Oilaviy sir

0
208
marta koʻrilgan.

– Bir, ikki, uch, toʻrt, – deya bitta-bitta sanab konfet tutqaza boshladi koʻhlikkina, ammo bir qadar maʼyus koʻzli ayol maktab kiyimidagi yetti-sakkiz yashar bolaga. – Besh.

– Boʻlaqol, oʻgʻlim! – eshik tarafdan erkak kishining ovozi keldi.

– Qani, boraqol endi, dadang kutib qolmasin! – dedi ayol bolaning yoqasini tuzatib qoʻyarkan. – Voy, shoshma, boʻyinbogʻing-chi? Hozir.

Ayol deraza tarafga odimladi.

– Kecha yuvib qoʻygandim, qolib ketibdi. Oʻzing ham yana chang qilib kelibsan-da. Tavba, qanday qilib boʻyinbogʻni chang qilish mumkin-a? – kuyindi ayol deraza tashqarisiga oʻrnatilgan kir ilgichga engashib. – Ishqilib, sinfdoshlaring urishmadimi seni?

Bola indamadi, bosh chayqab qoʻydi. Ammo yuziga qandaydir homushlik yugurgani sezildi. U qoʻlidagi besh dona konfetni qaysi choʻntagiga solishni oʻylab, taraddudlanardi. Ayol esa hali ham derazadan pastga – oʻng tarafga termilib turardi.

– Boʻlaqolsangiz-chi, oyi! – dedi bola betoqatlanib.

– Shoshmay tur, hozir, – deya ortiga oʻgirilgan ayol konfetlarni kostyumining yon choʻntagiga solayotgan oʻgʻliga “hozir, turib tur!” degandek ishora qildi-da, oshxonaga kirib ketdi.

– Oʻgʻlim! – yana chaqira boshladi erkak. – Kech qolyapman. Boshliq kechiksa xunuk koʻrinadi…

– Hozir, dada, – gʻingshigan ohangda javob qildi bola oshxona tarafdan koʻz uzmay. Bu gapni tugatmasidan onasi tez-tez yurganicha oshxonadan chiqdi.

– Mana, yana bitta, – oʻgʻlining choʻntagiga yana bitta konfet solib qoʻydi ayol. – Bunisini esa orqa choʻntagingga solib qoʻyamiz!

U shunday deb yana boshqa bir konfetni bolaning orqa choʻntagiga solib qoʻya boshladi. Shu payt eshik oldida koʻrkam kiyinib olib, charm portfel koʻtargan otasi paydo boʻldi.

– Muncha hayallamasang! – dedi bolaga qarab.

– Boʻldi, u tayyor, – dedi ayol va shu pallada jiringlab qolgan telefon ovoziga seskanib ketdi.

– Qara-chi, balki menidir! – dedi erkak siniq tabassum bilan. – Yana majlisgamikin?

Ayol ham xuddi shunaqa tabassum qilib qoʻydi-da, telefonga yaqinlashib goʻshakni koʻtardi:

– Allo, eshitaman, – javob berdi ayol eridan koʻz uzmay lablarida oʻsha tabassumni saqlaganicha, ammo bir zumda qiyofasi oʻzgarib, rangi ham oqarinqiragandek boʻlib ketdi. – Ha, bu sizmisiz? Yaxshi xabarlar bilanmi?

Unga qarab turgan erining ham avzoyi oʻzgardi.

– Yur oʻgʻlim, dugonasi shekilli, kechikmaylik!

U shunday deb oʻgʻlining qoʻlidan yetaklagancha olib ketdi. Bola unga ergasharkan, ularga orqa oʻgirib olib past ovozda soʻzlashayotgan onasiga qarab qoʻyardi. Ota-bola shu taxlit xonadondan chiqib, zinalar boʻylab tushib keta boshlashdi.

– Shoshmang, ruchkam qolib ketibdi! – otasining qoʻllarini qoʻyib yubordi bolakay pastga tushishlari bilan.

– Obbo, yana-ya? – zarda ohangida dedi erkak.

Bolakay tabassum bilan yelka qisdi-da, ortiga oʻgirilib zinalardan yugurib chiqib ketdi. Xonadoniga yaqinlashganida sekinlashdi. Keyin oyoq uchida yurib kelib eshikka quloq tudi. Ichkaridan onasining xavotirli ovozi yaqqol eshitilardi:

– Kecha ham ikki marta burnimdan qon keldi, bu xavfli emasmi? Yoʻq. Yoʻq, kecha ertalab… Sochim? Bilmadim, bugun hali taramadim, ammo kecha kechqurun yana bir tutam toʻkildi. Nima deysiz? Yoʻq, oʻtgan haftadan beri unchalik bezovta…

Bola eshikdan asta uzoqlashib pastga yoʻnaldi. U endi oxirigacha bir xil – bemajol, horgʻin qadam tashlab tushdi.

– Boʻlaqol, ketdik, – qoʻlidan tutdi otasi.

Bola unga ergashdi.

– Sinfdoshlaring seni xafa qilishmayaptimi? – soʻradi otasi koʻcha boshida turgan bir guruh bolalarga koʻzi tushib.

– Yoʻgʻ-e, ular bilan inoqmiz. Ana, hammalari menga qarab turishibdi.

Bola shunday deb ularga qoʻl silkidi. Bolalardan biri ham shunday qildi, qolganlari ham qoʻl silkishdi. Zum oʻtmay ularning qoʻl silkishi chorlovga aylandi. Erkak buni koʻrib jilmayib qoʻydi.

Bu paytda ular katta yoʻlga olib chiqadigan koʻcha boshiga yetishgandi. Erkak sekinlab, toʻxtadi.

– Hozir haydovchim keladi, oʻzing ketaverasan-a? – dedi unga termilib turgan oʻgʻliga.

– Ha, siz kech qolmang! – deb bolakay katta yoʻl tarafga qarab qoʻydi. – Ana oʻziyam keldi shekilli.

Otasi oʻgirildi va sekinlashib, toʻxtay boshlagan mashinani koʻrdi.

– Xuddi oʻzi. Boʻpti, yaxshi oʻqigin! Xoʻpmi?

– Xoʻp, – bola shunday deb dadasining kaftidan qoʻlini boʻshatdi. – Nega bugun yana boshqa mashina keldi?

– Shunday deb aytganman! – dedi erkak tabassum bilan bolaga oʻgirilgan koʻyi uzoqlasharkan. – Bir xillik odamni zeriktiradi-ku!

U shunday deb qoʻl silkib qoʻydi-da, mashina tarafga qarab ketdi. Bola otasi mashinaga yetib olguncha kuzatib turdi. Erkak mashinaga oʻtirib oʻgʻli tarafga qaradi. Shundagina bolakay undan koʻz uzib koʻcha boshiga qarab qadam tashladi. Mashinaning oʻt olgani eshitilgach, qadamini sekinlatdi. Shivirlab uchgacha sanadi-da, yana katta yoʻl tarafga qaradi. Mashina yoʻq. Bolakay shitob bilan oʻsha tarafga yugurdi. Muyulishga kelib esa devorga siypalganicha otasi ketgan tarafga moʻralab, kuzata boshladi.

Mashina nariroqda yana sekinlashib toʻxtadi. Otasi undan tushib, haydovchiga qoʻllarini koʻksiga qoʻyib astoydil minnatdorchilik bildira boshladi. Mashina yana qoʻzgʻalib yoʻlida davom etdi. Erkak esa asta piyoda keta boshladi. Shu payt yonidan gʻizillab avtobus oʻtib ketdi-yu, nariroqdagi bekatda toʻxtadi. Erkak halloslagancha avtobus tomon yugura boshladi. Birdan qoʻlidagi chiroyli charm portfeli ochilib ketdi va ichidan gʻijim, kir kiyimlar yerga tushib, yoyildi. Erkak shoshib sochilgan kiyimlarini yerdan olib, portfeliga tiqa boshladi. Shu asno odamlar chiqa boshlagan avtobusga qarab-qarab qoʻyardi.

– Hey! – degan ovoz eshitildi orqadan.

Devor burchagini quchgancha otasini kuzatayotgan bola hushyor tortdi. Oʻgirilib boya koʻcha boshida turgan bolalarning endi narigi muyulishda unga qarab turishganini koʻrdi. Ular yana qoʻl silkib bolani chorlashdi.

Bola yana otasiga oʻgirildi. Otasi portfelini qoʻltigʻiga qisgancha avtobus tomon yugurar edi. Ammo avtobus yugurib kelayotgan odamni kutmay, oʻrnidan jildi. Erkak endi avtobus ortidan quvish befoydaligini anglab, horgʻin qadamlar bilan yoʻl chekkasidan keta boshladi.

Bolakay u yogʻini koʻrmadi, ortiga qaytdi. Uni bolalar kutib turishardi.

– Boʻlaqol, ber! Bugun toza kuttirding oʻziyam, – dedi ulardan biri hovuchini ocharkan.

Qolganlari ham shu taxlit qoʻl choʻzishdi. Bola onasi bergan konfetlarni olib tarqata boshladi. Nasibasini olgan bola shu zahoti oʻgirilib ketardi.

Konfet hammasiga bittadan tegib, yetdi.

– Ertaga ikkitadan konfet olib chiq, boʻlmasa seni kutmaymiz, – dedi bolalarning biri.

Oxirgi konfetni olgan baqaloq bola esa shu zahoti chiroyli yaltiroq qogʻozni ochishga tushdi.

– Senga kim qoʻyibdi boʻyinbogʻ taqishni, latta, yana olib qoʻyishadi, – dedi baqaloq bola konfetni butunicha ogʻziga solib, shimarkan. – Yuvib berishsa boʻlmaydimi?

U shunday deb sheriklari tomonga yugurib ketdi. Bola engashib boʻyinbogʻining yana chang boʻlganini koʻrdi. Boʻyinbogʻini yechib, qoqib oldi-da, qayta taqishga chogʻlandi, ammo toʻxtab qoldi. Uzoqlashayotgan bolalarga bir qarab qoʻyib, boʻyinbogʻni oʻrab-oʻrab orqa choʻntagiga soldi. Choʻntagidan esa yana bir konfet chiqdi.

Bola qoʻlidagi konfetga avval hayron boʻlib, keyin tabassum bilan qaradi-da, uyining derazasi tomonga oʻgirilib qoʻydi. Ammo uning bosh burayotganini payqashi bilan derazadan nari ketgan onasini koʻrishga ulgurmadi…

 

Muhammadxon YUSUPOV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–5

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.