Mehmon

0
91
marta koʻrilgan.

Neʼmat aka gardishli darvoza yoniga kelib, nafasini rostladi. Oxirgi paytlarda mana shunday koʻp yursa charchab qolyapti. Qarilikning alomatidir-da bu ham. Birpas eshik oldidagi oʻrindiqda dam olgach, qiya ochiq darvozadan asta boʻyladi:

– Kim bor? Davlatboy! – deya ichkariga bir-bir odimladi. Qudasi koʻrinmadi, doim hovlini boshiga koʻtaruvchi bola-baqradan ham darak yoʻq. Bir zum hovlining oʻrtasida hayron boʻlib turdi-da, soʻng qoʻlidagi xaltalarni devorga suyab, tomorqaga oʻtdi. Ikki tup yongʻoq soyasida bolakaylar yongʻoq chaqib, yeb oʻtirishar, Hilolaxon esa tandirga non yopardi.

– Assalomu alaykum! Hormang, qizim. Yaxshimisizlar? – dedi Neʼmat aka. Kelin unga bir qarab qoʻydi-da, qizarib ketgan yuzini yengiga artib, turgan joyida:

– Ha, yaxshimisiz, kiravering, ichkaridalar, – deya ishida davom etdi.

– Mayli-mayli, qizim. Ovora boʻlmang, men oʻzim, – dedi Neʼmat aka, goʻyo mezbonni ovora qilgandek, asta oʻzi hovliga oʻtarkan.

Tavba, u qachon bu uyga kelsa, kelin mulozamat bilan kutib olar, ishini qoʻyib, joy tayyorlashga unnardi, bugun nima boʻldiykin? Neʼmat aka pishib yotgan shigʻil uzumlarga qarab, shularni oʻylarkan, yo bemavrid keldimmikan, dedi oʻziga oʻzi. Keyin ikkilanib, qizi tushgan uyning eshigini tortdi. Eshik ichkaridan qulflangan edi. Uning hayronligi yanada ortib, atrofga alangladi. Shu payt unga begonasirab qarab turgan boyagi ikki bolaga koʻzi tushdi-yu, birdan jilmaydi.

– Qani, bu yoqqa kelinglar-chi, – dedi u bolalarga imlab. Ular bir-biriga qarab olishdi-da, cholning yuzidagi samimiyat, koʻzidagi quvnoqlikni koʻrib, avval kichigi, keyin kattasi unga yaqinlashdi. Neʼmat aka engashib, ularning peshonasidan oʻparkan, devorga suyab qoʻyilgan xaltasidan shirinliklar olib uzatdi. Boyadan beri koʻzlarini katta-katta ochib yotsirab turgan bolakaylar endi Neʼmat akaga qarab jilmayishardi. Besh yoshlar chamasidagi qizcha esa saxiy mehmonga rahmat aytdi. Qariya bolalar bir-biriga maqtanib konfet yeyayotganini maroqlanib kuzatarkan:

– Shirin ekanmi, ha, barakalla, – dedi ularning oldiga choʻkkalab.

– Kelinoying qani, nega eshigi qulf? – deb qizchani gapga tutdi. Qizaloq esa muhim narsa esiga tushgandek bijirlab:

– Bilasizmi, oyim bilan kelinoyim urishib qoldila, keyin kelnoyimla uylariga kirib ketdila. Keyin-chi, bizzi kirmasin deb eshiklarini bekitib ham oldila, – dedi bilagʻonlik qilib.

– Hm, shunaqami, – dedi Neʼmat aka katta kelinning boyagi qosh-qovogʻini eslab.

– Ha, mayli. Bor, kelinoyingni chaqir, bobom keldilar, degin, xoʻpmi? – dedi va oʻzi uch yoshlar chamasidagi Sunnatjonni koʻtarib, hovli sathini asta keza boshladi. Qizaloq esa chopqillagancha deraza tomonga yugurdi.

Madina roʻmolini toʻgʻrilab eshikni ochganda, otasi ovsinining oʻgʻlini koʻkka otib oʻynatar, bolakay “qiqir-qiqir” qilib kular, bir qarashda ular bobo-nabiraning oʻzi edi.

– Voy, dada, oʻzizmisiz?! Assalomu alaykum. Nimaga bu yerda turibsiz, uyga kirmaysizmi? – dedi u otasiga. Neʼmat aka, eshiging yopiq ekan, demadi-da:

– Qoʻyaver, biz mana bu toychoq bilan oʻynab turgandik, shundaymi? – dedi Sunnatjonning yuzidan oʻpib pastga tushirarkan.

Madina otasining yelkasidan olib salomlasharkan, ogʻziga birinchi kelgan bahonani aytdi:

– Ha, nevarangizni uxlatayotgandim, mushuk kirmasin deb eshikni yopib qoʻyuvdim-da, – dedi va supaga shosha-pisha dasturxon tuzatdi. Soʻng otasidan hol-ahvol soʻrab, tandir tarafga bir qarab qoʻyarkan, otasining yonida oʻtirib, dasturxonga talpinayotgan Sunnatni shart koʻtardi-da, opasining oldiga qoʻyib:

– Qarang ukangizga, – deb jerkidi, keyin otasining kuzatib turganini sezib, qoʻliga ul-bul shirinliklardan oldi-da, muloyimlashib:

– Mana bularni olinglar-da, oʻynanglar. Mehmon kelganda bolalar bunday oʻtirsa, uyat boʻladi, – dedi. Neʼmat aka qizi keltirgan issiq choydan hoʻplarkan:

– Qaynotang qani? – dedi oʻgʻlining oʻyinchoqlariga tegayotgan ovsinining bolalariga qarayotgan qiziga.

– Ogʻaynilarining tugʻilgan kuni ekan, shunga oyim bilan Boʻstonliqqa ketishuvdi. Kechgacha kelib qolishsa kerak, – dedi otasining ser solib oʻtirganiga hayron boʻlib. Soʻng: – Ha, dada, nima gap, boshqachasiz yo uyda nimadir boʻldimi? – dedi Madina xavotirlanib.

– Biz yaxshimiz, hech xavotir olma. Oʻzingiz qalaysiz, tinchmisizlar? – dedi tandirdan non uzayotgan katta kelinga ishora qilib.

Madina otasining sinchkovligini bilardi, payqabdi-da, deb oʻyladi, lekin nima deyarini bilmay, biroz kalovlandi.

– Tinchlik. Ha endi uy ichida boʻladi-da, xavotir olmang, dada, – dedi shashti tushib.

– Shunday degin. Bir kungina oʻz holingga qolsang, shu ekan-da. Qaynota-qaynonang eshitsa, ranjimaydimi, axir?

Madina javob uchun soʻz topolmadi. Neʼmat aka chuqur tushgan ajinlarini tekislamoqchi boʻlganday kaftini manglayi uzra yurgizib, ohista uf tortdi. Soʻng sal hovuridan tushdi-da, roʻparasida boshini quyi solib oʻtirgan qiziga nasihat qildi:

– Roʻzgʻorda nimalar boʻlmaydi. Sen kichiksan, bolam, bir gapdan qol. Shunday qilsang, kam boʻlmaysan. Koʻnglingni, feʼlingni keng qil. Baraka topasan, qizim, – dedi vazminlik bilan.

Madina voyaga yetgan xonadonda ota soʻzi ikki boʻlmagan. Oilada nima mashvarat boʻlsa, eng soʻnggi xulosani ota aytgan. Shu bois uning gapini ikki qilishga odatlanmagan Madina bu safar ham indamadi. Tomogʻiga tiqilib kelayotgan allanima kipriklarida yosh boʻlib yaltiradi. Bir paytlar oʻqimishli, hammaning eʼtiborida boʻlgan bu qiz bugun turmushga chiqib, ilojsizligidan, arzimagan oilaviy “dedi-dedi”larga ezilib oʻtirganidan xoʻrligi keldi.

Neʼmat aka esa yerga qarab sukut saqlab turarkan, ikkita issiq nonni koʻtarib kelgan boyagi bijildogʻ qizchani yoniga oʻtqazdi-da, asta gap boshladi:

– Men ota-onamdan yetim qolganimda hali bola edim. Bir qaraganda, bola edig-u, ammo qora roʻzgʻorning tashvishi bizni ertaroq ulgʻaytirib qoʻygandi. Pirmat amaking endi uylangan mahali biz olti opa-uka, jami sakkiz jon katalakdek uyda yashardik. Bilasanmi, bizni oʻsha mashʼum ocharchilik, qahatchilik yillaridan asragan narsa nima? Qora qozonda qaynagan yovgʻongina emas, balki oʻzaro mehr-oqibat, insof-diyonat edi, bolam. Eslasam, nafaqat jigarlar, balki qoʻni-qoʻshni, mahalla-koʻy ham bir-birimizga birodar, qardosh boʻlgan ekanmiz. Mabodo qoʻshninikida osh pishadigan boʻlsa, bizni ham chaqirishar, chiqolmaganlarga devordan albatta bir kosa ovqat uzatib yuborishardi. Endi oʻylasam, u paytlar odamlarning qorni och boʻlsa ham, koʻngli toʻq boʻlgan ekan, qizim.

Madina otasini yaxshi biladi. U farzandlari xatoga yoʻl qoʻysa, baqir-chaqir qilib urishmaydi, buning oʻrniga oʻz hayotidan biror voqea yoki taʼsirli rivoyatni aytib, magʻzini oʻzing chaqib ol, deganday boʻladi. Bu hikoyalarning xulosasi baʼzan shunday achchiq boʻlardiki, bundan koʻra urishgani yaxshiydi, deb oʻylashardi ular.

Chol choydan bir hoʻplab, gapida davom etdi:

– Akamning xotini, rahmatli Sarvi yangam hali yosh boʻlsa-da, biz yetimlarni oʻz bolasidek qabul qilgandi. Ochiqkoʻngil, sarishta, saxovatli ayol edi, goʻri nurga toʻlsin, iloyim. Menimcha, u ayolga har qancha taʼrif kamlik qilsa kerak. Meni Kenja deb atardi. Boshqalardan koʻra koʻproq erkalatar, kichkina deb koʻnglimga qarardi. Shirinsoʻz boʻlgani uchunmi, osh qilsa kapgir, kashta tiksa igna-ip koʻtarib yangamning ortidan qolmasdim. Akam bilan yangam biz uka-singillarning boshimizni silab voyaga yetkazishdi, oʻqitib, uyli-joyli qilishdi. Ajratish, qizgʻanish, kamsitish nimaligini bilmay oʻsdik. Shu sabab bizning roʻzgʻor tutumimizda bunday narsalar boʻlmagan. To hovli-joy qilgunimizcha bir uyda inoq yashaganmiz. Buni oʻzing ham eslarsan. Hozir atrofdagilarga qarab turib, totuvlik bizning turmush tarzimizga singib ketgan ekan, deyman-da, – dedi ogʻir xoʻrsinish bilan mehmon. Soʻng jim eshitib oʻtirgan qiziga qarab:

– Bugun yashayman desang, hamma narsa bor, lekin goho shu koʻngil qurgʻur torayib ketyaptimi deyman-da, bolam? Kengga dunyo ham keng, koʻngilni keng qil, – dedi qariya, boyadan beri ertak eshitayotgandek angrayib qolgan qizchaning sochini silab. Keyin joyidan asta qoʻzgʻalib, yuziga fotiha tortdi. Qizining “Qoling, ovqatga unnayman”, deyishiga ham qaramay, ketishga chogʻlandi.

Neʼmat aka darvoza oldiga yetganda oshxona tomonga qarab:

– Mayli, qizim. Siz ham yaxshi qoling. Uyingizdagilarni ham soʻrab qoʻying. Oʻtinglar biznikiga ham, xursand boʻlamiz, – dedi.

Halitdan beri ota-bolaning gapiga quloq solib turgan Hilolaxon mehmonni kuzatishga chiqib, koʻzlarini yerdan uzmay:

– Kelganingiz uchun rahmat, qudabuva. Kelib turing, biz ham xursand boʻlamiz, – dedi siniq jilmayib.

Madina otasini kuzatib eshikni yoparkan, shu tobda negadir oʻzini yengil his etdi, dili allanechuk ravshan tortgandek boʻldi. Supaga yaqinlasharkan, uni koʻrib dasturxondan shartta qoʻlini tortgan ovsinining bolalariga qarab, jilmaydi-da:

– Olaveringlar, mehmon bobongiz sizlar uchun olib kelibdi bu shirinliklarni, – deya Sunnatjonning yuzidan oʻpib qoʻydi. Soʻng ortiga qarab:

– Kelinoyi, keling, birga choy ichamiz, – dedi mehrli ovozda.

– Hozir, boryapman, – dedi oshxonadan qoʻllarini sochiqqa surtgancha ovsini yoniga shoshib kelayotgan Hilolaxon.

 


Nargiza ASADOVA

 

1984 yili tugʻilgan.

Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutini tamomlagan.

“Yuragimning sarhadlari”, “Nastarin” sheʼriy toʻplamlari chop etilgan.

 

“Yoshlik”, 2016 yil 7-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.