Masofa

0
369
marta koʻrilgan.

Muhtasham xonaga qalbing toʻlqinlanib kirib kelding. Endi u – seniki. Barcha jihozlari, dabdabali qiyofasi, bor jozibasi bilan sengagina tegishli. Labingdagi nim tabassumni yoyilib ketishdan tiygancha, barra maysadek yumshoq gilamni huzur bilan bosib toʻrga oʻtding. Bir paytlar koʻzingga koʻk toqidagi yulduzdek olisdan jilvalar qilgan oromkursiga joylashib oʻtirding. Nihoyat, nihoyat!!! Ortingdan ergashib kirgan xodimlar joʻrovoz boʻlib tabriklashardi. Samimiyat ila minnatdor boʻlding. Roʻyingda ajib xushnudlik, faqat inson zotiga xos baxtiyorlik ifodasi jilvalanar, xonangni yoritib turgan jilokor nur darpardalar orasidan emas, sening yuzingdan taralayotgandek edi. Oʻsha kuni seni qutlab juda koʻp odamlar kelishdi. Ularning har biri tanish, koʻnglingga yaqin va qadrdon edi. Ular bilan sening oʻrtangda allaqanday masofa paydo boʻlgan, ammo u qisqa va yorugʻ edi. Shundan koʻplarini oʻrningdan turib, qoʻlingni koʻksingga qoʻyib kutib olding. Eshik oldigacha kuzatib bording. Ular senga shundayligingcha mehr qoʻyib, shundayligingcha eslab qoldilar.

Bir muddatga kiruvchilar toʻxtaganda, koʻksingdagi shirin tuygʻu uchmoqqa shay qush misol potirlab, oʻrningdan turishga daʼvat etdi. Deraza oldiga bording. Koʻz oldingda bejirim bogʻcha namoyon boʻldi. Daraxtlarning shoxiyu gullarning boshi sen tomon burilib, xiyol taʼzimda turardi goʻyo… Keksa tutning qalin shoxlari orasidan uchib chiqqan bir juft musicha toʻgʻri kelib oyna ortidagi tokchaga qoʻndi. Qu-qulashib, nafis boshchalarini dam-badam chayqab, oʻzaro tillashgan boʻlishdi-yu, birdan jimib qolishdi. Shunda tim qora koʻzlari xuddi senga qadalganday tuyuldi va borligʻingni ajib huzurbaxsh his chulgʻab oldi. Silab qoʻyging keldi ularni. Patlari juda mayin boʻlsa kerak… Bugun dunyo gʻoyatda goʻzal va uning har bir zarrasi senga xayrixoh edi.

Keyin koʻp suvlar oqib oʻtdi. Va bu suvlar sendagi koʻp yaxshi xislatlarni oqizib ketdi.

…Muhtasham xonaga viqor bilan kirib kelding. Qalbingni toʻlqinlar tark etganiga ancha boʻlgan. Yuzingda hozirgina oʻzing bosib oʻtgan marmar zinalarning silliq, oʻzgarmas va tund qiyofasiga oʻxshash sovuq bir ifoda qotib qolgan. Mansab pogʻonasidan koʻtarilganlarning hammasida ham bunday boʻlavermaydi, lekin senda shunday boʻldi: sen oʻzgarding. Oshyoning hamon jozibador, biroq buni ilgʻamay qoʻygansan. Bu shunchaki seniki. Sening saltanating. Toʻrdagi oromkursining ohanrabosi ham soʻngan, ohori ketgan. Unga jisminggina oʻtiradi, oʻzing esa juda yuksakdasan. Ortingdan kirgan xodimning ovozi uzoqlardan eshitiladi. Anchadan beri shunaqasan  – balanddasan. Haligi masofa oʻz-oʻzidan choʻzilib, xiralashib ketgan. Pastga qarab oʻylaysan: muncha mayda bu odamlar? Eshigingdan kiruvchilarning keti uzilmaydi. Ularning koʻplarini tanimaysan… Ehtimol, bir paytlar tanigandirsan? Endi buning ahamiyati yoʻq. Endi tanishing shart emas. Ularning ayrimlarigagina qoʻl uchini uzatasan. Ularning ham koʻpchiligi seni taniyolmaydi, sendan seni topolmaydilar…

Uquvsiz xodimingni boʻralab soʻkib, quvib solgach, asov gʻazabni jilovlash uchun u yoqdan-bu yoqqa yurding. Nodonlar, noshudlar! Shuncha ish, shuncha vazifa, bularning sulayib yurishini-chi! Beixtiyor deraza yoniga bording. Bogʻ koʻzingga fayzsiz koʻrindi. Tokchada hoziru nozir bir juft musichaning qu-qulashi asabing torlarini battar taranglashtirdi. Namuncha dunyoga gʻavgʻo solmasa bular. Shu payt yashil shoxlar bagʻridan yana bir kichikrogʻi pirillab uchib chiqib, ularning oʻrtasiga kelib qoʻndi. Musichalarning biri egilib, tumshugʻidagi nimanidir tokchaga tashladi. Haligi polapon yemakni doʻqillatib choʻqiy boshladi. “Doʻq, doʻq… Qu-qu… Doʻq-doʻq…” Koʻpayib ketishganini-chi! Tek qoʻysang, hammayoqni bulgʻab tashlashadi. Stolingga yaqinlashib, qizil tugmachani bosding-da, anavi bukchayib qolgan qari tutni tag-tugidan kesib tashlashni buyurding…

Shu tariqa balandlayverding, balandlayverding… Pastdagilar esa maydalashaverdi. Nazaringda hammasi toʻgʻri. Nazaringda shunday boʻlishi kerak. Shunday boʻlishi tabiiy.

…Qanchalik balandlama, banda ekansan. Qazoing yetdi… Dunyoning barcha xoyu-havaslariga koʻz yumding. El qatori yuvib-tarab, oq matoga oʻradilar. Lekin Yaratgan senga shunday bir buyuk sinovni yubordiki, odamlarning nainki gapini, balki ichki tovushlariniyam eshitib yotding. Bu tovushlarning mazmuni… dahshatli edi.

– Yaxshi odam edi, rahmatli (Dilozor edi, dilozor).

– Koʻplarga yaxshilik qilgandi (Odam ajratardi, badfeʼl).

– Arzimagan kasal olib ketdi-ya (Kibri boshini yedi).

Sen: “Hammasini ishni deb qildim! Kunu tun ishladim, shumi rahmatlaring?!” – deya hayqirging keldi. Lekin zaboning karaxt edi. Sen faqat eshitarding. Koʻp vaqtlardan beri birinchi marta “mayda”larni jimgina eshitarding…

– U dunyosini bersin (Bu gumrohni Oʻzi kechirsin).

Vodarigʻ, bu ne sinoat?! Ular nima deyishyapti oʻzi? Demak, notoʻgʻri yashabdi-da? Endi nima boʻladi, doʻzax oloviga otiladimi? Yoʻq-yoʻq, istamaydi, yoʻq!!! Nimadir qilish kerak. Qaniydi qaytolsa, bir kungina boʻlsayam yashasa edi, butunlay boshqacha odam boʻlardi. Kibr otligʻ bu mashʼum libosni yechib, burda-burda qilib tashlardi!..

Hamon oʻshanday gaplar:

– U dunyoda ham martabali boʻlsin (Xudo jazosini bersin)

Chidolmading. Jonsiz tanangga isyonkor bir kuch indi. “Bas!” – deya qichqirib yubording va… uygʻonib ketding. Tush ekan.

“Axir bu tush ekan!” – taʼkidlading oʻzingga oʻzing. Biroq, zarracha yengil tortmading…

Baribir balandlayverding. Nazaringda, pastga tushadigan narvon olib tashlangan, endi yoʻling faqat balandlikka yoʻnalgan edi. Biroq, foniy dunyoda hamma narsaning oxiri bor. Bir kuni… Tuyqus qulab tushding. Shuncha masofadan-a! Bir lahzada roʻy berdi bu. Ajab, zarracha shikastlanmay, bus-butun tushding yerga. Faqat, ich-iching vayron, botiningda nimadir simillar edi. Atrofga alanglab hayratlanding – haligi mayda odamlar… sen bilan bab-baravar ekan. Ular kattarib ketdimi yo sen kichrayding? Shu haqda oʻylashing bilan, boyagi simillagan ogʻriq chidab boʻlmas darajada zoʻrayib ketdi. Qayerdan boshlandi u? Chap koʻksingni paypaslab, oʻyga tolding: NIMA EDI BU?..

 

Gulchehra ASRONOVA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–3

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.