Nechta doʻstim boʻlishi kerak?

0
224
marta koʻrilgan.

Bir kishi mashhur donishmandning huzuriga kelib, undan soʻrabdi:

– Ustoz, sizdan bir narsani bilib olmoqchi edim. Odamning nechta doʻsti boʻlishi kerak? “Yuz tillang boʻlmasin, yuzta doʻsting boʻlsin” degan maqolni eshitib qoldim. Lekin agar ataylab doʻst qidiradigan boʻlsam, ishlarim oʻngidan kelishiga ishonmayman. Axir qarshingdagi odam aslida qanaqaligini bilib boʻlmaydi.

Bundan tashqari, u chinakam doʻst boʻlishga loyiqmi-yoʻqmi – buni ham oldindan aytish qiyin. Uning ustiga, oʻzimning ham boshqalarga qay darajada doʻst boʻla olishim aniq emas…

– Savolingga javob beraman, toʻgʻrirogʻi, javobni oʻzing topasan, – debdi donishmand. – Huv anavi olma daraxtini koʻryapsanmi? U dunyodagi eng baland olma ogʻochlaridan biri. Borib oʻsha daraxtning eng uchidagi mevalardan menga terib kel.

Odam oʻsha tarafga qarab, daraxtning yuksak shoxlarida tovlanib turgan olmalarni koʻribdi va:

– Lekin, taqsir, daraxt haqiqatan ham juda baland ekan. Mevalarni qanday qilib uza olaman? – debdi.

– Birorta doʻstingni chaqir, birgalashib olarsizlar, – deb yoʻl-yoʻriq koʻrsatibdi donishmand.

Haligi kishi bir doʻstini topib kelibdi. Oʻrtogʻi uning yelkasiga chiqibdi, lekin mevalarga qoʻli yetmabdi. Orada hali anchagina masofa bor ekan.

– Yoʻq, bunaqada hech narsaga erishib boʻlmaydi, – debdi asabiylashib doʻst izlovchi.

– Nima balo, boshqa umuman doʻsting yoʻqmi? – debdi kulib donishmand.

Boyaqish boshqa doʻstlarini ham chaqirib, ancha-muncha odam yigʻibdi. Ular bir-birlarining yelkalariga mingancha, terlab-pishib yuqoriga intilishibdi… Biroq bu jonli havoza olmagacha yetib bormabdi, holdan toygan odamlarning oyoqlari ham toyibdi, hamma yerga gursillab tushibdi.

Bu ishlarni kuzatib turgan donishmand haligi kishini yoniga chaqiribdi va soʻrabdi:

– Odamga nechta haqiqiy doʻst kerakligini tushungandirsan?

– Ha, taqsir, tushundim, – debdi u lat yegan yelkasini uqalagancha. – Juda koʻp doʻst kerak ekan. Koʻpdan quyon qochib qutulmaydi. Har qanday muammoni koʻplashib hal qilish mumkin.

Donishmand afsus bilan bosh chayqabdi:

– Toʻgʻri, doʻstlarning koʻp boʻlgani yaxshi. Lekin miyasiga nar­von olib kelish fikri keladigan bittagina farosatli doʻsting boʻlsa, undan-da yaxshi.

 

Orif Tolib tayyorladi.

 


“Irfon” taqvimi (2014 yil 1-chorak)da chop etilgan.


 

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.