Matlab ut-tolibin

0
35
marta ko‘rilgan.

Muhammad Tolib as-SIDDIQIY

 

(Asardan boblar)

 

To‘g‘rilik va haqiqat sahifasining sarlavhasi, umid va ustuvorlik doirasining markazi, xayru saxovat koni, hilmu hayo manbai, miskinu g‘ariblar panohi hazrat Abdurahimxoja rahmatullohning tavalludi, xojaligi, hashamati va vafoti haqida

 

Uchinchi fasl: Hazrat Abdurahimxoja rahmatullohning asbob va mulklari, ziroat va do‘konlari, tegirmon va chorvasi hamda elu aymog‘i

 

Xoja sakkiz yuz bo‘lak mulk va ekinzor egasi edi. Uning qirqta chahorbog‘u bog‘i bor edi. Shuningdek, Buxoro viloyati va uning tumanlarida, Balxda va Movarounnahrning boshqa viloyatlarida rostbozorlari bor edi. Otxona va qo‘ralarida zotdor otlar, o‘n beshta tuya, mingta yilqi, ko‘plab qo‘y va qoramol podalari bor edi. Dashtu sahrolarda toshdan saroy, uy va manzillar qurdirgan edi. Xojaning yillik daromadi Buxoro vazniga binoan yuz ming man g‘alla va qirq ming xoniy tanga edi.

Naql: Xojaning daftarxonasidagi bitikchilardan biri mullo Muhammaddo‘st o‘z uyida taom hozirlab, xojani chaqirishni orzu qilardi. Shu maqsadda vositalar topib, nihoyat, xoja uning uyiga bordi. Taomdan so‘ng qo‘l yuvdirish uchun oftoba va sopol tovoqni xojaning oldiga eltdi. Mullo Muhammaddo‘stning uyidan chiqqach, otda sayr qilishayotganida xoja mullo Xojabek devonga dedi: “Mullo Muhammaddo‘st bizning xizmatimizda u qadar o‘zini tiklab ololmabdiki, oftoba va dastsho‘yni birga keltirmadi”. Mullo Xojabek dedi: “Ehtimol, unda yo‘q bo‘lsa kerak”. Bu narsa xojaning esida qoldi va uch-to‘rt kundan so‘ng Qarshi sarkorlari bilan muomalani unga (mullo Muhammaddo‘stga) topshirdi. Bu safarda u o‘z xizmati uchun besh ming xoniy mablag‘ oldi va shu tarzda boyib ketdi.

Naql: Nazarbiy o‘g‘lon shunday degan edi: “Bir vaqti otam o‘z ehtiyoji uchun Nasaf sarkori boshqaruvidagi Yangikent mulkidan bir ming man g‘alla olgan edi. So‘ngroq otam Buxorodagi o‘ziga qarashli tanxoh[1] daromadidan shuncha g‘allaga xat yozib, qarz evaziga olishlari uchun xojamning mulozimlariga yubordi. Otamning xatini Qarshidan men olib kelib, xojamga yetkazganimda so‘radi: “Bu nima?” Shunday arz qildim: “Otam Qarshi viloyatidagi sizning sarkoringizdan ming man g‘alla olgan edi. Ushbu g‘allani o‘z tanxohidan bermoqchi. Mulozimlaringiz borib, uni qabul qilib olsinlar”. Xoja dedi: “O‘sha g‘allani otangizga bag‘ishladik!” Men ta’zim qildim. Xoja otga minish uchun chiqqanlarida men uning ehsonidan hayron bo‘lib, mulozimlari ortidan borardim. Xojaning mulozimlaridan biri menga dedi: “Xojam sizga sarpo ham in’om qildilar!” Meni orqaga qaytarib, yaxshi sarpolar kiygizishdi. Xojaga ta’zim qilib, qaytib ketdim”.

 

Oltinchi fasl: Xoja rahmatullohning Hindistonga safari va vafoti

 

Hindiston viloyatidan shunday xabar keldiki, unga ko‘ra bu mamlakat podshohi Shoh Salimning[2] o‘g‘li Shoh Xurram[3] otasiga qarshi muxolifat qilib, buning oqibatida Hindistonda fitnalar ko‘tarilgan. Xoja har uch-to‘rt oyda Imomqulixonning ko‘rinishiga borardi. Bir kuni u xon ko‘rinishiga borganida mazkur podshohlarning muxolifatini bayon qildi va xonga dedi: “Agar biz kabi duogo‘ylaringizni yuborib, ota-o‘g‘il orasida sulh tuzdirib, kin-adovatlarni bartaraf qilsangiz, sizdek zotga munosib ish bo‘lar edi!” Imomqulixon dedi: “Bunday xizmatlar sizga ajdodlaringizdan merosdir!” Aytilgan so‘z – otilgan o‘q, deganlaridek, shundan so‘ng xoja yo‘l tadorigini ko‘ra boshlab, andak muddatda bisyor asbob-anjomlar hozirlandi.

Naql: Xojaning mulozimlari tayyorgarlik ishlarini tugatgach, xoja o‘g‘li Muhammadsiddiqxojani hamroh qilib Buxoro viloyatidan chiqdi. Balx viloyatiga yetgach, ba’zi ishlar yuzasidan bu yerda bir necha kun to‘xtashdi. Nadrmuhammadxon xojaga hamroh bo‘lgan odamlardan olinishi lozim bo‘lgan bojni xojaning niyozi uchun bag‘ishladi va benihoyat hashamatu ulug‘vorlik bilan Balx shahridan chiqishdi. Mulozimlardan tashqari chor-atrofdan kelgan savdogarlar va boshqa yo‘lovchilardan iborat katta bir guruh xojaning atrofida to‘plangan edi. Hazrat xojaning mulozimati va himoyasida bo‘lgan barcha bu odamlar osuda va xotirjam holda yo‘l bosishar edi.

Xoja qaysi bir viloyat va qishloqqa yetsa, u yerning hokimi va odamlari istiqbolga chiqib, mulozimat qilishar, peshkashlar berishar edi. Xoja ularning har biriga sarpo, egarlangan ot va gazlamalar hadya qilardi. Xoja va mulozimlari Chinob daryosidan o‘tgach, Nurjahonbegim,[4] Osafxon va xoja Abulhasandan anvoyi mevayu qandolatlar bilan birga maktublar keldi. Musaviyxon podshohning so‘zlarini xojaga bayon qildi: “Movarounnahr podshohlari bilan qay tarzda muloqot va ko‘rinish qilgan bo‘lsalar, biz bilan ham shunday muloqot qilsinlar!” Musaviyxon xoja hamrohligida Lohur sari otlandi.

Podshohning ko‘zi xojaga tushgach, taxtda o‘tirgan joyidan xitob qildi: “Assalomu alaykum, bizning xojamiz! Xush kelibsiz, qadamlaringizga hasanot, yuqoriga chiqing!” Xoja ta’zim bajo keltirib, taxt tepasiga chiqdi. Podshoh joyidan turib, xojani quchoqladi. Xoja Imomqulixon va hazrat padari buzrukvorimizning duolarini yetkazdi. Podshoh dedi: “Imomqulixon bizning farzandimizdir. Sizni biz tarafga yuborganidan ham uning bizga nisbatan do‘stligi va muhabbati ayon bo‘ladiki, uni alohida ta’kidlashga hojat yo‘q. Sizu bizning oramizda begonalik yo‘q. Siz bizga barobarsiz, o‘tiring!”

Xoja o‘tirdi va do‘ppisi tagidan butun bir mamlakat xirojiga arziydigan la’lni olib podshohga uzatdi. Podshoh la’lning kattaligidan taajjub qildi. Xoja taxt tepasida o‘tirar, podshohning o‘g‘li Sulton Shahriyor otasining mulozimatida tik turar, shuningdek, barcha amirlar ham tik turib, o‘tirish rasm emas edi. Faqat xojaga o‘tirish ijozat etildi.

Ikki kundan keyin Nurjahonbegim xoja uchun taomlar hozirlab yubordi. Podshoh amirlarga navbati bilan xojani mehmon qilishni buyurdi. Xoja Osafxon, xoja Abulhasan va Irodatxonning uylariga bordi va quyuq mehmondorchiliklar bo‘ldi. Shundan so‘ng xoja Osafxonga dedi: “Biz ba’zi maslahatli ishlar yuzasidan kelgan edik. Podshohning amrini bajardik. Endi amirlar mehmonga chaqirishni bas qilsalar”. Osafxon buni podshohga arz qilganida, u bisyor tahsin aytib dedi: “Barakalla, barakalla, xoja o‘zining ulug‘ligini namoyon qildi!” Yuzma-yuz o‘tirishganida podshoh xojaga dedi: “Qanday so‘zingiz va muddaongiz bo‘lsa, mening o‘zimga ayting. Sizu bizning oramizda vositachi darkor emas. Dilingiz rizoligi nimada bo‘lsa, o‘shani hozir qilamiz!”

Abdullohxon Naqshbandiy chahorhazoriy mansabida bo‘lib, podshoh unga g‘azab qilib, o‘z nazaridan uzoqlashtirib, faqir odam holiga tushirib qo‘ygan edi. Xoja podshohdan mazkur Abdullohxonning gunohidan o‘tib, uni yana o‘sha mansabga tayinlashni so‘radi. Podshoh qabul qilib, Abdullohxonni oliy mansabga tayinlab, yana o‘sha davlat va shavkatga noil qildi. Bundan oldin podshoh Abdullohxonning ko‘zlarini o‘yib olishni buyurgan edi. Podshoh odam yuborib, uning ko‘zlariga zarar yetkazmaslikni buyurdi. Mana endi uning ko‘zlarini o‘yish o‘rniga, podshoh huzuriga keltirib, xoja uning ketgan mansabini podshohdan qaytarib olib berdi.

Podshoh xojaning o‘z darboriga tez-tez kelib turishini istardi. Xoja odatda juma kunlari ertalab, ba’zan esa hafta o‘rtasida ham borar va muloqot sodir bo‘lar edi.

 

Valiylik va karomat bo‘stoni daraxtining mevasi, shavkat va shijoat sohibi, saxovat manbai Abdixoja rahmatullohning tavalludi, voyaga yetishi va vafoti haqida

Uchinchi fasl: Xoja rahmatullohning sipohigarlik qilgani haqida

 

Abdulmo‘minxon[5] o‘ldirilganidan so‘ng Abdulloh Bahodirxonning amirlari zaruratdan Pirmuhammadxonni[6] viloyatda podshohlik taxtiga ko‘tarishdi. Hech kim undan hayiqmas edi. Viloyat xalqi orasida besaranjomlik boshlandi. Boqimuhammadxon Samarqand viloyatida edi. Abdixoja birodarlariga xabar qilmasdan Samarqand viloyatiga ketdi va sipohigarlikni ixtiyor etdi. Boqimuhammadxon uning qadamini Ollohning inoyatlaridan hisoblab dedi: “Xojam, sizning tashrifingizni yaxshilikka yo‘ydim. Sizning ota-bobolaringiz va ulug‘lar ruhlari sharofatidan Buxoroni zabt etgumdir”.

O‘sha kechasi xoja tushida ulug‘lar xonni taxtga chiqarayotganini ko‘rdi. Ertasiga u Boqimuhammadxonga dedi: “Poytaxt Buxoro muborak bo‘lsinki, uni ulug‘lar sizga berishdi!” Boqimuhammadxon shodlanib umidvor bo‘ldi. O‘z singlisini niyoz qilib, xojaning nikohiga kiritdi. Xoja qariyb bir yil mobaynida Samarqandda bo‘ldi.

Naql: Pirmuhammadxon sonsiz lashkar bilan Samarqand sari yo‘lga tushdi va Boqimuhammadxon kam sonli guruh bilan xoja hamrohligida Samarqanddan chiqib, unga ro‘baro‘ bo‘ldi. U Pirmuhammadxonning lashkarini mag‘lub qilib, g‘olibu muzaffar holda Buxoroga podshoh bo‘ldi. Boqimuhammadxonning xojaga nisbatan mehribonlik va muhabbati yuz barobar oshdi. Xon xojaga har yili ellik ming xoniy berardi. Shuningdek, u xojaga podshohlarga maxsus bo‘lgan uch narsa – shunqor, sandali va surnay yubordi.

Naql: Xojaning ulug‘lik va hashamati shu darajaga yetdiki, agar biron kishi jinoyat va gunoh sodir etib, azob va jazoga mustahiq bo‘lsa ham, xojaning mulozimlariga panoh so‘rab iltijo qilsa, hech kimsa unga zug‘um qilolmas edi. Xojaning mulozimlari butun viloyatda chunon g‘olib bo‘lishgan ediki, biron kimsaning ularga gapirishga jur’ati yo‘q edi. Shu asnoda xojada Boqimuhammadxonga nisbatan hafsalasizlik paydo bo‘lib, aksar u bilan oshnolik qilsa-da, xonni manzur ko‘rmas edi. Xon biron kishini o‘z huzuridan quvib, iltifotidan mahrum etsa, xoja uni chaqirib, ko‘pincha xalq oldida xonga dashnom berardi. Butun xalq va sipoh xojaga moyil bo‘ldi. Har kuni zodagonlar va sipoh saf-saf, guruh-guruh bo‘lib, xojaning mulozimatiga yugurib kelishar, sipohdan ba’zilar xojaga shunday derdi: “Siz bizning podshohimizsiz, sizni podshoh qilamiz!”

Naql: Bu gaplar tarqalib, xojaga nisbatan sipohning e’timodi va xalqning yuzlanishi kuchaygach, Boqimuhammad mulohazaga tushib, xojadan hadiksiray boshladi. U ham ko‘nglida xojaga qarshi kin-adovatni parvarishladi va uni yo‘qotish uchun bahona izlay boshladi. Xojaning rioyatsizligi haddan oshgach, Boqimuhammadxon xojaning mol-mulkini xatlab, xazina foydasiga oldirdi. Shaharda chunon sho‘ru g‘avg‘o ko‘tarildiki, qiyomat kunini yodga soldi. Bir necha kun shu tarzda o‘tdi. Xonning g‘azabi biroz bosilgach, xojaning mol-mulkini qaytarib berishdi.

Naql: Shu voqeadan so‘ng ham xoja o‘zining bebokligi va bemulohaza jasoratidan qaytmadi. Xonga ko‘p zahmatlar yetkazib, Samarqandga ketdi. Hazrat padari buzrukvorimiz va Abdurahimxoja xojani chaqirishdi. U qaytib keldi. Xon Nadr kalta va Aflotun qalmoqni xojani olib kelish uchun yubordi. Ular xojani shahar tashqarisidagi Vajundun nomli o‘z chahorbog‘ida topishdi. Aflotun qalmoq qurollangan holda chahorboqqa kirdi va xojaga dedi: “Xon hukmiga ko‘ra, siz shaharga borishingiz kerak!” Xoja indamay otlandi. Chahorbog‘ tashqarisida bir guruh sipoh turgan edi. Xojani ushlab, qozi Oshiqning uyiga keltirishdi va o‘sha yerda saqlashdi. Uning molu mulkini taftish qilib xatlashdi va viloyat xalqi g‘oyat g‘ulg‘ulaga tushdi. Ko‘pchilik odamlar ittifoqlikda shunday deyishardi: “Xojani Hindistonga jo‘natishmoqchi. Biz bunga yo‘l qo‘ymaymiz va jang qilamiz!” Gumashtalar bu voqeadan xabar topib, qozi Oshiq va boshqa bir guruh, xon hukmiga ko‘ra xojani zo‘rlik bilan shahardan chiqarib, Hind viloyatiga jo‘natib yuborishdi.

  

To‘rtinchi fasl: Xoja rahmatullohning kuzatib qo‘yilishi

 

Xoja shahardan tashqari chiqdi. U egniga darvishona libos kiyib, qirchang‘i otga minib olgan edi. Yoshu qari, qul va ozod, erkak va ayoldan iborat bir guruh odamlar ko‘chaga va tomlarga chiqib, faryodu fig‘on ko‘tarib, o‘zlarini xojaning oti oyoqlari ostiga tashladilar. Xojani sur’at bilan viloyatdan chiqarib, Balxdan o‘tkazib, dovonga yetkazishdi. Nadr kalta va boshqa bir guruh qaytadigan odamlar shu yerdan qaytishdi. Qolganlar dovondan o‘tishdi. Bir hindi xojani yelkasiga opichlab, dovondan o‘tkazib qo‘ydi. Shu tariqa Kobulga kirib kelishdi. Kobul hokimi xojani e’zoz qilib, olam ahlining maxdumzodasi kelganligi haqida podshoh Jaloliddinga[7] arznoma yozib jo‘natdi. Podshoh xushvaqt bo‘lib, xoja har bir viloyatga yetganida izzat-hurmat ko‘rsatishni buyurdi. Viloyat hokimlari e’zoz-ikrom bilan xojani Akbar podshohning poytaxtiga yetkazishdi.

Naql: Jaloliddin Akbar podshoh o‘limidan so‘ng bir guruh amirlar ittifoq bo‘lib, Shoh Salimni emas, balki Akbarning o‘g‘illaridan boshqa birini taxtga chiqarmoqchi bo‘lishdi. Biroq xoja qabul qilmadi va Shoh Salimni podshoh qilishdi.

 

Beshinchi fasl: Xoja rahmatullohning vafoti haqida

 

Xoja dardga chalinib, ushbu kasallikdan vafot etdi. Ba’zilar, xojaga zahar berishgan ham deyishadi. Xojaning jasadini muvaqqat dafn qilishdi. Olti oydan so‘ng hazratning jasadini Buxoroga keltirib, viloyatning Poyirud dahasidagi Zarmoti[8] qishlog‘iga eltishdi. Hazrat padari buzrukvorimiz va Abdurahimxoja mazkur qishloqqa kelishdi. Valimuhammadxon ham Buxoro viloyatining bir guruh umaro, akobir va ashrofi hamrohligida keldi. Xojaning jasadini ko‘tarib, Sumitanga borishdi va ulug‘larning fayzli sarmozorida janoza o‘qishdi. Shundan so‘ng ulug‘lar dahmasining orqa tarafiga dafn etishdi. Jo‘yborda g‘oyatda qayg‘uli ta’ziya bo‘ldi. Xoja yigirma yetti yoshida bir ming o‘n oltinchi yilda vafot etdi[9]. Boqimuhammadxonning singlisidan xojaning ikki o‘g‘li va bir qizi qolib, ular kichik yoshda edi. Katta o‘g‘lining nomi Ibodullohxoja[10] va kichiginiki Qudratullohxoja edi. Qudratullohxoja farosatli bola bo‘lib, xushchehra edi va xatni chiroyli yozar edi. O‘n to‘rt yoshida chechakdan vafot etdi. Abdixojaning qiziga tog‘avachchasi Abdulloh sulton uylandi.

Ibodullohxoja Balx viloyatiga Nadrmuhammadxon xizmatiga bordi. Nadrmuhammadxon xojaning kelganidan nihoyatda xursand bo‘lib, uni g‘oyatda rioyat qildi. Xoja bir necha yil Balxda shu tariqa hayot kechirib, so‘ngra Buxoroga keldi. Xoja fozil va oliyhimmat kishi edi. Ming afsuski, ko‘knorga mubtalo bo‘ldi. Oltmish yoshida bir ming yetmish uchinchi yilda vafot etdi[11]. Zamon podshohi Abdulazizxon qarindoshlik jihatidan xojaning ma’rakasiga bosh bo‘lib, katta obro‘ bilan o‘tkazib, ulug‘lar yoniga dafn qilishdi. Hazrat Abdixojaning farzandlaridan avlod qolmadi.

 

Fors tilidan G‘ulom KARIMIY va Erkin MIRKOMILOV tarjimasi

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–3

 


[1]  Tanxoh – xizmat uchun davlat tomonidan amaldorlarga berilgan yer.

[2]  Shoh Salim – Hindiston podshohi Nuriddin Jahongir, 1605-1628 yillarda hukmronlik qilgan.

[3]  Shoh Xurram – Hindiston podshohi Shohjahon, 1628-1659 yillarda hukmronlik qilgan.

[4] Nurjahonbegim – Nuriddin Jahongirning xotini.

[5] Abdulmo‘minxon – Shayboniylar sulolasiga mansub hukmdor bo‘lib, 1598 yilda otasi Abdullaxon vafotidan so‘ng olti oy podshohlik qilgan.

[6] Pirmuhammadxon II – Shayboniylar sulolasiga mansub hukmdor bo‘lib, 1598-1599 yillarda podshohlik qilgan.

[7] Jaloliddin Akbar – 1556-1605 yillarda hukmronlik qilgan Hindiston podshohi.

[8] Zarmoti – Buxoro shahrining g‘arbiy tarafida joylashgan qishloq.

[9] Melodiy – 1607-1608 yil.

[10] Ibodullohxoja – ba’zi qo‘lyozmalarda Atoullohxoja deb yozilgan.

[11] Melodiy – 1662-1663 yil.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.