Muzaffar tong

0
133
marta koʻrilgan.

Bugun u birinchi marta sovqotdi. Barmogʻining uchi, tirnogʻining ostlari zirqirab ogʻridi. Oyogʻini xuddi ot singari yerga qattiq-qattiq urib, sovuqni biroz boʻlsa-da, yengmoqchi boʻldi. Shamol qulogʻining ostida nimadir gʻuldirab esar, gʻir-gʻir ovozdan miyasi gʻovlab ketdi oʻziyam. “Yo tovba, shamolning ovoziyam shunaqa xunuk boʻladimi” deb dilidan oʻtkazarkan, nega shu paytgacha bilmadim-a, deya ajabsindi. Bogʻdan otning pishqirgani eshitildi. “Ha, vaqt boʻlibdi.” Ot sari borar ekan, badani junjikdi. “Ey xudo, bu safar ham noumid qilma” deb pichirladi. Makka poyalarini tortib-tortib chaynayotgan ot egasiga umidvor: “Yana yuramizmi?”, degan maʼnoday qaradi, buni tushungan egasi “Senam ezilib ketding-a”, deb yolini siladi. Oradan bir tuxum pishgulik vaqt oʻgach ot va uni mingan odam tun qoʻyniga kirib borardi.

 

***

Bu hududlarda Toʻra polvonni bilmaydigan el-ulus yoʻq. Ham polvon, ham chavandoz degich edi uni odamlar. Yana aytadilarki, Toʻra polvon bor ekan – kurash bor ekan. Toʻy bor ekan – Toʻra polvon bor

Ha, odamlar uni juda yaxshi koʻrishadi. Polvonning qiziq odati bor-da. Kunlar qiziy boshlaganda ustachilik qiladi. Bostirma, qoʻyxona, molxona, hatto katta uylarniyam bemalol yopib beradi. Vey, uning paxsa urishini. Tekis, burama joyini topib boʻpsiz.

Beshta oti bor. Har birini boshqacha yaxshi koʻradi. Otlariyam gʻalati, oʻziga oʻxshagan – qaysar. Polvondan soʻramasdan minsangiz, ikki sakrab ustidan otib yuboradi. Shu, kuzning ikkinchi oyida polvon qishloqdan ketadi. Qashqadaryoning choʻliyu Samarqandning togʻi-dashti qolmaydi. Qayerda koʻpkari, kurash boʻlsa – polvon oʻsha yerda. Dekabrning oʻrtalarida besh ot toʻla sovrin bilan qaytadi. To yangi yilga qadar bayram boʻladi polvonning uyida. Kerak boʻlsa, butun qishloq ayollariga sovgʻa ulashardi. Erkaklarga-ku, aytmay qoʻyavering. Yigirmadan ortiq qoʻy-echki, ot, buqa va bir qancha antiqa gilamlar. Bay-bay, u sovgʻalar har kimning koʻzini oʻynatardi-da. Polvonga havas qilar… lekin negadir shogirdi yoʻq edi. Ha, toʻgʻri bir-ikki bola kelgan, lekin nimasidir polvonga maʼqul tushmaganmi, yo koʻzi yetmaganmi, xullas kalom, qishloqda uning izidan koʻksiga urib chiqadigan polvon topilmasdi.

 

***

 

Eshaklar hangray boshladi. Polvon otiga qamchi bosdi. Sovuq shamol zabtiga olar, egar ustiga biroz egilgan kuyi tezlashardi. Eshak yana hangradi. Polvonning yodiga bundan ancha yil burun, bir mahmadonaning gapi tushdi.

– To, polvon bor ekan, hatto narigi qishloqning eshaklari ham hangramaydi.

“Nima balo, mendan omad ketdimi? Mahmadonaning gapini qara: eshak hangramasmish. Mana, hangradi-ku. Kamiga bir necha marta.”

– Chu, jonivor…

Holatini qorongʻu tunga-da, sezdirishni or bilib bedovga qamchi tortdi.

“Eshak befarosat maxluq keladi. Boʻlsa-boʻlmasa hangraydi-da. Buni menga daxli yoʻq.”

Ot tezlashdi. Polvon ot qadamiga mos tebrandi. Ming yillik gʻayrati qaytib kelganday, ruhi tetiklashdi.

Toʻyxonaga kirib borganida, odamlar aylana davra qurib, kurashni allaqachon boshlab yuborishgan edi. Polvon otini bir chekkadagi yolgʻiz terakka bogʻladi. Beixtiyor daraxtga tikildi, xayoliga shu oʻy keldi: “Yolgʻiz. Lekin magʻrur… Menga oʻxshab”. Xayolidan-da choʻchib, birov eshitib qolmadimi, deb atrofga alangladi. Barcha kurash bilan andarmon. Hech kim sezmabdi.

Polvon davraga yaqinlashib xuddi aybdor bola singari bir chekkada qunishib oʻtirdi. Uning kelganini birov sezmadi. Polvonlar bellashardi. Shu chogʻ bir polvon raqibini chilga olganida, oyogʻi ilkis sirpanib ketdi. Shunda bundan ikki hafta burun, narigi qishloqda boʻlgan kurash esiga tushdi.

Oʻshanda ham shunday boʻluvdi. Chilga bosib ediki, oyogʻi toydi. Koʻz oldi qorongʻulashdi va bor kuchin, (ehtimol shu damdan oldin bu qadar tezlashmagandir, balki bundan soʻng ham bunday boʻlmas) toʻplab chala yonbosh tushdi. Odamlar “Oʻvv” deb yuborishdi. Yana qoʻl olishdi, polvon bir jaxd bilan raqibini yerga bosgandi. Bu oʻtdi. Keyin… odamlarning gap-soʻzi polvonni rostakamiga oʻylab koʻrishga undadi. Mana, yosh ham qirqqa qarab boryapti. Hali-hanuz shogirdi – izbosari yoʻq. Polvon shu oʻylar bilan ezilib turganida, bakovulning gapi oʻyini boʻldi:

– Sangardak qishlogʻidan bormi?

Davra avvaliga gʻovurlanib soʻng sekin-asta jimib qoldi. Chivinning-da ovozini eshitsa boʻlardi. Bakovul yana soʻragandi, javob boʻlmadi. Davraning mutloq gʻolibi, Otqamar qishlogʻidan Abdi polvon koʻkragini gʻoz kerib turardi. Polvon uni anchadan beri kuzatib yurardi: tanasida joni bor yigit. Katta polvon boʻlishini ich-ichidan sezar, ex, shunday shogirdim boʻlsa deb umidlanardi. Polvon ikkilanib qoldi: “Chiqaymi yo… Yoʻq, hayiqqanim yoʻq. Chiqsam albatta yiqitaman. Lekin hali yosh. Hali bola.” Bakovul yana takrorladi. Bu safar chiqmasa boʻlmas? Kimdir Toʻra polvon deb shivirladi. Odamlar bilibdi! Shivir-shivir kuchayib shovqinga aylanganida, bakovul Toʻra polvonni maydonga chorladi. Polvon ikki qadam bosgan ediki, bu kim boʻldi, degan ovozdan ser solib davraga qaradi. Oʻn yetti yoshlar atrofida bir boʻz yigit Abdi polvon yoniga borib kurashga roziligini bildirdi va Toʻra porlvon qarishisa kelib unda undan fotiha olmoqchi boʻlib choʻkkaladi…

 

***

Osmonning bir cheti oqarib kelar, milt etgan shuʼlayu qilt etgan shamol yoʻq, atrof ajib bir sukunatda xuddi orom olib uxlayotganday osuda va tinch edi. Polvon otning jilovidan tutib kelar, yuzi-koʻzida oʻtgan umridan rozidek bir kayfiyat muhrlangandi. Ot ustida esa boyagi kurash tushgan – oʻn yetti yoshli polvon yigit oʻtirardi. Sangardakning ikki oʻgʻli tongni shunday gʻoliblik nashidasi ila qarshilamoqda edi…

 

Sanjar Tursunov

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.