Oʻkinch

0
154
marta koʻrilgan.

Keyt ChOPIN

 

Mamzele Aureliya basavlat, yonoqlari qip-qizil, sochlari endi-endi oqara boshlagan, koʻzlari atrofga hammavaqt sinchkovlik bilan boqadigan oʻrta yoshlardagi erkakshoda bir ayol edi. U odatda, boshiga ferma erkaklari kiyadigan shlyapa kiyib yurar, sovuq kunlari egniga uniqib ketgan moviy yomgʻirpoʻsh bilan oyoqlariga zil-zambil kirza etiklarini ilib olardi.

Mamzele Aureliya umri bino boʻlib turmushga chiqish borasida sira bosh qotirib koʻrmagan edi. Bu ayol butun hayoti mobaynida hatto sevib ham qolmagandi. Bir paytlar, yigirma yoshlik avji durkun chogʻlarida uning ham qoʻlini soʻrab kelishgan, ammo Aureliya oʻsha zahotiyoq bu taklifni keskin rad etgan, mana hozir yoshi ellikka yaqinlashib qolgan boʻlsa-da, soʻqqabosh yashab kelayotganidan zigʻircha ham afsuslanmas edi.

Sodiq iti Ponto, ekinzorlarida mehnat qiladigan habashlari, uch-toʻrt bosh sigiri, bir juft xachiri, turli-tuman darrandayu parrandalari hamda qoʻshotar miltigʻi hisobga olinmaganda ayolning uyida boshqa tirik jon yoʻq edi, balkim shu yolgʻizligi sababdanmi u Xudoga qattiq bogʻlanib qolgandi, tunu kun ibodatini hech kanda qilmasdi.

Bir kuni ertalab bir toʻp bolalarning qora bulut kabi uyi tomon yopirilib kelayotganiga Mamzele Aureliyaning koʻzi tushib qoldi. Chaqirilmagan mehmonlardan shu paytgacha qoʻshnilarining hatto birontasi bilan ham u qadar apoq-chapoq boʻlib ketmagan soʻqqabosh ayolning koʻngli biroz xijil tortdi. Bolalar Aureliyaning yon qoʻshnisi Odeliyaga tegishli edi.

Oradan besh daqiqa oʻtar-oʻtmas, bolalari ortidan yosh juvon Odeliyaning oʻzi ham koʻrindi. U bir qoʻlida jajji qizalogʻi Elodiyani koʻtarib, ikkinchisi bilan esa endigina atak-chechak qila boshlagan Tinommini yetaklab olganicha qoqilib-suqilib odimlar, ortidan katta qizlari Marselina bilan Marseletta ham shoshilgancha ergashib kelardi.

Odeliyaning yuzlari yigʻidan qizarib, shishib ketgandi. Gap shundaki, juvonning olis shaharda yashovchi onasi ogʻir xastalanib qolib, qizini huzuriga chaqirtirgan, baxtga qarshi juvonning eri ham yonida emas – Texasga ketgan edi. Texas esa Odeliyaga dunyoning bir chekkasiday juda uzoq koʻrinar, ustiga-ustak ayni chogʻda yollangan haydovchi Valsin ham stansiyada ayolning yoʻliga koʻz tutib oʻtirardi.

“Bilaman, Mamzele Aureliya, ishingiz bir dunyo, boshingizdan oshib yotibdi, biroq bu zumrashalarni sizdan boshqa kimga ham ishonib topshira olardim, oʻtinaman, yoʻq demang, to men qaytib kelgunimcha bolalarimga koʻz-quloq boʻlib tursangiz. Yoʻq-yoʻq, oʻtirmayman, ovora boʻlmang, meni stansiyada kutishyapti, Mamzele Aureliya, tushuning, boshqa choram yoʻq! Men uchun bir savob ish qiling, iltimos, kelib sizni albatta, rozi qilaman. Xudo koʻrsatmasin, ishqilib, men uymalanib yetib borgunimcha onaizorim uzilib qolmasinlar-da, iloyim!” – chindanam favqulodda mushkul vaziyat Odeliyaning aqlini shoshirib qoʻygan, juvonning toza boshi qotib qolgan, u hatto nima deb, nima qilayotganini ham tuzukroq idrok etolmas edi.

Juvon yalina-yalina bolalarini Mamzele Aureliyaning uyi ostonasida qoldirganicha shoshib joʻnab ketdi; bolalar hovli oʻrtasida oʻzlari shumshayib qolishdi, lekin koʻp oʻtmay biri tortina-tortina, biri boʻlsa behadik, zipillaganicha zina boʻylab orqama-ketin koʻtarila boshlashdi. Shu damda havoda moychechaklarning ajib ifori boʻy taratar, uzoq-uzoqlardagi paxta dalalari osha ishchi habashlarning quvnoq kulgulari jaranglab eshitilmoqda edi.

Mamzele Aureliya bolakaylarga oʻzining norozi va sinchkov koʻzlarini qadagan koʻyi serrayib turib qoldi. U doʻmboq Elodiyaning ogʻirligidan enkayib olganicha gandiraklab qadam bosayotgan Marselinaga xushlamaygina koʻz qirini tashlab qoʻydi. Shu onning oʻzida onasini soʻrayverib xarxasha qilayotgan Tinommini tinchlantirishga urinayotgan Marselettani ham bu sovuq nigohidan bebahra qoʻymadi. Ikki-uch lahzalik shunday doʻq-poʻpisalaridan keyin Mamzele Aureliya biroz koʻnglini boʻshatib oldi-da, noiloj oʻzini qoʻlga olib, endi qilishi majburiy boʻlgan ishlari rejasini tuzib chiqdi. Ayol dastlabki ishini toʻpolonchilarning qornini toʻygʻazishdan boshladi.

Basharti bu bolalar Mamzele Aureliyaning qoʻl ostida mehnat qilayotgan habashlardan boʻlganida bormi, ayol oʻsha vaqtdayoq bu shumtakalarni haydab yuborgan boʻlardi, qolaversa, shoʻrlik Odeliyaning ohu zorlari uning bu qarorini qatʼiy cheklab turardi. Biroq baribir, bola boqish hazil ish emas-da, axir bolalar kichkina choʻchqa bolalari emas-ku, ular hammavaqt eʼtibor talab qilib, odamdan astoydil mehr kutishadi. Bu murakkab vazifa esa bu kabi yumushlarda butkul noshud boʻlgan Mamzele Aureliyaning aslo qoʻlidan kelmas edi, umrida shunday qaltis vaziyatga tushib qolishini esa ayol hatto tushida ham koʻrmagandi.

Shuning uchun birinchi kunlari Odeliyaning polaponlariga gʻamxoʻrlik koʻrsatishda, rosti, Mamzele Aureliya anchagina adabini yedi. Axir u jonsarak Marseletta baland va buyruqomuz ohangda gap eshitishi bilan darrov yigʻlab yuborishini qayerdan ham bilsin? Qizaloqning tabiati shunaqa ekan-da! Mamzele Aureliya kichkintoy Tinommining ham gullarga ishqi baland ekanligini aniqlab oldi, kichkina bezori to gullarni bandidan uzib, bogʻdagi jami sara chechaklarni payhon qilmagunicha koʻngli hech joyiga tushmas ekan.

“Unga hech qaysi tanbehingiz kor qilmaydi”, – deya ayolga yoʻl koʻrsatdi Marselina, – yaxshisi, siz uni stulga bogʻlab qoʻying. Oyim hamisha Tinommining aqlini shu tarzda kiritib qoʻyardilar”.

Mamzele Aureliya bezori Tinommini bogʻlab qoʻygan stul kenggina va qulaygina ekan chogʻi, kichkintoy unda bir zumda pinakka ketib qoldi, nihoyat Mamzele Aureliya toʻpolonchilardan birini shu yoʻsinda tinchitdi.

Oqshom choʻkishi bilan ayol xuddi joʻjalarni iniga haydab kirayotgan kabi bolakaylarning bariga birma-bir joy-joylariga yotishlarini buyurdi, biroq kichkintoylar Mamzele Aureliyaning qarshisida kalovlangancha turib qolishdi. Axir ularning momiqqina yostiqlari ustiga har kech taxt qilib qoʻyiladigan tungi koʻylaklari qayerda qoldi, buning oʻrniga ular nima uchun xuddi hoʻkiz qamchisiday ogʻir qoʻl bilan ketlariga niqtalganlaricha yotoqlariga haydalishlari kerak? Har kech polning oʻrtasiga ularning toliqqan, quyoshda toblanib chang-chung boʻlib ketgan oyoqlarini yuvib olishlari uchun keltirib qoʻyiladigan suv toʻla tos-chi, u qayerda qoldi? Shu tobda qizaloqlar Marselina bilan Marselettaning kulgusini qistatgan narsa, Mamzele Aureliyaning shumtaka Tinommini uxlata olmay toza xunob boʻlib qiynalgani boʻldi, axir ayol bu yosh qaroqchiga Krok-mitan yoki boʻlmasam Lup-garu toʻgʻrisidagi ertaklar aytilmagunicha uxlay ololmasligini qayoqdan ham bilsin, yana kenjatoy Elodiya ham alla eshitib, tebranishsiz koʻz yumishi juda qiyin ekanligini ayol bechora arang tushunib yetdi.

“Yaxshigina tavbamga tayanib qoldim, Rubi xola”, – deya iqror boʻldi Mamzele Aureliya oʻz oshpaziga yorilib, – men uchun bu bolalarga qarashdan koʻra oʻnlab plantatsiyalarni boshqarish osonroq ekan. Axir bu dahshat-ku! Jonim hiqildogʻimga keldi! Endi menga hech qachon bola toʻgʻrisida ogʻiz ocha koʻrmang!”

“Oh, Mamzele Aureliya-yey, bu olamda bolalardan-da begʻuborroq zot topa olsangiz koshki edi. Axir bolalar bilan birga maza qilib oʻynash kattalar bilan muomala qilishdan koʻra yoqimliroq emasmi? Menimcha, sizga ularning tilini topib olish mushkullik qilyapti. Bora-bora bolalar bilan qanday chiqishib ketganingizni oʻzingiz ham sezmay qolasiz”.

Shubhasiz, Mamzele Aureliya Rubi xolaning gaplariga oʻsha zahotiyoq qoʻshila qolmadi, buni qarang-a, toʻrtta-beshta toʻpolonchi bilan ikki kunda til topishib boʻlarmidi – bu axir Mamzele Aureliyaday ayol uchun benihoyat murakkab vazifa-ku! Atigi zarurat tufayligina onalarning ikki-uch nayrangini oʻzlashtirib olganiga ham Mamzele Aureliya Xudoga behisob shukronalar keltirardi.

Lekin baribir Rubi xola haq boʻlib chiqdi: Mamzele Aureliya asta-sekin bariga koʻnikib qoldi; u kichkina bezori Tinommining hammavaqt shira yuqi qoʻllari uchun umrida hech tutmaydigan oppoq peshbandini tutib oladigan boʻldi, hattoki toʻpolonchining mehr va tashakkur ifodasi sifatida chopqillab kelib choʻlp-choʻlp qilib oʻpishlariga-da oʻrganib qoldi. Ne-ne zamonlardan beri shkaf tepasida qoʻl tegmay, chang bosib yotgan igna-ip solingan savatcha ham joyidan qoʻzgʻaldi, endi Mamzele Aureliya yirtilgan kiyimlaru tugmasiz kamzullarni butlab qoʻyish uchun qoʻliga hattoki igna olishgacha majbur boʻldi. Ammo ayolning eng qiynalgan joyi butun kun mobaynida bir nafas ham tinmaydigan qattiq baqirigʻu chinqiriqlar, uyning u burchagidan-bu burchagigacha aks-sado berib, to qora kechgacha tugamaydigan shovqin-suronlar boʻldi. Lekin kechalari ham Mamzele Aureliya bahuzur uxlay olmas edi, negaki kichkina Elodiyaning issiqqina doʻmboq tanasi ayolga mahkam yopishib yotar, kenjatoyning issiq nafasi Mamzele Aureliyaning yonoqlariga goʻyo jajji qushning qanotlariday mayin urib turardi.

Oradan ikki hafta oʻtar-oʻtmay Mamzele Aureliya axiyri bu gʻalvalarning bariga koʻnikib qoldi, endi u ortiq nolimay ham qoʻydi.

Bir oqshom ayvonga qandaydir yumush bilan chiqqan Mamzele Aureliya koʻcha muyulishida uyi tomonga qayrilayotgan Valsinning tanish koʻk mashinasini koʻrib qoldi. Haydovchining yonida koʻzlari sogʻinchdan porlagan Odeliyaning intizor chehrasi aks etdi. Ular uyga tobora yaqinlashganlari sari Mamzele Aureliya yosh juvonning quvonchdan yorishib ketgan yuzlaridan uning uyga qaytib kelganidan behad xushbaxt ekanligini yurak-yuragidan his etdi.

Shundayku-ya, biroq bu aytilmagan va kutilmagan tashrif Mamzele Aureliyaning qalbiga ulkan qaygʻu toshini-da bir onning oʻzida bostirib qoʻydi. U darhol bolalarni toʻplab berishi lozim edi. Oh, bu zumrasha Tinommi qayoqda qoldiykin-a? E-ha, bu shumtaka boʻlsa-boʻlmasa, ogʻilxonada pichoq oʻynab oʻtirgan boʻlishi kerak. Xoʻsh, qizaloqlar Marselina bilan Marseletta-chi, ular qayerda qolishdi? Uyning biror burchagida qoʻgʻirchoqlariga koʻylak bichib, ularni yasantirish bilan mashgʻul boʻlsalar kerak-da. Birgina kenjatoy Elodiyadan tashvish qilmasa boʻlardi, negaki goʻdak Mamzele Aureliyaning qoʻllarida hech narsa bilan ishi yoʻq, oʻzi bilan oʻzi oʻynab yotardi, ammo u onasini olib ketgan haydovchi Valsinning qadrdon mashinasi chiroqlarini koʻrib qolishi bilan sevinganidan birdan qattiq qichqirib yubordi.

Nihoyat, hamma toʻs-toʻpolon tinchiydigan boʻldi, ana endi bolakaylar oʻz uylariga butunlay qaytib ketishadi. E-voh, ular buncha tez ketib qolishmasa! Axir kelganlariga uncha koʻp boʻlgani yoʻq-ku! Mamzele Aureliya peshayvon oʻrtasida turgancha negadir ich-ichidan yopirilib kelayotgan oʻkinch toʻla nidoga arang dosh bergancha jimgina turib qoldi. U hatto mashinaning qanday kelib, bolalarni qanday olib ketganini ham sezmay qoldi. Butun atrof-javonibdagi dalalar uzra qip-qizil shafaq shuʼlalari ila gʻira-shira shom koʻlankasi choʻkib borar, goʻyo mana shu tevarak olam ham bu qorongʻulik ichiga tamomila qorishib ketayotganday boʻlardi. Borliq uzra yoyilib borayotgan qirmizi tuman ichida ayolning nigohi ortiq hech narsani ilgʻamay qoldi. Uning quloqlari hattoki mashina gʻildiraklarining quloqni qomatga keltirguday oʻtkir shovqinini-da eshitmadi. Ayolning quloqlariga kichkintoy bezorilarning shodon, yangroq ovozlari qattiq oʻrnashib qolgandi.

Mamzele Aureliya ohista xoʻrsingancha uyga kirib ketdi. Ichkarida uni bir dunyo yumush kutib turardi, bolakaylar butun uyni ostin-ustin qilib yuborishgan, hammayoq parokanda boʻlib toʻzgʻib yotardi, ammo xonalarni tartibga solishga ayolning qoʻli darrov bormadi. U stol oldiga xomush choʻkdi. Yolgʻiz va aftoda qiyofada tashqaridan oʻrmalab kirib kelayotgan tun rutubati chulgʻagan sovuq xonasi ichiga maʼyus bir nigoh tashladi. Soʻqqabosh ayol boshini qoʻllari ustiga qoʻydi-da, ich-ichidan otilib kelayotgan soʻzsiz faryodlarga ortiq bardosh berolmay oxiri yigʻlab yubordi. Ha, Mamzele Aureliya yigʻlayotgan edi! Lekin uning yigʻisi hamma ayollarnikiday yumshoq, mayin yigʻiga oʻxshamasdi. Mamzele Aureliya xuddi erkak kishiday, butun yuragini pora-pora qilib yuborguday nola bilan oʻkirib-oʻkirib yigʻlardi. U hatto iti Ponto kelib, qoʻllarini yalayotganini ham sezmas edi.

 

Ingliz tilidan Qandilat YUSUPOVA tarjimasi

 

“Yoshlik”, 2014 yil 9-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.