Oʻgʻri

0
425
marta koʻrilgan.

Ekspertlar guruhiga tegishli “Gazel” mikroavtobusi yonida mashinani toʻxtatdim. Eshikni ochishim bilan bahorning tonggi namxush shamoli ichkariga suqilib, yuzlarimni silab oʻtdi. Mashinadan tushdim. Kalit ulangan moslama tugmachasini bosgandim, qulf eshikni mahkamlaganini minnat qilgan misol taraqlagan tovush chiqardi. Yapaloq papkamni qoʻltigʻimga qistirib, zangori boʻyoq urilgan temir darvoza tomonga odimladim. Darvoza biqiniga temir eshik oʻrnatilgan, eshikka quturgan itning rasmi yopishtirilgan boʻlib, rasm ostiga “Beruxsat kirilmasin! Ichkarida jahldor it bor” deb yozilgandi. Darvozaga yaqinlashdim, eshikni qoʻriqlayotgan serjant bilan qoʻl olishdim, qisqacha hol-ahvol soʻrashgan boʻldim, ammo hovlidan badjahl it tugul, kuchukning vangillashi ham eshitilgani yoʻq.

– Poʻpisa qilish uchun ilib qoʻyibdimi deyman? – soʻradim ogohlantiruvchi yozuvga ishora qilib.

– Hovlida chindan ham it bor, – dedi serjant. – Gavdasi mundayroq eshakcha keladi.

– Toʻpponchang yoningdami?

Serjant miyigʻida kulib qoʻydi. Eshikni ochdim. Hovliga kirishim bilan bogʻlogʻliq turgan itga koʻzim tushdi. Koʻppak menga sovuq qadalib oyoqqa turganida ogohlantiruvchi yozuv behudaga ilib qoʻyilmaganiga amin boʻldim. It, chindan ham, eshakka aylanish arafasida turgan xoʻtikcha kelar, yalongʻochlangan soʻyloq tishlari gavdasiga mos, boʻshalib ketsa gʻajib tashlaydigan raftor bilan irillab turardi. Har qancha jahl qilmasin, boʻynidagi zanjirni uzolmasligiga ishonch hosil qilganimdan soʻng uyga razm soldim. Eshik temir, derazalarga temir panjara oʻrnatilgan, tepada temir aralashmasidan tayyorlangan tom. Hovli sathiga, tomorqa, ogʻil tomonga eltadigan yoʻlaklarga beton quyilgan, uyning orqa tomoniga eltuvchi yoʻlakka itning loyga belangan panja izlari tushib qolgandi.

Uy eshigiga yoʻnaldim. Zinaga qadam qoʻygan paytim eshik ochilib, boʻlimimiz boshligʻi – mayor Nazarov koʻrindi.

– Oʻrtoq mayor, kapitan Akbarov…

– Juda yaxshi yetib kelgan boʻlsangiz, – soʻzimni boʻldi mayor. – Bu yerda qanday jinoyat sodir etilganidan xabaringiz bormi?

– Navbatchidan fuqaro Nurmat Normatovga ogʻir tan jarohati yetkazilganini eshitdim.

– Normatovni kasalxonaga olib ketishdi. Endi gap bunday, kapitan. Bu ish katta leytenant Aliyevga topshirilgan…

– Mumkinmi, oʻrtoq mayor…

– Mumkin emas. Sizning boshqa ishlaringiz ham borligini bilaman. Ammo Aliyev hali yosh, unga tajribali maslahatchi kerak. Tergov-qidiruv ishlarida katta leytenantga yordam berasiz. Savollar bormi? – ogʻiz ochgunimcha boʻlmay, mayor oʻzining savoliga oʻzi javob berib qoʻya qoldi. – Demak, savol yoʻq. Ishga kirishing!

Nazarovni unchalik ham yuqori boʻlmagan kayfiyatda kuzatib qoʻyib, uyga kirdim. Ayvondagi jihozlar uy egasining puldor odam ekanidan dalolat berardi. Oyoq ostida salkam toʻrt barmoq qalinligidagi gilamlar, mundayroq mashina bahosiga teng boʻlgan ulkan uy kinoteatri, bahaybat qandil ostidagi divan, oʻrindigʻi pardek yumshoq kreslolar… Roʻparadagi devorga 60-65 yoshlardagi erkak bilan ayolning birga tushgan surati ilingandi. Ochiq yuzli ayol obʼyektivga oʻychan tikilgancha qotib qolgan, erkak esa xuddi boshqalar yeb oʻzi quruq qolgandek xoʻmrayib turardi.

– Normatov degani shu odam boʻlsa kerak, – oʻyladim eshiklardan biriga yaqinlasharkanman. Ochiq turgan eshik oʻrtacha kattalikdagi xonaga tegishli edi. Xonaga stol bilan uch-toʻrtta kursi qoʻyilgan, kursilardan birini qirra burni ostidagi qoʻngʻiz moʻylovi oʻziga umuman yarashmagan 28-30 yoshlardagi yigit – katta leytenant Aliyev band qilgandi. Devor ostiga qoʻyilgan divanda 35-40 yoshlarni qoralagan choʻzinchoq yuzli odam bilan ozgʻindan kelgan ayol oʻtiribdi. Choʻzinchoq yuzlining mallatus moʻylovi ham oʻziga yarashmaganini oʻzimcha eʼtirof etib, tomoq qirib qoʻydim. Boʻgʻzimdan yulingan beoʻxshov tovushni eshitgan Aliyev oʻrnidan koʻtarildi.

– Salomatlik tilayman, oʻrtoq kapitan! – past pardada xitob qildi xonadan chiqib eshikni yoparkan.

– Sizga ham, leytenant! Rasmiyatchilikni yigʻishtirib, maqsadga oʻtamiz.

– Demak, bunday, Farrux aka. Jabrlanuvchi – Normatov Nurmat. 70 yoshda. Xotini bundan uch yil oldin olamdan oʻtgan. Bola-chaqasi yoʻq, yolgʻiz oʻzi yasharkan. Tunda kimdir uxlab yotgan Normatovga ogʻir tan jarohati yetkazgan. Yuring.

Katta leytenantga ergashdim. Yotoqxonaga kirdik. Ulkan qandil ostiga ikki odamlik yogʻoch karovot qoʻyilgan, karavot ustidagi koʻrpaning yarmi polga osilib yotardi. Ichkariga kirishim bilan devorga tirab qoʻyilgan rasmga koʻzim tushdi. Kiyikka tashlanishga shaylanayotgan yoʻlbarsning rasmi. Ammo rassom noʻnoqroq ekanmi, oʻtxoʻr jonivor kiyikdan koʻra koʻproq eshakka, yoʻlbars esa jahli chiqqan mushukka oʻxshab ketardi. Bir yarim metrcha teparoqda devor orasiga kichkina seyf oʻrnatilgan. Seyfning eshigi lang ochiq. Rasm yonida toʻladan kelgan odam choʻk tushib oʻtiribdi. Janob Asqarov. Ekspertlar guruhining boshligʻi. Yotoqxonada izgʻib yurgan yigitlar unga qarashli, qayerda jinoyatchining barmoq izlari qolishi mumkin boʻlsa, oʻsha joylarni sinchiklab koʻzdan kechirishyapti. Bizga qarab qoʻyganlari ham yoʻq. Biz ham ularga eʼtibor bermay derazaga yaqinlashdik.

– Jinoyat quroli.

Aliyevning ishorasidan soʻng deraza raxida turgan haykalchaga qaradim. Aniqrogʻi, bu matoh haykalcha emas, Normatovning gipsdan yasalgan kichkina byusti edi. Toʻgʻri, basharasi jabrlanuvchining yuziga unchalik ham oʻxshamaydi, ammo haykaltarosh rassomga qaraganda mohirroq ekan, burnini oʻxshatibdi. Byustning bosh qismi qonga belangandi.

– Normatovga oʻzining byusti bilan jarohat yetkazibdi, yaramas! – dedi Asqarov bizga yaqinlasharkan. – Salom, Farrux. Seniyam bu ishga jalb qilishdimi?

– Yoʻq, – poʻngʻilladim uning qoʻlini olib. – Qiladigan boshqa ishim boʻlmagani uchun oʻzim keldim!

– Har doimgidek tiling zahar!

– Sen esa har doimgidek bemaʼni savol beryapsan! Suyuntirasanmi?

Ekspert bosh chayqadi.

– Jinoyatchining barmoq izlari topilmadi. Qoʻlqop kiyib ishlagan koʻrinadi. Mana bunga qara.

Asqarov byust yonida turgan yelim xaltachani oldi. Xaltacha ichida tugma bor edi.

– Normatovning kaftidan topildi. Chamasi, erkaklarning yengil kurtkasiga tegishli.

– Kaftidan topildi, deganingga aniqlik kiritaylik, – dedim tugmaga qarab qoʻyib. – Changak boʻlgan barmoqlarining orasidan oldingmi yoki…

– Yoki! Jabrlanuvchi bu tugmani jinoyatchining kiyimidan yulib olgan, deyishga asosim yoʻq. Tugma ochiq kaftida yotgandi.

– Oʻylashimcha, bu bilan hech nima demoqchi emassan? Shundaymi?

– Toʻgʻri oʻylabsan.

– Tashqari eshik qulfiga koʻz tashladingmi?

– Qulf buzilmagan, izquvar, kalit bilan ochilgan.

Seyfga ishora qildim.

– Seyf eshigi raqamli, – dedi ekspert. – Oltita raqam toʻgʻri terilsagina kalit tiqiladigan teshik qopqogʻi ochiladi. Raqamlar toʻgʻri terilmasa, seyf kalitini oʻgʻirlashdan maʼni yoʻq.

– Demak…

– Sen ham toʻgʻri oʻylading! – Aliyevning soʻzini boʻldi Asqarov. – Jinoyatchi qaysi raqamlar terilsa, seyf eshigi ochilishini bilgan! Bunga ishonchim komil. Chunki doktorlar yetib kelguncha jabrlanuvchini bir qur koʻzdan kechirgandim. Tanasida qiynoqqa solinganini oshkor qiladigan belgilar yoʻq edi. Taxminimcha, jinoyatchi uy eshigini kalit bilan ochib ayvonga, ayvondan yotoqqa kirgan, uxlab yotgan Normatovning boshiga oʻzining byusti bilan zarb tushurgan-u, seyfni shipshiydam qilib, gʻoyib boʻlgan!

– Mana bu rasmda…

– Rasmda ham barmoq izlari yoʻq, Aliyev. Sinchiklab tekshirdim. Normatov devorga oʻrnatilgan seyf eshigini pana qilish uchun ilib qoʻygan bu bemaʼni rasmni. Oʻzing qara, yoʻlbarsmi shu? It talagan mushukka oʻxshab ketyapti-ku?!

Ekspertning soʻzlariga eʼtibor berganim yoʻq. Parket polda yotgan uch-toʻrtta kulrang-qoramtir narsa eʼtiborimni oʻziga jalb qilgandi. Narsalar uy sichqonining axlatiga oʻxshab ketardi. Oyoq ustiga choʻk tushdim. Katta leytenant bilan ekspert darrov mening harakatimni takrorlashdi.

– Nosmi?

Ekspertning savoliga javob qilmay, polga engashdim. Karavot oyogʻi yonida yana uch-toʻrtta nos donachalari yotardi.

– Asqarov!

Ekspert darrov yelim xaltacha uzatdi. Nos donachalarini yelim xaltachaga joylab, oʻrnimdan turdim.

– Nosni nima qilmoqchisiz? – soʻradi Aliyev avval yelim xaltachaga, keyin menga qarab qoʻyarkan. Javobni hayallatib yotoqxonaga diqqat bilan razm soldim. Nihoyatda orasta, supurib-sidirilgan, parket pol yarqirab turibdi, hech qayerda chang-gʻubor koʻrinmaydi.

– Bu haqda keyin. Boyagi erkak bilan ayol kim?

– Normatovning eski tanishlari. Uy ishlariga yordamlashib yurishadi. Er-xotin – Tohir va Shirin Masharipovlar.

– Yur-chi.

Yotoqdan chiqib guvohlar oʻtirgan xonaga kirdik. Er-xotin Masharipovlar bizni oʻrinlaridan turib kutib olishdi.

– Kapitan Akbarov. – Meni tanishtirdi Aliyev kursilarga joylashganimizdan soʻng. – Davom etamiz.

– Hali aytganimdek, – tilga kirdi Shirin oʻtirgan joyida bir qoʻzgʻalib, – tongi soat 6 da xoʻjayinning uyiga keldik…

– Qayerda yashaysizlar? – uning soʻzini boʻldim. Masharipova uy manzilini aytgach, hikoyasini davom ettirdi.

– Har safar biz kelgunimizcha xoʻjayin Qoplonni bogʻlab, hovli eshikni ochib qoʻyardi. Bugun kelsak, eshik berk. Qoʻngʻiroqni qayta-qayta bosganimga qaramay, ichkaridan javob boʻlmadi. Erim Nurmat akaning uxlab yotganini tusmolladi, men eʼtiroz bildirdim. Chunki xoʻjayin tong oqarib-oqarmay toʻshakni tark qilardi. Hovliga qarab koʻring, negadir koʻnglim gʻash, dedim erimga. Darvozaga tirmashgan erim ichkariga bir qur nazar tashlab, uyning eshigi ochiq turganini aytdi. Keyin xoʻjayinning ismini aytib chaqira boshladi. Tagʻin javob qaytgani yoʻq. Yuragimga gʻulgʻula tushdi…

– Nima uchun? – soʻradi Aliyev.

– Nurmat akaning yuragi xasta, uch kundan beri sanchib ogʻriyotganidan noliyotgandi. Kasali xuruj qilib yotib qolgan boʻlsa kerak, degan oʻyga borgandim…

– Xotinim tiqilinch qilavergach, – ilib ketdi Tohir. – Darvozadan oshib oʻtib, eshikni ochdim. Shirin uyga shoshildi, men esa ogʻil tomonga yoʻnaldim. Nurmat aka hoʻkiz boqishga ishqiboz, barvaqt turib hoʻkizlari bilan andarmon boʻladigan odati bor edi. Birdan uydan xotinimning chinqirgani eshitildi…

– Nurmat akaning qonga belanib yotganini koʻrib esim chiqib ketdi. Qanday qilib uydan otilib chiqqanimni oʻzim ham bilmayman. Erim yuzimga suv sepganidan keyingina oʻzimga keldim. Keyin sizlarga xabar berdik. Bori shu…

– Koʻpdan Normatovning uy ishlariga yordamlashasizmi?

– Oʻn yildan beri. Xotinim osh-ovqat, kir-chirga qaraydi, Nurmat akaning hoʻkizlari bilan bogʻi mening gardanimda.

– Demak, yil oʻn ikki oy shu yerdasizlar? – navbatdagi savolni yoʻlladi katta leytenant qogʻozdan boshini koʻtarmay.

– Men ora-sira Toshkentga, qurilishda ishlagani borib turaman. Kecha poytaxtdan qaytdim. Bugun esa bu koʻrgilik…

Masharipov soʻlgʻin tin oldi. Aliyevga nazar tashladim. Katta leytenant hamon qogʻoz qoralash bilan ovora edi. Uning bu qiligʻi yoqmadi menga. Soʻroqqa tutilayotgan odamning koʻzlariga qadalib javob talab qilish kerak, illo, koʻz – koʻngil oynasi, til yashirganni koʻzlar sotib qoʻyishi mumkin.

Xuddi mening oʻylarimni uqqan misol, hamkasbim qogʻozdan boshini koʻtardi.

– Normatovning qarindosh-urugʻi bormi?

– Bor. Rahmatli opasidan ikkita, ukasidan bitta oʻgʻil qolgan. Qodir, Shokir va Rustam. Qodir bilan Shokir… – deya soʻzini davom ettirishga chogʻlangan Tohir biqinidan turtki yedi chogʻi, darrov ohangi oʻzgardi. Uchovi ham yaxshi odamlar…

Masharipovga qattiq tikildim.

– Normatovning jiyanlarini yoqtirmaysizmi?

– Nega yoqtirmas ekanman, oʻrtoq kapitan? Uchalasining ham xizmatini qilganman, nonini yeganman. Endi, yegan ogʻiz uyalar, deganlaridek… – choʻzib nafas chiqargan Tohir xotiniga qaradi. – Meni turtma. Barini aytishimiz shart, onasi…

– Aytsak… – kalovlandi Shirin. Bizdan xafa boʻlishmasmikin, dadasi?

– Aytmasak… bular bizni xafa qilishadi…

– Bu yogʻiyam bor… Boʻpti, oʻzim aytaman. Gapning indallosi, Qodir bilan Shokir oʻta bemehr, nontepki, gʻirt yaramas odam! Rustamjon esa juda bamaʼni, koʻngilchan yigit. Xoʻjayin topgan-tutganini teng uchga boʻlib shu jiyanlariga vasiyat qilgandi. Faqat…

– Nima “faqat?”

– Nurmat aka Rustamjonni merosdan mahrum qilmoqchi edi…

– Nima uchun?

– Bilmayman. Kecha kechki payt Qodir bilan Shokir uyga kelgandi. Xoʻjayin bilan jiqillashib qoldilar. Oshxonada kuymalanib yurganim uchun janjalga nima sabab boʻlganini aniq aytolmayman. Pul soʻrashdi, chamamda. Nurmat aka bermadi, chogʻi, Qodir baqira boshladi…

– Nima deb baqirdi?

– Baribir bizga qoladi-ku, yo opangizning farzandlaridan ukangizning yaramas oʻgʻli azizroq boʻldimi, deganini eshitdim. Baqir-chaqir ustiga Rustamjon kelib qoldi. Avval Qodirni, soʻng Shokirni giribonidan olib, tashqariga uloqtirdi. Keyin amaki-jiyan xoʻjayinning xonasiga qamalib oldilar. Xonaga choy olib kirganimda Nurmat akaning jahl zoʻridan koʻkarib ketgani, Rustamjonning bosh egib oʻtirganini koʻrdim. Choynakni qoʻyib, xonadan chiqdim. Eshikni yopgan paytim xoʻjayinning sen ahmoqni merosdan mahrum qilaman, ertagayoq advokatni chaqirib yangitdan vasiyat bitaman, deb baqirgani eshitildi. Keyin Rustamjon qizarib-boʻzarib uydan chiqib ketdi. Mening bilganim shu…

Oʻrnimdan turib xonadan chiqdim-da, Normatovning yotogʻiga kirdim. Ekspert yigitlar ishni tugatishgan, yotoqxonada Asqarovdan boshqa odam koʻrinmasdi.

– Biz tugatdik, – dedi ekspert deraza raxida turgan byustga qoʻl choʻzarkan. – Tushlikdan keyin senga yozma ravishda axborot beraman.

– Qogʻoz qoralamangni mengamas, Aliyevga topshirasan, – dedim unga yaqinlashib. – Bu ish unga topshirilgan. Men oddiy kuzatuvchiman, hisobi. Jabrlanuvchining kaftidan topilgan tugma qani?

– Oddiy kuzatuvchi boʻlsang, senga tugmaning nima keragi bor?

– Esdalik uchun kostyumimga qadamoqchiman!

– Qaysi ahmoq kurtkaning tugmasini kostyumga qadaydi?! – poʻngʻilladi Asqarov tugma solingan yelim xaltachani uzatarkan. – Boʻlimga qaytganingdan soʻng shaxsan menga topshirasan! Tushundingmi?

Tushunganimni bosh irgʻash bilan oshkor qilib, guvohlar oʻtirgan xonaga qaytdim.

– Mana shu tugma sizlarga tanishmi?

Masharipov xaltachaga qoʻl choʻzdi.

– Rustamjonning kurtkasida koʻrgandim shunaqa tugmani. Misdan yasalgan, yarqirab turadi. Yo adashyapmanmi, onasi?

– Adashmayapsiz, – dedi Shirin xaltachani erining qoʻlidan olib. – Qarang, tugmaga burgutning tasviri tushurilgan. Rustamjonning kiyimida ham qanotlarini yoyib turgan burgutning rasmi bor.

– Rustam nos chekadimi?

– Chekadi. Qodir bilan Shokir ham noskash. Erim ham shu zaharning sassiqligiga ishqiboz…

Derazaga yaqinlashdim. Turli taxminlar miyamda gʻujgʻon aylanib, haqiqat daʼvo qila boshladi. Guvohlarning koʻrsatmalari muayyan fikrga kelishga undardi. Biroq xulosa chiqarishga emas!

– Normatovning boshiga tushgan koʻrgilikdan qarindoshlari xabar topmagan koʻrinadi, – dedim yelim xaltachani choʻntagimga solarkanman. – Oʻrtoq katta leytenant, merosxoʻrlarning uyiga odam yuborsak, qanday boʻlarkan?

– Men ham shu haqda oʻylayotgandim – Aliyev oʻrnidan koʻtarildi. – Xodimlarimizga tayinlayman, ularni ichki ishlar boʻlimiga olib borishadi.

– Yoʻq, – boshini old oyoqlari ustiga qoʻyib mudrayotgan itga nazar tashladim. – Boshlanishiga shu yerda tergov qilganimiz maʼqul. Serjantga tayinlang, merosxoʻrlarni bitta-bittadan ichkariga kiritsin!

 

* * *

Oradan yarim soatcha vaqt oʻtgach, hovli eshikda qirq yoshlardagi uzun boʻyli, tarashadek ozgʻin, tepakal kimsa koʻrindi. Eshikni ochishga ochdi, biroq ichkariga kirgani yoʻq, boʻynini choʻzib itga qoʻrquv bilan qarab qoʻydi. Uning tepakal boshi mudrab yotgan Qoplonga yoqmadi, chogʻi, sakrab oyoqqa turib, eshik tomonga intildi. Ammo zanjir tepakal kimsaga yaqinlashishga izn bermadi. Battar gʻazabi qoʻzigan it tirnoqlari bilan yerni tirnab, vovullay boshladi.

– Qodir deganim shu odam, – uy eshigi tomonga pildiragan tepakalni tanishtirdi Tohir. – Gʻirt boʻlmagʻur tijoratchi. Ikki marta firma ochib, ikki martasidayam xonavayron boʻlishga ulgurgan. Derazani ochib qoʻysak, yaxshi boʻlardi, oʻrtoq kapitan…

Ayvonda qadam tovushi eshitilgach, Masharipov nima uchun derazani ochib qoʻyishni soʻraganini tushundim. Xonaga tepakaldan oldin araq bilan sarimsoq piyozning qoʻlansa hidi yopirildi. Zum oʻtmay oʻzi ham yopirilib kirdi-da, koʻrinmas devorga urilganday taqqa toʻxtadi.

– Kim?! – xitob qildi xonaning havosini yanada koʻproq bulgʻab. – Kim bu ishni qildi?!

– Oʻtiring!

– Xoʻp boʻladi!

Qodir darrov divanga choʻkdi. Choʻkdi-yu, orqasi oʻrindiqqa tegar-tegmas, yana oyoqqa qalqdi.

– Kechirasizlar, oʻzimni tanitmadim. Men Botirovman. Tijoratchi Qodir Botirov. Katta dargohlarda tanish-bilishlarim…

– Bizni tanish-bilishlaringiz emas, – uning soʻzini boʻldi Aliyev. – Togʻangiz Normatov bilan munosabatingiz qandayligi koʻproq qiziqtiradi!

– Togʻam bilanmi? Juda yax… – degan Qodirning shashti soʻngani sezildi. – Toʻgʻri, ora-sira jiqillashib turganimiz rost. Lekin bu degani…

– Kecha ham janjallashib qolgan ekansiz, toʻgʻrimi? – yana uning soʻzini boʻldi katta leytenant.

– Tan olaman, shunaqa boʻlgandi. Janjal sababini ham aytaman. Bilasizmi, togʻam puldor odam. Shaharda katta doʻkoni bilan restoroni bor. Yaʼni, bor edi. Ikki oy oldin doʻkon bilan restoronni sotib, tushgan pulni seyfiga joyladi. Bankka qoʻying desam… Aytgancha, seyfdagi pullar joyida turibdimi?

Peshonam tirishganini his qildim. Togʻasining tirik-oʻlikligini soʻragani ham yoʻq. Bu yaramasni faqat seyfdagi pullar qiziqtiryapti!

– Normatovning seyfida qancha pul bor edi? – soʻradi Aliyev unga noxush nazar tashlab.

– Juda katta pul! – dedi er-xotin Masharipovlarga shubha bilan qarab qoʻygan Qodir. – Guvohlarsiz oʻzingizga aytaman. Pullar joyida turibdimi, ishqilib?

– Nima uchun kecha togʻangiz bilan janjallashib qoldingiz?

– Pul ustida. Ukam Shokir bilan yangitdan firma ochmoqchi edik. Togʻam topgan-tutganini bizlarga vasiyat qilgani uchun oldindan ulushimizni berishini soʻradik. U esa bermayman, oʻlganimdan keyin…

Qilt etib yutingan merosxoʻr bunaqa javob oʻzini shubha ostiga qoʻyishi muqarrarligini angladi, chogʻi, jimib qoldi.

– Togʻangiz, oʻlganimdan keyin ulushingni olasan, dedi, shundaymi? Kecha tunda qayerda edingiz?

– Kechami? Tunda… uyda edim. Rustam Shokir ikkalamizni tashqariga uloqtirgach, ukamning uyiga borib, tungi soat oʻnlargacha araq ichdik. Keyin mening uyimga oʻtdik. Yana ichdik…

– Tunni uyimda ukam bilan oʻtkazdim, demoqchimisiz?

– Uydamas, hovlidagi oshxonada. Araqqa sarimsoq piyozni gazak qilganimiz uchun xotinim uyga qoʻymadi. Uning sarimsoq piyoz bilan mast… erkaklarga allergiyasi bor… Lekin aka-uka oshxonada uchib qolganimizni xotinim tasdiqlashi mumkin!

Tasdiqlash shart emasdi, bu yaramasning choʻchqadek ichgani shundoqqina sezilib turardi.

– Pullar… joyida turibdimi?

– Togʻangiz-chi? – soʻradim oʻrnimdan turib. – Togʻangizning ahvoli sizni qiziqtirmaydimi?

– Qiziqtiradi. Hamkasbingiz togʻamning tirikligini aytdi. Yo oʻlibdimi? Agar oʻlgan boʻlsa, vasiyat kuchga…

Keskin qoʻl siltash bilan Qodirning damini oʻchirdim. Afsuski, bemehrlik, bezbetligu koʻrnamaklik uchun jinoyat kodeksida jazo belgilanmagan, aks holda bu yaramasning umri panjara orqasida oʻtgan boʻlardi!

Derazaga yaqinlashib, tashqariga nazar tashlagan paytim hovli eshikda gʻoʻppa semiz, dum-dumaloq odam paydo boʻldi. Na boʻyin bor va na bel, turgan bitgani qorindan iborat. Qoʻl bilan oyoq yopishtirilgan meshning xuddi oʻzi!

Baqaloq ham, xuddi Qodir kabi, hovliga dadil kirib kelgani yoʻq. Boʻsagʻada toʻxtadi, bogʻlogʻliq turgan Qoplonga bir qarab qoʻydi-da, uy eshigi tomonga dumaladi. It nihoyatda gʻazabga toʻlgan, zanjirni uzmoqchi boʻlgan misol oʻzini u yoqdan-bu yoqqa urardi. Oradan bir necha lahza oʻtgach, xonani tutib ketgan araq aralash sarimsoq piyozning sassigʻiga ter hidi aralashdi.

– Shokir Botirovman, – oʻzini tanitdi baqaloq gʻijimlangan roʻmolchasini chiqarib, terlab ketgan boʻynini artarkan. – Chaqirtirgan ekansizlar?

Shokir ham togʻasining ahvoli bilan qiziqqani yoʻq. Parovozdek pishillab oʻzini Qodirning yoniga tashladi.

– Kecha tunda qayerda edingiz? – tergovni davom ettirdi Aliyev ikkinchi merosxoʻr haqidagi maʼlumotlarni qayd qilganidan soʻng.

– Qodir akam bilan birga edik, – pishilladi Shokir. – Alla-pallagacha tijoratga tegishli hisob-kitob ishlari bilan shugʻullandik.

– Qayerda shugʻullandinglar? Oshxonadami?

Savolimga javob qaytmadi. Yana derazadan tashqariga qaradim. Hovliga oʻttiz yoshlardagi oʻrta boʻy, ochiq yuzli yigit kirib kelgandi. Yigit koʻzlariga qon quyilgan itga eʼtibor bermay, uy eshigiga yoʻnaldi. Haliyam tinchlanolmayotgan Qoplondan koʻzimni olib, kursiga choʻkkan paytim xona eshigida uchinchi merosxoʻr koʻrindi.

– Assalomu alaykum. Men Rustam Normatovman. Nurmat amakimning ahvoli yaxshimi?

Divanga ishora qildim.

– Oʻtiring, Normatov.

– Xodimingiz toʻgʻri shu yerga olib keldi, – dedi Rustam taklifimni qabul qilmay. – Iltimos, amakimning holidan xabar olishga ruxsat bering. Keyin qancha savolingiz boʻlsa, bariga javob beraman.

– Normatov jonlantirish boʻlimiga yotqizilgan. Baribir sizni uning yoniga qoʻyishmaydi. Oʻtiring.

Ogʻir xoʻrsingan Rustam divanga oʻtirdi. Oʻtirdi-yu, qoʻllari bilan boshini changallab oldi.

– Amakingiz sizni merosdan mahrum qilmoqchi boʻlgani rostmi? – yana ruchkaga qoʻl choʻzdi katta leytenant.

– Rost, – tagʻin xoʻrsindi gumondor qoʻllarini tushurarkan. – Bugun yangitdan vasiyat bitmoqchi edi…

– Nima uchun Normatov vasiyatini oʻzgartirishga qaror qildi?

– Amakim pulni foyda keltirmaydigan ishlarga sarflaganlarni yoqtirmaydi. Kecha mana bularni haydab solganimdan soʻng, – Rustam ammavachchalariga noxush nazar tashladi, – oʻzimga tegadigan merosga nisbatan tuzgan rejalarim bilan qiziqdi. Men pullarning teng yarmini bolalar uyiga oʻtkazmoqchiligimni aytdim. Bu niyatim unga yoqmadi. Yo shunga rozi boʻling yoki meni merosdan mahrum qiling, dedim. Jahli chiqib ketgan amakim, senday ahmoqqa qoldiradigan pulim yoʻq, deb baqira boshladi…

– Kecha tunda qayerda edingiz?

– Uyda edim. Xotinim oʻgʻilchamni olib onasinikiga ketgandi. Shunday ekan, tunda uydan chiqmaganimni tasdiqlaydigan guvoh yoʻq…

Endi gumondordan javob talab qilish navbati menga kelgandi. Oʻrnimdan turdim, choʻntagimdan tugma solingan yelim xaltachani olib, unga yaqinlashdim.

– Tanishmi?

– Kurtkamniki, – darrov tan oldi Rustam. – Sizning qoʻlingizga qanday tushib qoldi?

– Tugma jinoyat joyidan topildi.

– Tushunarli… Men… qamoqqa olindimmi?

Javob qilganim yoʻq. Barcha dalillar unga qarshi edi. Qodir bilan Shokirning bit koʻzlarida quvonchga monand ifoda paydo boʻlgandi. Ular tantana qilardilar! Nega xursand boʻlishmasin? Rustam amakisining joniga qasd qilishda ayblanib qamalsa, merosxoʻrlar soni bittaga kamayadi, axir!

– Chekib olishlaring mumkin.

Choʻntagimdan sigareta qutisini chiqardim. Biroq xonadagilarning hech biri qutiga qoʻl choʻzgani yoʻq.

– Biz nos chekamiz, – yana pishilladi Shokir. – Mumkinmi?

– Bemalol.

Zum oʻtmay, merosxoʻrlar bilan guvohning qoʻlida nos solingan xaltachalar paydo boʻldi. Birin-ketin kaftlariga nos toʻkib, rosti-yolgʻon gapirishga odatlangan tillari ostiga irgʻitdilar. Eshikka yoʻnaldim. Katta leytenant menga ergashdi.

– Xoʻsh, oʻrtoq katta leytenant, boshliqlarga qanday axborot beramiz? – rasmiy ohangni oldim Normatovning yotoqxonasiga kirganimizdan soʻng. – Kimdan koʻproq shubhalanyapsiz?

– Merosxoʻrlarning uchalasidan ham shubhalanish mumkin, oʻrtoq kapitan, – Aliyev ham rasmiy ohangni oldi. – Biroq menga qolsa, aka-uka Botirovlarni hech ikkilanmay gumondan soqit qilgan boʻlardim.

– Nima uchun?

– Qodir Botirovning jurʼatsiz, irodasi sust odamligi shundoqqina sezilib turibdi. Bunaqa odamlar dunyoning bor boyligi vaʼda qilinsa ham, kimningdir joniga qasd qilishga jurʼat etolmaydilar. Qoʻshilasizmi, oʻrtoq kapitan?

– Davom eting.

– Bu jinoyatni Shokir Botirov sodir etganiga ishonish esa Sahroi Kabirda qum yoʻqligiga imon keltirish bilan barobar. Uning jussasiga qarang! Bunday katta qorin kimgadir jarohat yetkazishgagina emas, qoqilib-netib yiqilgudek boʻlsa, oʻrnidan turishga ham xalal beradi.

Katta leytenant soʻzlariga munosabat bildirishimni kutgan misol jimib qoldi. Men lom-lim deb ogʻiz ochganim yoʻq, uning gapida davom etishini kuta boshladim.

– Kim qolyapti? – bu savolga ham mendan javob qaytmasligini angladi, chogʻi, oʻzi javob berib qoʻya qoldi: – Rustam Normatov. Undan jiddiy gumon qilishga yetarli dalillar bor. Bir kun oldin amakisi merosdan mahrum qilishini aytadi, tunda esa Normatovning joniga qasd qilinib, seyfidagi pullar oʻgʻirlanadi va jabrlanuvchining kaftidan Rustamning kiyimiga tegishli tugma topiladi! Qoʻshilasizmi, yo mum tishlab oʻtiraverasizmi, Farrux aka?

– Yuz foiz qoʻshilaman! – eshikka yoʻnaldim. – Men bilan yur. Jinoyatchi qayerdan hovliga kirganini aniqlaymiz.

Tagʻin ayvonga, ayvondan tashqariga chiqdik. Uy eshigiga sakkiz pogʻonadan iborat zina olib chiqar, soʻnggi pogʻonaga Qoplonning loyga belangan panja izlari tushib qolgandi.

– Jinoyatchi xalqi hech qachon osonlikcha gunohini boʻyniga olmaydi. Ularning aybini isbotlash uchun inkor qilib boʻlmaydigan dalil-isbotga ega boʻlish kerak!

– Menimcha, bizdagi dalillar Rustam Normatovga ayb qoʻyishga yetadi.

– Qoplonning guvohligisiz jinoyatchini burchakka siqib qoʻyolmaysan. Jinoyatchini fosh qilishda it bizga yordam beradi. Oyoqlaringni qimirlat, leytenant!

– Katta leytenant…

Aliyev menga ergashdi. Beton yoʻlakda qolgan it izlari boʻylab yurib, orqa tomondagi bogʻdevorga chiqdik.

– Endi nima qilamiz, oʻrtoq kapitan? Bogʻdevordan oshib, qoʻshni hovliga oʻtamizmi?

– Yoʻq. Orqaga qaytamiz!

– Bir savol bersam mumkinmi?

– Nega bu yerga keldig-u, nima uchun orqaga qaytyapmiz, deb soʻramoqchi boʻlsang, indamay qoʻya qol. Ketdik!

Katta leytenant tagʻin menga ergashdi. Hovliga qaytdik. Aliyevdan xonadagilarni ayvonga toʻplashini soʻrab, darvoza yonida turgan serjantni yonimga chaqirdim.

– Sen shu yerda sergak tur, – dedim unga. – Uydan ayblanuvchi otilib chiqishi mumkin. Oldindan aytib qoʻyay, jinoyatchi baquvvat yigit. Yuzimni yerga qaratmaysanmi?

Serjant toʻpponchasining gʻilofiga qoʻlini qoʻydi.

– Bu yogʻidan xotirjam boʻling, oʻrtoq kapitan!

– Senga ishonaman, – dedim uy eshigini ocharkanman. – Ammo ogohlantirib qoʻyay, u menga tiriklayin kerak!

Ichkariga kirib ayvonga razm soldim. Qodir bilan Shokir kreslolarni band qilgandi. Rustam er-xotin Masharipovlar bilan divanda oʻtiribdi. Katta leytenant Aliyev yotoqxona eshigi yonida tek qotgan. Sukutga choʻmgan gumondorlaru guvohlar tilga kirishimni kutyaptilar. Ularni koʻpam ilhaq qilishni istamay, divan tomonga odimladim. Qodir bilan Shokirning koʻzlarida paydo boʻlgan tantana uchquni eʼtiborimdan chetda qolgani yoʻq. Divanga yaqinlashganim sayin Rustamning boshi egila boshladi. Uning yoniga kelib yurishdan toʻxtadim. Boshini koʻtarib menga bir qarab qoʻygan gumondor tagʻin yerga qadalib oldi. Jinoyatchiga ayb qoʻyadigan vaqt kelgandi. Ortiqcha choʻzishdan foyda yoʻq. Rustam Normatovning yelkasiga qoʻlimni qoʻydim. Amakisining pullaridan mahrum boʻlish arafasida turgan kenja merosxoʻr titrab ketdi.

– Siz fuqaro Nurmat Normatovga ogʻir tan jarohati yetkazganlik va katta miqdordagi pullarini oʻgʻirlaganlikda ayblanasiz, oʻrtoq Masharipov!

Tohir orqasiga bigiz sanchilgandek, oʻtirgan joyida sapchib tushdi, xotini chinqirib yubordi. Boshqalar taxtadek qotib qoldilar. Ularning koʻzlaridagi ifoda! Ayvonga tirik dinozavr kirib kelganida ham bunchalik hayratga tushmagan boʻlardilar! Hatto Aliyev ham angrayib qolgandi.

– Siz… siz… – duduqlandi zumda jiqqa terga botgan Masharipov. – Hazillashyapsizmi, oʻrtoq kapitan?!

– Aslo!

– Meni ayblash uchun dalil-isbotingiz bormi?

– Bor, – oʻtirgan jinoyatchining aybini tik turgan holda isbotlashni istamay, Botirov tomonga odimladim. Shokir semiz jussasiga yarashmagan chaqqonlik bilan zumda kresloni boʻshatdi. Yumshoq oʻrindiqqa choʻkdim. – Xonada oʻtirganingizda sizlarga behudaga chekishni taklif qilganim yoʻq. Xaltachangizni chiqarib kaftingizga bir chimdim nos toʻking!

Masharipov imillab buyrugʻimni bajardi. Uning nosi dona-dona, uy sichqonining axlatiga oʻxshab ketardi.

– Mana bu esa, – choʻntagimdan yelim xaltachani oldim. Xaltachaga Normatovning yotogʻidan topilgan nos donachalari solingandi, – jinoyat joyidan topildi.

– Nima boʻlibdi jinoyat joyidan topilgan boʻlsa? Qodir ham, Shokir ham, ana Rustam ham nos chekadi-ku?!

– Toʻgʻri, biroq ular mayda nos chekadilar. Bizning bozorlarda faqat kukun nos sotiladi. Sizning xaltachangizdagi nos Toshkent tomonlarda yashaydigan noskashlarning ermagi. Siz esa kecha Toshkentdan qaytgansiz.

Guvohdan gumondorga aylangan Masharipov ogʻziyu koʻzini lang ochib qotib qolgan xotiniga qarab qoʻydi. Bu holat mening toʻgʻri yoʻldan ketayotganimdan dalolat berardi.

– Shu narsa menga ayb qoʻyishga asos boʻla oladi, deb oʻylaysizmi?

– Bu hali hammasimas. Katta leytenant Aliyev sizlarni tergov qilganida xotiningiz aytgan gaplar esingizdami? Agar xotirangizning lattasi chiqqan boʻlsa, esingizga solishim mumkin. Xotiningiz Normatovning tong saharlab toʻshakni tark qilishi, sizlar kelguncha itni bogʻlab, hovli eshikni ochib qoʻyishini aytgandi. Bugun esa bu ishni siz qilgansiz, darvozadan ichkariga oshib tushib, eshikni ochgansiz.

Hamon ayvon yoʻlagida qotib turgan Aliyevning oʻziga umuman yarashmaydigan moʻylovi qimirlab, peshonasi gʻijimlanganini ilgʻadim. Katta leytenant shu harakat bilan hech baloga tushunmayotganini oshkor qilgandi.

– Men atayin Normatovning merosxoʻrlarini bitta-bittadan ichkariga qoʻyishni buyurdim, – davom etdim chap tizzam ustiga oʻng oyogʻimni olib. – Maqsadim itning ularga qanday munosabat bildirishini aniqlash edi. Qoplon aka-uka Botirovlar va Rustam Normatovni sovuq vajohat bilan kutib oldi. Zanjirband boʻlmaganida ularni gʻajib tashlagan boʻlardi. Ammo darvozadan oshib hovliga tushganingizda it sizga tashlanmagan. Aks holda, hozir bu yerda emas, kasalxonada yotgan boʻlardingiz! Istasangiz, eʼtiroz bildirishingiz mumkin.

Nimadir deyishga chogʻlangan Masharipov tiliga kelganni ichiga yutib, ayvon eshigiga qarab qoʻydi. Xuddi shu qiliqni kutayotgandim undan!

– Buyam hali hammasimas. Qayerda yashashingizni soʻraganim esingizdami? Shuningdek, Normatovning bogʻiga suv quyilganini ham unutmagan boʻlsangiz kerak? Qoplon tunda bogʻda chopqillagan koʻrinadi. Shuning uchun ham yoʻlaklarga quyilgan beton sathida uning loyga belangan panja izlari qolgan. Biz katta leytenant bilan izlarni yoqalab yurib, orqa tomondagi bogʻdevorga chiqdik. Bogʻdevorga yetib gʻoyib boʻlgan panja izlari orasida erkak kishining oyoq kiyimidan qolgan changli iz yaqqol koʻrinib turibdi. Siz bogʻdevor osha Normatovning hovlisiga oʻtgansiz. Devorning narigi tomonidagi uy – sizniki!

Shunday deyishim bilan Masharipov sakrab oyoqqa turdi. Kiyimiga chang solgan Rustamning qoʻllarini siltab tashlab, tashqari eshikka otildi. Aliyev uning orqasidan. Men joyimdan qimirlaganim ham yoʻq. Ayblanuvchining ayvonga qaytarilishini kuta boshladim. Kutganimdek boʻldi, katta leytenant lang ochiq qolgan eshikka yetib-yetmay tashqaridan ingragan tovush eshitildi. Oradan bir necha lahza oʻtgach, Aliyev bilan serjant Masharipovni ayvonga olib kirdilar. Laʼnatining qoʻliga urilgan kishan oʻziga juda yarashib turardi! Oʻrnimdan turib, ularga yaqinlashdim.

– Itni qoʻlga oʻrgatganingizni xoʻjayiningiz bilarmidi?

Tohir ogʻir xoʻrsindi.

– Bilardi. Qoplonni kuchukligida oʻzim olib kelgandim…

– Seyfning ochqich raqamlarini ham bilarmidingiz?

– Xoʻjayin Rustamga aytayotganida tasodifan eshitib qolgandim…

Bir-biriga qarab qoʻygan Qodir bilan Shokir Rustamga yeb qoʻygudek qadaldilar. Garov oʻynashga tayyorman, ular Rustam jinoyatchi boʻlib chiqmagani uchun ming afsus qilardilar bu palla.

– Davom eting!

– Nurmat aka doʻkoni bilan restoranini sotib tushgan pulni seyfiga joylaganini eshitganimdan keyin… shayton yoʻldan urdi. Pullarni oʻmarish uchun qulay fursat kelishini kuta boshladim.

– Kecha oʻylagan rejangizni amalga oshirib, suvdan quruq chiqish uchun qulay fursat tugʻildi, shundaymi?

– Shunday. Xoʻjayinning Rustamga baqirganini eshitgandim. Nurmat akaning pullarini oʻmarsam, militsiya uning merosxoʻrlari bilan andarmon boʻladi, menga eʼtibor bermaydi, deb oʻyladim. Adashgan ekanman…

– Nega amakimni oʻldirmoqchi boʻldingiz, Tohir aka? – soʻradi Rustam oʻrnidan turib.

– Unga jarohat yetkazish rejamda yoʻq edi. Xoʻjayin uyqu dorisiz uxlolmasligini bilganim uchun hech nimani sezmaydi, deb oʻylagandim. Kapitan aytganidek, bogʻdevordan oshib hovliga tushdim. Qoplon bogʻda yurgan ekan, meni tanib yonimga keldi…

– Uy eshigini qanday ochdingiz?

– Kalit bilan. Eshik kalitidan nusxa olib, ustaga yasatgandim. Avval ayvonga, keyin yotoqxonaga kirdim. Xoʻjayin kirganimni sezgani yoʻq. Biroq, seyfga yaqinlashgan paytim koʻzlari “yarq” etib ochildi. Deraza raxida turgan haykalcha bilan qanday qilib boshiga zarb tushirganimni oʻzim ham bilmayman…

– Rustam Normatovning tugmasini qayerdan olgandingiz? – tergovni davom ettirdi katta leytenant Aliyev.

– Kecha Qodirni uydan sudrab chiqayotganida kurtkasidan uzilib tushib qolgandi. Oʻzimni butkul gumondan soqit qilish uchun tugmani xoʻjayinning kaftiga qoʻydim. Choʻntagimdan tugmani olayotgan paytim nos solingan xaltacham tushib ketdi. Nos donachalari polga toʻkilganiga eʼtibor bermabman…

– Nima uchun… – oʻtirgan joyida beshiktebratarday tebranayotgan Shirin eriga qaradi. Shoʻrlik ayolning koʻzlari jiqqa yoshga toʻlgandi. – Nima uchun bu ishni qildingiz, dadasi?

Javob qaytgani yoʻq.

– Rustamjon bizga qancha yaxshiliklar qildi. Agar u pul bermaganida haliyam ijara uyda yashayotgan boʻlardik. Rustamjonning yaxshiliklariga tuhmat qilish bilan javob qaytarmoqchi boʻldingizmi, dadasi?.. Sizda insof bormi, dadasi?!!..

Tagʻin javob qaytgani yoʻq. Lotinchada bir ibora bor. Nullum crimen sine poena! Jinoyat jazosiz qolmaydi, degani. Mana isboti. Masharipov har qancha hiyla ishlatgan boʻlmasin, jazodan qochib qutulolmadi.

Eshikka yoʻnaldim. Mayor Nazarov tergov-surishtiruv ishlarida katta leytenant Aliyevga yordam berishimni buyurgandi. Buyruqni bajardim. Qolganini leytenantning oʻzi eplaydi…

 

Ravshan YOʻLDOSH

 

“Yoshlik”, 2016 yil 8-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.