Nikoh

0
235
marta koʻrilgan.

Sunnat muallim kenja qizini uzatyapti. Kim nima desa desin, toʻy qilishni kambagʻalga chiqargan. Boy odam toʻyida bir yilda, kambagʻal besh-oʻn yilda topganini toʻkib-sochadi. Shungami, kambagʻalning toʻyi toʻyday boʻladi.

Ayri zardoli ostidagi chorpoyaga joylangan chollarning hangomasini oʻrtacharoq shaftoliday keladigan oʻriklarning yerga parsillab tushishi uzib-uzib qoʻyadi. Bir nafas gapdan toʻxtagan ezma chollar yerga tushib, danagi bir boʻlak, eti bir boʻlak boʻlib qolayotgan mevalarga qarab tamshanib qoʻyishadi. Atrofga taralayotgan shirgʻimtil is ishtahasini qoʻzgʻaydi shekilli, dasturxondagi hozirgina yuvib keltirilgan mevalarga birvarakayiga qoʻl uzatishadi.

Poygaroqda oʻtirib olib hech kimga gap bermayotgan Suhrob bobo yelkasini qisib hiringlaydi:

– Bu muallimning oʻchi bor bizda! Bir qoʻrqitay deb atay shu yerga joy qilgan!

Gapga qoʻshilmaygina oʻtirgan Izzat bugʻaltir bir gʻimirlab olib, ogʻiz juftlaydi:

– Kuyov bola nima ish qilar ekan?

Koʻcha boshidan choʻzib-choʻzib signal berib kelayotgan mashinalarning shovurida uning savoli javobsiz qoladi.

Osoyishta toʻyxona birdan jonlanadi. Besaranjom xotin-xalaj, tomoshatalab bola-chaqa darvoza tomon shoshadi.

Qator-qator mashinalar toʻgʻri kelgan joyga qantarilib, ulardan uzun-qisqa boʻlib oliftanamo kuyovjoʻralar tushib kelishadi. Atrofga bepisand koʻz tashlab sigaret tutatayotgan yigitchalar kuyov yigit oʻtirgan mashina oldiga toʻplanib olishadi.

Oppoq “Neksiya”dan tushgan uch-toʻrt ayol biroz sollanib turgach, qudagʻaylarning qistovi bilan ichkari kirib ketishadi.

Darvoza tomondan Otabek mullaning qorasi koʻrinadi. U chorpoyada oʻtirgan chollar tomonga yoʻl soladi. Qisqa duoi fotihadan soʻng uzilib qolgan suhbat yangidan boshlanadi.

Gap jilovini yana qoʻlga olgan Suhrob bobo odatiga koʻra mulla Otabekni savolga tuta boshlaydi.

– Bir nimani soʻrayman deb yuruvdim, hozir eslolmayapman-da. Xoʻ-oʻsh, bu, nikoh qiyish oʻzi kimlarga buyurilgan?

– Har safar shuni soʻraysiz-a, Suhrob bova, – deydi mulla Otabek kulib.

– Benamozdan boshqa luboy odam nikoh qiysa boʻladi, faqat maʼnisini bilsa boʻldi, – gapga aralashadi chollardan biri.

– Sen gapga aralashma, – tengqurining gapini kesadi Suhrob bobo, – nikoh bir qasamday gap, har kimam oʻqiyversa, durust boʻmaydi. Ha-a, bir nimaga tushunmayman. Otam rahmatli Fargʻona kanalida “batalon” boʻlib keganidi, bir gapi esimdan chiqmaydi…

Chollar “yana eski gapni boshladi” deganday, bir-birovlariga qarab iljayishadi. Dadilroqlari hatto, tomoq qirib ham qoʻyishadi. Suhrob bobo eʼtibor qilmay, davom etadi:

– Oʻsha mahali, kanal qurilishida bir jigit bir juvonni xotin qilib olasi boʻganda nikoh qiyadigan odam topilmaganakan.

– Fargʻona tomonlarda-ya? – luqma tashlaydi boya gapi boʻlinib izza boʻlgan chol.

– Sen gapni eshit, – Suhrob bobo uni yana jerkiydi. – Ilmi borlar boʻsa boʻgandir, lekin qoʻrqqan-da! Bilsang, u zamonda mullaman degan odam qulogʻini ushlab ketgan. Otam rahmatli qarasa, boyagi jigitminan juvon nikohsiz qolib ketadigan. Shartta oʻrtadan chiqib oʻzi nikohini qiyib tashlabdi.

– Bilgan boʻsa oʻqigan-da… – atayin yana uning jigʻiga tegadi tengquri.

– Men nima deyapman, otam nikoh qiyib yurgan boʻmagʻanakan. Oʻzining aytishicha, oldin ikkovining roziligini soʻrapti. Soʻgʻin bir kosa suv qoʻyib, “qulhu vallohu ahad”ni yetti qaytarib, “endi halol” deb yuboribdi. Rahmatli to oʻlgancha shuni oʻylab ketdi. Oʻziniyammas, boyagʻi jigit minan juvonni oʻylab ketdi, benikoh qomadimikan deb.

Chollar har doimgiday bir muddat jimib qolishadi.

– Oʻzbek boʻganakanmi? – soʻraydi nihoyat chollardan biri.

– Kim?

– Boyagʻi jigitni aytaman?

– Oʻzbekdir-tojikdir, bir musulmonning bolasi boʻgʻan-da, – deydi ensasi qotgan Suhrob bobo. Soʻng mulla Otabekka yuzlanib soʻraydi: – Shuning javobi nima boʻladi, mullo ulim?

U endi-endi qarilikni boʻyniga olib chollar davrasiga bugun qoʻshilgan Izzat bugʻaltirga “gapni eshit” deganday qarab oladi.

Mulla Otabek ham javobga shoshmaydi. Yonidagi qariyalardan najot kutadi, sado boʻlmagach, iljayib, oʻzini oʻylayotganga soladi. Shu paytda ichkaridan xabarchi keladi: nikoh oʻqish marosimini boshlash kerak. Mulla Otabekni hovli etagidagi uy tomon boshlab ketishadi. Shu bilan Suhrob boboning odatdagi savoli odatdagiday javobsiz qoladi.

Gapdan gap chiqib, chollar bir paytlar oʻzlarining nikohini qiygan mullalar haqida eslab boshlashdi. Ular biri olib, biri qoʻyib koʻrgan-bilgan mullalariga taʼrif keltirayotgan paytda Izzat bugʻaltirning nafas olgani bilinmay qoldi.

Koʻzlarini yumib, goh ikki qoshi oʻrtasiga barmoq qoʻyib, goh kalta soqolini asabiy tutamlayotgani uning nimanidir eslashga befoyda urinib oʻtirganini koʻrsatardi. Hammasini eslayapti: “komsomol toʻyi”niyam, rahmatli Musa raisning soʻz olib gapirganiyu “gorka”, deb baqirganigacha kechagiday esida. Lekin shu… nikohini oʻqigan mullani eslayolmasdi-da.

Oʻylanib oʻtirdi, oʻtirdi, boʻlmadi. Ilkis oʻrnidan turib, chorpoyaning zinasigayam qaramay yerga oyoq tashladi. Oyoq kiyimini qidirib biroz kalovlanib turdi. Bir qator terilgan kovushlar orasidan tuflisini topib oyogʻiga ildi. Soʻng chollarning “hay-hay, nima gap”, deganigayam qaramay, joʻnab qoldi.

Chollarning gurungidan fayz ketdi.

– Odam bola-chaqadan tinmasa qiyinakan, – salmoqlab gap boshladi Suhrob bobo.

– Katta uli haliyam bedarakma? – soʻradi toʻrda oʻtirgan jikkak chol.

– Bedaraklikka-ku bedarakmas, qay bir chetda yurganmish. Oʻn yil boʻldi-yov, ota-onam boridi deb bir yoʻqlamaydi. Dardi ichida bugʻaltirning.

– Kenjasi yana qamaldi deb eshitdim?

– Mushtdayidan nashavand boʻgan boladan nima kutasan boshqa. Qizini ayt, bir roʻzgʻorni gullatadigan ayal. Yana erdan qaytib kepti.

– Shunday odamning bolalari bexosiyat chiqdi-a, Suhrob? Uch bolaning biroviyam odam boʻmadi.

– Bari harom yedirganidan.

– Xudodan qoʻrq, Suhrob. Bugʻaltir kommunis boʻgan, koʻp harom yemagan…

Darvoza tomonda kampirini sudraganday olib kelayotgan Izzat bugʻaltir koʻrinib, chollarning gapi uzildi. Izzat bugʻaltir kampirini yetaklab toʻppa-toʻgʻri kelin-kuyovga nikoh oʻqilayotgan uy tomon ketayotganidan chollar hayron edi.

Suhrob bobo imillab yetib kelganda xona oʻrtasida Izzat bugʻaltir bir nuqtaga tikilgan koʻyi haykalday oʻtirar, kampiri esa yelkalari silkinib-silkinib yigʻlardi. Mulla Otabek qiroat bilan nikoh duosini oʻqir, oʻqigani sayin uning ham koʻzlaridan yosh quyilardi.

 

Shavkat YODGOROV

 

“Oila davrasida” gazetasidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.