Oʻjar

0
145
marta koʻrilgan.

Ul tuta ot quyrugʻindan, “boʻl uzun soch” deb qoʻya,

“Tek nega boshda tugul?” Tanqidga muhtoj deb qoʻya.

A. Toʻqay

 

Qutbiddinovga ovchi oshnasi ikkita tustovuq inʼom qildi. Tustovuqlar tozalanib, tuzlanayotganda Qutbiddinovning feʼli aynidi, yaʼni bironta shinavanda ulfat bilan birpas dilkashlik qilgʻusi keldi. Unint qoʻshnisi Zargarov yaqin bir oy boʻladi, chorakam bir litr xushboʻy vinoni dumba-jigar bilan ichgani asrab yurar edi, semiz tustovuqning daragini eshitib: “Xayr, qoʻy soʻysak, yana vino topilar”, dedi.

Bu ikki ulfat ahyonda mana shunday dilkashlik qilgan-larida suhbat boshdan-oyoq ikki mavzudan chetga chiqmas edi: biri – shu ketishda shaharimiz yana ellik yildan keyin qanday boʻlar ekan; ikkinchisi – soʻnggi vaqtlarda fan ki-shilarni yoshartirish toʻgʻrisida nega indamay qoʻydi?

Qutbiddinovning oʻgʻli Suyar ovqatdan keyin pionerlar saroyiga ketgan edi, soat oltidan oʻtib borayotir – daragi boʻlmadi. Shu vajdan Qutbiddinov suhbatning boshlanishida jinday tashvishmand boʻlganidanmi, bu safar mavzu shaharning kelajagi, fanning jimib ketgani emas, bola tarbiyasi boʻlib qoldi. Zargarovning ham oʻgʻli bor. Ikki ota hozirgi tarbiyani xoʻp maqtashdi. Zargarov uzun soʻzdan xulosa chi-qarib, “men yoshligimda shunday tarbiya koʻrgan boʻlsam, hozir yerda turib oyda chorvachilik qilar edim”, dedi.

– Men ham, – dedi Qutbiddinov, – men ham koʻp hikmatlar koʻrsatar edim. Lekin birodar… Qani, ichaylik! Auf… Lekin, birodar, har yomonning bir “ammo”si boʻlishi kerak, har yaxshinint bir “lekin”i. Hozirgi tarbiya yaxshi. Hech shubhasiz yaxshi! Lekin kamchiligi yoʻqmi? Bor, albatta, bor! Masalan, bolalarga shaxmat oʻynatishni olaylik. Bolaning miyasi shunday miyaki, chunonchi… bizning moliya tili bilan aytganda, alohida paragraf!

– Oh-oh-oh! Otangizga rahmat! Kamol toping, doʻstim! Men ham xuddi mana shuni aytaman, deb turgan edim. Shundoq, doʻstim, bola deganingizning miyasi… Ie, siz nega oqichmadingiz?

Fikrlar bir joydan chiqib, ikki tanqidchi koʻp mamnun boʻlishdi. Suhbat yana ham jonlanib ketdi. Hozirgi tarbiyani olib shaxmatga urildi, shaxmatni olib tarbiyaga; ikkovining ham dabdalasi chiqarildi. Qutbiddinov ryumkalarni yana toʻldirdi, vilka bilan iyagini qashlab davom etdi:

– Shaxmatning yana bir zarari shuki, agar gʻirrom odam bilan oʻynasangiz, asabingiz buziladi. Oʻttiz toʻrtinchi yilda Bobojonov bilan oʻynagan edim, gʻirromlik qilib shohimni olib qoʻydi. Shohimni ber, men senga boʻlak narsa beray, desam koʻnmadi, choʻntagiga solib qoʻydi. Jahlim chiqib qolgan ekan, shohsiz oʻynay berdim, baribir qoldirdim. Shundan beri oʻynamaydigan boʻlib ketdim. Nima keragi bor? Xoʻsh, ana qoldirdim, nima boʻpti?

– Shuni ayting, poyezddan qoliptimi?

Soat sakkizda oʻtganda Suyar keldi. U, eshikdan juda hovliqib kirgan edi, bularni koʻrib shashti qaytdi; sekin ichkarigi uyga kirib ketayotganida Zargarov koʻrib qoldi.

– Ye, e, yigitcha! Qani, bu yoqqa keling-chi! Hoʻ, barakalla, mulla Suyar! Otasini suyarmi, onasini suyarmi, a? Yo ikkalalarini ham suyarmi?

Qutbiddinovning otalik mehri joʻsh urib ketdi. Suyarning boshidan, yuzidan oʻpdi, quchoqladi.

– Albatta, otasini suyar-da, a, oʻglim? Bizning oʻgʻil koʻp yaxshi-da: birov bilan urishmaydi, papiros chekmaydi, onasidan otasini yaxshi koʻradi, shaxmat oʻynamaydi…

Suyar oʻzining quvonchini tantana bilan eʼlon qildi:

– Bugun instruktorimizni qoldirdim, dada!

– Ye, ana endi! Koʻp bemaʼni ish qilibsiz-da, oʻgʻlim! Shaxmat oʻynamagin, demabmidim? Qara, burningdan suv oqyapti, miyang suyulibdi!

Suyar boʻshashib ketdi.

– Shaxmat oʻynagandan emas, – dedi burnini artib, – kecha oʻzingiz ariqdan koʻzoynagʻingizni izlatdingiz…

Qutbiddinov labini burdi.

– Koʻzoynak izlasa burundan suv oqar emishmi? Ming laʼnat! Bor, uyga kir, darsingga qara!

Suyar taʼbi xira boʻlib, kirib ketdi. Qutbiddinov oʻgʻlining noqobilligidan, andishasizligidan qattiqxafa boʻldi; nahot otasi shaxmat oʻynamagin degan boʻlsa-yu, oʻynasa; oʻynaganini yana, ayniqsa mehmonning oldida, bu qadar tantana bilan eʼlon qilsa. Zargarov koʻp bolalar shunaqa ekanligi va Suyar eslik bola boʻlgani uchun bu xildagi qusurlarini yoʻqotish qiyin emasligini aytib, ranjigan otaning koʻnglini koʻtargan boʻldi.

– Mening oʻgʻlim-chi, bundan ham battar. Men unga togʻ injeneri boʻlgin desam, “yoʻq, dada, bilmaysiz, men uchuvchi boʻlaman” deydi. Xa-xa-xa… voy, itvachcha-yey, men bilmas emishman!

Ikki tanqidchi bolalarning otalarga gap qaytarishla-rini, otacharning soʻzlarini baʼzan yerda qoldirishlarini hozirgi tarbiyada boʻlgan eng katta kamchilikning natijasi hisoblashdi va buni har kuni, har soatda koʻrib turganlari holda bunga qarshi jamoat fikrini qoʻzgʻaguday bir ish qilolmaganlari uchun oʻzlarini ham ayblashdi.

– Men shu toʻgʻrida gazetaga bir maqola yozsammi deb ham oʻylagan edim, – dedi Zargarov, – lekin kelishtirolmasman deb qunt qilmadim. Chala-chulpa yozib birovning oldiga “shu toʻgʻrimi?” deb borgani nomus qilaman. Rostini aytsam, ellik oltiga kirib ham birovdan aql oʻrganishni oʻzimga ep koʻrmayman. endi, men sizga aytsam, biz birovga aql oʻrgatsak tuzuk. Nima dedingiz?

– Albatta. Lekin men ham maqola yozishga yoʻqman, birodar. endi biz-ku, oʻtdik, bolalarimiz ham bizday boʻlmasin deng. Buning uchun bolalarga har xil adabiyotlardan oʻqitish kerak. Bu toʻgʻrida ham hozirgi tarbiya oʻchoqlarimizning beparvoligi bor. Chunonchi, men u kuni oʻglingizni imtihon qilib koʻrdim. Mazasi yoʻq! Hatto Saltikov bilan Shchedrin, degan mashhur yozuvchilarni bir-biridan farq qilolmaydi, ikkovi bitta odam deydi. Kula-kula oʻlibman. Sizga aytaman deb esimdan chiqibdi.

Zargarov “oʻgʻlim aʼlochi” deb hech kimga soʻz bermas edi, Qutbiddinovning bu kulgisi uni tamom oʻldirdi.

– Rosti bilan shunday dedimi? Adabiyotdan ham aʼlo baho olgan edi-ku.

– Adabiyot muallimi oshnangizdir.

– Be, Saltikov bilan kim dedingiz hali, Shchedrinmi? Shuni bilmasa men qulogʻini tagi bilan sugʻurib olaman. Qutbiddinov hamon kular edi.

– Bilmaydi, bahazur sugʻurib ola bering, azbaroyi xudo, ikkovi bir odam deydi.

Kugbiddinovning meʼyordan ortiq kulgisi Zargarovning gʻashini keltirdi. Nima boʻlib uning ogʻzidan “meningoʻgʻlim bilmasa, sening oʻgʻling ham bilmaydi” degan mazmunda soʻz chiqib ketdi. Qutbiddinov ham oʻzining oʻgʻliga ishontanliti uchun, Zargarovning bu boʻhtoniga darrov, issigʻida zarba bergisi keldi.

– Hozir, hozir, – dedi, – Suyar! Ho, Suyar! Bu yoqqa chiq, oʻgʻlim! e, yotganmiding? Mayli, bu yoqqa oʻtir. Bizga bir narsani hal qilib ber: Saltikov katta yozuvchimi, Shchedrin katta yozuvchimi?

Suyar goh otasiga, goh Zargarovga qarar va hayron edi.

– Yoʻq, siz savolni notoʻgʻri qoʻydingiz, – dedi Zargarov. – Bunday: Saltikov ilgari oʻlganmi, Shchedrin?

– Ikkovi bitta odam-ku! – dedi Suyar, nima gap ekanini bilolmay.

Zargarov qiyqirib kuldi, chapak chaldi va bunga ham qanoat qilmay oʻrnidan turib oʻyinga tushdi. Qutbiddinov doʻq urdi:

– Saltikov bilan Shchedrin-a? Kim aytdi senga?

– Oʻzim bilaman, kitobda bor.

– Kitobda bor? Shaxmatni koʻproq oʻyna, itvachcha!

Qutbiddinov bola bechorani xoʻp urishdi. Zargarov Qutbiddinovni oʻlarday kalaka qilib toza alamini oldi, buning ham ogʻirligi Suyarga tushdi. Suyar yigʻlab yubordi.

– Undoq demagin, oʻgʻlim, – dedi Zargarov birpas jimlikdan keyin, – dadang bir narsa degandan keyin darrov “xoʻp, bilmabman” deyishga oʻrgan. Yaxshi emas.

– Notoʻgʻri aytsalar-chi?

Ikki tanqidchi yalt etib bir-biriga qaradi va bu qarashda ikkovining ham koʻnglidan bir gap oʻtdi: “Bola ham shunday oʻjar boʻladimi?” Suyar ichkariga kirib ketdi. Qutbiddinov ertagayoq Suyarning maktabiga borib katta gʻalva koʻtarmoqchi boʻldi. Zargarov maktabdan ham koʻra pionerlar saroyiga borishni maʼqul koʻrdi. Anchadan keyin Suyar kattakon bir kitob koʻtarib chiqdi:

– Mana, – dedi portretni koʻrsatib, – mana, Saltikov-Shchedrin!

Qutbiddinov “bu oʻjar bola hamon oʻzinikini maʼqul qilmoqchi” deb juda gʻazablandi, ammo mehmonning oldida oʻzini tiydi. Zargarov portretning ostidagi yozuvni oʻqib, xuddi qanotli tuya koʻrganday ajablandi va kitobni sekin Qutbiddinovning oldiga surdi. Qutbiddinov portret va uning ostidagi yozuvga uzoq tikildi, soʻngra koʻzoynagini sekin qulogʻidan boʻshatar ekan:

– Him… – dedi, – Saltikov-Shchedrin! Koʻrdingizmi, oʻsha vaqtdagi yozuvchilar ham soqol qoʻygan ekan…

Jimlik choʻkdi. Suyar indamay ichkariga kirib ketdi. Shu yerda hikoya ham tamom, chunki uning mantiqiy davomi gʻalaba qozongan Suyarning bu ikki tanqidchidan oʻch olishi boʻlar edi. Suyar buni lozim topmadi.

 

1939

 

Abdulla QAHHOR

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.