Mehribon

0
82
marta koʻrilgan.

Kechagina bahorning nafasi ufurib turgan tabiat yana qovoq-tumshugʻini osiltirib oldi. Oqshomga yaqin jimirlab yogʻa bosh­lagan yomgʻir qorga aylandi. Tuni bilan yogʻib chiqqan qor tongda tinib, izgʻirin shamol butun borliqni zabtiga oldi. Sobir molxonaga boradigan yoʻlning qorini kurab, sigirga yem-xashak tashlab qaytguncha sovuqda tarashadek qotdi. Qoʻli qip-qizil boʻlib achisha boshladi. U kaftiga quh-quhlab uyga qaytarkan: “Fevral arosatga oʻxshaydiya, kechagina bahor edi. Bugun yana qish”, deb xayolidan oʻtakazdi. Keyin tandir boshida etigini echib, kalish kiydi. Ust-boshini qoqib uyga kirdi. Qarasa, xona toʻrida ammasi – Mehri opa oʻtiribdi. Sobir ostona hadlashi bilan ammasi oʻrnidan turib quchogʻini keng ochdi. Sobir salom berib ammasi bilan koʻrishdi. Mehri opa jiyanini bagʻriga bosib, uni yosh boladay erkalab:

– Ogʻajonimdan, suyangan tovim, ishongan bogʻim! Mehribonim!!! – dedi. Ular ahvollashib boʻlar-boʻlmas Sobir ammasini savolga tutdi.

– Kim bilan keldingiz?

– Menga jin urarmidi, oʻzim kelaberdim, – dedi Mehri opa.

– Shu sovuqda sizga zarilmi, amma? Bir ogʻiz telefon qilsangiz moshin bilan olib kelardim.

– Issigʻiyam-sovugʻiyam oʻzimizniki. Chidaymizda endi. Xudoning bergan kuni.

Sobirning koʻksida bir narsa chirs etib uzilganday boʻldi. Ammasining: “Issigʻiyam-sovugʻiyam oʻzimizniki”, degan gapi jon-jonidan oʻtib ketdi. Demak ammasini kimdir hafa qilgan. Mehri opa esa birovga aytib-aytmay tugunini koʻtarib koʻchaga chiqqanu Sobirning uyigacha boʻlgan bir yarim chaqirimlik yoʻlni poyu-piyoda bosib oʻtgan. Bu yoʻlni shunchaki yurib oʻtsa ham mayli edi, kelguncha necha joyda toʻxtab, yigʻlayverib bugʻilib qolgan nafasini rostlab, keyin yana qishloq boshidagi tutqatorda koʻz yoshlarni artib, yuzini ariqdagi sovuq suvga chayib kelib oʻtiribdi. Endi na birovga arz qiladi va na taqdiridan noliydi. Hamma dardini koʻz yoshiga qoʻshib koʻchaga tashlab kelganu hech bir hasrati qolmaganday kulib-quvonib gurung berib oʻtiraveradi. Siz ahvolini bilish ilinjida qancha qiynoq-qistovga olsangiz ham baribir, Xudoning bergan kuni, birovdan oldin, birovdan keyin boʻlib yuribmiz, deyishdan nari oʻtmaydi.

Darvoqe, Mehri opa turmushdan ajrashgach boshqa oila qilmadi. Yaqinlari qanchalik qistovga olmasin, bir gapda turib oldi: “Erkak zoti shu boʻladigan boʻlsa, qaytib er qilmaganim boʻlsin!”

Oʻshandan buyon u Sobirning ota-onasi va ukasi bilan bir uyda yashaydi. Hozir Mehri opani xafa qilgan ham ulardan biri. Kim boʻlsa ham bilib-bilmay ammasining dilini qattiq ogʻritgan. Mana endi u bir hafta nari-berisida Sobirning uyida yashaydi. Shu vaqt mobaynida Sobirning bolalarini yuvib-taraydi, keliniga nasihat qiladi, uy yumushlariga qarashadi. Boshqa payt qorasini koʻrsatmaydigan qoʻshni ayollar ham kunora gurung axtarib Mehri opani yoʻqlaydi. Ularni kuzatib qoʻygan Mehri opa Sobir bilan tongotar gurung qiladi. Nihoyat, qaysidir kuni Sobirning ukasi yo otasi mashinada kelib signal chaladi. Mehri opa esa boladay quvonib tugun-togʻarasini koʻtarib joʻnaydi. Keyin Sobirning uyi koʻngli kabi huvillab qoladi. Tagʻin u har safar oʻziga-oʻzi vaʼda berib: “Endi ammamni koʻrsam hamma gapni aytib, azob yeb yurishingizga men aybdorman, deyman. Keyin meni urushsa ham, umrbod yuzimga qaramay ketsa ham mayli, bariga chidayman”, deydi.

 

* * *

Oʻshanda Sobir oʻn yashar bola, ammasi Mehri opa esa boʻy yetgan qiz edi. Ular tun-kun bir-biridan ayrilmas, ammasi uy yumushlarini bajarayotganda ham, paxta terimiga chiqqanda ham jiyanini yetaklab yurardi. Oqshomlari esa Sobirning darslarini birga tayyorlashar va jiyanini ertak aytib uxlatar edi. Sobir biror shoʻxlik qilib, ota-onasidan dakki yeydigan boʻlsa ham ammasi uni himoya qilardi. Shu sabab Sobir ota-onasidan ham koʻproq ammasini yaxshi koʻradi.

Oʻsha yili bahorning adogʻida Mehri opani qoʻshni mahallaga uzatib ketishdi. Toʻydan soʻng oradan biror hafta oʻtib-oʻtmay ammasini sogʻinib xar-xasha qilgan edi, onasi Sobirni olib ammasining uyiga bordi. Shu kuni onasi uylariga qaytmoqchi boʻldi, Sobir esa ammam bilan yotaman deb turib oldi. Mehri opa ham jiyanining yonini olib:

– Checha, tashlab ketsangiz ham boʻlaberadi. Uzoq joy boʻlmasa, ketaman deb qolsa oborib tashlaymiz, – dedi.

Noiloj qolgan ona, oʻgʻlini qoldirib yakka oʻzi ortiga qaytdi. Bundan quvongan bolakay kuni bilan ammasining izidan qolmadi. Kechki payt ishdan qaytgan pochchasi Tursinboy aka Sobirni koʻrib:

– Mehmon bola hali ketmadimi? Yarim kechasi turib olib enamni sogʻindim, deb janjal qilmaydimi? – dedi. Mehri opa esa:

– Yoʻq, – dedi. Bu javobdan qoniqmagan pochchasi Sobirga yuzlanib:

– Kechasi siyib qoʻymaysanmi? – deb soʻradi. Sobir uyalib boshini egdi va yoʻq deganday ishora qildi. Tursunboy aka indamay nari ketdi. Zum oʻtmay Mehri opani chaqirib nimadir dedi. Soʻng Sobirning yoniga qaytgan ammasi:

– Ogʻajon, seni jezzang uyga oborib qoʻyadi. Esli-xushli boladay oʻzing tez-tez yurib bor, jezzang ishdan charchab kelgan, xoʻpmi? – dedi. Sobir noiloj rozi boʻldi. Shu-shu boʻldiyu Sobir pochchasini yomon koʻrib qoldi. Boʻlmasa, u Sobirga biror yomon gap aytgani yoʻq. Lekin bari bir Sobir pochchasi haqida oʻylasa koʻz oldiga ertakdagi yomon odamning qiyofasi kelardi.

 

Toʻydan keyin uch oy oʻtar-oʻtamas Mehri opa shom qorongʻisida uylariga qaytib keldi. Uning yigʻlayverib koʻzlari qizarib shishgan, oʻzi ham bir ahvolda edi. Mehri opa uyga kirishi bilan yangasining boʻyniga osilib uvvos tortib yubordi. U oʻzini tutolmay yigʻlarkan: “Checha, bu doʻzaxda yasholmayman… Enam tirik boʻlganda buncha xoʻrlanmasdim… Uyini yelkamning chuquri koʻrsin”, derdi. Yangasi esa uni yupatishga urinardi. Mehri opa tagʻin battar yigʻi-sigʻi qilarkan: “Checha, qaytib u uyga bormayman”, dedi. Sobir ammasi avvalgiday uylarida yashashini eshitib, bolalarcha soddalik bilan sevindi. U bobosi va otasi oʻtirgan xonaga yugurib kirar ekan:

– Ota-ota, suyunchi bering, – dedi.

– Ha, nima gap? – dedi otasi umidvor qarab.

– Ammam endi uyimizdan ketmaskan. Har doim biz bilan yasharkan!

– Tilim bor deb valdirayverasanmi, tirrancha, – deb otasi Sobirning yuziga tarsaki tortib yubordi. Keyin qilgan ishidan afsuslanganday yuzi ayanchli tus olib:

– Bor yoʻqol, koʻzimga koʻrinma, – dedi.

 

* * *

Kelinlik uyidan qaytib kelgan Mehri opani kimdir almashtirib ketganga oʻxshardi. Zero, u Sobirning darslariga yordam bermas, ertak ham aytmasdi. Aksincha, iloji boricha Sobirni ertaroq uxlatib, yuzini yostiqqa bosib piqqillab yigʻlaydi. Maboda Sobir uygʻonib ketsa, uni bagʻriga bosib: “Seniyam qoʻrqitib yubordim-mi? Boʻldi, endi yigʻlamayman, uxla”, deydiyu tagʻin koʻz yoshini tiyolmaydi. Sobir suyagi qotmagan barmoqlarni musht qilib tugadi. Soʻng oʻzini ammasi aytib bergan ertak qahramoniday his etib, xayolan pochchasining adabini berib qoʻyadi.

Oʻsha tunda ham Sobir odatdagiday ammasi yigʻlagani uchun uxlay olmay yotgan edi. Xonaga Sobirning onasi – Shodiya xola kirib keldi. Uni koʻrgan Mehri opa oʻrnidan turar-turmas koʻzini artdi.

– Koʻz yosh bilan ish bitmaydi, egachi. Agar koʻz yosh bir narsani hal qilganda enangiz tirilib kelardi, – dedi Shodiya xola.

– Chin aytasiz, checha. Koʻz yoshdan foyda yoʻq. Ertaga ketaman. Sizlarniyam ziq qilib yubordim. Nima boʻlsayam peshonamdan koʻrib yashayberaman, – dedi Mehri opa.

– Hay-hay, kenja qiz, sira unday demang! Shundaygayam akangiz bilan otangizning ochchuvi chigʻib oʻtiribdi. Necha kundan bermagʻon bir kelib xabar olmadi, bizning qadrimiz shunchalikmidi, deb. Ming qilsayam qizimiz yerda yotgan toshmasku, hech boʻlmasa kelib aybini aytib ketsin edi, deyishayapti. Rostiyam shuda, kenja qiz! Hozir otangiz aytibdi, agar uch kunda kelib xabar olsa-oldi, boʻlmasa, borib oʻzim javobini olib kelamanda, tenggi chiqqan joyga berib yuboraman, bir marta koʻngliga qaradik boʻldi, deb.

– Chechajon, keladi, deb ayting. Kuyovingiz yomonmas, enasi bilan singlisi egovlab ado qildi. Shulardan qochib bu kishiyam…

– Mayli, kelsa boʻldi. Bizgayam sizning baxtingiz kerak.

Mehri opa yangasini kuzatib qoʻygach Sobirning papkasidan daftar-ruchka olib, nimadir yozishga tutindi. Sobir bir koʻzini xiyol ochib, ammasini kuzatib yota-yota uxlab qoldi.

Tongda Sobirni uygʻotgan ammasi uning boʻyniga allaqanday tumorni taqib:

– Ogʻajon, bugun bizning uyga borib kel. Jezzang uyda boʻlsa kerak. Mana shu tumorni jezzangga ber. Boshqa birovga ushlatma, xoʻpmi? Meni yaxshi koʻrasan, a? – dedi. Sobir ammasining topshirigʻini diqqat bilan eshitib, ha deb bosh chayqadi.

 

* * *

Sobir muhim topshiriq olgan askarday old-ortiga qaramay yugurib borardi. U avval oʻzlarining koʻchasidan borib katta yoʻlga, undan sal yurib kanal boʻylab ketgan toshloq koʻchaga burildi. Bu koʻchadan odam kam yurar, ammo u qoʻshni mahallaga olib boradigan yagona yaqin yoʻl edi. Sobir toshloq koʻchada tez-tez ketib borarkan kecha ammasi bilan onasi oʻrtasida boʻlgan gurung yodiga tushdi. Keyin nima uchun ammasi bu tumorni jezzasiga berib yuborganiga qiziqib toʻxtadi. Sobir birov koʻrib qolishidan choʻchib tol panasiga oʻtdi. Keyin boʻynidan tumorni olib, uning chokini soʻtdi. Tumorning ichiga ikki varaq qogʻoz qatlab solingan edi. Qogʻozning toʻrt beti ham qizil va koʻk ruchkada bezab yozilgan ekan. Sobir kanal boʻyida oʻtirib olib uni oʻqiy boshladi: “Sogʻinchli xat!..”

Sobir maktubni xatm qilarkan  bu satrlarni ammasi yozganiga ishongisi kelmasdi. Ayni damda pochchasiday yovuz odamga bunday shirin soʻzlarni yozgan ammasi ham oʻsha ertaklardagi kabi qiyofasi oʻzgaradigan jodugarday koʻrina boshladi. Sobir oʻzini aldangan va xoʻrlanganday his etib, alam bilan:

– Yoʻq, ammam faqat meni yaxshi koʻradi, sogʻinadi, – dedi. Keyin xatni yana avvalgiday qatladi va oʻylab oʻtirmasdan maktubni maydalab yirtdi. Soʻng uni tol tagiga koʻmib tashlamoqchi boʻldi. Ammo qachondir ammasi kelib xatni topib olishidan choʻchib, nima qilarini bilmay oʻylandi. Tagʻin nima boʻlsa-boʻlar deganday qogʻoz qiyqimlarini kanalga qarata uloqtirdi. Soʻng “jinoyat” izini yoʻqotish uchun “tumor”ning  lattasi va ipini biriktirib toshga oʻrab uni ham qogʻozning izidan otib yubordi. Ammasi shubhaga bormasligi uchun yana biroz koʻchada sangʻib yurdiyu uyiga qaytdi. Uning kelganini koʻrgan Mehri opa Sobirni bir chetga tortib gapga tutdi:

– Tumorni oborib berdingmi? Jezzangning qoʻliga tutqazdingmi? Nima dedi?.. hech narsa demadimi? Mayli. Sen-chi, tumorni ochib koʻrarkansiz, dedingmi?.. Ha, yaxshi! – dedi va Mehri opaning tund qiyofasi ochilib, shuncha vaqtdan buyon birinchi marta jilmaydi.

 

* * *

Aytilgan muddat yaqinlashgani sari Mehri opaning koʻnglini qoʻrquv egallay boshladi. Endi u tez-tez Sobirni savolga tutar va oʻsha kungi gaplarni takror soʻrardi. Sobir esa “tumor”ni egasiga yetkazib berganini takrorlashdan charchamasdi.

 

Koʻp vaqt oʻtmay Mehri opaning kelinlik uyini toʻldirib turgan koʻrpa-toʻshak va boshqa buyumlarning yarmini olib kelishdi. Ularni Sobir va ammasi yotadigan oʻsha xonaga joylashtirishdi. Narsalarning koʻpligidan taxlagan koʻrpalar xonaning yagona derazasini toʻsib, zimiston qilib qoʻydi. Endi bu xonaga kunduz kunlari ham chiroq yoqib kirilar, hali ohori ketmagan buyumlar chiroqning xira yogʻdusida qandaydir sirli, jozibador boʻlib koʻrinsada, ularga qaragan kishi koʻnglida iztirobli achinish hissini uygʻotardi. Mehri opa dunyoga sigʻmay ketgan chogʻda shu xonaga qamalib olib, koʻrpayu yostiqqa yuzini bosib yigʻlar, kuni bilan u yerdan chiqmay oʻzi uchun aziz boʻlgan narsalarga termulib oʻtirardi. Uning bu nigohida kimnidir intizor kutayotgani shundoq bilinib turar, ana shu ilinj, umid Mehri opani hayot bilan bogʻlab turgan edi.

Mehri opa ularni qanchalik asrab-avaylamasin buyumlar zax va qorongʻi xonadan birma-bir chiqib toʻzib ketdi. Beshavqat yillar Mehri opa uchun azizu mukarram boʻlgan bu buyumlarning ohoriga qoʻshib barakasini ham uchirdi. Endi bu buyumlarga uyning istalgan burchagida duch kelish mumkin edi. Ammo Mehri opaning koʻzidagi oʻsha ishonch, umid hali-hamon soʻnmagan va kimnidir intiq kutardi. Bu ayniqsa, hozirgiday yaqinlaridan hafa boʻlib Sobirning uyiga kelgan chogʻlarida aniq seziladi. Ayni chogʻda Sobir ammasining koʻziga qarab oʻsha savollarni oʻqiydi: “Tumorni oborib berdingmi? Jezzangning qoʻliga tutqazdingmi?? Nima dedi?!!” 

 

Bobo RAVSHAN

 

1985 yili tugʻilgan.

Qator hikoyalari, “Shom va tong orasida” qissasi chop etilgan.

 

“Yoshlik”, 2018/5

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.