Muammo

0
142
marta koʻrilgan.

Xudo “Ol, qulim!” deb turgan ekanmi, Ikrom kompyuter dasturchilari tanlovida yutib chiqdi-yu, Yevropa mamlakatlardan biriga sayohat yoʻllanmasiga ega boʻldi! Borish-kelish, yashash, ovqatlanish, qoʻyingki, hamma xarajatlar tashkilotchilar zimmasida ekan!

Quvonchdan Ikromning boshi osmonga yetdi.

* * *

… Hammayoq yam-yashil. Yoʻllar oynaday tekis. Chang, gʻubor koʻrinmaydi. Hatto dastlabki kunlari Ikrom daraxtlar, butalar barglarining bu qadar tozaligidan hayratga tushib, ularni kechasi yuvib qoʻyisharmikan, degan oʻyga ham bordi; oʻz taxminining toʻgʻri-notoʻgʻriligini aniqlash uchun bir-ikkita bargni yalab ham koʻrdi. Ammo tarjimon buni osongina izohlab berdi:

 – Havo namchilroq. Chang yoʻq. Shu sababli barglar top-toza turaveradi…

Darhaqiqat, tarjimonning gapini isbotlaganday, Ikrom bir hafta mobaynida kiyib yurgan koʻylagining yoqasida zarracha boʻlsa ham kir koʻrinmadi. Vaholanki, qishlogʻida ekanida har kuni koʻylagani almashtirmasa boʻlmasdi…

Bu mamlakat odamlari nima uchun xonalarga, hattoki baʼzan yotoqxonalariga bemalol tuflilarda kirib ketaverishi sababini ham Ikrom ana shunda tushundi: axir, tuflilar yaltirab turibdi, chang yoʻq. Buning ustiga, odamlar uyning ichidan garajlariga oʻtishadi, mashinaga oʻtirib ofislarining oldiga qadar kelishadi, yana tep-tekis, baʼzan gilamcha toʻshalgan yoʻlakdan yurib ish kabinetlariga kirishadi. Bunaqa sharoitda chang qayoqdan paydo boʻlsin!

Lekin bu mamlakatda hamma narsa ham Ikromga yoqavermadi. Deylik, ertalab uyqudan uygʻongan odamlar yuzlarini yuvmasdan burun, toʻshakda yotib qahva ichishadimi-yey, yo boʻlmasa shu hollarida gaplashib ketaveradilarmi-yey…

Ikrom qishlogʻini esladi: sahar uygʻonganidan soʻng, yuzini yuvmasdan turib nainki ota-onasi, balki aka-ukalariga ham koʻrinmasdi, ular bilan gaplashish-ku, inchunin…

Ingliz tilini oʻrgana boshlagan Ikrom bir kuni internetdan mamlakat parlamenti saytiga kirdi va soʻzlarni hijjalab tarjima qila-qila, axiyri deputatlarning bir guruhi… koʻchada itlarni qanday qilib olib yurish toʻgʻrisida qonun tayyorlayotganini tushunganday boʻldi.

Ikrom angrayib qoldi. “Notoʻgʻri tarjima qildim shekilli”, degan xavotirda ertasi kuni tarjimondan soʻradi.

 – Toʻppa-toʻgʻri, – bamaylixotir javob qildi tarjimon.

 – Axir… – battar hayratlanib soʻradi Ikrom, – axir deputatlarning bundan boshqa ishi yoʻqmi?

Tarjimon baayni ikki karra ikki toʻrt ekanligi haqidagi oddiy haqiqatni uqtirayotganday yana pinak buzmadi:

 – Axir boshqa barcha kerakli qonunlar allaqachon ishlab chiqilgan boʻlsa, deputatlar nima qilishsin?

Javobdagi mantiq Ikromning popugini pasaytirib qoʻydi…

Bu mamlakatda yana bir narsa Ikromga maʼqul boʻldi. Buyam boʻlsa – bir-birlariga mutlaqo begona odamlarning koʻcha-koʻyda, doʻkonda, istirohat bogʻlarida, ish joylarida, qoʻyingki hamma-hamma joyda bir-birlariga tabassum bilan qarashlari, bir-birlariga mehribonlik bilan muomala qilishlari. Koʻcha-koʻyda ota-onasi yelkasidagi yoki bolalar aravachidagimi biron goʻdakni koʻrib qolishsa-ku, tamom – baayni moʻjizaga duch kelishayotganday yosh-qari goʻdakka hayrat va quvonch bilan qaraydi, ilojini topib, ikki ogʻiz shirin soʻz aytishadi, sumka yoki choʻntaklaridan shirinlik olib uzatishadi…

Oʻylay-oʻylay, oxiri Ikrom buning sababini topganday boʻldi – axir oilada bitta, koʻpi bilan ikkita farzand boʻlgandan keyin, buning ustiga oʻn oltiga toʻlgan yigit yoki qiz uydan chiqib ketib, ota-onasidan olisda mustaqil hayot kechira boshlashganidan keyin bora-bora bu bechoralar goʻdak isiga, goʻdak tabassumiga zor boʻlib qolishadi, shekilli… Ammo qarshingdagi odamning senga tabassum qilib turishi… Baribir yoqadi.

Toʻgʻri, aksar hollarda tabassum chin yurakdan emas, sunʼiy, goʻyo odamlar yuzlariga tabassumdan niqob osib olishgandek. Ammo baribir yoqadi-da…

Hatto, dastlabki kunlari Ikrom atrofidagilarga jiddiylik bilan qarayvergani boismi, ular xavotirga tushishib, tarjimondan soʻrashibdi:

 – Mehmonimizning biron muammosi bormi?

Ikrom kulib yuborishdan oʻzini tiyib turolmadi. Buni koʻrgan mezbonlar yengil nafas olishdi.

Albatta, duch kelgan odamga iljayib qarayverishning oʻzi boʻlmaydi. Bora-bora kechga borib Ikromning ogʻizlari ogʻrib qoladigan boʻldi – axir kun boʻyi kuydirgan kalladay tirjayib yurishu, duch kelgan odamga tabassumlar ila ogʻizni toʻldirib “Xello! Xau du yu du?” deya aytaverishning oʻzi boʻladimi…

* * *

Olis yurtdagi ertakmonand yetti hafta ham oʻtdi-ketdi.

Ikrom ona yurtiga bir olam orzular bilan qaytdi. Oqshom palla samolyot qanotlari ostida minglab chiroqlari porlab turgan qadrdon shaharini koʻrganda esa quvonchdan koʻzlariga yosh toʻldi.

Biroq koʻngilda tugʻilgan orzu birdan amalga oshib, hayotga tatbiq etilib qolavermasligiga Ikrom ertasi kuniyoq amin boʻldi.

Ertalab oʻzining tanlovda ishtirok etishiga barcha shart-sharoitlarni yaratib bergan ishxonasidagilarning har biriga atab olingan sovgʻa-salom hamda tushlik mahali qahvaxonada ularga bir piyola choy berish niyatida ajratib qoʻygan puli solingan hamyoni joylangan kichkina ryukzakni orqasiga osib olgan Ikrom yoʻnalish taksilari yuradigan bekat tomon yoʻl oldi.

Yigitning vaqti chogʻ. Oʻz yurtingga nima yetsin! Mayli, ozroq chang-gʻubor boʻlsin, yoʻllariyam notekis boʻlsin, ammo baribir bu oʻzingniki-da.

Shunday oʻylar ogʻushida chet elda oʻrganib qolgan odati boʻyicha ogʻzi qulogʻida Ikrom bekatga keldi va tartibsizroq ravishda yoʻnalish taksisini kutayotgan yoʻlovchilar oxirrogʻida turib olishga urindi.

Yoʻlovchilar asabiy tarzda yoʻlga qarab-qarab qoʻyardilar. Eng oldinda turib olgan, katak koʻylagiga yarashmagan tarzda enli boʻyinbogʻ taqib olgan qirq besh yoshlardagi jikkakkina, sochining tepasi toʻkila boshlagan yoʻlovchi ogʻir uf tortdi va “Yoʻl-poʻlda oʻlib qolganmi bular!” deya gʻudranib qoʻydi. Ikrom seskanib ketib yon-veriga qaradi, ammo bu haqorat yoʻlovchilarga taʼsir qilmaganini koʻrgach, sal yengil nafas oldi.

Shu payt oʻttiz yoshlardagi bir semizgina, shu holiga torroq koʻylak kiyib olgan juvon ogʻir roʻzgʻor sumkasini koʻtargan tomoniga qiyshaygancha harsillab-pishillab kelib qoldi. Ikrom odobli yoʻlovchi sifatida navbatning oxiri oʻzi ekanini bildirib qoʻymoq maqsadida juvonga jilmayib qaradi.

Lekin… Juvon shu kuni chap tarafi bilan turgan ekanmi yo oʻzi tabiatan sal asabiyroqmi, ishqilib, Ikromning tabassumiga javoban oʻqrayib, hattoki gʻazablanib qararkan:

 – Koʻzginang teshilsin! – deya qargʻanib qoʻydi.

Ikrom qip-qizarib ketganini sezdi. Biroq buni bildirmaslikka urinib, oʻzini odobli, ziyoli yoʻlovchiday tutishga urindi va chet elda oʻrganib kelgan odati boʻyicha yana bir bor jilmayib qoʻyarkan, sal engashib:

 – Keling, sumkangizni koʻtarishvoray, – dedi.

Har qalay, yigit bu taklifni oʻta samimiy tarzda aytgan edi.

Ammo… nimagadir choʻchib ketib, oʻzini chetga olgan juvon Ikromga adoqsiz nafrat aralash gʻazab bilan qaradi-da:

 – Tort-e qoʻlingni! – deya oʻshqirib berdi.

Ikrom yordam uchun qoʻlini choʻzgan holida mustar boʻlib turib qoldi. Ammo bir amallab jilmayishga urindi. Oʻrganib kelganidek. Ayolning keskin ovozi boshqa yoʻlovchilarning ham eʼtiborini tortdi shekilli, ular shu tomonga oʻgirilib qarashdi. Ikromning yuzidagi tabassum semiz juvonga yomon taʼsir qildimi yo u yigit meni mazax qilayapti, deb oʻyladimi, ishqilib, koʻzlariinng paxtasi chiqqancha yigitga qarab endi ochiq-oshkor baqirib-qargʻanib berdi:

 – Gap otaman desang yosh qizlar qurib qolganmi, yergina yutkur! Onang tengi xotin boʻlsam!

Ikromning boʻlari boʻldi. Nimadir deb oʻzini oqlayin desa, labini juftlashga juftlaydi-yu, tiliga sira gap kelmaydi. Ha, tuhmatning toshi ogʻir boʻlarkan…

Bu orda eng oldinda turib olgan, boʻyinbogʻli jikkakkina odam gavdasiga yarashmagan tarzda yoʻgʻon ovozda oraga qoʻshildi:

 – Manyak bu, singlim, manyak. Bunaqalar sizga oʻxshash… nima desam ekan… loʻmbillagan, doʻndiqqinalarni poylab yuradi-yuradi-da, ana undan keyin…

Bu gapni eshitgan juvon battar quturib ketib, yigitga bor gʻazabini socha boshladi:

 – Sanga koʻrsatib qoʻyaman begona xotin kishiga gap otish qanaqa boʻlishini! Yana irjayib turganingga oʻlaymi!.. Qoʻlidan hech narsa kelmaydi deb oʻyladingmi? Keladi, shundayam keladiki!..

Oraga yana katak koʻylakli yoʻlovchi qoʻshildi:

 – Militsiyaga bervorish kerak bunaqalarni! Kasaliniyam aytish kerak.

Yoʻlovchilar gʻala-gʻovur qilishib bu fikrni maʼullay ketishdi. Eng yomoni – ularning barchasi Ikromga nafrat bilan, yeb yuborguday tikila boshlashgandi… Xayriyat, Ikromning baxtiga shu payt yoʻnalish taksisi kelib qoldi-yu, yoʻlovchilar oʻzlarini “Raf”ga urishdi.

Shuncha oldinda turgani bilan, boʻyinbogʻ taqqan banda birinchi boʻlib mashinaga chiqa olmagani boismi, yoʻlovchilar orasida boʻgʻilib baqirib-chaqirardi:

 – Qoch! Qoch deyman! Insofing bormi, nomard!.. Turtma! Turtma meni!..

Baribir, uch-toʻrt yoʻlovchi mashinaga sigʻmay qolishdi. Eng oxirida kelganiga qaramay, qandaydir moʻjiza bilan mashinaga chiqib olgan boyagi semiz juvon eshik yonidagi mitti kursichaga yoyilib joylashib oʻtirib olarkan, hamon joyida qoqqan qoziqday qotib turgan Ikromga yeb qoʻyguday boʻlib tikilardi.

Mashina oʻrnidan ogʻir qoʻzgʻaldi. Ikrom bekatda qolgan uch-toʻrt yoʻlovchiga bosh koʻtarib qarolmasdi. Qani edi, yer yorilsa-yu, kirib ketsa… U qoʻrgʻoshinday ogʻirlashgan oyoqlarini arang sudrab, yoʻlovchilarning nafratli nigohi ostida bekatdan uzoqlashdi va bu yerdan ikki yuz qadamcha naridagi avtobus bekatiga borib turdi. Nomus, alam tuygʻulari yigitning yuzini lovullatardi…

* * *

Ikrom avtobus bekatida qolgan yoʻlovchilarga nimagadir bosh koʻtarib qaray olmadi. Goʻyo kimlardir hamon unga barmogʻini bigiz qilib oʻqtalib turganday…

Tez orada bolali xotinday ogʻir chayqalib avtobus keldi. Ikrom orqa eshik tomon yurdi. Bir-birini turtib-surtib salonga intilayotgan uch-toʻrt oʻsmir ortidan endi oldinga yura boshlagan mahal shundoq yonida ayol kishi paydo boʻlganini koʻrdi. Bu beixtiyor yuz berdi. Hatto Ikromning oʻzi ham sezmay qoldi.

U ortga yarim qadam chekindi va yigirma besh-oʻttiz yoshlardagi juvonga jilmayib qarab, uni oldinga oʻtkazib yubormoqchi boʻldi. Bor-yoʻq niyati shu edi uning. Axir dunyoni koʻrib keldi. U yurtlarda ayol kishilar jamoat transportiga navbatsiz chiqishardi. Ayol kishiga hurmat deganday.

Ammo… Juvon birdan toʻxtadi va oʻziga jilmayib qarab turgan yigitga qarab shartta:

 – Odam koʻrmaganmisan, buncha chaqchayasan, xarip?! – dedi.

Yigit tamomila dovdirab-esankirab qoldi. Hatto, tabassumi ham yuzidan sidirilib tushdi.

Bir gap bilan notanish “uxajyor”ni boplaganidan mamnun boʻlgan juvon lipillab avtobusga chiqib oldi. Eshik qarsillab yopildi. Avtobus chang koʻtargancha oʻrnidan ogʻir qoʻzgʻaldi.

Kimdir boplab tarsaki tushirganday ikki chakkasi lovullayotgan Ikrom joyida boʻshashib turib qoldi.

* * *

Qandaydir adolatsizlik, bemaʼni tushunmovchilik yuz berayotganday edi. Axir Ikrom… Bor-yoʻgʻi xorijda koʻrganlarini…

Yigit bir-bir bosib bekatga qaytdi. Uning kayfiyati rasvoyi raddibalo boʻlib ketgandi. Bunaqa ahvolda jilmayib boʻladimi? Yaxshiyam bekatda oʻzidan boshqa hech kim qolmagani. Aks holda… oʻlganning ustiga tepgan boʻlib…

Shu payt Ikromning yonginasida mashina signali chalindi. Yigit choʻchib shu tomonga qaradi. Ancha ohori ketgan sariq “Jiguli”. Haydovchining yonida bir yoʻlovchi oʻtiribdi. Oʻrta yoshlardagi, qoruvli haydovchi oynadan boshini chiqarib:

 – Qayoqqa borasan, uka? – deya soʻradi.

Savolning doʻq aralash berilganligi, buning ustiga taksichining umrida birinchi marta koʻrib turgan odamiga “sen”lab murojaat qilayotgani sal ogʻir botgan boʻlsa-da, Ikrom oʻrganib qolgan odatiga koʻra yolgʻondan boʻlsa ham beixtiyor jilmaydi va manzilini aytdi.

Taksichi oʻylanib qoldi. Soʻng:

 – Yoʻli teskari ekan, – dedi negadir battar qovogʻi uyilib. – Mayli. Soqqasini kelishsak tashlab qoʻyaman.

 – Qancha? – arang soʻray oldi Ikrom.

Haydovchi ancha katta pul aytdi. Ammo Ikrom savdolashib oʻtirmadi. Zero, uning oʻzini sharmandai sharmisor qilgan bu bekatdan tezroq uzoqlashgisi kelardi.

Yigit orqa oʻrindiqqga oʻtirarkan, mashinadagilarga “Assalomu alaykum”, deb qoʻyishni unutmadi. Bunga javoban ikkalovi ham miq etishmadi. Aksincha, haydovchi battar peshonasini tirishtirib, hurpayib oldi. U, aftidan, bu tashqi koʻrinishidan va oʻzini tutishidan sodda-goʻl yoʻlovchidan bir yoʻla yanada koʻproq pul soʻramaganidan afsuslanmoqda edi.

Mashinada radio yoki magnitofon ham yoʻq ekan. Xuddi urishgan yoki gung odamlarday bu tarzda jim ketaverish Ikromga oʻngʻaysizroq tuyuldi. U gap boshlashga bahona qidirarkan, haydovchining yonida dunyoning jami gʻami boshiga tushganday tumtayib, ezilib, nomaʼlum nuqtaga baqraygancha tikilib ketayotgan, yoʻgʻon boʻynini jun bosgan yoʻlovchiga qaradi. Yoʻlovchi koʻziga issiq koʻrindi. Ikrom bu tumtaygan yoʻlovchi tomon nim egilgan koʻyi tabassum bilan murojaat etdi:

 – Kechirasiz, sizni qayerdadir koʻrgandayman…

Oʻziga murojaat etishayotganini fahmladi shekilli, yoʻlovchi boshini ovoz kelgan tomonga burdi. Ikrom qoʻrqib ketdi: uning chagʻir koʻzlarida milsiz nafrat va yovuzona tahdid aks etardi.

 – Ha, man katta xolangning toʻrtinchi eriman, – xirilladi yoʻlovchi. – Gaping bormi?

Ikrom seskanib oʻzini orqaga tashladi. Haydovchi pixillab kuldi. Soʻng qarshisidagi koʻzgudan Ikromga boqib, mazaxomuz ohangda dedi:

 – Chakib olganmisan, nima balo, kuydirgan kalladay tirjayganing-tirjaygan!

Ikrom beixtiyor “Yoʻgʻ-e!” deb yuborarkan, shu zahoti yuzidagi tabassum soʻnib, uning oʻrnini toshday hissizlik egalladi. Endi bu yuzni goʻyo yogʻochdan oʻyib ishlashganday edi – unda his-tuygʻudan asar ham koʻrinmasdi…

 – Boʻlmasa valdiramasdan jim ketaver, – oʻzicha nasihat qilgan boʻldi haydovchi. – Charchagan odamga bitta gap ham ortiqcha.

Ikrom “Axir kun endigina boshlandi-ku, qanaqasiga charchagan boʻlaylik?” deb eʼtiroz bildirmoqchi edi, ammo vaqtida tilini tishlab qoldi.

Oʻsal boʻlgan Ikrom yoʻl boʻyi miq etmay keldi. Haydovchi birdaniga koʻp pul soʻramaganining alamini olgisi keldimi, ichkariga qayrilib oʻtirmay, katta yoʻl boʻyida, ishxonadan ancha berida toʻxtatdi mashinasini. Ikrom pulni uzatdi va baribir indamay tushib ketgisi kelmasdan “Rahmat!” deb qoʻydi. U eshikni yopayotgan palla haydovchining yana pixillab kulganini va “Bular chaksa shunaqa odobli boʻlib qolishadi”, deganini eshitdi.

* * *

Ikrom ishxonasiga dovur deyarli bir bekat masofani piyoda bosib oʻtdi. “Choydan ogʻzi kuygan qatiqni ham puflab ichadi” deganlaridek, endi u atrofga, qarshisidan peshvoz chiqayotgan yoʻlovchilarga allanechuk hadiksirab qaray boshlagandi.

Nihoyat, nihoyat ishxonaning muazzam binosi koʻrindi. Yengil tortgan Ikrom koʻksini toʻldirib nafas oldi va yana bir necha daqiqadan keyin hamkasblariga sovgʻalarni qanday ulashishini, tushlik mahali esa qahvaxonada bir piyola choy, aniqrogʻi, toʻkin dasturxon ustida safar taassurotlarini qanday toʻlib-toshib soʻzlab berishini tasavvur qildi-yu, hayajonlanib ketdi. Hayajon esa yigitchaning yuzini yashnatdi. Uning lablariga tabassum yugurdi, koʻzlari oʻt boʻlib chaqnadi.

Xuddi shu mahal… Ikrom buni kutmagandi, bunga hatto umid ham qilmay qoʻygandi. Ammo yigit oʻz koʻzlari bilan koʻrdi: yoʻlning shundoqqina narigi tarafida turgan yigirma-yigirma besh yoshlardagi, koʻhlikkina, chiroyli qomatini koʻz-koʻzlayotganday anchayin ochiq-sochiq libos kiygan juvon shu tomonga jilmayib qarab qoʻydi.

Ikromning yetmish ikki tomiri boʻshashib ketganday boʻldi. “Bor ekan-ku…” Yigitning koʻnglidan beixtiyor shu oʻy, shu shukronalik kechdi. Birgina tabassum-a… Bor-yoʻgʻi birgina tabassum… Inson kayfiyati koʻtarilishi, olamga, odamga quvonch-hayajon bilan termulishi uchun bundan ortiq nima kerak axir… Tiriklikning oʻzi shu bilan goʻzal emasmi axir…

Boyagi xijillik, oʻsallik – bari-barisi unutilganday boʻldi. Olam yana quyosh nurlariga gʻarq boʻldi. Ikrom qaddini rostladi va tetik-dadil qadam tashlagan koʻyi yoʻlni kesib oʻtdi. Boyagi juvon hamon joyida yigitga tabassum bilan qarab turardi.

 – Salom, – dedi qizga yaqinlashgan mahal Ikrom xuddi yigirma yillik qadrdonini koʻrib qolganday samimiy quvonch bilan.

Ne tongki, ogʻzi qulogʻiga yetgan juvon ham shundoq koʻtarinki ohangda javob qildi:

 – Salom…

Mana, salomlashildi. Ikki inson bir-biriga jilmayib qaradi. Boʻldi. Vassalom. Aytish mumkinki, qiyomat qarz, insoniylik burchi ado etildi. Shu bilan har ikkalovining kayfiyati koʻtarildi. Endi har ikkalovi mana shu koʻtarinki kayfiyatda oʻz yoʻllarida davom etishsa boʻladi.

Ikrom mana shunday qilmoqchi boʻldi. Biroq oʻz tabassumiga gʻarq juvon ehtirom ila:

 – Muammo bormi? – deb soʻraganini eshitgach, joyida taqqa toʻxtadi.

Yigit entikib ketdi. Savolning naqadar tanishligini!

Nogahon Ikrom yoʻlning narigi tarafidagi ishxona eshigi yonida yigʻilishib turgan hamkasblari shu tomonga deyarli chopib kela boshlashganini koʻrib qoldiyu, shosha-pisha ryukzagini yechdi. Har qalay, quchoqlashib koʻrishishlari aniq. Ryukzak esa xalaqit beradi. Buni juvon ham fahmladi chogʻi, oʻshandoq xush-xandon kayfiyatda, uzun-uzun barmoqlarini koʻz-koʻzlayotganday asta qoʻl choʻzdi-da:

 – Ruxsat eting, – deya nozik bir harakat ila ryukzakni olib yerga, shundoqqina uzun-uzun oyoqlari yoniga qoʻydi.

Bu qadar mehribonchilikdan, izzat-hurmatdan toʻliqib ketgan Ikrom hatto bir ogʻiz minnatdorchilik bildirishga ham ulgurolmay qoldi. Illo yetib kelgan hamkasblarning birinchi guruhi unga tashlanishgan edi.

Baribir, ayol kishini ovora qilganidan xijolat chekayotgan, biroq ayni paytda koʻzlaridan tirqirab otilgan quvonch, shukronalik yoshlarini tiya olmayotgan Ikrom achom-achomlar orasida bir amallab ortiga oʻgirildi. Ammo ryukzak joyida yoʻq edi. Ayol ham…

 

Abduqayum YOʻLDOSHYeV

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.