Minnatli non

0
151
marta koʻrilgan.

Aleksandr KUPRIN

 

 – Sudlanuvchi, sizga qonunga binoan oxirgi soʻz beriladi, – dedi sud raisi toliqqan koʻzlarini arang ochib, loqayd bir ohangda, – oʻz qilmishingizga oydinlik kiritish yoki oʻzingizni oqlash uchun yana nimalarni qoʻshimcha qila olasiz?

Ayblanuvchi bu murojaatdan soʻng bexos oʻrnidan sapchib turdi va asabiy bir holatda ingichka, uzun barmoqlari bilan sudlanuvchi kursisini toʻsib turgan panjarani mahkam ushlab oldi. U koʻrimsizgina, ozgʻin kishi edi, hadiksirar, koʻzlarida aks etayotgan qoʻrquvni yashirishga harakat qilardi. Oq oralab qolgan siyrak soch-soqoli va oppoq kiprigi boʻzdek oqargan rangini xuddi kamqonlik kasaliga chalingan bemor kabi yanada xastahol qilib qoʻygan edi…

U uzoq qarindoshi graf Vensepolskiyning uyida yashab, 23 yanvardan 24 yanvarga oʻtar kechasi oldindan oʻylangan reja asosida uning xonadoniga qasddan oʻt qoʻyganlikda ayblanmoqda edi. Tibbiy ekspertiza ayblanuvchining aqliy va ruhiy holatini oʻrganib, normal deb xulosa chiqardi. Shuning

dek, uning asab tizimidagi baʼzi oʻzgarishlar, yaʼni ichki hissiyotlarini tutib turish holatining zaifligi, kutilmaganda koʻz yosh qilishga moyilligi borligi kabi jihatlar qayd etilgan edi.

Ayblanuvchi shu paytgacha davom etayotgan ayblov ishining muhokamasiga aralasholmay, beparvo, xuddi bu jarayonda ishtirok ham etmayotgandek jim oʻtirgan edi. Oʻta rasmiy tarzda olib borilayotgan sud yigʻilishidagi dabdabali vaziyat, sudyalarning oʻziga xos liboslari, sudya stolining tilla popukli qizil movuti, ikki xil rangda tantanavor bezatilgan keng, issiq zal va uning devorlariga osib qoʻyilgan mahobatli portretlar, sud zaliga yigʻilganlarning maxsus toʻsiq orqasini toʻldirib oʻtirishlari, hovliqma nozirlar, kiborli sud maslahatchilari, sovuqqon prokurorning salobati, himoya chining bemazmun qiliqlari – bularning barcha-barchasi ayblanuvchini yanada esankiratib qoʻygan edi. U goʻyo bahaybat, qoʻrqinchli mashinaning tishlari orasida qolib ketgan-u, bu maxluqni bir nafas boʻlsa-da toʻxtatishga biror-bir inson va biror-bir kuch qodir emasdek edi.

U himoyachisi nutq soʻzlayotgan paytda bir necha bor shart oʻrnidan turib: “Janobi advokat, siz umuman boshqa narsa haqida gapiryapsiz. Voqea aslida unday boʻlgan emas. Menga imkon bering, qilgan aybim haqida oʻzim gapirib beray”, deyishga chogʻlandi, ammo aytolmadi. Unga soʻz berib qolishlarini ham kutdi. Mabodo soʻz berilsa, shu zahoti barcha voqeani, oʻzining oʻsha paytdagi ruhiy iztiroblari, oʻy-xayollari, boshqa birov tasavvur qilishi qiyin boʻlgan barcha ichki kechinmalarini aniq va tushunarli qilib soʻzlab bermoqchi boʻldi. Lekin harakatga tushib ketgan bu beayov mashinaning tinimsiz, befarq aylanayotgan gʻildiraklarini toʻxtatishga uning jurʼati yetmadi.

Sud raisining kutilmaganda aytgan oxirgi gapi umidsizlik holatidan uygʻotib, unga gʻayrioddiy dadillik baxsh etdi. Shu payt oʻzini tutishi xuddi oʻlimga mahkum etilgan kimsaning oʻlimi oldidan jallod kundasiga bosh qoʻyish yoki oʻlim sirtmogʻini boʻyniga solishga qarshilik koʻrsatib, jazavaga tushayotgan holatini eslatib yubordi.

U birdan, yalinganga oʻxshash baland ovozda:

– Ha, janobi rais!.. Xudo haqqi, meni eshiting… Hamma narsani oʻzim gapirib, tushuntirib berishimga ruxsat eting!.. – dedi.

Uni eshitgan sud maslahatchilarining qiyofasi xuddi diqqat-eʼtiborini unga qaratgandek oʻzgardi, sudyalar birin-ketin oldidagi varaqlarga engashdilar, yigʻilganlar esa uning nima deyishini kutib, diqqat bilan jimib qolishdi. Ayblanuvchi soʻzlay boshladi:

– Men oʻtgan yilning boshida bu shaharga kelganimda kelajak hayotim borasida biror-bir rejam yoʻq edi. Chunki men bu dunyoga faqat omadsizlik uchun kelgan boʻlsam kerak, degan fikrda edim. Aslida ham shunday, hayotim davomida menga hech qachon hech narsada omad kulib boqmagan. Hattoki hozir ham qirq yoshga kirganimga qaramay, xuddi yoshligimdagi kabi notavon va tajribasizligimcha qolib ketganimga aslo shubham yoʻq.

Oʻshanda Graf Vensepolskiydan joy topishimda yordam berishini soʻradim. Chunki u kishi marhuma onamning uzoq qarindoshi edi. Saxiy, ochiqqoʻl, oʻzgalardan yordamini ayamaydigan graf esa negadir oʻsha paytda meni hech qayerga joylashtira olmadi, ammo biror qulay sharoit tugʻilib qolgunicha oʻzining uyida yashab turishimni taklif qildi. Men uning uyiga koʻchib keldim. Dastlab u menga qandaydir eʼtibor koʻrsatgandek boʻldi. Ammo tezda uning koʻngliga urdim, shekilli, bormanmi-yoʻqmanmi-parvo ham qilmay qoʻydi. Hatto baʼzan mendan umuman xijolat ham boʻlmasdi. Uyida yurganimga shunchalar tez koʻnikdiki, nazarimda, meni buyum qatorida sanay boshladi. Aynan oʻsha payt dan boshlab mening nochor, achchiq va qaygʻuli, sigʻindilikda toptalgan hayotim boshlandi. Itoatgoʻylarcha soʻzlash va iljayib turishdan boshqa ilojim yoʻq edi.

Oʻsha paytdagi azobli kechmishimni oʻz tanidan oʻtkazmagan inson tushuna olmaydi. Oʻziga toʻq, magʻrur insonlar toifasi nochorlar, ularning tili bilan aytganda “tekinxoʻr, sigʻindilar” haqoratlardan yigʻlaganini, tahqirlardan titraganidagi zaifligini koʻrib, bularni istagancha xoʻrlash, toptash mumkin, ular koʻnikib ketaveradi, deb oʻylaydilar. Ammo, ishoning, tekinxoʻr yoki sigʻindi ekanimni kinoya qilishganida men mutlaqo koʻnikolmadim, aksincha, bunday soʻzlardan juda yomon taʼsirlanganman, ularni oʻta ogʻir olganman. Oʻsha kezlar bunday munosabatlardan mening qalbim qanchalar toptalganini bilsangiz edi. Har bir aytilayotgan soʻz, muomala qalbimni battar ezar, yaralar, xuddi qizdirilgan temir kabi jizillatib kuydirardi, taʼriflashga bundan ortiq soʻz topolmayman. Ammo vaqt oʻtgani sayin bunday xoʻrliklardan qutulishimga ishonmay qoʻydim, chunki kuchim yetmasligini sezardim, oʻta nochor va qoʻrqoq ekanimni bilib turardim. Grafning uyidagi toʻq hayot va undagi men tushib qolgan muhit meni butkul boʻshang qilib qoʻygandi, u irodamning qolganini ham xuddi zang kabi kemirib, yeb bitirdi. Baʼzi paytlar uyquga ketishdan oldin kunduzi xoʻrlanganim alam qilib, gʻazabim qaynar, shundan soʻng oʻz-oʻzimga: “Yoʻq, boʻldi yetar, ertaga bularning barchasiga chek qoʻyaman! Ketaman, Grafning surbetligiyu qoʻpolligini yuziga aytib, ketaman. Bunday pastkashlarcha kun koʻrgandan koʻra yupun kiyimda boʻlsa-da, sovuqda, ochlikda qolib boʻlsa-da, erkin yashagan afzal”, derdim.

Ammo men aytgan oʻsha “ertaga” ham kelar, qarorim oʻz-oʻzidan soʻnardi. Labimni majburan qiyshaytirib, iljayib koʻrinishga harakat qilardim. Har kungidek hijolatdan oʻzimni oʻnglay olmasdim, rejalashtirganim kabi tushlik paytida stolga qoʻlimni shart qoʻyib, ichimdagini toʻkib-sololmasdim. Uning oʻrniga ahvolim oʻta nochor va ayanchli ekanidan yana ozor chekardim, xolos.

Bir kuni garfga uning meni qayergadir joylashtirib qoʻyishni vaʼda qilganini eslatmoqchi boʻlganimda, doimgiday qattiq nigoh qadab eʼtiroz bildirdi:

– Qayerga shoshilyapsiz, azizim?.. Mening uyimda yomon kun kechiryapsizmi?.. Hozircha tura turing-chi, keyin bir oʻylab koʻrarmiz…

Uning bu javobidan keyin men yana jim boʻlib qoldim. Irodamni bukib, itoatkorlik qilishga shunchalar majbur edimki, graf birorta eski kiyimini sovgʻa qilganida, kiyimlari menga katta va keng kelsa-da, hech qanday eʼtiroz bildira olmay kiyar edim. Bir kuni grafning uyiga kelgan mehmonlardan biri egnimdagi koʻylagim togʻavachchamniki bilan bir xil ekanini aytib qoldi. Buni eshitgan bir isqirt va surbet janob, uni muttaham deyishar edi, mendan bezbetlarcha soʻradi:

– Fedorov, yanglishmasak, siz liboslaringizni graf bilan bitta tikuvchiga buyurtma qilsangiz kerak?

Ularning birortasi meni Falonchi Pistonchayevich deb chaqirmasdilar. Graf esa meni tanishtirishni har doim yodidan chiqarib qoʻyardi. Aslini olganda, yigʻilganlarning koʻpchligi tekinxoʻr va sigʻindilardan boshqa hech hech kim emas edi. Ammo ular surbetlarcha grafning atrofida girdikapalak boʻlishar, unga oʻzlarini teng qilib koʻrsatishga, oʻzlarini unga yaqin va munosib sanashga harakat qilishar edi. Men esa ulardan farqli oʻlaroq, oʻzimni chetga olardim, jurʼatsiz va itoatgoʻy edim. Ular menga shunday oʻtkir nafrat bilan qarardiki, bunday yomon koʻrish xoʻjayinning mehri uchun kurashadigan odamlar orasidagina boʻladi, xolos.

Grafning xizmatkori ham shu kasb egalari singari kalondimogʻlik bilan surbetlarcha muomala qilardi. Menga atab ham dasturxonga osh-ovqat, ichimlik keltirishga odatlanishgan boʻlsa-da, ularning malaylarga xos soʻzlari va qarashlaridan menga nisbatan tekinxoʻr xizmatchiga qaragan kabi ijirgʻanishlarini sezar edim. Men turarjoyim, koʻrpa-toʻshaklarimni oʻzim yigʻishtirar va kiyimlarimni ham oʻzim tozalar edim.

Kechalari baʼzan garfning uyida “vint” degan karta oʻyini tashkil qilinar edi. Oʻyinga sherik yetishmay qolgan paytlar, graf menga ham karta uzatar edi. Men esa har doim pulsiz, ammo har gal yutish toʻgʻrisidagi katta istak bilan oʻyinga kirishar edim. Har doim, baʼzan esa ich-ichimdan Xudoga iltijo qilar, yutishimni soʻrab, ishtiyoq bilan oʻyinar edim. Ammo men har doimgidek yutqazib qoʻyardim.

Oʻyin tugab, sheriklar oʻzaro bir-birlari bilan hisoblashayotgan paytda uyatdan boshimni koʻtarolmay, oʻlguday qizarib, titrab, barmogʻimni qayirib oʻtirardim. Bu holat uzoq davom etaversa, chidolmay, oʻzimning xijolatimni bildirish uchun gʻoʻldirab:

– Iltimos… Graf… Hozircha pul masalasida qiynalib turganimdan xabaringiz bor. Mening yutqazganimni oʻzingiz toʻlab turing… Men sizga ertaga qaytaraman… – derdim.

Albatta, bu vaʼdani yolgʻon emas, chindan berardim. Ammo bu qarzimni ertaga ham, indinga ham qaytara olmasligim hammaga ayon edi.

Bir kuni kechasi garf va uning uyiga yigʻilgan mehmonlar avval restoranga, keyin esa ayollar bilan uchrashuvga bormoqchi boʻlishdi. Meni ham shunchaki til uchida taklif qilishdi. Men albatta rad javobini bermoqchi boʻldim. Chunki “yoʻq” degan javobim ularning hammasiga juda maʼqul tushishini bilar edim. Ammo, Xudo haqqi, hanuzgacha tushunolmayman, oʻshanda qandaydir bir kuch meni paltomni shosha-pisha kiyib olishga va ularga qoʻshilib joʻnashga majbur qilgan edi.

Restoranda ovqat payti hamma yayrab, oʻzaro hazil-huzul qilib oʻtirdi. Men esa xuddi oʻrgatilgan kuchuk kabi tinmay qiyqirib kular edimki, bu menga behisob huzur baxsh etardi. Ammo xayolimga biror-bir qiziq yoki kulgili fikr kelib qolsa, men uni aytib beray desam, hech kim menga eʼtibor qilmasdi. Men qanchalik ogʻiz juftlashga urinmay, shu zahotiyoq soʻzimni boʻlishar edi. Bir soʻzni oʻninchi bor aytishga harakat qilib, hamsuhbatlarimning koʻzlariga birin-ketin qarar ekanman, birortasining ham nigohi nigohimga qadalmasdi…

Ayniqsa, menga kechasi dahshatliroq edi. Xuddi koridorga oʻxshash, hamma kirib-chiqadigan tor xonada uxlar edim. Toʻshagim prujinalari choʻkib, oʻrtasi qiyshayib qolgan, tolasi titilib, tashqariga chiqib yotgan eski uzun kursi – kushetka edi. Oldindagi ikki oyogʻining yoʻqligi uchun oʻrniga chamadonimni qoʻyib olgandim. Bu oʻrindiqni qanchalik yomon koʻrishimni tasavvur ham qilolmaysiz! Uni hatto dushmanimga ham ravo koʻrmayman. Eski narsalarga oʻta oʻch boʻlgan ashaddiy eskifurush ham bunday rasvo, eski narsaning bahridan allaqachon kechgan boʻlar edi. Navbatdagi uzun kechalar har kuni takrorlanar, chidab boʻlmas azobli, uyqusiz tun oʻz bagʻriga chorlar edi. Nihoyat men oʻsha kech ham joyimga yotdim. Yotoq kursining bukchaygan qiyshiq joyi yelkamga botib, qaddimni tobora buka boshladi. Chiqib turgan prujinalar ikki yonimdan tanimga botar, yostigʻim juda kichkina boʻlgani uchun boshimda turmay, surilib ketaverar edi. Besh daqiqa vaqt oʻtgach, har doimgidek belim va yelkamda ogʻriq sezdim. Boshim qizib, bechora miyamda turli oʻy-xayollar aylanib, goʻyoki talvasa oʻpqonida charx ura boshladim… Shunda aql bovar qilmaydigan, hech qachon roʻyobga chiqmaydigan, ushalmaydigan rejalar birma-bir miyamga kela boshladi. Negadir tunda bu kabi xayoliy rejalarga ishonardim, ammo tong yorishishi bilan ular meni xuddi isitma aralash alahsirash kabi dahshatga solardi.

Kunduzgi hodisalarning taassurotlari, oʻzim va boshqalarning aytgan soʻzlari, kechgan har bir dilsiyohlik, kamsitish va haqoratlar qayta-qayta xotiramda jonlanardi. Meni qiynoqqa solib, birin-ketin yodimga tushayotgan bu kabi dahshatli kechinmalar, iztiroblar ichida borligʻimni jizillatib kuydirguvchi azoblardan yonib, kul boʻlardim. Bu holatimni faqatgina yolgʻizlikka mahkum va xoʻrlangan insongina tasavvur qilishi mumkin, xolos. Bunday yaramas oʻylarni xayolga keltirar ekanman, goʻyo qalbimning tub-tubidan jirkanch balchiq kavlab olayotganday his etardim oʻzimni… Yoʻq… bunday narsalar haqida sud zalida, hatto oʻzing ni himoya qilish uchun ham gapirib boʻlmaydi…

Garfning doʻstlari men yotgan qiyshiq kursining yonidan oʻtaverishda masxara qilishni yoqtirardi. Ular kushetkamni “qiynoq kursisi” deb atardilar.

Oʻsha men jinoyat sodir etgan kunim grafning tanishlaridan biri janob Lbov barcha ulfatlarni restoranga taklif qilgan edi. Chunki u merosga ega boʻlgandi. Men ham kiyina boshladim. Zinaga chiqayotgan paytda janob Lbovga noxos turtinib ketdim va darhol uzr soʻradim. U esa:

– Hechqisi yoʻq, ahamiyat bermang… – dedi. Soʻng toʻsatdan qoʻshib qoʻydi: – Ha, aytgancha, Fedorov, bekorga ovora boʻlyapsiz, sizni hech kim taklif qilgani yoʻq.

Bu ayovsiz soʻzlardan dovdirab, nima qilishimni bilmay, pillapoyada toʻxtab qoldim. Mehmonlar shovqin solib, birin-ketin eshikka chiqayotgan edilar. Ulardan kimdir menga qarab:

– Bora qoling, oʻzingizning oʻsha qiynoq kursingizga, – deya qichqirdi.

Uning gapini boshqasi ilib ketdi:

– Rohatijon kursingizga, desangiz-chi!

Ular yayrab kulishgancha, restoranga joʻnab ketishdi. Men qaytib kelib, oʻrnimga choʻzildim. Ich-ichimda esa nimagadir damba-dam “Ular aytgan gaplaridan afsuslanishadi, meni olib ketish uchun kimnidir yuborishadi”, degan xayol oʻtardi. Ammo hech kim kelmadi. Shundan soʻng noiloj, alamimdan ikki-uch soatcha achchiq koʻzyosh toʻkdim. “Rohatijon kursi”ning azblari ustiga ustak boʻldi. Sekin oʻrnimdan turdim. Yuragim ana shu kursiga nisbatan nafrat bilan toʻlgandi. Shlyapamdan bir necha boʻlak karton sugʻurib oldim, uni eski gazetaga oʻrab, kerosinga botirdim va kursining tagiga qoʻyib, oʻt yoqdim. Oʻsha paytda mening hushim, ixtiyorim umuman oʻzimda emas edi.

Oʻzimga kelganimda butun xona olov ichida edi. Qilgan ishimdan qattiq dahshatga tushdim va odamlarni yordamga chaqirdim. Qolgan gap sizga maʼlum, janob sud maslahatchilari…

 

Rus tilidan Dilorom Murodova tarjimasi

 

“Yoshlik”, 2016 yil 6-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.