Moviy xrizantema

0
195
marta koʻrilgan.

Karel ChAPEK

 

Bu voqeani menga ancha yillar ilgari bir knyazning uyida xizmat qilgan ashaddiy gul shaydosi keksa Fulinus aytib bergandi.

– Men sizga Klaramning qanday dunyoga kelgani haqida hikoya qilib bersam. U paytlarda Lubensda, knyaz Lixtenberg ismli kimsaning bogʻida xizmat qilardim. Keksa knyaz bogʻbonchilikka juda qiziqardi. U dunyoning turli burchaklariga buyurtma berib, eng sara gullarni olib keltirar va oʻz bogʻida oʻstirardi. O, uning bogʻini jannat deyish mumkin edi.

Kunlarning birida qandaydir ish bilan koʻchaga chiqqandim. Tasodifan roʻparamdan telbanamo, kar-soqov, oʻzining jununvash kulgusi bilan hammaning asabini qoʻzgʻab yuradigan qariqiz Klarani uchratib qoldim. Qizigʻ-a, nega tentaklar hamisha xushvaqt boʻlib yurisharkin? Men uning telbanamo oʻpichlaridan qochish uchun oʻzimni panaga olmoqchi boʻldim, qoʻlidagi ajabtovur guldastani koʻrib, taqqa toʻxtadim. Palapartish dastalangan oʻt-oʻlanlar, koʻkatlar orasida… bilasizmi, nimani koʻrdim? Toʻgʻri, hayotimda turfa gullarni koʻrganman, ammo bunaqasini umrim bino boʻlib endi koʻrishim edi. Guldasta (agar shunaqa deyish mumkin boʻlsa) orasidan moviyrang baxmal xrizantema manaman deb, boʻy koʻrsatib turardi. Shunaqa chiroyli, shunaqa nafiski… taʼriflab berolmayman. Men xrizantemalarning juda koʻp turini bilaman. Ammo dunyodagi eng qimmatbaho xrizantemalar orasida ham bunaqasi uchramasligiga amin edim.

Ancha yil ilgari Londonda, qariya Jeyms Veychning uyida boʻlganimda, u toʻgʻridan-toʻgʻri Xitoydan olib kelingan, naparmon hoshiyali moviy xrizantemasi boʻlgani, ammo bir yil oʻtmayoq, qishda qurib qolganini afsus bilan gapirib bergandi.

Mana, hozir qarshimdagi tentakning qoʻlida xuddi oʻshanday qimmatbaho gul yal-yal tovlanib turardiki, bu gulning nazokatini aslo tasavvur etib boʻlmasdi.

Klara iljaygancha menga qoʻlidagi guldastani uzatdi. Men unga bir kron pul berib qoʻlidagi xrizantemaga imo qildim.

– Klara, buni qayerdan topding?

Klara quvonchdan oʻzini yoʻqotib qoʻydi va allanarsalarni gʻoʻngʻillab, kulishga tushdi. Hech narsani tushunmadim. Undan biror maʼlumot olishga tirishaman, u esa hadeb meni quchoqlab, oʻpmoqchi boʻladi.

Xrizantemani koʻtarib, toʻgʻri knyazning yoniga yugurdim.

– Zoti oliylari, bu gul shu yaqin-atrofda oʻsgan boʻlishi mumkin. Balki birga izlarmiz?

Keksa knyaz hovliqqanidan oʻzini yoʻqotib qoʻydi va foytunni hozirlashni buyurdi, oʻzimiz bilan Klarani ham olishimizni aytdi. Bu paytda Klara qayoqqadir gʻoyib boʻlgandi. Uni qidirmagan joyimiz qolmadi. Knyaz gʻazabdan endigina soʻkina boshlagan kezda Klarning oʻzi uzoqdan biz tarafga yugurib kelayotganini koʻrib qoldik. Yuguraverib bechoraning tili osilib qolgan, qoʻlida esa hozirgina uzilgan bir dasta moviy xrizantemani koʻtarib kelardi. Knyaz unga yuz kronlik pul uzatdi. Klara alamdan yigʻlab yubordi. Chunki shoʻrlik umrida yuztalik pulni koʻrmagan va pulning bunaqa boʻlishini tasavvur ham qilolmasdi. Shunda oʻzim yonimdan bir kronlik pul chiqarib berishga majbur boʻldim. Bechoraning xursand boʻlganini koʻrsangiz…

U sevinchidan xirgoyi qilgancha, raqsga tusha boshladi. Biz uni bir amallab foytunga oʻtqazdik. “Klara, qayerga boramiz?” – dedim xrizantemani koʻrsatib.

Klara yumshoq oʻrindiqqa joylashib oʻtirib oldi-da, shodon qiyqirib yubordi. U bilan yonma-yon oʻtirgan takabbur haydovchining biram ensasi qotdi-yey! Klara telbalarcha chinqirardi, bundan hurkkan otlar chunonam shataloq otdilarki, ichimiz ezilib ketdi. Oʻziyam sayrmisan sayr boʻldi-da. Bir yarim soat yoʻl bosdik hamki, moviy xrizantemadan nomu nishon yoʻq. Oxiri chidab turolmadim:

– Zoti oliylari, biz oʻn toʻrt chaqirimdan ziyod yoʻl bosdik.

– Nima farqi bor, – qoʻl siltadi knyaz. – Yuz chaqirim boʻlmaydimi?!

– Mayli-yu, – dedim unga javoban. – Lekin Klara bir soatdan keyin yana bir dasta gul koʻtarib keldi. Demak, xrizantemalar Lubensdan nari borsa, uch chaqirimcha uzoqlikda oʻsgan boʻlishi mumkin.

– Klara! – baqirdi knyaz xrizantemalarni koʻrsatib, – bular qayerda oʻsadi? Qayerdan uzib kelding?

Klara knyazning savoliga javob berish oʻrniga nimalarnidir gʻoʻldirab, oldinga imo qildi. Chamasi, unga foytunda sayr qilish juda yoqib qolgandi. Nazarimda knyaz Klarani doʻpposlagudek vajohatda edi. Otlar jiqqa terga botib ketishgandi. Klara hamon allanimalar deb shangʻillar, knyaz asabiy soʻkinar, haydovchi yigʻlamoqdan beri boʻlib borar, men boʻlsam, moviy xrizantemalar haqida bosh qotirardim.

– Zoti oliylari, – deya knyazga yuzlandim. – Bunaqada ish bitmaydi. Keling, Klarasiz qidirib koʻraylik. Lubensning uch chaqirimgacha boʻlgan yerlarning xaritasini olaylik-da, hududlarga boʻlib, uyma-uy izlab koʻraylik.

– Azizim, – dedi knyaz. – Lubensdan uch chaqirimgacha boʻlgan joyda birorta ham bogʻ yoki xiyobon yoʻq.

– Menam shuni aytyapman, – darrov ilib ketdim. – Bu gulni bogʻ yoki xiyobondan topib boʻlmaydi. Qarang, xrizantema butogʻining quyi qismida ozroq qatqaloq yopishib qolgan. Bu bogʻlarning tuprogʻiga oʻxshamayapti, menimcha, goʻng va qum aralashmasi boʻlsa kerak. Manavi yaprogʻida esa, kaptar tezagidan qolgan iz koʻrinib turibdi. Demak, bu gulni aynan kaptarlar toʻplanadigan joydan qidirish kerak. Menimcha, bu xrizentema qandaydir chetan devor tagida oʻsadi. Mana, barglari orasiga archa poʻstlogʻi ham ilinib qopti.

Ertasi kuni ertalab Klara yana bir dasta moviy xrizantema olib keldi. Shundan soʻng tamomila asabim qoʻzidi. Oʻz hududimni boshdan-oyoq aylanib, har bir qovoqxonada iligan pivo ichib, pishloq kavshab, moviy xrizantema daragini soʻroqlab yurdim. Voy, bu pishloqlarni hozir ham eslasam, koʻnglim ayniydi. Bir tomonda issiqni ayting, odamning enka-tinkasini quritadi. Yana qandaydir gul haqida surishtirishib yurishim odamlarda shubha ham uygʻotdi. Meni yo biror daydi, yo qandaydir aygʻoqchi deb oʻylashganmi? Birovdan yaxshi gap eshitmadim hisobi, lekin hammasiga tishimni tishimga bosib, chidadim.

Kechga yaqin shunga amin boʻldimki, men ishlaydigan hududda hech qanday xrizantema oʻsmas ekan. Yana uchta qoʻshni hududni ham aylanib keldik. Klara esa yana bir bogʻlam moviy xrizantema koʻtarib keldi.

Bilsangiz, bizning knyaz bu muzofotning eng obroʻli odamlaridan. Mahalliy politsiyachilarni oyoqqa turgʻizib, har birining qoʻliga bir donadan moviy xrizantema gulidan tarqatdi va qanday boʻlmasin shunday gullar oʻsadigan hududni topishni buyurdi.

Politsiyachilar juda savodli odamlar boʻlishadi. Ular tez-tez gazeta oʻqib turishadi, oʻzlari ishlaydigan hududni, bu yerning odamlarini ham besh qoʻldek bilishadi. Oʻsha kuniyoq, desangiz, oltita politsiyachi qishloq faollari, nazoratchiyu qorovullari, oʻqituvchi va oʻquvchilar. hatto bir guruh loʻlilarni ham ergashtirib, uch chaqirim yerdagi maydonni tekshirishga tushishdi. Qanaqa gul topishgan boʻlsa, hammasini knyazning oldiga tashib kelishdi. Eh-he, knyazning uyi gullarga toʻlib ketganini bir koʻrsangiz edi.

Ular orasida faqat moviy xrizantema koʻrinmasdi, xolos. Klaraning orqasidan kuni bilan kuzatib yurdik. Kech kirgach, uning izini yoʻqotib qoʻydik. Yarim kechasi esa u menga yana bir quchoq xrizantema koʻtarib keldi.

Biz xrizantemalarni bitta qoʻymay yulib kelmasligi uchun vaqtincha Klarani ushlab turishga qaror qildik. Oʻlay agar, qandaydir vasvasaga tushib qolgandik. Axir bu qanaqasi, hammayoq kaftdek tekis boʻlsa…

Davomini eshiting… Agar odamzotning ishlari umuman yurishmasa, u qoʻpol va jizzaki boʻlib qoladi – buni tushunaman. Lekin, baribir izzat-nafs degani hammadayam bor-da! Knyaz menga nima deganini bilasizmi? Men hatto Klaradan ham battar tentak emishman. Nimayam derdim?! Har qanday qari eshshakning haqoratlarini eshitib, indamay ketaveradigan anoyilardan emasman dedim-u, lash-lushimni koʻtarib, toʻppa-toʻgʻri vokzalga tomon yoʻl oldim.

Endi Lubensda mening qoramni ham koʻrishmaydi. Vagonga chiqishimni kutib turgandek, poyezd ham oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Shu payt oʻpkam toʻlib, xuddi yosh boladek yigʻlab yubordim. Nima uchun, aytaymi? Moviy xrizantemani endi boshqa hech qachon koʻrmasligimni, u bilan mangu xayrlashayotganimni oʻylab, koʻz yosh toʻkardim.

Oynadan tashqariga qaragancha hiqillab borarkanman, beixtiyor shagʻal toʻkilgan yoʻl yoqasidagi qandaydir moviyrang gullarga koʻzim tushdi.

Bunaqa paytda oʻzimni boshqara olarmidim?! Qanday qilib oʻrnimdan qoʻzgʻalganimu vagondagi tormoz tutqichiga chang solganimni eslolmayman. Poyezd chinqirgancha toʻxtadi, men boʻlsam, qarama-qarshi tarafdagi toʻsiqqa urilib, barmogʻimni sindirib ham oldim, mana, qarang!

Bir payt chiptachi yonimga yugurib keldi. Men esa toʻngʻillab, zarur bir narsam esimdan chiqib qolganini aytdim. Xullas, kattagina miqdorda jarima toʻlashga toʻgʻri keldi.

Shagʻal yoʻl boʻylab koʻrgan moviy chechaklarim tomon chopib borarkanman, oʻzimni-oʻzim koyirdim. “Balki bu kuzgi namozshom gul yo shunga oʻxshash boshqa biror gul boʻlsa-chi? Shuncha pulni havoga sovurib oʻtiribsan-a!”

Besh yuz metrlar chamasi yoʻl yursam-da, moviy gullarga yetib borolmadim. Balki ular umuman yoʻqdir? Koʻzimga koʻringandir?

Shu choq kichik bir tepalikda yoʻl nazoratchisining kulbasiga koʻzim tushdi. Uning shundoqqina qarshisida moviyrang manzara koʻzga tashlanardi. Qarasam, ikki tup xrizantema shunaqa ajoyib tovlanib turibdiki, asti qoʻyavering.

Qorovullarning gulzorida nimalar oʻsishi mumkinligini yosh bola ham biladi. Qovun-tarvuzmi, qovoqmi, sholgʻommi, nari borsa, ikki tup atirgul yoki nastarin boʻladi. Yoʻq, bu yerda, kartoshka bilan loviya, naʼmatak butasi… ikki tup moviy xrizantema barq urib yotardi.

– Amaki, – qichqirdim chetan osha nazoratchiga qarab. – Manavi gullarni qayerdan olib kelgansiz?

– Bularmi? – soʻradi qorovul. – Oldingi oʻlib ketgan nazoratchidan qolgan. Bu yoʻlakdan yurish taqiqlangan, oʻgʻlim! Ana yozib qoʻyilgan “Temiryoʻl ustidan yurish qatʼiy taqiqlanadi” deb. Sen nima qilib yuribsan?

– Amaki, – dedim unga. – Sizning yoningizga qanday oʻtsam boʻladi?

– Mana shu yoʻl bilan, – dedi u. – Ammo bu yoʻldan yurish mumkin emas. Mening yonimda nima bor? Bor, yoʻlingdan qolma. Faqat shpallarning ustidan yurma!

– Qayoqqa boraman?

– Menga baribir, – baqirdi nazoratchi. – Faqat bu yoʻldan yurma. Mumkin emas.

Men gap qotdim:

– Menga qarang, amaki, manavi moviy gullaringizni menga soting!

– Sotmayman, – oʻshqirdi chol. – Tuyogʻingni shiqillat, dedim. Bu yerda oʻtirish mumkin emas.

– Nega mumkin emas ekan? – mahmadonalik qildim men. – Lavhada bunaqa deb yozilmagan-ku?

Nazoratchi shoshib qoldi. Faqat toʻngʻillab soʻkinish bilan cheklandi. Chamamda chol yolgʻiz oʻzi yashardi. Keyin uning ovozi ham oʻchib qoldi. Oradan yarim soatlar chamasi oʻtgach, yoʻlni tekshirish uchun nazoratchi chiqib keldi va meni koʻrib yana tutaqdi:

– Ketasanmi bu yerdan yo yoʻqmi?

– Ketolmayman, – dedim. – Temiryoʻldan yurish mumkin emas. Yurishga bu yerdan boshqa yoʻl boʻlmasa…

Chol bir daqiqa oʻylanib qoldi:

– Bilasanmi, – dedi u nimanidir kashf etganday hovliqib. – Men mana bu soʻqmoq yoʻl tomon ketaman. Goʻyoki seni koʻrmagan kishi boʻlaman, sen shu yerdan katta yoʻlga chiqib olasan.

Men unga minnatdorchilik bildirdim. U soʻqmoq yoʻl boʻylab ketdi, koʻzdan yoʻqolgach, chetan devordan oshib oʻtdimu, chetda turgan belkurakni olib, har ikki tup gulni qoʻporib oldim. Ha, janob, men ularni oʻgʻirladim. Oʻzi halol odamman, bor-yoʻgʻi yetti marta oʻgʻirlikka qoʻl urganman va yettovida ham faqat gul oʻgʻirlaganman, xolos.

Bir soatdan soʻng oʻgʻirlagan moviy xrizantemalarimni quchib poyezdda ketardim. Qorovulxona devori yonidan oʻtarkanmiz, boyagi nazoratchi cholning dargʻazab boʻlib bayroq koʻtarib turganini koʻrdim. Unga qarab shlyapamni silkitdim, u esa meni koʻrmadi, chamamda.

Endi gap nimadaligini tushundingizmi, taqsir? Axir u yerda kattakon lavha osigʻliq turardi: “Bu yerdan yurish taqiqlanadi!” Shuning uchun na men, na politsiyachilar, na oʻquvchiyu oʻqituvchilar, na loʻlilar bu yerlarni qidirishni xayollariga ham keltirishmagan. “Taqiqlanadi!” soʻzining nechogʻli qudratga egaligini koʻrdingizmi?

Kim bilsin, temiryoʻl nazoratchisining uyi yonida eng noyob chechaklar, mehrigiyo yoki hayot daraxti oʻsar? Ammo uni hech kim topolmaydi, chunki, bu yoʻldan “oʻtish qatʼiy taqiqlangan”, tamom-vassalom!

Klara aqli noraso, telba boʻlgani, oʻqishni bilmagani uchun ham bu yoʻldan yurib, moviy xrizantemaga duch kelgan.

Men shuning uchun ham bu nodir chechagimga “Klara” deb nom berdim. Bu noyob gulni oʻn besh yildan beri avaylab, parvarishlab kelaman. Men unga keragicha mehr va eʼtibor koʻrsatdim. Anavi galvars nazoratchi boʻlsa, uni hatto tuzukroq sugʻormagan, tagini yumshatmagan ham edi.

Mening xrizantemalarim bahorda uygʻonadi, yozda kurtak ochadi, avgust oyiga borib soʻlib qoladi. Tasavvur qilyapsizmi, men bunday ajoyib gulga ega boʻlgan yagona insonman. Bu gullarimni biror koʻrgazmaga yubormayman. Dunyodagi hech bir gul nafosat va latofatda mening erkatoylarim bilan tenglasholmaydi. Chunki bu mening Klaram! U gullagan chogʻda butun olam beqiyos goʻzallikka burkanadi.

 

Rus tilidan Iqbol HUMOYUN tarjimasi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.