Ogʻriq

0
251
marta koʻrilgan.

Baland boʻyli, sersavlat, qirra burun, qoshlari qalin Davlatbek aka tish ogʻrigʻidan bu kecha ham yurib chiqdi: “Voh, xuddi birov miyamda arra yuritayotgandek zirqiratadi-ya?!” Zora bosilsa, degan ilinjda tamaki tutatdi, foydasi boʻlmadi. Uyga kirib yotsa, battar zabtiga olgandek tuyuladi.

Sogʻning dardmand bilan nima ishi bor – xotini yonginasida yotgan nevarasiga alahsiydi-yu, uning yelkasiga koʻrpasini tortib, yana pishillab uxlaydi. Goh-gohi uygʻonib ketib, “Buncha dardga bechidamsiz-ye? Shu zormandani oldirib tashlamaguncha qutulmaysiz-ov. Tishingizga nos surkang qani”, deb gʻudranib qoʻyadi.

Davlatbek aka yarim kecha ular bilan bir hovlida yashaydigan katta oʻgʻlini uygʻotib, undan bir otim nos oldi-da, paxtaga oʻrab, oʻsha ogʻriq tishiga bosdi ham. Ammo bekorga ogʻzi shilimshiq suvga toʻlib, koʻngli aynigani qoldi. Endi tinchirman, deb joyiga yotgandi, tishdagi zirqiroq yetmagandek koʻngli aynib, yugurib tashqariga chiqib ketdi.

– Voh, uying kuygur, yedi-a, meni… – dedi toʻngʻillab. – Ertagayoq sugʻurtirib tashlayman! Yaxshilik yoqmaykan, bu tishlargayam.

Davlatbek aka tongga qadar hech chidolmay necha marta uyga kirdi, necha marta tashqari chiqdi. Hovli aylandi, mol-holdan xabar oldi. Darvozani ochib, koʻchaga ham bir qarab qoʻydi. Hammayoq sokin. Hamma shirin uyquda. Birgina u ikki qoʻlini chakkasiga bosganicha u yon-bu yon yuradi. Goh chorpoyada oyoqlarini osiltirib oʻtirgancha xayolga choʻmadi.

Yoshligida ham bir shunaqa tishi ogʻrigandi. Rahmatlik otasi uni eshakka mindirib, “bizdi urugʻda tish ogʻrigʻi nasl suradi. Yur, bolam, bir ish qilamiz”, deya qishloq mullasining uyiga olib borgan, bosh egib oʻtirgan payti oppoq soqollari tizzasiga tegib turadigan mulla duo oʻqigan koʻyi bolaning ogʻziga qarab, uch marta “suf-suf” qilgan, bir parcha qogʻozchaga nelarnidir yozib bergan, soʻng mulla tayinlagandek, to uyga yetguncha shu qogʻozni ogʻriq tishiga bosib tishlab kelgan, oxir-oqibat, ogʻiz soʻlagidan nam boʻlib, hilvirab ketgan qogʻozni yutib ham yuborgan edi. Ne ajabki, oʻshanda tish ogʻrigʻi chindan ham bosildi. Shularni eslab, Davlatbek aka kecha oʻgʻlining mashinasida mullaga ham borib keldi, ammo natija bermadi. Bu haqda kechqurun xotiniga – Bolqin opaga aytgandi, ayol kaftini ogʻziga bosib-bosib kuldi.

– Oʻlmang-da siz, oqjol. Oldirib tashlash kerak buni, boshqa yoʻli yoʻq.

– Qaysi ogʻrisa oldiraversam, ogʻzimda tish qoladimi?

– Qolgan tishlaringiz rizqi butun boʻlsin. Tuzalmaydigan boʻlsa, oldirasiz-da, boshqa nima qilasiz?

– Xudoga shukr, ayollar faylasuf boʻlgan zamongayam yetib keppiz… – degandi Davlatbek aka jahli chiqib.

Mana, xuftondan beri yana shu ahvol. Na uyga sigʻadi, na hovliga. Tong otishini kutadi. Tongda najot bor.

Davlatbek aka azonda xotinini uygʻotdi.

– Boʻldi, boshqa chidolmayman, shaharga ketdim, zangʻarni oldirib tashlayman-ye! Oʻgʻlingga berib yuboradigan narsalaring boʻlsa, ber, shu bahonada uniyam koʻrib kelaman.

– Hozir…

Bolqin opa shosha-pisha oʻrnidan turdi-da, oshxonaga qarab ketdi. Yoʻlda keta-keta sirgʻalib qolgan roʻmolini toʻgʻrilab, chorpoya yonida turgan oftobadan yuz-qoʻlini yuvdi. Shipillab bir oshxonaga, bir uyga kirdi, ammo dam oʻtmay bozor xaltachani toʻldirib, erining qoʻliga tutdi.

– Nima balo bu?

– Tayyor shahar boryapsiz, ola keting. Toʻrtta non, chakki, yana ul-bul narsa. Ozroq pul ham qoʻydim.

– Shu kenjangga juda mehribonsan-da… – Davlatbek aka jilmayib qoʻydi. – Oʻzim bir ahvolda boʻlsam, buncha narsani qanday olib ketaman? – dedi, keyin bir qoʻlida xaltacha, bir qoʻli bilan belbogʻ bogʻlangan chakkasini ushlagancha yoʻlga chiqdi.

Davlatbek aka ikki yil oldin nafaqaga chiqqan, ammo hali tetik. Farzandlarini birma-bir oʻqitib, uchirma qildi. Faqat shu kenjasi qolgan. U ham oʻqishni bitirib kelsa, armoni yoʻq. Davlatbek aka pedagogika institutini tugatib kelgach, oʻz qishlogʻi maktabida oddiy oʻqituvchilikdan maktab direktorligi lavozimigacha ishladi. Rahbarlikdan nafaqaga chiqdi. Endi uyda, ammo begʻam oʻtirishni istamaydi. Oʻrgangan koʻngil oʻrtar. Mahallaga ishga oʻtsammi, deb oʻylab qoladi. Ammo rahbar boʻlib, buyruq qilib oʻrgangan odam, “uka”larining buyrugʻini bajarishni istamaydi… Ular oʻzlari “Keling, shu mahallaga bosh boʻling”, deb chaqirishmaydi. Arosat. Anchadan beri loyqa hovuzidan boshqani bilmagan tilla baliqchaga oʻxshab, achchiq qilgandek qishlogʻidan nariga chiqqani ham yoʻq. Bolalarining ishlarini soʻrab-surishtirib turadi-yu, aralashmaydi. Chetdan kuzatadi. Endi hamma umidi bolalaridan. “Men qirga chiqdim, ular toqqa chiqishi kerak”, deb qoʻyadi oʻziga-oʻzi. Bugun yaxshi bahona topildi – ham tishini oldiradi, ham oʻgʻlini koʻrib keladi.

Davlatbek aka bekatda koʻp turmadi. Dam oʻtmay viloyat markaziga boradigan avtobus kelib, yonginasida “pisillab” toʻxtadi. U oʻzi kasal-u, shaharga borayotganidan xursand boladek bir sakrab avtobusga chiqdi. Avtobus toʻla odam edi, oʻrta yoshlardagi bir yigit “E, domla, assalomu alaykum”, deb joy berdi. Davlatbek aka yigitni tanimadi, ammo “rahmat”, deb oʻrindiqqa joylashdi. Soʻng atrofga nazar soldi. Birov oʻtirgan, birov tik. Kimdir tiqilgan, kimdir gʻijingan. Kimningdir nafasidan kecha ichilgan aroqning achimsiq hidi keladi. Bir ayol qayerda oʻtirganini unutgandek kimgadir kechagi toʻy haqida gapirib kelyapti. Oʻrtada tik turib kelayotgan yigitlar “gʻudung-gʻudung” qiladi, qizlar “pishing-pishing” qiladi. Davlatbek akaning yonida oʻtirgan qiz, talaba shekilli, sipogina, oldida jimitdekkina sumkasi, oyoq tagida bir xaltachasi bor. Qoʻlida uyali telefon, qulogʻiga quloqchin taqilgan. Goʻyo hech kimni koʻrmayapti, eʼtibor qilmayapti, ammo boshini sarak-sarak qiladi. Baʼzan oʻziga-oʻzi jilmayadi, “piq” etib kuladi. Keyin darrov yana bez boʻlib oladi.

– Domla, shahargami? – dedi bir mahal boya joy bergan yigit.

Davlatbek akaning xayoli chalgʻidi.

– Ha… – bosh irgʻadi u.

– A, bu Shurikning kinosidagiga oʻxshab, jagʻni bogʻlab opsiz?

– Ay… – Davlatbek aka boshida tik turgan yigitga qarab, qoʻl silkidi. Keyin shu belbogʻni yechib chiqmaganiga ham xijolat boʻldi, ammo sezdirmadi. – Toza azob berdi. Oldirib tashlayman-ye…

Davlatbek aka avtobusdan tushishi bilan oʻzi bilgan, oldindan bor va nomi chiqqan shifoxonalarga bormadi, sabri chidamay shohbekat yaqinidagi “Stomatologiya” yozuvli eshikka kirdi. Qarasa, navbat yoʻq. Bir xushroʻy ayol vrach yigitga tishlarini tozalatib oʻtiribdi.

– Boshqa odaming yoʻqmi, ulim?

– Yoʻq, bobo. Kelavering. Hozir…

Vrach Davlatbek akaga yaqin kelib salomlashdi va nima boʻlganini soʻradi. Tishlari milkini tozalatayotgan juvon jagʻini besoʻnaqay qilib bogʻlab olgan Davlatbek akaga qarab kulimsiradi, ammo oʻzini tiydi. Yuzini oʻgirib, qoʻl telefoniga bir qarab qoʻydi.

– Manavi jagʻ tishim bir haftadan beri meni ado qildi, – dedi Davlatbek aka vrachga arang ogʻzini ochib koʻrsatib. – Shuni op tashlagin, bolam.

– Boʻldi. Tushundim… – vrach yigit uni kresloga oʻtirgʻizdi-da, oʻz stoliga borib, dori tayyorladi. Ish orasida dedi: – A, bu jagʻ shishib ham ketibdi-ku, bobo, qanday yuribsiz?

– A, shu chidolmaganimdan keldim-da!

Ayol piq etib kulib yubordi. Vrach yigit unga “Kulmang…” degandek bir qarab, shprits koʻtarganicha Davlatbek akaning oldiga keldi.

– Qani, ogʻizni oching qani. U-hu…

Davlatbek aka endi tishining ogʻriyotganini ham, jagʻining qimirlayotganini ham sezmay, gapirolmay ancha oʻtirdi. Bu vaqt orasida vrach apparatini zuvillatib, juvonning tishlari orasini, milklarini tozalab boʻldi. Soʻng unga javob berib, Davlatbek akani stolga chorladi. Avval rosa uning asablarini qaqshatib, ogʻriq tishning nerv tomirlarini “oʻldirdi”.

– Ulim, tishimni sugʻurish oʻrniga jonimni sugʻurib olyapsanmi, nima balo?

– Boʻldi, bobo, ozgina chidang. Tishingiz oʻzi hali ancha sogʻlom ekan. Suyaklarni ham rosa gʻajisangiz kerak-a? Qani…

– Hii… – bosh qimirlatdi Davlatbek aka. – Ooo! Vu, o…

Stomatolog vrach uni gapga avrab-avrab, tishini sugʻurib tashladi. Keyin uni koʻrsatdi.

– Qarang, rosa tamom boʻlgan-ku?

Davlatbek aka qurt yeb, yemirilib-yemirilib, qorayib, jimitdekkina boʻlib qolgan tishiga qarab bosh chayqadi.

– Koʻzimdan olovim chiqib ketdi-a?! Lekin endi bir atrofim yorishgandek boʻldi. Baraka top, ulim!

Davlatbek aka vrach aytgan pulni berib, stomatologiyadan chiqqanida quyosh choshgohga kelib qolgandi. Qorni ham ochiqqanini sezdi, ammo biror oshxonaga kirib ovqatlanishga koʻngli boʻlmadi. Vrach ikki soat issiq ovqat yemang, sovuq suv ichmang, degan. Oʻylanib turib, oʻgʻli oʻqiydigan universitetga bordi. U oʻgʻlining qayerda va qaysi fakultetda oʻqishini bilardi-yu, qayerda yashashini bilmasdi. “Koʻchasini bilganim bilan uyini topolmayman baribir”, deb institutga bordi.

Uchinchi para darslari tugagan, katta tanaffus vaqti edi. Davlatbek aka binoning kirish eshigi oldida turib, darsdan chiqayotgan talabalarga hayron qarab qoldi. Oʻgʻil bolalar bitta-ikkita daftar, yakkam-dukkam kitob koʻtargan, koʻpida na unisi, na bunisi bor. Qizlarda esa sumka, ammo Davlatbek aka ular olib yurgan sumkaga daftar-kitob qanday sigʻishiga tushunolmadi, ayrim qizlarning kiyinishlarini koʻrganda esa lab tishladi.

– Yo, tavbangdan ketay! Har zamonga bir zamon, deb shunga aytsalar kerak-da…

Davlatbek aka hozir oʻgʻlim ham chiqib qolar, degan umidda edi. Bir mahal egniga oq yoʻl-yoʻl koʻylak, koʻk jinsi shim kiygan oʻgʻli qoʻlida bitta beli qayrilgan “umumiy daftar” bilan eshikdan gʻolib sarkardaday chiqib keldi.

– Almardan?!

Alimardon “yalt” etib tovush kelgan tomonga qaradi, qoʻl silkib turgan otasini koʻrdi, soʻng birdan hushyor tortib, atrofga boqdi. Davlatbek aka oʻgʻli nega bunday qildi tushunmadi, ammo otalarga xos salobat va gʻurur bilan unga qarab yurdi.

– Almardan?! Ha, boʻyingdan!..

– Salom alaykum, – oʻgʻil talabalar orasini yorib oʻtib, yoʻlakda kir sumka koʻtarib turgan otasi bilan qoʻl berib koʻrishmoqchi edi, Davlatbek aka oʻgʻlini quchoqlab koʻtardi-da, bir aylantirib, yana joyiga qoʻydi.

– Qandaysan, ulim?! Yaxshimisan?

– Yaxshi… – oʻgʻil shunday deya otasiga bir qur razm soldi. – Bu yerlarda nima qilib yuribsiz?

– Ie, bolasi oʻlsin, tish ogʻrigʻi yeb tashladi, – Davlatbek aka ogʻzini ochib, oldirgan tishi oʻrnini koʻrsatdi. – Shuni deb chiquvdim. Oldirdim. Keyin seni bir koʻray deb, bu yoqqa kelaverdim.

Oʻgʻil harakatlaridan ogʻringanini sezdirib qoʻydi.

– A, ertaga shanba edi. Oʻzim ham borardim.

– Ha, borsang, borarsan. Oʻzing yaxshimi? – ota oʻgʻliga boshdan oyoq razm soldi. – Darslar tugadimi?

– Yoʻq. Yana bir para bor. Kvartiraga boramizmi?

– Mayli. Qayerda turishingni ham bir koʻrib ketay.

– Haydang.

Ular fakultet binosi yonidan oʻtib, orqa tomondagi mahallaga ketishdi. Yoʻlda bir qiz Alimardonni toʻxtatib, soʻradi:

– Toʻrtinchi para boʻlarkanmi, yoʻqmi?

– Bilmayman. Boʻlsa kerak.

– Ha, mayli…

Qiz shunday deya yoʻlida davom etdi. Ota esa oʻgʻlidan soʻradi:

– Sen toʻrtinchi paraga kirmaysanmi?

– Ay! – qoʻl silkidi oʻgʻil. – Koʻp bola kirmaydi oʻzi.

– Ho-a… – otaning ichida bir ogʻriq turdi. Keyin oʻgʻlini tergashga tushdi: – Sen bola oʻqiyapman, deysan-u, qoʻlingda bitta daftar. Tushunmadim?

Alimardon nima deyishni bilmay qoldi. Chorrahaga kelib qolishgandi, yaxshi bahona boʻldi. Gapni burdi.

– Bu tomonga yuramiz, ota.

Ular Alimardon va yana uchta yigit turadigan ijara uyga kirib borishdi. Ijarachi Davlatbek akani koʻrib, shirinsuxanlik bilan salom berdi va otaning “Bular sizni qiynamayaptimi? Aytganingizni qilayaptimi?” degan savoliga:

– Ha, bular juda ahil. Osh qilishsayam, biror maslahat boʻlsayam meni chaqiradi. Qoʻli ochiq bachalar.

– Ho-a…

Davlatbek aka boshqa gapirmadi. Ayvon tagidagi gaz plitaning yonidan uyga kirishdi. Xonada toʻrtta karavot. Karavotlar tagida bittadan eski jomadon. Oʻrtada stol. Ham dars, ham ovqatlanish uchun. Uy toʻrida kiyim ilgich. Yana bir eski shkaf. Deraza tokchalarida va stol chetida, karavot tagida uch-toʻrttadan kitoblar sochilib yotibdi. Biroq daftarlar soni kitoblarga qaraganda ancha koʻp.

– Shu yerda yashayapsanmi?

– Ha. Sharoitimiz yaxshi. Gaz bor, svet oʻchmaydi. Xonalarimiz qishda issiq.

– Ho-a… Universitet yotoqxonasi qanday?

– A, u yer zoʻr! Lekin katta kurslarni qoʻymaydi. Joy kam.

– Anavilarni ol, enang berib yuborgandi, – Davlatbek aka qishloqdan koʻtarib kelgan sumkasiga ishora qildi. Shu vaqt tashqarida vagʻir-vugʻur boʻlib, izma-iz ikkita talaba yigit salom berib kirib kelishdi.

– Siz Alimardonning otasimi? – soʻradi biri karavotiga oʻtirgach. Soʻng egilib, shimini koʻtardi-da, paypogʻi ichiga tiqilgan daftarini olib, deraza tokchasiga tashladi.

– Kun yomon isib ketdi-e, – dedi ikkinchisi va koʻylagini shimidan chiqardi, soʻng qayishi tagidan bitta daftarni olib, u karavot ustiga tashladi.

– Sizlar ham oʻqishdan kelyapsizlarmi? – soʻradi Davlatbek aka.

– Ha… – deyishdi yigitlar.

– Bular kursdoshlarim, – dedi Alimardon. – Birga turamiz. Yana bitta bola bor. U boshqa fakultetdan.

– Ha. Toʻrtinchi paraga bormaysizlarmi?

– Yoʻgʻ-e, boʻldi-da, – kuldi hali paypogʻi orasidan daftar chiqargan bola. – Bugunga yetadi.

– Sizlar kelajakda kim boʻlmoqchisizlar? – Davlatbek aka boʻgʻziga tiqilgan savolni toʻxtatib qololmadi.

– Ha, diplomni olaylik-chi, bir gap boʻlar…

Qolgan ikki talaba ham doʻstining soʻzini maʼqullagandek bosh irgʻadi. Bu gaplardan otaning dili ogʻridi. “Ishongan norim sen boʻlsang…” degandek achchiq bilan oʻrnidan turdi.

– Hammalaringga ikki! – dedi. – Yoʻq, bir! Talaba ham shunaqa boʻladimi? Sizlarda gʻurur bormi? Ertani oʻylaysizlarmi? Bu toʻrt yil nima? Oʻtadi ketadi. Imkoniyatlardan foydalanib, oʻqimaysanlarmi? Oʻzlaringni koʻrsatmaysanlarmi? Oʻziyam kontraktda oʻqisanglar kerak-a? Ey, qolganlardan qayerlaring kam? Toʻgʻri, ular daftarini paypogʻining ichiga tiqib yoki qayishining tagiga bosib yurolmaydi. Koʻchada otasini koʻrib qolsa, xijolat boʻlmaydi, “Nima qilib yuribsiz?” deb soʻrolmaydi…

Davlatbek aka shunday deya yonida xoʻmrayib oʻtirgan oʻgʻlining yuziga bir shapaloq urdi. Talabalar bir-biriga qarashdi. Alimardon battar boʻzarib, oʻzini qoʻyarga joy topolmay qoldi.

– Lekin ular bilan ota-onasi, yaqinlari, hatto mahalladoshlari, kerak boʻlsa, yurtdoshlari faxrlanishadi! Bunday yoshlar juda koʻp! Lekin senlar-chi? Uyalinglar! Mana bu yerlaringni ishlatinglar! – deb Davlatbek aka oʻgʻlining chakkasiga bir nuqidi. – Odamga oʻxshab oʻqinglar! Odamga oʻxshab yuringlar!

Davlatbek aka shunday deya indamay xonadan chiqib ketdi. Alimardon qizarib, nima qilishini bilmay qoldi. Boʻzarib turgan kursdoshlariga qaradi. Ular-da yer chizishardi. U yugurib tashqariga chiqdi. Hovlida hech kim yoʻq. Koʻchaga chiqdi. Qarasa, otasi qoʻllarini silkib, katta-katta qadam tashlab ketayapti. Universitetga yetib qoʻyibdi…

Oʻsha kuni Davlatbek aka kun botganda uyga bir ahvolda kirib keldi. Erining ahvolini koʻrib, Bolqin opa hayron boʻldi.

– Otasi, sizga nima boʻldi? Tishni oldirdingizmi?

– Uyi kuysin. Tishni-ku oldirdim…

Davlatbek akaning negadir xoʻrligi kelib jim qoldi. Hanuz taajjub bilan termulib turgan ayoli boshqa savol berib bezovta qilishga botinmadi.

Tun. Borliq yana gʻaflat uyqusiga botdi. Bir payt Davlatbek aka qandaydir ogʻriqdan choʻchib koʻzini ochdi. Bu gal ogʻriq uning chap koʻksi tagida paypaslanib yurardi.

 

Xoliyor SAFAROV

 

“Yoshlik”, 2015 yil 3-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.