Omonat

0
78
marta koʻrilgan.

– Ayvonda mogʻor bosib yotaveradimi, bir qopgina turshak ekan-da, olib chiqib soting, dadasi, u yogʻi bir gap boʻlar.

Xotini qaytib kelib tagʻin shu gapni takrorlamasin deb Mirsafo soʻkib berdi:

– Egasi kelib qolsa, oʻrniga seni chiqarib koʻrsatamanmi?

Shundan soʻng tirikchilik qaysar Mirsafoning boshiga “Sen kim boʻpsan?” deganday, shunday kunlar soldiki, u oʻzini yoʻqotayozdi. Shoʻrlik bu dunyoda odam qatori toʻrt kun umr kechirish toshdan ham qattiq boʻlishini umri poyoniga yetib borayotgan mana shu pallalarda anglab yetdi. Homid savdogar qoldirgan omonati – bir qop turshak tushlariga kirib chiqadigan boʻldi.

Agar Xudo insof berib xotini poʻpisani unutib, yana turshak haqida ogʻiz ochsa, Mirsafo, jon deb qopni koʻtarib bozorga yoʻl olishni koʻngliga tugib qoʻydi. Xotin esa qayta churq etmadi.

Ayoli indamagan sayin koʻngli gʻash boʻldi. Koʻzi ayvon chetidagi qopga tushganda u oʻzini qoʻyarga joy topolmay qolardi. Tanishi nega kutilmaganda qorasini koʻrsatmay qoʻydi? Izlab borishning oʻzi boʻladimi?

Savdogarlardan soʻrab-surishtirdi. Daragini topmadi. Oxiri bir kun ayoliga yorildi:

– Turshakni nima qil deysan, xotin?

– Egasi soʻrab kelsa…

– Seni chiqarib beraman! – quyushqondan chiqdi er. – Oʻylamasdan valdirayverasanmi?

– Sotganingiz maʼqul, – mungʻayib javob qildi xotini. – Omonatini soʻrab kelsa, pulini, yoʻq desa, oʻshancha turshak olib berarsiz.

Mirsafo sovib qolgan choyini hoʻplab, bir toʻxtamga kelganday boʻldi.

Ertasi azonda ayvondagi qopni orqalagancha yoʻlga tushdi, bozor oralab xaridor izladi…

Xizrni yoʻqlaganday qarshisidan Homid savdogar chiqib qolsa-ya! Yelkasidan togʻ qulardi. Ochigʻi, ish shu tariqa ketsa, uni biroz koyishni ham diliga tugib qoʻydi. Savdogar degani sal pishiqroq, puxtaroq boʻlmaydimi? Bunday bir manzilini ham qoldirib ketmagan. Omonat deb bir moʻminni tiriklay goʻrga tiqib ketasanmi, qanaqa musulmonsan oʻzi?

* * *

Koʻp yillar burun tasodifan bozor eshigida uchrashib qolgan savdogarning yoʻli bu tomonlarga tushsa, albatta, Mirsafoni yoʻqlab kelar, yotib ham qolar, uch-toʻrt kun bozorlarni aylanib, ishlari saranjom boʻlgach, yana “Sayr ham sayr…” degancha eski hikmatni zamzama qilib qaytib ketardi.

Ammo oʻshandan buyon Homid savdogar bu tomonlarga qadam bosmadi.

“Yo, ranjidimikin? Yoʻq, boʻlishi mumkin emas. Biror dardga chalinmadimikin? Tinch, omonmikin ishqilib?”, oʻyladi Mirsafo. Homid besabab bunday qilmasdi. Ammo qoldirgan bir qop turshagi uni tiriklay ikki oʻtning orasiga tashladi. Oʻrtada omonat boʻlmaganda, Mirsafo bir vaqtlar shunchaki tasodif bois bozor eshigida uchratgan tanishi keyinchalik uni yoʻqlamay qoʻyganidan balki bunchalik ozor chekmasdi.

Xudo oʻzi kechirsin, shu kuni Mirsafo turshakni pulladi. Pulni belbogʻiga tugib, bozor aylandi, keyin yoʻlga tushdi. Kechga yaqin xuddi musofir qoʻnoqdek bir eshik qoshiga kelib toʻxtadi, ortiga bir qarab qoʻyib, astoydil eshikni qoqdi. Shoshib eshik ochgan ayoli qandaydir musofir emas, ostonada ertalab bozorga ketgan eri turganini koʻrib aqldan ozishiga oz qoldi:

– Ha, tinchlikmi?

– Qoch yoʻlimdan.

Mirsafo kun boʻyi eski tanishi haqida oʻylayverganidanmi, bir qop turshak tashvishi qattiq charchatdimi, negadir parishon boʻlib, ari uyasidek gavjum Payshanba bozorini ortda qoldirib Sahhob oʻgʻli Homid savdogar degan tanishining xonadonini axtarib yurdi. Mana, topdi ham. Biroz taraddudlanib turgach, astoydil qoqayotgan darvoza savdogar tanishining eshigi emasligini, oʻzining uyi roʻparasida turganini payqab qoldi. Eshik ochilib qarshisida xotinini koʻrgach esa, sir boy bergisi kelmadi. Qurgʻur parishonlik, omonat turshak Mirsafoga pand berdi.

Kechqurun erining tagʻin tund qiyofasini koʻrgan ayoli oʻzini tutib turolmadi:

– Yana azami? – dedi norozi boʻlib. – Qurib ketsin oʻsha qandakfurush. Kelsa, ana, birmas, oʻn qop turshak olib ketsin, kelmasa oʻsha turshagi ordona qolsin, qanaqa odamsiz oʻzi! – javray ketdi.

Mirsafo jim oʻtiraverdi. Xotin zotiga nima? Eski kitoblarda yozilganidek, moʻrt narsa. Mirsafo hozir choʻk tushib: “Hamma narsaning javobi bor! Shuni bilasanmi oʻzi?“ deya tushuntirsa, nima, xotiniga aql kirib qolarmidi.

– Dadamirzo Namangoniy naql qilgan voqeani senga aytganmidim, onasi? – dedi oʻziga kelgan Mirsafo.

– Ichingizda qolib ketmasin…

Kutilmaganda Mirsafoning yuzi yorishganday boʻldi:

– Chortoq tomonlarda oʻziga toʻq bir badavlat kishi oʻtgan ekan, – dona-dona qilib boshladi Mirsafo. – Oʻlimidan oldin uch oʻgʻlini qoshiga chorlab, toʻrt koʻza oltinni koʻrsatib, mendan keyin buni teng boʻlib olinglar, deb vasiyat qilibdi. Faqat bir shartim bor, men lahadga qoʻyilganimda birlaring yonimda ertalabgacha qolasan…

– Oltinlari aqldan ozdirgan ekan-da cholni, tavba! – qoʻllarini yoqasiga olib bordi Mirsafoning xotini.

Mirsafo yonayotgan olovdan koʻzini uzmadi:

– Qazoci yetib ota vafot etibdi. Soʻnggi amr vojib, farzandlar oʻz burchini bajarishga kirishibdi. Uzoq bahsdan keyin oʻsha atrofda oʻtin sotib amallab kunini koʻrib yuradigan yigitni topib kelishibdi. Bir kecha otamizning qabrida tunaysan, erta bilan mana bu bir koʻza oltinni olib uyingga joʻnaysan, deyishibdi. Oʻtinchi shartga koʻnibdi.

– Yo tavba, yo tavba! – Mirsafoning ayoli yoqasini ushladi.

– Bir kecha nima? – Er xotiniga eʼtibor bermasdan davom etdi: – Oʻtinchi arqonini beliga boylab, qabrga kirib yotibdi. Saharda uch oʻgʻil vaʼdaga muvofiq yetib kelishib, qabrni ochishibdi. Shunda oʻtinchi yigit lahaddan chiqa solib ortiga qaramay qochib ketayotganmish.

– Oltinni olmay-a?

Mirsafo chalgʻimadi:

– Marhumning oʻgʻillari uning ortidan choparmish, “Bir koʻza oltin seniki”, deya. “Axir, kelishganmiz-ku?..”

– Oltin oʻzlaringga siylov! – qocharmish oʻtinchi.

– Toʻxta, qanday odamsan oʻzi? – deyishibdi oxiri aka-ukalar holdan toyib.

– “Tong otguncha bir quloch arqonni qayerdan olganimning javobini bera olmadim-u, bir koʻza oltiningni boshimga uramanmi”, deb qocharmish oʻtinchi.

Oraga jimlik choʻkdi.

Mirsafoning ayoli koʻpdan beri eri nimadan bunchalar ozor chekayotganini endi sal payqaganday boʻldi. Bir qop turshak va bir quloch arqonni koʻz oldiga keltirdi-yu, koʻngli maʼyus tortdi. Koʻz oʻngida xuddi bir quloch arqon javobini ertalabgacha berolmagan oʻtinchi yigitdek, yelkasiga bir qop turshakni orqalab izillab yurgan erini tasavvur qildi.

– Olmoqning bermogʻi, yemoqning qusmogʻi borligi rost ekan-da, dadasi, – dedi.

Choli indamadi.

* * *

Yoʻlovchi dovrugʻi uzoq-uzoqlarga dovur ketgan sharqona bozorning shovqin-suron rastalarini ortda qoldirib, kunbotarga qarab ketdi. Tangrining marhamati bilan, nihoyat, katta shaharning katta mahallasida – Sahhob oʻgʻli Homid savdogarning keksa balx tuti soya solib turgan ikki tabaqali darvozasiga yetib keldi. Yelkasidan bir qop turshakni ohista yerga qoʻyib, eshikni qoqdi…

U hali oldinda, toʻgʻrirogʻi, ichkarida oʻzini nelar kutayotganini bilmasdi. Otasining tanishi Homid savdogar bir necha yil burun qazo qilib ketganini, savdogar oʻlimidan oldin farzandlariga Mirsafo degan tanishi haqida gapirganini, unga atayin bir qop turshak qoldirib kelganini, bu Parvardigorning omonati – shu bois qadrdonlik rishtalari uzoq-uzoq yillar uzilmay davom etishi kerak, deya bolalariga vasiyat qilganini bilmasdi.

Yoʻlovchi bir muddat turib qolgach, yana darvozani qoqa boshladi.

Ichkaridan toʻlachadan kelgan, epchilligi yuz-koʻzidan koʻrinib turgan kishi ostonada ikkilanib turgan qoʻnoq otasining koʻp yillik tanishi Mirsafo amakining oʻgʻli ekanini bilgach… quvonchdan boshi osmonga yetdi.

Aziz mehmon hurmati poyiga jonligʻ soʻydi, takalluflar qildi, eʼzozlar koʻrsatdi.

“Sizni yoʻqlab oʻzim boray desam, har gal otam qoldirib kelgan bir qop turshak koʻz oʻngimdan oʻtaveradi, shuncha yerdan omonatini qistab kelibdi degan oʻyga borishmasin derdim, endi yoʻl ochiq, turshak andishasi yoʻq”, dedi Homid savdogarning oʻgʻli dasturxon ustida kulib.

Yoʻlovchi bu xabar bilan uzoq yoʻl bosib uyiga kirib kelganda holdan toygan, kasal otasi toʻshakdan turib ketishini hali bilmasdi.

 

Alisher NARZULLO

 

uzas.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.