Nabira

0
0
marta ko‘rilgan.

Hammasi bog‘dan o‘t oshirib tushayotgan Aliqulga ko‘zi tushib qolganidan boshlandi. Govmishini esladi. Shoshgancha uyiga qaytdi. Tok ayrisida turgan o‘roqni olarkan, “Mamat chol indamasmikan?” deb o‘ylanib qoldi. So‘ng beixtiyor og‘ilxona tomon yurdi. Oxurda o‘tgan kuzda tog‘asi Bobotog‘dan yuborgan somon turganini ko‘rdi.

Qish bo‘yi shu somon, tomorqadan chiqqan ozroq makkapoyasi bilan oziqlanadi sigir jonivor. Bahor boshlanib, mollarning og‘zi ko‘kka tegdi-yu, quruq xashakka qaramay qo‘ydi.

U simto‘r to‘siqdan osongina oshdi. Bo‘yi baravar o‘sib yotgan o‘tlarni o‘rishga tushdi.

– He, nima qilyapsan?

Azim o‘rishdan to‘xtadi. Ovoz kelgan tomonga qaramadi. Bu ovoz bog‘ qorovuli Mamat cholniki ekanini bilgan edi. O‘zini bosib, bilagi bilan manglay terlarini artdi. Sukut saqladi. Cholga munosib javob qilish uchun so‘z izladi. Nihoyat, bepisand ohangda:

– Ko‘rmayapsizmi o‘t olayotganimni?! – dedi.

– Ishing qiziq-ku, bola? Bog‘ni beega dedingmi?

– Ha. Beega dedim, xo‘sh?

– Beega dedim? Ishing qiziq-ku, bola? Yo‘q, bunday gap ketmaydi. Hukumatimizning yerida egasiz narsa yo‘q.

– Qo‘ying bunday gapni! – cholning gapini bo‘ldi Azim. – Nima, bog‘ bir siznikimi, xo‘sh?

– Men bog‘ning egasiman. Men nima desam aytganim bo‘ladi.

– Otangizdan qolgan bog‘ yo‘q!

– Otamdan qolgan bog‘ bor!

– Bu bog‘da mening ham haqqim bor.

– Haqqing bor? – istehzoli kuldi chol. – He, bola, bilasanmi sen qanday zamonda yashayotganingni? Merosxo‘rlik o‘tgan zamonda edi. Haqqi borlar huv, mozorda do‘mpayib yotibdi!

– Sen o‘lmaysanmi, sendanam qolmaydimi bu bog‘, xo‘sh?

– Sen hali senlayapsanmi? – zug‘um qilib kelayotgan Mamat chol bolaning barmoqlari o‘roq dastasini qattiq siqayotganini, rangi oqarib, lablari pir-pir uchayotganini ko‘rib, yoqalashishga botinmadi. Qo‘lida esa hech narsasi yo‘q, har kuni olib yuradigan tayog‘ini ham unutib qoldirgan edi. Chol ketar ekan, yana do‘q urdi.

– Agar zamon ko‘targanda, og‘zi-burningdan qoningni keltirardim. Burningni bir ishqayin ajriqqa ishqaganday, enangdan tug‘ilganingga bir pushaymon bo‘l! Brigadirga boraman!.. Bog‘ning egasi kimligini bildiraman! Xo‘sh-xo‘sh, deb jekiradigan tillaringni…

U Mamat cholning jazavasi tutishini bilib boqqa qadam bosmas edi. Bugun negadir bir kirdi – o‘ziyam bilmaydi. Bo‘lmasa bir bog‘lam o‘t nima degan gap. Cholning o‘g‘li Aliqul-ku kunni o‘t tashish bilan kech qiladi. Yo‘q, chol o‘t olgani uchun emas, boshqa keki borligi uchun zahrini sochdi. Azimning ham cholda keki bor.

…Qorong‘i kecha. Eshik sekin-sekin taqilladi. Ichki zulfinining shiqirlashi eshitildi. Onasi uyg‘ondi. Lampa chiroqning piligi ko‘tarilib, xona yorishganda, Azim eshik tirqishidan suqilgan cho‘p tarang tortilgan zanjirli zulfin ilgagini ko‘tarolmay, mayishib ketganini ko‘rdi. Cho‘p dam pastga tushar, dam yuqoriga ko‘tarilar edi.

Onasining hadiksiragan ovozi eshitildi:

– Kimsan?

– Baqirma, Fotma, men. Bir qara eshikdan, bir og‘izgina gapim bor.

Bu Mamat mo‘ylov edi. U vaqtlar kekirib, qornini silab, uncha-muncha odamga gap bermay yurardi. O‘shanda onasi yig‘lagan edi.

– Mayli, meni oyoqosti qilmoqchi bo‘lsang, sengayam boqqan balosi bordir. O‘lganlarning arvohiga topshirdim. Yaratganning borligi rost bo‘lsa, eshigimni qoqqan qo‘llaring sinsin!..

Keyin. Ertasi Azim panadan poylab turib, uni rosa toshbo‘ron qilgan edi.

…U o‘y-xayollar bilan Mamat cholning yana qanday mojaro boshlab kelishini kutib o‘tirganida, Aliqul ko‘rinib qoldi. Bir ko‘ngli u bilan janjallashib, alamlari humoridan chiqay dedi. Lekin Aliqulning qarashlarida qandaydir bir xayrxohlik alomatlarini ko‘rdi.

– O‘r, oshna, o‘raver, – dedi Aliqul qayishgan ohangda. – Brigadir otamga indamang, kirsa kiribdi, bir piyola oq deb sigir saqlashadi, dedi.

— Yana nima dedi, xo‘sh? – u Aliqulni so‘z bilan achitishga bahona izlay boshladi. Aliqul yelka uchirib, ko‘zlarini pirpiratdi.

– Hech narsa degani yo‘q. O‘zi otamga oshirib gapiribsan. Bilsang, otam yaxshi odam.

– Otang yaxshi odam ekan, deb oyog‘ingni ostiga o‘zimni tappa tashlayinmi? Xo‘sh, yana nimalar demoqchisan? Xo‘sh, seningcha borib yiqilayin ham. Nima uchun? Bilasanmi, bu taqir yerni bobom qanday azoblar bilan bog‘ qilgan, xo‘sh?

– Bilaman, oshna, – Aliqul Azimning yoniga o‘tirdi. – Uyda gurung bo‘lsa otam ko‘p gapiradi. Ko‘p ulug‘ odam edi. Muhammadjon bog‘bon ulug‘larning nazari tushgan odam edi, deydi.

– Bu bog‘ning o‘ziyam o‘sha paytlarda boshqacha edi, oshna, – deya entikdi Azim. – Anorni bir esla. Har biri choynakday bo‘lardi. Bobom o‘ldi, o‘sha yili anor ko‘milmay qoldi. Shunday shovullagan anorlar sovuq urib, bir yilda o‘tin bo‘ldi-qoldi.

– Otang ham g‘ayratli, shashtli odam bo‘lgan. Avariyada nobud bo‘lgan kuni hozirgiday esimda. Ukalaring bilan zor-zor yig‘lab, hammaning ko‘nglini buzganlaring, odamlar devor bir nuray boshlamasin ekan, deb ko‘zlariga yosh olganlari hozirgiday esimda…

Azim bu dilkash gurungdan yengil tortib uyiga qaytdi.

Kechasi tush ko‘rdi. Bog‘ning o‘rtasida yurgan emish. Qayoqdandir afsonalardagi g‘aroyib ot paydo bo‘ldi. Ot tebranadi, yollari to‘lg‘onadi. Azim o‘zicha dermish: “Alpomishning Boychibori emasmikan-a?” Yarqiroq egar ustida o‘tirgan oq chakmonli nuroniy chol bobosi emish…

Qo‘lidagi hassasi bilan behizor tomon ishora qilib: “Chop, Mamat bobongni chaqirib kel, boqqa suv ochilib ketibdi, bandni borib bog‘lasin”, dedi. Azim Mamat cholning o‘dag‘aylagani esiga tushib, yerga qarab turaverdi. Bobosiga ko‘p gaplarni aytmoqchi bo‘ldi. Har bir anori choynakdan katta anorzorning sovuq urib o‘tinga aylanganiga, tayoq bilan qoqilayotganidan daraxtlarning mevasi bilan birga shoxlari qarsillab sinib tushayotganligiga Mamat cholni sababchi qilib ko‘rsatgisi keldi. Qarasa, ot yo‘rtib ­boryapti. Azim ot izidan yiqilib-surilib yugurdi. Ketmang, bobojon, ketmang, suvni o‘zim borib bog‘layman, dedi. Oq ot va bobosi kattalashib, tumanga aylanib ketdi.

U uyg‘ondi. Tushini entikib-entikib esladi. Bobosi, Mamat cholni ­chaqirib kel, deganida nega yugurib bormaganiga afsuslandi. Keyin, ­negadir, birdan fe’li aynidi: “Bormaganim yaxshi bo‘ldi. Bog‘ning egasi men…”

 

Zoyir MAMAJONOV

 

uzas.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.