Nasib qilsa kelar Shomu Iroqdan

0
166
marta koʻrilgan.

Hikoya qilishlaricha, Hishom degan mashhur va mohir jarroh bor edi. Bir kuni shoshilinch safarga chiqdi. U safari davomida tashkillashtirilgan butundunyo tibbiyot olimlari majlisida jarrohlikda yangi uslub qilganini yoritib berishi kerak edi. Samolyotga chiqqach, koʻp oʻtmay, samolyot nosozligi sababli qoʻnishga majbur boʻlibdi. Biroq, borishi kerak boʻlgan manzilga hali ancha masofa bor edi.

U aeroport xodimidan soʻrabdi. “Men katta tibbiyot olimiman, muhim boʻlgan majlisga ketayotgan edim, sizlar manzilimga yetishim uchun keyingi samolyotni 16 soat kutishimni aytyapsizlar. Men buncha vaqt kuta olmayman, mening har bir daqiqam har bir bemor inson uchun oʻta qadrli”, dedi.

Aeroport xodimi: “Unda sizga mashina berishimiz mumkin, siz manzilingizga mashinada 3-4 soatda yetib olasiz”, deb javob qaytardi.

Majbur boʻlgan doktor Hishom mashinada safarini davom ettiribdi. Chamasi ikki soat yoʻl yurgach, kun kech boʻlib qolgani va qattiq yomgʻir yogʻib, yurishga qiynalgani hamda ancha toliqqani uchun yoʻlda koʻringan kichik bir uy oldida toʻxtadi. Uy eshigini taqillatsa, uydan keksa bir ayolning ovozi eshitildi: “Keling, eshigimiz ochiq, kiravering”.

Shunda Hishom u keksa ayoldan bir oz dam olishi uchun ruxsat soʻrab, unga pul uzatdi.

Keksa ayol “Bu nima? Uzr, men koʻrolmayman”, dedi. Chunki u ayolning koʻzi ojiz edi. “Oʻtiring, anavi stol ustida issiqgina choy bor, uning yonida yeguliklar ham bor. Musofir ekansiz, choy ichib, ul-bul yeb oling”, dedi.

Hishom rahmat aytdi,  taomlanar ekan, keksa ayol yonida bir bolakay yotganiga koʻzi tushdi. Kampir namoz oʻqib boʻlgach, yigʻlab, Allohdan bemor boʻlib yotgan bolaga shifolar soʻrab duo qildi. Bundan taʼsirlangan Hishom: “Onaxon, Allohim duolaringizni ijobat qilsin”, deya tilak bildirdi.

Shunda kampir: “Bolam, siz musofir ekansiz, men Allohga nima deb duo qilgan boʻlsam, barchasini ijobat qildi. Faqatgina bitta duoyimni qabul qilishi qoldi”, dedi.

Hishom: “U qanday duo ekan?” deb soʻradi.

Kampir “Siz koʻrgan bu bola mening nabiram. Uning ota-onasi vafot etgan. Uning dardiga bizning tabiblar davo topaolmayapti, lekin, eshitishimcha katta bir doktor bor ekan. Uning ismi Hishom ekan. U bizdan uzoqroqda yashaydi, nabiramni uning oldiga olib borishga imkonim yoʻq. Toʻshakka mixlanib qolishidan juda xavotirdaman. Shuning uchun Allohdan bu ishimni oson qilishini soʻrab duo qilyapman-u, hali ijobat boʻlgani yoʻq”, dedi.

Shunda doktor Hishom koʻziga yosh olib: “Ey moʻtabar ona, sizning duoyingiz samolyotni qoʻnishga majbur qildi, yomgʻir yogʻib sizning uyingizga kirishimga sabab boʻldi. Alloh taoloning irodasi shu ekan. Men siz aytgan tabib Hishomman. Alloh taolo: “Duo qilinglar, ijobat qilaman”, deydi. Sizning duoyingizni ijobat qildi. Bu Alloh taoloning qazoi qadaridir”, dedi.

 

Manbalar asosida Toshkent Islom instituti oʻqituvchisi

Yahyo Abdurahmonov

tayyorladi.

 

muslim.uz asosida tayyorlandi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.