Oʻgʻirlik

0
275
marta koʻrilgan.

Bozor avjida. Birov bilan birovning ishi yoʻq – har kim oʻz yogʻiga oʻzi qovurilib yotibdi. Xaridor chorlayotgan sotuvchilarning yuzi issiq tandirga bosh suqqan novvoynikiga oʻxshaydi – bari bir xil tusda, goʻyo foyda atalmish zahar-zaqqumning achchigʻi yuzaga urganday…

Rasta oralab yurish – xorlik. Tirbandlik shirinlikka yopishgan ari galasini eslatadi. Oyoqni bosgan bezbet, bozor koʻrganlar soxta tirjayib uzr soʻrashgan boʻlib, ustingizdan kuladi. Anoyilarning usti ham, kayfiyati ham shilta. Ammo biror bandaning alamzadaligini koʻrmaysiz. Hamma yoqda hisob-kitob. Pulning mayin shildirashiyu unda-bunda yangrayotgan yogʻoch choʻtlarning shaq-shuqi…

Toʻsatdan taralgan qichqiriq ulkan bozorni bir lahza domiga tortdi: “Xaloyiq! Gilam bozorida oʻgʻri ushlandi! Pulingizga ehtiyot boʻling! Xaloyiq…”

Sukunatni qorachadan kelgan, shop moʻylov, semiz odamning: “Padarlaʼnatni toshparon qilish kerak! Ur, uni!…” – degan hayqirigʻi buzdi. Bozor oldingidan ham battar shovqinga toʻldi. Hamma gilam bozoriga endi. Moli toptalgan sotuvchilarning soʻkinishi oʻgʻridan nafratlangan olomon gʻala-gʻovuriga aralashib ketdi…

Gilam bozor kunjagidagi “Kamaz”ning ustida uchta moʻylovdor tasqara yigit baland boʻyli, koʻzlari botib ketgan, jagʻ suyaklari turtib chiqqan bir bechoraning qoʻllarini orqaga qayirib tutib turibdi: “Haromi, senga gilam kerakmi? Ma, ol!” Yigitlarning gʻoʻlabir baqalogʻi oʻgʻrining qorniga qulochkashlab tushirdi. Qolgan ikkitasi moshinning ustiga tashlangan quyosh nusxa gilamga aybdorning burnini ishqalay boshladi. Soʻngra uning aftini olomonga koʻrsatdilar – yuzi momataloq boʻlib ketgan, labi va burnidan qon tirqirar edi…

Baqaloq gilamfurush uning sochidan tortib, yuzini odamlarga koʻrsatar ekan: “Xaloyiq, koʻrib qoʻying, bu – gilam oʻgʻrisi!” deya ovoza qildi. Kimdir soʻkindi, kimdir “toshboʻron qilish kerak”, deb luqma tashladi. Jabrdiyda tuyqus bir yulqinib raqiblari qoʻlidan chiqdi-da, nolindi:

– Ey musulmonlar, axir, men oʻgʻirlamadim! Menga bir ayol-xaridor gilamni bozor chetiga olib chiqib bersang, ellik soʻm beraman, dedi. Men kirakashman, xolos… – u soʻzini yakunlab ulgurmadi. Haligilar yana uning qoʻlini qayirib tiz choʻktirdilar.

Shunda olomon ichidan oppoq soqolli, oltmishlar chamasidagi bir chol mashinaga chiqib, oʻgʻrini urmoqchi boʻlayotganlarning qoʻlidan boʻshatdi:

– Qani, toʻxtanglar! Toʻxta deyman senga, hov!

Chol yoshiga yarashmaydigan epchillik bilan ularni siltab tashladi-da, oʻgʻrini bilagidan tutib, olomonga yuzlashtirdi:

– Oralaringizda shu bandaga gilam olib chiq, degan xaridor bormi? – Bozorga sukunat choʻkdi. Chol yana soʻradi:

– Kim shu odamga gilamimni olib chiqib ber, degan boʻlsa, aytsin. Begunohni jazolash – gunohi azim! Aytinglar, men gilamchilardan gunohini soʻrab beray! Hammamiz xom sut emgan bandamiz – pulini berib ulgurmagandir? Sotuvchilar adashgandir…

Sukunat buzilib gʻala-gʻovur qoʻpdi:

– Kim oʻz molini oʻgʻriga beradi?

– Bekor gap, ana, shuncha kirakashlar bor! U – oʻgʻri.

– Oʻgʻrining jazosi – oʻlim!

– Toʻxta, xaloyiq! Buning oʻzini ham eshitib koʻraylik!

– Oʻgʻlim, men Hoji otaman! Oʻzingni oqlash uchun nima deysan?

– Hoji buva! Xudo ursin, agar gilam olgan boʻlsam! Men koʻpning xizmatini qilib yurgan odamman!…

– Ay buva! Birovni ishiga nima qilasiz aralashib?! – Baqaloq gilamfurush bepisand gap qoʻshdi.

– Sen jim tur! Agar joningni xomtalash qilsa ham musulmon bandasi birovni bunday xoʻrlamaydi. Qoch, bola! Oʻzim oracha qilaman.

Xomsemiz dumbador chekindi. Chol yana jabrdiydadan soʻradi:

– Hov yigit! Mijozing kim edi? Ayol boʻlsa, yoshmi, qarimi?

– Ey xudo! Qari kampir edi. Hatto bozordan chiqolmayapman, devdi, olti yashar qizchamni qoʻshib, darvozaga yoʻlladim. Enasi ogʻir yotibdi, oʻzim bilan olib chiquvdim…

– Qizing hali kampir bilanmi?

– Ha, yoʻqolib qolmasa goʻrga edi…

Yigit cholga qarab javob berar ekan, bir necha bor qon tufladi, munkiblar ketdi. Uning soʻnggi soʻzlaridan keyin gilamfurushlar beixtiyor qoʻllarini orqaga olishdi. Haligi baqalogʻi esa nari borib papiros tutatdi. Tomoshatalablardan kimdir jabrdiydaga suv tutdi.

– Qizingning ismi nima?

– Binafsha…

– Xaloyiq! Kim shu bandaning olti yashar, Binafsha ismli qizini koʻrdi?

Ulkan gilam bozori suv quyganday jim boʻlib qoldi. Koʻpchilik hayajon ichra bolalarining qoʻllarini mahkam changalladi. Chol yana takrorladi:

– Kim Binafshani koʻrdi? Olti yashar qizcha adashib qolibdi.

Javob boʻlmadi. Kutilmaganda tizzalab oʻtirgan ota oʻrnidan ingranib turdi-da, nimadir dedi. Chol, “jim” degandek, oʻng qoʻlini koʻtardi. Olomon tinchidi. Shundagina otaning ingroq ovozi eshitildi:

– Binafsha! O, Binafsha! Qayerdasan, qizim? Enajon, eshitayotgan boʻlsang javob ber! Men – dadangman!

Oʻsha ondayoq: “Dada! Dadajon”, degan chinqiriq sukunat bagʻrini tilib yubordi. Kunbotar tomondagi odamlar ikkiga boʻlinib, “yoʻl” ochdi. Dattigina, jingalik sochli qizcha otasining qoshiga yugurib keldi. Kimdir mashinaga chiqardi. Binafsha dadasini achomladi. Ayollarning koʻzlarida yosh qalqidi.

Chol, xuddi duo oʻqiyotgandek, koʻkka qarab pichirladi.

– Binafsha! Sen yetaklab ketgan momong qani?

– Darvozada. Charchabdi-la, siz-a qarab oʻtiribtil-a. Ey, siz yiqilib kettiyizmi? Ogʻrimayaptimi, dada?

– Yiqilib ketdim, ogʻrimayapti, – yigit mashinadan sakrab tushdi va qizchasini bagʻriga bosdi.

Chol gilamchilarga nimadir dedi, ammo tarqalib borayotgan olomon gʻovuri ostida uning soʻzlarini anglab boʻlmas edi. Gilamchilarning yoshrogʻi bir gilamni ajratib olib cholga uzatdi. U gilamini qoʻltiqlaganicha bozor darvozasi tomon ketdi.

Oradan oʻn daqiqa oʻtar-oʻtmas bozor yana avjiga chiqdi.

 

Eshqobil VALI

 

“Sharq yulduzi”, 2014–1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.