Odil Burgutshoh va “Zamburug‘” laqabli josus haqida ertak

0
72
marta ko‘rilgan.

I

Bor edi bir odil Burgutshoh,

Tobe edi unga qir-u tog‘,

Yaylov, dala,

Qumli barxanlar,

Tosh qal’alar,

Shinam qo‘rg‘onlar.

 

Qarchig‘ayshoh bor edi yana,

O‘rmon edi unga boshpana.

Dalalari notekis, yaydoq,

Yarmi botqoq,

Yarmi qatqaloq.

 

Bo‘lib yaxshi ishlarga hozir,

Bunda To‘ti Burgutga vazir.

Qarg‘a unda kirdil ishboshi –

Qarchig‘ayning o‘ng qo‘l sirdoshi.

Bunda Lochin qo‘shinga rahbar,

Sho‘x Qirg‘iylar – eng sara lashkar.

Qo‘mondondir unda surbet Sor,

Och Quzg‘unlar hamlaga tayyor.

Qizilishton bunda yasovul,

Unda esa Qorayaloq – qul.

Bunda Bulbul qilganda xonish,

Unda qahqah urardi Boyqush.

Bunda Tovus etganda xirom,

Kakliklarda jo‘shardi ilhom.

Eshilgan choq unda Tustovuq,

Termilardi Sa’valar sovuq.

So‘fito‘rg‘ay to‘q edi bunda,

Kakku sarqit izlardi unda.

 

II

 

Burgutda bor edi qo‘sh farzand,

Biri asal,

Ikkinchisi qand.

Chaqmoq edi to‘ng‘ichin nomi,

Tashna edi mardlikka qoni.

Quyosh edi kichigin ismi,

To‘liq edi mehrga jismi.

Uka – o‘ychan,

Akasi – quvnoq,

Bir-biriga mehribon, inoq.

 

Uzoq tunlar xayol surib goh,

O‘z o‘limin o‘ylab qolsa shoh,

Ta’minlash-chun elning baxtini,

Ravo ko‘rar edi taxtini

Zehni o‘tkir,

Sofdil Quyoshga…

Axir, aql yoshdamas – boshda.

 

U bilardi,

To‘ng‘ich farzandi

Irodali,

Jasur va tanti,

O‘xshar xuddi tug‘ma askarga.

Chaqmoq boshliq bo‘lsa lashkarga,

Yov buzolmas bu yurtning tinchin…

Afsus,

Qarib boryapti Lochin.

 

Shoh bir kuni vazirin yo‘qlab,

To‘rt-besh sodiq nozirin to‘plab,

Ma’lum qildi ushbu fikrini.

Barcha ma’qul ko‘rgach zikrini,

Yozdirdi bu haqda vasiyat,

Tamg‘alandi ezgu bir niyat.

 

III

 

Zakovatli To‘ti vazirning,

Yaxshi ishga doim hozirning

Bo‘lar edi yolg‘iz bir qizi,

Ismi Shabnam – nahor yulduzi.

Oqil edi suluv qiz behad,

Bilimdon-u hamda husnixat.

Chuqur o‘yga cho‘mib tong mahal,

Mashq qilardi gohida g‘azal.

Oqshomlari chertar edi soz,

Qumri yanglig‘ edi xushovoz.

U, xorijdan kelgan muallim –

Popishakdan olardi ta’lim.

Burgutshohning ikki o‘g‘lin ham

Do‘st tutgandi yoshlikdag Shabnam.

Qilar edi Chaqmoqni hurmat,

U ham barcha qizlardek albat

Botirlarga qolardi qoyil.

Ammo ko‘ngli edi ja moyil

Yoqimtoy va dilkash Quyoshga.

Tunlar burkab parquvni boshga,

O‘xshab hamma oshiq qushlarga,

Ko‘rar edi uni tushlarda.

 

IV

 

Shaydo edi unga Quyosh ham,

Biroq qizga yo‘liqqani dam,

Aytolmasdi yurak so‘zlarin.

Mehr bilan tikib ko‘zlarin,

Undan ahvol so‘rardi xolos.

…Sevib qoldi Chaqmoq ham bexos

Vazirning bu go‘zal qizini.

Dadil tutib bir kun o‘zini,

Topib-tutib so‘zlar jo‘shqinin,

Izhor qildi unga ishqini.

Bo‘lib qoldi Shabnam birdan lol!

Maysa uzra tiz cho‘kib behol,

Gap topolmay,

Xam qildi boshni…

Axir,

Qancha kutdi Quyoshni,

Aytarmikan deya bir so‘zni.

Eslatib darz ketmagan muzni,

Quyosh esa yuraverdi jim…

Shabnamni u sevmagay balkim.

 

O‘sha “bir so‘z” aytildi, mana,

Chaqmoq turar qilib tantana.

Ko‘z tikib u kutmoqda javob…

Bu ko‘zlarga berib bo‘lmas tob!

 

V

 

Qarchig‘ayshoh chorlab Qarg‘ani,

So‘radi tund:

– Gapir-chi, qani,

“Zamburug‘”ning ishlari qalay?

Unga oltin bergandik talay,

Bo‘lib ketdi tugal zim-ziyo,

Topgan qushing qallobmidi yo?

Qarg‘a dedi:

– Tortmang hech tashvish,

“Zamburug‘”…

Eh, juda makkor qush!

U Burgutshoh qasrida hozir,

Unga sirdosh ulamo, nozir.

Xabar topib ba’zi bir sirdan

Hamda ayrim ikir-chikirdan,

Qilmoq uchun ishni puxta, soz,

Fursat poylab yuribdi shovvoz.

Shoh buyurdi:

– Uchsin Bulduruq,

Borib aytsin,

O‘sha “Zamburug‘” –

Harakatni tezlashtirsin sal,

Unga bo‘lsin madadkor – ajal!

Xazinamiz bormoqda bo‘shab,

Qolurmiz biz gadoga o‘xshab

Zabt etmasak u boy shaharni…

Boqish qiyin

Shuncha askarni.

 

VI

 

Tagida naq yetti qat to‘shak,

Kitob o‘qir Sassiqpopishak.

Mard Chaqmoqning yori Shabnamxon

Hikoyatlar tinglar parishon.

 

Popishak bas qilib o‘qishni,

Talabasi – kelinchak qushni

Zimdan sergak kuzatib bir zum,

Dedi:

– Buncha xomushsan, qizim?

Ko‘plar uchun bu hayot – og‘u,

Ammo senga kulib boqdi u.

Axir, yovqur kuyoving Chaqmoq

Shu o‘lkaga bo‘lar bir kun shoh.

Seni hamma atar “malika”,

E’tiborda yolg‘iz-u yakka…

Yurtda ko‘pdir sendek suluvlar,

Kelib lekin

Qarshingda ular –

Ta’zim aylar,

Bosh egar bir-bir.

Aminmanki,

Bo‘lasan mashhur

Ko‘p o‘tmay yot o‘lkalarda ham,

Shahzodalar tilida – “Shabnam!”

 

Dilbar kelin xayolga toldi,

Uzoq-uzoq o‘ylanib qoldi…

 

“Qancha oqil bo‘lmasin ayol,

Unga sira kelmaydi malol

Biron yurtga malika bo‘lmoq”.

O‘ylab qo‘ydi Popishak shundoq.

 

VII

 

Eshitgan kun to‘yning daragin,

Quyoshjonning sokin yuragin –

Go‘yo tilib o‘tgandi nashtar…

Azob chekib kundan-kun battar,

Bedor o‘tar uning har tuni,

Kimga aytsin axir dardini? –

Unga raqib – sevimli aka,

Sevgilisi – bo‘lajak yanga!

 

Bir kun bog‘da duch kelib Shabnam,

So‘rab qoldi:

– Ko‘rinyapsan kam,

Yoki mendan xafamisan, ayt?

Arazlagan kabi

So‘nggi payt –

Chetlatyapsan mendan o‘zingni,

Opqochasan nega ko‘zingni?

Bilasanmi…

Men seni…

Axir…

Sendek do‘stsiz yashamoq og‘ir…

– Sen ham men-chun

Eng yaqin sirdosh, –

Deya ma’yus jilmaydi Quyosh:

– Yaxshi do‘stsan,

Bilaman, Shabnam,

Bo‘ladirsan mehribon yangam…

 

Dard yengdi-yu,

To‘ydan so‘ng Quyosh

Yotib qoldi ko‘tarolmay bosh.

 

VIII

 

Kirib ma’lum qildi yasovul:

– Shunqor shoshib misoli dovul,

So‘ramoqda qabulga ruxsat…

Burgutshoh tez ajratdi fursat.

Shunqor

Shohni qilgach ziyorat,

Dedi:

– Gapim shundan iborat,

Bir josusni tushirdik qo‘lga

Va maxfiy xat olindi o‘lja.

Bosmish unga Qarchig‘ay tamg‘a,

Imzo chekmish ostiga Qarg‘a.

Maktubga zar popuk osilgan,

Sizga qarshi gaplar yozilgan.

Xatni bunda kutar “Zamburug‘”,

Tergov qildik,

Ammo Bulduruq

“Zamburug‘” kim, degan savolga –

Javob bermay,

Boqar duvolga.

Voqeadan etilgach ogoh,

Vazmin boqib dedi Burgutshoh:

– Buguncha sal ziqroq vaqtimiz,

Qo‘lda tursa agar taxtimiz,

Erta tergov qilinar josus.

Farmonimiz:

Vaqtincha mahbus –

Zindonda kun ko‘rmog‘i lozim…

Mirshab Shunqor ayladi ta’zim.

 

IX

 

Mashg‘ulotni to‘xtatib bexos,

Qovoq uyib Popishak ustoz,

Asta dedi:

– Azizim, Shabnam,

Talabamsan,

Farzandimsan ham.

Sendan boshqa suyanchig‘im yo‘q,

Baxt hamrohing bo‘lsa,

Ko‘nglim to‘q.

Bir sirdan men bo‘ldimu ogoh,

G‘ashlik cho‘kdi ko‘nglimga nogoh.

Tishlab yurdim ko‘p vaqt tilimni,

Xufton qilmay dedim dilingni.

So‘ng o‘yladim:

Xiyonat axir

O‘z do‘stingdan saqlamoqlik sir.

Xullas,

Kengash qilib Burgutshoh,

Vasiyatin yozdirgani choq,

Meros qilmish Quyoshga tojin.

Iste’foga chiqqanda Lochin,

Lashkarboshi bo‘larmish Chaqmoq…

Men Quyoshni demayman ahmoq,

Lekin u sal parishonxotir,

Akasidek emasdir botir.

Balki zehnim holdan tolgandir,

Balki miyam aynib qolgandir,

Balki olis boqolmas ko‘zim…

Ammo

Bitta hikmat bor, qizim,

Qancha o‘tkir bo‘lmasin zehni,

Posang bosar otaning mehri.

Kenjatoyin xoqon, menimcha,

Ortiq sevar Chaqmoqdan picha.

 

Ustoz so‘zin eshitib Shabnam,

Javob qildi

O‘ylanib bir dam:

– Adashmasam,

Bo‘lsa hamki yosh,

Xoqonlikka loyiqdir Quyosh.

Shohning amri deydilar vojib,

Buyuk zotga qilmaylik taajjub.

 

Shohga izhor qilsa-da ixlos,

Yosh kelinchak gezardi biroz.

 

X

 

Zindon edi juda qorong‘i…

Tun yarimdan og‘gani chog‘i,

Zarang qopqoq ochildi asta,

Nedir tushdi gursillab pastga.

Yaqin bordi

Bulduruq hayron,

Ko‘rdi – o‘lib yotar zindonbon.

 

Mahbus toki hushin qilmay jam,

Paydo bo‘ldi qotil o‘zi ham.

Dedi:

– Kallang sog‘mi, Bulduruq?

– Salom berdik,

Janob “Zamburug‘!”

– Sekin!

Qani, gapir-chi, ini,

Xatda nelar deyilganini.

 

Zaxdan ranjib,

Yo‘talib quruq,

Xat mazmunin aytdi Bulduruq.

U so‘zini tugatgan chog‘da,

Qorong‘ida qoldi-yu dog‘da,

Uchrab qabih hamlaga nogoh,

Bilolmay ne bo‘ynida gunoh,

Og‘zi karrak ochilganicha,

Bo‘g‘ziga tig‘ sanchilganicha,

Ag‘nab tushdi,

Jon berdi faqir…

O, malayning qismati og‘ir!

 

XI

 

Mehriboni – ustoz aytgan gap,

O‘tdi Shabnam qalbini tirnab.

Diqqat bo‘ldi,

Chalkashdi o‘yi,

Lohas sezdi o‘zin kun bo‘yi.

Tunda dardi sig‘may teriga,

Bu haqda gap ochdi eriga.

Miyig‘ida jilmaydi Chaqmoq:

– Buni o‘zim bilardim,

Biroq

Sen qayerdan eshita qolding?

Suluv Shabnam chuqur tin oldi:

– Eshitdim-da,

Nima farqi bor?

– Jonim,

Xafa bo‘lyapsan bekor,

Nega kerak o‘zi bizga toj?

Topolsaydim agar men iloj,

Turmas edim saroyda bir kun.

Besh-o‘n navkar olvolib durkun,

Ov qilardim darada oylab.

O‘tirarding yo‘limni poylab

Sen kanizlar bilan chodirda –

Chechaklarga burkangan qirda…

Qo‘mondon – eng kerakli nozir,

Ming-ming lashkar

menga muntazir.

Yurtni yovdan saqlasam omon,

Ayt-chi, buning nimasi yomon?

Bu sharafli,

Faxrli behad,

Shohda esa – qup-quruq shuhrat.

 

Shabnam mamnun boqdi yoriga,

Suyanchig‘i,

Iftixoriga.

G‘ururlandi yurtparvar erdan

Va ko‘ngli ham yorishdi birdan.

 

XII

 

Erta tongda bosh mirshab Shunqor,

Rangi o‘chib misoli bemor,

Kirib keldi Toshsaroyga sust.

Ham zindonbon,

Ham makkor josus

Bir xil tig‘dan belanib qonga,

Jon berganin shu kech zindonda

Bayon etdi

Qirgancha tomoq.

Bir oz sukut qilgach,

Dedi shoh:

– Chala qoldi gaping, chamamda,

Sen aytmading

Qaysi sur banda

Bunday ishga qilibdi jur’at?

– Shohim,

Sizdan so‘rayman shafqat!

Biz…

Qotilni topamiz…

– Yetar!

Hiqillama,

Boshingni ko‘tar.

Unutma,

Sen – Shunqorsan, Shunqor!

…Qotilni top!

Qani, endi bor…

 

Chiqib ketgach

Shunqor xonadan,

Gap tashladi kimdir panadan:

– Bora olgay soqchiga yaqin –

Tunda faqat mirshab…

Hm, tag‘in –

Kim biladi…

Tangriga yakkash

Charxning ishi tuyulmas chalkash.

 

 

XIII

 

Mashg‘ulotni

boshlash-chun ustoz,

Bitta-bitta bosib misli g‘oz,

Ko‘k eshikdan kirdi xonaga.

Munkillagan bukri enaga

Ma’lum qildi:

– Shabnamxonim band!

U, qahvaga solib bir juft qand,

Kirib ketdi

Quyosh yoniga.

Qaramasdan suv va doniga,

Og‘ir yotgan emish shahzoda,

Malika va xoqon – azada.

 

Popishak tez qaytib orqaga,

Yaqin borib

“Kumush halqa”ga,

Ochib Quyosh eshigin qiya,

Ichkariga bosh suqdi hufya.

Bo‘rtokchada – eshik yonida,

O‘xshab qushning issiq qoniga,

Turar edi qahvali idish.

Eshitildi yotoqdan tovush:

– Nima bo‘ldi,

Azizim, Quyosh?

– Yanga…

Shabnam…

To‘kmagin ko‘zyosh…

 

“Ular – oshiq!

– dedi Popishak. –

Gar yanglishsam,

Demak, men eshak”.

 

 

XIV

 

Kipriklari bo‘lib jiqqa nam,

Chiqdi

Quyosh yonidan Shabnam.

U chiqdi-yu,

Eshitildi dod,

Uvvos solib ko‘tardi faryod

Oqsoch Chumchuq

bo‘zlab xonada,

Zumda notinch bo‘ldi xonadon.

Yetib keldi shoh va malika,

Nozirlar jim turishar tikka,

Bemor Quyosh qusar edi qon,

Qusa-qusa,

Berdi oxir jon.

 

Tabib Kaptar taajjubda edi,

Ahvol bilan tanishib dedi:

– Zahardan u…

Topibdi o‘lim…

Oqsoch dedi:

– Bormaydi tilim!

Bir zum oldin xonima Shabnam,

Bo‘lib bunda bemorga hamdam,

Majbur qilib,

Majbur qilib, ha! –

Shahzodaga ichirdi qahva.

 

Nechun oh-dod?

Nechun bu fig‘on?

Oqsochga ham kerak edi jon.

 

Yoshga to‘lib Shabnamning ko‘zi,

Beixtiyor oqarib yuzi,

Chekinarkan,

Qichqirdi:

– Yolg‘on!!!

Zahar solgan – o‘zingsan,

Ilon!

 

Dard-alami sig‘may ko‘ksiga,

Tiqilgancha faryod bo‘g‘ziga,

Iztirobdan titrab qo‘llari,

Yurdi Shabnam xonasi sari…

Hamma ham

Xun bo‘lganda jigar,

O‘z uyida yig‘lashni istar.

 

XV

 

Ho‘ng-ho‘ng yig‘lab

yotarkan Shabnam,

Kirdi Chaqmoq xonaga ildam:

– Sendek makkor xotinga la’nat!

La’nat yog‘sin

Menga ham abad!

Buncha kalta bo‘lmasa fahmim,

Nechun idrok etmabdi aqlim, –

Mamlakatga bo‘lgin deya shoh,

Eringga baxt tilaganing choq,

Qilganding-ku ukamga g‘araz.

Dog‘da qoldim,

Hayhot, men galvars!

Juda yaxshi ishlabdi kallang,

Tushunibsan,

Hayot – kurash, jang.

Mavjud ekan eringda uka,

Bo‘lolmasding axir malika…

Malikalik turmas doim naqd,

Jannatda hur bo‘laqol,

Ablah!

 

To‘lib qahru g‘azabga Chaqmoq,

Barmoqlarin qildi-yu sirtmoq,

Chovut soldi yorin bo‘g‘ziga.

Dahshat aksi chaqnab ko‘zida,

To‘lg‘anardi kelinchak tinsiz…

So‘ng

Gilamga yiqildi unsiz.

 

XVI

 

Enagaga bo‘lgancha hamroh,

Ko‘k eshikdan kirib keldi shoh.

Qizi tomon otildi vazir,

Dong qotdilar ulamo, nozir.

So‘lgan guldek yotardi Shabnam,

“Nima bo‘ldi senga,

qizginam?” –

Deya, urdi ona To‘ti oh.

Mushtin qisib,

Bosh egdi Chaqmoq.

 

Chaqqon yurib yasovulga xos,

Qizilishton kirdi-yu bexos,

Tiz cho‘kdi:

– O, ulug‘ xoqonim,

Afv etilsa bir qoshiq qonim,

Voqif qilay sizni bir gapdan.

– Ayt!

– Ko‘shkdagi gilam yo‘lakdan

Borardim taxt eshigi sari,

Yasovulni almashtirgani.

Yaqinlashgach

“Kumush halqa”ga,

Tisarildim birdan orqaga.

Men ko‘rdimki,

Janob Popishak

Ochib Quyosh eshigin qittak,

Ichkariga tumshug‘in suqib,

Turar edi gaplarni uqib.

Bir payt

Qo‘ynin paypaslab qoldi

Va qo‘liga nenidir oldi.

Uy ichiga kirdi-yu asta,

Qaytib chiqdi yana birpasda.

So‘ng atrofga boqib badgumon,

Yo‘l oldi o‘z xonasi tomon.

U, yo‘lakdan burilgan damda,

Allanarsa tushdi gilamga.

Borib oldim,

Qarasam – uzuk,

O‘lja bo‘lmas bundan ham tuzuk…

Kim bilibdi bunday bo‘lishin?

O‘ylovdim – u janobning ishi

Gap poylashdan o‘tmas nariga…

Fahmim yetdi keyin bariga.

 

XVII

 

Tabib Kaptar uzukni olib,

Uni yog‘och kosaga solib,

Botirgan vaqt bir qultum suvga,

Suv sharaqlab aylandi bug‘ga.

Shohga tabib yuzlandi behol:

– Bir ko‘riboq,

Sezgandim darhol.

Suyuqlikka solinsa agar,

Bu uzukdan tarqalar zahar.

 

Shunqor dedi:

– Xoqoni ulug‘,

Popishak bu

– o‘sha “Zamburug‘!”

Shoh g‘azabnok so‘z qotdi:

– Attang!

Picha kechroq ishladi kallang,

Tezda qo‘lga olinsin battol!..

Yasovullar tarqaldi darhol.

 

Yotar edi Shabnam

Begunoh…

Chaqmoq na’ra tortdi-yu nogoh,

Derazani pachaqlab birdan,

Otdi o‘zin baland qasrdan.

– O‘g‘lim!!! – deya

Qildi shoh nido.

Pichirladi tabib: “Alvido!”

Nozirlarni bosdi tahlika,

Qo‘sh farzandsiz qolgan malika

Nolish bilan

Yulgan choq yuzin,

Shabnam asta ochdi-yu ko‘zin,

Turganlarga boqdi taajjubda.

Bu dunyoning ishi ajib-da,

Bir eshikdan kirgan payt motam,

Bir eshikdan chiqib ketar g‘am.

 

XVIII

 

Miltillardi qora jinchiroq,

Mudrar edi soqchi Qarqunoq.

Tovush keldi zindondan shunda:

– Oshna,

Senga qiyin-da juda.

Menga ma’lum zindonbon holi,

Itnikidan yomon ahvoli…

– Senikidan lekin durustroq! –

Deb g‘udrandi soqchi Qarqunoq.

 

Popishakning chiqmadi jahli:

– Tez kunda men

bo‘laman baxtli…

Sen ko‘ryapsan faqat bugunni,

O‘ylasang-chi ertangi kunni.

O‘ldi Shabnam,

Chaqmoq va Quyosh,

G‘amdan shoh ham bo‘ladi odosh.

Qarchig‘ayshoh bosib kelar so‘ng,

Murdalardan yasar katta do‘ng.

Keng maydonga qalab archani,

Nozir,

Navkar,

Soqchi…

Barchani –

Tiriklayin yoqar gulxanda.

Bo‘yi tengi sochar zar tanga,

Kimki bo‘lsa unga sodiq qul…

 

Vaysar ekan Popishak nuqul,

Qamrab oldi soqchini vahma.

Xuddi o‘tda turgandek laqma,

Potirladi:

– Maqsadingni ayt!

– Yog‘ochsaroy ichra ushbu payt

Qarchig‘ayshoh menga muntazir.

Rozi bo‘lsang,

Ikkimiz hozir

Kunbotarga qarab uchamiz,

Erta-indin manzil quchamiz.

Seni unda

Qilamiz to‘ra,

Bu, gulxanda yonishdan ko‘ra –

Ancha qulay,

To‘g‘rimi, o‘rtoq?

O‘ylab turib, dedi Qarqunoq:

– Bordir axir,

Xotinim, bolam…

– Olvolamiz ikkovini ham…

 

Xullas,

Oson sotildi soqchi,

Haryon boqib misli ayg‘oqchi,

Shartta ochdi zindon eshigin.

Keyin pastga tushdi-da sekin,

Pichog‘ini sug‘irib yondan,

Xalos etdi “do‘stin” arqondan.

Mahbus turdi qaddin qilib g‘oz…

So‘ng soqchiga tashlanib bexos,

Tortib oldi uning yarog‘in.

Ushlagancha lat yegan jag‘in,

Qichqirgan dam

xumbosh Qarqunoq,

Ko‘kragiga sanchildi pichoq.

 

Tanlolmadi o‘zibop jo‘ra,

Bo‘lolmadi yot yurtda to‘ra,

Bulg‘andi el unga bergan tuz,

Qolib ketdi uyida yolg‘iz

Xotini tul,

Bolasi sag‘ir…

O, sotqinning qismati og‘ir!

 

XIX

 

Nafas olar qiynalib Chaqmoq,

Joni tanda bo‘lsa ham,

Biroq,

Og‘ir edi ahvoli juda.

Shohu vazir,

Qaynona-quda –

Yurishardi bedor, nobardam.

Tabib Kaptar,

Vafodor Shabnam –

Nari ketmay

Chaqmoq qoshidan,

Qonli terni artib boshidan,

Tomizishar edi labga suv.

Behushlikmi yo qattiq uyqu

Yaradorni qilgandi karaxt…

O‘lsa – armon,

Tirik qolsa – baxt!

 

Tongga yaqin, telbaga o‘xshab,

Gangsib kirdi xonaga mirshab:

– O‘limimga roziman,

Shohim,

Ortib ketdi behad gunohim…

Zindonbonning sirli o‘lgani,

“Zamburug‘”ning g‘oyib bo‘lgani,

Shoh dilini tund qildi battar:

– Yo‘lga chiqsin

Qaldirg‘och chopar,

Posbonlarni etsin u ogoh,

Chegaradan o‘tolmasin sog‘

Birorta qush,

Birorta chivin!

…So‘ng o‘zicha shivirlab sekin,

Dedi:

– Balki, qolgandirmiz kech…

Tavba, aqlim yetmay qoldi hech,

Toshsaroyda nelar bo‘lyapti?

Lak-lak ofat qaydan kelyapti?

 

XX

 

Burgutshohning ikki farzandin,

Ham vazirning yolg‘iz dilbandin,

Bir kundayoq tinchitganini,

Yovni boplab injitganini

So‘ylab berdi Popishak mag‘rur.

Qarg‘a dedi:

– Ishlaring manzur.

Shu qatorda jonsiz yo nosog‘ –

Yotgan bo‘lsa edi Burgutshoh,

Unda, bahong bo‘lardi “a’lo”.

– Qizilishton degan bir balo

Rasvo qildi ishimni bevaqt,

O‘zi, shohga keluvdi navbat.

– Qarchig‘ayshoh

Uch kunki, kasal,

Qo‘rs va injiq bo‘lib qoldi sal.

Kelganingni aytaman kirib,

“Zamburug‘”ning zafarin bilib,

Ko‘ngli birdan yorishsa, zora…

Mukofotni

Qilamiz “ar-ra”.

 

XXI

 

Berib bo‘lgach Popishak hisob,

Qarchig‘ayshoh ayladi xitob:

– Burgutshoh-chi?!

– Vaqtincha…tirik…

Lekin shuncha qayg‘u, ko‘rgilik

Uning jonin olishi kerak…

– O‘lishini kutamiz, demak?

Aqling balo,

Maslahating zo‘r…

So‘ng qichqirdi:

– Yaramas! Nonko‘r!

Xo‘b sovurding

mo‘may mablag‘ni,

O‘sha tojdor qari ablahni

Nechun qila olmading gumdon?

Balki…

Shirin tuyulgandir jon?

Botibsan sen azim gunohga!

Mendek mashhur

Qarchig‘ayshohga

Shartta qurbon bo‘lmagan

jonzot –

Iltifotga loyiqmas…

Jallod!!!

 

Tiz cho‘kib dod soldi

“Zamburug‘”:

– Ketingizga bo‘layin quyruq,

Bolangizga bo‘lay o‘yinchoq,

Shafqat qiling,

Muruvvatli shoh!

 

Shoh ko‘zidan so‘nmadi nafrat,

Popishakka etmadi shafqat.

Pinagini buzmasdan zarra,

“Mukofot”ni qilmasdan arra,

Surlik bilan

Yuz burdi vazir…

O, josusning qismati og‘ir!

 

 

XXII

 

Yov niyatin qilmoqchiday puch,

Bir oy o‘tib,

Yig‘ib ancha kuch,

Chaqmoq asta turdi oyoqqa.

Suyanmasdan qo‘ltiqtayoqqa,

Toshsaroydan chiqdi tashqari,

Unga tirak – vafodor yori.

 

Ochildi ko‘k,

oq, sariq darcha,

Mamnun boqar

saroydan barcha:

Odil shohu

Aqlli vazir,

Oqsoch,

Mirshab,

Ulamo,

Nozir

Juft chechakdek bu ikki yoshga…

 

Ta’zim qilmoq uchun Quyoshga,

Birgalashib Shabnam va Chaqmoq,

Ko‘zlaridan yosh tomib munchoq,

Sag‘anaga keldilar yaqin.

Bor degandek hayotda haqqim,

Go‘yo ko‘kka qilardi nola

Go‘r ustidan chiqqan yosh lola.

Simirarkan

Tongning sabosin,

Eshitgandek giyoh nidosin,

Ko‘z qadadi lolaga Chaqmoq.

 

Chaqmoq

Yurtga bo‘lar bir kun shoh!

Qanday kunlar kelgay o‘shanda?

O‘t ketmasmi ushbu gulshanga?

Saqlanarmi taxtda odillik?

Avj olmasmi qirg‘in, qotillik?

Mo‘l bo‘lgaymi sandiqlarda don?

O‘ylolgaymi navqiron xoqon

Oddiy xalqning taqdirin bedor?

Boqolgaymi yovlarga hushyor?

Bosqinchidan ko‘rmasmi zavol

So‘qmoqdagi munkillagan tol?

Yurt tarixin supurmasmi yel?

O‘zligini saqlolgaymi el?

Buzilmasmi ko‘hna qasrlar?

Toptalmasmi qutlug‘ qabrlar

Va undagi o‘ychan lolalar?..

……..

……..

Ertak tamom…

Xayr… bolalar…

 

Anvar OBIDJON

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.