Mushuk va kalamush bobi

0
236
marta koʻrilgan.

Roja dedi: – Oʻylamasdan ish qilgan va oqibatda pushaymon boʻlib, afsus-nadomat daryosiga gʻarq boʻlgan odam toʻgʻrisidagi hikoyatni eshitdim. Endi shunday bir voqeani aytib berki, unda har tomondan oʻrab olgan dushmanlar hujumiga duchor boʻlib, oʻlim, jar yoqasida qolgan va oʻzini qutqarish uchun dushmanlarning biri bilan doʻstlashgan, u bilan ahd-paymon tuzib, oʻz jonini qutqarib qolgan kishi tasvir etilgan boʻlsin. Yana dushmani bilan qanday yarashganligi, bunga qanday yoʻllar bilan erishilganligini bayon qilib ber.

Brahman dedi: – Koʻpincha doʻstlik va dushmanlik uzoqqa choʻzilmaydi. Ular boʻlayotgan hodisalarning jarayoniga va zamon gʻildiragining aylanishiga qarab oʻzgaradilar.

Ular xotinlarning vafosi, tentaklarning muloyimligi, bolalarning goʻzalligiga oʻxshaydi. Uzoq vaqt davom etgan sof doʻstlikka ham baʼzan koʻz tegishi, tezda nafrat va adovatga aylanishi mumkin. Shuningdek, qadimdan mavjud boʻlgan dushmanlik ham bir baxtli tasodif tufayli doʻstlikka almashinishi mumkin. Shuning uchun aqlli odam har ikki holda sabrli boʻladi va dushmanning bir vaqt kelib doʻst boʻlishi mumkinligiga umid bogʻlab, u bilan xushmuomala qilishni tark etmaydi, ham doʻstlari bilan yaxshi munosabatda boʻlib, ayni zamonda, bu doʻstlikning abadiy boʻlmasligini esdan chiqarmaydi. Uzoqni koʻradigan kishi dushman bilan sulh tuzib, u bilan doʻstlashmoqni gʻanimat biladi, chunki shunday qilinganda xatar bartaraf boʻlib, foyda qoʻlga kiradi. Kimki aytilib oʻtilganlarga amal qilsa, mushuk bilan kalamush kabi oʻz maqsadlariga erishadi.

Roja soʻradi: – Ular qanday qilib maqsadlariga erishibdilar?

Hikoyat: Brahman dedi: – Falon mamlakatdagi oʻrmonlardan birida bir katta daraxt boʻlib, ostida bir kalamushning ini bor edi. Uning yaqinida bir mushuk yashardi. Bu yerlarga ovchilar tez-tez kelib turishardi. Kunlardan bir kun bir ovchi daraxt yaqiniga dom qoʻyib, uchiga bir parcha goʻsht ilib ketdi. Mushuk kelib, domga ilindi. Shu orada kalamush ham ovqat izlab kelib qoldi va mushukni tuzoqda koʻrib juda quvonib ketdi. Nogoh koʻzi uni tutishga payt poylab turgan latchaga tushdi, daraxtga qarasa, bir boyqush ham hujumga rostlanib turganini koʻrdi. U qoʻrqib ketib, oʻziga-oʻzi dedi: Agar orqaga qaytsam, latcha meni parchalab tashlaydi, turgan joyimda qolsam, boyqush ustimga oʻzini otadi, oldinga yursam, mushukka yoʻliqaman. Balo dengizi tugʻyonga kelib, falokat toʻfoni hujumga tayyor turibdi; shunga qaramay, men noumid boʻlmasligim, oʻz hayotimni qutqarishim kerak. Bu holda menga aqldan yaxshiroq madadkor yoʻqdir. Aqlli kimsa hech vaqt sarosimaga tushmasligi, qalbini dahshat va tashvish chulgʻab olmasligi kerak. Endi men uchun yagona najot yoʻli balo zanjirida talpinib yotgan va mening yordamimga muhtoj boʻlgan mushuk bilan kelishib doʻstlashmoqdir. Balki u oʻz vaziyatini nazarda tutib, mening soʻzlarimga quloq osar va dushmanlikdan voz kechib, xalos boʻlish uchun maslahatlarimni qabul etar. Shunday qilib, har ikkimiz balodan omon qolamiz”.

Kalamush mushukka yaqinlashib hol soʻradi: – Qani, xoʻsh, hol-ahvoling qalay?

Mushuk hazin ovoz bilan javob berdi: – Bunday balo domiga tushib, aziyat chekkanlarning ahvoli qanday boʻlar edi?

Kalamush dedi: – Shu vaqtga qadar hech kim mening yolgʻon gapirganimni eshitmagan. Sen gʻamnok boʻlsang, hamisha men shod boʻlar, muvaffaqiyatsizligingdan quvonar edim. Hozir esa ikkovimizning ham boshimiz xatarda qoldi. Bu balodan qutilish uchun sendan najot kutaman, shuning uchun doʻstlashmoqchiman. Agar diqqat qilib atrofga qarasang, latchaning meni taʼqib etayotganini va boyqushning fursat poylab oʻtirganini koʻrishing mumkin. Har ikkisi ham meni halok qilish fikridadirlar. Ular ikkovimizning ham dushmanimizdir. Agar sen meni oʻz panohingga olsang, ular mendan umid uzadilar.

Agar menga tegmasang, yoningga borib maqsadimga erishaman – bandlaringni kesib, seni ham ozod qilaman. Yana qaytarib aytaman, bu soʻzlarimga ishon. Xayrixoh ekanimga shubha qilma. Hech kimga ishonmaydigan va hikmat egalarining soʻzlariga quloq solmaydigan kishi baxtli hayot kechirolmaydi.

Ikkilanmay mening bu lutf-marhamatimni qabul et, aqlli odamlar katta va masʼuliyatli ishlarda taraddudga tushib, fursatni qoʻldan bermaydilar. Kema kemachining saʼy-harakati bilan sohilga yetib borgani kabi, xalos topishimiz ikkovimizning harakatimizga bogʻliqdir.

Mushuk kalamushning gapini eshitib xursand boʻlib ketdi va dedi: – Sening gaping aqlga muvofiqdir. Bu maslahatingni bajonidil qabul etaman va oʻlgunimcha sendan minnatdor boʻlaman. Debdurlarki, dushman sen bilan sulh tuzishni istasa, uning uzatgan qoʻlini qaytarma.

Kalamush dedi: – Oldingga borganimda sen meni mehribon doʻst kabi kutib ol, dushmanlar inoqlashganimizni koʻrib, joʻnab qolsinlar, shunda men tuzoq iplarini qirqishga kirishaman.

Mushuk uning gapiga koʻndi. Kalamush tuzoq iplarini qirqa boshladi. Mushuk nazarida kalamush imillab ishlayotganga oʻxshab koʻrindi.

Mushukning toqati toq boʻlib dedi: – Men sening ahdingga ishongan edim. Endi maqsadingga erishganingdan keyin bergan soʻzingdan qaytmoqchimisan? Lekin bilib qoʻyki, vaʼdaga vafo, ahdning buzilmasligi ogʻir kunlarda sinaladi… Meni kechir deb yolvorishlarga qaramay, zulmdan qoʻl torta olmagan, afv etish qoʻlidan kelmagan odam yaxshi nom qozonish neʼmatidan mahrum va mard odamlar orasida yuzi qora boʻladi. Ammo xiyonat qilganlar va yolgʻondan qasam ichganlar toʻxtovsiz jazoga mustahiqdirlar.

Kalamush dedi: – Bilib qoʻy, doʻstlar ikki xil boʻladilar: birinchilari – oʻz ixtiyorlari bilan samimiy doʻst boʻlganlar; ikkinchilari – majburiyat va zaruriyat yuzasidan ahdu paymon bogʻlaganlar. Bularning maqsadi foyda koʻrmoq va zarardan qochmoqdir. Lekin samimiyat va sadoqatga asoslangan doʻstlik hamisha, har yerda va har sharoitda ishonchli boʻladi; zaruriyat va majburiyat natijasida paydo boʻlgan doʻstlik esa unday boʻlmaydi. U daryo kabi goh toshib atrofni bosadi, goh qurib suvi ozayib qoladi. Men bergan soʻzimning ustidan chiqaman, lekin oʻz jonimni saqlashni undan afzalroq, deb bilaman. Chunki men garchi dushmanlarning hujumidan sening yordaming tufayli qutilib qolgan va shuning uchun sen bilan kelishishga majbur boʻlgan boʻlsam-da, lekin sen dushmanlardan ham xavflisan. Men tahlikani daf etib, xatarli ishlarning oldini olish uchun sen bilan murosa qilyapman, bu – vaqt va zamon taqozosi bilan qilingan bir tadbirdir. Har ishning oʻz yeri, har soatning oʻz hukmi bordir. Vaqtni oʻtkazib, mavqeini qoʻldan bergan odamni uzoqni koʻradigan odam deb boʻladimi?! Men albatta bandlaringni kesaman, lekin bir asosiy bandni jonimning garovi sifatida saqlab turaman. Uni menga hujum qilishdan muhimroq ish bilan boʻlib, oʻz joning gʻamini yeb qolganingdagina kesaman. Ana shunda sen banddan ozod boʻlasan, men ham sendan qutilaman.

Kalamush aytganini qildi – hamma bandlarni qirqib, bittasini qoldirdi. Tong otib, ufqdan quyosh bosh koʻtara boshladi. Birozdan keyin uzoqdan ovchining kelayotgani koʻrindi.

Kalamush dedi: – Endi oxirgi bandni kesmoq, vaʼda ustidan chiqmoq vaqti keldi.

Mushukning koʻzi ovchiga tushishi bilanoq oʻlim vahmiga tushdi, kalamush uning yodidan koʻtarilib ketdi. Shu vaqtda kalamush oxirgi bandni kesdi. Mushuk sapchib, bir daraxtning ustiga chiqib oldi, kalamush esa bir teshikka kirib gʻoyib boʻldi. Ovchi titilgan-kesilgan toʻrini koʻtarib orqasiga qaytdi.

Ertasi kuni kalamush inidan moʻralab turgan edi, mushukni koʻrib qoldi. Lekin uning yoniga borishga jurʼat qila olmadi.

Mushuk baland ovoz bilan qichqirib dedi: – Ey doʻstim, nega mendan xavfsiraysan? Qoʻlga kiritilgan eng yaxshi noyob narsani – doʻstligimizni saqlab qolish kerak. Yaqinroq kel, men yaxshiligingni qaytaray, muruvvat qilib, mardligim va saxiyligimni koʻrsatay.

Kalamush uning taklifini qabul etmay joyida turaverdi.

Mushuk dedi: – Diydoringni mendan yashirma va doʻstligimizni barbod etma… Men sen tufayli tirik qoldim, bundan buyon hayotimni senga bagʻishlayman, umrimning oxirigacha yaxshiligingni unutmayman va imkon tugʻilishi bilan sening yaxshiligingni qaytarishga harakat qilaman.

Mushuk koʻp yolvordi, koʻp yalindi, lekin soʻzlari kalamushga kor qilmadi.

Kalamush javob berdi: – Zoti dushman boʻlib doʻstlikdan lof urganlarga, dilida gʻanim, tilida doʻst boʻlganlarga ishonib boʻlmaydi. Ikkimizning oʻrtamizda hamjinslik yoʻq. Kimki oʻz jinsidan boʻlmaganga qoʻshilsa, qurbaqadek baloga yoʻliqadi.

Mushuk soʻradi: – Qurbaqaga nima boʻlgan ekan?

Hikoyat: Kalamush dedi: – Bir sichqon oʻrmon chetida yashar edi. Shu atrofdagi buloqda bir qurbaqa umr oʻtkazar edi. U goh-goh buloq chetiga chiqib havo olib oʻtirar va oʻzini bulbul fahmlab, yoqimsiz ovoz bilan sayrar va xushovozli qushlarning ensasini qotirar edi…

Bir kuni sichqon oʻz inida bir ish bilan mashgʻul edi. Qurbaqaning nosoz ovozini eshitib hayron boʻldi, xonandaning yuzini koʻrmoqchi boʻlib tashqariga chiqdi va uning xunuk basharasi-yu, bemaʼni ashulasidan taajjublanib qoʻllarini bir-biriga urib, boshini qimirlata boshladi. Qurbaqa bu holni koʻrib, u menga tahsin qilayotir, deb xursand boʻldi va sichqon bilan oshno boʻlish orzusiga tushdi. Xullas, sichqon bilan qalin ogʻayni boʻlib oldi. Ular bir-birlariga ajoyib hikoyatlar aytib berib, vaqtlarini chogʻ etar edilar.

Bir kuni sichqon qurbaqaga dedi: – Necha vaqtdan beri sen bilan suhbatlashgim kelib, buloq yoniga kelsam, sen suv ostida boʻlasan, qanchalik baland ovoz bilan chaqirsam ham eshitmaysan.

Qurbaqa dedi: – Toʻgʻri aytasan, men ham koʻpdan beri shuni oʻylayman. Baʼzan men qirgʻoqqa chiqib seni topolmayman, sen boshqa teshikdan chiqib ketgan boʻlasan. Men anchagacha muntazir boʻlib oʻtiraman. Endi bu ishning tadbirini ham oʻzing koʻrib, muammoni oʻzing hal etasan.

Sichqon dedi: – Eng yaxshi tadbir shuki, men bir uzun ip topaman, uning bir uchini sening oyogʻingga, ikkinchi uchini oʻzimning oyogʻimga bogʻlayman. Har vaqt suvning labiga kelib, ipni qimirlatsam, darhol chiqasan. Agar sen ham mening yonimga kelmoqchi boʻlsang, ipni tortib meni xabardor qilasan.

Ikkovlari ham bu tadbirni maʼqul topib, koʻp vaqtgacha shu usul bilan bir-birlaridan xabardor boʻlib, koʻrishib yurdilar. Bir kuni sichqon suv yoqasiga keldi, qurbaqani chaqirib suhbat qilay deb turgan edi, nogoh bir qargʻa balo-qazodek havodan tushib, sichqonni koʻtarib uchdi. Oyogʻidan ipga bogʻlangan qurbaqa ham u bilan havoga koʻtarildi. Sichqon qargʻa tumshugʻida, qurbaqa esa pastroqda osilgan holda uchib borar edilar. Bu holni koʻrgan odamlar hayron boʻlib der edilar: – Ajab holat, qargʻa oʻz odatiga xilof ravishda qurbaqani olib ketyapti, axir, hech vaqt qurbaqa qargʻaga ov emas edi-ku. Sichqon bilan doʻstligining kasofatidan qurbaqa bu baloga mubtalo boʻlibdi. Kimki nojinsga qoʻshilsa, jazosi mana shunday boʻladi.

Mushuk dedi: – Suhbat qilishga ragʻbating yoʻq ekan, nima uchun avval mendan doʻstlik talab qilding?

Kalamush dedi: – U mahalda shunga muhtoj edim. Aqlli odam ogʻir ahvolga tushsa-yu, dushmanning yordami bilan falokatdan qutilmogʻi mumkin boʻlsa, dushman bilan yaqinlashib, uning koʻmagidan foydalanadi. Shuningdek, doʻstdan ziyon koʻrsa, undan uzoqlashadi. Hayvon bolalari ham sut emadigan vaqtlarida onalari bilan birga yuradilar. Sutdan ayrilgach esa, hech narsa boʻlmagandek, ulardan uzoqlashib ketadilar. Aqlli odam buni dushmanlik demaydi. Aql egalari hamisha oʻz ishlarini zamonaning taqozosi va hayot talabini hisobga olib qiladilar; zamon va makonni nazarga olib tadbir koʻradilar, doʻst-oshno bilan, raqib-dushman bilan qanday muomala qilishni, vaqtida mehribonlik koʻrsatib, vaqtida qattiqqoʻl boʻlishni biladilar. Oʻzing bilasanki, sen bilan bizning asl zotimiz va tabiatimiz bir-biriga tamomila qarama-qarshidir, bir-birimizga dushmanmiz. Zaruriyat yuzasidan paydo boʻlgan doʻstligimizga ishonib boʻlmaydi, zaruriyat oʻrtadan koʻtarilgan zamon doʻstlik adovatga aylanishi muqarrar. Axir, kalamush jinsi uchun mushukdan koʻra dahshatli dushman yoʻqdir. Har ikkimiz oʻlimdan xalos boʻlmoq uchun majburan sulhga kelgan edik. Endi esa zarurat yoʻqoldi, demak, yana qadimiy xusumat paydo boʻldi. Men seni oʻzimga doʻst deb hisoblamayman, endi sening yaqinlashishingdan koʻzlagan maqsading mening lazzatli goʻshtimni yeyishdir. Lekin men qurbon boʻlishni xohlamayman. Kuchsiz kuchlidan, zaif quvvatlidan uzoq boʻlishi kerak. Kel, gapni qisqa qilaylik, ikkimiz ikki yoqqa qarab ketaylik.

Mushuk xafa boʻlib, koʻziga yosh oldi…

Shunday qilib, mushuk kalamush bilan abadiy vidolashdi.

Zaruriyat natijasida dushman bilan doʻstlashib, fursatni qoʻldan bermagan va oʻz maqsadiga yetgandan soʻng ehtiyotli boʻlib, oʻz jonini salomat saqlab qolgan aqlli kalamush haqidagi hikoyat shundan iboratdir.

 

“KALILA VA DIMNA”dan

 

Fors tilidan Suyima GʻANIYEVA tarjimasi

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–3

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.