Oʻgay ona

0
449
marta koʻrilgan.

Bu bezovtalik kecha tushdan keyin boshlandi.

U oshxonada edi, maktabdan qaytgan qizi payqamadi, shekilli, toʻgʻri otasining oldiga oʻtib ketdi. Ota hovli yuzidagi ishkomni xomtok qilayotgandi.

– Assalom, dadajon, hormang.

– Vaalaykum assalom. Yaxshi keldingmi, ona qizim?

– Dadajon, nega mening otimni Maʼmura qoʻygansizlar?

– Ha, onam, tinchlikmi, oting yoqmay qoldimi?

– Yoʻq, yoqadi, yaxshi. Lekin ayamlarning ham otlari Maʼmura-ku?!

Bu gap-soʻzlarni eshitib turgang onaning yuragi bir qalqib tushdi. Qoʻlidagi yumushini qoʻyib, ota-bolaning suhbatiga quloq tutdi.

– Bugun Inobat opamiz inshomiz bahosini aytdilar.

– Xoʻsh, xoʻsh, nechchi opsan, qizim?

– Besh qoʻyibdilar-ku, lekin bitta narsa soʻradilar, javob berolmadim…

 

***

Muallima insho baholarini eʼlon qilib, har birini qisqacha izohlab borarkan, uning qizil muqovali daftarini qoʻliga olgach, bir zum jim qoldi. Keyin miyigʻida kuldi. Maʼmuraning koʻngli xiyol oʻrniga tushdi: “Demak, yoqibdi. Aytmoqchi nimalar yozgandim?”

Shoshilinchda eslolmadi.

– Maʼmura qizim, sen juda erkin fikrlagansan. Ishing har galgiday puxta, menga yoqdi. Faqat, – muallima nenidir mulohazasiga borib, bir lahza soʻzidan toʻxtadi. – Faqat, yoʻq, bu kamchilik ham emas-ku, ozgina yanglishibsan chogʻi. Ayangning ismlarini ham Maʼmura deb yuboribsan.

– Opa, yanglishganim yoʻq, oʻzi otlari shunaqa.

Muallima: “Rostdanmi? Unda toʻgʻri ekan, kechirgin” – dedi-yu, lekin qizning oʻzi oʻylanib qoldi. “Nahotki, yanglishgan boʻlsam?!”

– Dadajon, oʻzi rostdanam ayamning otlari shunaqami yoki mening otim bilan chaqirasizmi? Shunaqa odatlar ham bor ekan-ku ayrim joylarda.

– Bor, qizim, ilgari oʻzimizda ham shunaqaydi. Keyin-keyin zamonaviylashib ketib, ancha-muncha narsani esdan chiqazib qoʻyganmiz.

– Unaqada ayajonim ikkimiz adashmiz, shundaymi?

– Shunday, otdosh. Xoʻp, qizim, ayang qanaqa ayol?

– Juda yaxshilar, judayam!..

– Unday boʻlsa, bilib qoʻy, sen ham ayangday boʻlib yurgin deb, otingni Maʼmura qoʻyganmiz. Uqdingmi, qizim?!

Ota-bola suhbatining bu tarzda xayrli yakunlanganidan onaning koʻngli xiyol tinchlandi. Ammo bu muvaqqat tinchlik edi… Nahotki, Maʼmura shu paytgacha bilmagan boʻlsa, haqiqatdan bexabar boʻlsa?

Va aynan ana shu bexabarlikdan xavotirga tushdi. Shu paytgacha bexabar kelgan qizi endi boʻyga yetganda bilmay qolmas. Birovdan boʻlmasa birovdan eshitar. Lekin qay yoʻsinda yetkazishadi unga? Tushunib, tushunmay gangib, yigʻlab yurmasmikan?! Oʻksinmasmikan?!

Onada boshlangan bezovtalikni payqaganday yoniga eri kirib keldi.

– Eshitdingmi qizingning gaplarini?

Ona javob berishga majoli yetmay oʻtirgʻichga choʻkdi.

 

***

Kechga tomon ularning katta qizi Mashhura kirib keldi. Eshikdan kirishi bilan ketaman, deb uchib-qoʻnadigan juvon bugun juda bamaylixotir edi. Ne mahalgacha bir uy boʻlib gurunglashib oʻtirishdi. Uyqu mahali yetganda Mashhurasi “aya, xoʻp desangiz, bu kech Maʼmurangiz bilan yotsam, koʻpdan beri opa-singil achomlashib yotmaganmiz”, dedi.

Ona bu marhamatdan boshi koʻkka yetgan boʻlib, “voy, juda yaxshi-da, koshkiydi, tez-tez shunaqa achomlashib yotgani kelib tursang”, dedi. Dedi-yu, oʻylab topishgan bu kichkina hiylalaridan oʻzi duv qizardi. Va shuning barobari koʻngli qattiq orziqdi: Maʼmurasi mana qanchalik xushu xandon kirib ketdi yotogʻiga, ertaga u yerdan qanday holatda chiqib kelarkin?!

 

***

…Oʻshanda dunyodan butkul sovigan, eridan ajrab, uyiga kelib oʻtirardi. Doʻxtirlar xulosasi boʻyicha kamchilik uning oʻzida – u ona boʻlolmas ekan. Shu sabab erini ham qismatiga sherik qilishni istamadi, taloq xatini olib, ota uyiga qaytdi. Qayta turmush qurish, baxtini yana bir sinab koʻrish degan xayollarni boshidan butkul haydadi. Endi faqat ota uyida sigʻindi boʻlmasa, aka-ukalari koʻkragidan itarishmasa bas. Uyda oʻtirmay, biror bir ishning boshini tutmoqchi boʻlib yurgan kunlari sovchi keldi.

Ikki mahalla naridan Botir aka degan kishi soʻrattiribdi. Zavodda ishlarkan. Buning ustiga qoʻli gul usta ekan, devorga naqsh solishmi, yogʻoch uymakorligimi, eshik-deraza yasash… barini uddalarkan. Ayniqsa, bogʻbonligi hammasidan oʻtib tusharmish: hovlisida yoʻq mevaning oʻzi yoʻq, tuman markazida yashashsa ham, keng-moʻl qishloqlardan ham ularnikidek toʻkin-sochinli hovlini topib boʻlmas emish. Va yana bu kishining beshovgina oʻgʻli, ikkitagina qizi bor emish…

Xoʻsh… yana aytishlaricha, bolaginalarning oldi dastyor boʻlib qolgan, unga ogʻirligi tushmasmish. Ularga faqat bir bosh kerakmish – ona mehri kerakmish…

E, yoʻq, bunaqasini Maʼmura tasavvuriga ham sigʻdirolmaydi. Bitta emas, ikkita emas, yettita-ya! Oʻziga bermagach, birovning bolasi vafo qilarmidi? Vafo qilish, qilmasligi mayli-ku, bir gap boʻlar, lekin gulday onasi oʻlib ketib, begona ayolning uylariga egalik qilib oʻtirishi goʻdaklarga yoqarmidi?! Koʻpining aqli kirib qolgan ekan, onasi oʻlib ketganiga xuddi u aybdorday unga taʼnali tikilishadi. Taʼnali nigohlar vujudiga sanchilganday eti seskandi juvonning. Yoʻq, yoʻq, boʻlmaydi!

Qolaversa, ularga onalik mehri kerak, deyishyapti. Bunda mehr qoldimi! Besh yildan beri kutaverib, orzulari kul boʻldi-ku!..

 

***

Takdir hukmidan qochib boʻlmas ekan.

Bir kuni mahalla ayollari bilan maʼrakadan qaytishayotganida shu xonadon oldidan oʻtadigan boʻlishdi. Uning oyogʻi tortib-tortmay keyinda bordi. Shinamgina hovli darvozasida qorashoyi roʻmol yopingan, jussasi chogʻroqqina bir kampir turardi. Ayollar u bilan birma-bir yelka qoqib koʻrishishdi. Maʼmura ham yerdan koʻz uzmagan koʻyi xiyol egilib, kiftini tutdi. Salom berdi.

Kampir, baraka toping, qizim, omon boʻling, dedi-da, keyin allanechuk iltijoli va shoshqin alfozda qoʻshib qoʻydi.

– Sizda bir ogʻizgina gapim bor edi…

Maʼmura shu tobda qoʻlidan tutib, ichkariga sudrashadigandek, oʻzini orqaga oldi.

– Voy, opa, men shoshib turibman.

– Qizim, koʻp tutmayman, birpasgina.

Mahalla ayollari kampirning joniga ora kirishdi.

– Maʼmuraxon, qayoqqa shoshasiz, qolavering, – deyishdi.

U noiloj sheriklaridan ajralib keyinda qoldi. Kampirning oldida hurkak ohudek turarkan, ichida qatʼiy ahd qilib olgan edi: “Baribir koʻnmayman, boʻlmaydi, deyman!..”

– Qizim, ichkariga kiraylik.

– Yoʻq, opajon, men shoshib turibman!

– Birpastginaga, qizim. Eshik oldida yaxshi emas.

Maʼyus va oʻtinchli nigoh Maʼmurani izmiga oldi. Kampir naqshin darvoza darchasini ochib, avval oʻzi ichkariga kirdi, keyin Maʼmurani taklif qildi.

Xuddi kechagidek yodida: hovliga kirgan zahoti dimogʻiga muattar rayhon hidi urilgan edi. Keyin uni ajablantirgan narsa hovlining juda sarishta va jimjitligi edi. Yetti bolasi bor, deyishardi-ku, bozor boʻlib yotmaydimi unaqa joy?

Hovlining old tarafida darvozaxonaga qarata koʻtarilgan baland ishkom. Ishkom ortida toʻrt-besh tup daraxt: olma, oʻriklar. Etakroqda bir tup boʻydor archa. Archa tagidagi vodoprovod jumragidan suv jildiraydi. Shu yerdan boshlanib, hovlini kesib oʻtgan ariqcha chetlarida sadarayhonlar.

Kutilmaganda kampir ovoz berib qoldi:

– Maʼmura, Zokir, bu yoqqa qaranglar. Mana, ayajonlaringni olib keldim. Chopinglar, qoqindiqlar!..

Haligi sadarayhonlar ortidan ikki bola sapchib turdi. Yana bir qizaloqning boshi koʻrindi. Etakdagi archa roʻparasidagi eshikdan bir qiz, ikki oʻsmir bola, undan keyingi eshikdan yana bir bola hovliqib chiqdi. Rayhon ortidan bosh koʻtargan bolalarning doʻmboqqinasi ayajon, deb qiyqirdi-da, ariq yoqalab koʻndalangiga chopdi. Lekin oxirigacha borishga sabri chidamay, oʻsik rayhonlar ustidan sakrab oʻtib, unga tomon yugurdi.

– Ayajon! – bu nidodan Maʼmura qalqib ketdi. Bola otilib kelyapti. Nima qilsin? Tashqariga qochib chiqqisi keldi, ammo oyoqlariga tosh bogʻlangandek qimirlayolmadi.

Bolakay kela-kela juvonning tizzalariga yopishdi, yuzlarini bosdi. “Ayajon, ayajon”, deya suykala boshladi. Maʼmura karaxt edi.

– Egilsang-chi, qizim, olsang-chi!

Kampir aytdimi yo gʻoyibdan keldimi bu ovoz… beixtiyor oʻtirib, bolani bagʻriga bosdi. Haligi rayhon boʻyidan ham muattar bir boʻy dimogʻiga urib, uni gangitdi. Shu mahal kampirning ovozi uni oʻziga keltirdi.

– Maʼmurajon, kel, oppogʻim, chop, chop, doʻmboqcham! Ana ayang, ayajoning!..

Juvon bosh koʻtardiyu, judayam kichkina qizcha, timqora sochlariga oppoq lenta bogʻlagan jimitday qizaloq atak-chechak qilib chopqillab kelayotganini koʻrdi.

– Aya, aya, – deydi qizcha chugʻurlab. Oyoqchalari chalishib-chalishib ketadi. qiqir-qiqir kuladi. Qoʻlchalarini choʻzib olgan…

Juvon qaddini rostladi. Qizcha tomon yuray desa, oyogʻiga bola yopishgan. Qizaloqni hech kim olmayapti. Hamma sehrlanib qolganday. Qizaloq hamon yuguradi. Yuguradiyu, yoʻli unmaydi. Unga yetishiga besh-olti qadam qolganida tuyqusdan umbaloq oshib ketdi.

– Voy! – deb yubordi juvon beixtiyor va oyoqlarini boladan ajratib, unga otildi. Bola butkul qoʻyib yubormagan ekan, ortidan sudralib, yerga yiqildi. Juvon, voy, oʻlay, deb ortiga qaytdi-da, uni koʻtarib olib, yana qizcha tomon yugurdi. Archa yonida turgan qiz ham yugurgan ekan, ikkalovi baravar yetib kelishdi. Maʼmura qizaloqni ikkinchi qoʻliga koʻtarib oldi. Qizcha “ayajon, ayajon”, deb ayolning koʻksiga bosh qoʻydi-yu, jim boʻldi. Shuncha besaranjom jon birdan tinchidi. U bilan birga butun borliq tinchidi, tin oldi…

Bir zum oʻtib qizaloq boshini koʻtardi. Uning koʻziga tikildi. Keyin indamay yuzini yuziga bosib, suykala boshladi. Juvonning ikkinchi qoʻlidagi bolani kimdir oldi. Qizaloq yana boshini koʻtardi-da, oʻz-oʻzidan chuldiray ketdi. Dam bilagidagi soatchasini, dam qulogʻidagi sirgʻasini, dam egnidagi choʻgʻday koʻylakchasini yulqilab koʻrsatar, chamasi maqtardi. Juvon sarxush bir holatda, shu paytgacha his etmagan, istagan chogʻida ham his etolmagan bir tuygʻular ogʻushida qolgan edi.

Bir mahal yon boshida nimadir tuydi. Qarasa, hali singilchasi yiqilganda chopib kelgan qiz. Uning pinjiga suqilib, hurkibgina suykalib turibdi.

Kampir aylanib, oʻrgilib uni ishkom tagidagi soʻriga boshladi.

Dasturxon yozildi.

Juvonning bir tizzasida qizaloq, birida doʻmboq bola.

Nevarasining chuldirashini kampir oʻgirib, izohlab oʻtiribdi.

Oilaning katta qizi bir oʻrim bilakday sochini yarmi yechilib, orqasini tutgancha chopib-chopqilab xizmat qiladi. Ora-sirada soʻri chekkasiga kelib oʻtiradi. Ayasini “topib olgan” ukachalariga gap qotadi. Zimdan juvonning yuzlariga qarab-qarab oladi. Sekin-asta yigitchalar ham karavotga yaqinlasha boshladilar.

  • Qizim, bugun qola qoling, kechasi ona-bola hangoma qilib yotamiz. Botirjon… akangiz bugun kechki ismenda, – dedi.
  • Yoʻgʻ-e, bormasam boʻlmaydi, ona, – dedi Maʼmura boʻshashib, – ayam xavotir oladilar.
  • Ana tilepon bor, qizim, Bir ogʻiz aytib qoʻya qoʻying, – dedi kampir jonlanib. – Bularni qanday tashlab ketasiz. Meni yeb qoʻyishadi-ku! – oʻpkasi toʻlib, koʻzida yosh yiltilladi kampirning…

 

***

Shu kecha soʻzlanmagan soʻz, aytilmagan dard qolmadi.

Maʼmura tong azonda, bolalar uyqudaligida chiqib ketishni moʻljallagan edi. Saharda uygʻonsa, qizaloq boʻynidan mahkam quchib yotibdi. Sirgʻalmoqchi edi, qoʻlchalar qattiqroq chirmashdi. Shu mahal xiyol narida oʻziga termilib oʻtirgan bolakayni koʻrdi. Unga koʻzi tushishi bilan bolakay jilmayib qoʻydi-da suyunchli bir harakat bilan toʻshagiga kirib ketdi.

Shundan soʻng juvon ham boshini burkab oldi-da, yuzini yostiqqa bosgancha, mitti qizaloqni qattiq quchib, yum-yum yigʻlayverdi…

 

***

…Oʻsha mitti qizaloq, bugunga kelib, shu olis tunda hamma sirdan voqif boʻladi. Oʻn yettiga kirib bilmagan sirni bugun unga aytishadi. Boshida Mashhura ham koʻnmadi. Men qanday aytaman, yuragini yorib yuboraman-ku! Shu paytgacha bilmabdi, bilmay qoʻyaqolsin, jon aya, deb yigʻlab berdi. Maʼmura soʻzida turib oldi. Tushuntirdi va bir amallab koʻndirdi. Koʻndirdi-yu, yuragi toʻkildi.

Mana endi tun boʻyi toʻshagi chaqib, toʻlgʻanib yotibdi. Bir amallab mizgʻib olsa edi… Yoʻq, yoʻq, u aynan shundan – koʻzi uyquga ketib, bir zumda tong otib qolishidan choʻchiyotgan edi. Maʼmurasi unga qanday koʻrinish berarkan?

Baribir boʻlmadi, xayolga alahsib, bir zumgina koʻzi ilindi. Shu orada tush ham koʻrdi: tong saharlab uygʻonib, uyiga qochmoqchi boʻlarmishu qizalogʻi chippa yopishgancha qoʻyvormasmish. Har qancha urinmasin, qoʻllarini boʻshata olmasmish. Xiyol narida doʻmboqqina bolakay yostigʻiga oʻtirib olgancha, singilchasining qiligʻiga qiqir-qiqir kularmish…

Ona shu alfozda uygʻonib ketdi-yu, oʻzini Maʼmurasining quchogʻida koʻrdi. Navniholday suluv qiz huv oʻsha bir paytlardagiday uning boʻynidan qattiq quchgancha, qop-qora kokillari yostiqqa yoyilib, shiringina uxlab yotardi…

 

Orziqul ERGASH

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.