Mung

0
179
marta koʻrilgan.

I

 

Qizgʻaldoq issigʻi etni kuydirdi. Kun tikkaga keldi.

Bu mahal uch otliq adir adogʻidagi qishloqqa horib kirib kelmoqda edi. Havo dim, xuddi jaziramada oynalari ochilmaydigan avtobusda ketayotganday his qiladi odam oʻzini. Burun kataklari kengayib-torayib nafas olayotgan otlar uzun-qisqa kishnab qoʻyadi. Qishloqning allaqayeridan javob keladi: choʻziq kishnash ovozi eshitiladi.

Qora otliq – qirq besh-ellik yosh atrofidagi qoramagʻiz, peshonasi aralash chakkalarigacha ajin tusha boshlagan odam bir hovli darvozasi oldida jilovni tortadi. Ortdagi ikkisi ham toʻxtaydi. Qizil baytal mingan kishi shoshilmay, polvonlarga oʻxshab viqor bilan uzangidan oyogʻini uzadi. Uchinchi odam – ozgʻin, eti-ustixoni aniq koʻrinib turgan jikkakkina kishi ildam yurib, qora otliqqa bir nimalar deydi. Qora otliq unga quloq solmaydi. Bir nimalar deb toʻngʻillaydi. Tortishadi. Qora otliq norozi kayfiyatda tulporining yuganini tortadi, ot depsinadi. Jikkak kishi esa yelkasini qisib, qaytadi va hovli darvozasini taqillatadi.

Bir zumda darvoza ohista ochilib, shoyi roʻmol oʻragan ayolning qorasi koʻrinadi. Otliqlar u bilan salomlashadi. Ayol ochiq chehra va xushhollik bilan ichkariga manzirat qiladi:

– Keling, mehmon, sizni domla juda intiq kutib yotibdilar…

– Yanga, men sherigim bilan keldim, – deydi polvonkelbat odam.

– Voy, bemalol kiraveringlar, mehmon, qani u kishi? – ayol shunday deb boshini darvozadan chiqarib, yon-atrofga alanglaydi.

– Huv, ana! – deydi mehmon ikki koʻzi ortida, nari ketayotgan qora otliqni koʻrsatib.

Ayolning avzoyi oʻzgarib ketadi. Yuz-koʻzi nafratga toʻladi.

– Yoʻq, u qadamini bosmasin bu yerga! – deydi. – U dunyo-bu dunyo uyimga kirmaydi…

Polvonkelbat odam seskanib ketadi. Tang qoladi. Qovogʻi osiladi.

– Unda xayr! Men ham ketaman… – deydi va ortga qayta boshlaydi. Jikkak odam ikkilanib, u ham ergashadi…

 

II

 

Ayozning qattol qamchisi sitilib, dastasidan hovur koʻtarila boshlagan, osmonu falak tiniqlashib, parqut bulut suzayotgan mahalda Abdul Nosirning ilhomi keldi. Bahor – uning uchun elkezar pallasi. Har yili vohaning qishloqlarini aylanib, polvonu chavandoz, choʻponlar bilan gurungni koʻngli tusab qoladi. Taʼtilda, sogʻliqni bir tiklab kelaylik, deya bahona toʻqiydi-da, qoʻshni tumanlarga qarab ketadi. Odamlar ortmoqlab olgan toʻrvaxaltasini koʻrib, sanatoriy-panatoriyga ketyapti, deb oʻylaydi. Qayda, Abdul Nosir xastamidiki, sanatoriy borsa… Shunchaki, dashtni, kengliklarni, polvonlar gurungini xumor qiladi.

Gurung ham oddiygina boʻlmaydi. Abdul Nosir polvonlar tursa turadi, yotsa yotadi. Toʻyga desa, ergashadi. Qadrdon boʻlib qolgan choʻponlar ham uning gurungini yaxshi koʻradi. Bor-budini oldiga toʻkib, mehmon qiladi. Choʻponlar bilan haftalab adirdan beri kelmaydi. Choʻponovqat yeydi. Kunduzlari ogʻziga tolqonni solib, soʻrib yuraveradi.

Chavandozlar bilan koʻpkariga borib qolsa, hech qursa, qoqmada ot chopadi.

Abdul Nosir uyga qaytgach, hafta, oʻn kun muk tushib, koʻrgan-kechirganlarini qogʻozga toʻkadi. Shu koʻyi navbatdagi goʻzal asarlar dunyoga keladi: biri hikoya, biri qissa boʻladi. El uni yutoqib oʻqiydi. Koʻziga surtib mutolaa qiladi. Abdul Nosirning gurungida boʻlishni orzulab yuradi.

Mana, kuni kecha togʻli tumanlardan biriga endigina yetib borib, koʻp yillik qadrdonining uyiga qoʻnoq tushgandi. Hali polvonlar bilan koʻrishib ulgurmasidan uzoq yillar avval birga ishlagan, oʻzidan yoshi kichikroq bir olim – Jovli Lapasov daraklab keldi.

– Abdul Nosir aka! – dedi u muddaoga koʻchib. – Togʻamiz ijodingiz ishqibozi. Ancha yildan beri betob, ana ketaman, mana ketaman deb yotibdi. Uch-toʻrt marta menga iltimos qilgandi. Kecha tumanimizga kelganingizni qishloqdoshlardan eshitib, yana tayinlab soʻrattiribdi. Shu kishini bir ziyorat qilib oʻtsangiz, koʻngli koʻtarilardi…

Abdul Nosir yoʻq deyolmadi. Hamma rejasini oʻzgartirdi-da, rozilik berib yubordi. Tashqariga chiqishsa, Jovli Lapasov yolgʻiz emas, yonida bir sherigi, jikkakkina odam ham kutib turibdi. Uydan chiqishayotganda Jovli Lapasov oʻzining qora oti yuganini mehmonga tutqazmoqchi boʻlgandi, mezbon hayhaylab qoldi:

– Qoʻying, aka, har kelganda mening qizil baytalimni minadi bu kishi. Oʻzinikiday boʻlib qolgan, – dedi.

Lapasov tortishib oʻtirmadi. Uchovi uch otda yoʻlga tushdi. Masofa olis, otlar bir maromda tuyoq tashlaydi. Xuddi goʻdakni allalayotganday odamni mudroq bosadi.

– Jovliboy, togʻangiz nega betob? Qayeri ogʻriydi? – dedi Abdul Nosir egarning qoshiga qamchining qulogʻi bilan silgib, ermaklar ekan.

Lapasov olis-olislarga tikilgancha, xomush tortdi. Chuqur xoʻrsinib oldi.

– Ikki marta infarktni oʻtkazdi, – dedi soʻng. – Yuragi charchagan, aka, yuragi.

U bu gapni juda chuqur qaygʻu ohangida aytdi.

– Ogʻir ishda ishlaganmi? – soʻradi Abdul Nosir.

– Ishi-ku, unchalik ogʻir emas edi… – dedi Lapasov. – Hayoti ogʻir, aka, hayoti.

– Xoʻsh?

– Ie, aka, ming yillik gap, – istar-istamas hikoyasini boshladi Jovli Lapasov, qamchisini otning jabdugʻiga beparvo sermab qoʻyar ekan. – Togʻamiz adabiyot oʻqituvchisi edi. Koʻp yillar avval edi, u payt men endigina ilmiy ish boshlagan, boʻydoq edim. Nimadir boʻldi-yu, shahar ketaman, universitetda dars beraman, deb qoldi. Xursand boʻldim, endi kosasi oqarib, biz jiyanlarga ham epkini tegib, yelkamiz shamol koʻrar, deb quvondim.

Shaharda ijarada yashay boshladi. Oilasi qishloqda qoldi. Tez-tez qishloqqa qatnab turdi. Oradan yil oʻtib, har ikki hafta, soʻng uch, keyin oyda bir keladigan boʻldi. Yangamiz xavotir bildirsa, ish koʻp, xotin, yumush ortib, bosh qashlagani vaqt qolmayapti, derdi. Ayoli sodda edi, chippa-chin ishonar, davlat ishi tugaydimi, otajonisi, koʻp ishlab, oʻzingizni oldirib qoʻymang, deb avaylardi.

Yangamiz koʻp mehribon edi. Togʻamiz bundan oʻzini oʻngʻaysiz sezardi. Lekin nachora, erkak degani hamma gapni ham ayoliga aytavermaydi-da… Lekin togʻamizning qochgani qishgacha boʻldi.

Hamsoya ayollardan bittasi shaharda togʻamizning xushbichim bir ayol bilan yurganini koʻrib qolib, yangamizga chaqqan. Yangamiz shaharga qarab oʻqday uchgan. Toʻgʻri universitetga borib, qiyomat qoyim koʻtargan, togʻamizni dars oʻtib turgan joyidan yetaklagancha, qishloqqa olib kelgan. Togʻamiz fosh boʻlgach, ham sevimli ishidan, ham obroʻyidan ayrilgan. Qarigan chogʻida muhabbat qoʻyib, yashirincha yashab yurgan shaharlik ayol ham undan yuz oʻgirgan. Lekin togʻamiz… Juda orkash odam-da. Elning gap-soʻzini ogʻir oldi. Koʻcha-koʻyga kam chiqadigan, oshna-ogʻayniga ham qoʻshilmaydigan boʻldi. Kun uzogʻi toʻrt devor orasida timirskilanib, shundogʻam obod hovlini yana obod qilib yurdi. Kechasi bilan mijja qoqmay kitob varaqlaydi… Koʻp koʻrganman: togʻamiz sizning hikoyalaringizni alohida ehtirom bilan oʻqiydi. Bir papka qilib yigʻib qoʻyganini bilaman. Lekin…

Jovli Lapasov boshini quyi eggancha, bir nafas tin oldi. Abdul Nosir va jikkak joʻrasi jim tinglab kelayotganini fahmlagach, davom etdi:

– Baribir dunyoning ishlari qiziq ekan-da, aka, – dedi. – Hech kim indamasa ham, aybini yuziga solmasa ham, odam oʻzini oʻzi yeb bitirar ekan. Odamning ixtiyoridan tashqarida bir narsa bor, u sizning istak-mayllaringizga boʻysunmaydi ham, buyrugʻingizni bajarmaydi ham. Bu – Vijdon ekan, aka. Ana shu narsa togʻamizni ado qildi. Bora-bora yuragiga jabr qildi…

– Unda savobini tezroq olaylik, Jovliboy! – dedi Abdul Nosir mehribonlik bilan.

Jovli Lapasov bosh irgʻab maʼqulladi va otning biqiniga niqtadi.

 

III

 

…Bizga tanish hovli. Uch otliq. Abdul Nosir qizil baytaldan tushgach, Jovli Lapasov entikdi. Soʻng ohista shunday dedi:

– Abdul aka, mana shu uy togʻamizniki. Safar oshnam bilan gurung qilib chiqaverasizlar, men sizlarni uyimda kutib turaman. Safar, – dedi u soʻng jikkak odamga yuzlanib, – mehmonni oʻzing boshlaysan…

Domla bu holga lol qoldi:

– Ie, Jovliboy uka, bu yogʻi necha puldan tushdi? Oʻzingiz boshlab kirmaysizmi? Mezbon oʻzingiz-ku? – dedi taajjublanib.

– Yoʻq, aka, xafa boʻlmang, men kirolmayman… – dedi Lapasov uzrxohlik bilan.

– Nega?

Lapasov sukut saqladi. Bu paytda uning ichini it tirnayotgan edi. Jikkak odam – Safar otdan tushib, oldiga bordi, unday qilma, oshna, shart kirib borsang, mehmon atoyi Xudo, seni hech kim koʻkragingdan itarmas, dedi. Lapasov koʻnmadi. Safar qaytib kelib, Abdul Nosirning oʻngiridan ushlab, sekin chekkaga tortdi.

– Aka, uni koʻp qichamang. Baribir kirmaydi. Yigirma besh yildan beri togʻasining ostonasini hatlab oʻtmagan.

– Nima uchun axir, uka?

– Yanga qoʻymaydi…

– Nimaga qoʻymaydi?

– Ie, soʻramang, aka! Ayol zotining qahri kelsa, shuytib-shuytib dunyoni chappa qilvorarkan-da. Asal zaharga, kun zulmatga aylanar ekan. Jovli togʻaning eng yaxshi koʻrgan, oqibatli jiyani edi. U oʻsha qiyomatdan keyin togʻaning shaharda qolgan ikkinchi oilasi bilan yolgʻiz oʻgʻilchasidan xabar olib turar edi. Yanga buni ham bilib qolib, xonadonidan uning oyogʻini butunlay uzgan.

– Shuncha yildan beri qarindosh-urugʻning koʻzi qayerda? Bularni yarashtirib qoʻysa boʻlmaydimi?

– Qaniydi, aka. Qarindosh-urugʻ, xeshlar qancha urindi. Yangaga yalinishgan. Hech fikridan qaytmagan. Eh-he, qishloq kayvonilari, butun elimiz gapiga soʻzsiz quloq osadigan eshonlar, hatto pirlarimiz ham oʻrtaga tushgan. Foyda bermagan. Yanga qasamiga juda qattiq turgan.

Abdul Nosir bu gapni eshitgach, qalbi qattiq larzaga keladi. Vaziyat u oʻylaganidan ham murakkab edi.

– Xudo urgan xotin ekan-ku, unda, – dedi oʻziga-oʻzi pichirlab. – Bu yerda izzatimiz yoʻqqa oʻxshaydi…

Ikkilanib turdi-turdi. Bu mahal Safar darvozani taqillatdi. Darvoza shoshilinch ochilib, tanish ayol koʻrindi…

 

IV

 

– Unda xayr! Men ham ketaman… – dedi Abdul Nosir va shahd bilan ortga qayta boshladi…

Shunda… shunda yanga sarosimaga tushib, ikki oʻt orasida qoldi: kirsin desa, yigirma besh yillik adovat hali tarqamagan, kirmasin desa, eri oʻlim toʻshagida. Axir, u necha vaqtdan beri polvonlar haqida yozib yurgan adib Abdul Nosir bilan koʻrishish istagida ilhaq boʻlib yotibdi. Hozir shuncha joydan qadami yetgan, kimsan el tanigan adibni, tagʻin mehmonni ostonadan qaytarsa, aybi chorak asrlik isnod – odamlarning gʻiybati-yu ulugʻlarning qahriga qoʻshilib, yelkasidan zil-zambil boʻlib bosishini oʻyladi. Bu yukni bir muddat his qilib koʻrdi. Shu jiyanni deb elga yana gap boʻlish, yomonotliq boʻlish naqadar ogʻir. Eng yomoni eri boyagina: “Mehmon yolgʻiz kelmaydi… Yaxshi kutib olinglar”, degandi. Gap yakunida ihranib, past ovozda: “Soʻnggi iltimosim”, deganday ham boʻluvdi-yu, negadir eʼtibor bermagan ekan: xasta odamning odatdagi injiqligi deb tushungan ekan… Ha, erining koʻngli sezgan, seza turib shunday degan. Ehtimol, u erining eng soʻnggi istagini bajarayotgandir? Yigirma besh yildan beri soʻzida qatʼiy turib, ichdan gʻoliblik tuygan boʻlsa-da, erining bundan qanchalik ezilib, azob tortib yashayotganini oʻz koʻzi bilan koʻrib kelyapti-ku?! Ertaga elda mehmonga shart qoʻyibdi, degan gap tarqalsa, nima degan odam boʻladi? Shunchasi yetmaydimi?

Ayolning sarosimasi ortdi. Koʻzini chirt yumdi, bir tomchi yosh qalqib chiqdi. Soʻng:

– Qayting, mehmon!.. – dedi. – Mayli, uyam kira qolsin…

Bu gap xuddi adirlar bagʻridan, huv olisdagi togʻlar toʻshidan otilib chiqqanday boʻldi!

Bu paytda koʻcha boshiga – muyulishga yetay deb qolgan qora ot taqa-taq toʻxtadi. Jovli suvliqni qoʻyib yuborib, ilhaq ortga qaytdi.

 

V

 

Ikki tabaqali derazaning bir koʻzi qiya ochilgan, darpardasi ikki yonga ilinib, bahoriy havo kirib turgan xonaning toʻrida pastak yogʻoch karavotda togʻa yotibdi. Endigina oltmishdan oshganu yetmishga yetmagan togʻaning holiga havasi qilib boʻlmaydi: koʻzining suvi qochgan, nursiz. Majolsiz tanasini arang qimirlatadi.

Xonaga birinchi boʻlib Abdul Nosir kirdi. Togʻa oʻmganini sal koʻtarib, chiroyi ochilib qoʻl uzatib koʻrishdi.

Soʻng… jiyani kirdi-yu, togʻaning diydasi yumshab ketdi, labi titrab, kemshayib ketdi. Jiyan kela solib, togʻani bagʻriga bosdi. Togʻa-jiyan karavotda oʻtirgan koʻyi quchoqlashib, yigʻlashib, bir-birini uzoq vaqt bagʻridan boʻshatmay omonlashdi…

Koʻzidan ikki tomchi yosh sizib chiqqan Abdul Nosir ne-ne davralarni koʻrmagan, ne-ne voqealarga guvoh boʻlmagan edi. Lekin bunday quvonchni, diydorni ilk bor koʻrib, ichida bir nima chirt uzilganday boʻldi.

Safar ham koʻzini dastroʻmoli bilan artdi. Narigi xonada ayol kishining hiqillab yigʻlayotgani eshitildi.

…Namozshom mahali yanga jikkak odamni chaqirdi:

– Safarboy, uka, bir sovliq bor, shuni soʻyib bering, qozonga bosaylik. Akangiz aytgandi, esimdan chiqay debdi shu…

Safar togʻaning ishorasi bilan tokchada – qinini chang bosgan qassob pichoqni olgancha chiqib ketdi.

U ketgach, togʻa ichikib gapirdi:

– Abduljon uka, kelib yaxshi qipsiz. Anchadan beri bir koʻrishishni orzu qilardim. Qarang, dardim yengillashganday boʻldi, uka. Shuncha kayvoni, hatto pirlarimiz qilolmagan ishni sizday polvon yozuvchi uddasidan chiqishingizni bilgandim… Yangangiz bir umr meni kechirmasa kerak deb oʻylagandim. Bu xotin temirdan oʻtgan ekan. Temirniyam eritsa boʻladi… Otangizga rahmat, uka, kelganingizga boshim koʻkka yetdi. Jiyanim… Qadamini yetkazganiga shukr. Umrim uzayganday boʻldi.

…Dasturxon quyuq tuzalib, tovoqlarda qovurdoq olib kirildi. Suhbat yarim tungacha davom etdi.

Abdul Nosir ketar chogʻida togʻa bir eskiroq kitobni uzatdi:

– Shunga bir dastxat yozib bering, uka. Esdalikka…

Abdul Nosir kitobni qoʻlga olib qaradi: oʻziniki. Polvonlar haqida iztirob bilan bitgan qissasi. Kitobning u yer-bu yeriga qalam bilan chizilgan, ehtimol, eng muhim deb bilgan joylari belgilangan edi. Abdul Nosir dastxat qoʻyib boʻlib, tagiga chizilgan bir gapni oʻqidi. Unda: “El manaman degan mansabdor yoki kayvonini tan olmasligi, mensimasligi, yoʻrigʻiga yurmasligi mumkin. Lekin polvonining gapini oladi. Hech qachon polvonning gapini yerda qoldirmaydi”, degan bitik bitilgan edi.

Jilmaydi: “Eh, domla, domla… Ichingiz toʻla dard ekan-ku!..”

Abdul Nosir togʻa bilan xayrlashayotib, koʻziga qaradi: bu nigohda tushuntirib boʻlmas maʼno, iltijomi, yoʻq, iltijo ham emas, mung bor edi. Bu nigoh xuddi yorugʻ dunyoga endigina kelib, hali tiriklik nimaligini his qilmasdan boʻgʻziga boʻrining soʻylogʻi botgan ohu bolasining koʻzidagi mungga oʻxshardi. Abdul Nosir buni keyinchalik, oʻsha togʻa haqida dardga toʻla qissasini endigina boshlagan chogʻda Jovli Lapasov qoʻngʻiroq qilib aytgan shumxabardan soʻng bildi: bir oylik umri qolgan odamning koʻzida oʻzi ana shunday maʼno boʻlar ekan, shekilli…

 

Jasur KENGBOYEV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–8

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.