Olam bus-butun…

0
187
marta koʻrilgan.

Osmonning tagi teshildi: yomgʻir yogʻdi, shovva yogʻdi. Chelaklab quydi, deganlari ham buncha boʻlmas-ov. Juzumkoʻz momo ayvonga chiqib, ustunga suyangancha kunbotarga koʻz tikdi. Oq roʻmoli sirgʻalib boshidan tushdi, koʻk roʻmolining chetidan oppoq sochlari koʻrinib qoldi. Koʻzlari moʻlt-moʻlt etdi, ikki tomchi yosh dumaladi. Halviragan uzun yengi bilan yuzini artib, xoʻrsindi:

– Oʻ-oʻ, bolam-a! Boshidan suv oʻtib ketdi ulimning…

Ichkaridan ayolning jon achchigʻida chinqirgani eshitildi. Kampir roʻmolini yerdan olishni ham unutib, uyga qarab yugurgiladi:

– Oyimxol!.. Nima, ilon chaqdimi?! Qizim…

Eshikka yetayozgan edi, uydan koʻk koʻylakli juvon chiqdi: boshi tangʻib bogʻlangan, bir qoʻli yoqasida, kesakiga suyangancha “tuf-tuf”lardi.

– Ha, bolam? Yomon tush koʻrdingmi?

Oyimxol bosh irgʻadi. Tund osmonga tikilgancha karaxt turib qoldi. Keyin onasining oyogʻi yalangligini koʻrib, boʻsagʻadagi kovushlardan birini keltirib, tashladi.

– Oyogʻingizga kiymaysizmi? Yosh boladaysiz-a, ena… Yotgan roʻmolni qoqib-suqib, kampirning yelkasiga yopdi. – Yomon tush koʻribman.

– Oqar suvga ayt… – dedi Juzumkoʻz momo beixtiyor tagʻin ustun tomon yurib. Hozir ariqqa borib boʻlarmidi, degan oʻy oʻtdi xayolidan.

Oyimxol onasi suyanib turgan ustun tagiga choʻkkaladi-da, tarnovdan sharillab tushib, hovli etagiga qarab egri-bugri yoʻl solib oqayotgan loyqaga yuzlandi:

– Akam chiqqan uyda ajdaho bor emish, badani laxta-laxta qon emish, chinqirib koʻchaga otilgan emish…

Kampir “shilq” etib oʻzini tashlab yubordi. Qizi shoshib qoldi:

– Ena! Ena! Sizga nima boʻldi? Huy, kim bor-ey, yordam beringlar…

 

* * *

Momo hushiga kelganida qalin koʻrpa ichida yotardi. Yonboshida dasturxon yozigʻliq: ustma-ust uchta non – yana biri sindirib tashlangan, qizil taram-taram parvarda sochilgan, toʻrt-beshta qizil olma – bittasi yarimta. Kampir koʻzi bilan mevaning ikkinchi pallasini qidirdi… Oyoq betida qizi bilan Maston kayvoni oʻtiribdi.

– Ena, qoʻrqitvordingiz-ey! – zoʻraki ohangda koʻtarinki gap boshladi Oyimxol, onasi koʻzini ochganidan quvonib.

– Ha, sovuq oʻtgan-da… – dedi kayvoni hamdard ohangda. – Ichiga issiq kirsa, otday boʻlib ketadi.

Kampir indamadi, shiftga tikilib yotaverdi, oyoqlari muzlab borardi. Qizidan mashʼum tushi haqida yana soʻrayin dedi, soʻrolmadi.

– Akamdan ajraganimiz yetmasmidi, – ginaxonlik qildi Oyimxol. – Boshimizda duogoʻy boʻlib yuring endi. Birin-birin ikki akamdan ayrildik. Otam oʻtib ketgan boʻlsa…

– Koʻrgilik, aylanay, koʻrgilik! – kayvoni odamlarning qora kunida gʻam-tashvishiga koʻp sherik boʻlgan, bunaqa paytda aytiladigan gaplar osongina tilidan uchaveradi. – Kim oʻylabdi deysiz, Arslonboyning toʻppa-toʻsatdan… Har qadamidan yer gursillardi-ya. Egamning irodasi-da…

Sochlari jamalak qiz laʼlida uch kosa shoʻrva keltirdi. Eshitilar-eshitilmas salom berdi-da, ovqatlarni uzatib, choynakni olib chiqib ketdi. Oyimxol onasining boshini balandroq koʻtarib, suyuq ichira boshladi. Ikki-uch qoshiqdan keyin kampir qaltiroq qoʻllari bilan qizining etagidan tortdi: “Boʻldi”. Teskari oʻgirilib yotdi, mehmon bormi ham demadi. Issiq koʻz yoshlari ajinlari boʻylab yugurdi, ogʻzida shoʻrtang taʼm his qildi.

 

* * *

– Voy, oʻldi-i-im! Uxlab qolibman-a! – Juzumkoʻz oʻrnidan irgʻib turdi, kuyovi ham allaqachon uygʻongan chogʻi. Munday turtib oʻtsa boʻlardi-ku! Pardani koʻtarib, derazani ochdi, tashqari qaradi: oftobning ilk nurlari terakning uch yaproqlarida yaltirardi. Shoshib hovliga chiqdi-da, soʻritok tagidagi oftobadan yuz-qoʻlini yuvib, sut paqirni izladi. U yon-bu yon koʻz tashladi – yoʻq. Qaynonasi sigirlar atrofida kuymalanardi: qoʻlida paqir…

– Ena, oʻzim sogʻaman! – deya shu tomonga yurdi, roʻmoli olma shoxiga ilinib, yana besaranjom qildi: “Hah, oʻl-a… Shoshganda…” Hali yaqinlashib ulgurmay tushuntira ketdi: – Boya uygʻonuvdim, yana koʻzim ilinibdi-da…

– Yoshsiz, boʻlib turadi, – dedi qaynona paqirni unga tutarkan.

Bu gapdan kelinchakning xijolati yana ortdi. Qizarinqirab, duch kelgan qoramolni sogʻmoqqa chogʻlandi. Endi enkaygan ham ediki, qaynonasi kulib yubordi:

– Bu hoʻkiz-ku, qizim?!

– Ha-a, oʻlsin-a… – kelinchak yana oʻzini yoʻqotib qoʻydi. Qishloqda oʻsgan qiz boʻlsa, hoʻkizni sigirdan ajrata olmay qolganini qarang.

Qaynona qoʻl qoqishib turdi. Har tugul, qaynota bomdodni oʻqib, fotihali joylarga kirib qaytgunicha, nonushtani tayyorlab ulgurishgandi… Kelin kosalarni yigʻishtirib, oshxonaga ketgandan soʻng qaynota oʻrnidan turarkan, oʻgʻliga dedi:

– Yangi kuyovsan, bugun ham dalaga chiqmay qoʻya qol. Hovlida u-bu ishlarni qil…

Oʻgʻil dasturxondan koʻz uzmadi:

– Uyda nimayam ish bor? Bedani boʻlsa, erta-matan oʻrib tashladim.

– Unda oʻzing bilasan…

Toʻydan keyin uchinchi kun ham dalaga chiqmasa, oshnalariga rosayam gap topiladi-da…

 

* * *

Kelinchak koʻchadan poda haydab oʻtayotgan bolakaylarga “Bizning sigirlarni ham qoʻshib ketinglar”, deya iltimos qildi-yu, ikki paqir bilan buloqqa qarab yurdi. Xoʻrozqand shimadigan yoshdan oʻtgan, u-bu narsaning fahmiga borib qolgan boʻz bolalar yaltir-yultir koʻylakli kelinchaklarning gapiga darrov koʻnadi. Shumroqlari “Akam yaxshimi…” deb qoʻyadi qitmirlik bilan. Soʻng tengqurlari piq-piq kuladi…

Muzdekkina buloq suvidan quyib, kuvi pisha boshladi. Suv qancha sovuq boʻlsa, sarimoyning tushishi shuncha oson. Pishkakni guv-guv uradi, hovlida yana nima ish bor ekan deb koʻzi bilan chamalaydi. Ogʻilga baqamti bosilgan gʻaramdan bir iloncha chiqib, yalang hovlidan koʻcha betdagi ariq tomon sudraldi. Kelinchak atrofga alanglab qaradi, belkurakka koʻzi tushib, ola solib bordi-da, argʻamchiday ilon bolasini belidan ikkiga ayirib tashladi. Qaytib kelib, ishini davom ettiraverdi: guv-guv-guv… Bir koʻzi oʻsha yoqda: iloncha qimir-qimir etib, oxiri tinchidi. Lekin shu payt ikkinchisi paydo boʻldi. Kelinchak qoʻliga yana belkurak ushladi. Ogʻzini kappa-kappa ochib joni uzildi ilonchaning… Toʻrtinchisini ham oʻldirishga chogʻlangandi, “Hay, kelin! Hargiz, hargiz…” degan ovozdan choʻchib ketdi. Koʻchadan oq eshakli moʻysafid oʻtayotgan ekan. Belkurakni koʻtargancha nima qilishini bilmay qoldi, bu orada iloncha yoʻl yoqalab oqayotgan jilgʻaga yetib oldi.

Begona erkak ovozini eshitib, qaynona ham tashqariladi. Nima boʻlganini koʻrib, oshigʻich koʻcha tomon yurdi. Shox-shabbali toʻsiq osha ovoz berdi:

– Huy, mulla bobo! Endi kelinimga nima boʻladi?!

Adogʻi adirga tutashgan tuproq yoʻlga ikki betdagi tol-teraklar ola-chalpoq soya soladi. Oq eshakning tuyogʻi yerga tegib-tegmay boradi, chang koʻtarilmaydi.

Chol sekinladi, lekin ortga qaramadi:

– Hech nima boʻlmaydi… – biroz yurgach, tagʻin allanima deya gʻudrandi. “Olam…” dedimi, “Bolam…” dedimi…

Kampir haliyam belkurakni qoʻldan qoʻymay angrayib turgan keliniga moʻltiradi: “U eshitdimikan?” Juzumkoʻzning yuzi boʻzargan edi.

– Koʻnglingga olma… Ishingni qilaver…

 

* * *

Tanang qoqsuyak boʻlib qolgandan keyin qavat-qavat koʻrpachada yotsang ham botib ketaverarkan. Kampir oʻng yonboshiga oʻngarilib, toʻrdagi taxmon tepasiga, cholining suratiga qaradi. Koʻz ham koʻrmaydi oʻlgur. Oʻgʻillarining koʻyida yigʻlayverib qurib qolgan-da… Toʻngʻichining tobuti harbiydan kelmasi burun rahmatli choli “Yomon tush koʻrdim, kampir. Bir ilon boʻlak-boʻlak boʻlib, qonga belanib yotgan emish”, degandi. Oʻshanda ham kallaga urmabdi-da. Argʻamchini yoʻlga yoʻyib, oʻgʻlining hademay eshik qoqishiga ishonibdi… Oʻrtanchasiga nima balo doridi, poyezdning yoʻliga chiqib ketibdi. Hali yettisini bermasdan, qiz nevarasi dirdirab keldi: “Tushimga ilonlar kiribdi, momo…”. Qachonlardir qulogʻiga chalingan gap bilan ovutdi uni: “Har odamning yulduzi boʻlganidek, oʻz iloni ham boʻlar emish. Sen koʻrgan ilon – otangning ruhi…”. “Ha, – dedi esini tanib qolgan nevara, – nima uchun maydalanib yotganini endi tushundim…”.

…Kampirning xira koʻzlariga yelkama-yelka oshib, lopillab borayotgan uchinchi tobut koʻrindi. Aʼzoyi badani muzlab, ter chiqib ketdi. Sovuq oʻlkalarda uloqib yurgan kenjasini, issiq bagʻrida oʻtirgan qizini oʻyladi. Tanlash haddin ogʻir edi. Ikki chakkasi loʻqillab, koʻz oldi tumanlashib bora berdi…

– Ena, fotihaga kelishibdi… – qizining xirqiroq tovushi xayollarini toʻzgʻitib yubordi. Roʻmolini toʻgʻrilagan koʻyi “Kim ekan?” degandek qaradi.

– Maxsum boʻlaning Rossiyadan mulla boʻlib kelgan oʻgʻli… – Oyimxol onasini sal koʻtarib oʻtqazib, ortiga yostiq qoʻydi va tashqariga qarata dedi: – Kiraversin…

Tizzaga dovur qora koʻylak, qora doʻppi kiygan soqolli yigit qiroat bilan salom berdi. Koʻrpachaga oʻtirib, qisqagina tilovat qildi. Duoga ochilgan qoʻllari bilan qop-qora soqolini silab, ikki yonga keng yozgancha tizzalariga qoʻydi. Televizordagi “ya-yu”chilarga oʻxshaydi-ya…

– Bir kam dunyo, onaxon… – yigitning begonasirab aytgan gapi Juzumkoʻz momoga yoqmadi. “Xola” desa, qaytardi?! Koʻzlarini yumib oldi, oʻziga-oʻzi pichirladi. “Olam” dedimi, “bolam” dedimi…

 

Farrux JABBOROV

 

“Yoshlik”, 2013 yil 12-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.