Mavhum tasavvur

0
153
marta koʻrilgan.

Karel ChAPEK

 

– Vijdon, – deya soʻz boshladi pan Latsina. – Menimcha, hozir bu soʻz sal boshqacharoq maʼnoda ishlatiladi. Balki uni endilikda “mavhum tasavvurlar” toifasiga kiritsa boʻlar, haytovur, sizu bizga baribir emasmi? Bilmadim, sizlar fabrika egasi Girke voqeasini eshitganmisiz, yoʻqmi, uni judayam boy va obroʻli, qaddi-qomati kelishgan, pahlavon kelbatli janob deyishardi.

Anchadan beri soʻqqabosh ekan. U haqda hech kim hech nima bilmasdi. Xullas, ana shunday odamovi, sirli va oʻziga xos odam edi. U qirqqa kirganida oʻn yettiga endi toʻlgan, qoʻgʻirchoqdek bir doʻndiqchani sevib qolib, unga uylandi. Yuragida qoʻri, belida quvvati bor ekan-da boyaqishning. Haqiqiy goʻzallikdan gohida odamning yuragi gʻash tortadi, baʼzan nimagadir iching achisha boshlaydi, baʼzan qalbingga qandaydir nafosat oqib kirganini sezmaysan, ishqilib, shunaqa-da! Girke ana shunday latofatli qizga uylangandi – u judayam badavlat, qoʻli uzun odam edi-da!

Kelin-kuyov asal oyini oʻtkazish uchun Italiyaga joʻnab ketishdi. U yerda gʻalati bir hodisa yuz berdi. Venetsiyadagi mashhur cherkov minorasiga chiqishgach, Girke u yerdan pastga qaragan – aytishlaricha, u yerdan hammayoq juda chiroyli koʻrinarkan, – shunda Girkening rangi oqarib, xotiniga yuzlangan-da, xuddi tagiga bolta urilgan daraxtdek uning oyoqlari ostiga qulagan-qoʻygan. Shundan beri Girke yanada odamovi boʻp qolgan. U oʻzini xuddi hech narsa boʻlmagandek tutishga harakat qilsa-da, tashqi koʻrinishi anchayin oʻzgargan, bezovtaligi yaqqol sezilib turardi.

Xullas, oʻshanda xotini juda qattiq xavotirga tushib, erini olib darrov uyga qaytgan. Ularning uyi juda chiroyli, hashamatli boʻlib, derazalari shahar xiyoboniga qarab ochilardi. Girke ruhiyatidagi oʻzgarishlar ham ana shundan keyin boshlandi. U sira derazalar yonidan ketmas, ularning yopilgan-yopilmaganini tekshirib yurardi. Kutilmaganda oʻtirgan joyidan sapchib turardi-da, yana derazalar tomon yugurardi. Hatto kechalari ham xuddi arvohdek uy boʻylab izgʻir, savollardan boshi tinimsiz aylanar, derazalar ochiqligi va ularni darhol tambalab olish kerakligini aytib, gʻoʻldirab yurardi. Shunda xotini hamma derazalarga panjara oʻrnatishga qaror qildi. Bu tadbir bir necha kungagina asqotdi. Girke biroz tinchlandi, ammo koʻp oʻtmay, deraza panjaralarining mustahkam yoki omonat ekanini bilish uchun silkitib koʻra boshladi. Barcha derazalarga mustahkam poʻlat toʻsiqlar qoplangan, er-xotin bu yerda xuddi qamoqxonadagi mahbuslar kabi oʻtirishardi. Girke maʼlum muddat xotirjam yurdi. Ammo keyinchalik zinapoyalardan tushayotganda ham boshi gir aylana boshlaganini his etdi. U endi falajga uchragan nogirondek zinapoya tutqichlaridan mahkam ushlab, arang yurar, shu asnoda naq qora terga botib ketar, zinaning qoq yarmida oʻtirgancha xuddi bezgak tutgandek qaltirardi. Bechora juda qiynalib ketdi.

Tabiiyki, imkon darajasida shifokorlarga murojaat qildilar. Ularning biri ishonch bilan bosh aylanishi – organizmning kuchli zoʻriqishi natijasi, desa, boshqasi – quloq atrofidagi qandaydir kasallik belgisi, dedi. Yana birovi qabziyat, deb tashxis qoʻysa, toʻrtinchisi miya faoliyatining buzilishi bilan bogʻladi.

Yana bir taniqli mutaxassis uni turfa qiynoqlarga solib, yangicha usullar bilan davolab koʻrmoqchi boʻldi. Yaxshiyamki, Girke hali baquvvat, sogʻlom, irodali yigit ekan, hammasiga chidadi. Ammo hozir u oʻrnidan ham qoʻzgʻalolmay qolgan. Hatto yerga qarashi bilan koʻz oldi qorongʻulashib, boshi chirillab aylanardi. U endilikda koʻzlarini ham ochmay, faqat kreslosida harakatsiz oʻtirar va yelkalari silkinib unsiz yigʻlardi.

Oʻsha paytlarda allaqanday yangi shifokor, nevropatolog Shpits haqidagi gap-soʻzlar ogʻizga tushgandi. U aynan mavhum tasavvurlar boʻyicha mutaxassis ekan. Uning taʼkidlashicha, hayot davomida har qanday odamning ong ostida xilma-xil qoʻrqinchli tasavvurlar, noxush xotiralar, sogʻinch va ehtiroslar saqlanib qolar, vaqti-vaqti bilan ular uygʻonib, odamning ruhiyatida tushunarsiz ziddiyatlar, asabiy zoʻriqish kabi kasalliklarni keltirib chiqararkan. Agar shifokor ana shu mudhish tasavvurni aniqlab, miyadan siqib chiqara olsa, bemor oʻzini yengil his qilishi, hatto butunlay sogʻayib ketishi ham mumkin emish. Ammo shifokor ruhiy tahlil yordamida bemorning ishonchini toʻla-toʻkis zabt etolsagina, uni azoblayotgan eski xotira, tasavvur yoxud tushdagi alahsirash asoratini ilgʻay olarkan. Shundan soʻng shifokor: “Ogʻaynichalish, bir paytlar sizning hayotingizda shunday-shunday ish boʻlgan ekan (bu juda uyatli biror ish boʻlishi ham mumkin), shu narsa sizning xotirangizda qayta-qayta jonlanaverib, holi-joningizga qoʻymayapti, tibbiyotda buni “ruhiy jarohat” deb ataladi. Endi biz bu jarohatni topdik. Siz undan tamomila qutuldim, deb hisoblayvering, xudo xohlasa, endi siz soppa-sogʻsiz”, der ekanu, shu bilan olam guliston ekan.

Lekin tan olish kerakki, bu shifokor chin maʼnoda moʻjiza yaratdi. Siz aynan mavhum tasavvurlardan qanchadan-qancha boylar aziyat chekishini aqlingizga ham sigʻdirolmaysiz. Bu masalalar kambagʻallarni kamdan-kam bezovta qiladi. Xullas, Shpitsning mijozlari oʻziga xos edi. Xullasi kalom, Girkeni tibbiyot olamining kazo-kazolari tekshirib koʻrib, biror iloj topolmagach, shu Shpitsga murojaat qilishdi. Shpits esa, bu haqda eshitishi bilan bosh aylanishi aynan asab bilan bogʻliq ekani, bu xastalikdan osongina qutulish mumkinligini aytdi. Faqat shu Girke deganlari bilan gaplashish oson kechmadi. Bemor uning savollariga chaynala-chaynala arang javob qaytardi, keyin esa shifokorga eshikni orqasidan berkitishni buyurdi. Shpits qattiq hayajonda edi. Bunaqa ruhiy tushkunlik bemorning obroʻ-eʼtiboriga ham soya solardi-da! Bunday holat asab kasalliklari orasida juda kamyob hodisa edi. Ikkinchi tarafdan, bechora, oʻn gulidan bir guli ochilmagan pani Irma… Shunday qilib, bizning shifokor shu ishga jon-jahdi bilan kirishdi. “Men Girkedagi oʻsha mavhum tasavvur yoxud mudhish xotirani aniqlashim va undan xalos etishim kerak, buni uddalolmasam, tibbiyotni tark etib, doʻkonga borib, xotinlarning ichki kiyimini sotganim boʻlsin”, deya oʻzicha ahd qildi shifokor Shpits.

U ruhiy tahlilning yangi usulini qoʻllashga qaror qildi. Dastavval, Girkening yaqin qarindosh-urugʻlari, aka-ukalari, togʻayu ammalari, bojayu qaynogʻalari bilan tanishib, ularning ishonchini qozonib oldi. Tajribali shifokor diqqat bilan tinglay bilishi kerak. Qarindosh-urugʻlar uning nazokati, xushmuomalaligi, samimiyatiga tan berishdi. Alal-oqibat, shifokor birdaniga jiddiy qiyofaga kirdi-da, nufuzli idoraga murojaat qilib, maʼlum bir manzilga ikki nafar ishonchli masʼul xodimni joʻnatishni soʻradi. Xodimlar ishni uning foydasiga hal etib qaytgach, Shpits ularni rozi qilib, toʻppa-toʻgʻri Girkening uyiga yoʻl oldi. Bemor hamon nimqorongʻi xonada, qimirlashga ham majoli yetmay oʻtirardi.

– Janob, – dedi unga shifokor Shpits. – Sizni ortiqcha bezovta qilib oʻtirmayman. Istamasangiz, savollarimga javob bermasligingiz ham mumkin. Men, qanday boʻlmasin, boshingiz aylanishi sababini bilishim kerak. Siz qandaydir mavhum tasavvurni ongingizga joylab olgansiz. U esa sizning sogʻligʻingizni butunlay izdan chiqaryapti.

– Sizni kim chaqirdi oʻzi, doktor? – xirillab, uning soʻzini boʻldi Girke va qoʻlini qoʻngʻiroq tugmasiga yubordi.

– Sabr… – dedi shifokor, – bir daqiqa sabr qilasiz. Venetsiyadagi cherkov minorasiga chiqqaningizda, boshingiz aylanishidan sal avvalroq… yaxshilab eslang, janob, nimani his qilgansiz?

Girke qoʻlini tugmadan olmay, oʻtirgan yerida qotib qoldi.

– Siz, – davom etdi shifokor, – siz oʻzingizda juda dahshatli, aqlga sigʻmaydigan bir mudxish xohish – yosh va goʻzal xotiningizni ana shu minoradan itarib yuborish istagini his etgansiz. Ammo siz uni telbalarcha sevardingiz, shunda ichingizda kuchli bir ziddiyat paydo boʻldi va u kuchli ruhiy iztirob tufayli zaiflashdi. Shunda siz muvozanatni yoʻqotib, yiqilib tushdingiz, toʻgʻrimi?

Oraga jimlik choʻkdi. Faqat, qoʻngʻiroq tugmasiga uzatilgan qoʻlgina shalvirab tushdi.

– Oʻshandan beri, – soʻzida davom etdi shifokor, – siz ana shunday tushunarsiz bosh aylanish dardiga mubtalo boʻlgansiz. Shundan beri derazalarni tambalab, yuqoridan pastga qarashga botinolmay qolgansiz. Chunki siz qachondir pani Irmani pastga tashlab yuborishingiz mumkinligidan oʻlgudek qoʻrqqansiz.

Girke xuddi vahshiy hayvondek naʼra tortdi.

– Ha, – shifokor soʻzida davom etardi. – Endi esa, janob, oʻz-oʻzidan savol tugʻiladi: bu mavhum, yopishqoq tasavvur sizda qayerdan paydo boʻlgan? Siz, janob Girke, oʻn sakkiz yil avval ham uylangan edingiz. Birinchi xotiningiz Alp togʻlariga sayohatingiz paytida vafot etgan. Xoe Vand togʻiga chiqayotgan paytda pastga qulab tushgan va uning barcha mol-mulki sizga meros qolgan.

Xonada faqatgina Girkening jonholatda hansirab nafas olishi eshitilardi.

– Girke! – tantanavor xitob qildi Shpits. – Tan oling, birinchi xotiningizni oʻzingiz oʻldirgansiz. Siz uni jarlikka itarib yuborgansiz. Shuning uchun, quloq soling, shuning uchun sizga xuddi ikkinchi, sevimli xotiningizni ham shu tariqa oʻldirib yuborish kerakdek tuyulavergan. Shu sababli siz balandlikdan oʻlgudek qoʻrqib qolgansiz. Sizni muttasil bosh aylanishi bezovta qilayotgani ham shundan!

– Doktor! – oʻzini toʻxtata olmay, oʻkirib yubordi bemor. – Doktor, ayting, endi men nima qilay? Nima qilay, ayting?!

Shpitsning yuzida dabdurustdan hamdardlik ifodasi paydo boʻldi.

– Janob, – dedi xoʻrsinib u. – Agar men taqvodor odam boʻlganimda edi, sizga qonun oldida bosh egib, tegishli jazoingizni oʻtashni maslahat bergan boʻlardim. Ammo, odatda, shifokorlarning aksariyati menga oʻxshab, Xudoga ishonishmaydi. Nima qilish kerakligini oʻzingiz hal qiling. Tibbiy nuqtai nazardan siz, menimcha, soppa-sogʻsiz. Qani, oʻrningizdan turing-chi, pan Girke!

Girkening rangi boʻzdek oqarib, oʻrnidan turdi.

– Xoʻsh, qalay, – soʻradi shifokor. – Endi boshingiz aylanmayaptimi?

Girke bosh chayqadi.

– Ana, koʻryapsizmi, – dedi Shpits. – Endi boshqa alomatlar ham oʻz-oʻzidan yoʻqoladi. Boshingiz aylanishi aynan oʻsha mavhum tasavvur natijasi edi, xolos. Biz uni aniqladik, kasalingiz endi oʻz-oʻzidan yoʻqolishi tabiiy hol. Bemalol derazadan pastga qarashingiz mumkin. Qalay? Zoʻrmi?! Menimcha, boshingiz aylanmayapti. Hammasidan qutuldingiz, pan Girke! Siz, mening shifokorlik amaliyotimdagi eng noyob hodisasiz, – dedi Shpits va xursandligidan chapak chalib yubordi. – Siz soppa-sogʻsiz. Pani Irmani chaqirsam boʻladimi? Yoʻq? Tushundim, demak, siz unga syurpriz qilmoqchisiz! Yo rabbiy. Bechora sizning oyoqqa turib ketganingizni koʻrsa, qanchalik quvonadi. Qarang, ilm-fan qanday moʻjizalarga qodir-a!

Oʻz muvaffaqiyatidan cheksiz zavq-shavqqa toʻlgan Shpits surunkasiga ikki soat vaysashga ham tayyor edi. Pan Girkega hozir osoyishtalik kerakligini anglab, unga quvvatga kirishi uchun dori yozib, ketishga ijozat soʻradi.

– Men sizni kuzatib qoʻyaman, – dedi Girke tavoze bilan va shifokorni zinapoya maydonchasiga qadar kuzatib chiqdi. – Ajoyib. Bosh aylanishidan asar ham qolmabdi.

– Xudoga shukurengil tin oldi Shpits. – Siz oʻzingizni tamomila sogʻayib ketgandek his qilayotgandirsiz?

– Xuddi shunday, – asta javob qaytardi Girke zinapoyadan pastga tushib ketayotgan shifokorni kuzatib qolarkan.

Shifokor koʻcha eshikni yopishi bilan orqadan qattiq gursillagan ovoz eshitildi. Girkeni zinapoya tagidan topishganida, joni uzilgan, aʼzoi badani moʻmataloq boʻlib ketgandi. Yiqilgan paytda boshi zinapoyaning poʻlat panjarasiga zarb bilan urilgan ekan.

Shifokor Shpitsga bu haqda xabar qilishganida, u gʻalati ahvolda anchagacha boʻshliqqa tikilib qoldi. Keyin bemorlarini qayd qilib boradigan daftarini ochdi-da, Girkening ismi sharifi qarshisiga shu kungi sana va “Suisidum” soʻzini bitib qoʻydi. Endi bu sizu biz tushunadigan tilda “oʻzini oʻzi oʻldirish” degan maʼnoni anglatsa kerak.

 

Rus tilidan Iqbol HUMOYUN tarjimasi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.