Notanish ayol

0
246
marta koʻrilgan.

– Assalomu alaykum, Malika opa! Yaxshimisiz?

Bozor aylanaverib, sillasi quriyozgan Malika shoshib u yoq-bu yoqqa qaradi. Bir ayol unga tikilib turardi. “Menga gapiryaptimi yo boshqa birovgami?” deb oʻyladi-da, jim turaverdi. Notanish ayol unga qarab yana salom berdi. Bu safar u alik oldi.

– Tuzalib qoldingizmi, opa? – mehribonlik bilan soʻradi notanish ayol.

– Ha, rahmat… – dedi Malika.

– Oʻzi hamma tumov boʻlib yotibdi, – dedi notanish ayol. – Qor yogʻmayapti-da, opa, yogʻsa, hamma kasallikni bir bosib ketardi…

– Toʻgʻri aytasiz, – dedi Malika.

U notanish ayolning kimligi, qayerda koʻrganini eslashga urinsa-da, hech eslolmadi. Mehribonlik qilib, hol soʻrab turgan odamdan kimsan, deb soʻrash esa noqulay.

– Ishga chiqib ketdingizmi? – soʻradi notanish ayol.

– Ha, rahmat, chiqdim.

– Xudbin, kal boshligʻingiz urishmadilarmi? – kuldi u.

– Yoʻq, nega urishardi…

– Anavi dugonangiz-chi, Gulya? Kuala-Lumpurdan qaytib keldimi yo haliyam yallo qilib yuribdimi oʻsha yoqda?

– Keldi, oʻtgan hafta kelgandi… – Malika notanish ayolning kimligiga tobora qiziqib borardi. Axir, uning boshligʻi kal ekanini qayerdan biladi? Dugonasi Malayziyada yallo qilib yurganini-chi? Bu yerda bir gap bor. Yoki u…

– Soʻrash noqulay-ku, lekin ichim achib ketyapti, opa, – dedi notanish ayol uzrxohlik bilan. – Qizingiz uyiga qaytib bordimi yo haliyam arazlab, yoningizda oʻtiribdimi?

“Obbo, bu nimasi boʻldi endi? Bu xotin kim boʻldi ekan-a? Yo yangi koʻchib kelgan qoʻshnilardanmikin? Yoʻgʻ-yey, mahallaga yangi odam kelsa, birpasda hamma biladi. Yoki erimning tanish-panishimikin? Qaydam… Kimligini soʻrasammikin? Shoshmay turay-chi, nima boʻlarkin”.

Malika javob berishga shoshilmay, ayolni zimdan kuzatdi, tanishlari orasidan eslashga harakat qildi, lekin xotira oʻlgur bu qiyofani hech topolmadi.

– Kuyovimiz olib ketdi, – dedi soʻng siniq ovozda.

– Ha, yaxshi qilibdi, opa, – dedi notanish ayol nimtabassum bilan. – Shuncha oʻtirdi, kuyovingizning koʻzi ochilib, endi avvalgiday oyoqosti qilmaydi qizingizni. Qadriga yetadigan boʻladi.

“Voy, oʻlay, bu xotin kuyovimni ham taniydimi hali? Undan chiqdi, qizimni necha marta kaltaklab, onasi ikkovi xor qilganini ham eshitgan chiqar?”

Notanish ayol esa tinmay savol berardi:

– Oʻh-hoʻ, sakkizinchi martda xoʻjayiningiz sovgʻa qilgan koʻylak shumi?

– Yoʻq, buni oʻzim olganman oyligimga.

– Iya, sovgʻa qilmaganmidilar?

– Gul bilan paypoq obergandilar…

– Ha, aytgancha, paltoni nima qildingiz?

– Qaysi paltoni?

– Timsoh terisidan tikilgan paltoni-da? Kirxonaga qaytarib olib borib, notoʻgʻri dazmol qilib, yaroqsiz qilib tashlashgani uchun pulini undirib oldingizmi?

– Ha, umi?.. Yoʻq, undirolmadim. Paltoning chekini soʻrashdi. Uni qoʻshnimiz Salimaxon Dubaydan olib kelgan, cheki yoʻq, degandim, unda undirolmaysiz, deyishdi…

– Chakki boʻpti-da, opa, shunday qimmatbaho palto-ya… Esiz-esiz, ichginam achib ketdi-ya…

– Voy, nimasini aytasiz, ularning ahmoqona dazmollashidan keyin palto rasvo boʻldi…

Notanish ayol tin oldi. Qoʻlidagi sumkani yerga qoʻyib, qaddini tikladi. Keyin yana soʻradi:

– Malika opa, yana bir gapni anchadan beri oʻylayman, lekin sizga hech aytolmay yurgandim…

– Nima ekan? – dedi Malika qulogʻi ding boʻlib.

– Shu… Oʻzingiz bilasiz-ku, hozir gʻiybatchilar ham koʻpayib ketgan-da. Haligi… Murodxon degan odam bilan rostdan ham… uchrashib yuribsizmi?..

– Voy, oʻlay, bu nima deganingiz? – dedi Malika achchigʻi chiqib. – Kim u Murodxon?

– Ie, Murodxon aka-chi, sochi uzun buxgalter odam…

– Ha-a-a… Umi? Siz uni qayerdan taniysiz?

– Aytdim-ku, shunday gap yuribdi ekan. Gʻiybatchilar-da…

– Ishonmang, gʻiybatga. Men uni umuman bilmayman.

Malikaning yuzi lovullab qizimoqda edi. “Odamlarga ham hayronsan, yer tagida ilon qimirlasa biladi-ya…”

– Mayli, bularni qoʻyavering, opa, – dedi notanish ayol jilmayib. – Qalay, yangi olgan oq shimingiz qulaymikin?

– Qulay ekan, – dedi Malika. – Toʻy oqshomlariga kiymoqchiman.

– Qulupnayli tort pishirishni oʻrganvoldingizmi?

– Zoʻrgʻa oʻrgandim. Retseptini bilsangiz, qiyin emas ekan…

– Haligi, gʻilay qoʻshningiz Zebo satang bilan yarashdingizmi?

– Ha… bir oycha gaplashmadik. Hozir apoq-chapoq boʻp ketganmiz.

– Yana bir narsaga hech ishongim kelmayapti-da, opa. Oʻsha kuni eringiz rostdan ham maykasini teskari kiyib kelibdimi uyga? Labboʻyogʻingizni nevarangiz yeb qoʻygani-chi? U ham rostmi?

Uh! Malika hayronu lol qoldi. Axir bu ayol kim oʻzi? Nega u buncha narsani biladi? Butun sir-sinoatidan xabardor ekan-ku? U yoqda ishxonayu dugonalari, bu yoqda Murodxon aka-yu, oq shim, hatto, erining maykasini teskari kiyib kelgani-yu nevarasining labboʻyoqni yeb qoʻyganigacha bilarkan-a! Josus desa, josus deganlari bunday ahmoq odam boʻlmaydi. Tanish desa, tanish emas…

– Rostlikka-ku, rost, – deya chaynaldi Malika. – Lekin siz bularni qayerdan bilasiz?

– Ha endi, opa, bilamiz-da…

Malikaning sabri tugadi. Uning kimligini bilgisi, “shpion” yoki gʻiybatchiligini aniqlab, sharmandasini chiqarmoqchi boʻldi. Axir, uning butun sirini bilib, kimlargadir gap tarqatib yurgan ham shu xotin boʻlib chiqar? Aytdi-ya, boyadan beri tinimsiz savol beryapti. “Oʻzi haqida hech narsa demadiyam. Bu bekorga emas. Gap oʻgʻirlab, yana qoʻshib-chatib, boʻrttirib, boshqalarga sasib yuradigan xotinlar toifasidan boʻlsa kerak… Shoshmay tur sen…”

Malika shunday oʻylab, sekin soʻradi:

– Uzr-ku, hurmatingizni qilib, boyadan beri shuncha savolingizga javob berib yotibman. Men sizni taniyolmadim? Kimligingizni bilolmadim ham…

– Voy, opa, nega unday deysiz? – dedi notanish ayol ogʻzini ushlab kular ekan. – Men Tursunoyman. Boʻriyeva. “Fesbukda” doʻstmiz-ku, axir?! “Druzya”ngizda borman-ku…

Malikaning yuragi “shigʻ” etdi va tilini tishlab qoldi.

 

Jasur KENGBOYEV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–8

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.