Nabira

0
143
marta koʻrilgan.

Hammasi bogʻdan oʻt oshirib tushayotgan Aliqulga koʻzi tushib qolganidan boshlandi. Govmishini esladi. Shoshgancha uyiga qaytdi. Tok ayrisida turgan oʻroqni olarkan, “Mamat chol indamasmikan?” deb oʻylanib qoldi. Soʻng beixtiyor ogʻilxona tomon yurdi. Oxurda oʻtgan kuzda togʻasi Bobotogʻdan yuborgan somon turganini koʻrdi.

Qish boʻyi shu somon, tomorqadan chiqqan ozroq makkapoyasi bilan oziqlanadi sigir jonivor. Bahor boshlanib, mollarning ogʻzi koʻkka tegdi-yu, quruq xashakka qaramay qoʻydi.

U simtoʻr toʻsiqdan osongina oshdi. Boʻyi baravar oʻsib yotgan oʻtlarni oʻrishga tushdi.

– He, nima qilyapsan?

Azim oʻrishdan toʻxtadi. Ovoz kelgan tomonga qaramadi. Bu ovoz bogʻ qorovuli Mamat cholniki ekanini bilgan edi. Oʻzini bosib, bilagi bilan manglay terlarini artdi. Sukut saqladi. Cholga munosib javob qilish uchun soʻz izladi. Nihoyat, bepisand ohangda:

– Koʻrmayapsizmi oʻt olayotganimni?! – dedi.

– Ishing qiziq-ku, bola? Bogʻni beega dedingmi?

– Ha. Beega dedim, xoʻsh?

– Beega dedim? Ishing qiziq-ku, bola? Yoʻq, bunday gap ketmaydi. Hukumatimizning yerida egasiz narsa yoʻq.

– Qoʻying bunday gapni! – cholning gapini boʻldi Azim. – Nima, bogʻ bir siznikimi, xoʻsh?

– Men bogʻning egasiman. Men nima desam aytganim boʻladi.

– Otangizdan qolgan bogʻ yoʻq!

– Otamdan qolgan bogʻ bor!

– Bu bogʻda mening ham haqqim bor.

– Haqqing bor? – istehzoli kuldi chol. – He, bola, bilasanmi sen qanday zamonda yashayotganingni? Merosxoʻrlik oʻtgan zamonda edi. Haqqi borlar huv, mozorda doʻmpayib yotibdi!

– Sen oʻlmaysanmi, sendanam qolmaydimi bu bogʻ, xoʻsh?

– Sen hali senlayapsanmi? – zugʻum qilib kelayotgan Mamat chol bolaning barmoqlari oʻroq dastasini qattiq siqayotganini, rangi oqarib, lablari pir-pir uchayotganini koʻrib, yoqalashishga botinmadi. Qoʻlida esa hech narsasi yoʻq, har kuni olib yuradigan tayogʻini ham unutib qoldirgan edi. Chol ketar ekan, yana doʻq urdi.

– Agar zamon koʻtarganda, ogʻzi-burningdan qoningni keltirardim. Burningni bir ishqayin ajriqqa ishqaganday, enangdan tugʻilganingga bir pushaymon boʻl! Brigadirga boraman!.. Bogʻning egasi kimligini bildiraman! Xoʻsh-xoʻsh, deb jekiradigan tillaringni…

U Mamat cholning jazavasi tutishini bilib boqqa qadam bosmas edi. Bugun negadir bir kirdi – oʻziyam bilmaydi. Boʻlmasa bir bogʻlam oʻt nima degan gap. Cholning oʻgʻli Aliqul-ku kunni oʻt tashish bilan kech qiladi. Yoʻq, chol oʻt olgani uchun emas, boshqa keki borligi uchun zahrini sochdi. Azimning ham cholda keki bor.

…Qorongʻi kecha. Eshik sekin-sekin taqilladi. Ichki zulfinining shiqirlashi eshitildi. Onasi uygʻondi. Lampa chiroqning piligi koʻtarilib, xona yorishganda, Azim eshik tirqishidan suqilgan choʻp tarang tortilgan zanjirli zulfin ilgagini koʻtarolmay, mayishib ketganini koʻrdi. Choʻp dam pastga tushar, dam yuqoriga koʻtarilar edi.

Onasining hadiksiragan ovozi eshitildi:

– Kimsan?

– Baqirma, Fotma, men. Bir qara eshikdan, bir ogʻizgina gapim bor.

Bu Mamat moʻylov edi. U vaqtlar kekirib, qornini silab, uncha-muncha odamga gap bermay yurardi. Oʻshanda onasi yigʻlagan edi.

– Mayli, meni oyoqosti qilmoqchi boʻlsang, sengayam boqqan balosi bordir. Oʻlganlarning arvohiga topshirdim. Yaratganning borligi rost boʻlsa, eshigimni qoqqan qoʻllaring sinsin!..

Keyin. Ertasi Azim panadan poylab turib, uni rosa toshboʻron qilgan edi.

…U oʻy-xayollar bilan Mamat cholning yana qanday mojaro boshlab kelishini kutib oʻtirganida, Aliqul koʻrinib qoldi. Bir koʻngli u bilan janjallashib, alamlari humoridan chiqay dedi. Lekin Aliqulning qarashlarida qandaydir bir xayrxohlik alomatlarini koʻrdi.

– Oʻr, oshna, oʻraver, – dedi Aliqul qayishgan ohangda. – Brigadir otamga indamang, kirsa kiribdi, bir piyola oq deb sigir saqlashadi, dedi.

— Yana nima dedi, xoʻsh? – u Aliqulni soʻz bilan achitishga bahona izlay boshladi. Aliqul yelka uchirib, koʻzlarini pirpiratdi.

– Hech narsa degani yoʻq. Oʻzi otamga oshirib gapiribsan. Bilsang, otam yaxshi odam.

– Otang yaxshi odam ekan, deb oyogʻingni ostiga oʻzimni tappa tashlayinmi? Xoʻsh, yana nimalar demoqchisan? Xoʻsh, seningcha borib yiqilayin ham. Nima uchun? Bilasanmi, bu taqir yerni bobom qanday azoblar bilan bogʻ qilgan, xoʻsh?

– Bilaman, oshna, – Aliqul Azimning yoniga oʻtirdi. – Uyda gurung boʻlsa otam koʻp gapiradi. Koʻp ulugʻ odam edi. Muhammadjon bogʻbon ulugʻlarning nazari tushgan odam edi, deydi.

– Bu bogʻning oʻziyam oʻsha paytlarda boshqacha edi, oshna, – deya entikdi Azim. – Anorni bir esla. Har biri choynakday boʻlardi. Bobom oʻldi, oʻsha yili anor koʻmilmay qoldi. Shunday shovullagan anorlar sovuq urib, bir yilda oʻtin boʻldi-qoldi.

– Otang ham gʻayratli, shashtli odam boʻlgan. Avariyada nobud boʻlgan kuni hozirgiday esimda. Ukalaring bilan zor-zor yigʻlab, hammaning koʻnglini buzganlaring, odamlar devor bir nuray boshlamasin ekan, deb koʻzlariga yosh olganlari hozirgiday esimda…

Azim bu dilkash gurungdan yengil tortib uyiga qaytdi.

Kechasi tush koʻrdi. Bogʻning oʻrtasida yurgan emish. Qayoqdandir afsonalardagi gʻaroyib ot paydo boʻldi. Ot tebranadi, yollari toʻlgʻonadi. Azim oʻzicha dermish: “Alpomishning Boychibori emasmikan-a?” Yarqiroq egar ustida oʻtirgan oq chakmonli nuroniy chol bobosi emish…

Qoʻlidagi hassasi bilan behizor tomon ishora qilib: “Chop, Mamat bobongni chaqirib kel, boqqa suv ochilib ketibdi, bandni borib bogʻlasin”, dedi. Azim Mamat cholning oʻdagʻaylagani esiga tushib, yerga qarab turaverdi. Bobosiga koʻp gaplarni aytmoqchi boʻldi. Har bir anori choynakdan katta anorzorning sovuq urib oʻtinga aylanganiga, tayoq bilan qoqilayotganidan daraxtlarning mevasi bilan birga shoxlari qarsillab sinib tushayotganligiga Mamat cholni sababchi qilib koʻrsatgisi keldi. Qarasa, ot yoʻrtib ­boryapti. Azim ot izidan yiqilib-surilib yugurdi. Ketmang, bobojon, ketmang, suvni oʻzim borib bogʻlayman, dedi. Oq ot va bobosi kattalashib, tumanga aylanib ketdi.

U uygʻondi. Tushini entikib-entikib esladi. Bobosi, Mamat cholni ­chaqirib kel, deganida nega yugurib bormaganiga afsuslandi. Keyin, ­negadir, birdan feʼli aynidi: “Bormaganim yaxshi boʻldi. Bogʻning egasi men…”

 

Zoyir MAMAJONOV

 

uzas.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.