Mulk daxlsizligining noyob ramzi

0
19
marta ko‘rilgan.

Qirol buzdira olmagan shamol tegirmoni ikki asrdan ko‘proq vaqt zarar ko‘rmagan. Zero, fuqarolar uchun qiroldan ham qudratliroq narsalar bor edi.

Buyuk Fridrix (1712–1786) – Qari Frits laqabi bilan mashhur Prussiya qiroli ma’rifatli, musiqa va san’at shaydosi hamda juda nozik didli hukmdor bo‘lgan.

Uning qo‘mondonlik iste’dodi va saltanatda dehqonlarning yer egalariga qaramligini kamaytirish borasidagi, sud-huquq sohasidagi, shuningdek, soliq tizimida joriy etgan islohotlari o‘z vaqtida Prussiyaning Yevropadagi rivojlangan, kuchli davlatga aylanishiga sabab bo‘lgan.

Fridrix o‘z qirol ajdodlari qurib ketgan Sharlotenburg kabi shahar va shahar tashqarisidagi qasrlarda yashashni yoqtirmas, otasi Vilgelm kabi hasham va dabdabaga toqati yo‘q edi. U Prussiya tabiatiga xos, so‘lim go‘shalarda bejirim binolar qurdirar, ayniqsa, o‘zi bunyod ettirgan San-Susi dala saroyida yashashni xush ko‘rar edi.

San-Susi saroyi qurilishi bilan bog‘liq bir voqea tarix zarvaraqlaridagi ibrat namunasi o‘laroq, hozirgacha eslanadi…

Saroy qurilishi avjga chiqqanda Fridrix xabar olgani keladi. Qurilishi hali tugallanmagan saroydan turib chor-atrofdagi tabiat go‘zalligini kuzatadi. Shunda uning ko‘zi G‘arb tomonda bu go‘zalliklarni to‘sib turgan bir shamol tegirmoniga tushadi.

Qirol: “Bu nimasi?! Nega u buzilmadi?” deb so‘raydi. Saroy mulozimi avval tegirmonni “sotib olib, so‘ng buzib tashlash” to‘g‘risidagi buyruqning bajarilmasligiga sabab, o‘jar tegirmonchining tegirmonni sotishdan bosh tortayotganini va har qanday narxni qabul qilmayotganini aytadi.

Fridrix tegirmonchini huzuriga chaqirtiradi. Hech vaqt o‘tmay, tegirmonchi ikki soqchi kuzatuvida qirol huzurida hozir bo‘ladi. U qirolga ehtirom bilan ta’zim bajo keltiradi, biroq ikki qo‘lini un elayverib rangini bilib bo‘lmas holga kelgan syurtukining yon cho‘ntaklariga tiqib, savolli nigoh bilan qirolga qaraydi.

Fridrix fuqaroning bu dag‘alligini ahmoqlikka yo‘yadi, ish bitishini o‘ylab tishini tishiga qo‘yadi. So‘ng: “Tegirmoning narxi qancha?”, deb so‘raydi.

Tegirmonchi xotirjam turib: “Bu tegirmon mening xucusiy mulkim. U bobomdan otamga meros qolgan. Otamdan esa – menga. Mendan farzandimga meros bo‘lib qoladi. Janobi oliylari, xullas, tegirmon sotilmaydi”, deb javob beradi.

Bunday javobdan g‘azablangan Fridrix: “Xohlasam, shu tegirmonni sendan tortib olaman!”, deydi.

Shunda tegirmonchi: “Yo‘q, unday bo‘lmaydi, janobi oliylari. Chunki bu davlatda qonunlar va sud bor”, deya javob qaytaradi. Oraga jimlik tushadi. Fridrixning yuzidagi g‘azab alomatlari tabassumga aylanadi.

“Tegirmonga tegmang, tegirmonchi esa bo‘sh, ketaversin” deya o‘rnidan turadi-da, mulozimga qarab: “Agar fuqarolarim davlatim qonunlariga va sudiga shu qadar ishonar ekan, mening mehnatlarim zoye ketmabdi”, deydi.

Shu payt tegirmonchi qirolga murojaat etishga izn so‘raydi. Ruxsatdan so‘ng u: “Janobi oliylari, sizdan iltimos, men sizning qarshingizda qo‘llarimni cho‘ntaklarimga solib turishimni hurmatsizlik, deb bilmang. Men mulkdorman, siz esa, mulkimga xaridor bo‘ldingiz. Qonunga asosan, savdoda taraflarning huquqlari teng. Ammo siz men bilan o‘tirgan holda so‘zlashdingiz, men esa, sizning qarshingizda tik turdim. Agar qo‘llarimni cho‘ntaklarimga solib tursam, tenglik tamoyili buzilmas deb, o‘yladim”, debdi.

Qirol “Ofarin!” deya qarsak chaladi.

Darhaqiqat, har qanday mulkdor fuqaro mulksiz fuqarodan ko‘ra barcha jabhalarda faoldir. Fuqarolarning o‘z mulkini erkin tasarruf etish va uni himoya qilish istagi asrlar davomida jamiyatni rivojlantiruvchi kuch bo‘lib kelgan. Ushbu istak, kurash ularning huquqiy madaniyatini, huquqiy ongini shakllantiradi. Bu esa, qonunlarga va sud tizimiga ishonchni taqozo etadi.

Qirol xaridor bo‘lib erisha olmagan San-Susi saroyi yonidagi shamol tegirmoni ikki asrdan ko‘proq vaqt zarar ko‘rmagan. Nemis xalqining xususiy mulk daxlsizligi, qonun va sudga bo‘lgan ishonchining ramzi sifatida saqlanib kelingan. Hatto, orada ikki marta ta’mirlangan ham.

Hozirgi vaqtda tegirmonda muzey tashkil etilgan. Bu muzeyni xususiy mulk daxlsizligiga qo‘yilgan ramziy haykal, desa bo‘ladi.

 

Alisher HAMROYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

 

od-press.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.