Mix

0
197
marta koʻrilgan.

I

Oʻzbekovullik Berkin nosfurushning toʻngʻichi to “Elmurod domla” boʻlib tanilguniga qadar koʻp qiyinchiliklarni boshdan oʻtkazdi. Bolapaqir viloyat markazidagi oʻzi tugallagan institutda ish boshlaganida, koʻpi bilan toʻrt yilda nomzodligimni himoya qilib olaman, deb moʻljallagandi. Biroq bu muddat naq toʻqqiz yilga choʻzilib ketdi, orada Elmurod poytaxtdagi universitet aspiranturasida tahsil olib ham qaytdi. Bundan tashqari, ish endi bitay degan palla avval otasidan, soʻng onasidan ayrilib qoldi. Bu yoqda uch singil unga moʻltirab qarab turibdi; toʻgʻri, ota-ona hayotligida kattasi turmushga chiqqan, ammo, uch qovun pishigʻi boʻlib qoldi, umurtqa pogʻonasidagi churrani muvaffaqiyatsizroq oldirgan pochcha toʻshakda mixlanib yotibdi, inchunun, jigarga koʻmaklashib turmasa boʻlmaydi.

Ikki singilni el qatori toʻy qilib uzatgan, nomzodligini yoqlagan, axiyri ovulda “domla” deb atala boshlangan Elmurod bir kuni zingil solib qarab koʻrdiki, otadan meros, bundan kamida oltmish yil burun hashar yoʻli bilan qurilgan guvala uy ancha choʻkib qolibdi; garchand tomiga shifer qoqilgan boʻlsa-da, qurt yeb ado qilganmi nima balo, ora-sira yupqa faner ortidagi bolorlar vahimali tarzda qisirlab qoʻyadi. Bu ketishda bir kun tom “tap” etib bosib qolishi hech gap emas. Buyam kamday, pastakkina chordoqqa yarim qop bugʻdoy olib chiqqan, emaklab borayotgan Elmurodning qoʻllari orasidan yoʻgʻonligi bilakday keladigan bir ola-chipor ilon shuvillab oʻtdi-ketdi; vahimaga tushgan xotinining yigʻlab-siqdab aytishiga qaraganda, beshikka oʻrmalab chiqayotgan bosh barmoqday kattalikdagi sariq chayonni koʻrib qolgan-u, jon-jahdi bilan kalishida urgan, ammo jondor oʻlmagan, bir yumalab, oʻziga kelib olgach, kigizning tagiga kirgan-ketgan. Shundan buyon dagʻ-dagʻ qaltiraydigan boʻlib qolgan juvon kun-tun zax xonadagi ikki yuzlik chiroqni oʻchirmasdan, beshikni quchoqlagancha, koʻzlarini katta-katta ochgan koʻyi tinmay atrofga alanglab oʻtiradi…

Ehtimol, bu galgi reja ham oʻzga ming bir tashvishlar bilan band boshda bir muddat izgʻib yurgach, nomaʼlum muddatga unutilib ketilardi, ammo bosh barmoqday sariq chayon koʻrinishidagi soʻnggi dastak domlaning qatʼiy qaror qabul qilishiga sabab boʻldi.

Xullas, may oyining oxirlarida, taʼtil mahalini moʻljallab uy buzildi. Eski stol-stullar hovli oʻrtasidagi daraxt tagiga koʻchirildi, taxtaga qora boʻyoq surtib tayyorlangan doska daraxtga qoqildi, ishqilib, domla uyida dars oʻtadigan bolalar uchun ochiq havoda qoʻlbola sinf tayyor boʻldi-qoldi. Shundan soʻng Elmurod anchadan buyon koʻnglining tubida asrab yurgan orzusini amalga oshirib, shahar bozorida qachon koʻzi tushsa yuragini bir jizillatib qoʻyadigan zangor rang darvozani sotib olib keldi. Darvozamisan darvoza edi-da oʻziyam. Ikki qavatli, koʻcha tomonga qaragan sirtida koʻrgan koʻzning aqlini shoshiradigan allambalo naqshlar, moʻjaz tutqichlari tillo rang, qoʻsh tavaqali, oʻlchamiyam toʻrt yarimga-toʻrt yarim, demak, “KamAZ”dan tortib xashak bosilgan telejkachaga bemalol oʻtib ketaveradi. Quyoshda tovlanishini-ku, aytmasa ham boʻladi: tillo boʻlmasayam, kumush deysiz, kumush… Toʻgʻri, elchilik, bir-ikki qoʻni-qoʻshni, hamqishloqlar atay domlaga eshittirib eshak olmasidan burun hovlisiga qoziq qoqqan Afandi xususida qochirimli payrovlar qilishdi, ammo Elmurod bunaqangi visir-visir gap-soʻzlarga parvo ham qilmadi; aksincha, “koʻrolmasang kuyib oʻl” deganday, hozircha hovli adogʻidagi molxona devoriga suyab qoʻyilgan mahobatli darvozani tong sahardan mehr bilan artib-surtaverdi…

Ertalabdan hovliga qadam ranjida qilgan Qarindosh domlani mana shu mashgʻulot ustida uchratdi.

Birodarlar, men ham shu ovulning farzandiman, shu elga mansubman. Qishloqni esa bilasiz, hamma baayni ajriq tomirlariday bir-birlari bilan qoʻshilib-chirmashib, xesh-urugʻ boʻlib ketgan. Inchunun, tilga olinayotgan Qarindoshning ham bizga ona tomondan andakkina yaqinligi borligi sababli ismini qogʻozga tushirishdan istihola qilib turibmiz: to erta-bir kun yurt oldida “Senmi hali meni yozadigan? Moʻltonidan odam chiqsa, chodiriga oʻt qoʻyarkan-da, a!” deya jovillab yoqamizga yopishib tursa, buning xijolati yomon kechadi; illo, ovuldoshlarimiz hodisotga dovur nima boʻlganligini emas, hodisotning oʻzini uzoq yillar saqich qilib chaynab yurishadi, deylik, oradan chorak asr oʻtib qishloqqa borsam ham, birinchi uchragan kishi “Ha, bu senmi, tanidim, jonday yaqining falonchini kitob qilgan yozgʻuvchisan-da!” deya iddao qilishi aniq. Shu bois, har galgidek, gap shakldami, mohiyatda-ku, deya oʻzimizni oʻzimiz chalgʻitamiz-u, voqea tafsilotiga oʻtamiz.

Oʻzi asli qiziq odam edi-da bu Qarindosh deganlari. Oʻninchi sinfni yakunlash arafasida birdan maktabni oltin medal bilan tugallashi kutilayotgan sinfdoshi bilan yaqin joʻra boʻlgisi kelib qoldi-ku. Shu maqsadda, qavm-qarindoshlarining “hay-hay”iga ham qaramasdan, ota-onasini koʻndirdi va hech narsadan bexabar sinfdoshini qoʻnoqqa chaqirib, oyogʻi tagiga bir qoʻchqorni olib urdi, soʻng, bu bilan ham kifoyalanmasdan, udumga koʻra, toʻkin dasturxon ustida xijolatdan qip-qizarib oʻtirgan, tomogʻidan ovqat oʻtmayotgan sinfdoshiga sarpo qoʻydi – kostyum-shim kiygazdi. Shu bilan ular joʻra boʻlishdi.

Toʻgʻri, yana oʻsha urf-odatimizga koʻra, Joʻra ham Qarindoshni chaqirib, ziyofat qilishi, soʻng kiyitlik qaytarishi – kostyum-shim, hech boʻlmaganda chopon hadya qilishi lozim edi. Ammo bu orada maktab tugab, oʻqishga kirish ilinjidagi bitiruvchilar har tomonga uchib ketishdi-yu, shu bilan “qaytar tovoq” Joʻraning boʻynida qarz boʻlib qolaverdi.

Kutilganidek, Joʻra poytaxti azimdagi katta oʻqishga oʻz kuchi bilan kirdi-ketdi. Qarindosh esa “sayqali roʻyi zamin ast”dagi institutning birinchi imtihonidanoq guppa quladi.

Uch-toʻrt hafta “Haqiqat yoʻq ekan! Boʻlmasa hamma savollarga yuz protsent javob bergandim! Mandatdan qaytarishdi! Savodi “nol”larni olishdi. Yozaman!” deb yurgan Qarindosh oxir-oqibat taqdirga tan berdi shekilli, zalvorli ketmonini yelkaga tashladi-yu, dalaga yoʻl oldi.

Shu bilan hammasi iziga tushib ketgandek, Joʻraning boʻynidagi qarz qiyomatga qadar unutilgandek edi. Buning ustiga, oʻqishda mahallari ora-sira qishloqqa kelib turadigan Joʻra jonday joʻrasi Qarindoshdan xabar olavermasdi, hatto qaydadir amaliyotdaligi bois uning toʻyida ham qatnasholmadi.

Biroq tez orada Qarindoshning arqonni juda-juda uzun tashlab qoʻygani, deylik, qichiydigan joyini oldindan qashlab qoʻygani, yiqiladigan joyiga esa gilam toʻshab qoʻygani ayon boʻldi…

Universitetni “qizil diplom” bilan tugallagan Joʻra poytaxtda qoldi va asta-sekinlik bilan boʻlsa ham amal pillapoyalaridan yuqoriga koʻtarilaverdi. Tabiiyki, bunga mutanosib ravishda ovulda Joʻraning uyida tutun chiqsa ham yetib borishga hoziru nozir qarindosh-urugʻlari soni orta bordi. Dam shu damdir… Shundoq fursat kelishini sabr bilan kutgan Qarindosh ham miyigʻida iljaygan koʻyi harakatni boshladi…

Shoir “Hargiz iltimosga kuning qolmasin”, deydi. Keling, jurʼat etib, shu hikmatga ozgina qoʻshimcha qilaylik: “Hargiz huzuringga iltimoschilar saf-saf boʻlib kelishiga kuning qolmasin. Ayniqsa imkoniyatlaring cheklanganini oʻzing bilib turganingda…” Illo, men oʻsha, iltimoschilar gurros-gurros kelayotgan talotoʻp kunlari alam-iztirobdan yuzi qorayib ketgan, nainki uyiga, ishxonasiga borishdan ham yuragi bezillab qolgan, oʻziga quyuq salom bergan har bandaga hadiksirab qaraydigan shoʻrlik Joʻrani koʻrgandim…

Qarindosh “qondosh joʻram-jondosh joʻram”lab Joʻrani sogʻib ichdi hisob… Qarindosh oʻgʻliga sunnat toʻyi qilganda Joʻra toʻy egasiga, uning xotiniga, toʻy bolaga boshdan-oyoq allambalo sarpolar qilib keldi, lekin bu bilan qutulmadi. Mana shu bola kollejni bitirganida oʻqishga kirishiga koʻmaklashdi, biroq bu bilan ham boʻynidagi qarz arqonidan xalos boʻlmadi. Oxiri bir amallab institutni bitirgan shu bolaning bojxonaga ishga joylashishida ham qoʻlidan kelgan yordamini ayamadi. Ammo sinov muddatida boʻlgan yosh mutaxassis bosar-tusarini bilmay qolganmi, ishqilib, oradan uch oy oʻtar-oʻtmas pora olayotgan mahal qoʻlga tushganida Qarindosh ming tavallo qilib, yalinib-yolvorib kelmasin, Joʻra ishni “bosti-bosti” qilishga mutlaqo aralashmadi…

“Toparmon-tutarmon bolamning davrida ketmon koʻtarib yursam yarashmas”, degan mulohazalar ila allaqachon daladan boʻshab olgan, katta-katta yeyishga oʻrganib qolgan Qarindoshning Joʻradan hafsalasi pir boʻldi, ammo buni el-yurtga sezdirmadi.

Yetti yilga hukm qilingan oʻgʻil uch yilda amnistiyaga ilinib qaytib keldi. Shu bilan u tinchgina yashasa boʻlardi. Yoʻq, otasining qondosh-jondosh Joʻrasi koʻmagida yigitlarni Koreyaga kafolatli ishga joʻnatish qoʻlidan kelishini bir-ikki joyda shipshib qoʻygan ekan, “koʻk”idan koʻtargan xohlovchilar uzun-qisqa boʻlib Qarindoshning uyiga kirib kelaverishdi.

Oradan bir yil oʻtdi-oʻtmadi, firibgar oʻgʻil boʻynida oltmish ming dollar qarzi bilan qamaldi-ketdi. Puliga kuyib qolganlar Qarindoshning uyining turumini buzishdi.

Zoʻrdan zoʻr kelsa, zoʻr dumini qisadi. Qarindosh ham “Bor, kuchala yegan joyingga borib tirish!.. Menga bir soʻm berib qoʻyganmisan?.. Men hech narsani bilmayman!..” va hattoki “Qaysi zamonda ota oʻgʻil uchun javob bergan?” qabilidagi dalil-dastaklarni qalashtirib tashlashga, baqir-chaqir qilib turganlardan ham koʻra qattiqroq boʻkirishga urinib koʻrdi; ammo koʻpchilik baribir koʻpchilik-da, buning ustiga, mol achchigʻi – jon achchigʻi: bunaqa mahal qoʻl oʻz-oʻzidan ketmondastaga borib qolaveradi… U yoqda Joʻra ham nomardlik qildi: bosh egib kelgan Qarindoshga uyda borini qirib-qirtishlab, bor-yoʻgʻi toʻrt ming besh yuz ellik besh dollar chiqarib berdi. Ayniqsa oxirgi besh dollar Qarindoshning rosa asabini oʻynatdi: past-da, past; shuyam pulmi? Shuniyam uyalmay tutqazdi-ya! Nima, u sadaqa soʻrab kelgan gadomidiki?! Yana joʻramish… Biroq nima ham qila olardi? Pastkash Joʻraning dasta-dasta dollarlari turadigan seyfning kaliti yonidamidiki… Oxir-oqibat Qarindosh uyini sotishga va oilasi bilan qishloqqa tutashib ketgan dala shiyponiga koʻchib oʻtishga majbur boʻldi.

Adashgan oʻgʻil-ku, yana avfi umumiyga ilinib, qaytib keldi; puliga kuyib qolganlar insof qilishdi – qaytib uni bezovta etishmadi: axir, rang koʻr – hol soʻr… Faqat Qarindoshning alamzadaligi tarqamadi. Ustiga-ustak, bir emas, ikki emas, toʻrt marta borib ham Joʻradan belga tugib qaytarli dalda ololmadi, aksincha, bir-ikki ogʻiz nordonroq gap eshitdi. Qaysi jin urgan, tushunish qiyin, lekin Joʻraning toʻnini teskari kiyib olgani ravshan edi: nima soʻrasa, nuqul “ilojim yoʻq”, deydi, qaysar eshakday oyogʻini tirab turib oladi. “Oʻgʻilni hech boʻlmasa gazzapravkaga joylashtirib ber… ing”, degandi, oʻzini eshitmaganga soldi, Qarindosh uning otasini urib oʻldirib kelganday ekrani bir yarim qulochlik “oynai jahon”dan koʻz uzmagan koʻyi bez boʻlib oʻtiraverdi… E, sadqai odam ket…

Albatta, Qarindosh qishloqqa, el koʻziga dimogʻi chogʻ holda qaytdi va atay ovulning uch-toʻrt xabarchisiga eshittirib aytdiki: “Bizning koʻchadayam bayram boʻlib qoladi… Joʻram vaʼda berdi, hech oʻylanmang, oʻzingizniyam, oʻgʻlingizniyam shaxsan oʻzim borib, yogʻliroq ishga joylab kelaman, dedi…”

Shungayam biron besh yil boʻlib qoldi-yov. Na yogʻli ishdan darak bor, na yogʻsizidan. Ota bekor, yoʻl qarayverib rangi siniqqan oʻgʻil bekor. Yana bosh egib, biron fermerga ketmonchi boʻlib borishga Qarindoshning boʻyni yor bermadi. Yaxshiyam uy bekasi qishloq markazidagi shifoxonada hamshira boʻlib ishlardi: topgan uch-toʻrt soʻmi roʻzgʻorni amallab tebratib turishga yetardi.

Bu yillar ichida… Qarindosh yozishning rosa hadisini oldi. Shaharga borishga yoʻl puli topilmay qolgach, yordam soʻrab avval jondosh-qondosh Joʻrasiga yozdi, undan javob kelmagach, tuzukroq ishga joylashtirib qoʻyishlarini iltimos qilib hokimiyatga yozdi, prokurorga yozdi, sudga yozdi, ijtimoiy taʼminot boʻlimini ham esdan chiqarmadi. Biroq rasmiy idoralardan bir xil javob kelaverdi: “Bu masalada falon tashkilotga murojaat qilishingizni soʻraymiz”. Oʻsha tashkilot, yaʼni, bandlikka koʻmaklashuvchi idora arizagoʻyni roʻyxatga olib olti oyga yaqin nafaqa berib turdi, bu vaqt ichida uch-toʻrt joyga yoʻllanma tutqazdi, biroq Qarindoshga bu ishlarning birontasi yoqmadi: bergani nosvoy puliga yetmaydi-yu… Oqibatda idora pul toʻlab turishni bas qildi, Qarindosh esa “Mana senga!” deganday “yoza-yoz”ni avj oldirdi. Ayniqsa bu borada unga xotini ishlaydigan shifoxonadagi kompyuter juda qoʻl keldi: bu sizga katak qogʻozda ruchka tiqirlatib oʻtirish emas, printerdan biri-ikkinchisidan silliq, chiroyli matnlar koʻzingizni quvnatib chiqib kelaverardiki – Qarindoshning oʻzi ham bu manzarani yosh boladay quvonib-hayajonlanib, yuragi “durs-durs” urgan holda, kaftlarini bir-biriga ishqagan koʻyi kuzatib oʻtirardi, – ularga koʻzingiz tushsa bas, shu zahoti shikoyatchining barcha muammosini hal qilib tashlasam derdingiz…

Qarindosh asta-sekin arizabozlik sarhadini kengaytirdi. Endi faqat shaxsiy dardlargina emas, ovulda sodir boʻlayotgan katta-kichik voqea-hodisotlar, mish-mishlar, turli talqinlaru ajabtovur xulosalar ham Qarindoshni kompyuter klaviaturasi tomon yetaklaydigan boʻldi. Alal-oqibat, bir necha marta kalitni berdirtirmagan bosh shifokor ustidan “Bemorlardan pora oladi… kasalxonani yeb yotibdi… menday bechora ishsizdanam qoʻrqmay pul soʻradi…” qabilida yoza-yoza oxiri uni qoniga tashna qilgan arizagoʻy xuddi yumushga kelganday, roppa-rosa soat toʻqqizda kompyuter saqlanadigan xona eshigi yonida tik turadigan va gʻalaba tovoni undirayotgan muzaffar tomon yangligʻ masrurlik bilan navbatchidan kalitni oladigan boʻldi…

Ikki yilcha boʻlib qoldi-yov, ovulning oʻzlariga toʻq fermerlari kamxarjroq oilalarga sogʻin sigir berish tashabbusi bilan chiqishdi. Olim ferma yaqin xeshim, tus jiyanim deya hech kim yoʻgʻida Qarindoshning shiyponiga ataganini tashlab ketibdi: savob pinhona qilinadi-da.

Shifoxonadagi kundalik “yumushi”dan qaytgan Qarindosh koʻchib kelganlaridan buyon boʻm-boʻsh yotgan bostirma tagidagi bolali sigirni koʻradi-yu… Xullas, Qarindosh hadyani oldiga solib haydab toʻgʻri Olim fermaning uyiga boradi, “Bersang tuzukrogʻidan, semizrogʻidan ber-da, jiyan, buning oriq-ku, qara, umurtqasi sanalib yotibdi, ertaga yiqilib qoladi-ku”, deb toʻpolon qiladi. Fermerning hozir koʻklam payti ekanligi, shunga yarasha hamma sigirlarning ham oriqlaganligi, buyam ogʻzi koʻkka yetsa bas, toʻpposday semirib ketishi haqidagi izohlari oʻjar togʻaga aslo taʼsir qilmaydi. Qarindosh: “Men togʻaman, yetti pirdan azizman, shunga yarasha sagʻrini yaltirab turganidan bersang oʻlasanmi?” deb turib oladi. Asli sirkasi suv koʻtarmaydigan, jahli burnining uchida turadiganlar toifasidan boʻlgan fermer jiyan qattiq asabiylashadi, vujudi dir-dir titray boshlaydi. Soʻng, aytishlaricha, bir emas, ikki marta “Olmaysizmi, togʻa?” deb soʻragan. Qarindosh bunga javoban: “Buni oʻzing pishirib ye, jiyan. Men olsam fermangga kirib, oʻzim tanlab olaman”, degan. Darvoqe, Gollandiyadanmi, qaydandir ellik bosh zotdor sigir olib kelib, uni alohida joyda parvarish qilayotgan Olim fermer, fermasiga togʻasi u yoqda tursin, xotinini ham kiritmasdi. Shungami, togʻaning bu talabi sabr kosasiga tomgan soʻnggi tomchi boʻladi-yu, portlab ketgan fermer “Olmasang olma! Senga bergandan koʻra baliqlarga yem qilaman bularni!” deya bolali sigirni katta kanal boʻyiga sudrab chiqadi va ikkalasini ham shiddat bilan oqayotgan boʻtana suvga otib yuboradi…

Oriq boʻlsayam, sigirdan, demakki sut-qatiqdan quruq qolgan togʻa alam ustida sarkash jiyani ustidan erinmay yozdi, qayta-qayta yozdi, foyda boʻlmadi. Kelgan komissiyalarga Olim fermer: “Mulk meniki! Agar gʻing desalaring, qolgan sigirlarniyam kanalga otib yuboraman! Sizlarga shu kerakmi?” deya oʻshshayib turavergan. Qarindosh hayvonlarni himoya qilish jamiyatidan ancha umidvor boʻlib turgandi, biroq bu muassasaga yoʻllangan shikoyatlar suvga choʻkkan ona-bola sigir misoli izsiz yoʻqoldi…

 

II

Xullas, ertalabdan hovliga qadam ranjida qilgan Qarindosh Elmurod domlani hovli adogʻidagi molxona devoriga suyab qoʻyilgan mahobatli darvozani mehr bilan artib-surtayotgan holida uchratdi.

Odatdagi salom-alik, qisqacha hol-ahvol soʻrashishlar, uyga (toʻgʻrirogʻi, hovli chekkasidagi chorpoyaga) taklif qilishu, buni minnatdorchilik ila rad etishlardan soʻng Qarindosh chor-atrofga bir muddat diqqat bilan, aytish mumkinki, tanqidiy koʻz tashlab chiqqach, dabdurustdan:

– Domla, endi ustingizdan yozmasam boʻlmaydi, – deb qoldi.

Elmurod domla avvaliga ajablandi, soʻng “Notoʻgʻri eshitmadimmikan?” degan oʻyda chaqirilmagan mehmonning jiddiy yuziga tikildi. Yoʻq, qoʻnoq hazillashayotganga oʻxshamasdi.

Bu taxminni tasdiqlaganday, Qarindosh ishonch bilan takrorladi:

– Domla, endi ustingizdan yozmasam boʻlmaydi.

Elmurod domla oʻzini majburlab jilmaydi:

– Yozishga arziydigan nima gunoh qilibmiz?

Qarindosh hovliga ishora qildi:

– Otangiz bir noskash edi. Endi shunday odamning bolasi qanday qilib hovlini buzib, oʻrniga qasr soladi, a?

Domla xotirjam gapirishga urindi:

– Qasr emas, toʻrt xonali oddiygina uy, aka.

Qarindosh boʻsh kelmadi, endi darvozaga ishora qildi:

– Bizam suv koʻrmasdan etik yechmaydiganlardanmiz. Oddiy uyning darvozasi bunaqa boʻlmaydi, uka.

Domla sal asabiylashdi:

– Qanaqa boʻladi?

Qarindosh savolga javob bermadi, buning oʻrniga choʻntagidan yondaftarcha va ruchka oldi, nimanidir yozishga hozirlandi.

– Xoʻsh, oyligingiz qancha, uka?

– Nima edi? – xoʻmrayib soʻradi Elmurod.

– Aytavering. Men oddiygina uy qurish uchun ham necha yillab yemay-ichmay, bir soʻminiyam sarflamay yigʻishingiz kerakligini birpasda hisoblab tashlayman. Siz boʻlsa, ikki yil burun singlingizni chiqardingiz, endi boʻlsa qasr qurayapsiz…

– Qasr emas, oddiy uy…

– Baribir. Hozirgi zamonda uy qurishning oʻzi boʻladimi? Demak, bundan kelib chiqadigan xulosa shuki, siz noqonuniy daromad topayapsiz. Katta daromad…

Elmurod domla angrayib qoldi:

– Qanaqasiga?

Qarindosh oʻpkasini toʻldirib nafas oldi, pishillab nafas chiqardi:

– Shunaqasiga. Institutda studentlardan pora, oʻqishga kiritishga yana pora…

Domlaning jahli chiqdi:

– Ogʻzingizga qarab gapiring, aka!

Qarindosh domlaga tik qaradi:

– Ogʻzimga qarasam-qaramasam bor gap shu, uka.

– Tuhmat qilmang!

Qarindosh hovli oʻrtasidagi daraxt tagida turgan eski stol-stullarga, daraxtga qoqilgan doskaga ishora qildi:

– Balki hali repetitorlik qilayotganingizdan ham tonarsiz. Agar tonmasangiz, marhamat qilib litsenziyangizni koʻrsatsangiz. “Fuqarolarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi, “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlarga koʻra, buni sizdan talab qilishga mening haqqim bor. Siz esa litsenziyani koʻrsatishga majbursiz.

Elmurod domla angrayib qoldi. Zero, toʻrt-besh yil boʻlib qoldi, chindan ham mart-iyun oylarida qishloq bolalarini oʻqitadi, ammo shu paytgacha biron marta biron kishi undan litsenziya soʻramagan.

Domlaning qanday ahvolga tushganini koʻrgan Qarindosh qoniqish bilan, mamnun iljaydi:

– Shunaqa, Berkin akamning bolasi, shunaqa. Demak, noqonuniy faoliyat olib borganingizni oʻzingiz ham tan olasiz, shundaymi? Shunday deb yozaveraymi?

Domla ilon sehriga tushgan odamday Qarindoshning yondaftar sahifasi ustida yoʻrgʻalayotgan qoʻliga angrayib qarab qoldi.

– Yozaveraymi? Qoʻl qoʻyib berasizmi?

Nihoyat Elmurod domla bir seskanib oʻziga keldi:

– Qanaqa qoʻl, aka? Qanaqa daromadni gapiryapsiz?

Qarindosh koʻp narsani biladigan odamday uy egasiga maʼnodor qaradi:

– Yashiryapsiz-da, a? Mendan-ku, yashirarsiz, lekin kelgan odamlar bor haqiqatni ichingizdan sugʻurib olmay qoʻymaydi, uka. Ha…

Domla ochiq havodagi qoʻlbola sinfga ishora qildi:

– Aka, rostdanam oʻn bitta bolani oʻqitaman. Beshtasi yaqin qarindoshlarimning bolalari, ulardan bir tiyin olmaymanam, ololmaymanam.

Daftarchasiga nimanidir yozishda davom etayotgan Qarindosh istehzoli iljayib qoʻydi, xolos. Elmurod domla izoh berishda davom etdi:

– Qolgan oltitasi ham begona emas. Bittasi Mannon fermerning qizi. U kishi qizimni oʻqitib ber, yil yaxshi kelsa uch qop gʻalla beraman degan. Yana bittasi Qurol doʻxtirning bolasi. Vaqt-bemahal doʻxtirga ishimiz tushib turadi, shuning uchun u kishidanam pul olmayman. Yana ikkitasining otasi “Bolamiz oʻqishga kirsa bir narsa tashlab ketarmiz”, degan. Shunda pulga oʻqiydigan ikkitasi qoladi, xolos. Ularam…

Yozishni tugatgan Qarindosh yondaftarchani yopdi:

– Har qalay, butun boshli qasrni ikkita bolani oʻqitganim evaziga quryapman deb meni laqillatmassiz, uka? Aldagani bola yaxshi-ya?

Elmurod domlaning burun kataklari kerildi:

– Aka. Men sizga izoh berishga majbur emasman. Boring, koʻring, kerak boʻlsa tekshiring, institutda bir yarim stavka ishlayman…

Qarindosh hi-hilab kuldi:

– Ikki yildan beri qabul komissiyasining aʼzosisiz…

Domlaning yuziga olov tepdi, shungami, tishlari gʻijirlab ketib, asabiylashayotganini sezdirib qoʻydi:

– Hozir test, aka, test…

– Bilamiz, bilamiz, buning ham yoʻlini topib qoʻygansanlar… Testdan jaraq-jaraq pul ishlamasangiz, bunaqangi qasrni tushingizdayam koʻrmasdingiz?

Elmurod guvala, eski-tuski qurilish materiallari sochilib yotgan hovliga ishora qildi:

– Qani siz aytgan qasr?

Qarindosh pinagini buzmadi:

– Bugun boʻlmasa ertaga quriladi-da, uka. Harom pulning sassigʻiga uxlay olmay chiqadigan boyvachchalar uchun bitta qasr nima degan gap? Shahardanam uch-toʻrttasini olib qoʻygandirsiz? Birovlarning nomiga, a?

Boʻgʻriqib ketgan domlaning qoʻllari musht boʻlib tugildi:

– Maqsad nima, aka?

– Maqsad sizni fosh qilish.

– Mening nimamni fosh qilasiz?

– Sizda gap koʻp, uka, gap koʻp. Sezib turibman, yurishlaringiz bejo…

– Haqorat qilmang-da, aka, borib, bemalol xohlagan joyingizda xohlagancha fosh qilavering.

– Boʻpti. Avval institutingizga boraman. Rektoringizga uchrashaman. Oʻnta studentni olib kelib, majburlab ishlatganingizni aytaman. Guvohlarim bor. Suratgayam olib qoʻyganman.

Elmurod domla ingrab yubordi:

– Axir… axir ular hasharga kelishdi-ku. Uyni buzgani…

– Hasharga emish? Odamning kulgisini qistatmang, uka. Kelmayam koʻrishsin-chi. Institutdan haydattirib yuborardingiz. Undan keyin, ish mahali birontasini tom bosib qolsa nima qilardingiz?

– Bu nima deganingiz, aka?

– Siz ana oʻshandayam suvdan quruq chiqib ketardingiz, bular oʻz ixtiyorlari bilan kelishgan, deb. Lekin bilib qoʻying, endi bunday boʻlmaydi. Men bunga yoʻl qoʻymayman! Keyin rektor janoblari ham bilib qoʻysin, uning oylikka yashaydigan oʻqituvchilari qanday qasrlar qurayotganini!

Charchab ketgan Elmurod domla ogʻir uf tortdi va bez boʻlib turgan qoʻnoqqa horgʻin tikildi:

– Boʻldimi, aka?

– Yoʻq, boʻlmadi. Rektoringiz oldidan chiqib, nalogoviyga boraman. Necha yillardan beri litsenziya olmay, repetitorlik qilib kelayotganingizni aytaman. Hech boʻlmasa shuni tan olarsiz?

– Boʻldimi?

– Yoʻq. Bilasiz, hech boʻlmasa eshitgan chiqarsiz, Toshkentda, katta idorada mening jon Joʻram ishlaydi. Unga bir ogʻiz telefon qilib qoʻysam boʻldi, sizning avra-astaringizni agʻdarib tekshirishadi, institutdan ham orqangizga tepib, boshqa joyga ishga kirolmaydigan qilib haydashadi. Sharmanda boʻlasiz.

Elmurod domla Qarindoshga baqrayib qarab qoldi, axiyri arang soʻray oldi:

– Men tushunmayapman, maqsadingiz nima oʻzi, nega meni qoʻrqitmoqchi boʻlayapsiz? Yo mendan uch-toʻrt soʻm undirmoqchimisiz?

Bu gaplarni eshitayotgan mahal mamnunlikdan ogʻzi qulogʻiga yetgan Qarindosh shosha-pisha yondaftariga nimalarnidir qayd eta boshladi:

– Pora taklif qilyapsizmi, demak aybingiz men oʻylagandan ham koʻra katta. Juda katta! Buni ham tirkab qoʻyamiz. Mana, endi boʻldi!

Daftarchasini yopib, darvoza tomon yoʻnalgan Qarindosh uch-toʻrt qadam yurgach, birdan toʻxtadi va ortiga oʻgirilib, uy egasiga qarata xitob qildi:

– Lekin bilib qoʻy, uka, hammani sotib olsang ham meni sotib ololmaysan!

Nimanidir mulohaza qildi shekilli, Qarindosh qaytib domlaning yoniga keldi, uning qoʻlidan tutdi va bilagiga koʻrsatkich barmogʻini nuqigan koʻyi ohista, soʻzlarni dona-dona qilib dedi:

– Men birdan oʻyib olmayman. Asta tirnayman, tirnayveraman. Tirnalgan joy yaraga aylanadi, keyin yiringlaydi, oxiri hammayoqni zaharlab tashlaydi.

Shu bilan Qarindosh hovlidan chiqdi-ketdi.

Elmurod domla uning ortidan angrayib qarab qolaverdi…

 

III

Boshlamasiga rektoratdan suhbatga chaqirishdi. Oddiy fan nomzodi qanday qilib qishloqda qasr qurayotgani, shaharning oʻzida esa bir nechta hovlini birovlarning nomiga olib qoʻygani bilan qiziqishdi.

Elmurod domla izoh beraverib charchadi.

Kelgan komissiya hovlini videoga olib qaytdi. Shu bilan hamma mashmasha tugaganday edi. Ammo ertasi kuni kechga yaqin, dars oʻtilayotgan mahal soliqdan kelib bosishdi…

Bular izoh-pizoh eshitib oʻtirishmas ekan: xolislar ishtirokida darhol dalolatnoma tuzishdi, oʻquvchilarga ham imzo qoʻydirib olishdi. Necha yillar davomida noqonuniy faoliyat olib borganligi uchun Elmurod domla ham otning kallasiday jarima, ham undanam kattaroq soliq toʻlashga majbur boʻldi. Qonunbuzar bundan keyin mazkur koʻrinishdagi faoliyatini davom ettirishi uchun maxsus ruxsatnoma olishi kerakligi haqida tegishli tartibda ogohlantirildi.

Soliqchilarni kuzatib, uyga asabiy ravishda qaytib kelgan Elmurod domla jahl ustida eski stol-stullarni yigʻishtirib tashlayotgan mahal qoʻlbola doska yonidan chiqib turgan mixga bilagini urib oldi. Domla zanglagan mix tilgan joyning sal qizarinqirab qolganini koʻrdi-yu, bunga eʼtibor bermasdan, ishida davom etdi…

Keyingi kuni mahalla profilaktika inspektori tashrif buyurdi. Hasharda qatnashgan talabalar orasida bolalar, yaʼni oʻn sakkizga toʻlmaganlar boʻlmaganligini isbotlagunga qadar Elmurod domlaning ona suti ogʻzidan keldi: buning uchun har bir talaba pasportining nusxasi bilan birga “domlaning uyidagi hasharda oʻz ixtiyorim bilan qatnashdim” mazmunidagi tushuntirish xati ham topshirishga majbur boʻldi.

Shu kuni Elmurod domla mix tilgan joyning qichishayotganini, simillab ogʻrib-ogʻrib ham qoʻyayotganini sezdi, ammo oʻtib ketar degan oʻyda shu joyga loy bosib, ustidan roʻmolchasini bogʻlab qoʻyish bilan kifoyalandi.

Tuman elektr taʼminoti korxonasidan kelib, buzilgan uyda elektr simlari oʻzboshimchalik bilan uzib tashlanganini aniqlashdi, tegishli tartibda bayonnoma tuzishdi va simyogʻochdan uyga kelgan simni ashyoviy dalil sifatida qirqib olib ketishdi…

Elmurod domla bilagining mix tilgan oʻrni lovullay boshlaganini sezdi va roʻmolchani yechib koʻrdi. Yara oʻrni maddalay boshlagandi. Domla doʻxtirga oʻtib kelmoqchi ham boʻldi, ammo avval jarimani toʻlab kelishga qaror qildi. Doʻxtir shu yerda, qishloqda. Omonat kassa esa tuman markazida. Ulgurish kerak. Doʻxtirga ertaga borsa ham boʻladi.

Ertasiga ertalabdan tashkilotiga tushgan “signal” tufayli tekshirishga kelgan tuman meʼmori uyni buzish va oʻrniga yangi uy qurish uchun ruxsatnoma olinmaganligini aniqladi. Eng asosiysi esa, yangi qurilajak uyning tegishli tartibda tasdiqlangan loyihasi yoʻq edi. Bu qanaqasi axir? Uy egasi boʻlmish domlaning oʻquvchilar daftaridan yirtib olingan sahifasiga chizilgan qingʻir-qiyshiq bir nimalari meʼmorlik loyihasi vazifasini oʻtay oladimi? Aslo va aslo yoʻq! Bu axir insonlar hayotini xavf ostiga qoʻyish bilan barobar-ku! Jarima, darhol jarima!..

Bilagidagi yara oʻrni lovullab ogʻriyvergach, Elmurod yana dastroʻmolni yechib koʻrdi. Yara yiringlab ketgandi… Buni koʻrib, Elmurod ertaga ertalabdan, agar osmon uzilib yerga tushsayam, doʻxtirxonaga borishga oʻziga oʻzi vaʼda berdi. Axir odamga sogʻliq kerak-ku!

Biroq domla ulgurolmadi: ertasi ertalabdan tuman gazlashtirish idorasidan kelgan mutaxassis-vakil gaz quvuri amaldagi tartib-qoidalarga zid ravishda kesib tashlanganligini fosh etdi. Uy egasining “Axir olti oydan beri gazning oʻzi tugul, hidiyam yoʻq-ku!” degan izohlari vakilga chivin chaqqanchalik taʼsir qilmadi. Bilʼaks, koʻzlari ola-kula boʻlib ketgan mutaxassis bir zumda vahimali manzarani chizib tashladi: tuyqusdan gaz kelib qoldi, quvur esa kesilgan. Xoʻsh, nima boʻladi? Gaz yigʻilib turadi-turadi-da, keyin birdan… port-lay-di! Tamom-vassalom! Butun qishloq osmonga uchadi! Elmurod domlaning “Axir, gaz qanday qilib ochiq havoda yigʻiladi, bu yerda gaz yigʻiladigan xonaning oʻzi yoʻq-ku!” degan eʼtirozlari ham oʻsha koʻrinmas gaz misoli havoga izsiz singdi-ketdi. Vakil esa shosha-pisha tegishli tartibda bayonnoma tuzdi, kerakli odamlarga imzolatdi va bundoq jinoyatkorona masʼuliyatsizlikka, sovuqqonlikka, loqaydlikka yoʻl qoʻygan uy sohibi eng kam ish haqining falo-on barobari miqdorida jarima toʻlashga mahkum etildi. Zudlikda…

Shu bilan kun kech boʻldi. Koʻngli hovlisiday zimiston Elmurod domla doʻxtirga ertasiga borishga qaror qildi. Aksiga olib domla yana ulgurolmadi: tong saharda qoʻngʻiroq qilishib, rahbariyat uni institutga chaqirayotganini maʼlum qilishdi.

Elmurod domla oʻpkasini qoʻltiqlagancha hovliqib ishxonasiga yetib keldi. Rektoratda unga bu yilgi qabul komissiyasi tarkibidan chiqarilganligini, shuningdek, dars soatlari ham qisqartilganligini aytishdi.

Yuragiga qil ham sigʻmayotgan boʻlsa-da, Elmurod domla institutdan chiqib, toʻgʻri qishloq vrachlik punktiga bormoqchi boʻldi. Biroq yoʻl-yoʻlakay tuman gaz idorasiga kirib oʻtishga qaror qildi: jarimani toʻlash kerak edi. Aksiga olib, yagona badqovoq ayol ishlayotgan kassada odam koʻp ekan, navbatda uzoq turishga toʻgʻri keldi. Boʻyinbogʻ taqib olgan Elmurod domla bunaqa masalalarda oʻta ziyoli edi: hech qachon navbatsiz oldinga suqilmasdi, hatto institut oshxonasida ham talabalar bilan teng navbatda turardi.

Bilagi loʻqillab ogʻriyotgan, issigʻi chiqqan Elmurod domla uyiga qorongʻu tushganda bazoʻr yetib keldi.

Ertasi kuni ertalabdan, domla bir amallab kiyinayotgan, ayoli esa sigir sogʻayotgan mahal darvoza tarafdan “Ilmurod…” degan tanish chaqiriq eshitildi. Domla yanglishmagandi: qishloqda faqat fuqarolar yigʻini raisi Nahalboy akagina uni shunday deb chaqirardi.

Nahalboy aka soʻrida uzoq oʻtirdi, uch choynak choy, bir kosa sut ichdi, boʻlgan voqealarni erinmay surishtirdi, Elmurodning gaplarini tomogʻini taqillatgan koʻyi boshini chayqab-chayqab eshitdi, aloha, hammasining tagiga yetishga vaʼda berib oʻrnidan qoʻzgʻaldi.

Elmurod domla sal yengil tortdi. Ammo u hovlidan chiqishga ulgurolmadi: Mannon fermer kirib keldi. Fermer nega qizi oʻqishga kelmayotgani sababini soʻradi. Elmurod domladan oʻqish vaqtinchalik yopilganini eshitib esa, oʻpkalashga tushdi: bunaqa emas-da, ukajon, ataganimiz kam boʻlsa, mayli, yana bir qop qoʻshay, faqat siz qizimni yaxshilab oʻqiting, domla, doʻst-dushmanning oldida oʻz kuchi bilan bir oʻqishga kirib ketsin…

Elmurod domla fermerni bir amallab kuzatganida vaqt choshgohga yaqinlashib qolgandi. Shundoq eski darvoza oʻrnidan shoshib chiqqan domla kattagina sumkasini yelkasiga tashlab olgan oʻrta yoshli bir ayolga urilib ketishiga sal qoldi.

Ayol oʻzini “BTIdanman, tuman meʼmori topshirigʻi boʻyicha kelganman” deb tanishtirdi. Soʻng sumkasidan yigʻma oʻlchagich chiqardi va buzilgan uyning poydevori oʻrnini oʻlchashga tushib ketdi. Ayolning yakka oʻzi qiynalayotganini koʻrgan Elmurod domla noiloj unga koʻmaklashib turdi.

Oʻlchash ishlari ancha choʻzildi. Soʻng ayol yozib olganlarini kattagina qogʻozga tushira ketdi. Keyin domla chizgan yangi uy loyihasi bilan qiziqdi.

Xullas, ayol ishini bitirgunga qadar soat beshdan oshdi. Endi QVPga borishdan foyda yoʻq edi.

Kechasi chorpoyada yotgan Elmurod domlaning issigʻi koʻtarilib, dagʻ-dagʻ qaltiray boshlaydi.

Buni koʻrib vahimaga tushgan domlaning rafiqasi Qurol doʻxtirning uyiga chopdi…

Shu oqshom “Tez yordam” butun badani oʻtday yonib, oʻzi alahsiray boshlagan Elmurod domlani viloyat markazidagi shifoxonaga olib ketdi…

 

IV

Oradan ikki hafta oʻtdi.

Elmurod domla qishloqqa bir koʻylagining yengi boʻsh holda qaytib keldi…

Kuzga borib Elmurod domla darvozani yarim puliga bir amallab sotdi va usta yollab, bir xonali hujra qurdirib oldi. Qish oʻtib olsin-chi, keyin bir gap boʻlar…

Aytishlaricha, shu kunlarda Elmurod domla doʻkondan yarim kilo mix xarid qilsayam chekini talab qilib olishni unutmas ekan: har ehtimolga qarshi-da, mabodo tekshirib kelib qolishsa, “mana, hammasi qonuniy” deb koʻrsatish uchun…

 

Abduqayum Yoʻldoshev

 

“Yoshlik”, 2014 yil 1-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.