Miyadagi zahar

0
287
marta koʻrilgan.

Qadimgi Xitoyda bir qiz turmushga chiqdi. Kelinlik hayotining ilk kunlaridanoq eri va qaynonasining xizmatiga kirishdi. Biroq nimagadir eri uni tez-tez tergar, baʼzida ayblarini yuziga solardi. Ayol bora-bora bu holdan bezdi, undan qutulish payiga tushdi. Oʻylay-oʻylay giyohlar bilan davolaydigan tabibnikiga yoʻl oldi. U otasining eski tanishi edi. Ayol tabibga dilini yordi:

– Men erim bilan ortiq yashayolmayman. Jonim hiqildogʻimga keldi, toʻyib ketdim. Sizning yordamingizga muhtojman. Bir ilojini toping, istagan pulingizni beraman…

Giyohchi-tabib uning maqsadini tushundi-yu, lekin oʻzini goʻllikka solib soʻradi:

– Senga qanday yordam berishim mumkin?

– Kuchli zahar kerak. Oʻsha bilan erimni zaharlayman va barcha alam-iztiroblardan qutulaman.

Giyohchi uzoq oʻyladi, soʻng:

– Boʻpti, senga yordam beraman. Lekin ikkita narsani yaxshilab tushunib ol. Birinchisi, sen eringni birdaniga zaharlamasliging kerak. Yoʻqsa, nima boʻlganini odamlar tezda payqab oladi. Men senga eringni asta-sekinlik bilan zaharlaydigan bir giyoh beraman. U xuddi oʻz ajali bilan oʻlgandek boʻladi, hech kim hech narsa sezmaydi. Ikkinchisi, shubha-gumonlardan nari boʻlish uchun gʻazabingni yashirishing shart. Eringni hurmatlashing, sevishing, soʻzini ikki qilmasliging va sabrli boʻlishing kerak. Agar shuni uddalay olsang, u oʻlgan payti hech kim sendan shubhalanmaydi.

Qiz aytilganlarga rozi boʻldi. Har kuni erining ovqatiga giyohlardan ozgina-ozgina qoʻsha boshladi…

Xotinining muomala-munosabati yaxshi tomonga oʻzgargani, muloyimlashganini koʻrgan er unga mehr qoʻydi, uni tergamaydigan, mayda-chuyda kamchiliklariga koʻz yumadigan boʻldi. Bir kuni yuragi hayajonga toʻlib: “Sen dunyodagi eng yaxshi rafiqasan. Yigitligimda xuddi shunday turmush oʻrtogʻim boʻlishini orzu qilgandim”, deb dil izhori qildi.

Qaynona-kelin oʻrtasidagi munosabatlar ham yaxshilandi. Yarim yil oʻtar-oʻtmas ular xuddi ona-boladay inoq boʻlib ketishdi.

Shunday kunlarning birida qiz giyohchining huzuriga keldi. Unga yalinib-yolvora boshladi:

– Sizdan oʻtinib soʻrayman, erimni qut­qaring. Anavi zaharning kuchini kesadigan biror narsa bering. U kishining oʻlishini istamayman. Erimni yaxshi koʻraman, u dunyodagi eng yaxshi umr yoʻldoshi.

Bu gapdan tabibning yuziga tabassum yugurdi. Soʻng qizning koʻnglini bir dunyo quvonchga toʻldirgan mana bu gaplarni aytdi:

– Xavotirlanma, qizim. Men senga hech qanaqa zahar berganim yoʻq edi. U giyohlar shunchaki ziravor, xolos. Zahar aslida sening miyangda, ongingda edi. Mana, undan qutulibsan. Seni tabriklayman. Qoʻshganing bilan qoʻsha qari, baxtli boʻl, qizim.

 

Orif Tolib tayyorladi.

 

“Hidoyat” jurnalining 2015 yil 3-sonida chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.