Maydon – yumaloq, toʻp – tekis

0
215
marta koʻrilgan.

Hisobni hech kim bilmaydi

Kuni kecha (chislosi yoʻq) Qovunqishloqdagi markaziy “Chakalakzor” stadionida qishloq chempionatining final uchrashuvi oʻtkazilib, unda “Qovunchi” va “Sovunchi” jamoalari maydonga tushishlari kerak edi. Ammo oʻsha kuni “arena”dan qishloq podasi tushki “hordiq” uchun “foydalangani” sababli, uchrashuv ikki yarim soat kech boshlandi. Oʻyin qorongʻi tushib, “Sovunchi” jamoasi forvardi Shoshildiyevning toʻp oʻrniga yumaloq toshni tepib olgunigacha davom etdi. Bahsda futbolchilar odatdagidek bitta emas, ikkita toʻp bilan oʻynashgani tufayli, gollar ham shunga yarasha boʻldi. Ularni sanab borishning iloji boʻlmagach, aniq hisob borasida ham bir gap aytish qiyin. Shuning uchun biz oʻyin ishtirokchilari bilan suhbatda boʻldik.

– Bu paytda hisob 13-8, biz yutayotgan edik, – dedi ertasiga “Qovunchi” bosh murabbiyi Qulmurod Qulboyev. “Sovunchi” sardori Oʻtajon Oʻtarovning guvohlik berishicha, oʻyin 20-5 hisobida ularning gʻalabasi bilan tugagan. Uchrashuvga hakamlik qilgan Sorijon Sottiyev esa oʻyin vaqtida gʻirt mast boʻlgani uchun, hisobni eslolmasligini aytdi.

– Lekin, – dedi u ogʻzini katta ochib esnagancha, – oʻzimning qanday gol urganimni juda yaxshi eslayman. “Qovunchi” darvozasiga oʻn bir metrli jarima toʻpi belgiladim. Qarasam, futbolchilar penaltini talashib, toʻp tepish oʻrniga bir-birini tepayapti. Hammang munday tur, dedim-u, toʻpni oʻzim tepib qoʻya qoldim…

Xullas, kim gʻolib chiqqani nomaʼlumligicha qoldi. Superderbi qayta oʻtkazish yoki oʻtkazilmasligi chempionat homiysi Mamatqul raisning kayfiyatiga bogʻliq boʻlib turibdi.

 

Transfer amalga oshadimi?

“Qovunchi” futbol klubining rasmiy saytida yozilishicha, jamoa keyingi mavsumda “Pillakor” yarim himoyachisi Norqulovni sotib oladi. Ammo buning uchun “Pillakor”ga 50 ming dona qovun berishi kerak.

– “Pillakor” klubi rahbariyati bizdan 75 ming dona qovun talab qilayapti, – deydi bu haqda “Qovunchi” sport direktori Bekqulov. – Biz esa Norqulov uchun koʻpi bilan 50 ming dona toʻlashimiz mumkin. Oʻz vaqtida hatto Ronaldoni ham 45 ming qovunga olmaganmiz. Umuman olganda, Ronaldino, Shevchenko va Norqulov kabi futbolchilar uchun 40 mingta qovun ham koʻplik qiladi. Biz boʻlsak, 50 ming berishga rozimiz-u…

Soʻnggi maʼlumotlarga qaraganda, “Qovunchi” “Sovunchi” sardori Oʻtajon Oʻtarovni ham 35 ming dona handalak evaziga oʻziga oʻtkazib olmoqchi. Oʻtarov oʻtadimi, oʻtmaydimi, buni yaqin orada bilib olamiz.

 

2009 yil, may

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.