Nimani izlashga bogʻliq

0
193
marta koʻrilgan.

Ustoz shogirdiga shunday topshiriq berdi:

– Turgan xonamizga yaxshilab razm sol va jigarrang narsalarni yaxshilab eslab qol.

Xonada bu rangdagi buyumlar koʻp edi, shogird vazifani bajarishga uncha qiynalmadi. Lekin ustoz unga boshqa bir ishni buyurdi:

– Koʻzlaringni yum-da… xonadagi havorang rangli narsalarni sanab ber!

Shogird bundan ranjidi:

– Axir siz jigarrang narsalarni eslab qol, degandingiz. Shunga amal qilib, havorang narsalarga eʼtibor bermadim.

Ustozi javob berdi:

– Koʻzlaringni och va sarasof sol. Xonada havorang buyumlar juda koʻp.

Haqiqatan ham shunday edi. Ustoz soʻzida davom etdi:

– Bu misol bilan senga hayotiy bir haqiqatni uqtirmoqchi edim: agar sen xonadan faqat jigarrang buyumlarni izlaganing kabi hayotdan ham nuqul yomon narsalarni izlaydigan boʻlsang, ularnigina topasan, ularnigina ilgʻaysan. Ular fikru yodingni egallab, doimiy hamrohingga aylanadi.

Yodingda boʻlsin: agar sen nuqul yomon narsalarni izlasang, ularni albatta topasan va hech bir yaxshilikni koʻrmaysan. Kutganing, ruhan tayyor boʻlganingga albatta duch kelasan. Agar yaxshilikdan umid qiladigan boʻlsang, eng kamida yomon narsalarni hayotingga tortmaysan. Toʻgʻri, baʼzida niyat qilganing amalga oshmasligi ham mumkin. Hayot qoidasi shunday. Lekin ruhing baland boʻlsin. Shunda hatto qaygʻuli va ogʻir vaziyatlarni ham bemalol yengib oʻtasan.

 

Orif Tolib

 

“Maʼrifat” gazetasining 2016 yil 26 noyabr sonida chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.