Oʻgʻrivoy

0
155
marta koʻrilgan.

Georgiy SKREBITSKIY

 

Bir kuni bizga kichkina olmaxon sovgʻa qilishdi. U tezgina qoʻlga oʻrgandi, hamma xonalarda yugurib yuradi, javonga, tokchalarga shunday chaqqonlik bilan sakraydiki, hech qachon hech nimani tushirmaydi, sindirmaydi.

Otamning xonasidagi divan tepasida bugʻuning ulkan shoxlari turardi. Olmaxon dam-badam unga chiqib olardi-da, daraxt shoxidagi kabi oʻtirardi.

Biz bolalarni juda yaxshi bilardi. Xonaga kirishimiz bilan olmaxon javonning qayeridandir yelkamizga sakrardi. Bu – uning shirinlik yoki qand soʻrayotgani. Shirinlik uning jonu dili edi.

Biznikida qand va shakar oshxonadagi javonda turardi. Ularni hech qachon yashirib qoʻyishmasdi, chunki biz soʻramasdan hech nima olmasdik.

Lekin bir kun onam hammamizni oshxonaga chaqirdi-da, boʻsh vazachani koʻrsatib dedi:

– Bu yerdagi qandlarni kim oldi?

Bir-birimizga qarab jim qoldik, kim bunday qilganini hech qaysimiz bilmasdik. Onam boshini sarak-sarak qildi, ammo hech nima demadi. Ertasi kuni esa javondagi oq qandlar yoʻqolib qoldi va olganiga yana hech kim iqror boʻlmadi. Otamning bundan jahli chiqib, hamma qandlarni yashirib qoʻyishini va bir hafta shirinlik bermasligini aytdi.

Biz bilan birga olmaxon ham shirinliksiz qoldi. Yelkaga sakraydi, yuzini tirishtiradi, qulogʻini tishlab tortishga urinadi – shirinlik soʻraydi. Ammo ilojimiz yoʻq, axir qayerdan olamiz?

Bir gal tushlikdan soʻng oshxonadagi divanda jimgina kitob oʻqib oʻtirgandim. Birdan koʻrib qoldim: olmaxon stolga irgʻib chiqib, tishi bilan non boʻlagini oldi va polga, undan esa javonga sakradi. Bir daqiqadan soʻng qarasam, tagʻin stolga kelyapti, yana bir non boʻlagini olib javonga chiqib oldi.

“Toʻxta-chi, – deb oʻyladim, – nonlarni u qayerga olib ketyapti?” Stulni qoʻyib, javonga razm soldim. Onamning eski shlyapasi yotgan ekan, qoʻlimga oldim. Ana xolos! Uning tagida, mana, nimalar bor ekan: oqqand, konfet, non boʻlakchalari va har xil suyakchalar…

Bu topildiqni darhol otamga koʻrsatdim:

– Mana bizning oʻgʻri!

Otam esa kulib dedi:

– Kallamga kelmaganini qara-ya! Axir olmaxonimiz qish uchun ozuqa gʻamlayapti-ku. Hozir kuz, hamma olmaxonlar qish tadorigida, biznikiyam oʻz gʻamini yeyapti.

Shu voqeadan soʻng shirinliklarni yashirib qoʻyishni bas qilishdi, faqat “oʻgʻrivoy” u yerga kirmasin deb, javon eshigiga ilgak oʻrnatishdi. Olmaxonimiz esa qishga zaxira gʻamlashda davom etaverdi. Non boʻlagi, yongʻoq yoki suyakmi – nima topsa, shu zahoti olib qochadi va qayergadir yashirib qoʻyadi.

Bir gal oʻrmonga qoʻziqorin tergani borgandik. Qorongʻida charchab qaytdik, ovqatlanib ertaroq uxladik. Savatchani esa qoʻziqorini bilan deraza tokchasida qoldirdik: u yer salqin, qoʻziqorinlar zararlanmaydi.

Ertalab tursak, savatcha boʻm-boʻsh. Qoʻziqorinlar qayoqqa yoʻqoldi ekan? Otam bizni vajohat bilan chaqirib qoldi. Oldiga yugurdik, qarasak, divan tepasidagi bugʻu shoxlari qoʻziqorin bilan toʻla. Ilgakda ham, surat va koʻzgu osilgan mixda ham – hamma yerda qoʻziqorin. Olmaxon tong sahardan harakat qilgan koʻrinadi: quritib olish uchun qoʻziqorinlarni har yerga ilib tashlabdi. Oʻrmondagi olmaxonlar qoʻziqorinlarini oftobga yoyib quritadi, mana, bizniki ham shoshilibdi. Qishni sezgan koʻrinadi.

Chindan ham, tezda sovuq tushdi. Olmaxon burchaklarga, iliqroq joylarga berkinishga urina boshladi, bir kuni esa butunlay yoʻqolib qoldi. Qidirdik-qidirdik – hech qayerda yoʻq. Balki boqqami, oʻrmon tomongami qochib ketgandir. Bechora olmaxon.

Bir kuni tuynuklarni berkitdik-da, pechkaga oʻt yoqdik. Pechka ichida nimadir shunaqangi potirladiki! Eshigini ochganimiz zahoti olmaxon oʻqdek otilib chiqdi va toʻgʻri javonga sakradi. Tutun moʻridan chiqmay butun xonani tutib ketdi. Akam yoʻgʻon simdan ilgak yasab, moʻri ichiga tiqdi. Qarab turibmiz – moʻridan boʻyinbogʻ, onamning qoʻlqopi chiqdi, hatto buvimga sovgʻa qilingan roʻmol ham oʻsha yerdan topildi.

Olmaxonimiz uya deb oʻylab, hamma narsani moʻriga tashigan ekan. Ah, mittivoy! Uyda yashasa ham oʻrmondagi odatlarini tark etmabdi-da. Ha… Qazisan, qartasan, asl zotingga tortasan, deb bekorga aytishmaydi.

 

Shahnoza RAYIMOVA tarjimasi

 

“Yoshlik”, 2016 yil 5-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.