Mitti hikoyalar

0
1404
marta koʻrilgan.

Hoshiyadan tashqarida

Yigit oʻgʻrilik bilan qamaldi. Buni eshitgan birinchi oʻqituvchisi mahbusni koʻrgani keldi.

– Nega unday qilding?..

– Bilmadim… – koʻzini yerga tikdi yigit. – Maktab davri esingizdami? Daftar hoshiyasidan yozuvim chetga chiqib ketsa, “boʻlib turadi”, derdingiz. Oʻshanda qoʻlimga bir urmagan ekansiz. Shunda qonun doirasidan chiqmagan va bu yerda oʻtirmagan boʻlarmidim?..

 

Mehribonlik uyida

Oyim bugun keladimi? – doimiy savolini berdi bola tarbiyachi opasiga.

– Bugun oyingning tobi boʻlmay qolibdi. Tuzalsa, albatta keladi, asalim.

– Mening dadam-chi? Qachon kelarkan? – suhbatga qoʻshildi bir qizcha.

– Dadang ishxonasidan ruxsat ololmayapti. Ishlarini yakunlasa, keladi, asal qizim.

Tarbiyachi ertaga bolalarning savoliga nima deb javob berishni oʻylardi…

 

Kechikish

Hech gul bermaysiz, – maʼyus kuldi ayoli.

– Toʻyimizda berganman-ku! – hazilga oldi erkak.

– Shungayam oʻn yil boʻlibdi-ya…

– Hali senga koʻp gul beraman. Hayotimiz oldinda…

Ammo har kuni gulbozordan oʻtarkan, erkak oʻylardi: “Biror kun albatta gul olaman!”

…Vaʼdasini bajarib nihoyat guldasta oldi. Uni ayolining qabriga qoʻydi.

 

Vatan va sevgi

Ular internetda tanishishdi. Uch yillik yozishmalardan soʻng bir-birisiz turolmasliklarini tushunishdi. Ammo, bir “lekin”i bor edi. Yigit boshqa millat, qiz oʻzga ellik edi.

– Men vatanimni, uyimni tashlab ketolmayman, – dedi qiz. – Birga boʻlishimizni istasangiz, oʻzingiz keling! Shu yerda, mening diyorimda bir umr baxtli-saodatli yashaymiz…

Yigit koʻp oʻylanmadi: darrov rozi boʻldi. Koʻp oʻtmay qizning qarshisida paydo boʻldi.

– Sizga turmushga chiqolmayman, – dedi qiz poyiga choʻkkan yigitga qarab. – Vatanidan, oilasidan bir zumda kechgan inson mendan qancha vaqtda kechib ketarkin? Ortingizga qayting, sizni oq yuvib, oq taragan tuprogʻingizdan ayrilmang.

 

Ijodkor

Men katta yozuvchi boʻlmoqchiman! – dedi u xotiniga, farzandlariga. – Ijod qilayotganimda halal bermanglar!

U tunu-kun ijod qildi. Unga koʻzlarini moʻltiratib tikkan qizini ham, yurak yutib boʻyniga osilolmagan oʻgʻlini ham koʻrmadi. Juftiga bagʻishlolmagan izhorlarini kitobiga bitdi. Farzandlariga ayta olmagan shirin soʻzlarini kitobiga yozdi. Oilasiga koʻrsatolmagan gʻamxoʻrlikni kitobda isbotladi!

U tanildi. Uning shoh asarlari minglab nusxalarda chop etildi. U shon-shuhratga burkandi.

– Endi yetar, – dedi bir kun qoʻlidagi qalamni qoʻyib. – Keksayibman…

Shunday deya atrofiga qaradi: hech kim yoʻq edi. U bir uyum kitoblari ichra yolgʻiz qolgandi.

 

Omilik

U kitobni turfa koʻyga soldi.

Tandirni yoqish uchun tutantiriq qildi. Pista sotayotganda varaqlarini yirtdi. Asabiga tegayotgan pashshalarga qarata qurol qildi. Oʻgʻillariga “samolyot” yasab berdi. Eshik ochiq tursin uchun tirkagich qildi. Deraza oynalarini artdi. Hatto xojatxonada ham foydalandi…

Ammo biror marta oʻqib koʻrmadi.

Yillar oʻtib, nursiz qalbiga nedir yetishmay qoldi… Kitobni qoʻliga oldi. Oʻqiy deganda esa koʻzlari allaqachon nurdan qolgan, qoʻllari esa tinimsiz qaltirardi…

 

Ogʻriqli uchrashuv

Men uni oʻn yetti yoshimda uchratdim. Avtobusda. Onam dam unga, dam menga qarardi. Nihoyat, koʻzlarini deraza ortidagi manzaraga tikdi-da:

– Shu edi… menga doyalik qilgan ayol, – deb shivirladi.

Vujudim koʻzga aylandi. Sharpadek ayol sari odimladim.

– Qoʻlingizdan oʻzim tushib ketganmidim?..

Ovozim shunchalik past chiqdiki, u meni eshitmadi. Avtobus toʻxtadi va u bekatda tushib qoldi. Oqsoqlanmaslikka tirishib joyimga qaytdim…

 

“Ortiqcha”

Keliningizga “bolani oldir”, deb aytdim. Toʻrttasi yetadi oʻzi. Shundogʻam roʻzgʻorga yetkazolmay yuribman… – hasrat qildi oʻgʻil onasiga.

– Shunday degin… Otang ham bir vaqtlar seni – beshinchi farzandimni “oldir” demagan ekan-da? Shunda boyib ketarmidik? Sensiz…

Oʻgʻilni tok urgandek boʻldi.

 

“Obroʻ”

Obroʻimga putur yetkazadigan biror ish qilmalaring! – – ota oʻgʻillariga doʻq urgancha, kecha mastlikda ariqqa yiqilib loy tekkan shimini qoqa-qoqa nari ketdi.

 

“Qimmatli” maslahat

Sevib qoldim, doʻstim… Sendan maslahat olish uchun keldim. Afsuski, u oilali ayol. Boshim qotdi!

– Ayol ham seni desa, birga boʻlinglar. Umr bir marta beriladi, axir! – dedim dangal.

– Eng yomoni shundaki, uning eri…

– E, eri vaqti kelib tushunadi. Sevmagan odaming bilan yashashdan nima naf? – qoʻl siltadim. – Maslahatim, uni baxtli qil!

Doʻstim bilan boʻlgan bu suhbatdan koʻp oʻtmay xotinim meni tashlab ketdi…

 

Hamdardlar

Otasi vafot etdi. Onasi yigʻlab-yigʻlab boshqaga turmushga chiqdi. Bola yangi dadasidan xavfsiradi. “Oʻgay dadalar yomon boʻladi”, deyishgandi oʻrtoqlari. Uni bagʻriga tortmoqchi boʻlgan amakini siltab qochib qoldi. Yertoʻlaga kirib olib oʻz dadasini eslab koʻz yosh toʻkdi.

– Nega yigʻlayapsan? – uni yashiringan joyidan topib oldi yangi dadasi.

– Dadamni sogʻindim…

– Men ham juda sogʻindim, – uning yelkasini siladi yangi dada. – Otam oʻlganida rosa yigʻlaganman. Haliyam qumsayman.

– Sizning ham dadangiz yoʻqmi? – unga hayron boʻlib boqdi bola.

– Ha… sen kabi yolgʻizman, bolam. Doʻst boʻlasanmi men bilan? – koʻzlari namlandi yangi dadaning.

– Boʻlaman… – u uzatgan qoʻllarni tutdi bola.

Hamdardlar har kuni achomlashib birga uxlaydigan boʻlishdi.

 

Ona

“Onajonim” nomli sheʼringiz shunday yuksak mukofotga loyiq koʻrilibdi! Tabriklaymiz, – dedi muxbir shoirga.

– Tashakkur! – magʻrurlandi ijodkor.

Buni televizordan tomosha qilayotgan onaning shodlikdan koʻzlariga yosh keldi. Oʻgʻli mashhur shoir boʻlibdi!

Soʻng Qariyalar uyidagi chiroqlar oʻchirildi. Ona oʻrniga choʻzildi.

 

Folbin

Eshigida odamlar turnaqator boʻlib tizilib olishgan. Biri baxt soʻrab kelgan, biri esa taxt. Kimningdir sogʻligʻi yoʻq, yana kimningdir boyligi. Farzand ilinjida ilhaq, uzuk yoʻqotgan hurkak nigohlar… Barchasi mana shu ayoldan najot istab kelishgan.

Ne ajabki, folbin ayolning na baxti bor, na quvonchi. Eri ketib qolgan, farzandi yarimjon. Karomatgoʻyligi oʻziga kor qilmasa, oʻzgalarga qanday naf keltirishini esa birov oʻylab koʻrmasdi.

 

Nodirabegim IBROHIMOVA

 

“Oila davrasida” gazetasidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.