Oʻn besh yoshli hukmdor

0
363
marta koʻrilgan.

Xuroson hukmdori Shohrux Mirzo otasi so­hib­qiron Amir Temur vafotidan soʻng toʻrt yil oʻtgach, nihoyat, gʻolib sifatida Turon poytaxti Samarqandga qadam qoʻydi. Amir Temur taxtini, uning vasiyatiga zid oʻlaroq, oʻzboshimchalik bilan egallagan nevarasi Xalil Sulton Movarounnahrda toʻrt yil hukmronlik qilgan, biroq siyosatdagi noshudligi tufayli, bir necha oy ilgari oʻz amirlari tarafidan taxtdan agʻdarilib, bandi qilingan edi. Shohrux Mirzo lashkar bilan shoshilinch safarga chiqib, Samarqandni egallab, jiyanini tahqirli asirlikdan xalos qilib, shafqatu muruvvat koʻrguzdi. Biroq Movarounnahr aholisining Xalil Sultondan koʻngli qolgan, u zindonband ekanida suyukli xotini Shodmulk shahar boʻylab sazoyi qilingan edi. Shohrux oʻz jiyanining tanazzuli sabablaridan biri ushbu ayol ekanini bilsa-da, Xalil Sultonning yagona iltimosini bajarib, xotinini qaytarishni buyurdi. Xotini bilan diydorlashgan shahzoda endi toju taxtdan judo boʻlganidan qaygʻurmas, yana oʻzini jahondagi eng baxtiyor kimsalardan deb bilardi. Ammo endi  Xalil Sultonning Samarqandda qolishi mumkin emasligi tufayli, Shohrux uni Erondagi Ray shahriga hokim qilib tayinlash haqida farmon chiqardi. Shahzoda Shodmulkni olib, jahongir bobosi saltanati poytaxti va oʻzi – yanayam aniqrogʻi, oʻzi va suyukli xotini birgalikda – toʻrt yil hukmronlik qilgan muazzam shaharni abadiyan tark etdi.

Endi Samarqand ahli Shohrux Mirzoning oʻz ota­si taxtiga chiqishini sabrsizlik bilan kutar, zero sohibqironning tirik qolgan yagona oʻgʻli sifatida u bu sharafga eng haqli kishi hisoblanardi. Biroq Shohruxning boshida boshqa oʻy-fikrlar gʻujgʻon edi…

Avvalo, u otasi tirikligidayoq Xuroson hukm­dori etib tayinlanib, bu oʻlkaga ancha koʻnikdi. Soniyan, Xuroson poytaxti Hirot temuriyzodalarga tobe mulk­larning deyarli qoq markazida edi. Boz ustiga, masjidu madrasalar  qurdirib, Xuroson obodonchiligiga katta hissa qoʻshgan xotini Gavharshodbegim ham saltanat poytaxti aynan Hirot shahri boʻ­lishini istardi. Demak, oʻgʻillaridan biriga nasib etgusi Samarqand taxti…

Shohrux Mirzo oʻgʻillarining yoshlari orasida farq katta boʻlmasa-da, toʻngʻich oʻgʻli – oʻn besh yoshli Muhammad Taragʻay Ulugʻbek yaqqol ajralib turardi. Choʻzinchoq yuzi, qirra burni, hamisha qatʼiyat aks etib turuvchi oʻtkir nigohi bilan jahongir bobosiga nihoyatda oʻxshab ketgani tufayligina emas. Kuchli xotirasi,  quvvai zehni, ilmga mehri, shahzoda boʻlishiga qaramay, zamonning har bir yirik olimiga shogird tushishga moyilligi bilan ham.

Otliq jarchilar Samarqandning silliq tosh yot­qizilgan koʻchalari boʻylab farmoni oliyni eʼlon qilishdi: “Bugundan eʼtiboran Movarounnahr hukmdori Muhammad Taragʻay Ulugʻbek Koʻragondur. Shahzodayi jahon bu oʻlkani padari buzrukvori, hoqoni said sulton Shohrux Mirzo nomidan boshqaradur”!

 

* * *

Qutlovga kelgan Samarqand amirlari, aʼyonlar, ulamoyu fuzaloga ruxsat berilgandan soʻng, ota-oʻgʻil Koʻksaroydagi Amir Temur xazinasiga tushishdi. Zarboft chopon kiyib, boshiga yoqutlar qadalgan simobiy salla oʻragan Shohrux Mirzo tutqichi fil suyagidan yasalgan aso ushlab olgan, aft-angorida jindek horgʻinlik sezilardi. Ulugʻbek bolaligida koʻp tushib oʻrgangani tufayli, nimqorongʻulikka qaramay, marmar zinalardan chaqqon yurib borardi. Kech tusha boshlagani uchun, soqchilar xazinaning keng xonalarida mashʼalalar yoqib turishar, ularning yogʻdusida xazinabonning oppoq oqargan yuzi va qoʻrquvdan olazarak koʻzlari boʻrtib koʻrinardi.

Ulugʻbek bolaligida har gal kirganida xazinada yetti iqlimda yasalgan nafis buyumlar, sandiq-sandiq oltin-kumushlar, qimmatbaho toshlar, hatto u nomini ham bilmaydigan gʻaroyib narsalar boʻlardi. Voajab, hozir xazinaning xonalari boʻm-boʻsh va oʻpqon kabi yutaman deb turganini koʻrib, u koʻzlariga ishonmasdi. Baʼzi xonalarda hali tashib ketilmagan bir necha sandiqlar turardi. Shohruxning ishorasi bilan ochilganda, ular ham boʻm-boʻsh ekanligini koʻrishdi.

Sohibqiron bobosi davrida ham Ulugʻbek xazinadan koʻp miqdorda boyliklar chiqarilganini koʻrgan. Odatda, Amir Temur biron muhtasham imorat qurishga qaror qilganida yoki olis oʻlkalarga sovgʻa-salomlar bilan elchilar karvonini joʻnatganda shunday hol roʻy berar, lekin sarflangan mablagʻ oʻrni tezda toʻldirilardi.

“Xalil ogʻam Samarqandda biron oʻrtacha imorat ham bunyod qilmadi-ku, – ogʻriqli oʻylar xayolidan kechdi Ulugʻbekning. – U holda marhum bobomning shunday ulkan xazinasini qayga va nimaga sarf etdi ekan?” Biroq shahzoda bu haqda ovoz chiqarib otasidan soʻrashga jurʼat etmadi. Yetti iqlimdagi eng katta xazinaning shamolga sovurilganini koʻrib, hukmdorning yuziga afsus va achinish soya tashlaganini u mashʼalalar yorugʻida payqagan edi.

Xazinadan qaytib chiqishayotganda oyoq ostida yilt etgan bir narsa Shohrux Mirzoning diqqatini tortdi. U toshga yopishib, ustini tuproq koʻmayozgan narsani hassasi uchi bilan koʻchirdi va engashib qoʻliga oldi. Bu – bir dirhamlik kumush tanga ekan. Sulton shohi dastroʻmolini olib, uni tuproqdan tozaladi, tangadagi “Amir Temur Koʻragon” deya oʻyib bitilgan yozuvni peshonasiga tekkizib dedi: “Allohga shukrki, mana shu bir dirham tufayli biz jahongir otamiz xazinasidan bahramand boʻldik”.

 

* * *

Ota-oʻgʻil Koʻksaroyning bir paytlar Amir Temur ulugʻ rejalar tuzganida kirib oʻtirishni sevadigan, devorlariga yetti iqlim oʻlkalarining xaritalari chizilgan xonada suhbatlashishar, toʻgʻ­rirogʻi, Shohrux Mirzo Hirotga qaytish oldidan Movarounnahrda oʻz noibi sifatida qoldirayotgan oʻgʻliga davlatni boshqarish yuzasidan yoʻl-yoʻ­riqlar berar, Ulugʻbek ularni jon qulogʻi bilan tinglab, ayrim nasihatlarni soʻngroq takror oʻqib, magʻzini chaqish uchun oldidagi daftarga tez-tez bitib olardi.

– Koʻzimizning nuri, toʻngʻich farzandimiz Mu­hammad Taragʻay, – salmoq bilan davom etdi Shohrux Mirzo. – Kalomi sharifda zikr qilinganidek, “Mulk Al­lohnikidir va Alloh uni xohlagan kishisiga ato etadi”. Karami keng Alloh Movarounnahr yangligʻ jannatmonand, otameros yurtimizni bizga ato qildi. Yaratgan Egamning bu lutfu inoyatiga biz raiyatparvarlik hamda oqilona siyosat bilan shukrona keltirmogʻimiz lozim. Shundoq ekan, paygʻambarimiz Muhammad sallallohi alayhi vasallam oʻrnatgan adolatli qonunlarni moʻ­minlar orasida joriy etuvchi qozilar qoʻlini shariat hukmlari ijrosida baquvvat tuting. “Hidoya” muallifi Burhonuddin Margʻinoniy avlodlariga alohida eʼzoz-ikrom koʻrguzing. Olam obodonligining sababi va odamzod rizqining vositasi boʻlmish dehqonlarni zulmu adolatsizlikdan himoya qilib, adlu insof bilan oʻzingizga yaqin eting. Davlat sarhadlari soqchilari va mamlakat himoyachilari boʻlmish lashkarlar toifasini ochiq yuzli va xushmuomalalik bilan oʻzingizga sodiq va itoatkor qilib, maoshlarini belgilangan vaqtda toʻla yetkazib turing. Chegaralarga ish koʻrgan, tiriklikning achchiq-chuchugini totgan odamlarni tayinlang. Baʼzi xizmatni tashlab qochuvchilarga saza berib, qilmishiga yarasha jazolang. Xullas, barcha hollarda paygʻambarimizning “ishning yaxshisi miyonasidir” degan hadisi sharifiga amal qilib, haddan ortiq yoki keragidan oz chora koʻrishdan ehtiyot boʻling.

Biron bir, boringki, eng xayrli mashgʻulotga ham, siyosat va davlatni boshqarishdan ziyodaroq vaqt sarflamang. Chunki endi siz katta bir mamlakat hukmdorisiz. Shu yoshingizdayoq qanchalab tarixiy asarni mutolaa qilganingiz tufayli, bu sohada sizga dars berish ortiqcha. Biroq oʻgit tariqasida ikkita misol keltirmoqchiman. Birinchisi shuki – moʻgʻul xoni Halokuxon Bagʻdodni zabt etganida xalifa al-Muʼtasim taxtda oʻtirgani sizga ayon. Haloku magʻlub boʻlib, asirga tushgan xalifa xazinasida oltinu kumush, marvaridu javohirlar xirmon boʻlib uyulib yotganini koʻrib, taajjub qilibdi. Holbuki, bu mablagʻga katta lashkarni qurollantirib, dushmanga qarshi jangga solmoq mumkin edi. Koʻringki, ochkoʻz xalifa hatto oʻzi, toju taxti va mamlakati himoyasi uchun ham yiqqan oltinlarining bir qismini-da, sarf qilmoqni istamagan. Haloku: “Qani koʻraylik-chi, bu oltinlar seni oʻlimdan qutqara olarmikin?” – deya, uni oʻz xazinasiga qamab qoʻygan. Xalifa oltinlar uyumi orasida ochlikdan tirishib halok boʻlgan.

Ikkinchi misol esa hozirgi kundan. Mening jiyanim va sizning amakivachchangiz Xalil Sulton padari buzrukvorimiz tirikligidayoq onhazratning safdoshlaridan biri amir Hoji Sayfiddin haramidagi bir kanizakka oshiqi beqaror boʻlib, uni olib qochib, beruxsat uylandi. Amirlarga quyuq vaʼdalar berib, Samarqand taxtiga oʻtirgach ham, har bir yumushni mana shu xotini koʻngliga qarab bajardi. Bu ayolning nazari tushgan tagi past qullar, ertaklardagidek bir kunda molu mulkining hisobini oʻzi ham bilmaydigan boylarga aylanishdi. Holbuki, Xalil Sulton boʻydoqligida shijoatli, dovyurak, yovqur boʻlib, Hindistondagi muhorabada butun lashkar fillardan qoʻrqib sarosimaga tushganda, oldinga otilib chiqib, eng katta filning xartumiga nayza urib, qoʻshin ruhini koʻtargan. Afsuski, filga bas kelgan er yigit bir zoti past ayolning izmiga oʻz ixtiyorini qoʻsh qoʻllab topshirdi. Amirlarning Xalil Sultonga sadoqati esa to Samarqand xazinasi tamoman sovurilguncha  davom etdi va voqeaning bu yogʻi oʻzingizga yaxshi maʼlum.

Siz ham endi taxt sohibi boʻlgach, ilmi hayʼat kitoblari mutolaasi-yu, tunlari sayyoralar va yulduzlar harakatini kuzatish kabi mashgʻulotlaringizni bir oz chegaralab, – otasi bu soʻzlarni aytayotganida Ulugʻbekning yuziga qizillik yugurib, tiyrak koʻzlari chaqnadi, biroq bu uyatdanmi yoki shavqdanmi ekanini Shohrux Mirzo anglayolmay qoldi – diqqat-eʼtiboringizni koʻproq saltanat yumushlariga qa­rating. Toʻgʻri, ilmu fanga ixlos – bu oltinga hirs qoʻyish yoki husndor ayolning chayon yangligʻ zulfiga bandi boʻlish kabi koyishga sazovor bir ish emas. Biroq siz sultonsiz! Binobarin, saltanat yumushlaridan boshqa mashgʻulotlarga keragidan ortiq chalgʻigan hukmdorning mamlakatida zimdan va oshkora tarzda fitnalar yetilmogʻini zinhor esdan chiqarmang. Zero, boʻsh qoʻyilgan jilovni boshqalar oʻz qoʻliga olmoqqa intilur. Saltanat sirlarini chuqur egallamogʻingiz va davlatni boshqarishni batamom oʻz qoʻlingizga olish iqtidorini kasb etguningizga qadar, otabegingiz amir Shohmalik Samarqandda – sizning huzuringizda qolur. Barcha muhim davlat ishlarini saltanatimizga shoyon xizmatlari singgan ushbu ulugʻ amir bilan bamaslahat hal qiling.

 

* * *

Otasini Buxoroga dovur kuzatib qaytgan Ulugʻbek Koʻksaroydagi Amir Temur taxti qoʻyilgan salomxonaga oshiqmadi. Saroyning devorlariga marmar qoplangan hammomida yuvinib, yengil liboslarni kiygach, bolalikdan oʻziga qadrdon boʻlib qolgan bir xonaga kirdi. Undagi tokchalarga katta-kichik kitoblar terilgan, xontaxtada taxlam-taxlam aʼlo sifatli Samarqand qogʻozlari, dovot va qalamlar qoʻyilgandi. Bir necha yillik judolikdan soʻng, nihoyat, ustozi Qozizoda Rumiy bilan xoli suhbatlashish imkoni tugʻilganidan Samarqandning yangi sultoni nihoyatda masrur edi. Ustoz-shogird quchoqlashib koʻrishishdi. Ulugʻbek mosh-guruch soqolli, nuroniy yuzli, tunlari engashib usturlobda osmon jismlarini kuzatish natijasida qaddi biroz bukinqiragan allomani, unamaganiga qaramay, toʻrga chiqarib oʻtirgʻizdi. Qozizoda shogirdiga uzoq umr va saltanatiga rivoj tilab, duoyi fotiha qildi.

– Ushbu xonada sizdan olgan saboqlarim soʻngra qoʻlimga tushgan ancha murakkab kitoblarni oʻqib tushunishimga katta yordam berdi, ustoz, – dedi Ulugʻbek koʻzachadagi gulobdan chinni kosaga quyib uzatar ekan. – Endi, janoblariga malol kelmasa, haftada ikki-uch bor oʻshal saboqlarni davom ettirsak.

Qozizoda taxtga oʻtirgach ham, ilm kasb etishga ishtiyoqi soʻnmagan shogirdiga ehtirom va mamnuniyat bilan boqarkan, oʻz mulohazasini aytdi:

– Kaminangiz ham aslida Rumdan Samarqandga ilm izlab kelgan. Endi oʻrganganlarimni sa­mar­qandlik ilm toliblariga – ayniqsa, ularning eng tirishqogʻiga – oʻrgatolsam, bu ulugʻ shahar oldidagi qarzlarimning bir qismini uzgan boʻ­larmidim. Biroq, mashgʻulotlar davlat ishlari bilan shu­gʻul­lanishingizga xalal bermaydimi?

– Baʼzida shunday hollar yuz bermogʻini eh­ti­moldan soqit qilib boʻlmas. Mana bugun ham ota­begim amir Shohmalik aʼyonu sarkardalarni yigʻib, mashvarat oʻtkazmoq lozimligini aytdi. Siz birla suhbatga oshiqqanim uchun mashvaratni ertaga qoldirdim. Chunki saboqlarim chala qolishini istamasman. Ayniqsa,  ilmi hayʼat sohasida mukammal bilim egallamoqchiman.

– Kamina hozircha faqat nazariy bilimlarni oʻr­gata olaman.

– Amaliyotga ham oʻtamiz, albatta. Ustalar topib, bir necha kuzatuv olotlarini yasattiramiz. Kelajakda esa rasadxona ham bunyod etamiz. Men Marogʻa shahridagi alloma Nasriddin Tusiy kuzatuvlar olib borgan rasadxona haqida maʼlumotlar yigʻdirdim. Uning hozirda faqat vayronalari qolgan boʻlsa-da, muhandislar imorati tarhini taqriban asliga mos qilib chizdilar. Albatta, bizning rasadxona Tusiynikining bir takrorigina boʻlib qolmas. Ilmi hayʼat kitoblari va rasadxonalar haqidagi maʼlumotlarni yigʻishda davom etamiz.

Movarounnahrning yirik shaharlarida yangi mad­rasalar bunyod etamiz. Mamlakatda ilmli odamlar qancha koʻpaysa,  u shunchalik taraqqiy etgusi. Ulugʻ bobom Temurbek Samarqand madrasalarida tolibi ilmlarga beriladigan tahsil pulini bir necha barobar koʻtarganlari bejiz emas. Shunda ular hech narsaga zoriqmay, faqat ilm kasb etishga mashgʻul boʻlishadi. Xalil ogʻam oʻzi ashʼor bitishga moyil boʻlganidan koʻproq shoirlarga homiylik qildi. Bu ham zarur, albatta. Biroq, biz shunga erishaylikki, ilmga chanqoq yoshlar fanning istalgan sohasi boʻyicha ilm olishlari uchun Samarqandda barcha shart-sharoitlar muhayyo boʻlsin.

– Sizning soʻzlaringizni tinglarkanman, tez orada Samarqandda bir necha asr burungi Bagʻdod va Xorazmdagidek bayt ul-hikma bunyod etilishiga ishonchim ortmoqda.

– Koʻnglimdagi eng buyuk orzuimni yanglishmay ang­ladingiz, ustoz. Jahongir bobom davrida Samarqand yer yuzining siyosiy markazi boʻlgan boʻlsa, endi uni zamonning ilmiy markaziga aylantiraylik. Chinga borib boʻlsa-da, ilm izla, demish donishmandlar. Kelasi yili qiblagohim Chin mamlakatiga elchilar yubormoqchi. Biz oʻzimizning elchilarni ham ularga qoʻshib joʻnatamiz. Shu bois, shogirdlaringiz orasidan bir uquvlisini tanlang. Elchilar bilan birga joʻnab, boshqalar xitoyi ipak va chinni xarid qilishganda, u ilmi hayʼatga doir kitoblarni izlab, puliga qaramay sotib olsin. Xalqlarning dini turlicha boʻlishi mumkin, biroq ilm butun bashariyat uchun yagonadir.

Maroqli suhbatdan soʻng Ulugʻbek ustozini saroy darvozasigacha kuzatib chiqdi. Qozizoda Rumiy masrur oʻylarga berilib, uyiga qaytar ekan, jahongir Amir Temur marhum alloma Saʼduddin Taftazoniyni har gal saroy darvozasigacha kuzatib chiqqanini esladi. “Ha, Mirzo Ulugʻbek sohibqiron Amir Temurga munosib nabira, – koʻnglidan kechdi olimning. – Inshoolloh, uning shuhrati bobosinikidan kam boʻlmagay. Ulugʻbek kelgusida bitajak kitoblar Temur lashkari yetmagan mamlakatlarga dogʻi yetib borsa, ne ajab!”

 

Gʻulom KARIMIY

 

“Yoshlik”, 2014 yil 1-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.