Mehmondorchilik

0
148
marta koʻrilgan.

Jaloliddin oilada kenja farzand. Biroz soddaligini aytmasa, juda qoʻli ochiq, xokisor yigit. Bir aka, toʻrt opa-singilning biri qoʻyib-biri keksalarni koʻrgani ota uyiga keladi, koʻpincha quruq qoʻl bilan… Lekin hammasi zoʻr, aka shaharda, amaldor, mashina olib yuradi. Oʻsha yoqda oʻqib, uy-joy qilib qolib ketgan. Opa-singillar ham boru bardam joylarga tushgan, hamisha zebu ziynatlarga burkanib yurishadi, katta-katta gapirishadi. Ular kelishsa, Jaloliddin borini bozor qilib, dasturxonga toʻkadi. Choʻntagida bir mirisi qolmagan esa-da, mehmonlarning yonida askiya aytib, kulib-kuldirib oʻtiraveradi. Bu narsa xotiniga sira ham yoqmaydi: “Ota-onani koʻrgani kelgan mardum bundogʻ toʻrttagina non bilan ikki kilogina goʻsht koʻtarib kelmaydimi? Bularingiz faqat yeb-ichib ketish uchun kelishadi. Uyalishmaydi”. Jaloliddin xushomad tarzida xotinining yelkalarini silab qoʻyadi: “Bular bizni bobo bilan momoning nafaqasini yeb yotibdi, juda boy deb oʻylashadi-da, xotin. Qoʻyaver, boy boʻp yuraylik”. “Ha, ye-yeb yotibmiz botmonlab. Keksa odamlar, biri qoʻyib, biri kasal boʻladi, deyishmaydi. Hamma keldi-ketdini biz kuzatsak”. Xotinining rostakamiga qahri kelsa, Jaloliddin yosh boladek ilojsiz shumshayib qoladi: “E-e, xotin, meni uyaltirma, iltimos!..”. Ammo-lekin, xotini unga har qancha zahrini sochsa ham mehmonlarning yonida goʻyo unga hech narsa malol kelmayotgandek hamisha kulib turaveradi. Ayniqsa, shaharda yashaydigan akasi ayoli bilan kelganda juda qiynalishadi. Mehmonlarni ziyorat qilib ketaylik, deb, hamma opa-singil bola-chaqasi bilan ularnikiga jamlanishadi. Bu mehmonnavozlik koʻpincha hafta-oʻn kun davom etadi. Yana ketishayotganda “Qoʻy goʻshti, mol goʻshti, tandir goʻshti, dumba, suzma, qorinyogʻ, olma, anor, xurmo…”, xullas, oʻzlari yilda bir marta dasturxoniga qoʻymaydigan noz-neʼmatlarga sumkalarini toʻldirib kuzatib qolishadi. Ular ketishgach, xotini haftalab Jaloliddin bilan gaplashmay yuradi. “Kenja farzand boʻlgach, shu-da, xotin. Ota-onam tirik ekan, shu yerga kelaverishadi, nima qilay axir? Men ularni chaqirib olayotganim yoʻq-ku!”, deb necha bor yalinsa ham to oʻzi ochilmaguncha, tumtayib yuraveradi. Ammo ota-ona oʻtib ketgach ham, ularning uylari “mashvaratxona”ligicha qolaverdi. “Ota-onamizdan qolgan uy, shu yerga kelsak, ularni koʻrgandek, ovozlarini eshitgandek boʻlamiz”, deyishadi kelganlar.

Xotini hisob-kitobni, sayru sayohatni juda yaxshi koʻradi. “Ularni shuncha yildan beri mehmon qilamiz, biz ham bir borib, mehmon boʻlib kelaylik. Shahar juda goʻzallashib, oʻzgarib ketgan deyishadi. Jondek jigaringiz boʻla turib, bir marta borolmaymizmi?” deb sira holi joniga qoʻymadi. Shu yil bolalar yozgi taʼtilga chiqishgach, nihoyat yoʻl tadorigiga tushishdi. Shaharlik yanga yaxshi koʻradigan goʻshtlardan olib, muzxonada ikki kun muzlatib, bir sumkaga solishdi. Ikkinchi sumkaga hoʻl meva, qand-qurs, non-patir olishdi. Besh-olti kun qolib ketsak, ogʻirimiz tushmasin, deyishdi-da. Oʻzi yoʻlga chiqayotgani uchun xotini ham bu xarajatlardan malollanmadi.

Necha dovonlardan oʻtib, tongga yaqin shaharga kirib borishganda mudroq koʻchalar huvullab yotardi. Birinchi boʻlib akasi telefon qildi: “Yaxshi kelyapsilarmi? Qayerlarga yetib qoldinglar?”. Sal oʻtib xotinining telefoni jiringladi, yangasi ekan: “Kelay deb qoldinglarmi? Taksistdan soʻrang-chi, biznikigacha qancha yurarkansizlar? Yana bir soat, deydimi? Eh-he, ayting, tezroq haydasin”. Xullas, er-xotin to uyga kirib borgunlaricha biri qoʻyib, biri qoʻngʻiroq qilar, unga sari Jaloliddin xotini bilan taksistning oldida ularning bezovtaliklari va mehribonliklaridan gʻururlanar, atrofga alang-jalang qarab, terisiga sigʻmay borardi: “Bizzi aka bilan yangaga gap yoʻq-da. Yanga doʻxtir. Juda koʻngli ochiq, mehribon ayol. Koʻrishmaganimizga ham bir yil boʻldi. Har yili yozda oʻzlari bizni koʻrgani borishar edi. Bu yil biz sizlarni koʻrgani boramiz, dedik. Rosa sevinishdi”.

Bu joylarda intizomga juda qattiq amal qilinar ekan. Ular uyga kirishlari bilan yanga sumkadagilarni sovutguchga joylab, tandir goʻsht bilan dumba va xoʻl mevalardan “Yoʻlda onamga tashlab oʻtaman”, deya bir salafan xaltachaga oldi-da, “Endi xafa boʻlish yoʻq, ish vaqtimiz boʻlib qoldi. Charchagan boʻlsanglar, yotib dam olinglar. Choy ichaman, desanglar, gazda choy qaynab turibdi, sovutgichda ovqat ham bor. Tushdan soʻng Sanobar darsdan kelib, osh-posh qiladi”, deya ulardan uzr soʻragan boʻldi-da, soʻng eriga “Boʻling. Boʻling, tezroq”, deb shosha-pisha joʻnab ketishdi. Shuncha xarajat qilib, oʻzlaricha ishni doʻndirgandek boʻlib kelgan er-xotin bolalari bilan egasiz uyning oʻrtasida anqayib turib qolishdi. Birinchi boʻlib xotini yorildi: “Hurmatimizni koʻrdingizmi, otajonisi? Sahardan buyon yuz marta qoʻngʻiroq qilishdi, shuning oʻrniga dasturxon yozib, toʻrt taqsimchaga qand-qurs qoʻyib, bir chetga bir choynakkina choyni sochiqqa oʻrab qoʻysa boʻlardi-ku! Bular boradigan boʻlsa, biz bechoralar ikki kun oldin pishir-kuydir qilib boshlaymiz. Ish degan narsani butkul unutamiz”.

Jaloliddin ishtonini bulgʻab qoʻygan boladek koʻzlari jovdirab qoldi. Xotini zahrini sochmasa ham boʻlari boʻlib turgan edi. Buniki qoʻshimcha boʻldi. Xotiniga javoban bir narsalar deb gʻuldiradi, ammo nima deganini oʻzi ham tushunmadi. Taxmondan koʻrpacha olib, xonaning bir chetiga toʻshadi-da, choʻzilib ola qoldi: “E-ee, bor-e, men charchadim”. U rostdan ham juda charchagan edi. Xotini esa bolalarni yetaklab xonadan chiqib ketdi. Biroz yotib, u ham bolalarining izidan oshxonaga oʻtdi. Uni koʻrib, xotini istehzo bilan jilmaydi: “Ilon chaqqan uxlashi mumkin, ammo och odam uxlay olmaydi. Keling, yangajoningiz ajoyib moshxoʻrda qoldirib ketgan ekan, isitdim”. Jaloliddin indamay oshxona stolining bir chetiga oʻtirdi. Dasturxonga oʻzlari olib kelgan tandir kabob, qatlama patir, qand-qurslardan ham qoʻyilgan edi. Uning koʻnglidan kechganlarini his qildi shekilli, xotini andishasizlarcha izoh berib qoʻya qoldi: “Bularning kechadan qolgan moshxoʻrdasiga qarab oʻtiramizmi, hech boʻlmasa, oʻzimiz olib kelgan narsalar bilan oʻzimizni siylaylik”. Jaloliddin dasturxondan nigohini olmay, bosh irgʻadi: “Menga moshxoʻrda bera qol”. Xotini bir kosa ovqatni oldiga qoʻyayotib, yana chaqib oldi: “Ularga ham qolsin, deyapsizmi? Moʻl-koʻl qilib olganmiz-u, hammaga yetadi, yeyversangiz boʻlardi”. Jaloliddin bosh chayqadi: “Shart emas”.

Asrdan soʻng yetib kelgan Sanobar – opasining shu yerda oʻqiydigan talaba qizi – bozorga otlandi: “Togʻa, onam pul berib yubordimi?”. Uning oʻsha pulga bozorlik qilmoqchi ekanligini tushungan Jaloliddin jiyaniga ergashib, bozorga chiqdi: “Bozorligingni koʻtarishib yuboraman”. Xotinining koʻzlari olayib ketdi, itining qiligʻi egasiga maʼlum, ammo indamadi. Xotini adashmagan edi, Sanobar kerakli narsalarni olib ketaverdi, pulini u toʻladi.

Akasi oshning ustida “yarimta” ochdi: “Kelishlaringni bir yuvmasak boʻlmaydi”. Yanga ijirgʻandi: “Shusiz boʻlmaydimi?”. Aka unga javob qaytarmasdan Jaloliddin ikkisi uchun qadah toʻldirdi: “Qani, ol, uka! Senday jigarim borligi uchun va sening sogʻligʻing uchun!”. Jaloliddin kun boʻyi xotinining mingʻirlayverishidan yuragi biroz siqilib turgan edi. Qadahni bir koʻtarishda sipqorib yubordi. Jaloliddinning nazarida negadir akasining ham kayfiyati yoʻqqa oʻxshab koʻrindi. Keyin juft qilishdi: “Akaning sogʻligʻi uchun”, “Bolalarning kelajagi uchun”… Xullas, aka-uka bir shishani dumalatishdi. Soʻng biroz shamollab, oyoqning chigilini yozib olish uchun ayvonga chiqishdi. Akasi tashqariga olib chiqadigan eshikning yonida oʻtirib, uzoq chekdi. Uning ich-ichiga botib ketgan koʻzlari allanechuk gʻamgin edi. Soʻng qayerdandir narda olib chiqdi. Oʻyin ularning kayfiyatini koʻtarib yubordi. Xuddi bolalik paytlaridagidek toshlarni yogʻoch doskaga urib, ozroq kayflari bor emasmi, qiy-chuv qilib oʻynay boshlashdi. Koʻp oʻtmay tanbeh eshitishdi: “Muhtaram erkaklar! Bu uyda yagona mavjudot sizlarmassizlar-ku! Sekin, bolalar uxlab qolishdi”. Keyin ular hovliga chiqishdi. Hovli chetidagi choqqina chorpoyaga oʻtirib, yana chekishdi. Allaqachon elning yotar payti boʻlgan esa-da, havo issiq va dim edi. Aka qoʻlidagi papiros qoldigʻini bir chetga uloqtirib yubordi-da, bir qoʻli bilan uning yelkasidan quchdi. “Kichkinaligingda ham doim shunday oʻtirardik. Shunday yumshoq, shunday shirin bola edingki!.. Lekin tugʻilgan payting seni rosa yomon koʻrganman. Oʻshanda men sakkiz yoshda edim. Sen – uch qizdan keyin tugʻilgan oʻgʻil, eh-he, hamma atrofingda parvona, otam tinmay senga hali kiyimcha, hali oʻyinchoq tashiydi. Mening esa ichim yonadi. Seni oʻldirib qoʻygim keladi. Otamdan qoʻrqqanim uchun indamayman”. Aka xoʻngrab yigʻlab yubordi: “Meni kechir, uka, ana shu yomon xayollarim uchun. Meni kechir!”

Orqadan yanganing ovozi eshitildi: “Boʻldi-da endi, dadasi! Bir kamimiz qoʻshnilarga gap boʻlishimiz qoluvdi. Ertalab ishga borishingiz kerak, uyga kirib yotsangiz boʻlmaydimi?!”

Aka koʻzlarini yengiga artib oʻrnidan turdi: “Rostdan ham… Endi yotish kerak. Yaxshi yotib tur, uka”.

Ertasi kuni ham ular shoshib ishga ketishdi: “Kechirasizlar-da, rahbarlarimiz juda qattiqqoʻl. Ovsinim kelgan, ikki kungina javob bering, desam, unda joyingizga yangi xodim olishga toʻgʻri keladi, shunga chidasangiz, istagancha qolavering, dedi. Koʻchaga chiqsanglar, taksi koʻp, istagan joylaringga olib borib qoʻyadi. Bozorga borasizlarmi, istirohat bogʻini aylanasizlarmi, koʻcha toʻla mashina. Xudo xohlasa, kechqurun koʻrishamiz” – yanga ostonada turib uzrini aytdi. “Sovutgichda hamma narsa bor, Sanobar darsdan qaytgach, istagan narsangizni pishirib beradi”.

Xotini yana javrab-javrab kiyindi, bolalarni kiyintirdi: “Hozir bozor aylanaylik. Keyin parkka borib, bolalarni halinchak-palinchak uchirtiramiz. Men bu yerda uzoq qola olmayman. Sira kerak emas”.

Kechki payt Jaloliddin zerikdi. Akasi ham “ha” deganda kelavermadi, xotini oshxonada Sanobar bilan pishir-kuydir qilib yotibdi. Yotgan xonasining toʻrida turgan kompyuterni oldi. Ishxonasidagi kompyuterlarda baʼzan karta-parta oʻynab turardi. Kompyuterni yoqqan edi, ekranda gʻalati yozuvlar paydo boʻldi. Hayron boʻlib, oʻchirib, qayta yoqdi. Yana shu ahvol. Soʻng akasining oʻgʻlini chaqirdi: “Ahror, manaviga bir qara, negadir ishlamayapti”. U ham oʻchirdi-yoqdi, yoqdi-oʻchirdi, keyin “Buzilibdi, shekilli”, deb xonasiga chiqib ketdi.

Onasi kelishi bilan suyunchilagan shekilli, yanga ust-boshini ham almashtirmayoq kompyuterga yopishib ketdi. Keyin darhol usta qoʻshnisiga qoʻngʻiroq qilib, kompyuterni unikiga chiqarib yubordi. U yoqda kompyuterning venchestrimi, allambalo qimmat narsasi kuyibdi, degan javob kelgach, yanga tutab ketdi: “Uf, oʻzi tushunmagan narsasiga tegingan odamni yomon koʻraman-da. Axir venchestr kuydi degani kompyuter tamom boʻldi, degani-ku. U kompyuterdan qimmat turadi. Bugun kompyutersiz hayotni tasavvur qilib boʻlmaydi. Bu qurgʻur hammamizga kerak, dadasiga ham, menga ham, bolalarga ham…”

Xullas, ne bir hafsala bilan qilingan ovqat ham, mehmondorchilik ham zahar-zaqqum boʻldi. Yanganing qovogʻi ochilmadi. Unga qarab aka ham mum tishlagandek jim oʻtirdi. Keyin eru xotin mehmonlarni dasturxon boshida qoldirib, ancha vaqt yoʻq boʻlib ketishdi. Oʻzlari dasturxonga fotiha oʻqishdi, Sanobar idish-tovoqlarni yigʻishtirib oldi. Bir vaqt akasi xonasidan chiqib, indamay hovliga oʻtib ketdi. Kattayu kichik noqulay ahvolda qoldi. Xotini Jaloliddinni yozgʻirdi: “Kompyuter kovlamay oʻling-da siz, ishkalchi. Qoʻlingiz tekkan narsa buzilmasa, hisobmas. Palakat”. Bu indamay akasining izidan hovliga chiqdi. Aka hovlida koʻrinmadi. Darvoza ortidagi oʻrindiqda chekib oʻtirgan ekan. Ukasini koʻrib, nariroq surilib joy berdi. Ular ancha vaqtgacha jim oʻtirishdi. Nihoyat aka yorildi: “He, ukkasini!.. Shu kompyuteriga teginmasang boʻlar ekan. Baloga qoldik endi”. U indamadi. Aka turib-turib yana oʻziga oʻzi gapirayotgandek soʻzlandi: “Shunday kamtar, kamsuqum, mehribon qiz edi bir vaqtlari, endi esa jodugarning xuddi oʻzi. E-e, bor-e, deb ketvoray deyman baʼzan, bolalar bor… Bu ayol menga qismatning juda qoʻpol hazili boʻldi”. “E-e, aka, bularning hammasiyam bir goʻr”, oʻzicha akasini qoʻllab quvvatlamoqchi boʻldi. “Endi uni sozlash uchun kamida million soʻm pul zarur. Agar puling boʻlsa, biron 500 berib turolmaysanmi, qolgan besh yuz mingni oʻzim qarz havola qilib topardim. Sozlatmasam, qoʻymaydi bu”. U ichkariga kirib, akasi aytgan pulni olib chiqib berdi: “Mana, aka, siqilmang. Uyga borsam keyingi oylikdan yana besh yuz joʻnataman”. Aka pulni olib, choʻntagiga soldi: “Boʻladi, uka”.

Oʻsha kecha Jaloliddinning tobi qochdi, uxlayolmadi. Ertasi kuni yoʻlga chiqishdi. Ular chiqqan mashina togʻlar orasidan oʻtgan asfalt yoʻl uzra yelib borarkan, ertalabki quyoshning mayin nurlari yuzlarini ohista silab-siypalar, xiyol ochiq derazadan anvoyi giyohlarning xushboʻy hidlari dimoqqa urilar, soʻzamolgina haydovchi yigit zerikkanidanmi, u yoq bu yoqdan gap tashlar, ammo borgunlaricha hech kimga gap bermagan Jaloliddinning bir soʻz aytishga-da holi yoʻq, boshini orqaga tashlagancha, koʻzlarini yumib, jim ketib borardi.

Uyga yetib kelishgach, kechki dasturxon ustida xotini yana bir chaqib oldi: “Dunyoda sizdek boʻshang, noshud odam boʻlmasa kerak. Nimaga pul berasiz, axir? Balki siz teginguncha oʻsha kompyuter oʻlgurning oʻzi buzilib turgandir! Eh, tavba-yey!.. Xudo koʻrsatmasin, oʻgʻlimiz sizga oʻxshamasin-da, ishqilib!”

Jaloliddin ham toʻlib turgan edi: “Qizimiz senga oʻxshamasin, ishqilib. Erini kuydirib ado qiladi”, dedi.

Xotini kulib yubordi.

 

Jamila ERGASHYeVA

1956 yili tugʻilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning jurnalistika fakultetini tamomlagan. “Izhor”, “Intiqom”, “Tanazzul”, “Ayol jodusi”, “Zulfizar”, “Qir ustidagi ayol” nomli roman, qissa va hikoyalar jamlangan kitoblari chop etilgan.

 

 

“Yoshlik”, 2018/2

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.