Oʻgʻri

0
101
marta koʻrilgan.

U oʻmargan soatini uyidagilar koʻzidan bekitib yurishga harchand urinmasin, baribir uchinchi kuni ertalab qoʻlga tushdi. Shu kezgacha soatni maktabga ketayotib yoʻlda bilagiga taqib, qaytishida esa sumkasiga solib, yashirin saqlab kelayotgandi.

Bari hech kutilmaganda sodir boʻldi.

Bugun u nonushtadan soʻng, kundalik odati boʻyicha, qoʻshni xonaga chiqib kiyimini almashtirarkan, bu safar koʻchaga chiqishga sabri chidamay, yeng ichida kim ham koʻrib oʻtiribdi, degan xayolda soatni shartta bilagiga taqib oldi-da, yelkasiga sumkasini ila-ila, eshik tomon yurgan yerida, deraza yonida bir dam toʻxtab, tagʻin uni yoruqqa solib koʻrdi va azbaroyi zavqi toshganidan, boshini liqillatib, tanglayini taqillatib-taqillatib qoʻydi: och jigarrang tasmali soat chindan-da bejirim, gʻoyatda chiroyli edi – bamisli oltindek yalt-yult tovlanib, koʻngilga adadsiz shavq bagʻishlardi. U oʻsha shavq ogʻushida dahlizga chiqib, oqshom tozalanib, yaltiratib qoʻyilgan tuflisini endigina oyogʻiga ilgan ham ediki, toʻsatdan narigi boʻlmadan otasining oʻta salobatli ovozi eshitildi:

– Mirhaydar!

Bu ovoz sohibi Gʻaybulla bakovul necha yildirki toʻydagi kurashlarda kayvonilik qilib, katta-kichik davralarni binoyidek boshqarib kelayotgan esa-da, aslida tabiatan kamgaproq, xususan, uydagilariga soʻzi bilan emas, koʻz qarashlari ila hukm oʻtkazadigan ogʻir-bosiq va oʻta jiddiy odam edi. U kamdan-kam hollardagina, yaʼni favqulodda nedir sodir boʻlgan onlardagina ovoz koʻtarishini demasa, qolgan payt uncha-buncha narsaga aralashavermasdi. Shu bois, oʻzini aybdor his etib yurgani tufayli, kutilmagan bu yoʻqlovdan bolaning yuragi shuvillab, dastlabki oʻy-hadigi shu boʻldi: “Nahotki, bundan otam xabar topgan boʻlsa?..” U endi bilagini oʻtdek kuydira boshlagan soatni nima qilarini bilmay, shoshib, kalovlanib turganida, otaning navbatdagi chorlovi yanada balandroq ovozda, bolaning nazarida, tahdidli ohangda takrorlandi. Tamom – endi ortiq hayallashi mumkin emas, u dovdiragancha, qiya ochiq eshikdan ichkariga moʻraladi. Qarasaki, otasi barmoqlari bilan nosqovoq popugini oʻynagancha, xotirjam yonboshlab yotibdi. Bundan bolaning koʻngli yengil tortib, oʻz navbatida, tezroq juftak rostlamoq oʻyida, goʻyo juda oshiqayotgandek, labbay, dedi. Aksiga olib, otasi maqsadini bayon etishdan avval, anovini uzatib yubor, deya deraza raxidagi tufdonga ishora qildi. Ostona hatlamoqdan boʻlak chorasi qolmagan bola, ichkariga kirib, beixtiyor, soʻl qoʻlini tufdonga choʻzdi va ana shunda bilagidagi soat yiltillab, ota eʼtiborini darrov oʻziga tortdi.

– Iya, muborak boʻlsin! – dedi Gʻaybulla bakovul xuddi davrada gʻolibni qutlagandek, sokin kulimsirab va soʻng qoshida kavshanib oʻtirgan ayoliga yuzlandi: – Soatni bunga sen oberdingmi?

– Nima? – dedi ayoli tushunmay.

– Bunga soatni sen oberdingmi deyapman? – Gʻaybulla bakavul boshi bilan bola tomonga ishora qildi.

– Qanaqa soat? – dedi ayol bir unga, bir oʻgʻliga hayron boqarkan. – Men hech narsa oberganim yoʻq bunga.

Bu gapdan soʻng Gʻaybulla bakovul darrov sergak tortdi. Bolishdan tirsak uzib, qaddini rostlab oʻtirarkan, shubha-gumonga toʻla nigohini hanuz tufdon tutib turgan bolaga oʻqdek qadagancha, jiddiy dedi:

– Qani, bu yoqqa ber-chi!

Bola tufdonni uzatdi.

– Yoʻq, qoʻlingdagi soatni ber!

Bola bilagidagi soatni yechib, otasiga uzatdi.

Gʻaybulla bakovul oshiqmay soatni koʻzdan kechirarkan, uni oddiy matoh emas, qimmatbaho ekanini tezda angladi va beixtiyor ikki tokcha oraligʻidagi mixda osigʻli turgan mayda oʻrim qamchiga yer ostidan zimdan qarab qoʻydi. Buni sezgan bola ichdan zil ketdi. Boisi, otasi oʻgʻrilarni jinidan yomon koʻradi, shu yozda Dasht bozorida tasodifan qoʻliga tushib qolgan choʻntakkesar bir yigitni nechogʻlik qamchi ostiga olganini oʻzi koʻzi bilan koʻrgandi. Oʻshanda otasi ayrim odamlarga oʻxshab, baqir-chaqir qilib oʻtirmagan, xuddi ogʻziga bir kaft nos tashlab olganday, lablarini mahkam qimtigancha qamchiga zoʻr bergan va shoʻrlik yigit uning changalidan zoʻr-bazoʻr qochib qutulgandi. Ammo hozir bolani qamchining achchiq zarbidan koʻra “oʻgʻri” degan tavqilaʼnat koʻproq iztirobga solmoqda edi. Agar bu sir tashqariga oʻrlaydigan boʻlsa, tamom – koʻchada sira bosh koʻtarib yurgiligi qolmaydi. Bundan-da alamlisi, u soatni oʻmarmoqchi emasdi, shunchaki bir-ikki kunga havasga taqib, soʻng imi-jimida yana joyiga qaytarmoqchi edi. Biroq buni koʻzlari olovlanib turgan otasiga qanday qilib anglatadi? Anglatsa-da, nega soʻroqsiz olding, deya battar qasdi-basdiga oladi. Bunisi yetmagandek, soat egasi begona emas, otasining uch hovli naridagi yaqin joʻrasi – Asqar chavandoz edi. Ana endi, u odamning yuziga qanday qaraydi!

Shu topda bola istagan bir narsaga aylanib qolishga, jumladan, kunjakda gʻujanak tushib yotgan targʻil mushuk va hattoki dasturxon tepasida aylanishayotgan xira pashshalardan biri oʻrnida boʻlib qolishga ham rozi edi. Qani endi, ayni shu lahzada manovi pashshalardan biriga evrilib qolsa! Yoxud, xuddi oldi-qochdi kinolardagidek, vaqt degan zormanda chir aylanib, iziga qaytsa-yu, u lop etib soat oʻmarilgan oʻsha kunga tushib qolsa! Gar buning imkon va iloji boʻlganida bormi, Asqar amaki iltimos qilgan arzimas yumushni tezgina ado etgan boʻlardi-yu, lekin zinhor-bazinhor uy bekasi Sojida xola yozgan dasturxon yaqiniga yoʻlamasdi. Axir, bari girdibalo oʻsha toʻkin dasturxon tufayli yuz berdi-da. Agar oʻshanda dasturxonni bezab turgan yaltiroq qogʻozli turli konfetlar havasini qoʻzgʻab, ishtahasini qitiqlamaganida, manovi laʼnati soatga duch kelmagan va hozir otasi qoshida bargday titrab turmagan boʻlardi-da. Bola shularni xayolidan oʻtkazar ekan, bu qilmishi uchun oʻzini emas, uy bekasini ayblamoqqa tushdi: eh-h, shu Sojida xolayam juda qiziq-da, uyiga borib, nomiga yoʻtalsang-da, hadaha oldingga dasturxon yozadi, emasam, oʻsha kungi yumush – qoʻrada toʻplanib qolgan goʻngni zambilgʻaltakda tomorqaga chiqarib tashlash ham ishmidi, shugina yumushni bajargani uchun oldiga dasturxon yozish shartmidi! Mana, onasi, togʻni talqon qilsang-da, pinagini buzmaydi, shirinlik nari tursin, bir piyola choy qoʻyishni ham xayolga keltirmaydi. Qaytamga, yumush ustiga yumush aytib, tinkasini quritadi. Bola anchayin mehri qattiq onasi hamda uning gʻirt aksi boʻlmish Sojida xolani bir-biriga taqqoslarkan, kattalar gurungida qulogʻiga chalingan gap-soʻzlar asosida oʻzicha quyidagicha fikr qildi: hadeb qiz ustiga qiz tugʻavermay, koʻp emas, atigi birgina oʻgʻil tugʻib berganida bormi, bechora Asqar amakining ishi oʻziga oʻxshaganlarga tushib qolmagan, hovlisida neki yumush bor, barini oʻsha oʻgʻli uddalagan va soat ham oʻgʻirlanmagan boʻlardi-ya!

Oʻsha kuni u choydan hoʻplab, oldida qoʻyilgan shirinliklardan tanlab-tanlab totinarkan, boya xontaxta yoniga choʻkayotib, uning tagidan topib olgan soatni oʻmarishni boshda xayoliga ham keltirmagandi. Avvaliga, oʻziyam zoʻr soat ekan-da, deya obdon tomosha qildi, soʻng hali oʻng, hali soʻl qulogʻiga tutib, bir maromda chiqqillashini bahuzur tingladi. Keyin, turgan gap, kavshanishdan tiyilmagan koʻyi qoʻliga taqdi va umrida soat taqib koʻrmagan emasmi, birdan oʻzini kattalardek his etib, sal naridagi baxmal bolishlardan birini soʻl biqiniga tortib, asta yonboshladi-da, xuddi otasi kabi jiddiy va dimogʻli bir qiyofada uydagi jihozlarga bir-bir nazar tashlab chiqdi. Soʻng yana oʻz holiga qaytib, soat bilan andarmon boʻldi.

U bilagidagi soatga qarab-qarab, choy hoʻpladi.

U bilagidagi soatga termulib-termulib, konfet chaynadi.

Keyin soatni maktabga taqib borgudek boʻlsa, havasdan sinfdoshlari ne ahvolga tushishlarini oʻzicha tasavvur etib, miyigʻida jilmayib-jilmayib qoʻydi. Ayniqsa, almisoqdan qolgan koʻrimsiz soati bilan oʻzicha bodilanib yurishni xush koʻradigan Sodiq ikkichiga juda chatoq boʻladi-da – shoʻrlik hasaddan oʻchoqboshidagi kosovdan battar qorayib ketsa kerak! Sodiq ikkichining ushbu holatini koʻz oldiga keltirib, ich-ichidan huzur qildi. Bunga sari, yuragi tubida uygʻongan quyidagi olovli istak tobora alangalana boshladi: “Bir kunga taqib borsam qanday boʻlarkan-a?! Keyin astagina yana joyiga qoʻyib qoʻyardim!” Dastlab bu istakka royish bergisi kelmay, bilagidagi soatni shartta yechdi-da, oʻzicha koʻzdan panaga – koʻrpacha qatiga tiqib qoʻydi. Biror muddatdan soʻng esa, birov bosib-netib, sindirib qoʻymasin tagʻin, degan hadik va bahonada yana uni qoʻliga oldi. Bu safar dasturxon chetiga yashirib, ustiga sochiq tashlab qoʻydi, soʻng… Xullas, soatni oʻzidan qancha nari sursa, istagi shuncha battar junbishga kela boshladi va oxir-oqibat, oʻzini tiyolmay, soatni choʻntagiga urdi. Tashqarilashdan avval oʻgʻri mushukdek deraza osha sekin moʻraladi. Asqar chavandoz boyayoq otlanib qayoqqadir ketgan, qizlari koʻrinmaydi, hovlida yolgʻiz Sojida xolagina kuymalanib yurardi. U ertan albatta qaytaraman, deya oyoq uchida koʻchaga zingʻilladi.

Bola tongni sabrsizlik bilan kutdi.

Ertalab maktabga borayotib yoʻl-yoʻlakay soatni qoʻliga taqib oldi.

Sinf eshigidan kira-kira, soʻl yengini salgina yuqoriga tortib qoʻydi. Biroq bilagidagi soatga eʼtibor beruvchi boʻlmadi. U bundan gʻashlanib, oʻsha qoʻlini atay baland koʻtarib, avval boʻyin aralash boshini qashlagan, soʻng qoʻngʻiroqqa yana qancha qoldi, degan maʼnoda soatga beparvo koʻz tashlagan kishi boʻldi. Xuddi kutganidek birpasda avval oʻgʻil bolalar oʻrab olishdi, soʻng qizlar tevaraklab kelishdi. Oh-oh, kimlar havas qilib, kimlarning ichi kuymadi deysiz! Kimdir soatning oʻzini, kimdir bogʻichini maqtadi. Birovi, tillodan, desa; boshqa biri, yoʻq, oddiy misdan yasalgan, deya oʻzicha soatni yerga urgan boʻldi.

Bunga sari bola huzur qildi.

Bunga sari bola rosa yayradi.

Biroq darsdan soʻng, vaʼdasiga muvofiq, soatni joyiga qaytarishni oʻyiga keltirmadi, chunki maktabdan qaytayotib, yana bir kunga taqsam, yeyilib qolmas, deya bir toʻxtamga kelib boʻlgandi. Chunki bugun butun dars davomida bolalar, tanaffusga yana qancha qoldi, deya nuqul unga im qoqishdi-da. Agar ertaga soatsiz borsa, bugungi obroʻyi bir pul boʻlib, uloq tagʻin Sodiq ikkichida ketadi. U qisiq koʻzlarini oʻynatib, sepkil toshgan burnini tanqaytirib, oshkora tantana qiladi. Yoʻq, bunga sira yoʻl qoʻyib boʻlmaydi!

– Xoʻsh, buni qayerdan olding? – deya uning xayolini boʻldi Gʻaybulla bakovul, “oʻgʻirlading” degan soʻzni aytmoqqa istihola qilganday.

Bola koʻmak qidirib, onasiga boqdi. Biroq uning otasidan battar gumonlanib turganini koʻrgach, tagʻin dasturxondagi pashshalarga, kunjakdagi mushukka havasi kelib, hovlida sochilib yurgan tovuqlar oʻzidan koʻra ming chandon baxtliroqdek tuyuldi.

– Hay-y, kimniki bu? – Gʻaybulla bakovul bu dafʼa savolni oʻzga yoʻsinda koʻndalang qoʻydi.

– Asqar… amakimniki, – deya mingʻirladi bola. – Bir-ikki kunga taqib turay deb olgandim.

– Oʻzi berdimi?

Bola qoʻrqqanidan, beixtiyor bosh irgʻadi.

Gʻaybulla bakovul uning avzoyiga qarab, bu gapga ishonmagan esa-da, kayvoniligiga borib, qahrini jilovladi. Biladiki, agar hozir zugʻum qilar boʻlsa, yolgʻonga yolgʻon qoʻshilib, soʻng oq-qorani bir-biridan farqlash qiyin kechadi. Buning ustiga, oʻgʻliga nisbatan Asqar chavandozning mehri azaldan boʻlakcha, balki chindanam soatni uning oʻzi tortiq qilgan chiqar. Qisqasi, agar hozir ketini koʻtarishdan erinmasa, bor haqiqat birpasda ayonlashadi-qoʻyadi.

U ortiq churq etmay, bolani boshlab koʻchaga chiqdi.

Avvaliga otasining maqsadini anglamagan bola, qachonki, u naridagi koʻkish darvoza sari jilgachgina, ne gapligini fahmlab, hozir yuz beradigan sharmandalikdan qattiq dahshatga tushdi. Tizzalari qaltirab, manglayi sovuq terdan namlanib, quyidagi noxush manzara koʻz oldida jonlandi: otasining kaftidagi soatni koʻrgach, ularni kulib qarshilagan Asqar amakining avzoyi birdan oʻzgaradi: “Eh-ha, oʻgʻiri kim desam, sening oʻgʻling ekan-da”, deya koʻcha boshidagi Jalol qirriq kabi darrov baqir-chaqir qilishga tushadi. Oqibat, bu qilmishi birpasda butun qishloqqa doston boʻladi.

Boz ustiga, bolalar ayni maktabga borayotgan payt…

Ishqilib, Asqar chavandoz uyida boʻlmasin-da!

Afsuski, u uyida ekan.

Odatda chaqirmasdan toʻgʻridan-toʻgʻri kirib boraveradigan joʻrasining bu safar yetti yot begonadek darvozaxonada serrayib turishi dastlab Asqar chavandozga juda erish tuyuldi. Ular yaqiniga kelib, otani gʻazabnok, bolani esa gʻamnok holda koʻrgachgina, nimadir yuz berganini angladi.

– Tinchlikmi, Gʻaybullavoy?

– Manovi senikimi? – dedi ota oʻng kaftini oldinga choʻzib.

– Ha, meniki, – Asqar chavandoz boshda hech narsaga tushunmagan esa-da, soʻng ne voqea sodir boʻlganini zumda idrok etdi. Shunda ayni bolaning yoshida oʻrtancha togʻasining qora tasmali soatini havasga oʻmargani va oʻsha qiligʻi sabab yegan kaltaklari lop etib esiga tushdi-da, goʻyo qoshida Gʻaybulla bakovul emas, oʻsha johil va nodon togʻasi turganday, unga norozi boqib, dedi: – Nima edi?

– Unda munda nima qip yuribdi bu? – dedi ota ovozini bir parda koʻtarib.

– Nima deganing bu? – dedi Asqar chavandoz ovozini ikki parda yuqori koʻtarib. – Oʻzim sovgʻa qilganimdan soʻgʻin, bunda boʻlmay, nima, menda boʻladimi!

Bu gapni kutmagan bola dong qotdi.

– Men oʻylabmanki… – deya chaynaldi ota.

– Oʻzingcha har narsalarni oʻylavermay, – deya uning gapini choʻrt kesdi Asqar chavandoz. – soatni egasiga ber, tezroq maktabiga borsin!

Bola soatni mahkam tutgancha, mushuk changalidan tasodifan omon qolgan polaponday koʻchaga otildi. Asqar chavandozning bu qiligʻi har qanday ogʻir jazodan yuz karra ustivorligini butun vujudi bilan his etgan koʻyi, darsdan kechikmayin deya, oyogʻini qoʻliga oldi.

Oʻsha kuni endi oʻziniki boʻlgan soati bilan maqtanish nari tursin, hatto uni sumkasidan chiqarmadi. Sodiq ikkichining burun tanqaytirib, zimdan kerilishlarini esa eʼtiborga arzitmadi. Ammo kechgacha, goʻyo oʻta qimmatli narsasini yoʻqotganday, rang-tusi ochilmay, dilgirtob yurdi. Shu kuni umrida ilk bor oqshom tushishini intiqlik bilan kutdi. Borliq shom qorongʻisiga chulgʻanishi bilan Asqar chavandozning darvozasi qarshisida paydo boʻldi. Keng hovlida hech kim yoʻqligi va hamma kechki dasturxon tevaragiga jamlanganiga ishonch hosil qilgach, qoʻlidagi soatni soʻri chetiga qoʻygancha, soyaday tashqariga sirgʻaldi. Koʻchaga chiqqach, muzdek kuz havosidan yutoqib nafas olarkan, xuddi yelkasidan togʻ agʻdarilganday, oʻzini yengil, juda yengil his etdi.

Ammo ertasi ertalab kutilmaganda ostonada, qoʻlida soat, Sojida xola paydo boʻldi.

– Kecha manovini biznikida unutib qoldiribsan-a, bolam.

Bola ayol uzatgan soatga qoʻl choʻzishni ham, choʻzmaslikni ham bilolmay, choʻchibgina otasiga qaradi.

Bunga javoban ota sokin kulimsirab qoʻydi.

 

2016 yil

 

Normurod NORQOBILOV

 

“Yoshlik”, 2017–3

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.