Nazofat

0
99
marta koʻrilgan.

Nazofat deb aʼzolarimizni, kiyimlarimizni, asboblarimizni pok va toza tutmoqni aytilur. Poklik zehn va idrokingni keng va oʻtkur qilur. Xalq orasida eʼtibor va shuhratga sabab boʻlur. Poklik ila har xil kasallardan qutulub,

jonimizning qadrini bilgan boʻlurmiz. Pok boʻlmak salomatimiz, saodatimiz uchun eng kerakli narsadur. Pok boʻlmagan kishi Alloh ham xalq qoshida sevimsizdur. Yirtiq, eski kiyimlar kiymak ayb emas, yangi kiyimlarni kir qilub, yogʻini chiqarub yurmak zoʻr ayb va gunohdur. Chunki bu ish shariatga ters, tarbiyati badanga zid, ajnabiylar koʻziga islomiyatni chirkin qilib koʻrsatmoq boʻladur, ham bir yilga yetadurgan kiyimlar olti oyga yetmay, qirqilub tamom boʻladur. Bu isrof, mol qadrini bilmaslikdur. Ifloslik balosidan poklik davosi ila qutulmoq kerak. Baliqning hayoti suv ila oʻldigʻi kabi, insonning salomatligi havo iladur. Agar tan pok boʻlub yuvilib turmasa, quloq kir boʻlsa, eshitmagani kabi badan ham oʻziga kerak boʻlgan havoni ichiga ololmas, ichidagi rutubat ham kirdan oʻtub chiqub ketolmas, chunki badan elak kabi koʻzlikdur. Agar koʻzi kir olsa, un turub suv ham oʻtmas, shuning uchun tamiz boʻlmagan kishilar qoʻrqinch kasallarga tezgina giriftor boʻlurlar. Shodliqlari gʻamda, oltundan qadrli umrlari kasalxonalarda oʻtar. Mana shularni rioya qilub, shariatimiz bizga poklikni farz qilmishdur. Poklik musulmonligʻning ildizidur. Shuning uchun tani, kiyimi, joynomozi pok boʻlmagan kishining ibodati ham durust boʻlmaydur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: “Islom dini pok dindur. Bas, pok boʻlingiz, pok boʻlmagan kishi jannatka kirmas”, – demishlar.

 

Xalqi olam sevgusidur tozalik, pokni,

Poklik ortturgusidur fahm ila idrokni.

Har kishini koʻksida poklik nishoni boʻlmasa,

Tozalik maydonidan quvgʻaylar ul bebokni.

 

Abdulla AVLONIY

 

“Turkiy Guliston yoxud axloq” kitobidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.