Ogʻa

0
221
marta koʻrilgan.

Ufq qontalash boʻlib kelaverdi. Qumlitovning toʻridagi bir cheti hovuzga, bir tomoni sholizorga tutash Qurbon qassobning hovlisida uy egalari gʻimirlab, kirib-chiqib yuribdi.

Oʻrol goʻshtni jiklab, palovga deganni boʻlak, uyda osiladigan bosh qozonga deganni alohida, qoʻnoq uylarga tarqatiladiganni boʻlak ajratdi, undan koʻz uzmay turgan Boʻynoqning nasibasini chetroqqa otdi. It luqma tashlangan tarafga irgʻib borib, koʻp oʻtmay yana dumini likkilatgancha qaytib keldi. Qassob teriga tuz sepib, qoʻraning ustiga yoyib qoʻydi. Kelinlarga kalla-poycha kuydirishni topshirdi. Ichak-qorinni eskiroq togʻoraga soldi.

– Kenjaboy, – dedi. – bolalarga ayt, manavini Elmurod juvonmargning uyiga eltib bersin. Bechoraning bevasi joʻjabirday bolalari bilan qolgan, qoʻli kalta-da…

– Erta-indin oʻzimiz palovga bosmaymizmi? – dedi Kenjaboy yasama xushchaqchaqlik bilan.

– Qoʻysang-chi, uka, oʻlib turgan joyingmi? Senlarga bu yogʻiyam yetib-ortadi.

– Hech boʻlmasa, charvisini shilib olaylik.

– Olganman, – jahli chiqdi Oʻrolning. – Bir aytganda “xoʻp” desa-da!

U otasidan qolgan qassobpichoq, toshqayroq, tarozi solingan xaltasini eshik yoniga qoʻyib, ichkarilaganda uy toʻla odam – ertangi boʻladigan maʼrakaning tadorigiga yigʻilganlar oʻrnidan turdi. Toʻrda oʻtirgan Rahima momo oʻgʻlining boʻynidan quchoqlab yigʻlab berdi. Oʻrol kampirni yupatdi. Qolganlar oʻngʻaysizlanib, qimirlab qolishdi. Kelinlar, qizlar koʻziga yosh oldi. Kenjaboy tishlarini gʻichirlatib, onasiga gapirmoqchi edi, Oʻrol “indama” deganday bosh chayqadi. Yigʻilganlar siljib, katta akaga toʻrdan joy berishdi. Kampirning “Endi bu oilaning boshi sensan, bolam”, deb qayta-qayta aytgani oʻtirganlarga erish tuyuldi. Oraga jimlik choʻkdi.

 

– Semiz qoʻchqor ekan. Ellik kiloga yaqin tosh bosdi. Moyining qalinligidan pichogʻim yurmay qoldi-ya. Quyrugʻining oʻzi bir togʻora boʻldimi, a, Kenjaboy? – dedi Oʻrol choy xoʻplab. U doim shunday qiladi, otasidan oʻrgangan odat. Kimningdir jonligʻini chalib beradigan boʻlsa, uy egalaridan birortasining yonida turishini tayinlaydi. Soʻng erinmay hisobot beradi. “Oʻziga urib qolibdi”, deyishlarini istamaydi. Boya ham Kenjaboyni ataylab oldidan jildirmadi.

– Hm, – dedi Kenjaboy xushlamaygina. U hali ham qoʻchqoridan ayrilganiga koʻnikolmay oʻtirgandi.

– Yaxshi-ku! – yonboshladi Tilovboy. – Endi ovqatga goʻshtni moʻl-koʻl bossa boʻladi.

– Kenjaboy, sen oʻpkalama. Bitta qoʻzini yaxshilab semirtirsang, oʻgʻlingning sunnat toʻyigacha hoʻkizday qoʻchqor boʻp ketadi. Maʼrakaga tumonat odam keladi-da, serka goʻshti urvoq ham boʻlmaydi: bebaraka-da, baribir. Kimsan Qurbon qassobning bolalari otasining yilida echki soʻyibdi-ya, degan gap tarqalsa, uyat boʻladi.

– Durust, shavla ketsa ketsin, obroʻ ketmasin, inim, – deya katta akaning gapini maʼqulladi Tilovboy.

Bundan ikki kun oldin Kenjaboy tumanga borganda akasining uyiga kirib oʻtgandi. Otasining maʼrakasiga serka soʻymoqchiligini aytganda, Oʻrolboy “Nega endi, oʻtgan safar qoʻchqorni ataganding-ku”, deb tutaqib ketgandi. Kenjaboy “Qoʻchqorni nevarangizning sunnat toʻyiga olib qoʻysammikan deb oʻylab qoldim. Men ham el qatoriga qoʻshilib, qilayotgan birinchi toʻyim. Yana bozorga tushib, qoʻy qidirib yuramanmi?” Akasi oʻshanda yo tushun-

madi, yo tushunishni istamadi. Oyoq tirab oldi: “Agar serka deyayotgan boʻlsang, boshqa qassob topaqol”, dedi. Uka ilojsiz koʻnishga majbur boʻldi. “Endi aybini yuvib-chayishga balo bormi, – oʻyladi Kenjaboy. – Bunisiyam maʼqullab oʻtiribdi. Oʻzidan ketmadi-da, joni achirmidi…”

– El ogʻziga elak tutib boʻlarmidi, Oʻrol aka? Bittadan qoʻchqor yetaklatib yuborsangiz ham yaxshi ot olmaysiz. Arqonini bermabdi bu qurumsoq, deb kulib ketadi, – deb uzib oldi Kenjaboy.

Inisining otini aytib chaqirgani Oʻrolga ogʻir botdi.

– Men ham manovilarga aytdim! – Rahima momo bir narsa esiga tushganday, toʻsatdan oʻgʻli bilan keliniga ishora qildi. – Meni tinglarmidi bular? Miyasi aynigan kampir aytaveradi, deydi-da!

Rahima momoning arz qilishi oʻtirganlarga yoqmadi, Tilovboy tomoq qirdi. Katta kelini labini tishlab, bosh chayqadi. Qizlar qosh chimirdi. Kenjaboy bilan xotini onasiga yeb qoʻygudek qaradi. Momo esa beparvo, yana bir narsalarni pichirlab, birda jilmayib, birda qovogʻini solib oʻtiraverdi.

– Unday demang. Qiladi aytganingizni, qilmay qayergayam borardi? – dedi Oʻrol miyigʻida kulib, uka-singillarni zimdan kuzatdi. Ularning beparvoligidan ranjidi. Bir paytlar bir ogʻiz soʻzini qaytara olmaydigan oʻgʻil-qizlarning, bosgan izlariga poyu patak boʻlishga tayyor kelinlarning bugun uning goʻyo bor-yoʻqligini sezmaganday oʻtirishidan gʻazabi keldi. Koʻzlaringni moy bosganmi, deb bir burovga olmoqchi boʻldi. Shaytonga hay berdi.

 

* * *

– Sen koʻp ezilma, bolam, – dedi Qurbon qassob kirtaygan koʻzlarini boladan uzmay. – Dunyoning ishlari oʻzi shunday. Birov Yaratganning neʼmatidan umidvor oʻtadi, kimdir esa berganning qadriga yetmaydi.

Quyoshning tigʻidan taqir boshini bazoʻr panalab borayotgan oʻn yoshlardagi bola qassobning gapini tushunmadi. Qoʻlidagi yarimta nonni tishlab, kavshandi. Qassob toʻriq biyaning jilovini onda-sonda sermab qoʻyar, biya ilkis yurishini tezlatganda bola qalqib tushar va qoʻli bilan egarni mahkam ushlab qolardi. Ular kun peshindan oqqanda qishloqqa kirib bordi.

– Tanish, – dedi Qurbon dasturxonga oʻtirmay turib. – Endi bu ayol sening onang boʻladi. Koʻrishinglar!

Eshik oldida hayrat toʻla nigohlarini bir eriga, bir bolaga qadab turgan Rahima istamaygina koʻrishdi. Oʻzi, dardini kimga aytishni bilmay yurganda bu nima qiliq? Kim boʻldi bu? Nega unday qiladi? Rahima ichidan qaynab kelayotgan adoqsiz savollarga javob topgisi keldi. Lekin tish yorib, biror nima deyolmadi.

Bor dardini ichiga yutib, Oʻrolni “bolam”, deya bagʻriga bosdi. Baʼzi-baʼzida eri uyda yoʻq paytlari ota-onasini surishtirdi, tayinli javob ololmagach, battar ezildi. Qurbon buni sezdi.

– Bekor ich-etingni tirnayapsan, xotin, – dedi bir kuni yotish oldidan. – Gunoh yetaklab kelmadim, xotin.

Rahima izillab yigʻladi. Qassob el uni “sharmanda”ga chiqarib qoʻyganini orqavoratdan eshitgan. El, deb boʻlmas, bir-ikki tiliga kuchi yetmaganlar shunday deyapti. Bu gap ayolining ham qulogʻiga chalingan. Ming qilsayam ojiza-da, koʻz ochib koʻrganiga ishonmay, koʻchaning gapiga ergashib yuribdi. Oʻshalar kelib qassobning yuziga aytsa-ku, nima qilishni oʻzi biladi. Qurbon chuqur uh tortdi.

Koʻklaga boshida kichikroq jonliq soʻyib, butun ovulni chaqirdi. Yoshullilarni toʻrga oʻtqazib, oldiga kalla qoʻydi, ilik qoʻydi.

– Endi, yoshullilar, mening tirigim ham, oʻligim ham, ochligim ham, toʻqligim ham shu el bilan, – chaynaldi qassob hayajonini bosishga urinib. – Oʻn bir yildan beri tirnoqqa zormiz. Buyam bir Xudoning sinovimi, inoyatimi – bilmadim, mulla buva. Ammo endi Oʻrolboy mening bolam. Uning uvol-savobi mening boʻynimda. Lekin uni uyimga obkeganim haqida nojoiz gaplar tarqabdi. Aytib qoʻyay, Xudoyning oldida yuzim yorugʻ.

– Biz qayerdan bilamiz? – gapini kesdi Asqar pismiq. – El oldida qasam ich.

Qurbon Asqarga gʻijinib qaradi. Agar atrofda hech kim boʻlmaganda kekirdagini yulib olardi. Ammo oʻzini bosdi.

– Men qasam ichmayman! Qurbon qassobning qasam ichganini yo biror gapidan tonganini koʻrganmisan? – dedi zarda bilan. – Lekin agar koʻngling toʻlmayotgan boʻlsa, mayli sen uchun…

– Shart emas, – dedi Eson mulla. – Asqarjon, sen qachondan beri el nomidan gapiradigan boʻlding? Hali otang tirik, otangni koʻrganlar tirik, – soʻng yana qassobga yuzlandi: – Davom etaver, inim.

– Agar kimda-kim bolamga yetim yo… xullas, barmogʻini bigiz qiladigan boʻlsa, oʻzidan oʻpkalasin!

– Juda maʼqul ish boʻlibdi, Qurbonboy! Yetim-yesirning boshini silamoq katta savob! Shunday emasmi, Eson ogʻa, – dedi mullaning yonida oʻtirgan Toʻliboy gapini tasdiqlatmoqchiday atrofga olazarak qarab. Mulla “ha” deganday bosh irgʻadi. – Oʻgʻil muborak!

Hamma uni tabrikladi. Qurbon oʻgʻlini chaqirib, yoshullilar bilan koʻrishtirdi. El duoga qoʻl ochdi.

Elning duosida xosiyat koʻp, kuch bor. Oʻrolboyni olib kelganining keyingi yilida Qurbon qassob oʻgʻilli boʻldi. Unga Tilovboy deb ism qoʻyishdi. Keyin Nasiba, Aziza, Kenjaboy tugʻildi. Uyi bola kulgusiga toʻldi. Oʻrolboy uka-singillarini opichlab, ot boʻlib yelkasiga mindirib katta qildi. Bolalar uni “aka” deb chaqirdi. Aka boʻlmish bundan quvondi, Qurbon bilan Rahimaning esa sevinchi ortdi.

Oʻrolboy maktab savodi bilan qoldi. Otasining yonida yurib, qassobchilikni oʻrgandi. Uka-singillari kimi shaharda, kimi tumanda katta-kichik oʻqishlarda oʻqidi. Otasi umrining soʻnggi kunlarida shuni koʻp takrorladi: “Seni ham oʻqitishim kerakmidi, bolam. Sen ham hozir ukalaringga oʻxshab yurarmiding. Bilmasam, sharoit boʻlmadimi, yo oʻzingda ishtiyoq boʻlmadimi. Lekin hech qachon seni ulardan kam koʻrmaganman”. Qassob bu gaplarni Oʻrolboydan koʻra koʻproq oʻziga tasalli berish uchun aytardi.

 

* * *

…Oʻrol oʻtiraverib, boʻgʻinlarida ogʻriq sezdi, oyogʻining chigalini yozish uchun tashqariladi. Uyning oʻng tomonidagi devor ortida gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻir ovoz keldi. Inilari bilan biroz gurung qilish niyatda ular tomonga yura boshladi. Kenjaboyning alam bilan chiyillashidan toʻxtab qoldi.

– Nega u oʻzini katta tutadi? Kim u bizga?

– Akamiz-da…

– Aka?! Mening bitta akam bor, u ham boʻlsa siz! Bir qorindan tushmagandan keyin, qoni qoʻshilmaydi-ku!

– Ha endi, otamizning istagi shu boʻlgan.

– Otamizning oʻtib ketganiga ancha boʻldi. Boqdi, oʻstirdi, uylantirdi, uyli-joyli qildi. Endi uning oldida qarzimiz yoʻq! Nega hadeb u bilan kengashib, ish qilishimiz kerak? Nima, siz bilan menda kalla yoʻqmi?

Oʻrol oxirigacha eshitolmadi, oʻpkasi toʻlib, tanasini qaltiroq bosdi. Ortiga oʻgirildi-yu, zilday ogʻir qadam tashlab nari ketdi.

 

* * *

Saharmardondan Qurbon qassobning uyiga uzoq-yaqindan kelganlar yigʻila boshladi. Eshik oldidagi qoʻlbola oʻrindiqqa koʻrpacha tashlab, ovul mullasi, yana besh-olti chol, aka-ukalar qator oʻtirishdi. Kelganlar yuziga fotiha tortib, qoʻnoq uylariga ketishdi. Peshinga borib qassobning uyi ham, qoʻnoq uylar ham mehmonga toʻldi. Oʻchoqboshida ovulning yosh yigitlari qozon tagiga oʻtin tashlab, bulkillab turgan shoʻrvadan kosalarga quyib, non botirib yeb oʻtirishdi. Yalangoyoq bolalar mehmonlarning ot-eshagini sugʻorib, oldiga bir siqimdan hashak tashlab qoʻyib yo boʻshagan idishlarni suvga toʻldirib yurdi. Kelinlar qoʻli-qoʻliga tegmay, choy qaynatib, idish-tovoqlarni yuvdi.

Oʻrol damba-dam koʻchaga chiqib, yoʻlga koʻz tikdi. Oʻgʻli hayallabroq qoldi. Yarim tunda otasining qoʻngʻiroq qilib, javondagi puldan olib kelishini aytganda hayron qolgan, lekin sababini soʻrashga botinolmagan edi. Oʻrol pulni olib, qassoblik anjomlari turgan xaltaga solib qoʻydi.

Uy egalari maʼrakani tarqatib, mehmonlarni bir-bir kuzatdi. Oʻrol oʻgʻlining ulovida uyiga ketdi. Toʻrdagi xonani yigʻishtirayotgan Kenjaboyning xotini qaynogʻasi tashlab ketgan xaltani koʻtarib, omborga olib chiqib qoʻydi. “Unutib qoldiribdi, – oʻyladi u. – Shu yerda turatursin, it tegarmidi. Bir kelganlarida olib ketar…”

 

Bayram AYTMUROD

 

“Yoshlik”, 2015 yil 9-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.