darrov yangi toʻshaklardan opkelib solasan, fotiha qilingach, dasturxon yozasan. Dasturxonni teskari yozib boʻlmaydi, xafa boʻladi, yuzimni teskari qildi deb. Kelgan kishi sanogʻiga qarab toʻrtta, oltita yoki sakkizta non, qand-qurs, meva-turshak qoʻyasan. Nonni toq qoʻyib boʻlmaydi. Nonni teskari qoʻysang, u ham dasturxonga oʻxshab xafa boʻladi. Mehmon kutishning oʻziga xos odoblari bor, qay tarzda hol-ahvol soʻrashishu qay tarzda xayrlashishgacha asta-sekin oʻrgataman, ammo uyda oʻzimiz oʻtirganimizda ham odobga rioya qilishing shart. Masalan, kechagiga oʻxshab sirayam toʻrga chiqib ketmaysan, qiz bolasan-ku, axir? Hamma oʻtirganida sen osh-ovqat opkelasan. Keyin, ikki oyogʻingni chapga bukib, odob bilan oʻtirasan, kim choy ichkisi kelsa, piyolaga yarim qilib quyasan, barmogʻingni uchi bilan tutib, nazokat bilan uzatasan.

Agar kimdir choyni oxirigacha ichmasdan qaytib uzatsa, bildirmasdan toʻkasan, choy qoldigʻi ustiga yana choy quymaysan.

Choy damlashniyam oʻz usullari bor, choynak ichi oppoq boʻlishi kerak, qaynoq suv bilan chayib tashlab, keyin quruq choy solasan. Albatta, dam yedirasan.

Dasturxonda fotihadan oldin oʻtkir narsa turmasin. Oʻtkir narsa duoni kesadi deganlari yolgʻon, aslida tigʻiga dam berilgani yoki goʻsht kesilgani uchun olib qoʻy deyiladi. Hamma duo qilgach, turib kosa-tovoqlarni yigʻishtirasan, keyin dasturxonni “Savobini dunyodan oʻtganlarga bagʻishladim” deb qoqasan. Dasturxon odamlar oyoq osti qilmaydigan joyga qoqiladi, uvoqlari qurtu qushlarning rizqi boʻladi, qurtu qush yesa roʻzgʻorga baraka kiradi…”

Jamalaksochgina, shaddodgina Raʼno mana shularni koʻra-koʻra oʻsadi.

– Erkak kishilarga tik qaramagin, – deydi ona.

– Nega?

– Odobsiz qizcha ekan deyishmasin-da. Erkak kishi kelayotganida yoʻl boʻshat, qaqqayib turma. Yoningga kepqolsayu tanish boʻlsa, yerga qarab salom ber, notanish boʻlsa gapirmayam, qaramayam.

Hovliyu koʻcha supurishni azaldan oʻrganib olgan. Yozda suvlar ham sepadi. Hamma juda erta turgani uchun saharlar onasi “tur, qizalogʻim” deganida koʻzlarini zoʻrgʻa ochadi, uyqu juda shirin. Ona hammadan erta turib, suv isitib ham qoʻyadi. Lekin Raʼnoga ariqdagi suvda bet yuvish maʼqul.

Chunki, jildirab shoʻx-shodon oquvchi shu ariqcha Raʼnoning suhbatdoshi.

Ariqcha, oqyapsanmi?

– Ha, oqyapman.

– Zoʻrgʻa turdim, yana uxlab qolgim kelyapti.

– Mehnat odamni oʻldirmagan, tanangda joning bor ekan, urin, qimirla, oʻzingni yumushga ur, – deydi ariqcha onasining ovozi bilan.

Shu tariqa yana bir kun boshlanib ketadi.

Goho Xosi ikkalasi behi ostida bir-birlariga suv sochib choʻmilishadi. Lekin kunlarning birida choʻmilishga borib, behi shoxiga qoʻnib olgan katta bir qushni koʻrishdi. Qushning koʻzlari sariq, katta-katta, shoxda qimir etmay oʻtirardi. Qizaloqlar hayiqishib, ortlariga qaytib ketishdi.

– Nimaga choʻmilmading? – deya soʻradi ona.

– Bir qush bor ekan, baqrayib qarab turaverdi, uyaldim, – dedi qizaloq.

Ona qizini oʻziga tortib, bagʻriga mahkam bosib yuz-koʻzlaridan oʻpdi, “Ishqilib, omon-eson katta boʻlgin, onang choʻri”, dedi sochlarini silab.

 

* * *

Yana bir chaqaloq tugʻildi.

U hech nimani bilmaydigan, goh oʻzicha kulimsirab, goh chirillab yigʻlaydigan qiziq bir jonzot edi.

Onasi yumushga unnab ketganida goho Raʼnoga “Ukangga qarab tur”, der edi. Shunda Raʼno qiziqsinib uning qoʻl-betlarini ushlab koʻrardi. Chaqaloqqa bu yoqmas, gʻingshirdi.

Ona allalari ham oʻchmas boʻlib yodiga muhrlandi:

Tilimning uzuni-yo, alla.

Yuzimning qizili-yo, alla,

Yuragimning taftiga-yo

Tandirlar qiziydi-yo, alla…

… Otasining davlati yoʻq, alla-yo alla,

Onasining rohati yoʻq, alla-yo alla…

Soʻzlariga eʼtibor berarmidi? “Yuzimning qizilligi sen tufayli”, dermidi onasi? “Sen boʻlmasang somonday sargʻayardim, Xudoyim yetkazganiga ming shukur” dermidi? “Tilimning doʻstu dushman orasida uzun boʻlishiyam sendan, axir… Yoʻqsa, orzu-armonlarim moʻl edi, endi esa yuragimda taftiga tandirlar qiziydigan darajada lahcha choʻgʻlar bor, jonim bolam”, deb kuylarmidi allasini onaizor?

Goho xotinlar toʻplanib, childirma chalib qoʻshiq ham aytar edilar:

Toleim boʻlsa edi, yongan chiroq oʻcharmidi?

Men suyangan togʻlarim osti bilan koʻcharmidi?

Yigʻlay-yigʻlay tiniqib, keyin yana chaqchaqlashib oʻtiraverishardi. Qizgina ular kiygan koʻylaklarga, taqinchoqlarga eʼtibor berar, tezroq katta boʻlgisi, mana shunaqa guldor koʻylaklar kiygisi, taqinchoqlar taqqisi kelar edi.

 

Chimchilovchi gʻalati maxluq

 

Bu yerlarda shamollar suron solib esadilar: kunbotardan kunchiqarga, kunchiqardan kunbotarga…

Uylarning omonat tomlarni koʻchirib, xas-xashaklarni uchirib, tik qadli teraklarni choʻrt uzib yuboradigan mana shu quvvatli shamollar qatida devlar uchib kelishardi.

Ular buvining yoki onaning ertaklaridan paydo boʻlgan xayoliy maxluqlar edilar.

Baʼzilarini esa Raʼnoning oʻzi oʻylab-yaratib olgan edi.

Shulardan biri – gʻoyat uzun boʻyli, bahaybat, butun vujudi yaltirab, koʻzlarining soqqasi tinmay aylanib turadigan chimchilovchi gʻalati maxluq boʻlib, hamma uxlagan, oy havolagan mahalda tomorqalar orasidan sezdirmay chiqib kelar, mabodo hech kim sezmasa, oʻyib-chimchilab olishi mumkin edi. Paydo boʻlar makoniyu gʻoyib boʻlar joyi ham noaniq, qilar ishi faqat Raʼnoni koʻrqitishdangina iborat bu maxluq qayda yashashiniyu nima yeb-ichishini ham bilib boʻlmasdi. Ayvonda yotganida, oy yogʻdusi nurli chang singari tevarakni enlab, sokinlikka choʻmdirgan mahalda daraxtlaru joʻxorizorlar orasidan chiqib kelaverardi. U maxluqni faqatgina Raʼno bilardi, xolos, birovga aytsa kulgiga qolishini oʻylab indamasdi. Aslida u maxluq Raʼnoning tasavvuridagina bor edi, biroq, qay tarzdadir paydo boʻlib, tepasiga kelib oʻyib-chimchilab olishidan qoʻrqardi-da. Oʻylab qarasa, shu mahalgacha u maxluq biror soʻz aytmabdi, qilar ishi vahima uygʻotish boʻlibdi, xolos.

 

Ayyor malla tulki

 

Shunaqa qoʻrqinchli jonzotlardan yana biri ayyor malla tulki boʻlib, kishilarning gapiga qaraganda, ekinzorlar va daraxtlar orasida payt poylab yashirinib yotar, yosh bolalar uyda yolgʻiz qolgan mahalida tepasiga kelib qitiqlar, kuldira-kuldira oʻldirar ekan. Uniyam yashash joyi va nimalar bilan mashgʻulligi nomaʼlum edi. Bepoyon tomorqazorlar aro baʼzan yolgʻiz yurganida, qoʻralar va jingullar orasidan oʻsha tulki chiqib kelishidan qoʻrqib yurdi. Bir kuni baland oʻsgan, barglari sargʻaya boshlagan joʻxorilar orasidagi yoʻlakdan borayotsa, poyalar qattiq shitirlab, bir nima otilib chiqib kelganida qoʻrqqanidan joyida serrayib qotib qoldi. Jajji yurakchasi qinidan chiqquday duk-duk urar, yuzlari muzlab ketganday edi. Qarasa, shu atrofda sanqib yuradigan daydi mushuk ekan. Mushuk ham roʻparasidagi qizchaga angrayib qarab turaverdi.

– Bo-or, yoʻqol! – dedi Raʼno va yigʻlab yubordi. Yerdan kesak olib otgan edi, mushuk ura qochdi.

Kichkina sariq qizcha

 

U qizchaning mavjudligini Raʼno oʻrtogʻidan bilib oldi.

Sariq qizcha daraxtlarning shoxlarida, qalin va gʻuj oʻsgan qarovsiz jingulzorlarda oyoqchasini osiltirib oʻtirar, aytishlaricha, pichoq va qalampirdan juda qoʻrqar, mabodo yolgʻiz bolalarga duch kelsa, boshini aylantirib uzoq dalayu yaylovlarga adashtirgani olib ketardi.

Raʼno mana shulardan juda qoʻrqardi.

Kechalari baʼzan oʻrnidan turib, uyqusiraganicha borib otasining bagʻriga kirib ketardi. Ota bagʻri ulkan, tinch va osoyishta, u bagʻirda taʼrifsiz tinchlik va farogʻat qoʻyniga choʻmar, sal oʻtmay pishillab uxlab qolar, uyqudan uygʻonganida esa oʻzini oʻz joyida koʻrar, shunda ota, u uxlab qolgach, avaylab koʻtarib oʻrniga olib ketib yotqizganiga aqli yetar edi. Otasini shuning uchun ham yaxshi koʻrardi, yoʻqsa ota u bilan juda kam gaplashardi, chunki ishidan kech kelardi. Ammo kelganida qizginaning qalbi quvonchga toʻlib ketar, shuni onasiga ham, otasiga ham aytolmasdi-da. Shamollarda, yomgʻirlarda ona javray-javray supra yoyib, xamir qorar, bir yoqda uka chirillab yigʻlab, bir yonda ona yumushlariga ulgurolmay sannaganida, onamga yordam beraqolay deb chopib borib kichkina mushtchalari bilan xamir qorarkan, tezroq otam kepqolsaydi deb orzu ham qilar edi. Ajabki, mana shunday paytlarda ota kirib kelsa, hamma narsa oʻz oʻrniga tushar, ishlar oʻz-oʻzidan yengil bitar, otam qanday zoʻr-a degan oʻy uning murgʻak diliga quvonch baxsh etardi, “Otam hammadan zoʻr” deya Xosiyatga maqtanar ham edi.

 

* * *

Ha, ariqcha, oqyapsanmi?

– Oqyapman.

– Otam hammadan zoʻr-a?

– Ha, sening otang hammadan zoʻr!

Yana bir nimalarni gapirishni istardiyu ichi toʻla his-tuygʻu boʻlgani bilan tiliga soʻz kelmayotganini oʻylab, hayron boʻlardi.

Tunlari olislarda jivirlayotgan yulduzlarga ham termilar, ular nima uchun bu qadar olisdaligiga aqli yetmay, qaysi biri mening baxt yulduzim ekan, deb oʻylar edi.

Baxt nima oʻzi?

Baxt nimaligini tuzuk-quruq tasavvur qila olmasdi. Bilgani shuki, bir kuni ulgʻayib, chiroyli, koʻrkli qizga aylanadi, keyin kimgadir turmushga chiqib, er-xotin boʻlishadi, har holda, bolasi ukasiga oʻxshab yigʻlamaydi, oʻziyam onasiday javramaydi, hamma ishlarni darrov bajarib qoʻyadi, hovli top-toza, idish-tovoqlar yuvilgan, oʻchoqda shirin ovqatlar pishiradi, bolachasini uxlatish kerak boʻlsa onasidan yodlab olgan allalarini aytadi, hayot sira tugamaydi, oʻziyam sira qarimaydi… tasavvuri yetgani shu edi.

 

* * *

Ular yana “mehmon-mehmon” oʻynar edilar.

Raʼno uzun bir choʻpni olib, unga ipdan belbogʻ boyladi.

– Bu kim? – dedi Xosiyat, hayron boʻlib.

– Otam, – dedi Raʼno. – Ishdan keldi.

– Ha, yaxshi oʻtiribsizlarmi? – deya kirib keldi “ota”.

– Shukur. Yaxshi kelyapsizmi?

– Hah, ishiyam qursin, charchadim, – dedi “ota”.

– Choyingdan bormi, opkelaqol.

– Bolangizni yana mazasi boʻlmayapti, – dedi ona, oʻchoq boshiga ketarkan.

– Iya, nima qipti?

– Yana ichi oʻtyapti.

– Hozir yaxshi qipqoʻyaman.

Ota “bola”ni qoʻliga oldi.

 

* * *

Ha, ariqcha, oqyapsanmi?

– Oqyapman.

– Bugun ukam oʻlib qoldi.

– Voy, nima boʻldi?

– Bilmadim… Qoʻrqib ketyapman, ariqcha.

– Qoʻrqma…

– Yaxshi bolacha edi… Qoʻlchalarini oʻynatib, chugʻurlab yotar edi. Iljayib turib, chuvillatib siyib ham qoʻyar edi…

– Ha, ukang yaxshi bola edi.

– Onam nima qiladi endi?

– Bechoraga qiyin boʻpti.

– Yupataman deb, “Onajon, xafa boʻlmang, yana bitta ukacha tugʻib olasiz” desam, rosa yigʻladi.

– Endi sen unga mador boʻl, xayolini chalgʻit.

– Otam-chi?

– Otang nima qilyapti?

– U ham yigʻlayapti. Ammo onamga oʻxshab emas. Tomorqalarni aylanib yuradi-da, keyin boshini daraxtlarga, guvalak devorlarga urib-urib yigʻlaydi.

 

* * *

Ukachaning oʻlib qolgani yomon boʻlsa-da, vaqt oʻtgani sayin u musibat unutila bordi. Qarindosh-urugʻlar, mahallaning chollari tez-tez kirib turishar edi, keyin kamroq yoʻqlaydigan boʻlishdi. Onaizor otaning yengiga osilib “bolamni oldiga boraman” deb yigʻlar, ota goh uni urishar, goh esa indamay qaylargadir – ukachaning oldiga olib ketar edi.

“Qora yerlarda yotaveradimi bolam?” deya yigʻlar edi boyoqish.

Sellar kelganida bolam qoʻrqmayaptimikin deb, kuz yomgʻirlarida yotgan yeri namlanib ketmadimikin deb, qishlarda muzlab-sovqotmayaptimikin deb yigʻlardi-da, shoʻrlik.

– Bolamni oldiga boraman! – deya xarxasha qilardi onaizor.

– Hoy aqli past, borganing bilan qoʻlingdan nima keladi?

– Bilmayman, boraman!

– Hammaning bolasi bor, meniki yoʻq.

– Hamma xotinlar oʻsma-xinolar qoʻyib, yasanib yurishibdi. Men esa jinnilarga oʻxshab tentirayman, it ham qaramaydi. Bolam boʻlganida men ham chiroyli boʻlardim…

 

* * *

Kichkina Raʼno nima qilarini bilmas edi.

Xudo nimaga ukachani olib qoʻydi?

“Nimaga olib qoʻyding” deb soʻrardi Xudodan.

Xudo javob bermas edi.

“Onam qiynalib ketdi-ku? Otam soʻrida boshini egib oʻtirib qolmoqda-ku? Men ham sogʻinib-sogʻinib ketyapman-ku?”

Ariqcha, Xudo nimaga ukachamni olib qoʻydi?

– Bilmadim, oʻrtoqjon. Unaqa narsalarga mening aqlim yetmaydi.

 

* * *

Bahor keldi.

Ona ketmonni olib, tomorqa chopdi. Hamma ishni otangga tashlab qoʻyib oʻtiraverishimiz insofdan boʻlmaydi, dedi u. Tomorqalar bir-biriga tutashib ketgan, narigi hovlilarda ham bola-chaqasi bilan yer chopayotgan kishilar koʻrinar edi. Shunaqa ishlarni ham oʻrganib olaqol, vaqti kelib kerak boʻlib qoladi, dedi onaizor. Yerni bir yarim ketmon chuqurligida chopasan. Tagida unumdor qatlami bor, u qoramtirroq boʻlib ajralib turadi, chopganingda olgan tuprogʻingni agʻdarib ketaverasan, shunda unumdor qatlam tepada boʻlib qoladi, ana oʻshanga urugʻ qadalsa, hosil yaxshi boʻladi.

U roʻmol bilan boshini boylab, oyogʻiga etik kiyib olgan edi. Ona yonida baravar yer chopa boshladi.

Ketmon gʻuvullab tushganida eski tomirlarni tikkasiga kesib yuborar, yer ostiga in qurgan qurtu qumursqalar jonholatda har tarafga qochar edilar. Boʻlinib ketgan chuvalchanglar toʻlgʻonardi. “Borib tovuq katagini ochib yubor, bir mazza qilishsin” dedi ona, kulimsirab. Yuzi qip-qizil boʻlib boʻgʻriqib ketgan edi. Raʼno chopib borib, sim ilgagini tushirib, katak eshigini ochgan edi, tovuqlar chopilgan yer boʻylab yoyilib ketishdi. Qaydandir qushlar ham uchib kelib, uchib-qoʻnib rizq izlay boshlashdi.

– Oʻlsin-a mehnati, – dedi ona, roʻmoli bilan peshanasining terini artib. – Belim qotib qoldi.

Shu tobda u judayam istarali edi. Raʼno qarab turib, mahkam quchoqlab oldi.

– Sizni yaxshi koʻrib ketyapman, – dedi yuzini koʻylagiga ishqab.

– Aylanay jonim qizimdan, – dedi ona ham. – Boʻlaqol, ishimiz koʻp.

Shu mahal onaning ukalari – togʻalar ham yetib kelishdi-da, barchalari birgalashib kechgacha yer chopishdi.

Shom mahali kirib kelgan ota buni koʻrib mamnun boʻldi.

– Kechikib ketyapti deb tashvishlanib yuruvdim, yaxshi qipsizlar, – dedi onaga. – Bugun oʻzim bir osh damlab beray sizlarga.

Otaning osh damlashi qiziq edi. Raʼno uning goʻsht-yogʻ qovurishini, tuz-namagini totib koʻrishini angrayib tomosha qildi. Iya, otasi ham ovqat pishirishni bilar ekan-da? Bir mahal osh suzildi, juda shirin boʻpti, maqtab-maqtab yeyishdi.

– Ovqat yeyayotgan kishilarga mahtal boʻlib turadi, – dedi ona. – Uni maqtab-maqtab yeyish kerak.

– Er kishini oʻchoq-qozonga yaqinlashtirmaysan, – dedi. – Bugun otang iyib ketib, oʻzi istab osh qilib berdi, ammo qozon-oʻchoq xotinlarning joyi.

Qozon tagida qirmochi qolgan, ona uni kapgir uchi bilan koʻchirib, kosaga solib qoʻygan ekan, Raʼnoning yegisi keldi. Qarasa, shirin ekan, hammasini yeb qoʻydi.

– Qozon qirmochini yesang, toʻyingda shamol esib, yomgʻir yogʻadi, boshqa yemagin, – dedi ona.

Ertasiga joʻyak oldilar.

“Qizim, joʻyaklar toʻppa-toʻgʻri qilib olinadi, sugʻorganingda suv tez oqib ketmasin yo koʻllab ham qolmasin”, dedi ona. Joʻyak olingach, suv ochib kelishdi. Suv kesaklarni ivitib, egat oralarini asta-sekin toʻldirdi. Raʼno mayda hasharotlarning jon halpida qochishlarini tomosha qilib oʻtirdi.

“Endi bir kun tursa selgiydi, tuproq namni emib oladi, – dedi ona. – Shundan keyin urugʻ qadasak ham boʻladi”.

Ertasiga saharlab turishdi. Bodring urugʻi qovun urugʻi bilan bir xil ekan. Toʻrtburchak qilib olingan pollarga esa piyoz, ukrop, kashnich ekishdi. “Yer chopish qiziqroq edi, ekin ekish sira qiziq emas, bel ogʻrib qolarkan”, deb oʻyladi Raʼno. Pollarning chetiga ona gullar qadadi. Tomorqaning hovli bilan tutashgan yerlariga rayhon ekildi.

“Rayhonning bir necha turi bor. Sadarayhon, oq va qora rayhon. Oq deganlari sira oq emas, balki juda och yashiltob tusda, bargchalari kichkina, qora va sadarayhonning hidi oʻtkir boʻladi”, dedi ona.

Ota saharlab bozorga borib, besh-olti tup koʻchat olib keldi, ularni suvli chuqurchaga solib qoʻyishdi. Keyin ota daraxtlarni butashga tushdi. Raʼno otasining yonida yurardi.

– Ota, nimaga shoxlarini kesyapsiz?

– Novdasi koʻp boʻlsa, daraxtning kuchi yetmaydi, qizim, – dedi ota. – Meva qiladigan shoxchalarini qoldirib, qolganlarini kesib olamiz.

Keyin koʻrsatdi:

– Qara, mana shu kesilgan joyidan yon novdachalar oʻsib chiqadi. Bu daraxt juda itoatkor, biz qanaqa shakl berishni istasak, oʻsha qiyofaga kiradi. Tikka shoxlarini atay kesdim, ona qizim hosil pishganida uzib olishga qiynalmasin, deb.

Ota quruq shox bilan nam shoxni koʻrsatdi:

– Koʻryapsanmi, qurugʻida hayot asari yoʻq. Nami esa tirik. Aslida bu daraxtlarning bari jonli, bolam. Daraxt ham odamga oʻxshab umr kechiradi. Mana, hozir koʻchat ekasan.

– Ota, nimaga siz ekmaysiz? – deb soʻradi u.

– Oy qizim, sendaqa yosh bolalar qadasa, baraka moʻl boʻladi, – dedi ota.

Shunday qilishdi. Raʼno koʻchatlarning nam novdasini ushlab turdi, ota esa “bismillo” deb tuproq bilan ildiz qismini koʻmdi. Shibbalab, suv ham quydilar.

– Bular – sening daraxtlaring, – dedi ota. – Oʻzing qarab tur endi.

Kesilgan shoxlardan hali nam ketmagan, qoʻlga muzday tegardi. Endi bular qish kelganida oʻtin boʻladi, dedi ota. Bolta bilan urib-kesib sarjinladi, saranjomlab, poʻstloqdan beldamchi yasab boylab ham qoʻydi. Toʻplab, qoʻraga bosishdi.

– Oy qizim, rosa mehnat qildik, – dedi ona. – Endi senga yangi gulli koʻylak oberaman.

U shodlanib uxlab qoldi. Tushida oy jilmayib turganmish, u ham guldor koʻylak kiyib olganmish.

 

* * *

Ekinzorni yovvoyi oʻt bosdi.

Bular ariqdagi suv bilan oqib kelgan oʻt urugʻlari edi. Nam joylarda semizoʻtlar oʻsa boshladi. Raʼno ularning hammasini diqqat bilan kuzatib chiqdi.

Joʻyaklar orasida kurmaklar boʻy choʻzibdi. Toʻq yashil uzun bargli, tez oʻsuvchi bu oʻtni sigiru qoʻylar yaxshi koʻradi, dedi ona. Kurmak ular uchun jizzali nonday shirin tuyuladi. Kurmak ildizi pataksimon, oppoq boʻladi. Yerga qattiq oʻrnashmaydi, tortsang, salga qoʻporilib chiqadi. Shoʻralar ham bor ekan, ular ikki tur – oddiy shoʻra va makkashoʻra. Oddiy shoʻra baland oʻsmaydi, ammo ildizi oʻq ildiz boʻladi, chuqur ketadi. Makkashoʻraning ham ildizi shunaqa, uning tanasiyu bargi qoʻpol, tukli. Kattalashib, butaday boʻlib oʻsib ketishi mumkin. Eng zaif oʻrnashadigani semizoʻt, urugʻi doimo suvda oqib keladi, tanasi ham nuqul suvdan iborat. Quritgani oftobga qoʻysang, qoʻngʻir tusli yengil xasga aylanib ketadi. Ajriq – eng ashaddiysi. Boshqa oʻtlarning tanasini egsang sinavermaydi, yumshoq bukiladi, ajriqning tanasi qattiq boʻladi, buksang, qirs etib sinadi. Har boʻgʻinidan ildiz otaveradi, oftobda qolib qurigani ham nam tegsa, darrov sergaklanib, oʻsa boshlaydi. Ajriq bosgan yerni tozalash qiyin boʻladi. Shuning uchun yulingan ajriqlarni tuproq ustida qoldirish yaramaydi, bitta boʻgʻimi qolsayam bir necha kundan keyin qarasang, koʻpayib ketgan boʻladi. Yana bangidevona bilan ituzum ham bor. Ituzum xuddi uzumga oʻxshaydi, ammo yeb boʻlmaydi, uni itlar yeydi. Bangidevona katta-katta tikan soladi, ichida qop-qora, uchli urugʻlari boʻladi, mana shu urugʻni mol yesa, aqldan ozib qoladi. Agar yulib tashlamasang, urugʻi yetilganida poʻsti quruqshab, oralari ochiladi, keyin urugʻlarini yerga sochadi. Daraxtlar ostida va ekinzorda pechak hamda qoqioʻt-momaqaymoqlarni ham koʻrasan. Pechak zaif narsa, ekinga chirmashgani yomon, momaqaymoq esa beozor, chunki u oʻz holicha ekinga zarar bermasdan oʻsadi, darrov oppoq popiltiriq chiqaradi, har popiltiriq ostida bittadan sargʻish urugʻi boʻladi. Shamol esganida u urugʻni koʻtarib ariqlar, ekinlar, tomorqalar uzra uchadi, qoʻngan yerida oʻrnashib urchiyveradi.

– Shularning barini joni bor, oʻsib urugʻ solay deb urinishadi. Urinsa urinaversin, ammo oʻsib ketishsa, yerning kuchini soʻrib olib, senu mening rizqimizni yoʻqqa chiqarishadi. Oʻshan-chun ham barini yulib tashlashimiz kerak, yulganlarimiz sigir-qoʻylarga yemish boʻladi, keyin sigirimiz moʻl sut beradi, qaymogʻi ham koʻp boʻladi, – deb tushuntirdi onaizor.

Raʼno onasining yoniga tushib olib hafsala bilan oʻtoq qilar edi.

“Mana senga”, deb jahl bilan yular edi begona oʻtlarni.

Oradan oʻn besh kunlar oʻtgach, “Endi joʻxori bilan makka ekamiz”, dedi ona.

– Nimaga, ekinlar yetilmadi-ku?

– Joʻxori bilan makka qadab chiqsak, hosil pishguncha bir-ikki qarich oʻsib ulgurishadi, – dedi ona. – Sabzavotlarni yigʻishtirib olganimizdan keyin bemalol oʻsaverishadi. Hosil pishganidan keyin eksak, oʻn-oʻn besh kun yutqizib qoʻyamiz.

Raʼno teshacha bilan chuqurcha qaziydi, kichkina kaftiga uch-toʻrtta makka donasini oladi-da, chuqurchaga tashlab, ustiga tuproq tortadi. “Oson ekan-ku” deydi qoniqish bilan. Ona unga suv izini koʻrsatdi. Mana shu izdan tepaga ham, pastga ham ekma, dedi, chunki sugʻorganimizda ildiziga suv yetib borishi kerak. Pastroqqa eksang, nam koʻpligidan chirib qoladi, teparoqqa eksang, suv yetib bormay, quriydi…

U shunday qildi.

Makka doni katta, sariq, uch tarafi oqish, uchli edi. Joʻxori doni esa kichkina, yumaloq. Ammo oradan besh-olti kun oʻtib, ekilganlar unib chiqqanida hayron qoldi: doni turlicha boʻlsa-da, ungan nihollar bir-biriga oʻxshash ekan. Ona aytdiki, keyinroq bular oʻzgaradi, makka bargining chetida sariq hoshiya paydo boʻladi. Joʻxorining bargi kambarroq, tukli, makkaniki esa enli, silliq boʻladi.

– Oy qizim, yer ishiga doim xotinlar qarab kelishgan, – dedi. – Hamma ishni otang qilaversa, charchab qoladi-ku? Ayolda baraka bor, deyishadi. Oʻshan-chun kuch-quvvat kerak boʻladigan ishlarga otang, maydalariga sen bilan men qaraymiz. Otang saharlab uydan chiqib ketib kechgacha mehnat qiladi, shom mahali horib-charchab qaytadi, shu ishlarni bajarib qoʻysak, xursand boʻladi. Jonim qizim, buni roʻzgʻor deydilar. Hamma baravariga urinib-tirishmasa, roʻzgʻor boʻlarmidi? Qara, ekin yerlarimiz saranjom-sarishta, hovlimiz top-toza. Ozgina boʻsh yer qolgan boʻlsa, darrov gulu rayhon qadab qoʻyamiz. Oqila ayol shunaqa boʻladi, qizim. Hali katta boʻlgin, oʻzingni roʻzgʻoring boʻladi, oʻshanda sen ham shunaqa qilasan.

– Ha, shunaqa qilaman, – dedi Raʼno, ishonch bilan. Ona qizini bagʻriga bosib, oʻpib-oʻpib oldi.

Behi ostidagi ariqcha hanuz jildirab, shoʻx-shan oqar edi. Tegrasidagi oʻtlar baland oʻsibdi, ajriqlar uchta yoki toʻrtta uchli koʻkish gul ochibdi, kurmaklar esa gullamabdi, pechaklar oppoq, mayda, bangidevona toʻq naparmon hoshiyali katta karnaysimon gul yozibdi. Yana allaqancha otini bilmaydigan oʻtlar ham bor ekan, suv toʻla turli oʻtlarning urugʻi edi

 

* * *

Ariqcha, oqyapsanmi?

– Ha, qizgina, oqyapman.

– Suving urugʻlarga toʻlib ketibdi.

– U oʻtlar ayyor-da. Kelib yulib tashlashingni sezib, urugʻlarini suvlarimga sochishdi. Oqib borib, boshqa xavfsiz joylarga oʻrnashishsin, deya.

– Men hammasini yulib tashladim. Endi ekinzorimiz top-toza.

– Yasha, qizgina. Juda aqlli qizsan-da.

– Boʻpti, ariqcha, men ketdim. Xosi bilan oʻynayman desam, Xosinikidayam ish koʻp ekan.

– Mayli, qizaloq, yaxshi bor.

* * *

– Kun sayin oʻsyapsan, tikishniyam oʻrganishing kerak, – dedi onasi. – Hali oʻnta bolang boʻlsa, kiyim yetkaza olarmiding, bir joyi yirtilsa, oʻzing tikib berasan-da.

Raʼno ignaga ip oʻtkazib, keraksiz matolarni bir-biriga chatishtirib tikishni ham oʻrganib oldi. Tikish ikki tur boʻlarkan: oddiy, mahkamlamasdan oʻtkazib-oʻtkazib tikish, ikkinchisi oʻrmoqlab tikish. Oʻrmoqlab tikilgan joy mustahkam boʻlsa-da, egri-bugri boʻlib doʻppayib qolarkan, toʻgʻri tikilganida esa chok tekis chiqsa-da, oson soʻkilarkan. Igna barmogʻiga kirib ogʻritdi, ona unga angishvona ishlatishni ham oʻrgatdi.

 

* * *

– Xosi-i! Huu-uv Xosi!

– Ha?

– Oʻynaysanmi?

– Yoʻq, oʻynagim kelmayapti.

– Nimaga oʻynamaysan?

– Chunki, yigʻlagim kelyapti.

– Nimaga?

– Otam onamni urdi, oʻshanga.

– Nimaga urdi?

– Bilmayman, oʻrtoqjon. Koʻchada ichib kepti. Senlarni boqaman deb umrim zoye ketdi, bittang ham qadrimni bilmaysan deb rosa yigʻladi, keyin onam bir nima degan edi, baqirib oldiga solib quvdi… Qoʻrqib ketganimdan yigʻlagim kelyapti. Ammo yigʻlaganiyam qoʻrqyapman.

– Yigʻlashgayam qoʻrqadimi odam?

– Otam kelib, meniyam ursa-chi?

– Ha, unda yur, makkalar orasiga kirib olamiz, oʻsha yerda yigʻlaysan.

Shu tariqa ikki qizaloq qoʻl ushlashib, yalangoyoqlari quyoshda qizigan shoʻr hovlida kuya-kuya, tomorqa adogʻiga yoʻl olishdi.

Ammo yigʻlashga imkon boʻlmadi. Toʻsatdan katta bir qush paydo boʻlib, shundoqqina uch qadam nariga qanotlarini potirlatib shovqin solib tushdi-da, bir nimani changallab yana tepaga koʻtarilib ketdi.

– Joʻja oʻgʻrisi! Voy, joʻja oʻgʻrisi! – der edi hayajonlanib Xosi. Yigʻlamoqchi ekani ham allaqachon esidan chiqib ketgan edi. – Koʻrdingmi qanotlarini yoyganini? Juda katta ekan-a?

– Ha-ha, – der edi Raʼno ham. – Nimani koʻtarib ketdi?

– Bilmadim, borib qaraymizmi?

– Yana kepqolsa-ya?

– Kelmaydi, uzoqqa uchib ketdi-ku.

Borib qaragan joylarida hech nima yoʻq edi.

– Ishqilib, yeydigan bir nimani koʻrdi-yu opketdi.

– Balki uniyam bolalari bordir? – dedi Xosi.

– Qushlarni bolalari daraxtda, savatchada oʻtirishadi, – dedi Raʼno. – Bultur men bolasini koʻraman deb terakka chiqib, yiqilib tushganman. Polaponlari kichkina, tuklari tikkaygan boʻladi. Yaqiniga borsang, qoʻrqib chiy-chiy qilishadi. Yanayam yaqinlashsang, choʻqib ham olishadi.

– Choʻqisa ogʻriydi, – dedi Xosi. – Uyda meni tovuq choʻqib olgan.

– Tovugʻing joʻja ochdimi?

– Koʻrsataymi, oltita joʻjasi bor.

– Yur!

Ikkovlon hamma narsa eslaridan chiqib, katta boʻlib qolgan joʻxori poyalari orasidagi yoʻlakchadan tovuq katagi tomon chopib ketishdi.

 

* * *

Qushlarning turlari koʻp edi.

Chumchuqlar daraxt kavaklariga in qurishar, gala-gala boʻlib uchishar, anchayin surbet edilar. Musichalar ayvonga in qurishardi, har bahorda ku-kulab, tumshugʻida xas-xashak tashir, otasi uning epsizligidan kulardi. Qaldirgʻoch loydan xaltachaga oʻxshatib in qurardi, otasi bu qush har loyni ham olavermaydi, yetib kelgunicha tumshugʻida pishitib, yumaloqlab keladi derdi. Qarqunoq ham boriydi, koʻrimsiz bu qush pishgan joʻxorilar uzra yopirilgan chumchuqlar galasini haydar, havoda changal solardi. Baʼzan zagʻchalar paydo boʻlishardi, bular yanada surbetroq boʻlib, bir-birlari bilan chagʻillashib urishib ham qolardilar. Qizilishtonning esa ular bilan ishi yoʻq, kun issigʻidagi jimlik aro toʻsatdan daraxt tanasini toʻqillatib teshayotgani eshitilib qolardi. Yana sassiqpopishak bilan sariqsoʻfiyon degan qushlar bor edi, sariqsoʻfiyon “Kuyov-kuyov, kimga kuyov” deya sayrardi.

Baʼzan koʻm-koʻk samoda qanotini yoyib bamaylixotir aylanib uchayotgan kalxat paydo boʻldi. Joʻja oʻgʻrisi shu edi. Aylanib-aylanib zerikkach, uzoqlarga uchib ketar, Raʼno uning ortidan qarab qolardi.

Qisqasi, Raʼno yashab turgan mana shu kichkina hududning jonliyu jonsizi, tilliyu tilsizi, daraxtiyu tuprogʻi – hammasi bir boʻlib, ana shu tarzda, qavmu qarindoshlar kabi hayot kechirar edilar.

 

Ikkinchi qism

 

Raʼnoning boʻyi choʻzila borgani sayin yumushlar ham orta bordi. Yozda hosilni toʻplab, issiqda makka soʻtalarini qayirish, ona bilan birga joʻxori oʻrish, dastalab boylash, ildizlarini koʻchirib tomorqa adogʻiga toʻplash, qurigach, bostirma ostiga olib borib bosish kabi yumushlarning adogʻi koʻrinmasdi. Goho Raʼno onasiga qoʻshilib xamir ham qorardi. Xamirga xamirturush qoʻshardi, qoʻshni – Xosining onasining xamirturushining magʻzi shirin, oʻshandan opchiqardi. Vaqt shomga yaqinlashganida onasiga qoʻshilib ovqat ham pishirardi.

Turli oʻtinlar yonganida turli islar chiqarardi. Tut oʻtini sargʻish-qoʻngʻir uchqunchalar hosil qilib och-yashiltob tusda yonsa, oʻrik oʻtini shiddatli yorqin tillarang alanga hosil qilardi. Terak shoxi esa tez oʻt olar va darrovgina yonib bita qolar, Raʼnoga oʻrik va tut oʻtinining isi yoqardi.

– Oz masalliq bilan shirin ovqat pishirishni oʻrganishing kerak, qizalogʻim, – der edi ona, qozonga yogʻ solib, jizillatib piyoz tashlarkan. – Roʻzgʻorda har doim ham toʻkin-sochinlik boʻlavermaydi. Toʻkin-sochinlik boʻlganidayam shu qoidaga amal qilishing shart. Qara, otang hamma mayda-chuydalarni uyga opkeldi. Endi bularni bir haftaga yetkazishing kerak. Goʻshtni tuzlab, shamolli joyga osasan, shunda u qoq goʻshtga aylanib, ancha muddat buzilmay turadi. Sabzilarni yerga koʻmasan, oʻrada salqinda tursin, piyozni esa koʻmib boʻlmaydi, u “Egam meni ekib qoʻydi”, deb oʻylab oʻsib ketishi mumkin.

– Voy, shunaqa deb oʻylaydimi? – deb qiqir-qiqir kuldi Raʼno, piyozning ahmoqgarchiligini koʻz oldiga keltirib.

– Odamning qorni ozgina narsaga ham toʻyadi. Shuning uchun koʻp ovqat pishirish shart emas. Har payshanba va bozor kunlari palov pishirasan. Boshqa kunlari esa mastava, shavla, shoʻrva, nonpalov pishirsang ham boʻlaveradi. Manti, chuchvara kabilar koʻp mehnat talab qiladigan narsalar, ularni ahyon-ahyonda, koʻpincha mehmon kelganida hozirlaysan. Tushlikka ovqat pishirish shart emas, hamma uyda boʻlgan kunlari qaynatma yoki qovurma shoʻrva qilganing maʼqul, shoʻrvaga moʻl-koʻl piyoz, koʻkat solasan. Qovurmaning bir boʻlak goʻshtini saryogʻda qovurib olsang yanayam shirin chiqadi. Istasang pishishiga bir-ikkita tuxum chaqib yuborasan, sababi – goʻsht qimmat, tuxum esa arzon narsa, uni sotib olmasang ham oʻz tovuqlarimiz tugʻib turibdi, – deya oʻgit berdi ona.

– Shoʻrvani toʻldirib quymaysan. Shirin ovqat pishirishning oʻzi boʻlmaydi, uni chiroyli qilib suzishing, qilgan mehnatingni koʻrsata olishing ham kerak-ku.

Kecha qotgan nonlarni uzunasiga kesgan edik, esingdami? Ular quyoshda rosa quridi, oʻshalarni shoʻrvaga qoʻshib bersang, ham non isrof boʻlmaydi, ham shirin boʻladi. Nonni shamolda yo shabadada qoldirma, nonqutiga solib, dasturxon bilan oʻrab qoʻy. Ochiqda qolsa, nonning suvini shabada quritib ketadi.

 

Ena

 

Ena – qoʻllari gʻadir-budir, yonoq suyaklari turtib chiqib turadigan ildam kampir edi.

Enanikida ham tabiat joʻshib yotar, bir qarich boʻsh yer yoʻq, ammo hovlining tuprogʻi nimagadir shoʻrlashgan, yozda oppoq oqarib yotardi. Ena doim bir xilda toʻq yashil tusli yengi uzun koʻylak kiyib, togʻaning yaxtagini boshiga yopinib olar, qizigʻi shundaki, savatmi-dasturxonmi, boshiga shundoq qoʻyib olib ketaverardi. Shu narsani keyinroq onasida ham koʻrdi: kuzda bepoyon dalalarga chiqib, uzundan-uzoq tutqatorlar tagida oʻsgan oʻtlarni oʻrishdi, bir gʻaram boʻlgach, ona mahkam boyladi-da, bir zoʻriqib boshiga koʻtarib, ildam ketaverdi. Raʼno ham ozgina oʻt gʻaramini shunday qilib koʻrgan edi, ogʻirligidan yiqilib tushguday boʻldi. Buni koʻrib ona kuldi, hali oʻrganmagansan-da, dedi.

Buvasi, yaʼni onaizorning otasi ancha yil burun oʻtib ketgan, hozir togʻalari bilan edi. Uchta oʻgʻil birin-ketin yetilib kelmoqda, qanday qilib uylab-joylab olarkanman, deya koyinar edi ena. Goho onasi Raʼnoni enaga yordamga joʻnatar ham edi.

Enanikidagi ishlar ham oʻz uyidagi kabi edi. Tomorqani suvda oqib ketgan urugʻlar tufayli oʻt bosar, ularni yulib tozalashar, xazonlarni toʻplab, supurib-sidirishar, uy “koʻtarishar”, idish-tovoqlarni saranjomlashar, farqi shundaki, u xonadonda sigir-buzoq ham bor edi. U – qoʻshiqni yaxshi koʻradigan ola sigir edi, bir nimani xirgoyi qilib turmasa, tuyogʻi bilan paqirni daranglatib tepib agʻdarar, koʻpirib turgan oppoq sutning bir qismi yerga toʻkilar, shunda ena joni achib, sigirni urishib-koyirdi.

– Hah oʻl, – derdi. – Sutingni qizgʻanyapsanmi? Ana, buzogʻing emib oldi-ku, endi meni bolalarimgayam bergin-da?

 

* * *

“Qiz tushmagur, koʻylaging darrov kalta boʻpqopti, oʻsaverasanmi?” deya hazilomuz koyiydigan boʻldi uni onasi.

Gapiradigan qushlaru daraxtlar Raʼnoni allaqachon qiziqtirmay qoʻygan, endi u hodisalar oʻzining tasavvuri tufayli shunday tuyulganini bilardi. Behi ham gapirmas ekan, ammo u bilan suhbatlashganlari Raʼnoning esida edi, albatta. Shoxchasiga chiqib olib, shirindan-shirin mevalarini yegani uchun oʻzicha minnatdor ham boʻlgan edi. Paxta behi deb atardi uni Raʼno, chunki mevasining sirti tekis yiltiroq bu nav suvli va juda mazali boʻlib, nariroqdagisi tosh behi, qizigʻi shundaki, u Raʼnoniki emas, qoʻshniniki boʻlib, bolalar shoxlariga chiqib mevalarini yeyishsa ham egasi lom-mim demas, jilmayibgina qoʻyardi. “Mevali daraxtning qoʻshni tomonga egilgan shoxi – qoʻshniniki”, der edilar.

Bolaligida Raʼnoni qoʻrqitgan narsalar ham uzoqlashgan, joʻnlashgan, jingul shoxlaridagi ajinachalar allaqachon oʻzlari chiqib kelgan xayoliy makonlarga joʻnab ketishgan, bir mahallar qoʻrqqanlarini eslasa, uyalar ham edi. Ajabki, u xayoliy maxluqlar biron marta zarar yetkazmabdi, yaʼni u, oʻzi oʻylab chiqargan narsalaridan oʻzi qoʻrqibdi, xolos. Qilich koʻtargan qora kishi, oʻrama toʻfonlar, ajinaning uyi va shunga oʻxshash bolalik tasavvuri hosilalarining bari sezilar-sezilmas oddiylashib, olislashib borar edi.

 

* * *

Bir kuni ona, xolasining kasal boʻlib qolganini aytib, “koʻrgani borib kelamiz”, dedi.

Ona tandirda non yopib, somsa pishirdi. Somsaga oq piyozdan toʻgʻraysan, biroq goʻshtini oʻzing chop, dedi. Uchburchak qilib somsa yasashdi. Somsalar qip-qizarib pishdi. Yeb koʻrsa, juda shirin chiqibdi, yana yegisi keldiyu ammo oʻzini tiydi.

“Oʻzingni tiyasan-da, bolam, – dedi ona. – Juda koʻp narsalardan tiyilmasang boʻlmaydi. Jon qizim, masalan, mehmonga borsang, yeging kelgan narsalardan ham tiyilasan. Chunki u odam bisotida borini oldingga qoʻygan boʻladi”.

Keyin ona qozon osdi, tagiga olov yoqib, tuxum aralash goʻsht qovurdi.

“U yerning ovqati ovqatmi, uynikiga nima yetsin”, dedi.

Taomni chinni kosaga solib, gulli yangi dasturxonga yaxshilab oʻrashdi. Soʻngra ona-bola yoʻl yoqalab kasalxonaga joʻnashdi.

Xola koʻzlari kirtayib, ozgʻin quruqshoq barmoqlari bilan koʻrpani changallab yotgan ekan. Ularni koʻrib xursand boʻldi, “Meni koʻrgani jiyanim kepti” deb suyunib, Raʼnoning betlaridan choʻlp-choʻlp oʻpdi. Hol-ahvol soʻrashishgach:

– Nima dard kelaqoldi senga? – deya soʻradi ona.

– Bilmasam, ichagim buralib ogʻriyverdi, oʻtib ketar desam, oʻtmadi. Doʻxtirga kelsam, yotqizib qoʻydi, – dedi xola.

– Qanaqa dorilar ichyapsan?

– Qaydam, soʻrabmanmi? – deya kulimsiradi xola. – Ishqilib, bir nimalar beryapti. Ichyapman, xiyla tuzukman, shekilli.

– Rang-roʻying binoyiday, – dedi ona. – Sira kasalga oʻxshamaysan.

Raʼno angrayib qarab turardi. Axir, xolaning rang-roʻyi sirayam binoyiday emas-ku? Avvallari uning uyiga bir-ikki borgan edi. Uy bitmagan, ammo yangi, koʻchasi toshloq, tomorqasi ham sarishtamas, makkalar pishib-sargʻayib ketgan, oʻrib olishga odam yoʻqday, ariq boʻyidagi yalpizlar ham oʻsib, urugʻ solib yuborishgan ekan. Bu xotin oʻshandayam sogʻ emas edi.

– Endi xafa boʻlmaysan, qizim, choy qoʻyib, dasturxon yozay desam, ahvol bu, – dedi xola Raʼnoga, oʻngʻaysizlanib, xijolat tortib.

Uyga qaytayotganlarida Raʼno onasidan soʻradi:

– Xolam binoyiday emas-ku, nimaga unaqa dedingiz?

– Ha, ancha puturdan ketib qopsan, deymi? – dedi ona.

– Gapingizga ishonib qolsa-chi? – dedi Raʼno, chopqillab borar ekan.

– Odamning koʻnglini shu ikki ogʻiz shirin gap bilan olasan-da, bolam. Hamma ham shu ikki ogʻiz soʻzga zor. Aytgan gaping uchun birov sendan bir nima soʻrarmidi, bor-yoʻgʻi, ogʻzingni bir chetidan chiqadigan nafas, xolos.

“Odamning koʻnglini olish uchun yolgʻon gapirsa ham boʻlaverarmikin?”, deb oʻyladi Raʼno.

Endi u odamlarning tutumlariga diqqat qila boshlagan edi. Birovning uyiga borilsa, darvozadan oʻtiladi, ammo ichkariga kirilmaydi. Darvozaxonadan turib ovoz berib chaqiriladi. Kelguvchi erkak boʻlsa, unga erkak kishi peshvoz chiqadi, uyda erkak yoʻq boʻlsa, mayda oʻgʻil bolalar chiqishi mumkin. Mayda bolalar ham yoʻq boʻlgandagina ayol chiqa oladi, shundayam yuzining bir chetini toʻsib turib gapiradi.

Kelganlaru ketganlarning bari bilan shirin muomala qilinadi. Kasal kishi erkak boʻlsa “sira kasalga oʻxshamaysiz” deb, xotin kishi boʻlsa “bir chiroyli yuripsiz-ku” deya, kasali ogʻirroq boʻlsa “tezda tuzalib ketasiz, falonchi ham shunaqa yotgan edi, bir necha kunda oyoqqa turib ketib, hozir tuppa-tuzuk yuribdi” deb misol ham keltirib qoʻyiladi, xullaski, bir iloj qilib muhtoj odamning koʻnglini koʻtarish kerak boʻladi.

Odamning koʻnglini sindirish gunohi azim, bolam. Hatto shunchalarki, aytaylik, kim bilandir gaplashib turibsan, boshqa birov chaqirib qoldi deylik. Birinchi kishiga keskin qilib “Siz kutib turing, men hozir…” demaysan, balki “Hozir-a…” deya, ovozingni ohangi bilan ham noqulay vaziyatga tushganingniyu shundan oʻngʻaysizlanganingni ham bildirib qoʻyasan.

“Baʼzan “Ha” degan gapning maʼnosi “Yoʻq” boʻladi, baʼzan esa “Yoʻq” deganining maʼnosi “Ha” ham boʻlishi mumkin”, dedi onaizor va misol keltirdi. Erkaklarning “Ha” deyishi bilan xotinlarning “Ha”si oʻrtasida anchagina farq bor. Erkak kishiga hech qachon “Ha” demaysan. Kun kelib oila qurarsan, qandaydir ish buyursa, indamay bajaraverasan, nimadir soʻrashsa javob berasan, boʻlmasa yoʻq. Biror joyga chaqirishsa, “Qani, koʻrarmiz” deysan, yoʻqsa seni mehmonga chaqirganlar “Oʻl-a, koʻzi uchib turgan ekan, darrov rozi boʻldi”, deyishlari mumkin. Bilib qoʻy, hamma soʻzlarning maʼnolari aslidagiday boʻlavermaydi. Aytdim-ku, odamning koʻnglini sindirish gunohi azim deb. Masalan, kimdir qarz soʻrab keldi deylik, oʻshanda ham uzil-kesil “yoʻq” demaysan. “Birovda biroz pulim boriydi, oʻsha qaytarib berib qolsa, mayli”, deganday javob qilinadi, shu bilan qarz berilishini oʻsha kimgadir bogʻliq qilib qoʻyiladi. Qolaversa, uyda puling yoʻq boʻlsayam borday, zoriqqanimiz yoʻq deganday tasavvur hosil boʻlsin. Bilib qoʻy, uydagi gapni koʻchaga chiqarmaysan. Zoriqib oʻlayozgan boʻlsang ham, oʻzingni toʻq koʻrsatasan. Yangi ohorli kiyimlaringni koʻchaga kiyasan, mehmonxona bilan uy tashqarisini chiroyli qilib boʻyaysan. Eng qimmatli, ohorli dasturxoningni mehmonga ishlatasan. Oʻzingni qorning bir burda nonga ham toʻyadi, toki kelgan kishi xursand boʻlib ketaqolsin. Hamma shunaqa qiladi, sen ham shundan oʻtib qayga borarding?”

– Nega eng shirin narsalarni oʻzimiz yemaymiz?

– Chunki mehmon hammasidan ulugʻ, bolam. Mehmon senda yoʻq narsani senga berib ketadi.

– Nima u?

– Mehmon duo qiladi. Duo koʻzga koʻrinmas shaklda koʻk toqiga koʻtariladi. Farishtalar ham duo qiladilar. Oʻsha yerda katta bir xazina hosil boʻladi. Bir kuni oʻsha yerga borganingda xazinangni koʻrasan. Shirin taomingni bir oʻzing pishirib yesang maza qilasan, ammo qanchadir vaqt oʻtib, yana qorning ochqaydi. Mehmonga berganing oʻzingniki, yeganing yerniki, bolam.

Raʼno bu gapga chippa-chin ishondi, boz ustiga, ona aytdimi, demak, albatta rioya qilish kerak. Kerakmasday yoki hatto zararliday tuyulayotgan qancha narsalar bor, ularni Raʼno faqat ona aytgani uchungina bajarardi-ku? Masalan, har kuni tong saharda turib, koʻcha supurishni kimga keragi bor? Koʻcha chinniday qilib supurilishi, keyin suv ham sepilishi kerak, toki saharlab koʻchadan oʻtgan kishilar duo qilib alqab ketsinlar. Supurindini tandirga tashlash kerak, xas-choʻplar shunda yonib kulga aylanadi. U kulni olib idish-tovoq yuvishga ishlatsa ham boʻlaveradi.

Tomorqa ishlari ham birday davom etardi. Yana dala tozalash, gʻirillab esgan shabadalar, chayqalgan teraklar, quruqshagan poyalar.

– Makka poyasi shirin boʻlarkan, shimiysanmi? – dedi Xosi.

– Yoʻgʻ-e, poʻsti tilingni qirqib yuboradi-ku?

– Ehtiyot boʻlib shimasan, – dedi Xosi.

Shunday qildilar. Haqiqatan ham poya ichidagi suv mazali ekan.

– Lekin joʻxori poyasining suvi undan ham shirinroq, – dedi Raʼno.

– Juda qiziq qizlarmiz-da, – deb kuldi Xosi. – Tentirab yurib-yurib, bir nimalarni topib yeganimizga hayronman.

Poʻkaklar ham shirin boʻlarkan. Tegradagi daraxtlarning tanasida sirach kabi gʻalati yelimsimon gʻuddalar boʻlar edi. Shularni ham mazasini totib koʻrishdi. Oʻrikning yelimi shirin ekan, buni bilib qolgan ona “Lekin shaftolining yelimini yeb boʻlmaydi, jinni boʻlib qolasan”, deya urishdi. Behinikini ham yeb boʻlmaydi. “Ammo behi donasi oʻtlar orasiga tushib chiriydi, holva kabi jigarrang tus oladi, oʻshani yalasang juda mazali boʻladi”, dedi Xosi.

Bulutlar oʻz-oʻzidan surilib kelar, mayda yomgʻir tomchilari tevarakni shitirlarga toʻldirib yuborar, bulutlarning paydo boʻlishlariga va oʻtib qayga ketishlariga ham qiziqar edi-da.

Dunyo qaydan boshlanib, qayda tugashini bilgisi kelardi.

– Hoʻv togʻlarning ortida ham odamlar bormikin?

– U yoqda odamlar yashamaydi, – derdi Xosi. – U yoqda devlar, ajdarlar yashaydi. Odamlar faqat biz tomonda, xolos.

– Yashasa ham boshqacha odamlar boʻlsa kerak, qop-qora, yuzi koʻk, – dedi Raʼno. – Yoʻq, u yoqlarda loʻlilar yashaydi. Loʻlilar kelganida uyga kirib yashirinib olish kerak, boʻlmasa opketib qolishadi.

– E, bizga nima, – dedi Xosi.

– Televizor koʻrdingmi? – deb soʻradi u.

– Otam ruxsat bermaydi, – deb javob qildi Raʼno. – Atay buzib qoʻygan. Lekin avval bir-ikki koʻrganman. Gʻalati kishilarni koʻrsatadi-ku? Kulishadi, beoʻxshov gaplar gapirishadi… oʻzimizni odamlarga sira oʻxshashmaydi.

 

Uchinchi qism

 

Xola tuzalib qolgan ekan, dasturxoniga yangi yopgan nonlaridan oʻrab, ularni koʻrgani keldi.

– Qoshingni qorasi yuvsa ketarmi? – dedi uni quchib. – Aylanay sendan, koʻz tegmasin, muncha chiroyli boʻlmasang, oʻlgur? Qaldirgʻochni qanoti-ya, menga bermaysanmi?

– Bermayman, – dedi Raʼno, kulib.

– Qizgʻanasanmi, a, qizgʻanasanmi? – dedi xola. – Unda bilib ol, mening qoshim senikidan chandon quyuq, qop-qora edi.

– Unda qani oʻsha maqtagan qoshlaringiz?

– Bolalarimga boʻlib berdim-da, – dedi xola. – Beshta bolani har biriga boʻlib bersam, oʻzimga nimayam qolardi?

 

* * *

– Boqqa kirsam, bir olma rosa qizarib pishibdi, – dedi ona kulib. – Bozorga olib chiqib sotib yuboraqolsammikin?

Haqiqatan ham bogʻning olmasi bir tarafi taram-taram qizgʻish, boshqa tarafi och-yashil boʻlib yetilgan, yaqiniga borsa, boshni aylantirar shirin isiyam gurkirab turardi.

Raʼno endi aytilgan gapning tagida boshqa gap boʻlishini bilib olgan edi.

– Sotib nima qilasiz, – dedi gʻashi kelib. – Zarari tegyaptimi, bechorani?

– Voy, nimaga zarari tegar ekan? – dedi ona. – Meva yetilsa, uzib egasiga berasan-da! Yerga toʻp etib tushsinmi boʻlmasa?

– Tushsa tushaversin, – dedi Raʼno, zarda qilib.

– Qoʻyarmidim? – deb kuldi ona. – Xalqni koʻziga katta toʻy qilamiz hali.

– Xalqingiz bilan nima ishim bor? – deya lab burdi Raʼno.

– Bekor aytibsan, bilsang, boring ham, yoʻgʻing ham shu el, – dedi ona.

Shu el senga qiymat bersa, qadring oshadi, qiymat bermasa, moxovdan battar boʻlib qolasan.

– Toʻy qilsang ham shu elga qilasan, boʻlmasa kimgayam qilarding?

Marosiming boʻlsa ham shu xalq kelib qaraydi.

Yukingni koʻtaradi, shodligingga sherik boʻladi, musibatingni aritadi.

Oʻzingni yurtingda hamma senga qavmu qarindosh, hamma senga jigar.

Biror begona joyga borib koʻr-chi, birov senga “kel” dermikin?

Birov ikkita non koʻtarib chiqarmikin, toʻy-toʻychigʻida xuddi oʻzingnikiday oʻynab-kulib oʻtira olarmikinsan?

 

* * *

Ota xastalanib yotib qoldi.

Kuz kelgan edi. Behining yaproqlari oltin rang olgan, terak qirmizi tillarang, oʻtlarning uzun barglari tubidan och-yashiltob sargʻaygan, ariq suvi yashil tus olgan edi. Havoda mezonlar ucha boshladi. Ertalablari oʻtloqlar shudringdan jiqqa hoʻl boʻlardi, ekinzorlarning kulrang tuprogʻi namdan qorayib qolardi.

– Nima boʻldi sizga? – dedi ona.

– Bilmadim, – dedi ota ihrab. – Shu, biqinim sanchiydi. Anchadan beri sanchib-sanchib qoʻyardi, oʻtib ketar deb yuraveribman, endi kuchayib ketdi.

– Voy oʻlmasam, nima qilamiz?

– Maqsud doʻxtirni chaqiraqol, – dedi ota.

Ona qoʻshninikiga chiqib ketdi. U yerdan “Maqsud doʻxtirnikiga borib keling, bolam, akangizni mazasi qochib qoldi”, degani eshitildi.

Raʼno otasining yonida ne qilarini bilmay oʻtirardi. Bir nima deb koʻnglini koʻtargisi kelardi, oʻylab turib-turib, axiyri:

– Choy damlab kelaymi, ota? – deb soʻradi.

Otaning atrofi tirishlarga toʻla koʻzida iliq ifoda paydo boʻldi.

“Jonim qizim”, dedi ovozi allanechuk oʻzgarib. Yana bir nimalar demoqchi boʻlib jim qoldi, oʻylari koʻzlaridan bilinar edi. Har holda, suyib-alqab ancha gaplar aytgisi kelgan boʻlishi mumkin. Keyin qiynalibroq bir yutindi-da:

– Mayli, qizim, – dedi.

Raʼno otaning ayta olmagan gaplarini tushunganday edi. Oʻsha mahalda nimalar degisi kelgan ekan ulkan gavdali barvasta bu kishining? Qalb sezib-tugʻyon koʻtarar, oʻzini ota bagʻriga otgisi, toʻyib-toʻyib yuzlarini ishqagisi, yana allaqancha nomaʼlum istaklar bor va hammasi qizning otaga ulkan mehridan bino boʻlmoqda edi.

Lekin, ota ham bir nima demadi, qiz ham.

Raʼno ayvonga bordi-da, choy damlashga tutindi.

 

Toʻrtinchi qism

 

Bu yerlarda shamollar suron solib esaveradilar: kunbotardan kunchiqarga, kunchiqardan kunbotarga…

Raʼno oʻn oltiga toʻldi.

Ishlar, yumushlar bir zaylda davom etar edi.

Ona koʻchaga kamroq chiqishini tayinladi. Endi u ariqdan suv olgani yoki ertalablari koʻcha supurgani chiqardi, xolos. Shu oʻtgan bir necha yil ichida devorning suvogʻi anchayin shoʻrlashdi, uvalanib koʻchib tushdi, bir-ikki joyida sinchlari ham xiyol koʻrinib qoldi. Uvalangan joydan tushgan tuproqni ham supurib, toʻplab olar edi Raʼno. Vassalarning koʻchaga chiqqan tarafi qorayib, yorilib-yorilib ketibdi.

Shu oʻtgan bir necha yil ichida tevarakda ham, kishilarda ham ancha-muncha oʻzgarishlar sodir boʻldi. U bilgan daraxtlar quvvatga kirib meva tugdi, baʼzilari qartaydi, masalan, etakdagi shaftoli bir tutam boʻlib qoldi, shoxlari qorayib, bujuri koʻpaydi, yaproqlari ojiz, shu holida ham achchiq-tirsiq meva solmoqqa tirishar edi. Ota ham ancha bukchaydi, yuzidagi, boʻynidagi tirishlari koʻpaydi, ona esa nimagadir toʻlishib, et oldi. Bir mahallar bejirim va chiroyli yuzi koʻpchiganday tuyulardi. Raʼno esa yanada durkunlashdi, sochlari ham qoshlari kabi qalin, qop-qora, uzun edi. Goh oʻzini oynaga solib diqqat bilan razm solarkan, husnidan koʻngli toʻlmas, goh yuzi, goh burni, goh qulogʻi oʻziga yoqmas va oynadan shart burilib ketib ham qolardi.

Har holda, soʻrab-surishtiradiganlar koʻpayib qolgan shekilli, ona Raʼnodan mutlaq ozodalikni talab qila boshladi. Hovlining koʻz tushmaydigan eng chekkasida boʻlsa-da, bir xas qolmasin dedi. Hammayoq ozoda boʻlishi shart. Qilmayman, dedi toʻrsayib Raʼno. Oʻlsin, keladigan sovchilarga yoqaman deb shunaqa qilamanmi? Ozoda boʻlmasang menga malomat opkelasan, qiz tushmagur, dedi ona. Seni birov malomat qilmaydi, onasi tarbiyalamapti-da, deydilar.

Kelgan-ketgan koʻp edi. Nihoyat, bir kuni ona Raʼnoga gap ochdi. Falonchining bir oʻgʻli bormish. Kelishgan, aqlli, ogʻir-bosiqmish. Oilasi ham kamsuqum, ammo topgan-tutgani oʻzlariga bemalol yetadigan bir roʻzgʻor egasi ekanlar. Bittagina oʻgʻilmish, avlod-ajdodi ham tuzuk odamlar oʻtishgan ekan. Shular senga ogʻiz solishyapti, dedi.

Otang ham roziday, dedi ona.

Otang koʻcha-koʻyda tanish-bilishlaridan soʻrabdi, men ham, amma-xolalaring ham “Qanaqa yigit ekan”, deb surishtirdik. Hammaning boshidagi qismat senga ham yetib keldi, xoʻp desang, tayyorgarchiliklarimizni koʻraversak?

Raʼno ne deyarini bilmas edi.

Bir tomondan mana shu eskigina, ammo ozoda-sarishta hovlisidan sira ketgisi kelmasa, boshqa tomondan, ashyolari lovullab turgan yangi xonadon, kelinlarning ohori moʻl liboslari, qoshlariga oʻsmalar qoʻyib yurishlari qiziqtirar ham edi. Ona aytgan tutumlarning birontasi bu vaziyatga mos kelmayotgan, “ha” desa ham, “yoʻq” desa ham boʻlmaydigan bir holat oʻrtaga chiqqan edi.

Qolaversa, otasi “maʼqul” debdimi, demak, haqiqatan ham yaxshi insonlar boʻlsa kerak, deya oʻylardi. Ota sira adashmagan, hamma narsani biladigan qudratli va gʻoyat aqlli zot, modomiki shunday degan boʻlsa, ortiqcha gap-soʻzga sira hojat yoʻqday edi.

 

* * *

Ariqcha, oqyapsanmi?

– Ha, qizgina, oqyapman.

– Otam erga beraman deyapti, nima qilsam ekan?

– Hammaning boshida bor bir qismat-da, koʻnmay qayga borarding?

– Qaydam… Qanday odam ekan, qanaqa xonadon boʻlar ekan, oʻylab oʻyimga yetolmayman.

– Tashvish qilma, Xudo senday qizni yaratadi-yu baxtingni bermaydimi? Xudo xohlasa, ajoyib hayot kechirasan, bir etak bolalaring ham boʻladi.

 

 

 

* * *

Sovchilar yana kelishdi. Endi ularga beriladigan javob aniq edi.

– Sahar kelib koʻchangizni supurib ketay desam, zamon boshqa, ammo shu qizingiz uchun yil boʻyi har kuni supurishgayam roziman, – deya avradi kuyovning ammasi, semiz xotin.

Oʻz amma-xolalari ham shunda edilar.

– Sizday xushmuomala, har narsani oʻylab ish tutadigan oilaga bermasak, kimgayam berardik, – dedi ona. – Qoshimni ostida, kiprigimni ustida avaylab oʻstirgan qizimga oʻzimdan ham afzal ona boʻlasiz-ku, sizniyam, avlod-ajdodingizni ham yaxshi bilaman.

Bu bir ishora, zamirida oʻksikroq hayiqish sezilar, yaʼni, berishga berarmizu ammo shuncha yil zahmatlar bilan katta qilgan qizimga oʻz bolangizday qararmikansiz degan ilgʻar-ilgʻanmas bir oʻtinch ham bor edi.

Non sindirildi, oqlik berildi. Kelganlarning erkaklariga belbogʻ, ayollariga roʻmol, dasturxonlariga non va qand-qurs solindi. Sovchilar xushhol, yuz-koʻzlari sevinchu mamnuniyatdan porlab, xayr-xoʻshlashib joʻnashdi.

“Xudo xohlasa, endi qarindosh boʻldik”, deyishdi ketar oldidan.

“Oqlik ham berildi, endi bu yogʻi toʻy, qiz oʻlgur”, dedi xolasi, Raʼnoni biqinini chimdib, sevib-suyib.

“Hoy qiz, endi koʻchaga chiqqaningda qarindosh-urugʻlaridan birontasi oʻtib qolsa qochgin, – dedi ona. – Yoʻling oʻsha tomonga tushsa, u koʻchadan yurmagin.

Gapirishsa gapirmaysan, koʻrishaman desayu qochgani ilojing qolmasa, yerga qarab turasan.

Elning koʻzi senda boʻladi, bularning bari sening hayo-odobingni koʻrsatadigan narsalar, hushyor boʻlasan”.

Qoʻni-qoʻshnilar – keng-moʻl guldor koʻylak kiygan shaddod-shaddod xotinlar koʻrpa-toʻshak qavigani chiqishdi.

Qoq yerga kattakon palos solindi. Qoʻshnilar u yoq-bu yoqdan gaplashib, toʻshak qavir edilar.

– Qiz tushmagur, choy-poy damlab kelsang-chi, senga koʻrpa qaviymiz deb bellarimiz qotib ketdi-ku, – deb ham qoʻyishardi.

– Kerak boʻlsa oʻzingiz damlab olavering, – der edi Raʼno.

– Zarda qilmay qol, – deb kular edilar qoʻshnilar.

Raʼno odamlar koʻzidan ham qochar boʻldi. Chunki nafaqat teng-toʻshlari, hatto kichkina bolalar ham “Kelin! Kelin!” deya mazaxlar edilar.

 

* * *

Ikki kundan keyin oʻsha kishilar, yonlariga yana bir-ikki odam qoʻshilib, qoplarda guruch, sabzi, savatda yangi yopilgan patirlar, shirinliklar, kelinga sidirgʻa koʻylaklar olib, oq kiygani kelishdi.

Raʼno uydan chiqmay oʻtirardi. Kelguvchilar bir nimalarni gaplashib, koʻproq hazillashib oʻtirishdi. Bugun saharlab ona va xola tandirga somsa yopib, qatlamalar pishirishgan edi, kelguvchilarning dasturxoniga shu qatlama-somsalardan solib qaytarishdi. Ular olib ketgan patirlaru qand-qurslarni qoʻshnilarga tarqatib chiqishdi.

Yana bir necha kun oʻtgach, “qozon oshi” boʻldi. Kuyov tomondan uch kishi aravada ikkita qoʻy, bitta nimta, yogʻ, ikki qop un, guruch va sabzavotlargacha opkelishdi.

– Ana, seni sotib boy boʻldik, – deb kuldi ona.

Qoʻylar bostirmaga boylandi, nimtadan esa shoʻrva tashlab qoʻyishdi, nonlar yopilib, yupqa pishirildi. Kelguvchilarga toʻn, belbogʻ, yaxtak, ayollariga qora chiybaxmal yo banoras toʻn berildi.

– Kuyovimizga ham ziyofat yuborsak arzir? – dedi xola. U uchun atay tikilgan “maysa beqasam” toʻn, xonatlas qora belbogʻ, qoʻy toʻshi pishirilib, tovoqda pistayu bodomlar bilan berib yuborildi.

Toʻy kuni ham shu bugun belgilanaqoldi.

Toʻydan bir kun avval “non-patir” marosimi boʻldi. Yuztalab non yopildi, qatlamalar pishirildi. Xalqqa “bugun falonchinikida “non-patir”, ertaga toʻy” deb maʼlum qilindi.

Kuyov tomon yana ikkita qoʻy, qopda un-guruch keltirib, nikoh oʻqiladi deb, maʼlum qilib ketishdi.

Kechga yaqin mulla keldi. Kuyov oʻrtogʻi bilan banoras toʻnini yopinib kelib turgan edi. Ichkari uyga kirildi. Kuyov yuqoriroqqa, Raʼno esa poygak tomonga oʻtirdi. Oraga bir kosa shirin suv qoʻyildi, mulla buva har ikki tomondan roziliklarini soʻradi, kuyov birinchi soʻrashdayoq “Ha” deb javob qildi, Raʼnodan soʻralganida esa lom-mim demay oʻtiraverdi. “Sukut – alomati rizo” dedi mulla buva, doʻrillab. Xullas, nikoh oʻqildi, oʻrtadagi nikoh suvidan ikkovlariga ham ichirildi.

Nikoh oʻqilayotgan mahal kuyov ustidan guruch sepilib, uchi tugilmagan uzun oq ip oʻtkazilgan igna bilan toʻnining yelka qismidan tinimsiz tikib turishdi, umr yoʻllari shundayin oq, shundayin uzun boʻlsin, deya.

Mahr aytildi.

Kechga yaqin Raʼnoning teng-toʻshlari kelishdi. Zardoʻz soʻzanalar, roʻmolu roʻmolchalarning uchlari boylanib, uy tegrasiga qatorasiga osildi, kuyovbola oʻtiradigan joyga eng chiroyli, eng nafis soʻzana boylandi.

Bir mahal “kuyovnavkar keldi” degan xabar taraldi. Hamma shoshib qoldi. Childirma doʻp-doʻpiyu karnay-surnay sadosi ostida kuyovnavkarlar hovliga kirib kelishdi, ishkomlar tagida turib olib, quyunday boʻlib oʻynashdi.

Kuyovnavkar kiradigan uy ostonasiga turib olgan amma-xolalar “Ho-o, kirib boʻpsizlar, qani toʻngak puli?” deb turib olishgan edi, ammo yigitlarning epchilroqlari ularni yelkalari bilan surib, ichkariga kirib ketishdi.

Kuyov ziyofati tezda nihoya topdi. Kuyov kuyovnavkarlar davrasida toʻn yopinib kelib, toʻn yopinganicha chiqib ketdi. Raʼno bu mahal qoʻshnining uyida edi, uni oʻz uyiga qaytib olib chiqdilar, isiriq tutatdilar, sochlariga oq paxtadan uzun piliklar boylab oʻrdilar, oq surp koʻylak, mahsi-kavush kiydirib, paranji yopintirishib, ota oyogʻiga bosh urdirdilar.

Yor-yorlar shunda avj oldi.

Oq miltigʻ-o qora miltiq otgan otam…

 

Qolganlar joʻr boʻlishdi:

Yor yor-o, otgan otam…

Qiz uyidagi yor-yor sadolari ishkomlar, tomorqalar, teraklar uzra qalqa-qalqa havolanaverdi:

Oʻz qizini-yo begonaga sotgan otam,

Yor yor-o, sotgan otam…

Ajabki, bu gʻalati yor-yorni aytayotganlarning bari shod, bari xurram edilar:

 

Oʻz qizini oʻrniga-yo bodom eksin,

Bodom shoxi titrasa-yo bolam desin…

Yor-yor-o, bolam desin…

 

Darvozaxonaga yaqinroqda toʻplangan erkaklar, qiy-chuv solayotgan xotinlar, quvalashib oʻynab yurgan mayda bolalar uzra yoyilaverdi toʻy yor-yori:

Uzun-uzun argʻamchi-yo, halinchakka,

Oppoq koʻylak yarashadi kelinchakka,

Oppoq koʻylak yengiga-yo tut qoqaylik,

Kuyov bola bagʻriga-yo oʻt yoqaylik.

Raʼno ota oyoqlarini quchoqlab, boshini urib yigʻladi, ketmayman deb dod soldi. Ota koʻzlari jiqqa yoshga toʻlib, ovozi titrab, hoʻngramoqdan beri boʻlib “Jonim bolam, iloyo, borgan joyingda unib-oʻsgin” deb duo berdi.

Shu tariqa, mana shu xonadonda chopqillab-chopqillab oʻsgan, yumushlarini sira ogʻrinmay ado etgan, boʻyi yetgan sayin esi kirib, hammayoqni saranjom-sarishtalagan, ammo taqdir charxpalagining bir aylanishida shu qadrdon hovlisidan boshqa bir xonadonga tosh kabi otilib ketayotgan Raʼno qizni ota uyidan olib chiqdilar.

Borar joyingda toshday boʻlgin, deya duo qilishdi amma-xolalar. Toshday tushginu toshday qolgin, qizgina.

Kelin ketarkan, shoʻrlik onaizori ham qizining sep-surugʻini, boʻxchalarini koʻtarib, orqasidan joʻnadi.

Borguncha yor-yor aytib borildi. Gurillab yonayotgan olov atrofini uch aylangach, amma-xolalar qizni kelin uyiga olib kirishdi. Kuyovning amma-xolasi shu yerda ekan, ular qattiq-qattiq gaplashishar, sharaqlab kular edilar. Raʼnoga qatiqqa shakar qoʻshib ichirishdi. Uy devorlarining shiftga yaqin qismiga uzun chilvirlar tortilib, kelinning seplari osib bezatildi. Roʻmollari, koʻylaklari, dasturxonu sochiqlarigacha osildi, chimildiq tutildi.

Tashqarida eski matolardan toʻpchalar yasalib, moyga botirib osib qoʻyilgan edi, oʻshalar yoqilgach, hovli charogʻon boʻlib ketdi. Toʻy koʻrgani kelganlar, bola-chaqa, xullas, hamma oʻyin-kulgi qilaverdi.

Asta-asta esib turgan shamol kechga yaqin birdan kuchaydi, kunbotardan qora bulutlarni haydab olib keldi, toʻsatdan sharros jala quydi. Shunda onaizorining “Qozonning qirmochini yemagin-a, qizim, toʻyingda yomgʻir yogʻadi” deganlari esiga tushdi, “Voy, tavba qildim, rost ekan-da” deya hayratlandi.

Ichkari kelin bilan birga kelgan qizlarga toʻla edi. Katta yoshli ayollar kelishmagan, davrada faqat yosh qiz-juvonlar edi. Ular uy yasatishdi. Dasturxon yozildi, yeb-ichib, oʻyin-kulgi qilib oʻtirishdi.

Tashqaridagi oʻyin-kulgi tugagach, ketgan ketib, qolgan qolaverdi. Ertalab hamma oʻz uyiga joʻnadi. Onaizor choynak-piyola, idish-tovoqlarini olib, xotinlar bilan yetib keldi, “yuz ochar” boʻldi.

Oq surp mato bilan Raʼnoning yuzini yopdilar. “Kelyapti, qaynonasi kelyapti”, deyishdi xotinlar. Bir mahal qaynona qoʻlida suprasiyu uni bilan kirib keldi. Suprani oʻrtaga yoydilar, Raʼnoga “Unni xamir qorganday qilib gʻijimlang”, deyishdi. Raʼno choʻnqayib oʻtirib, shunday qildi. “Mahkam-mahkam gʻijimlayvering, qizim, qoʻlingiz xamirdan chiqmasin, barakali boʻlsin”, deyishdi. Shundan keyin amma-xolasi ikki qoʻltigʻidan tutib tashqariga opchiqishdi, oʻchoqqa oʻt yoqishib, idishdagi yogʻni uch marta oz-ozdan quydirishdi. “Qozoning doim yogʻli boʻlsin, muhtojlik koʻrmagin”, deyishdi.

Shundan soʻng kuyov tarafning yosh bolalaridan biri iljayib turib, mevali daraxtdan sindirib olingan kichkina choʻp bilan kelinning yuzidagi surpni yulqab oldi. “Hoy bola, olib borib onangga ber, sengayam shunaqa kelin nasib qilsin” deyishgan edi, bola uyalib, qochib ketdi.

“Yuz ochar” marosimi mana shunday boʻlib oʻtdi.

Raʼnoni ichkariga qaytib opkirishdi. Chimildiq koʻtarildi, kuyov tomon kelinga atagan narsalarini olib kira boshlashdi: birov palos, birov gilam, birovi toʻp mato koʻtarib olgan edi. Kirganlarga toʻn, belbogʻ, sochiq, qariroqlariga toʻshak-bolishlar berildi.

Shundan soʻng hamma ketib, yanga qoldi.

Shundan soʻng kuyov kirar boʻldi.

“Kuyov bola kirib kelganida burchakda kutib turasan, egilib uch marta salom berasan”, deb tayinlashdi unga.

Tayinlovlar moʻl edi. Xolalar goh “qogʻozga oʻrab”, goh ochiqchasiga shaddodlik bilan hamma gapni aytib boʻlishgan, aytgani boshqa gap qoldirishmagan edi.

Shu bilan hammasi poyoniga yetdi. Raʼno qiz – kecha oʻz uyining yoʻlaklarida potirlab, jayronday chopib yurgan oʻsha qizaloq bugun oyday kelin boʻldi.

Shu bir kunning ichida juda koʻp voqealar qatorasiga roʻy berdi.

Bu elda shamollar suron solib esadilar demaganmidik?

Eh-he, shamol rosa esdi, toʻpchiroqlar yona-yona oʻchib qoldi, kelin-kuyov yotgan uyning dahlizida yangalar bor edilar, ayniqsa bittasi juda barvasta va shaddod ekan, oʻgʻri mushuk tugul, chivinni ham yaqinlashtirmadi. Hushyor ekan, tiq etgan tovushga quloq solib yotdi. Jim yotish oʻrniga bir nimalarni pichirlab duo oʻqib yotdi, nimalar deb pichirlaganini bilib boʻlmadi.

Bir mahal tungi osmondagi bulutlar supurilib, ozod-ozod toʻlin oy samoda nur sochdi. Bir malak bor edi, kelin boʻldi, bir jayron bor edi, qafasga tushdi, bir qiz bor edi, turmush ostonasiga shu tariqa qadam qoʻydi. Ana oʻsha barvasta xotin Raʼnoning yuragidan kechgan tuygʻularu hislarga oshnolikka yoʻl qoʻymadi, Raʼno qiz shu kech nimalarni oʻyladi – hech kim bilmadi.

 

* * *

Saharlab qush uyqusida xiyol koʻzi ilingan Raʼnoni xolasi dahlizdan ovoz berib uygʻotdi.

“Tur, qiz boʻlmay qol, hovlilarni supur, ishlaringni qil”, dedi pichirlab.

Raʼno oʻrnidan turdi. Ohorli kelinlik liboslarini kiydi, u liboslar oʻziga yarashdimi-yoʻqmi, oynaga tuzukroq qaray olmadi xam, ammo rang-barangligi, islari va yangiligi yoqar edi.

Tashqari chiqarkan, u ham pichirlab, xoladan:

– Supurgi qayda ekan? – deya soʻradi.

– Hammasini topib qoʻyganman, – dedi xola. – Men ham chiqaman, boʻlaqol.

Hovli kenggina edi. Toʻy oʻtgach, qolgan qavmu qarindosh hammayoqni saranjomlab ketishgan ekan. Bir chetda dasta-dasta piyolayu laganlar turar, rayhonlar ostida Raʼno yangi supurgini koʻrdi. Xolasidan minnatdor boʻlib, hovli supurishga tutindi. Koʻcha eshik oldini ikki tarafdagi qoʻshnilarning darvozaxonasigacha supurib bordi, suvlar sepdi, keyin qaytib kirib, nonushta tayyorladi, bu orada qaynota-qaynona ham turishdi. Bir chetga qumgʻonda suv ham isitib qoʻygan edi, qaynota keliniga qaramasdan, borib tahoratini olib keldi. U kelguniga qadar Raʼno shoshilib ular yotgan uyga kirib, joynamozini qiblaga toʻgʻrilab soldi. Qaynonaga salom berganida, u nimagadir koʻzyosh qilib, peshanasidan oʻpdi, yelkasiga bir sidirgʻa kiyimlik mato tashladi. Qaynota namozini oʻqib chiqqach, unga ham uch bora egilib salom berdi.

– Barakalla, qizim, Xudoyim baxtingni bersin, – deb qoʻydi qaynota ham.

– Oʻgʻlingni uygʻot, – dedi keyin, qisqa qilib.

Qaynona keliniga qaragan edi. Raʼno “hozir” dedi shosha-pisha. Keyin tez oʻzining uyiga kirdi. Kuyovbola uxlab yotar edi.

– Ey, turing, – dedi eriga. – Chaqirishyapti.

Keyin qaytib chiqdi.

Yumushlarni bajarib yurar ekan, yuz-qoʻlini yuvib kelib choyga oʻtirgan eriga sira qarayolmas edi. Xudoga shukur, dedi keyin ichida. Bir tuzukkina yigit ekan-ku. Qiyshiq yo xunuk boʻlganida nima qilardim? Nimayam qilardim, koʻnardim-da. Koʻngach, umrim boʻyi shu bilan yashar ham edim. Xudoyimga shukur, der edi.

Yangi roʻzgʻor mana shu edi. Oʻz uyidagidan aytarli farqi ham yoʻq ekan. Hovli adogʻida tandir, osti tovuq katak. Beriroqda oʻchoq. Ustida uzum valishi. Narigi tomonda bostirma, molxona. Tomorqa ham oʻz uyidagi kabi: makkalari oʻrib olingan, adogʻida nok, behi, olma va shaftoli bor. Farqi shundaki, qoʻshni bilan tutash yerida tut oʻsibdi, hovli adogʻida esa ikki tup oʻrik bilan yongʻoq bor ekan, bular oʻsib-bahaybatlashib ketgani uchun ostida oʻt-oʻlan unmabdi. Tomorqa oxirida ariqcha oqib oʻtibdi, qirgʻogʻida turli oʻtlar gurkirab oʻsibdi.

Kuyovbola koʻchaga chiqib ketgan edi. “Shom tushguncha yurmagin, chillalisan”, dedi ona unga. “Xoʻp-xoʻp, – dedi. – Bir-ikki ishim bor, bitirib darrov kelaman”. Chillali dedilar, chilla uch kunda bitar ekan. Uch kungacha kechasi tashqariga chiqsang ham bir oʻzing chiqma, meni uygʻot, dedi xola. Chillang tugaganidan keyin bilganingni qilaverasan. Ammo mehnatdan qochma, muomalangni shirin qil, jilmayib gaplash. Yarim soat kam uxlasang uxlabsan, uyquga yotishingdan avval hammayoq chinniday saranjom boʻlsin. Eng haqir ishgayam erinma. Bilib qoʻy, hammamiz bir qishloqning odamlari boʻlsak ham, kuyov tarafning odami har bir qadam olishingdan muomalanggacha, tutumingdan farosatinggacha kuzatib oʻtiradi. Har qilgan toʻgʻri ishing ota-onangga rahmat olib keladi, sal notoʻgʻri ish qilsang, malomat olib kelasan. Iloji boricha kam gapir, bir nima soʻrashsagina javob ber, chehrangni och.

“Xoʻp”, dedi Raʼno.

Bularni barini ado etish mushkul edi. Yumushlarini bajarib yurar ekan, qaynona va bitta-yarim kelgan qarindosh soʻrida baqrayib oʻtirar edilar. Aslida-ku, hammasini oʻzi bilganicha saranjomlab qoʻyadi, ammo mana shu nigohlardan qutulish qiyin, shartta ishini tashlab uyiga kirib ketgisi kelsa-da, oʻzini qoʻlga olib, sezmaganday ishida davom etadi. Tush mahali boʻlganida shoʻrva ichildi, ular bilan birga oʻtirib, tushlik qilish ham noqulay boʻldi, suvidan bir-ikki hoʻplab, yana oʻrnidan turib ketdi. Kosa-tovoqlarni joylagach, qaynona ham, qaynota ham uyiga kirib ketdi, shunda ustunga sanchib qoʻyilgan oʻroqni olib tomorqaga oʻtdi, ariq boʻyidan ancha oʻt oʻrdi, keyin olib borib bir qismini mol-qoʻylar oldiga soldi, bir qismini quyoshda qurib qolmasin deya bostirma salqiniga gʻaramlab qoʻydi. Navbat tovuqlarga kelgan edi, oʻz uyida makka donidan berardi, oʻz uyiniki minnatsiz edi, “bu yerda ham bersam gapirishmasmikin” deb oʻyladi.

Qavmu qarindosh, qoʻni-qoʻshni salomga kelishda davom etar edilar.

Kimdir bir boʻlak goʻsht solib qovurma qilib kelar, yonida albatta qirmizi tusda qatlama ham boʻlar, kimdir manti, kimdir somsa pishirib kelar, xullas, keluvchilarning oxiri koʻrinmasdi. Ularning dasturxoniga u-bu narsa solib, idishini top-toza qilib qaytarish, ustiga ustak, kim nima opkelganini esda saqlab qolish ham kerak edi. Bular bolaligida “mehmon-mehmon” oʻynaganlarida bilib olgan narsalari emasmi, hammasini uddaladi. Yugurib-yelib xizmat qilar ekan, kelguvchilarni bari baqrayib qarayverishar, goho oʻziga eshittirib “kelin chiroyli ekan” deb qoʻyishar, shu bir ogʻiz gapdan koʻngli koʻtarilib, mana shu hovli-xonadon sulolasiga mehr uygʻonganday ham boʻlardi. Aqli “endi sening uying shu, bularning bari endi qarindoshlaring” desa-da, koʻngli sarkashlik qilar, tan olmas, koʻngil ovozini yana oʻchirishga toʻgʻri kelardi.

Qaynota donishmand va beozor kishi boʻlib chiqdi.

– Kelining bilan roʻzgʻorga baraka keldi, – dedi qaynonaga. – Hali qarab turgin, moʻl-koʻlchilik boʻladi.

– Juda maqtayvermang, taltayib ketmasin, – deya maqtovni xushlamaganini bildirib qoʻydi qaynona.

– Tavba, gʻalati bir narsani sezdim, – dedi bir kuni qaynota. – Oʻtgan safar senga barakadan gapirganim esingdami?

– Ha, esimda.

– Qirq yildan beri novvoylik qilaman, – dedi qaynota. – Shu yoshga kirib sezganim shuki, non bilan nonning farqi bor ekan.

– Qanaqa ekan? – deya qiziqsindi qaynona.

– Niyatga qarab ekan, – dedi qaynota. – Har kuni sotishga ikki tandir non yopaman. Shular koʻpincha yo oqib ketadi, qiyshayadi, yo yaxshi koʻpchimaydi. Ammo toʻyga non yopadigan boʻlsam, shunaqa chiroyli, shirin chiqadiki, oʻzim ham hayron qolaman.

– E, nonni joni bormidi? – dedi qaynona. – Oʻzingiz epsiz boʻlsangiz kerak.

– Yoʻgʻ-e, – deya kuldi qaynota. – Nikoh toʻylarini aytmayapman, gumroh, gapni maʼnisiga qarasang-chi. Sunnat toʻylariga yopadigan nonlarni aytyapman.

– Shunaqa demaysizmi? – deya, birdaniga gul-gul ochilib ketdi qaynona ham. – Qaydan sezaqoldingiz? Gapimizni qargʻa eshitmasin yo shamol opketib yoymasin deyman-da. Xudo xohlasa, tez orada oʻshanaqa non ham yopasiz, otasi.

– Xudoyim, oʻzingga ming bor shukur, – dedi qaynota ham. – Oʻsha kunga yetkazsin, iloyim. Shunaqa nonlar yopay-ki!

* * *

Raʼnoning hayotiga baxt oraladi.

Turmushga chiqqan boʻlsa-da, xayolida haliyam kichkina qizaloq edi. Haliyam oʻynagisi kelardi. Haliyam shoʻx edi.

Ertalab koʻngli aynidi. Yomon narsa yeb qoʻydimmi deb oʻyladi, ammo oʻqchiq boshqacha, meʼda oʻqchigʻiga oʻxshamasdi. Shu kuni onaizor ham qizidan xabar olgani kelib qoldi. Hol-ahvol soʻrashib, ichkari uyga kirganlarida yana oʻqchiq tutgan edi, ona ikki qoʻli bilan ikki bilagidan tutib, koʻzlariga tikilib qarab:

– Oʻlgur, nimaga oʻqchiyapsan? – deb soʻradi.

– Bilmasam, ertalabdan beri shunaqaman, – dedi Raʼno.

– Boʻyingda boʻlmasin tagʻin?

Raʼnoga bu gap ari chaqqanday taʼsir qildi. Angrayib onasiga qarab qoldi.

– Yoʻgʻ-e, – dedi aqli bovar qilmasdan. – Shunaqamikin?

– Shunaqa boʻlmasinam-chi, – dedi ona, keyin uni quchoqlab olib, yuzlaridan choʻlp-choʻlp oʻpdi. – Aylanay Raʼno gulimdan, Xudoyim baxtingni bergani rost boʻlsin. Hali pahlavonday oʻgʻilcha tugʻvolsang bormi?

Keyin homiladorlik belgilarini, nimalar qilish kerakligini birma-bir tushuntirdi.

– Bunga aytsammikin? – deya ikkilandi Raʼno.

Raʼno erining ismini aytib murojaat qilmas, shunaqa paytlarda “bu” yoki “u” deb qoʻyaqolardi.

– Yoʻq, hozircha aytmay tur. Hech boʻlmasa, oradan bir oy oʻtsin. Tushundingmi?

– Tushundim, – dedi Raʼno ham.

Tashqariga chiqqanlarida qaynonaning oʻtkir nigohi Raʼnoda sodir boʻlgan oʻzgarishni sezganday edi. Bir nimalarni pichirlab, oʻzini nimalargadir urinayotganday koʻrsatsa ham, Raʼnoga goh-goho yer ostidan qarab qoʻyardi.

Ha, Raʼno qizga baxt kulib boqdi.

Vujudining ich-ichida, yetmish ikki tomiri tutashgan joyda jajji va murgʻak bir jon paydo boʻlganini va u kun sayin emas, soat sayin oʻsayotganini tasavvur qilish qiyin, ammo yoqimli edi. Shu ignaning uchidaygina narsa Raʼnoning hayotini oʻzgartirib yubordi. “Hali dunyoga kelmasingdanoq menga shuncha baxt olib kelding-a” deya murojaat qilardi Raʼno, goʻdagiga. Qanaqa ekansan? Oʻgʻil bolamikansan, qiz bolami? Otangga oʻxshagan boʻying baland, sochlaring qop-qora, xushsurat boʻlarmikinsan? Yo oʻzimga oʻxsharmikansan? Bir kuni dunyoga kelsang kulishlaring, qoʻlchalaring, oyoqchalaring qanaqa boʻlarkan? Dunyoga kelish degan narsani Raʼno sira oʻylab koʻrmagan edi, tasavvuriga shu oʻy kirib keldi. Yuragimning ostida hozircha jimgina oʻsyapsan, dedi unga. Onang boʻlaturib, bor-yoʻqligingni ham bilmayman, bor-yoʻgʻi meni oʻqchitib oʻzingdan xabar berding, boshqa narsa oʻqchitganida xavotirga tushgan boʻlardim, shu ozoringdan ham qanchalar suyunganlarimni bilarmikansan, jonim jahonim, shoʻxgina bolajonim? Shu alomatingni oʻziyoq hayotimni butkul oʻzgartirib yubordi-ya, hech narsaga qaragim kelmay qoldi, yursam ham, tursam ham seni oʻylayveradigan boʻlib qoldim. Xudoyim menga seni berib, shu bandamga bir rahm qilay dedi, bermasa nima qilardim? Tavba, shungacha qaylarda boʻlgan ekansan, xudoyimning dargohlarida dunyoga kelishingni kuta-kuta, onam kim boʻlar ekan deb oʻylaganmikansan… Xudoyo tavba qildim, gʻalati xayollar aqlimga kelishini qara-ya. Ishqilib omon-eson dunyoga kelib ol, onangni koʻzlarini quvnatib-quvnatib yur, bolajon.

Raʼnoning peshanasidagi sochi qaysarroq edi, doim tikkayib qolavergani uchun baʼzan qaychi solib kesar, kesilgan sochni esa oʻrab-chirmab, devor kavaklariga tiqib qoʻyardi. Kesilgan sochni tandirga tashlab boʻlmaydi, juda iloji boʻlmasa xoliroq bir joyga yerga koʻmish kerak, deya oʻrgatgan edi ona. Endi soch kesib yurmagin-a tagʻin, deb uqtirdi bu safar. Shunaqa irimimiz bor, bolani umrini kesib qoʻyadi deyishadi. Odamlar kelganida oldiga chiqaverma, koʻhlikkinasan, suq-nazar tegmasin. Koʻproq harakat qil, yoʻqsa bolang katta boʻlib ketib, tugʻishga qiynalasan. Xamir ovqatlardan, yangi yopilgan nonlardan yema, koʻngling boʻr yoki kesak tusab qolsa, menga aytsang, tuxumning poʻstini kelida maydalab tuyib olib kelib beraman, endi baʼzi xil narsalardan tiyilib turasan, deya oʻrgatdi.

 

* * *

Qiziq, Raʼno erini yaxshi koʻrarmidi? Eshitganlari, koʻrganlari boshqa, hayot boshqa ekanini avvaldan bilardi. Eri baland boʻyli, qorachadan kelgan yigit boʻlib, koʻp ham gapiravermasdi. Har holda bu oilada unga eng yaqin kishisi eri boʻlsa-da, oʻz tugʻishganlari kabi yaqin va oʻz-oʻzinikiday tuyulavermasdi. Bunga hayron ham boʻldi, nazarida ancha-muncha narsasidan ayrilib qolganday, turmush degan narsa oʻshalardan judo qilganday tuyular, qalbini nedir armon va gʻussaga choʻmdirardi. Ha, bir mahallar ariq boʻylarida yelday uchib chopganlari, oʻynaganlari, kulganlari – bari yorugʻ va gʻussali bir armonga aylanib qolgan edi. Yetishilmagan orzular armonga aylanadilar. Ammo umrning yashab oʻtilgan nurli lahzalari ham armonga aylanar ekan. Goho ota uyiga borganida oʻsha soʻqmoqlar, tomorqalar, ariq boʻylarini bir aylanib kelardi, oʻzi oʻtqazgan olma, shoxlarida oʻtirib olib, mevasining suvini oqizib-oqizib yegan behi… ularning bari koʻziga ajib qadrdonday va suyumliday koʻrinardi. Yogʻochlari issiqda yorilib-yorilib ketgan soʻri va rangi oʻcha boshlagan toʻshaklargacha suyimli, aziz boʻlib, goho islarini ham qoʻmsab qolardi.

Raʼno mana shularga boshqorongʻi boʻldi.

Ona “yaxshiyam tansiq narsalarga boshqorongʻi boʻlmading” deya, oʻsha toʻshak, oʻsha bolishlardan uyiga olib kelib berdi. Endi ona uyning isi oʻsha toʻshaklardan kelib turardi, yoʻqsa uyda qancha yangi toʻshak, qancha yangi bolish boriydi-yu? Yaxshiyam uzoqqa tegib ketmaganim, deya oʻyladi shunda. Uzoqroqqa tekkanimda ona uyimga borishga qiynalardim, albatta. Oʻz uyida yashasa-da, ona uy taraf yuragining bir chetini ilitib, oʻziga tortib turar edi.

Raʼno qiz toʻlishdi, yuzlariga dogʻ tushdi.

Tavba, ayol kishi ikkiqat boʻlganida yuziga Xudoning arshidan bir nur inadi deyishadi, dedi ona. Yuz-koʻzingdan nur yogʻilib turibdi-ya, bolam. Qarab tursam, koʻzimga oʻtday koʻrinib ketyapsan. Iloyo shu nurdan benasib qilmasin Xudoyim.

U gʻalati yogʻduni Raʼnoning oʻzi ham sezardi. Chunki qalbi bemisl bir saodat-la limmo-lim toʻlgan, nuqul baxt ichida yashayotganday sezardi oʻzini.

Qaynona “bizlar sizdaqaligimizda tinim bilmasdik. Urining-tirishing, hech narsa qilmaydi”, deyishiga qaramay, avvaliga aytganlarini bajarib yurdi, keyin esa, qorni bir-ikki pastga tortib ogʻriganida bas qildi.

“Sening dunyoga kelishing oldida u ishlar nima boʻpti, bolajonim”, dedi xayolan bolasiga. “Seni oʻylasam, oʻzimning borligʻim esimdan chiqib ketadi-yu? Vujudimning ichida pitirlashingni, qimirlashingni sezsam, koʻzimga dunyo charogʻon boʻladi. Yurganimniyam, turganimniyam bilmayman, goʻyo es-hushimdan ayrilgandayman”.

“Qiz tushmagur, boʻyingda boʻldingu shunaqa ochilib ketding-ki, – der edi ona. – Ishqilib, iloyim koʻz tegmasin, koʻylagingga koʻzmunchoq taqib yur”.

 

* * *

Raʼno pahlavonday oʻgʻil tugʻdi.

Toʻlgʻoqning qanaqa qattiq azob ekanini oʻshanda bildi. Butun vujudi ixtiyoridan tashqari, oʻz-oʻzidan tirishib, qornidagi chaqaloqni dunyoga keltirishga urinar edi. U kuchli ogʻriq aro suyaklarining surilayotganini ham bildi. Yetmish ikki tomiriyu oltmish olti soʻngagining bari gʻayriixtiyoriy harakatga keldi, Raʼno oʻlim nafasini yaqindan sezdi.

Ajabki, chaqaloqni olib kelib berganlarida hammasi esidan chiqib ketdi. Azob-ku esida, ammo azob hissiyoti unutildi.

Ism tanlashga koʻp ikkilandilar

“Vaqtidan biroz oʻtib tugʻildi, Keldivoy deb ot qoʻyaqolaylik”, dedi eri.

“Yoʻq”, dedi Raʼno, keskin.

Umuman, qishloqda ism qoʻyishning oʻziga xos rasm-rusumlari boriydi.

Masalan, Keldivoy degan ism bir oila uzoq vaqt farzand koʻrmay yurib, keyin bolali boʻlganida qoʻyiladi. Ismlarga qarab, u oilaning farzand ehtiyojmandligini bilib olsa boʻladi.

Juman yoki Jumavoy – juma kuni tugʻilgan bola.

Ona qornida yigʻlagan chaqaloqqa Mashrab deydilar.

Turgʻun – shu joʻjiq hayotda muqim qolsin, turgʻun boʻlsin.

Sotvoldi – goʻyo “sotib olinadi”, yaʼni qoʻshnilardan yoki qarindoshlardan birining bolasiday qilib, ayolning etagiga bir yumalatib olinadi, keyin oʻz onasi bolasini maʼlum haq evaziga “sotib” oladi.

Toʻxtasin – bir oilaning tugʻilayotgan farzandlari birin-ketin vafot etaversa, shunday ism beriladi, yaʼni toʻxtab qolsin, ketmasin degan maʼnoda.

Xudoybergan – bu ismda ham maʼlum istaklar bor. Farzandsiz oilalar qoʻyadilar bu ismni.

Xoli bilan tugʻilgan bolaga Xolmuhammad, Xolniso, Xoldorali, safarda tugʻilsa Safarali, nori boʻlsa Normuhammad, Anorxon, sunnati bilan dunyoga kelsa Sunnatvoy deydilar.

Aytilgan barcha ismlar Raʼnoga xunukday, bolasiga yarashmaydiganday tuyular, juda chiroyli, boʻy-bastiga mos ism tanlagisi kelar, ammo unaqa ism topolmas edi.

Nihoyat, Davlat deya ism qoʻydilar.

 

Beshinchi qism

 

Shu qishloqning shamol esadigan tomonida eski bir kulbada yashovchi qora yuzli bir sulloh odam ham bor edi.

U odamning yurgan yoʻllarida oʻt-oʻlanlar soʻlib, jizgʻinagi chiqib qorayar, hasharotlar nobud boʻlar, ariqdan suv ichsa ifloslanar, qoʻli tekkan mevalarning suvi taxir boʻlib qolar, shu qismatidan yanib-yanib yuradigan ozorli bir kishi edi.

Kulbasi zax, tevaragini zamburugʻlar va tushunarsiz oqish nimjon oʻtlar qoplagan, kulba devorlari ostidan shoʻra va ajriqlar boʻy choʻzgan, tomorqasi qarovsiz, burganu shoʻralar, supurgilar betartib oʻsib yotardi.

Ana shu kishi Raʼnoga gʻalati-gʻalati qarashlar qilar edi.

Qishloqda odam koʻp, hamma oʻz tashvishi bilan ovora. Bolasini koʻtarib Raʼno damchi xotinnikiga borishga majbur, yoʻl esa oʻsha kulba yonidan oʻtadi. U odam choponini yelvagay tashlab, tob tashlagan eshigi yoniga chiqadi, Raʼnoning kelishidan ketishigacha qattiq tikilib turadi. To muyulishga yetgunicha ortidan oʻsha boʻlmagʻur nigohni sezib boradi, muyulishdan qayrilgachgina yelkasidan togʻ agʻdarilganday yengil nafas oladi.

“Xudoga shukur, oʻtib oldik”, deydi bolasiga.

U odamning esa hech kimi yoʻq. Qishloqdagi hammaning yaqini, qarindosh-urugʻi bor. Odamlar urugʻining koʻpligi bilan maqtanishadi. Uning esa hech kimi yoʻq. Raʼno u haqda birovdan soʻragani ham or qiladi.

Farzand koʻrgach, Raʼno haqiqatan ham gul-gul ochildi. Qizlik goʻzalligi bu tarovat oldida hech nima boʻlmay qoldi. Gul edi, Xudoning qudrati bilan oqi oqqa, qizili qizilga ajraldi. Chechak edi, barq urib ochildi. Bulut edi, yomgʻirini ayamay toʻkdi. Quyosh edi, harorat-la porladi. Oy edi, toʻlishdi. Kecha edi, bagʻri yulduzga toʻldi. Qush edi, joʻshib-joʻshib sayradi. Zilol edi, sharqirab chunon oqdi…

Bolani beshikka boyladilar. Raʼnoning yuragi ezildi. Bolasini beshikka boylagisi kelmadi. Qaynona “Siz nimani bilardingiz” deya, beshikdan alas-alas qilib yomon narsalarni haydadi, qovuzini toʻshadi, tuvagini qoʻydi, ilikbogʻi bilan oyoqchalarini, qoʻlbogʻi bilan qoʻlchalarini mahkam sarib, gavrapoʻshini yopdi. Bolachasi oyoqlarini qimirlatgisi keldi, qimirlatolmadi. Qoʻlchalarini oʻynatgisi keldi, oʻynatolmadi. Nima boʻlganiga tushunolmasdan qop-qora koʻzchalarini onasiga tikdi, ozorlanib yigʻlamoqchi boʻldi. Shunda qaynona beshikni u yoq-bu yoqqa doʻpirlatib tebratib, alla aytmoqqa boshladi. Bolasining boshi chayqaldi, u chayqalishlar lohas qildi, qaynonaning ovoziga qoʻshilib charchatdi.

“Beshik boʻlmay oʻl” dedi Raʼno, qaynona chiqib ketishi bilan bolasini darhol yechib olib, bagʻriga bosarkan. Kelaqol, jonim bolam, qoʻlchalaringni, oyoqchalaringni oʻynataqol. Oʻlsin enang ham, dedi yozgʻirib. Seni boylamoqchi boʻldimi?

Seni devlarga boylatmagan, jinlarga boylatmagan, enangga boylatib qoʻyarmidim?

Raʼno bolasiga oʻzi bilgan hamma ertaklariniyu dostonlarini aytib berdi. Uch oylik bola ularni tushunarmidi? Lekin tushunishiga Raʼnoning ishonchi komil edi. Ammo sal oʻtmay kichkina koʻzchalari yumilib-yumilib, mitti kiprikchalari pirpirab-pirpirab uxlab qolganida suyib-suyib olar va shu suyim oromi aro oʻzi ham uxlab qolardi.

Raʼno unga Alpomishni aytdi, ammo “Alpomish kim boʻpti sening oldingda?” dedi. Nazarida, bolasi Alpomishdan ham kelbatli va haybatli bir bahodir boʻlib ulgʻayadiganday edi.

Unga Rustami dostonni aytdi, aqlli boʻlsin deya Ravshan dostonni aytdi, kulsin deya yetti ahmoqni aytdi, mehri toshsin deya Gulinigorni aytdi. Layli-Majnunni, Yusuf va Zulayhoni, Yozi bilan Zeboni… neki bilsa, barini aytdi. Faqat bilmagan joylarini oʻzidan qoʻshib-chatib, toʻqib aytdi, shuning uchun dostonlarning mazmuni oʻzgardi, ularning barida bolakay bir kuni oʻsib-ulgʻayib, haqiqiy bahodirga aylanar, yomonlarning jazosini berar va yaxshilarga koʻmaklashar, doston soʻnggida esa ota-onasi bilan birga baxtli-saodatli hayot kechirar edi.

Oʻzining toʻy boʻlganlarini ham aytdi.

Men ham bir mahallar senday gul edim, dedi. Kun keldi, boʻy yetib, turmushga chiqdim. Otang bilan bir chiroyli kelin-kuyov boʻldik, hamma esi ogʻib, havaslanib-havaslanib qaradi. Men soy chumchugʻi boʻlib, soylarga qarab uchdim, otang togʻ kaptari boʻlib ortimdan quvdi. Men tezuchar lochin boʻlib changal solsam, u mergan ovchi boʻlib otib oldi. Men bogʻda anor boʻlib qizarib pishib tursam, u bogʻbon boʻlib bittalab uzdi. Bogʻda uzum boʻlib sargʻayib yetilsam, sariq ari boʻlib uchib keldi. Men bogʻda gulnor boʻlib ochilsam, u bulbuligoʻyo boʻlib sayrab shoximga qoʻndi… dedi toʻyni eslab.

Hamma-hammasini mana shu murgʻak goʻdakkinaga aytib berdi. Ariq boʻyida chopganlariniyu behining mazasigacha aytdi. “Bolajon, bir nimani bilmasang, mendan soʻragin-a”, dedi. Yaqin orada alpang-talpang yura boshlaysan, shunda jon halpida orqangdan choparman? Sen koʻp narsani bilmaysan-ku, hovlida oʻynab yursang, ari chaqib olmasin deya xavotirlanib, quvib ham yurarman?

 

* * *

Qaynona zorilladi.

– Kelin degan oʻtiravermaydi bolaga qarab. Chiqib ishingizni qilsangiz boʻlmaydimi? Biz ham bola tuqqanmiz, nechtasini katta qilganmiz, ishimiz oʻlda-joʻlda qolib ketmagan.

Raʼno uning koʻnglini olishga chandon urindi, qaynona sira tinchimadi. Oʻtirsa oʻpoq, tursa soʻpoq deyaverdi.

– Hoy, qoʻysang-chi, – dedi qaynota.

Qaynona uniyam jerkib tashladi.

Shunda eri oraga kirdi.

– Nima deysan, ona? – dedi jahli chiqib. – Qoʻli olti, oyogʻi yetti boʻlib xizmatingni qilyapti-ku?

– Sigirga suv bermapti, – dedi qaynona. – Shu yoshga kirib onam suv tashisin desang, oʻl sen ham.

– Oʻzim tashiyman sigiringga suvni, – dedi er.

– Erkak boʻlmay qol, endi sigirga qarab yursang, – dedi qaynona. – Erkak degan koʻchadan rizq tashib keladi, uyda nima bor ekan?

– Unaqa dema, ona, – dedi oʻgʻil. – Jonimni ikki tomonida ikkalang turibsan. Bir qoʻlimni tishlasam, boshqasi ogʻrisa? Axir, tushungin-da, ona. U boshimni ustida boʻlsa, sen koʻzimni ustida. Sen norozi boʻlsang koʻzim ogʻriydi, u xafa boʻlsa boshim.

Qaynona toʻngʻillab-toʻngʻillab nari ketdi.

Shunda Raʼno er kishining nima uchun ustun ekanini tushunganday boʻldi. Erning erligi kelbatida, kuch-quvvatida emas ekan, deb oʻyladi. Erni er qiladigan adolati ekan. Ichida eridan minnatdor boʻldi, birdaniga yaxshi koʻrdi. Undan faxrlandi, bolajonim, boshqalarning otasi sirayam bunaqa emas, xudoyim ikkovimizning boshimizga baxt qushini qoʻndirdi, deya sevindi. Bola toʻshagi ustida chiroyli koʻzchalarini unga tikib, bir nimalar deb chugʻurlar edi.

“Qara-ya, qanday otang bor”, dedi sevinib.

Nazarida, eri boshqa qiyofa oldi. Haybati oshdi, uyini toʻldirdi.

“Sen sabr qiptur, uylarni top-toza qilay”, dedi.

Bola qoʻl-oyoqchalarini oʻynatib chugʻurlab yotaverdi. Raʼno hammayoqni qaytadan tartibga keltirdi, yangi toʻshaklardan soldi, oʻziga oro berdi, koʻrpa qatiga yashirib qoʻygan atirdan sepdi.

Bir qarasa, oʻgʻlon yangi atlas toʻshaklarga chuvillatib siyib qoʻyipti.

Oʻrgilay bolajonimdan-a, dedi mehri tovlanib.

 

* * *

“Roʻzgʻor yupun, yeb yotaversangiz togʻ ham chidamaydi, – dedi qaynona. – Hammaning keliniyu qizi dalaga oʻtoqqa chiqadi, yer chopadi, mehnat qiladi. Biz ham shunaqa edik, mehnat oʻldirmagan odamni”.

“Yegan nonimni minnat qilyaptimi? – dedi ogʻrinib Raʼno. – Yarimta non yeymanmi-yoʻqmi? Eshigida bitta xizmatkori boʻlsayam mendan koʻra koʻproq non yeydi”.

“Jon bolam, sabr qil, – dedi onaizori. – Otang bilmasin, koʻnaqol. Ular ham tuppa-tuzuk odam, hali oldinda qancha tashvishi bor, shunga kuyinadi-da, seni yomon koʻrarmidi? Joningni jinday koyitsang, bir nima boʻlib qolmaysan, koʻnaqol, bolam”.

“Xoʻp”, dedi.

Ketmonini koʻtarib dalaga chiqdi. Qarasa, oʻzi singarilar koʻp ekan. Hamma boshigayu ogʻziga oq roʻmol oʻrab olgan. Oyogʻiga etik kiydi, ogʻiz-burnini roʻmol bilan boyladi. Pahlavonini ikki tol orasidagi belanchakka yotqizdi, yaxshilab emizdi. Shu yerdagi barvasta semiz xotinga “bolamga yaxshilab qarang, opajon, oyligim chiqsa, sizga yangi roʻmol olib beraman”, deya yalindi. Ortiga qaray-qaray, chopiqqa yoʻl oldi.

Dalaning tuprogʻi och kulrang, kesaklari koʻp ekan. Oʻzi oʻrgangan ish emasmi, qiynalmadi. Issiq kuchayaverdi. Dala ustida qaldirgʻochlar aylana-aylana uchdi. Ancha-muncha xotin shu tariqa chopiq qilar edilar. Quyosh tikkaga kelay deganida koʻkragi iyidi. Qarasa, koʻylagining burmasi sutdan jiqqa hoʻl boʻlibdi.

Ishini tashlab, ortiga yurdi.

Oʻsha yerda hisobchi aylanib yurgan ekan. U oʻsha, Raʼno damchi kampirnikiga qatnaganida yomon-yomon qaragan qora yuzli kishi boʻlib chiqdi.

– Ha, qayoqqa? – dedi, bemaʼni iljayib.

– Bolam ochqab ketdi, – dedi Raʼno, qovogʻini solib.

– Hammaniyam bolasi ochqagan, – dedi hisobchi. – Qani, orqangga qaytib, ishingni qil-chi.

– Sen kim boʻlibsan? – dedi Raʼno, birdaniga burgutday qanot yoyib. – Bolam ochqadi demadimmi senga? Qoch yoʻlimdan, yoʻqsa hozir ketmon bilan chopib tashlayman!

Hisobchi uning vajohatidan hayiqdi. Tavba, bu xotin jinnimi deya osmonga angrayib, bulutlarni tomosha qilayotganga soldi oʻzini.

Raʼno chopa-chopa shiyponga bordi.

Uzoqdanoq, goʻdaklarning yigʻisi orasidan bolasining yigʻisini tanidi.

Shiypon tollari ostida u barvasta xotin koʻrinmaydi. Belanchakka yaqin shoxchalarga qora qushlar qoʻnib, chagʻillab sayrashyapti. Bola qoʻrqibdi. Bolani qarovsiz qoldirsang, mayna kelib koʻzini choʻqib oladi degan gap esiga tushdi-yu, “Voy oʻlmasam”, deb yelday uchdi. Shosha-pisha bolasini belanchakdan yechib oldi. Tagini hoʻl qilib qoʻyibdi, oyoqchalari qiyilib ketibdi. Bola onasini tanib, battar yigʻlab talpindi, Raʼno unga koʻkrak tutdi-da, ichidagi toʻfon kabi chirpirak qilayotgan tashvish, xavotir, yana allanimalarning bari erib yoʻqolgani, yana shu ajoyib oromga erishganidan koʻngli toʻlib, piqillab yigʻlab yubordi.

Bola toʻydi. Raʼno uni belanchagiga yotqizib, chirillab yigʻlayotgan boshqa bolani qoʻliga oldi. Bir qoʻliga unisini, bir qoʻliga bunisini. Ikkoviga ham koʻkrak tutdi. Ochqagan bolalar begonasirashmadi, miq-miq emib olishdi.

Shu mahal bogʻcha xotin kelib qoldi.

– Voy, Raʼno qiz, xafa boʻlma, – dedi. – Qaynonam oʻsal yotuvdi, yugurib borib koʻrib kelaqolay debman-a, attang!

– Bu bolalar endi seniyam bolang boʻldi, – dedi kulib. – Yaxshiyam kelibman, yoʻqsa hamma bolalarni oʻzingniki qilib olarkansan!

Hisobchi yana keldi.

– Oʻtiraverasanmi, emizishni bahona qilib? – dedi. – Tur, chopigʻingni qil!

“Shiyponing ham, chopigʻing ham boshingda qolsin”, dedi Raʼno. Tugunini qoʻliga oldi, ketmonini yelkaga, bolasini bagʻriga bosdi.

“Ishing ham, oyliging ham boshingda qolsin”, deya qargʻadi u hisobchini.

“Bolamga qaramagan koʻzlaring oqib tushsin”, deya qargʻadi barvasta bogʻcha xotinni.

“Hammang doʻzaxda kuyib kul boʻlgin”, deya qargʻadi bolasini qoʻrqitgan qushlarni.

Shu ketishda uyiga kirib bordi. Ichkariga kirib, toʻyib-toʻyib yigʻladi. Keyin erining kelishini kutdi. Eri kelsa hamma gapni aytib beraman, meni tushunadi deb intizor boʻldi. Tiq etsa tashqariga qaradi.

Er keldi. Aytadigan gaplari juda koʻp edi. Lekin tiliga kelmadi.

– Ha, qaytib kepqopsan? – deb soʻradi eri.

– Bolangiz ochqab ketdi, dala boʻlmas ekan, – dedi.

– Ochqasa emiz-da, – dedi er.

Tushuntirolmadim deb oʻyladi u, ammo eridan xafa boʻlmadi. Tushuntirolmagach, nimasidan xafa boʻladi? Xudo emaski, hamma narsani bilib tursa? Yoʻrigʻi bilan tushuntirarman dedi, bolasini uxlatib hovliga chiqarkan.

– Ha, qaytib kepsiz? – dedi qaynona, boʻzarib.

– Mazam boʻlmadi, – dedi Raʼno gapirgisi kelmay.

– Bahona qiladi-ya, hamma narsa bitta oʻzimga. Qirqta jonim bormidi, bola emas, tosh tugʻsam boʻlmasmidi? – deya, qaynona ota yotgan uyga kirib ketdi. U yerda ham bir nimalar der edi, ammo gaplarini tushunib boʻlmasdi.

 

* * *

Amakilaru togʻalar ahyon-ahyondagina yoʻqlab kelishar, ammo qizlik uyiga tez-tez kelishlarini, ota-onasidan uni soʻrab turishlarini bilar edi Raʼno. Sababi, qiz tomondan har kim hadeb kelaversa, gap-soʻz chiqmasin deyishsa kerak, deb oʻyladi u. Lekin kelinlik xonadoni oʻz yigʻin-marosimlariga albatta ularni ham aytishar, hammalarining izzat-ikromini joyiga qoʻyishar edi.

Roʻzgʻorning ishlari asta-sekin Raʼnoning qoʻliga oʻta bordi.

– Erkakning rizqi koʻchada, – der edi onaizori. – Xotinning ishi uyda. Ostonadan bu yogʻi seniki, bolam. Har narsaga sen javobgarsan. Otang bir mahallar bir gap aytgan edi. Burgutning erkagi ovlashni bilarkan-u, ammo ovini maydalashni bilmas ekan. Oʻshanchun ham nar burgut oʻljani keltirib iniga tashlarkan, modasi esa boʻlaklab, palaponlariga tutarkan. Xudoyim hamma narsani odam ibrat olsin deb yaratib qoʻygan, qarab oʻzing fikr qilib olaverasan.

– Er kishi doim xotiniga muhtoj boʻladi, – dedi yana. – Oilam, bolam-chaqam deb chekkan zahmatlarini bilishingni istaydi. Umr bepoyon, rizqu roʻzgʻor degan tashvish betinim davom etyapti. Shu urinishlar aro eringga ikki ogʻiz yaxshi gap gapirishni ham bilishing kerak. Shu boʻlmasa, roʻzgʻoring ikki boʻlmaydi, shu ishlab dasturxoningga rizq tashib keladi, ustingni butlaydi, uyingni tuzatadi. Mahalla-koʻyda birov seni soʻrasa, falonchining ayoli deyishadi, oʻz ismingni aytishmaydi-ku? Erga tekkuncha sen otangning soyasida, falonchining qizi eding, endi esa eringni soyasidasan. Mehnatini eʼtirof qilsang, u ruhlanadi, oilam, qadrimni hech kim bilmasayam bola-chaqam biladi, deb xursand boʻladi. Bularga oʻzingniyam aqling yetib qolgandir, yosh bola emassan-ku? Xotin oqila boʻlsa, roʻzgʻor but, beaql boʻlsa, roʻzgʻor nobud boʻladi.

Shu oʻtgan ikki yil ichida ona yanada kichraygan, ozgʻinlashib, ushoqdekkina boʻlib qolgan edi. Goho non yopsa, qatlama-somsa pishirsa yo biror meva pishib yetilsa, koʻtarib kelib qolardi. Gohida esa besh-oltita tuxum ham olib kelardi.

– Nima qilardingiz ovora boʻlib?

– Quruq kelmayin dedim-da, qizim. Uy tovugʻining tuxumi bolangga juda foyda.

Undan-bundan gaplashib oʻtirishardi. Raʼno meva, qatlama, tuxum kabilar bari bahona ekanini, aslida onaizor bolasini sogʻinganini bilib turardi. Lekin onaizor buni sezdirmaslikka urinardi.

Bir kuni Raʼno shuni soʻrab koʻrdi.

– Voy, ha, sogʻinaman-da, ichimdan uzilib tushgan parchamsan-ku, – dedi ona. – Ammo seniyam mehring kuchayib, uyga tez-tez qatnab qolishingdan qoʻrqaman. Bir koʻchatni boshqa yerga oʻtqazsang, tutib ketishi uchun qancha narsa kerak? Endi seni uying shu, qarindoshlaring ham shular, shu sabab ham koʻpam talpinavermagin deyman-da, – deb javob qildi ona.

– Voy, xoʻ-oʻp, bormayman, – dedi Raʼno, onasidan arazlab.

 

* * *

Oradan bir hafta chamasi oʻtar-oʻtmas, qaynota vafot etdi.

Tong sahar edi. Qaynota-qaynona yotadigan uydan “Voydod”, degan faryod chiqdi. Raʼno sakrab turib ketdi. Er uxlab yotar edi. “Ey, turing, bir nima boʻldi”, dedi sarosima ichida, qattiq shivirlab. Shu mahal takror faryod ovozi erining qulogʻiga kirib, sapchib turdi-da, oʻsha tomon yugurdi. Raʼno ham uning ortidan oyoqyalang chopdi.

– Voy bola-am, otang ketib qoldi, – deya baqirib yigʻlardi qaynona, gandiraklab, ustunlarni ushlab-ushlab hovliga chiqib kelarkan. – Otang oʻtib qoldi-ku, jon bolam!

Er ham, Raʼno ham nima qilarini bilmay dovdirab turar edilar. Ajabki, yigʻi kelmas edi.

Er uyga kirdiyu oʻsha zahoti qaytib chiqdi. Rangi boʻzarib ketgan, nigohi tentirar edi.

– Chop, qoʻni-qoʻshnini chaqir, – der edi ona. – Odamlarga ayt, otam oʻtib qoldi de, bolajonim!

Er onasiga esipastlarga oʻxshab qarab turarkan, iyaklari qaltirar edi.

– Toʻxta! – dedi shunda qaynona, toʻsatdan ilgari koʻrilmagan bir qatʼiyat bilan. Ovozi ham qatʼiy chiqdi. – Oʻzingni bosib ol! Borib qoʻshnilarga ayt, odamlarga xabar berishsin. Keyin tezda qayt!

Er otilib koʻchaga chiqib ketdi.

– Yuring, qizim, – dedi qaynona.

Raʼno nima qilarini bilmay, unga ergashdi.

– Hay otasi-ya, – der edi qaynona. – Indamay ketaverdingiz-a? Rozi-rizolik ham soʻramadingiz-a? Ketaverdingiz-a shunaqa qilib, otasi?

Shunda Raʼno qaynotasining koʻzi ochiq, iyagi osilib qolganini koʻrdi. Qaynona qoziqdan oq roʻmolcha olib iyagini tortib bogʻladi, kafti bilan qovogʻining ustini silagan edi, koʻzi yumildi.

– Kelinjon, – dedi yana yigʻlab. – Bir boʻlak toza oq mato yirtib oling, boshmaldogʻini ham boylaylik.

Raʼno shunday qildi, ammo yaqinlashishga yuragi dov bermadi. Qaynona mayitning oyoqlarini ham boylayotgani on er-xotin yon qoʻshnilar kirib kelishdi.

– Voy oʻlay, – der edi qoʻshni xotin, talmovsirab. – Voy oʻlay, kechagina yuruvdi-yu?

– Boʻldi, xotinlar, chiqinglar, – dedi qoʻshnining eri, yoʻgʻon ovozda. – Mahtal qilmanglar, sarpo-surugʻini tayyorlayveringlar.

– Malohat, Sabohat, tezda hovli-koʻchani supuringlar, – dedi qoʻshni xotin qizlariga.

Birpasda ancha xalq yigʻildi, shuncha odam qaydan yetib kelganiga aql bovar qilmas edi. Xotinlar yana yigʻi chiqarishdi, uzatilib ketgan qizlar ham kirib kelishdi, biri oʻzini tashlab yubordi, hovliga oq mato tutilib, erkaklar va xotinlar orasi ayrildi.

– Kelin, eringizga oborib bering, toʻnini, doʻppisini kiyib, belbogʻini boylab olsin, – dedi qaynona.

Raʼno ichkari uydan yangi toʻn, doʻppi, belbogʻ olib chiqdi. Er xotinini koʻrib, yana hoʻngrab yigʻlab yubordi, Raʼno: “Boʻldi-boʻldi, oʻzingizni bosing”, deya qoʻlidagilarni unga kiydirdi, belbogʻini mahkam bogʻladi, keyin yana iziga qaytdi.

Qaynona sandiqdan oq surup, yangi banoras toʻn, doʻppi oldi.

– U yoqqa endi oʻzingiz qaraysiz, qizim, – dedi. – Bularni gʻassolga berishsin. Toʻnini, belbogʻini tobut ustiga yopishsin. Manavinisi kafanligi, mana bu ip oʻrami bilan tikishsin, bu – zamzam suviga botirib olingan ip, farishtalar savob aytib turishadi.

Tong yorishib ulgurmagan payt edi.

Hali Raʼnoning boshiga musibat tushmagan edi. Toʻsatdan roʻy bergan bu hodisa hammani dovdiratib qoʻydi. Qaylardadir sokin hayot davom etayotganiga aql bovar qilmasdi. Hayal oʻtmay qarindosh-urugʻlar ham yetib kelishdi, ular ham toʻn kiyib olishgan, eshikdan erkagu ayol baqirib yigʻlab kirib kelar edi. Erkaklar darvoza oldida bir-birini quchoqlashib yigʻlashar, shuncha erkakning yigʻisini ilk bora koʻrmoqda edi Raʼno. Ayollarning chuvvos solishlari yurakni ezardi. Mana shu ulkan musibat qalbiga kirib bordi-da, oʻzi ham sezmagan holda yigʻlab yubordi. Yigʻi ich-ichidan toshib kelardi, marsiya kelardi, gʻussa va gʻam kelardi.

Gʻassol ishini tugatgach, janoza eʼlon qilindi. Tobut derazadan chiqarilib, hovli sahniga qoʻyildi. Erkaklar saf tortishdi. Xotinlarga kimdir “janoza oʻqiladi” degach, yigʻi-sigʻi birin-ketin tindi, ammo kimdir hanuz piqillab yigʻlardi. Imom bu dunyoga kelish ham, ketish ham haqligini, qolganlar ketganlarni yod etib turishi shartligini aytib, endi ismi-rasmini bajarib qoʻysak, marhumning oʻgʻli mana shu, ayting-chi, otangizning qarzlari boʻlsa, zimmangizga oldingizmi, deb soʻradi. Oʻgʻil boʻgʻiq ovozda “Ha” degach, marhumdan qarzi borlar shu yigitga uchrashsin, eshitganlar eshitmaganlarga xabar bersin deyilib, namoz oʻqildi.

– Qani, koʻtaringlar, – degan oʻktam ovoz keldi keyin.

Qolgani juda tez roʻy berdi. Kishilar tobutni qoʻlma-qoʻl koʻtarib olib chiqib keta boshladilar. Hamma qiy-chuv koʻtarib yubordi, Raʼno shu izdihom orasida erini koʻrib qoldi, kimdir uchiga oq latta boylangan hassa tutqazib qoʻyibdi.

Bir odam bor edi, yoʻq boʻldi.

Boyagina shu uyda beozor uxlab yotgan edi. Ikki-uch soat oʻtar-oʻtmas koʻmgani olib ketishdi. Bu ishning juda tez roʻy bergani va shiddati aqlni shoshirardi.

Raʼno ham hamma qatori koʻk kiydi, roʻmol oʻradi. Elning odati shu edi, yaqinlardan kimdir olamdan oʻtsa, koʻk kiyilar, toʻy-marosimlarga borilmas, bir yilgacha koʻkdan chiqilmas edi. Qoʻni-qoʻshni osh-ovqat pishirib, paqirlarda chiqarib turishdi, kimlardir choy damlab keldi. Musibatdagi kishilarning tomogʻidan ovqat oʻtarmidi? Qishloqning shaddod-shaddod xotinlari azadorlarga qattiq-qattiq gapirishib, ovqat yedirishdi.

 

* * *

Oradan yil oʻtdi.

Yozning issiq kuni edi. Er koʻchadan hovliqib kirib keldi-da:

– Odamlarga yer boʻlib beryapti ekan, – dedi oʻzida yoʻq sevinib. Yuz-koʻzi kular edi.

– Qanaqa yer? – deya soʻradi Raʼno, tushunmasdan.

– Chopiqqa chiqqan dalalaring bor-ku, oʻshalarni oʻlchab, xalqqa tomorqa qilib beryapti ekan. Bizga ham bor ekan.

– Voy, – dedi Raʼno, xursand boʻlib. – Rostdanmi?

Kichkina shu qishloq toʻs-toʻpolon boʻlib ketdi. Farzandi koʻp, katta oilalar bor edi. Xonadonda necha oila borligiga qarab yer berarmish, degan gap chiqdi.

– Ana, – dedi qoniqish bilan eri. – Odam yer bilan tirik-da.

– U yerni birov tortib olib qoʻymasmikin? – deb soʻradi Raʼno xavotir olib.

– Yoʻgʻ-e, hammaga beryapti-ku? – dedi eri. – Birov bir tiyin soʻramayapti ham.

Ertasiga yerni koʻrgani bordilar. Qarasa, rostdan ham oʻsha, oʻzi ishlagan joylar. Bepoyon dala chetida tutlar qatorlashib, shabadada shovullab turibdi. Eri qoziq qoqilgan joylarni aylanib chiqdi.

– Suvi yaxshi ekan, – dedi keyin. – Xudoning bergani shu-da. Yer odamni boqadi, u-bu ekib bozorga opchiqib sotsang, oʻh-hoʻ, qancha pul boʻladi. Kambagʻalni yelkasiga oftob tegdi, desang-chi.

– Mehnatdan odam qocharmidi, – dedi Raʼno. – Ishqilib, qaytarib olib qoʻymasa, bas.

– Olib qoʻymas, – dedi eri ham.

Yer tepasida ancha oʻtirishdi. Eri oʻzicha bir nimalarni rejalashtirib, goh u yoqqa, goh bu yoqqa oʻtib razm solar, tuproqni qoʻliga olib, maydalab ezib koʻrar edi.

– Uyda, tomorqa adogʻida teraklar yetilib qolgan, – dedi keyin. – Bu yerga ham aylantirib eksak, besh-olti yilda sinchga yarab qoladi, ham chegara boʻpturadi. Manavi tomoniga bir uy-bir oshxona qilib imorat solsak, oʻgʻlingga uy ham tayyor-da. Guvalak bilan aylantirib devor urib chiqish kerak. Uch-toʻrt kunda bu yerlar qaynab-toshib ketadi hali, – dedi keyin.

Kech kirganda uyga qaytdilar. Ikkovlon ham xursand edilar.

Odamlar ham xursand edi. Hamma yoqda shu gap-soʻz: kimga qayerdan tomorqa tegdi, suvi qanaqa, tuprogʻi qanaqamish, qoʻshnisi kimmish… Bir-ikki kishi norozi boʻlib, menga etakdan yo ichkaridan tegdi degan ekan, odamlar malomat qilib tashlashibdi. “Hoy, yer yoʻq edi, osmondan tushganday ega boʻlib qolding, xudo deb oʻtirmaysanmi?” desalar, oʻsha zahoti ularning uni oʻchib ketardi.

* * *

 

Bir ish ikki boʻldi. Endi er-xotin ham oʻz uylarida, ham yangi tomorqada mehnat qilar edilar.

Yangi tomorqaning tuprogʻi hosildor chiqdi.

Tepa-quyi qishloqlardan biror insofsiz kelib oʻgʻirlab ketmasin, deya atrofini omonat qoʻra bilan oʻrab, bugʻdoy sochdilar. Tegrasiga aylantirib mosh, loviya, makka va joʻxori ekishdi. Shoyon mehr bilan qarashdi, Raʼno suv yoʻliga tushgan kesaklarni qoʻli bilan olib tashladi. Terakning yosh shoxlarini sindirib kelib, kecha suv qoʻyilgan aylana joʻyakka qatorasiga suqib chiqishdi. Ajab, hammasi bir tekis yam-yashil nozik yaproqcha chiqarib, keyin birdaniga gurkirab oʻsdi.

Davlatbekning moʻylovi chiqdi, sabza urdi, oʻtday, quyunday, shamolday bola boʻldi. Qoʻliga xivchin olib, oʻt-oʻlanlarning boshini tanasidan judo qilib oʻtib ketadigan odat chiqardi.

– Unaqa qilmagin, jon bolam, – derdi Raʼno. – Uniyam joni bor, xudo deydi-ya.

– Oʻtda jon nima qilsin?

– Uyam moʻmin-musulmon bir narsa, – dedi Raʼno. – Joni boʻlmasa oʻsarmidi?

Eri oʻgʻlini yoniga olib birga ter toʻkar ekan, zuryodiga hamma narsani birin-ketin tushuntirardi. Ularga qarab turib, otasi bilan koʻchat qadaganlari, hosil oʻrganlari kelardi Raʼnoning esiga.

Mosh moʻl-koʻl yetildi. Loviya qoʻzoqlari boʻliqligidan yorilib-yorilib ketdi. Makkalar uzun-uzun, toʻliq-toʻliq soʻta soldi. Joʻxorilarining har biri qovunday-qovunday bosh tugdi.

Hosilga chumchuqlar galasi yopirildi.

Eri qaydandir uzun yaltiroq tasmalar topib keldi. Ekinzor ustiga uzunasiga boyladilar. Sal shabadada tasmalar quyoshda yiltirasa, qushlar choʻchib qochar edi.

Er uydagi uzum shoxchalaridan kesib olib, teraklar ostiga qadab chiqdi. Oʻzini sal tutib olsa bas, teraklarga chirmashib oʻsaveradi, dedi qoniqish bilan. Yanagi yil ular ham bexato tutib ketdi. Husayni, chillaki, qora charos va toshyumaloq degan toʻrt xil nav edi.

Uch-toʻrt yilda hosilga kirib qoladi, dedi er.

U yoqlarga oqma gaz bormagan edi. Er-xotin loydan va kesakdan oʻchoq qurishdi, loy bilan yaxshilab suvashdi. Shabada gʻirillab esadigan ajoyib yer boʻldi-ya, dedi Raʼno. Eski qumgʻonni, qozonni olib kelishdi. Shu yerda ishlashdi, shu yerda choy qaynatib, shu yerda ovqat pishirishdi.

– Bir tandir qurib bersangiz, non ham yopaman, – dedi Raʼno.

Qizchasi talpanglab kesaklar oralab yurdi. Qushlarga angrayib qaradi. Ariq suvini sochib-sochib oʻynadi. Oʻtlar orasidagi kapalaklarni quvdi. Yer arisi chaqib olganida chirillab yigʻladi. Raʼno u qizchada oʻzining bolaligini koʻrdi.

Erta kuzda er oʻz hovli-tomorqasidagi teraklarni qoʻni-qoʻshnilar bilan birgalashib kesdi. Shoxlarini butab-saranjomlab, quritgani bosib qoʻyishdi. Keyin oʻgʻli bilan egik oʻroq olib, poʻstlogʻini shilishdi. Terakning poʻstlogʻi zaif boʻladi, uchidan tortilsa, ancha joygacha koʻchadi. Poʻstloq nam, suvli edi. Shilib olingan oppoq terak yogʻochlarini yerga koʻndalang tashlangan eski xodalar ustiga quritgani qoʻyishdi.

Ostidan havo oʻtib tursa bir tekis quriydi, tob tashlamaydi, dedi er.

Yanagi yili tomorqamizga bir uy-bir dahliz koʻtaramiz, oʻshanda tandir ham qurib beraman, deya vaʼda qildi er.

Hosil yetildi. Raʼno hosilni alqab-alqab, maqtab-maqtab oʻrdi. Bugʻdoy boshoqlaridagi donlarni sanab chiqdi. Boshoqlarining bari toʻliq, yigirma toʻrttadan oʻttiz oltitagacha doni bor ekan.

Kuzda yangi tomorqa top-tozalandi. Kech kuzgi arpa ham oʻrib olindi. Er qaytadan tuprogʻini agʻdarib chiqdi. Keyin “yaxob beramiz, endi tuproq dam olaqolsin”, dedi.

– Yer ham bizdaqa egasi borligiga suyunadi, – dedi er.

Yerning ham joni bor.

U ham maqtashingga ilhaq boʻlib yotadi.

Koʻrdingmi, boʻliq tuprogʻi nimaiki qadasang, hammasini gurkiratib – joʻshtirib tashladi.

Yovvoyi oʻtlar ham tizza boʻyi oʻsdi.

– Ha, koʻrdim, – dedi Raʼno.

– Xursand boʻlsang-chi.

– Nega?

– Xudo rizqni barakasi bilan oshirib-toshirib berganining alomati bu, – dedi er. – Baraka bermasa, shunday boʻlarmidi?

– Yoʻq, sira boʻlmas edi.

Xalq bir boʻlib, mol-qoʻyini ekinzorlarga haydadi. Jonivorlar qolgan-qutgan poyalarni, maysa-oʻtlarni yamlab-yamlab yeyishdi. Sigiri toʻyib, terak ostida kavsh qaytarib yotdi.

 

* * *

Bu yerlarda shamollar suron solib esar edilar: kunbotardan kunchiqarga, kunchiqardan kunbotarga…

– Uzoqlarda, togʻlar orasida katta ochiq joy bor, – dedi er. – Shamol oʻsha joydan kirib keladi.

Hammayoqni buzib esib oʻtadi-da, olisdagi togʻlarga borib urilib, oʻtolmasdan yana ortiga qaytadi.

Ortiga qaytganida shiddati susayib, oʻzi zaiflashib qoladi.

Shunaqa shamollar yiliga besh-olti marta esadi.

Birinchi esadigani – dov-daraxtni, oʻt-oʻlanni, ekin-tikinni uygʻotadigan shamol, dedi u.

Taqir yerni, jonsiz shoxlarni egib-egib, uygʻotadi.

Ikkinchisi – gul-kurtak yozadigan shamol. Uygʻongan daraxtlarning tanasida suv yuradi. Shoxlarida mayda-mayda kurtaklar boʻrtadi. Shamol oʻsha kurtaklarni ochadi. Uni qaldirgʻoch shamoli ham deydilar. Chunki qaldirgʻochlar oʻsha shamol qanotida uchib kelishadi.

Keyingisi esa gul toʻkadi. U kamida uch marta esadi. Sababi – gilos, oʻrik, olma erta gullaydi. Behi, shaftoli, nok esa kechroq. Shularning barining gulini toʻkib oʻtadi, ana shunda gulkosasiz qolgan kurtak mevaga zoʻr beradi.

Keyingisi – erta mevalarni toʻkadigan shamol. U ikki marta esadi. Shundan keyin shamollar mavsumi kuzgacha toʻxtaydi.

Shu shamol boʻlmasa, tabiat mana shunday gurkiramasdi. Dov-daraxtni changlantiradi, urugʻlarini sochadi.

Xudoning ishiga hayron boʻlmay ilojing yoʻq. Bu shamollar oʻz-oʻzidan esib qoladi deb oʻylaysanmi?

Dov-daraxt ham juft-juft boʻlib umr kechiradi. Shularni birontasi changlanmasa, meva solmaydi.

“Shuncha narsani qaydan biladi? – deb oʻyladi Raʼno, hayratlanib.

Meva toʻkuvchi shamol bugʻdoylarni egib-qayirib oʻtdi. Boʻliq-boʻliq boshoqlar yerlarga egilib, ayqashib ketdi. Raʼno ularga qarab turib, shamolni qargʻadi.

“Sekinroq essang oʻlarmiding”, dedi.

 

* * *

Er bugʻdoyni qoplab bosib qoʻydi.

“Endi un deb xavotir olmaysan, – dedi kulib. – Chunki bugʻdoyimiz bor. Un kerak boʻlsa, shartta ikkita qopini olamanu tegirmonga oborib, torttirib kelaman”.

“Bizga pul-mul ham kerakmas endi, – dedi. – Tegirmonchi xizmat haqiga uch-toʻrt kilo unni olib qolaveradi. Chiqitini ham olib kelsam, sigiringga yemish boʻladi. Yogʻ zarur boʻlsa, bir qopini olamanu doʻkonga oborib, yogʻga almashtirib kelaman. Yana nima kerak senga, hoy xotin?”

“Hech nima, – dedi Raʼno ham kulib. – Bolalar sogʻ-omon, oʻzimiz tinch, bitta moʻmin-musulmonga yana nimayam kerak boʻlardi?”

 

* * *

Bahor yomgʻirlari tugab, kunlar qiziy boshlaganida er imorat boshladi.

Katta-katta daryo toshlaridan olib keldilar. Yerni oʻyib, tosh bilan urib-urib shibbaladilar. Sen endi aralashmaysan, bu yogʻi erkaklarning ishi, dedi eri Raʼnoga. Qarindosh-urugʻlar, doʻst-yorlar kelishdi, katta qozonda shoʻrva, osh damlandi. Qishloqda har kuni hashar edi. Kishilar hayyo-hu ila, hazillasha-hazillasha bir uyning devorini bir kunda urib qoʻyar edilar. Raʼnoning eri poydevor koʻtardi. Tejamli boʻlsin deya, poydevorga tosh qaladilar. Shundan soʻng bultur kesilgan teraklarni olib borib sinch koʻtarishdi. Raʼnoning eri ustachilikdan xabardor edi, hammasini bir oʻzi tinim bilmay chumoliday ishlab, asta-sekin bitirib oldi. Sinch yoz boʻyi qurib turdi. Bu orada er-xotin loy qorib, guvalak solishdi. Guvalaklar ham yoz jaziramasida quridi. Yoz tugagach, el hasharga aytildi. Xalq kelib, kechgacha urib-koʻtarib ketdi. Raʼno tevaragida va ichkarisida somonli loy parchalariyu guvalaklar qolib ketgan imoratga qarab, savlatli, koʻrkam uy boʻldi deb, mamnun boʻldi.

Er toʻqaydan qamish kesib keldi. Tomga terak shoxlarini koʻndalangiga terib, ustidan oʻsha qamishlarni bosishdi. Keyin er somon aralashtirib katta loy qildi, tomga loy ham bosildi.

– Shifir ham qilamizmi? – deb soʻradi Raʼno eridan.

– Shifirga pul yoʻq-ku? – dedi er.

– Bizni uy ham chiroyli boʻlmasinmi? – deya turib oldi Raʼno.

Er koʻndi. Nihoyat, kech kuzga borganda tomni yopib oldilar.

– Ana, ish bitdi, – dedi er quvonib.

– Endi taxta polini qoqsak, suvogʻini qilsak, eshik-romini oʻrnatsak, uy tayyor-da. Kirib, maza qilib oʻtiraverasan.

– Hecham-da, – dedi Raʼno. – Sholcha-palos, toʻshak-parda degan narsalar ham bor.

– U yogʻi seni ishing, – deya kuldi eri.

Shunda Raʼnoning esiga onasining gapi tushdi. Eriga yer ostidan qaradi, u xushfeʼl kulib turardi.

Sirayam burgutga oʻxshamasdi.

Oʻzi ham ona burgutga oʻxshamasdi.

Bekor gap ekan, dedi. Musichalarga oʻxshamaymizmi koʻproq?

Musicha ham xas-xashakdan in quradi, birovga zarari tegmaydi, ku-kulab xas-xashak, don-dun tashib yuraveradi.

Yomoni shundaki, oʻsha qora yuzli kishi ulardan bir necha uy naridan tomorqa olgan ekan. Qaytayotganlarida tomorqasida bir nimalarni moʻljallab yurganini koʻrib, Raʼnoning yuragi uvushib ketdi. Baqrayib qarab turganini koʻrib: “Iloyo, betingni Xudo teskari qilsin”, deya qargʻab oʻtdi.

Qoʻni-qoʻshnilar “Yangi uy qutlugʻ boʻlsin”, deya osh-palov pishirib chiqishdi.

– El baribiram yaxshi-da, – dedi Raʼno, suyunib. – Qarang, birpasda hammayoqda imorat. Odamlarimiz juda insofli-diyonatli-da.

– Hammayam emas, – deb eʼtiroz bildirdi er. – Narigi koʻchadagi Ahmadni taniysan-ku? Kecha mast boʻlib, qoʻshnilari bilan urishibdi. Yoki tepa mahalladagi Toshmat? Odamlarni aldab, pulini olib qaytarmay yuradi.

– Unda, oʻsha Ahmad bilan Toshmat yomon, – dedi Raʼno. – El esa baribiram yaxshi.

 

 

 

 

* * *

 

Raʼno yana koʻk kiydi.

Qisqa vaqt ichida ota-onasidan ayrildi.

Har ikkovlon kasal boʻlmasdan, farishtalarday jon bergani yurakni yanada ezar edi.

Oʻlim haq! Har kim ham bir kuni bu olamdan ketadi.

Yana bir haqiqat shuki, ketganlar sizu biz boradigan joyga bizlardan avvalroq borib turadilar.

Oʻzingniki yomon boʻlar ekan. Raʼno yomon kuydi. Oʻzini har tomon urdi. Ota izlari qolgan tuproqlarga oʻzini otib yigʻladi, u qurgan imoratlarga yuzini bosib yigʻladi.

“Voy otam, hamma narsalaringiz oʻz joyida turibdi-ku, oʻzingiz qaydasiz?” deb boʻzladi.

“Uyingizga kirsam, isingiz dimogʻimga urilyapti-ku, jon otam?”

Kasal boʻlganlarida “Jonim qizim” deya, u yogʻini ayta olmay yutinganlarigacha xayolida jonlandi.

Aytib-aytib yigʻladi. Shunday yigʻlasa, yuragining ichidagi tafti bosilganday boʻldi.

Qator-qator uy solgan,

Devoriga gul solgan,

Solgan guli bitmasdan

Goʻristonga yoʻl olgan,

Eksa bitmas maydonim,

Chaqirsam kelmas mehmonim,

Ot koʻtarmas polvonim,

Uyimdagi sultonim,

Orqamga tushgan oftobim,

Ustimga kiygan kimxobim,

Qishlardagi qishlovim,

Yozlardagi yaylovim,

Otajonim, jon otam,

Otajonim, voy otam…

Etigiga, belbogʻiga, toʻniga yuzini bosib-bosib yigʻladi Raʼno qiz.

Ha, qizning kuyishi yomon boʻlar ekan. Qiz oʻz-oʻzini yeb qoʻyar ekan. Jonini ayamas ekan, qushday potirlab oʻzini har yon urar ekan.

Na qaynona yupata oldi uni, na er, na bolasi.

Bittasigayam quloq solmadi. Bolasini bagʻriga mahkam bosib, dardu armonlarini aytib boʻzlayverdi, boʻzlayverdi.

“Otajonimning behisi”, deb murojaat qildi behiga. “Nainki oʻzini, balki qoʻllarining iziniyam topolmay qoldim-ku, endi sen ham koʻzimga oʻtday koʻrinib ketyapsan”, dedi behining gʻadir-budur tanasini siypalab.

“Indamaygina oʻlib qolaverdi-ya”, der edi kuyinib.

“Hech kimimiz qolmadi-ku, bolam”, der edi qizchasiga.

“Bu yorugʻ olamda senu mengina qoldik, xolos, jonim bolam”.

Bola toʻlpoq qoʻlchalarini oʻynatib, onasiga tiniq nigohini tikib turaverdi.

“Endi kimga keragimiz bor, bolajon?

Bobong hayitlarda belbogʻining qatiga qand-qurs qistirib, seni-meni koʻrgani kelardi-ku?

Enang har ikki-uch kunda bir “non yopuvdim, qip-qizarib pishdi, ikkitaginasini senga ilindim”, deb potirlab kelaverar edi-ku?

Hayotida biror roʻshnolik koʻrmasdan, mana, oʻtdi-ketdi-ku?

Oʻzi yemadi-ku? Oʻzi ichmadi-ku?..”

Shunda qizchasining yuzlariga koʻzyoshlari tomar, tomar, tomar… Raʼno “bolajonim, seniyam qiynab qoʻydim-ku” deb, tomchilarni roʻmolining uchi bilan artib-artib olardi.

Hatto eriga ham gapirgisi kelmasdi. Indamasdan yigʻlay-yigʻlay, yumushlarini qilib yuraverardi.

Shunday kunlarning birida yomgʻir yogʻdi.

Yomgʻir tandir yoniga bosib qoʻyilgan gʻoʻzapoyalarni, makka bogʻlarini, sargʻaygan oʻt-oʻlanlarning barini hoʻllab, maydalab yogʻaverdi. Birpasda hammayoq shalabbo boʻldi.

Chiroq allaqachon oʻchib qolgan edi. Salqin etni junjiktirar, uy boʻgʻotlaridan shaffof tomchilar chakillardi.

Raʼno uyga kirdi, sham yoqdi.

– Qoʻy endi, kuyaverma. Bolalaring ham qiynalib ketishdi, – dedi er mehribonlik bilan.

Raʼno indamadi.

– Bunaqada oʻzingni bir nima qilib qoʻyasan.

Raʼno yana indamadi.

– Kel, qoʻy endi, – dedi er, ovozida mehri tovlanib, oʻziga tortib. Shunda roʻmoli sirgʻalib yelkasiga tushdi. Er sochlarini silamoqchi edi, Raʼno chetlanib, roʻmolini qayta boyladi.

– Nega boylading, turaversin? – dedi er.

– Yoʻq, uyat boʻladi, – dedi Raʼno.

– Oʻzimiz xolosmiz-ku?

– Xudo koʻrib turibdi, – dedi Raʼno.

Jim qoldilar.

– Ayt-chi, – dedi er ovozi oʻzgarib. – Meni sira yaxshi koʻrganmiding?

– Voy, nima deyapsiz? – deya hayron boqdi eriga. Bunday xayol aqliga kelganiga ajablandi.

– Rostdan?

Er atay shu savolni berganiga aqli yetib turardi.

– Rostini ayt, – dedi er. – Balki, qiz bolaligingda kimnidir yoqtirgandirsan?

– Nimalar deyapsiz? – dedi Raʼno eriga roʻy-rost jahli chiqib qarab. Keyin shartta dedi:

– Oʻlsam ham birovga tegmas edim!

Shu gap yetarli edi. Erning yuz-koʻziga favqulodda jilmayish indi. “Xudoyimga shukur”, dedi iljayib.

 

* * *

Kunlar oʻtaverdi. Tomorqa teraklari juda tez oʻsdi. Koʻpchilik imoratini tiklab ham oldi. U yerga qarab turib qachonlardir bepoyon dala boʻlganiga odamning aqli shoshar edi. Raʼnolarning imorati ham bitdi.

– Odamlarning baxtiyor boʻlishi uchun qanchalar oz narsa kerakligini qara-ya, – dedi er. – Haqiqatan ham, bir parcha yer, ozgina rizq-roʻz, tinchlik-xotirjamlikdan boshqa yana nimayam kerak boʻlardi? Xudoga shukur, hammamiz sogʻ-salomat, xalq omon, bolalar oʻynab-kulib katta boʻlishyapti…

– Ha-ya, – dedi Raʼno.

– Polvonchaning toʻyiniyam qilolmadik, – dedi er. – Avval menikilar ketishdi, keyin senikilar. Uch yil koʻkdan chiqmading. Endi elga halollab qoʻysak, nima deysan?

Topgan-tutganlarini yigʻib-terib, oz-moz qarz ham olib, polvonni “halolladilar”.

Boʻy-bastiga munosib kichkina toʻncha, isi anqib turgan yap-yangi doʻppi kiydirilib, beliga belbogʻ bogʻlab qoʻyilgan oʻgʻilcha nimalar roʻy berayotganiga aqli yetmasdan qoʻlida oʻyinchoqlari va shirinliklari bilan hovlida oʻynab yurar, hammaning diqqat-eʼtibori toʻybolada, qiz tomon kuyovning ota-onasigayu oʻziga boshdan-oyoq sarpo hadya qilgan, togʻalar kattakon novvosni el koʻzida yetaklab olib kelib, bostirma ustuniga boylashgach, shoxlarigayu tuyoqlariga arqon tashlab, mana shu pildirab yurgan bolakayning kelajakda omon-eson oʻsishi uchun qurbonlik oʻlaroq soʻyilib, qoni chetroqda yerga qazilgan chuqurchaga oqizib ham boʻlingan, hozir besh-olti kishi birgalashib terisini shilar edilar. Usta kelganida Raʼno ichkari uyga qochib kirib, quloqlarini berkitib oʻtirib oldi, bolasining ozor chekishini oʻylasa, vujudi dir-dir titrar edi.

Tashqaridagi erkaklar qattiq-qattiq gapirishib, kulishardi.

Bir mahal bolasi chirillab yigʻlaganida Raʼno ham yigʻlab yubordi, sira oʻzini bosolmas edi. Ammo Xudoning raʼyiga, elning urfiga qanday qarshi borsin? Sal oʻtib, bola yigʻisi bosilganida, “Ana, endi katta yigit boʻldi”, deya shod-xurram turgan kishilar orasiga kirib borib, choʻmbiri ustiga doʻppi yopib, belbogʻ tashlab qoʻyilgan, ammo oʻziga berilgan oʻyinchoqlargayu kichkina pichoqchaga alahsib, qora kipriklarida halqa yoshi titragancha jilmayib yotgan oʻgʻlini koʻrdiyu yengil tortdi. “Xayriyat”, dedi. Oʻgʻilning ham, qizning ham onasini kuydiradigan bir dogʻi bor, ishqilib, bolalarimga boshqa dard bermagin, bersang oʻzimga beraqol, deb yolvordi.

 

* * *

Endi Raʼno ota uyiga borganida tomorqa aylanar, ariqcha kichrayib qolgan, tubida ozgina suv oqar edi, xolos.

Qizgina endi ota ekib ketgan behi bilan soʻzlashar edi.

“Otamning behisi, oʻsyapsanmi?”

“Oʻsish qayda, ona qizim. Bir amallab jon saqlab turibman. Koʻryapsanmi, madorim quridi. Mayda shoxchalarimning uchlari ham qurib bormoqda”.

 

 

* * *

Oʻsha tongda zilzila roʻy berdi.

Zilziladan bir necha soniya avval Raʼno toʻsatdan uygʻonib ketdi. Shu mahal yer ostidan juda qudratli bir gulduros eshitildi. Hayal oʻtmay hammayoq silkindi. Devorlar qarsilladi, bir nima taraqlab tushdi, mollar boʻkirib, itlar angillay ketishdi, Raʼno jon holatida sapchib, kalima qaytara-qaytara, bir qoʻliga qizchasi yotgan beshikni, boshqa qoʻliga ikkala oʻgʻilchasini koʻtargancha tashqariga otildi.

Valishlar ham silkinar edi.

Havoda qizgʻish tuman suzar, bunaqa gʻalati tumanni sira koʻrmagan edi Raʼno. Yoz kunida bunaqa tuman paydo boʻlishi qoʻrqinchli edi, hozir yer yuzi yonib ketsa-ya, deb qoʻrqdi.

– Xudoyo, oʻzing saqla! Subhonolloh!

Tinmay shu soʻzlarni takrorlar edi.

Er ham otilib chiqdi, shu falokat vaqtida haliyam qarsillab chayqalayotgan imoratlariga ola-kula koʻzlarini tikib u bir yon, uch bolasini bagʻriga bosib, tili kalimaga kelmay turgan Raʼno bir yon… shu ikki jon, eru xotin.

Saldan keyin zilzila tindi. Odamlarning qichqirigʻi, mol-qoʻylarning maʼrashi hanuz eshitilar edi.

– Qanaqa qilib opchiqding bularni? – dedi er hayron boʻlib.

Raʼno oʻziyam bilmadi.

– Bilmasam, – dedi hayron boʻlib.

Haqiqatan ham, kap-katta yigitga qoʻshib qizaloqni va beshikni bir vaqtning oʻzida uydan olib chiqish aqlga sigʻmas edi.

Koʻcha toʻla odam edi. Hamma toʻzgʻib, uylaridan tashqariga otilib chiqishgan edi.

– Tinchmisizlar, tuzukmisizlar? – der edi hamma bir-biriga.

– Shukur-shukur, – der edilar qolganlar ham.

Hamma bir-biridan hol soʻrar edi.

Qishloq vahimaga toʻlib ketgan edi. Kimningdir sigir-qoʻyi bostirma tagida qolibdi. Pastroqda, ayniqsa, shovur kuchli edi. Koʻzi yomon qora kishi bultur qoʻshnisi bilan devor talashib urishgan ekan, zilzilada uni oʻsha devor bosib qolibdi.

– Tavba, Xudoyim tinchlikning qadrini koʻrsatib qoʻydi-ya, – dedi Raʼno.

 

* * *

Er televizor olib keldi.

Tomga simini chiqardi, qayerinidir buragan edi, lipillab turli yurtlarni, turfa kishilarni, urush-janjallarni koʻrsatdi. Toʻda-toʻda baqiroq olomon uylarni yoqar, qichqirib-baqirar edi. Televizor otasini oʻldirgan bolani, oʻgʻlini urib mayib qilgan otani, nomaʼlum sababga koʻra toʻda-toʻda boʻlib oʻzini sohilga urib halok qilgan baliqlar galasini, tasodif tufayli boyib ketgan aqlsiz kishini, onasini yolgʻiz tashlab qoʻygan oʻgʻilni koʻrsatdi.

– Oʻchiring shuni, – dedi Raʼno koʻngli ozorlanib. – Tavba, dunyoda shunaqa odamlar ham borligiga ishonging kelmaydi. Birontasida hayo-insof degan narsa yoʻgʻ-a? Bir-birini itday yalab-yulqaydi, odamlar bor ham demaydi. Oʻlsin, nima qilardingiz shuni opkelib?

– Bolalar koʻrishsin, dedim-da.

– Bolalarning betini ochib nima qilasiz? – dedi Raʼno.

 

* * *

Bu yerlarda shamollar suron solib esaveradilar, kunbotardan kunchiqarga, kunchiqardan kunbotarga…

Erning sochlariga oq tushdi. Gavdasi egildi, yuzi tirishlarga toʻldi. Oʻzining ham ajinlari koʻpaydi. Avvalgi chaqqonliklar qayda endi?

Yumushlar esa esini taniganidan beri oʻsha-oʻsha: hanuz ariq boʻylaridan, ekinlar oralaridan oʻt yulib, sigirga solish, tomorqaga qarash, hovli supurish, xamir qorish, non yopish, taom pishirish… Ammo beli darrov ogʻrib, charchab yotib olgisi kelar, vujudni quvvat tark etmoqda edi.

Oʻgʻilni uylar vaqti yuz koʻrsatdi.

Tanish-bilishlar kim orqalidir kimnidir qizini roʻpara qilar edilar. Emishki, falonchining qizi sochi supurgiyu qoʻli kosov, oyogʻi oltiyu qoʻli yetti, xullas, juda mehnatkash emish. Har qancha ishlasa ham charchamasmish. Oʻzi nihoyatda kamsuqum, gʻoyatda odobli, gap soʻrasangiz gapirmasmish, har ish qoʻlidan kelarmish, kelin boʻlib tushgan xonadonini bogʻu boʻstonga aylantirib yuborarmish.

Shunday esa-da, Raʼno oʻgʻlini hech kimga ravo koʻrmas edi.

Yoʻqsa, oʻgʻil kuchga toʻldi, koʻrkam, ajoyib yigit boʻldi. Ota-bobolardan qolgan odat shu, yigit er yetilgach, uni yoʻlga soladigan xotini boʻladi, deydilar. Koʻcha-koʻyda yuraversayam boʻlmaydi. Tezda boshini ikki qilib qoʻysang, quyuladi, aqli kiradi.

Oʻgʻliga “Seni uylantiramiz” derdiyu ich-ichi bir simillab olardi.

Oʻgʻilning jilmayib turganini koʻrib, gʻashi ham kelar edi.

– Hah, iljaymay qol, nimaga meni kuydirasan? – der edi. – Hali xotining tarafga ogʻib ketarsan ham?

– Menga baribir, xizmatingizni qilsa boʻldi.

– Unaqa dema, – dedi Raʼno. – Meni xizmatim nimayam boʻlardi? Xotin kishi roʻzgʻoringni butlaydi.

– Butlasin-da, – deya jilmaydi oʻgʻil onasini quchoqlab. – Lekin xizmatingizniyam bajarsin. Qancha mehnatlar qildingiz, qancha qattiq kunlarni koʻrdingiz, qavat-qavat toʻshaklarda mazza qilib oʻtiring-da endi.

 

* * *

Yigirma yil avvalgi hodisalar endi Raʼnoning koʻz oʻngida takroran roʻy bermoqda edi.

Kelin boʻlmishning yaqinlari koʻcha-koʻyda koʻrinib qolishsa, egilibroq salom berishar, quyuqroq hol-ahvol soʻrashishardi.

Har ikki xonadonda ham ancha-muncha kishi toʻy tadorigi bilan ovora.

Devorlarning toʻkilgan suvoqlari qaytadan suvalgan, boʻyalgan, el kelsa malomat qilmasin deya, har taraf sarishtalangan.

Joʻxorilar oʻsib yotgan yerlar tozalangan.

Kishilar mahallaning doshqozonlarini aravalarda tashigan.

Kelinning uyiga qoʻy, nimta, un-guruch, goʻsht-non, sarpo-surugʻ yuborilgan.

Raʼno oʻgʻlining boʻy-bastiga qarab turib, uni hanuz qizgʻanar edi.

“Aylanay qosh-koʻzingdan, biram kelishgan yigit boʻlding-ki”, der edi.

“Eshigimdan kirib kelgan davlatimsan-ku, aylanay”, deya suyar edi.

“Yuzimning qiziliyam, tilimning uzuniyam sensan, bolam”.

Marosimlar davom etar, toʻy ruhi qishloqning ancha-muncha xonadonini egallab olgan edi.

Kichkina bolachalar ham oʻynagani kirib kelishsa, “Toʻylar qutlugʻ boʻlsin, xola”, deb ketar edilar.

Bakovul kirib keldi. Katta oʻchoqlarga oʻtin qaladi, koʻk tutun koʻklarga oʻrladi. Bakovul qizarib-qizarib, doshqozonlarning birida toʻy shoʻrvasi, birida osh pishirdi.

Mahallaning odami kirib keldi, hovli izdihomga toʻldi. Yosh bolalar ham makkasi oʻrib olinib tozalangan yerga oʻtirib olib, “mazza boʻpti” deb shoʻrva ichar edilar. Qariyalarga ichkariga joy qilingan edi. Osh suzildi. Odamlar yeb-ichishib, kelin-kuyovga Xudo baxtu saodat bersin deya, fotiha qilib ketishdi.

Kelgan-ketgan koʻp edi. Hammasining dasturxoniga bir-ikki siqim qand-qurs, non-qatlama, parcha mato qoʻyish kerak edi.

Hovli yana ikkiga ayrildi. Xotinlar taraf uzun oq surp bilan toʻsib qoʻyildi. Erkaklar darvozaxonada toʻplangan edilar. Xotinlar taraf qushlar sayragani kabi qiy-chuvga toʻla, hammasi bab-baravar gapirayotganday tasavvur uygʻotardi.

Yosh-yalanglar toʻyxonani tayyorlab boʻlishgan, uch-toʻrttasi tok zangiga katta qora qutilarini ham osishgan, qoʻshiqchilar tayyor, nariroqda karnay-surnaychi ham jamuljam… Raʼno mana shu toʻs-toʻpolon ichida pildirab yurardi.

– Kuyovnavkarlar tayyormi?

– Tayyor, tayyor.

Bir mahal kelin-kuyovga ajratilgan uydan banoras toʻni xush qaddiga chunon yarashgan oʻgʻli chiqib keldi. Qop-qora sochlari doʻppi ostidan toshib chiqib turar, qora qoshlari qalin, baland boʻyli, koʻrkam yigit boʻlgan edi.

Raʼno istamasa ham qaroqlariga yosh keldi. “Voy oʻlay, toʻy boʻlyapti-yu, yigʻlagim kelishini qara-ya, uyat-a”, dedi.

“Boʻy-bastingdan aylanay, bolam, deb, bagʻrimga bosay desam, boʻyingga boʻyim yetmaydi-ya, onang choʻring boʻlgur!”

Qarindosh-urugʻlar, tanish-notanishlar ham kuyovning yelkasidan olib, yuzlariga fotiha tortar edilar. Hamma havas ila kuyovbolaga qarashardi.

“Hu, koʻzing oʻzingga tekkur”, dedi Raʼno ichida, kelganlarning orasida birontasining koʻzi bor boʻlsa-ya, deb xavotirlanib.

Ha, Davlatbek kuyovlarning sarvari boʻlgan edi.

Kuyovnavkarlar joʻnab ketishdi.

– Gʻoʻzapoya opchiqmaysizlarmi? – deb soʻradi Raʼno.

– Yoʻq, xola, endi gʻoʻzapoya yoqilmaydi, – dedi yigitlardan biri.

– Voy, kelin-kuyov olov atrofida aylanmaydimi?

– U marosim bekor boʻlgan, – dedi yigit.

Raʼno u ishni joiz emasligini bilsa-da, kelin-kuyovga zarar-ziyon tegmasin deya, baribiram oʻt atrofida aylanishlarini istar edi.

Yarim soatcha vaqt oʻtgach, kuyovnavkarlarning qiyqirigʻi, childirma doʻp-doʻpi eshitildi.

Kelin keldi!

Kuyovlarning sarvari Davlatbek kelinni yetaklab davraga olib kirdi.

Raʼno ana shunda oʻzini tutolmay, tevaragidagilardan ham uyalmay, roʻy-rost yigʻlab yubordi.

– Hoy, tuzukroq koʻylagingizni kiyib olmaysizmi? – dedi kimdir.

Raʼno oʻgʻlidan koʻzini uzgisi, boshqa koʻylak kiygani uyga kirgisi kelmay, koʻzidan yoshi oqib qarab turardi. Yor-yor sadolari ostida bolajoni davra toʻriga oʻtib oʻtirdi. Oʻrtakash bir nimalar deb javray boshladi, ammo gaplari Raʼnoning qulogʻiga sira kirmas edi.

 

* * *

Oradan yil oʻtar-oʻtmas, qizni ham chiqardilar.

Qizalogʻi otasiga tortgan, choʻzinchoq oq yuzli, qoshlari payvasta, oyday boʻlib turar edi.

Kelinni olib chiqib ketar mahali otani chorladilar.

Yana oʻsha, eski yor-yorlar aytilar edi.

Valishlar ostida, qizaloqning qancha shoʻx-shodon kunlari oʻtgan shu qadrdon hovlining tuprogʻiga, ota oyogʻi ostiga yangi palos toʻshaldi. Xolalar qizni ikki qoʻltigʻidan ushlab, ota poyiga olib kelishdi. Qiz ikki bukilib, “Otajon” deya taʼzim qila-qila keldi. Xotin-xalaj, bola-baqra qiy-chuvi ostida padar oyogʻiga bosh urdi, bu bosh urishda “Necha yillar suv kelsa simirib, tosh kelsa yemirib oʻstirib katta qildingiz, endi mendan rozi boʻling”, degan nido ham bor edi. Shunda hayotning pastu balandini koʻraverib diydasi anchayin qotib ketgan shu kishining koʻzlaridan ham tirqirab yosh chiqib, yuzlariga oqdi, atrofidagilardan hech tortinmay, baralla hoʻngrab yubordi.

Qizning qalbida ham, otaning yuragida ham aytilmagan qancha gaplar bor edi-ya!

Bu yigʻining maʼnosi shunday edi:

“Dunyoi dunda yakka bir oʻzim edim, Xudoyim farishtaday bir qizaloqni – seni hadya qilib yubordi. Uyimda oʻynab, chopqillab yurishlaring hayotimni nurga toʻldirdi. Charchab kelsam, kichkina qoʻlchalaring bilan oyoqlarimni, yelkalarimni uqalading, choylar damlab kelding… Otang qurboning boʻlsin, bolam, uyimda mehmonim edingmi? Shuncha yil asrab-avaylab katta qildim, bagʻrimdan sira chiqargim kelmaydi, ammo naylayin?”

Qizning aytar gaplarini esa hech kim bilmadi. Qiz ichidagi gaplarini oʻzi bilan olib ketaverdi.

Kelinni olib chiqdilar.

Qiy-chuv bilan xotinlar ham joʻnashdi. Hovli huvullab qoldi. Otaning bir-ikki doʻst-yori bor ekan, shular jonga ora kirishdi, u yoq-bu yoqdan gapirib, chalgʻitib oʻtirishdi.

Toʻyxona esa charogʻon, hamma shod, bir gapirib oʻn kular edilar.

Kuyovlik sarpolari oʻziga yarashgan kuyov davra toʻrida qoʻr toʻkib oʻtirar edi.

Raʼnoning yuragi iyidi.

“Kuyovjon”, degisi keldi.

“Kiprigimning ustida, qarogʻimning ostida katta qilgan qizimni oʻzim opkelib qoʻlingizga topshiryapman.

Iloji boʻlsa edi, bagʻrimdan chiqararmidim?

Jonimni ipini qoʻlingizga berib qoʻyyapman, jon bolam.

Qoshingizda pildirab yurishlarimdan, sizga muztar-muztar, yalinib-yalinib qarashlarimdan sezmayapsizmi?

Jonimning shu bitta parchasi endi sizga boylangan. Siz kulsangiz, ichim yorishadi, qovoq uysangiz, dunyo qorongʻi boʻladi.

Iltimos, shuncha yil qoshu qarogʻimda olib yurib, avaylab katta qilgan bolamga ozor bermang, choʻringiz boʻlay!”

Bu gaplardan kuyovning xabari bormidi? Bilish qiyin. Kuyovnavkarlar qatorida qoʻr toʻkib, Alpomishday boʻlib jilmayib turar edi.

Oʻzining izzatini ham, qadru qiymatini ham bilib turar edi.

 

* * *

Shu tariqa ketma-ket toʻylar boʻldi. Goʻyo bola-chaqa tashvishidan qutildilar.

Shamollar hanuz avvalgidek esar edilar: kunbotardan kunchiqarga, kunchiqardan kunbotarga…

Kelganu ketgan: “Ana, oʻgʻilni uylantirib, qizniyam chiqarib oldingiz, katta tashvishdan qutildingiz”, deb havaslanishar edi.

Ammo bola-chaqasini uylab-joylagan odam ham sira tinchimas ekan.

Uyida ishlariga urinib yuradi-yu, ammo koʻnglining bir cheti narigi mahalladagi qizida, nima qilyapti ekan, tuzukmikin, deya. Yana bir cheti bu qizida. Oʻgʻli sal hayallasa, pitirlab joyida oʻtirolmay qoladi. Bolalari katta boʻlgach, odam bolasining koʻngli yarimta boʻlib qolar ekan, degan xulosaga keldi u. Yarimta nimasi, parchalarga boʻlinib ketar ekansan. Bir parchang oʻgʻlingga, bir parchang qizingga tortib turaverar ekan.

Onaizorining gapi ham esiga keldi. Bir mahallar “Ichimdan uzilib tushgan parchamsan-ku”, deb yoyilib kulimsiraganlari koʻz oldida jonlandi. Oddiygina u gapning shunaqa choʻng maʼnosi bor ekan-da, dedi hayratlanib.

Tavba, taqdir degan koʻzga koʻrinmas bir charxpalak, sekin-asta aylanmoqda.

Kelin hovlida yumushlarini bajarib yuripti. Bir nima dey desa, lop etib koʻz oldiga oʻz qizi keladi.

Kelinchak hali juda yosh, goh tortinib, goh dovdirab oʻzicha yumushlarga urinib yuribdi, mana, hozirgina tovuqlarga joʻxori donidan sepdi… bir nima dey desa, u yoqda qaynonasi qiziga xuddi shu gaplarni aytishidan choʻchiydi.

Oʻgʻli kelib qoshida biroz oʻtiradi, keyin uyiga kirib ketadi.

Odam xotiniga, bolasiga bogʻlanib qolar ekan-da, deb oʻylaydi. Ajabo, eri ham shunaqamidi? Rahmatli qaynonasi ham shunaqa deb oʻylaganmidi?

Shular xayolidan oʻta-oʻta, bir kuni eriga:

– Otamiz-onamizga bir jonliq soʻyib is chiqarsak, tushimga kirishibdi, – dedi.

Er mamnun boʻldi.

Lekin bu ishlarning barini bitta yaxlit hikmati bor edi.

Bu yorugʻ dunyoda neki qilsang, oʻzingga qaytar ekan: yaxshilik ham, yomonlik ham. Hatto gapirgan gaping ham bir aylanib oʻzingga qaytib kelib turar ekan. Birovga “Falonchi nega bunaqa-ya”, deb gapirib ham boʻlmas ekan, chunki kun kelib oʻshaning ahvoliga oʻzing tushar ekansan. Ha, dunyoi dunni bejiz charxpalak, demas ekanlar. Charxpalak deganlari ohista aylanib, ariqlarga suv quyadi, dunyoi dun charxpalagi esa oʻz qilmishlaringni oʻzingga qaytarib quyar ekan…

 

* * *

Baʼzan oʻylab ham qolardiki, shuncha yil yashabdi, birovga sira yomonlik qilmabdi. Ajablanarlisi shundaki, oʻziga ham birovdan yomonlik yetmabdi. Yomonliklarning koʻpi soʻz tufayli boʻlishiga ham aqli yetdi. Ha, birov birovning molini oʻgʻirlashi yoki haqini yeb ketishi har doim ham roʻy beravermaydi, ammo har kuni sonsiz-sanoqsiz soʻzlar aytamiz, kimlarnidir gapiramiz, kimlarnidir yomonlaymiz, mana shu soʻzlarning bari egasiga yetsa ozorlanishi, ranjitishi va gunohga aylanishi turgan gap.

Raʼno kampirning oʻylari koʻp edi. Birining ortidan boshqasi chuvalashib kelaverar edi.

Teng-toʻshlarining, yaqinlarining koʻpi qishloqning tepa tarafidagi jimjit makonga koʻchib ketishdi. Buva-buvi, ota-ona, qaynota-qaynona kulgilari, gap-soʻzlari olamni charogʻon qilib yurgan yana allaqancha kishilar oʻsha yoqqa abadiyan joʻnadilar. Ajabki, yuragining bir cheti oʻsha tomonga ham tortib turardi.

Butun oʻtgan umriga razm solsa, bir qushdan ortiq boʻlmapti. Oʻzi koʻrgan qushlarning bari in qurib palapon ochishardi. Raʼno ham bir in quribdi, palapon ochibdi, rizq tashibdi…

Bu orada Davlat katta kishi boʻldi. Yurganida yer zirilladi, gapirganida osmon. Uyga toʻrtburchak katta bir nima koʻtarib keldi, uni devorga osib, bir yeriga bosgan edi, gʻirillab salqin havo chiqara boshladi.

– Mana, ona, maza qilasan, – dedi Davlat. – Endi yoz issiqlarida, qishni sovuqlarida qiynalmaysan.

– Bunaqa narsalaringni oʻzing ishlataqol, – dedi. – Menga qishga bitta sandal qurib bersang kifoya.

– Sandal ham qurib beraman, – dedi Davlat. – Rosa mehnatni qilding, endi oyogʻingni uzatib, biroz orom olsang-chi?

Shuncha yil zahmat chekding, sira biring ikki boʻlmadi, bor topgan-tutganingni bolamga deb ilinding.

Nima uchun shuncha urinib-tirishib mehnat qilsang ham butun umr boʻyi topganing shu bir uyu bir dahliz imorat boʻldi, nega shunday deb oʻylab ham koʻrmading.

Hayot shu ekan-da, deding, koʻnding-chidading.

Qoʻllaringni qadogʻi haliyam ketmabdi-ku, ona?

Dunyo rang-barang, qaylardadir kishilar yetti uxlab tushingga kirmagan rohatu huzurlar ichida yashab yurishibdi, ularni bilmading ham, koʻrmading ham.

Endi, kel, dunyoni koʻrsatay desam, otang bilan birgalashib qurgan shu uyimdan ketmayman deb bolalarcha tixirlik qilasan. Uyimda nevaralarimni xotirjamgina oʻynatib oʻtirsam, sen ishingdan kechga qolmasdan vaqtida kelsang, singling tumov-puchqoq boʻlmasdan uyida tinch boʻlsa bas, deysan.

Haliyam non uvoqlarini terasan, hamma narsani tejaysan. Haliyam bir parcha boʻsh yer qolsa, teshachani olib, inqillab-sinqillab oʻsha joyga bir tup rayhon yo bitta chechak qadab qoʻyasan.

Nevaralaringga bir boqsang-chi. Sen yaxshi koʻrgan yerimizdan Xudo baraka berib joʻshtirib yuborgan rizq singari, bular ham shunaqa joʻshib-toʻlqinlanib yetilib kelmoqdalar.

Olam oʻzgarib ketgan desam, qiziqmaysan ham. Ha, ishqilib tinchlik boʻlsin, deb qoʻyasan.

Keyingi paytlar “qatorimizdan xato boʻlmasin”, deb duo qilar boʻlding.

Bolaligimdan bilaman-ku, avvallari qiziqqaning turli-tuman koʻylaklar edi. Goho hayitlarda “bolam, koʻylagim eskirib qoldi, meni bozorga olib borib, yangi koʻylak olib bersang”, der eding.

Shuniyam aytmay qoʻyding…

Lekin qoʻshnining bolalaridan birontasi kasal boʻpqolsa, darrov bir nima pishirasan-da, dasturxonga oʻrab, oʻshani koʻrib kelasan. Birov toʻy qilsa, keliningdan bir parcha mato soʻrab olasan, otamning koʻylagini boshingga yopinib, pildirab oʻsha toʻyga ham borib kelasan.

Ona, oʻgʻling kuch-quvvatga toʻldi. Dunyoda odamni aqli bovar qilmaydigan yurtlar, mamlakatlar bor. Koʻrsang, esing ogʻadigan moʻjizalar bor. Yuraqol, onajon, desam, xuddi kichkinaligimda bir nimani bilmasdan soʻraganimdagi kabi bagʻrikenglik bilan jilmayasan, oʻzimni yana oʻsha mahaldagi kabi nimalarnidir bilmas his qilaman. “Qoʻy, bolam, menga shu el kifoya, dunyongni nimayam qilardim”, deysan.

Bir kuni qattiqroq turib oldim, oʻshandayam koʻnmading.

“Ortiqcha puling boʻlsa, roʻzgʻoringdan ortsa, ana, singlingga qarash”, deding.

Begona bir xonadonga uzatilib ketganida, singil akaga moʻltirab qoladi, deding.

Singilni akaga doim ichi achiydi, joni kuyadi, har yerga borsa “Akam undoq, akam mundoq”, deb maqtanadi.

Boʻy-bastingni koʻrsa, xursand boʻlib ketaveradi, mabodo uyiga yoʻqlab borsang, oʻsha tevarakdagilarni oldida koʻksi togʻday boʻladi, gerdayib-gerdayib yuradi.

Koʻzining yoshi birpasda duvullab oqib ham ketaveradi, “Otamning oʻrniga otam keldi-ya” deb, suyunib ham oladi.

Sening kelganingdan shodlanib, “Akam yaxshi koʻradi” deb, qoʻllari kuya-kuya qumgʻonda choy damlaydi.

Oʻzida yoʻq boʻlsa, “Akam keldi!” deb, qoʻshnidan qaymoq olib chiqib oldingga qoʻyadi.

Erining oldida tili uzun boʻladi. “Menday gʻaribniyam yoʻqlab kelar odamim bor”, deb suyunadi.

Nima desang ham ogʻzingga moʻltirab qarab turadi.

Singil rayhonday boʻladi, jambilday boʻladi…

Bolam, deding yana, ota urugʻingdan xabar ol, ona urugʻingdan xabar ol.

Togʻalaring qoni senda oqadi. Ona urugʻing qayishadi, seni bir tomiring ogʻrisa, uning yetti tomiri ogʻriydi. Bilib qoʻy, togʻayu xola onaday mehribon boʻladi.

Amakilaringdan xabar ol. Ota urugʻ sir-haybat saqlab turadi. Ota urugʻda otangning qoni oqadi. Otangday vazmin, haybatli boʻlib turadi. Senga bir gap boʻlsa, tegrangni togʻlarday qurshab olishadi.

Sen kichkinaligingda ular kuch-quvvatga toʻlib, koʻcha-koʻylarni toʻldirib yurgan kishilar edilar. Sen quvvatga toʻlganingda ular zaiflashdilar. Eshigidan kirib borsang, ularning koʻngli ham togʻday boʻladi.

Ota urugʻing xotini tarafga, ona urugʻing eri tarafga maqtanadi, koʻrdingmi, qarindoshim keldi, deya.

Bolajon, sen juda aqlli boʻlib ulgʻayding, sening quvvatli aqling yetgan juda koʻp narsalarga mening aqlim yetmaydi. Ammo shuncha yil yashab, bilganim: shu kelbating, farosating, zehning bilan ham ota urugʻingni, ham ona urugʻingni birlashtir.

Birlashmasang boʻlmaydi, bolam, hayot ogʻir, murakkab, qiyin, shu olatasir ichida bir-biringga ikki ogʻiz yaxshi gap aytishing shart. Hammaniyam rizqi yetib turibdi, hech kim sening rizqingga zor emas. Ammo odamlar ikki ogʻiz mehr soʻziga judayam zor…

 

* * *

Yillar oʻtaverdi.

Qiziq, umr goh shitob bilan oʻtayotganday, goh esa asta-sekin oqayotganday tuyuladi.

Otaning behisi tamomila qartaydi.

Tomorqa oralab oʻtgan ariqcha koʻmilayozdi. Chunki tepada kimdir suvni berkitdi.

Ariqcha qirgʻogʻidagi oʻtlar avvalgiday boʻliq oʻsmay qoʻydilar.

Bu suv qishloqning tepasidan, togʻlar bagʻridan keladi, derdi. Tusi oqish, toshdan toshga urilib, har xil maʼdanlarni eritib juda xushtaʼm boʻlib kelardi. Kelmay qoʻydi-ya…

Otam oʻshanda nima uchun behi ektirganini endi anglagandayman, deb oʻyladi u. Behi uzoq yashar ekan. Nok, yongʻoq, oʻrik ham. Qolganlarining umri qisqa ekan-da.

Qizalogʻim umri boʻyi shu mevadan totib yursin, degan ekan.

Lekin bolalarimga shuni uqtirolmay jonim halak.

Hoy, uying bugʻdoyga toʻlgur, koʻchat qadab qoʻy. Qush yesayam, qurt yesayam savob. Oʻynab yurgan kichkina bolachalar yesa, yana savob.

Sendan osh-non soʻrarmidi? Bir-ikki yil tagiga suv quyib tursang, bas. Ildizi namga yetib olgach, oʻzi oʻsib, meva solaveradi-ku? Yigʻib-terib olishga erinsang, mevasi seni kutib qanchadir vaqt shoxida turadi, keyin uzilib yerga ham tushadi.

Xudoyim butun olamni bahor payti odamning aqli yetmaydigan tur, is, shaklu qiyofada anvoyi chechaklar bilan bezashini koʻrmayapsanmi? Kuzda hammasini xasga aylantirib yuborishidan aqling shoshmayaptimi? Oʻsha goʻzalliklarning barini xazonga aylantirib, loy-tuproqqa qorishtirib tashlayotganidan hayiqmayapsanmi?

Raʼno kampirning tobi qochdi.

Qiziq, bir sabab yoʻq, bir joyi ogʻrimaydi, shu yoshga kirib bir marta kasal boʻlmagan odam, endi madorsizlanib, vujudidan kuch-quvvati ketib yotib qoldi.

Shuncha zahmatlarni koʻrgan koʻzlari endi yumuq, barmoqlari, iyagi holsiz titraydi, ajin bosgan yuzida, peshanasida ter koʻrinadi… keng-moʻl oʻrinda bir tutamgina boʻlib yotadi.

Goh xayollari orasiga kirib ketib, oʻzini bir mahallar ariq boʻyida kapalaklarni quvib yurganini koʻradi. Qizigʻi shundaki, u kapalaklar ham oʻsha kezlardagi kabi, Raʼno bilan gaplashadi.

– Yur, oʻynaymiz, – deya hilpirab uchishadi kapalaklar.

Qushlar hanuz tumshugʻida bir nimalar koʻtarib inlariga shoshishadi. Hanuz u inlardan palaponlar chiyillab, boshchalarini chiqarib qarab turishadi.

– Hoy, koʻzingni och, – deydi kimdir, erining tovushi bilan.

Raʼno oʻrnidan qoʻzgʻalmoqchi boʻladi, koʻzini arang ochib, erini koʻradi. Erning qaroqlari nam.

– Meni qoʻrqitmasang-chi, – deydi iyagi qaltirab.

– Ha, keldingizmi?

– Kelish nimasi, boshingdan qimirlamay oʻtiribman-ku?

– Otasi… ketib qolmasmikinman?

– Har nimani gapiraveradimi odam degan? – deb zarda qilmoqchi boʻladi er, ammo ovozida shiddat yoʻq, qaltirab chiqadi. – Koʻzingni ochsang-chi.

– Ozgina orom olay, – deydi Raʼno kampir, yalinchoq ovozda. – Salgina xolos, keyin turaman, otasi. Faqat…

– Gapiraqol.

– Faqat… “roziman” deb qoʻying, otasi…

– Roziman, – deydi shunda ota, koʻzining yoshlari duv etib oqib. – Mingdan-ming roziman, onasi. Xudoyim senday ayolni menga omonat qilib beribdi-yu, rozi boʻlmasmidim?

– Shukur… – deya pichirlaydi Raʼno va birdaniga tirish ajinlari yoyilib, kulimsiraydi.

 

* * *

Kulimsiragan mahali u oʻzini yana ulkan daraxtlar, shodon ariqcha, gapiradigan gul-chechaklar orasida koʻradi.

Ha, ariqcha, oqyapsanmi?

– Oqqanda qandoq? Shunaqangi toʻlib-toshib oqyapman-ki!

Sal narida bepoyon bir daraxtzor shovullab chayqaladi.

Oy havolab nur socharmish. Raʼno oʻsha daraxtzorning boshlanish joyida, oy yorugʻi chang kabi yogʻdulangan ingichka soʻqmoq boshida turganmish.

“Bu qanaqa daraxtzor boʻldi, ilgari sira koʻrmagan ekanman-a”, deb oʻylarmish hayratlanib.

Ajabki, oʻzi qizaloqligidagi kabi kuch-quvvatga toʻlgan, chaqqon emish.

Tevarakda hech kim yoʻqligi ham hayratga solarmish.

“Qoʻshni bolaning mazasi yoʻgʻiydi-ya”, – deb xayoliga kelarmish. – Shuni bir koʻrib chiqmadim-a, attang”.

Eri ham xayoliga kelarmish.

“Yana ancha-muncha ishlar bor, otasi, – dermish xayolan eriga, eshitib turganiga aniq ishonib. – Naylayin, qismat ekan, men endi shu yoqlarga kelib qoldim. Siz shoshmay turaqoling, hammasini bitirib, keyinroq kelarsiz”.

Shu soʻqmoqdan yursa, ortiga qayta olmasligini ham bilarmishu soʻqmoq qayga olib borar ekan deb, qiziqar ham emish.

Lekin oʻsha tomonga borishiyam shartmish.

Soʻqmoqqa qadam bosaman degan joyida, shundoqqina yoʻl chetida turgan Chimchilovchi Gʻalati Maxluqni koʻrib qoldi.

– Voy, – dermish sevinib. – Bu yoqlarda nima qilib yuribsan? Esingdami, bolaligimda meni qoʻrqitganlaring?

Chimchilovchi Gʻalati Maxluqning koʻzlari maʼyus emish.

– Nimaga indamaysan? – dermish Raʼno.

Shunda:

– Alvido, – debdi Chimchilovchi Gʻalati Maxluq maʼyus, qaygadir boshqa tomonlarga qarab.

U qaragan tomonlarda oppoq bulutlar suzar emish.

– Nimaga unaqa deyapsan? – deb soʻrabdi Raʼno.

Chimchilovchi Gʻalati Maxluq javob bermasmish.

Shundan keyin Raʼno oʻsha soʻqmoqdan ilgarilab boraverdi. Yuziga shamollar urildi.

– Siz ham shu yerda ekansiz-da, – dedi u yana suyunib. – Esingizdami, sochlarimdan yulqilar edingiz? Sochlarim qop-qora, uzun edi-da… Sadolanishlaringizni bosaman deb qancha qichqirsam ham ovozim gʻuvullashlaringizni bosib ketolmasdi. Mevalarni duvullatib toʻkib oʻtardingiz, osmonda qat-qat bulutlarni toʻdalashtirib haydab kelardingiz. U bulutlar yomgʻirlarni yogʻdirar edi, oʻsha yomgʻirlar ostida chunon qichqirib oʻynar edim-ki…

– Alvido… – deyishdi shamollar, ortga qarab esarkan.

Raʼno yanada hayratga choʻmib, soʻqmoqda ilgarilashda davom etarmish.

Butalar ostida kichkina malla tulki ham turgan ekan.

– Voy oʻlgur, sen ham shu yerdamiding? – dedi Raʼno unga.

– Xudoyimga shukur, hammangiz shu yerda ekansiz-ku, – dedi minnatdor boʻlib. – Hozir shunaqangi ajoyib baxtu saodatni sezyapman-ki! Kelinglar, hammamiz birgalashib oʻynaymiz.

– Alvido, – debdi tulki ham, maʼyus koʻzchalarini pirpiratib.

Ularning maʼyus turishlaridan ajablangan Raʼno yana yoʻlida davom etgan edi, saldan keyin ingichka, tevaragi gulu chechaklar bilan bezalgan, bir uchi bulutlar orasiga kirib ketgan havoyi soʻqmoq oldidan chiqib qoldi.

Soʻqmoqning tegrasida oʻsgan chechaklarga egilib, ularning oʻzi bir mahallar oʻtqazgan oqu qora rayhonlar va chinnigullar ekanini koʻrdi.

Bu yerda ham pechaklar, kurmaklar, ajriqlar bor ekan, ular yoʻl ustini qoplab, yam-yashil gilamcha hosil qilishibdi.

– Voy-boʻy, – dedi u soʻqmoq uchiga qarab. Oʻsha yerda ulkan bir daraxt koʻrinar, ostida oʻynab oʻtirgan kichkina qizchalar koʻzga tashlanarmish.

– U Toʻbi daraxti, – deyisharmish chechaklar. Uzoq-uzoqlarda, yanayam yuksakda juda ulkan bir nima koʻzni olguday boʻlib yaraqlab tovlanarmish.

Soʻqmoq ustidan qushlar uchib oʻta boshlashdi. Raʼno ularning ham oʻsha, oʻzi tanigan qushlar ekanini koʻrdi.

– Qayoqqa ketyapsizlar? – deb soʻradi u qushlardan.

– Bilmadik, yuksaklardan juda qudratli bir sado keldi, – deyishdi qushlar. – Oʻz-oʻzimizdan toʻplanib, oʻsha sadoga javoban chagʻillay boshladik. U tepayu pastdan, chapu oʻngdan, ich-ichimizdan bab-baravar keldi. Na yemishga, na palaponlarga qaradik. Don-dunlar, ucholmay qolgan palaponlar yer betida shundoq qolib ketaverdi, toʻlqin-toʻlqin kelayotgan oʻsha quvvatga istasak-istamasak boʻysundik. Shu uchishda togʻlaru choʻllar, daryoyu dengizlar uzra uchamiz, toki oʻsha sado “Yetar, bas” demaguncha.

– Palaponlar? Voy oʻlay, meniyam palaponlarim bor edi-ku?

– Vaqt-soati yetganida ular ham ortingdan kelishadi, – deyishdi qushlar. – Ular boradigan joyga sen sal avvalroq borib turaqol. Zotan, umr boʻyi shunday qilmadingmi? Boʻlaqol, oʻsha yerga yetib olsak, hammamiz birgalashib oʻynaymiz.

– Xoʻp, – dedi Raʼno, ularga ishonib.

“Haqiqatan ham, endi qoʻlimdan nimayam kelardi”, deb oʻyladi.

“Umr boʻyi erimning, bolalarimning kelishiga ovqat pishirib, choylarini damlab kutib oʻtirdim.

Uyimni sarishta qildim, haromu ziyon-zahmat oralatmadim, tomorqalarda ter toʻkib urinib-tirishdim.

Umrim boʻyi birovga yomonlik qilmadim, qoʻpol gapirmadim, bilganim mehnatu rizolik boʻldi.

Aslida, u joy hammaning ham borar joyi ekanini bilib turibman.

Modomiki shunday ekan, vaqtni oʻtkazib, bolalarimga ogʻirim tushib nima qildim? Ha, boraqolay, hali-zamon otasi ham ortimdan kelib qoladi, uni oʻsha yerda kutib olaqolay.

Nazarimda, oʻsha yoqda ham shu qadrdon uyim, valishlarim, tandir-oʻchogʻim boʻladiganday.

Nazarimda, ancha-muncha kishilar oʻsha yoqdayam xuddi oʻzimizning qishloqdagiday yashashayotganday.

Borsam, Xudoyim yana bir uy-joy ato etar, axir? Supurib-sidirib, ozoda qilib kutib oʻtiraman-da, qoʻlimdan yana biror nima kelarmidi?

Qurigan-netgan joyi boʻlsa, gulu rayhon ham qadab qoʻyarman, suvlar ham separman.

Qara-ya, hamma qoʻrqib-hayiqib yuradi, ammo sira unaqa emas ekan-ku?

Shunaqa, oddiygina ekan-ku”, deb oʻyladi.

“Tavba, odamning umrida hech nima yoʻqolmas ekan-da? Abadiyan yoʻqotdim degan narsalarimning bari xuddi oʻshandagiday.

Odamlar bilmaydigan bir hikmatni bilib oldim, afsus, aytay desam ilojim yoʻq”.

Shunday deb oʻyladi u.

Soʻng, xuddi bolasi yoqimli bir ish qilganida kulimsiragani kabi kulimsirab, bulutlar sari havolanib ketgan oʻsha soʻqmoqqa qadam qoʻydi.

Shu xotin, yuzu koʻziga arshu aʼlodan umri boʻyi nur yogʻilib turgan shu mushtipar ayol…

 

Xotima

Yana bahor keldi. Yana dalalar, yaylovlar, sen qadam qoʻygan yoʻlaklaru soʻqmoqlar uzra chappar urib nozlandi.

Sen ham bahor kabi emasmiding, onam?

Yoʻq, sen tuproq kabi eding. Bagʻridan anvoyi chechaklarni oʻstirib yuborgan va tevarakni goʻzalligu latofatga burkagan, insonlar uchun turli mevalarni yetishtirib gʻarq pishirgan, bolalaring hamda yaqinlaringning xoki poyiga yaslanib, oʻzini insonlar uchun xarj aylab yuborgan xoksor tuproq!

Yoʻq, sen suv kabi eding-ku, onaginam? Umring suvday oqarkan, mehring, sevging, bagʻrikengliging ila qalblarni yashillantirib gulu chechaklar ochtirgan, jon tomirlarga hayot musaffoligini yetkazib, oʻzi ham bir daryoday uzoq-uzoqlarga qaytmas boʻlib oqib ketgan…

Sen shamol kabi emasmiding, ona? Boshim uzra hayotbaxsh esib, umr kurtaklarini ochgan, havolarni almashtirib, qanchadan-qancha gullarni yashnatgan, unum keltirgan va shamollar kabi yelib-yelib oʻtgan…

Sen otash ham eding, nuridiydam! Harorating boʻlmasa edi, bolangning bu joʻshishlari, bu shiddati, bu gʻururi qaydan ham kelardi?

Qalbingning ichida nimalarni saqlaganingniyu nimalarni olib ketganingni men bilmasmi edim?

Izlaring qolgan tuproqlardan koʻzimdan yoshim oqib benavo kezar ekanman, mening shu kezishlarim, kuchu quvvatim, shaʼnu shavkatim, baxtu saodatim uchun oʻzingni qurbon qilib yuborganingni, qadringga yetolmaganimni oʻylab iztiroblarga choʻmmoqdaman.

Mehnatu zahmatlar aro qadoq qoʻllaring taftiga zorman, mehr toʻla bir qarashingni yana bir bor koʻrish uchun dunyolarni sarflab yuborishga ham tayyorman.

Uyimda yumushlarga urinib yurishlaringning oʻziyoq bir bebaho sarvat ekan-ku, xazinam mening!

…Axir, bahor ham keldi…

Sen qadagan gulu chechaklar yashnagan hovlida bolalarim oʻynab yurishibdi. Goho oʻyindan toʻxtab, nariroqda oʻz xayollariga gʻarq boʻlib odimlayotgan otalariga hayron-hayron boqmoqdalar.

Ular hali juda koʻp narsalarni bilishmaydi. Vaqt-soati kelib ulgʻayganlarida, men ham sen ketgan tomonlarga yoʻl olganimda… mening hozirgi ahvolimga tushsalar ham ajabmas… axir, oʻzing aytar eding-ku, umr bir charxpalak deya?

Biroq ona uyining hovlisi, daraxtlari, yoʻlaklari va bogʻchalari aro kezib yurgan otalarini bu tarz ezgin qiyofada koʻrishlarini istamayman. Koʻzlarining oldida doimo choʻng, togʻ kelbatli, mustahkam va tadbirli Ota oʻlaroq qolishni istayman.

…Koʻzimning yoshini kaftimning orqasi bilan artib, istiqbolimga chopib kelayotgan bolalarimga ham anduh, ham sevinch ila jilmayib yuzlanaman…

…xuddi bir mahallar oʻzing menga qarab, yoyilib, begʻubor jilmayganing kabi!

 

* * *

Ariqcha, oqyapsanmi?

– Ha, oqyapman, ey Egamning oʻgʻli…

 

Isajon SULTON

 

“Sharq yulduzi”, 2014–2

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.