Marosim

0
218
marta koʻrilgan.

Ariymaz koʻzini ochgani zahoti haliyam tirik ekanligini anglab, “uh” tortdi. Mana, bir necha oydan beri sillasi qurishi uchun oʻzini ovqatdan tiyadi, bir necha kundan beri esa tuz totmaydi, lekin baribir… hali-beri oʻladiganga oʻxshamaydi. Asli bolaligidan shunday – sogʻlom va baquvvat edi. Ikki ukasi va bir singlisi goʻdakligidanoq kasallanib nobud boʻlishdi. U esa shu sogʻlomligi tufayli omon qoldi. Yigit yoshiga yetganida ham juftlikka oʻziga oʻxshash sogʻlom qizni tanladi. Aniqrogʻi oʻzi emas, tomiridagi qoni tanladi qizni. Uning ismi Anisa edi, ikki yonogʻi togʻ lolasidan qizil, tani quyoshda pishgan bugʻdoy rangida edi. Tishlarining oppoqligi, tekisligi fors savdogarlari keltirib sotadigan, qabila ayollari koʻrganida koʻzlari yonadigan marvaridni eslatar, peshonasidan ensiz tasma bilan bogʻlab yuradigan quyuq sochlari qizning harakatiga monand toʻlgʻonardi. Kiyadigan liboslari goh yashil, goh sariq, goho qizil tusda boʻlardi. Udumga binoan bichimi toʻgʻri qilib tikilgan bu liboslar qizning adl qaddiga quyib qoʻyganday yarashar, faqat yarashardigina emas, qizga oʻzgacha joziba baxsh etib, oshigʻi yuragini tobora koʻproq yondirardi.

Beliga “belbogʻi mardon” bogʻlangan yili Navroʻz arafasida Ariymazning qarindoshlari qizning uyiga bosh egib borishdi-yu, xursandlik bilan qaytishdi. Qizning otasi marosimga rozi boʻlibdi. Bu xushxabar Ariymazning koʻngliga ozroq xavotir ham soldi. Garchi u marosimda hammasi roʻyirost boʻlishini istasa-da, yengilib qolishdan choʻchirdi, chunki qizning baquvvatlikda oʻzidan qolishmasligini bilardi.

Marosim udumga binoan xolis kishinikida – qabila oqsoqolining uyida oʻtkazildi. Katta mehmonxonaga Eron gilamlari toʻshalgan, devorda esa Tangri Xurmuzning Axuramazda inoyati bilan Zardushtga yetti timsolda koʻringani tasvirlangan edi. Bu dabdaba Ariymaz va unga oʻxshagan “bechora”larning devorini hech qachon bezamasligi ayon. Xayriyatki, Anisa oʻzi kabi “bechora”lardan. “Teng tengi bilan…” deganlariday…

Mana, qiz kirib keldi xonaga. Yoʻq-yoʻq, qiz emas, muborak Quyosh porlab chiqqanday boʻldi goʻyo. Zardushtga koʻrinish bergan Xurmuzning yetti tajalliysi jonlanganday, harakatga kelganday tuyuldi yigitga. Qiz Navroʻz bayrami, yana bugungi marosim munosabati bilan yasangan – bitta qilib oʻrilgan sochlariga bahor chechaklari taqqan, boshiga ezgu niyat, ezgu soʻz va ezgu amalni mujassamlashtirgan uch tarkli taqya – doʻppi qoʻndirgan, egnidagi xitoyi shohidan tikilgan yashil libosi oshiq qalbiga odatdagiday, balki undan-da koʻproq olov yoqish uchun kiyilganday edi.

Ariymaz ixtiyorini boy bermaslik uchun bu goʻzallikka qaramaslikka qaror qildi. Yoʻqsa maqsaddan chalgʻib, magʻlub boʻlishi mumkin. Magʻlubiyat esa nafaqat sharmandalik, balki halokat demak. U qizning mayin tabassum bilan bosh egishiga yengilgina taʼzim bilan alik oldi-da, qaddini eggancha ikki qoʻlini burgut qanotiday kerib, hujumga va ayni paytda himoyaga tayyorlana boshladi.

– Buning nima keragi bor? – kulib yubordi qiz. – Chiqib ayting, men magʻlub boʻldim!

Bu kutilmagan emas, ayni kutilgan, orzu etilgan soʻz edi. U hayratdan angrayib qoldi.

– Mendan kuchli ekanligingizni bilaman, – dedi Anisa. – Qabila yigitlari bilan qanday kurash tushganingizni koʻrganman. Kurashib oʻtirganimdan nima foyda, baribir magʻlub boʻlaman.

“Yoʻgʻ-ey? Qachon? Ha, bultur Navroʻzdami? Axir yaqin orada ayol zoti yoʻq edi-ku! Demak, u ham meni pana-panadan kuzatarkan-da!”

Ariymazning koʻngli farahga toʻldi. Hovliga chiqdi. Bezovta boʻlib kutayotgan qarindoshlari uning soʻzlarini shodumonlik bilan qarshi olib, zohiran “xafa boʻlgan” qudalariga tasalli bergan boʻlishdi.

Toʻy dabdabali boʻlmasa-da, shiringina boʻldi. Toʻydagi kurashda ham kuyov qabila yigitlaridan kuchli ekanligini yana bir bor isbotladi.

Toʻydan soʻng yangi oila oʻziga alohida tugʻ koʻtardi.

 

* * *

 

Farzandlari ham sogʻlom va baquvvat, bir soʻzli, lekin qaysar boʻlib ulgʻayishdi. Katta oʻgʻli Azamat aqli va ilmi bilan nafaqat qabila ahli oldida, balki shahar qabilalari uyushmasida ham obroʻ topdi. Koʻzini yumib, “Avesto” gotlarini shunday goʻzal oʻqirdiki, hazrati Dovud zamonidan beri hech kim bunday xushovoz boʻlmagandir. Agar shu isteʼdodi bilan biroz itoatgoʻy boʻlganida bormi?! Hech kim unday obroʻ qozonolmasdi!

Otashkada qoshidagi maktabni bitirar yili uni ustozlari ibodatxona kohinligiga tavsiya etishdi. Biroq u… u Ariymaz hozir, aynan hozir ado etilishini kutib oʻtirgan marosimni inkor etaroq otashkada kohinlariga qarshi chiqdi. “Zardusht bunday deyishi mumkin emas, bu elatning koʻchmanchilik davrida ortiqcha yukdan qutulish uchun oʻylab topilgan marosim, hozir bu odatning mutlaqo keragi yoʻq”, dedi. “Jonivoru oʻsimlikni ham aziz-avlon qilgan zardusht dini insonni bu qadar xoʻrlamaydi”, dedi.

Mantiqan uning soʻzi toʻgʻriga oʻxshardi. Biroq har qanday yangilik kabi bu fikr ham ulugʻlarga yoqmadi.

Oʻtogʻalari avvaliga murosa qilishdi. Ilohiy hukmni oʻzgartib boʻlmasligini, bu tabiatning qonuni ekanligini, jonivorlar orasida ham shunday odat hukm surishini dalil keltirib, Axuramazdaning xohishi shundayligini isbot qilishga urinishdi. Biroq Azamat kohinlarning, boshqa yoshi ulugʻlarning, hatto ota-onasining ham gaplariga kirmadi.

– Sizlarga Zardushtning soʻzi emas, uning hukmi oʻlaroq hoziq boʻlgan bemaʼniliklar kerak, aslida unga suiqasd qilib oʻldirgan ham oʻzlaring!  – dedi dadil.

Bu anchayin qattiq gap edi. Ariymaz oʻshanda qoʻrqqandi. Oqsoqollar bolamni oʻldirib qoʻyishadi, deb oʻylagandi. Biroq kohinlar shafqat qilishib, Azamatni surgunga hukm etishdi. “Qaytib kelsang, oʻldiramiz”, deyishdi. Yigit esa pushaymonlikni xayoliga keltirmasdi.

– Endi qayerga borasan, bolam? – soʻragandi undan endi avvalgi oʻtday goʻzalligi yoniga yoshiga yarasha ulugʻvorlik ham qoʻshilib borayotgan Anisa.

– Turkutlar qabilasiga! – parvoyi falak javob bergandi oʻgʻli.

– Koʻchmanchilardan yaxshilik kutib boʻlmaydi.

– Bu yerda munofiq boʻlib yashagandan koʻra, boshga tushganni koʻrgan maʼqul. Begunohligi uchun Siyovush olovdan ham tirik chiqqan ekan, – javob qaytardi Azamat.

Shu boʻyi oʻgʻli biron yil bedarak ketdi. Anisa garchi eriga bildirmasa-da, oʻgʻlining kiyimlarini bagʻriga bosib yigʻlab olishini Ariymaz yaxshi bilardi. Bilardi-yu, bilmaslikka olardi. Boshqalarning “noqobil oʻgʻilning boridan yoʻgʻi maʼqul” degan “tasalli”lariga sukut bilan javob berar ekan, farzandi albatta qaytishini yuragi sezardi.

Yuragi aldamagan ekan. Oʻgʻli erta koʻklamda yashirincha uyga keldi. Yelkasiga allaqanday yovvoyi hayvonning terisini tashlagan Azamat ancha oʻzgargan, yuzlari qoraygan, shundoq ham baquvvat bilaklari yana-da yoʻgʻonlashgan, qogʻozu qalamga oʻrgangan qoʻllari dagʻallashgan edi.

– Qandaysan, bolam? – uni quchogʻidan qoʻymay soʻragandi oʻshanda Ariymaz.

– Mazdaga shukr. U meni qoʻllaydi, – sokin, biroq avvalgiday qatʼiyat bilan javob berdi oʻgʻli.

– Turkutlar qanday ekan? – soʻragandi oʻshanda Ariymazning qizi akasiga hayrat bilan boqqancha.

– Koʻchmanchilardan bekor qoʻrqar ekanmiz. Ularday mard, bir soʻzli odamlarni koʻrmaganman.

– Koʻk boʻriga sigʻinayapsanmi? – soʻradi Anisa.

– Yoʻgʻ-ey, – kuldi oʻgʻli aftidan onasi koʻchmanchilarning eʼtiqodini bilganidan hayron qolib. – Men Mazdaga ibodat qilaman. Hech kim menga xalal bermaydi. Ular hatto bizning eʼtiqodga qiziqib qolishdi. Chunki Axuramazda bilan Koʻk Tangrining sifatlari bir-biriga oʻxshar ekan. Bilasizmi, men ularga nima dedim? Aslida Yaratguvchi bitta, biz bilgan nomlari esa Uni bizga anglatuvchi turli yoʻllar, xolos, dedim…

– Yuringlar, ota, ona, sizlarni olib ketaman! – nihoyat maqsadga oʻtdi tong otayotgan paytda Azamat.

– Qayerga, bolam? – soʻradi kelganidan beri unga termilib oʻtirgan ona maʼyusgina ovozda.

– Bemaʼni odatlar yoʻq joyga. U yerda ham kunimizni koʻra olamiz.

– Turkutlar dehqonchilik nimaligini bilishmasa, yarim yovvoyi boʻlishsa…

– Unchalik emas. Ular ham chorva boqishadi. Buning ustiga… ovchilik yaxshi ekan. Men kamondan otishni oʻrganib oldim.

– Qayerda boʻlsang ham, omon boʻl, bolam. Biz bormaymiz! – dedi qatʼiyat bilan Ariymaz.

Oʻgʻli oʻshanda maʼyusgina bosh egib chiqib ketgandi. Ora-chorada oʻshanday yashirincha kelib turdi. Bu orada qandaydir bir turkut qizga uylanganini ham aytdi. Oxirgi kelganida ota-onasini birga yurishga qistab, rosa yalindi.

– Ota, ona, boshqa koʻrishmasak kerak, – dedi u koʻzidagi yoshini zoʻrgʻa tiyib. – Turkutlar boshqa joyga koʻchib ketishayapti. Uzoqqa. Men… ular bilan ketaman.

– Oilang bilan birga qaytib kel, oʻgʻlim. Qilmishingdan pushaymonligingni aytsang, oʻtogʻalari seni kechirishadi. Vatandan uzoqqa ketib boʻlmaydi, – zorilladi ona.

– Keyin ularning bemaʼni eʼtiqodiga boʻysunishim kerak boʻladi, ona. Axir Zardusht ham oʻz eʼtiqodini saqlab qolish uchun Eronga ketishga majbur boʻlmaganmidi?

– Sen kimu, ulugʻ Xabarchi kim, oʻgʻlim?

– Men qaytmayman, ona!

Ariymaz oʻgʻliga eʼtiroz bildirmadi. Garchi indamagan boʻlsa ham, ichida uning soʻzlarini maʼqullardi. Ketayotganda ham xotini va bolalariga shu yerda xayrlashishni buyurdi-da, oʻzi uni pana yoʻllar bilan shahar tashqarisigacha kuzatib chiqdi.

Otasini quchoqlab, xoʻshlashayotgan oʻgʻli unga bir gap aytdi. Bu gapni Ariymaz keyinchalik koʻp eslab yurdi. Shundan keyin oʻgʻli boshqa qaytib kelmadi.

 

* * *

 

Yagona qizi – Ravshanoy ham akasidan qolishmadi. Boʻyi yetgach, uyga kelgan sovchilarni qaytara boshladi. Marosimda uchta yigitni chirpirak qilib yiqitdi. Shundan keyin qabila yigitlaridan ham, boshqa qabilalardan ham uni soʻrab kelishga hech kim botinolmadi. Kohinlar esa Azamatning olinmay qolgan oʻchini uning oilasidan olishga imkon tugʻilganidan sevinishdimi, har qalay, ataylab turmushga chiqmay, Mazdaning qonunlarini pisand qilmadi, deya ayblab, Ravshanoyni otashkada qoshidagi sihatgohga hamshiralikka joʻnatishdi. Quchogʻidagi qizining kelin boʻlib emas, bemorlar qoshiga hamshira boʻlib ketayotganini koʻrgan Anisaning koʻzyoshi daryo-daryo boʻldi. Endi uning magʻrurligidan asar ham qolmagan, shundoq ham farzand dogʻi eggan qaddi bukilib, yuzidagi ajinlari koʻpaygan edi.

Ariymaz qizining nega bunday sarkashlik qilayotganini tushunmadi. Biroq nimagadir uning fikrini maʼqullagisi kelardi. Shuning uchun u garchi fikrini ochiq aytmagan boʻlsa ham, qiziga bir ogʻiz qattiq gapirmadi. “Teng tengi bilan…” deganlari toʻgʻri. Bu – tabiat qonuni. Ravshanoyga teng yigit bu shaharda yoʻqligini Ariymazning oʻzi ham yaxshi bilardi. Agar tengi chiqsa, qizi ham xuddi onasiday kurashmay taslim boʻlardi. Ota buni ham anglardi.

Ravshanoy itoatgoʻy hamshira boʻlib ishladi. Dam olish kunlari uyga kelganida ham, onasi uni yoʻqlab borganida ham biron marta oʻz hayotidan, ishidan nolimadi. Biron yil shu taxlit oʻtgandan keyin qiz oʻz-oʻzidan gʻoyib boʻldi. Shifoxonadagi hamshiralar uni qandaydir qisiq koʻz turkiy yigit bilan koʻrishganini aytishdi.

– Yana koʻchmanchilar. Ularning bolalarimda nima qasdi bor ekan? – zorlandi ona.

Ariymaz esa garchi buni oshkor bildirmasa-da, qizining qaroridan xursand edi. “Teng-tengi bilan”, deganlari toʻgʻri. Oʻsha yigit olis yurtdan Ravshanoyni izlab kelibdimi, demak, uning tengi. Buni unga tomiridagi qoni bildirgan. Ariymaz tabiat qonuni adashmasligini bilardi. Qizi, albatta, baxtli boʻladi!

– Podsholarimizning oʻzlari turkiylar bilan qudalashishayapti-ku, – xotiniga tasalli bermoqchi boʻldi Ariymaz.

– Mening orzu-havaslarim-chi?! Endi qizimni koʻrmaymanmi?! Uning bolalarini ham koʻrmaymanmi?! Bittasini dardi yetmayotuvdimi menga?! – zor-zor qaqshadi xotini.

– Qoʻy endi, qayerda boʻlsayam omon boʻlishsin!

Polaponlarini uchirma qilish – qushlarga xos. Qarangki, odamzot bunga chidolmas ekan. Ayniqsa, xotini. Ravshanoyning qilmishidan keyin qaddi butunlay bukilib qoldi. Ariymazning oʻzi ham el-uruqqa aralashishga or qilib, uydan chiqmaydigan boʻldi.

Ularning soʻnggi umidi – kenjatoy edi. Bu bola oʻjarligu erkalikda akasi, opasidan qolishmasa-da, ota-onasining yagona umidiga aylanganligi uchun endi ancha sipo boʻlib qolgandi. Ota-ona Azamat va Ravshanoyning orzu-havasini shu boladan koʻrishdi. Yaxshi joydan qudalashishdi. Oʻziday itoatgoʻy, moʻmin-qobil qizni kelin qilishdi. Uning bolalari ham shunday itoatgoʻy, shunday moʻmin-qobil boʻlishdi. Maktabda nomigagina oʻqishdi. Otasi, bobosiga oʻxshab dehqonchilik qilishdi. Uyda chorva asrashdi. Shu bilan umr oʻtib ketaverdi. Nevaralar ham balogʻatga yetgan zahoti uylanishdi.

Shu paytlarda Anisa betob boʻldi. Avvaliga uning oʻzi ham, boshqalar ham buni oʻtkinchi dard deb oʻylashdi. Lekin maʼlum boʻlishicha, bu boshqacha kasallik ekan. Anisa alahlaydigan odat chiqardi.

– Koʻk boʻri, Koʻk boʻri, – derdi u nuqul olislarga tikilib. – Bolalarimni qayerga olib ketding? Ularni qaytarib ber, Koʻk boʻri!

Ariymaz bu holga jim qarab turolmadi. Otashkada kohinlarini chaqirtirib, “Avesto”dagi devlarni laʼnatlaydigan duolardan oʻqitdi. Biroq bu duolar aks taʼsir qilar, Anisaning ahvoli yomonlashib borardi. Uning alahlashi kuchayib, uzzukun gʻoyibdagi suhbatdoshiga nola qilib, yigʻlaydigan odat chiqardi.

– Koʻk boʻri, senga nima yomonlik qildim? Bolalarimni qayerga olib ketding? Ularni qaytarib ber! Bagʻrimga qaytar bolalarimni!

Ariymaz xotinining umri nihoyalanib borayotganini sezib turardi. Shuning uchun iloji boricha uning koʻngliga qarashga harakat qilar, yonidan jilmay oʻtirardi. Bir kuni hushi joyiga qaytgach, Anisa eriga dedi:

– Behushligimda nima deyapman, otasi?

– Nuqul Koʻk boʻri, deysan. Qoʻy, onasi, bolalaringdan rozi boʻl. Oʻzingni ham qiynama.

– Men ulardan roziman. Lekin siz ham bir narsani bilishingiz kerak. Ular… ular men tufayli turkiylar qavmiga qoʻshilishdi.

– Bu nima deganing?! – hayratdan lol boʻldi Ariymaz.

Xotini yoʻtalib, gapirishga qiynaldi. Ariymaz unga suv tutdi. Keyin yelkasidan ushlab, oʻrniga yotqizib qoʻydi.

– Gapimni eshiting, otasi. Keyin buni ayta olamanmi, yoʻqmi, bilmayman, – xotini kutilmaganda dadil ovoz bilan gapira boshladi. – Men asli turkutlar naslidanman.

Ariymaz bu kutilmagan iqrordan shoshib, gapini yoʻqotib qoʻydi. Angraygancha oʻtiraverdi. Nihoyat, tili soʻzga kelib: “Bobolarim sening ajdodlaringni yaxshi bilishar edi-ku”, – dedi.

– Buni bobolaringiz ham eslolmaydi, – dedi Anisa. – Katta bobomning otasi turkut yigit boʻlgan. U ham xuddi bizning Azamatga oʻxshab, qavmidan quvilib, biz tomonga kelgan. Ustrushonalik qizga uylangan. Bolaligimda oʻsha bobomning xotini – Osha buvim menga choli Koʻk boʻri haqida aytganlarini ertak qilib soʻylab berardi. Oʻsha ertaklar mening koʻnglimga shunchalik jo boʻlganki… oʻshandan beri Koʻk Boʻri deganlari hamisha mening xayolimda yashadi. Yoʻq, buni shunchaki xayol deb boʻlmaydi. Bolaligimda turkiylarning onasi – oʻsha Ona Boʻri allalab uxlatganini, tushimga kirib, meni toʻlin oyli tunda baland tepalarga olib chiqqanini, meni yoniga oʻtqazib olib, oyga qarab choʻzib-choʻzib uliganini bilaman. Toʻyimiz boʻlayotganda u peshonamdan oʻpib, sizga topshirgan. Farzandli boʻlganimizda bolalarimning beshigi tepasida uvullab, alla aytardi. Oʻsha Koʻk Boʻri hali ham men bilan yashaydi, ishonasizmi?

– Oʻzingni urintirma, xotin, – Ariymaz xotinini tinchlantirishga harakat qildi. – Tangri bizga shu kunlarni ravo koʻribdimi, bu ham bejiz emasdir… Uxla, xotin, koʻzingni yum.

– Men alahlayotganim yoʻq! – koʻzlari chaqnadi ayolning. – Har doimgidan koʻra hozir hushyorroqman… Hozir u qarigan… Madorsiz… Hatto ulishga ham yaramaydi… Yaqinda oʻladi… Bolalarimizning diliga ham mening koʻnglimdagi oʻsha eʼtiqod oʻtib, ularni turkiylarga yaqinlashtirgan. Shunday, otasi… bolalarimiz… bolalaringiz men tufayli oʻz qavmini tashlab ketdi. Shunday… otasi. Mendan rozi boʻling…

Xotinining yosh quyilgan koʻzlari manguga yumilib borardi.

 

* * *

 

Shundan keyingi voqealarni Ariymaz avvalgiday hushyorlik bilan eslolmaydi. Nevaralarning bolalari ham ulgʻaydi. Ular ham turmush qurishdi, farzand koʻrishdi. Lekin ularning orasidan hech kim mavjud qoidalarga qarshi bosh koʻtarmadi. Hammalari tobora itoatgoʻy boʻlib borishardi. Odamlar Azamat va Ravshanoyni ham, oʻzlarini ham unutib yuborishdi. Balki Azamat bilan Ravshanoy ham ulugʻ Axuramazda huzuriga ravona boʻlishgandir? Axir ularning ukasi – itoatgoʻy, moʻmin qobil kenjatoy ham oʻtgan yili bu dunyoni tark etdi-ku. “Yoʻq, yoʻq, ular hayot, men tirikman-ku”, oʻylardi Ariymaz.

Ariymaz soʻnggi yaqinidan ham ayrilganligini oʻsha kenjatoyi vafot etganda sezgandi. Kenjatoyning bor-yoʻqligi koʻp-da bilinmasa ham, otasiga suyanchiq ekan. Soʻnggi suyanchiq. Nevara-chevaralar Ariymazga yaxshi qarashdi, issiq-sovugʻidan xabardor boʻlishdi. Lekin suyanchiq boʻlisholmadi.

Ariymaz kunduzi shaharda bemaqsad kezib yuradigan boʻldi. Uning tengdoshlari yo narigi dunyoga ketishgan yo boʻlmasa, bolalarini duo qilib uydan chiqmay oʻtirishadi. U esa… uning jismoniy sogʻlomligi va ruhiy behalovatligi muqimlikka qoʻymasdi. U shahar kezib, oʻziga yaqin xotira qidirardi. Shahar chetidagi otashgoh unga ana shunday xotira beruvchi maskan edi. Bu dargoh qoshidagi maktabda oʻzi ham, bolalari ham savod chiqarishgan. “Avesto”xonlar ularga ustoz boʻlib, muqaddas kitob hikmatlarini sharhlab berishgan. Shu yerda Azamat oʻsha marosimga qarshi chiqib, nutq soʻzlagan. Shu dargoh qoshidagi hov anavi, qizlar toʻplanib turgan joyda, sihatgohda, Ravshanoy bir yil hamshira boʻlib ishlagan. U ham garchi soʻz bilan boʻlmasa-da, amali bilan mavjud qonunlarga qarshilik koʻrsatgan. Hozir ular qayerda ekan? Sogʻ-salomatmikin?!

Tunlari Ariymaz bedorlikdan qiynalardi. Baʼzan esa uyqu ham bedorlikday tuyulardi. Uning Anisasi yonida Koʻk Boʻri bilan kelib, uzoqlarga – baland tepalikka olib borar, Koʻk Boʻri oyga qarab uzoq uvlayotganida eriga qarab: “Qarang, munchayam chiroyli manzara. Oʻshanda turkutlar yoniga ketish kerak edi, otasi”, – derdi.

Chevaralarning bolalari ham bola-chaqali boʻlishganda Ariymazning umri nafaqat kechalari, balki kunduzlari ham uyqu va bedorlik orasida oʻtadigan boʻldi. Uning avlodlari tobora oʻzidan koʻpayib borar, Ariymazning nazarida, koʻpaygani sari kichrayib, maydalashib borishardi. Oy nevara, pan nevara deganlarining soni shunchalik koʻpayib ketgan ediki (Anisa buni koʻrganda, balki ikki bolasining hajrida oʻrtanganiga afsus qilarmidi?), Ariymaz ularning birini ikkinchisiga adashtirib yuborar, birini ismi bilan boshqasini chaqiraverardi. Avlodlar bunga xafa boʻlishmas, “bobomizning esi kirarli-chiqarli boʻlibdi”, deb kulib qoʻyishar, “labbay”, deb javob beraverishar edi. Ariymaz endi avvalgiday shahar kezolmas, uyining ostonasida oʻtirib, oʻtgan-ketganni tomosha qilardi.

Tavba, uning koʻziga nafaqat oʻz avlodi, balki boshqalar ham kichrayib, maydalashib ketganday edi. U oʻtirardi-yu, goʻyo koʻchadan, uning koʻz oʻngidan sharpalar yuzib borishardi. Uzun-kalta, katta-kichik sharpalar. Faqat yeyish va ichishga, bir xil kun kechirishga yaraydigan sharpalar. Baski, ularning hech qaysisi Ariymazning katta farzandlariday boʻlolmaydi. Yoʻq, Ariymazning esi ogʻib qolmagandi. U hamon oʻz farzandlarini, Koʻk Boʻrining avlodi boʻlgan Anisasini yaxshi eslardi. Ularning siymosini avlodlaridan qidirardi. Qaysidir qiligʻi ularni eslatsa, quvonib ketardi. Afsuski, bunday quvonishlar tobora kamayib borardi. Bu holatga qarab, Ariymaz oʻzining izzati bitib, bu dunyodan ketish fursati kelganligini anglardi. Anglardi-yu, uning chorasini topolmay hayron edi. Ariymaz imonli zardushtiy singari oʻz joniga qasd qilish uchun Axuramazdadan qoʻrqardi. Shuning uchun soʻnggi kuni kelishini kutishga qaror qildi. Oʻsha kun esa kelaqolmay, Ariymazni intizor qilardi. Pan nevaralar ham oilali boʻlib, oʻzlarining tugʻlarini koʻtarganlari sari Ariymazning intizorligi oshib borardi. Endi u uydan ham chiqolmas, biroq hali ham aqli sogʻlom, oldiga kirib-chiqqan sharpalarni koʻrish uchun koʻzlari salomat edi. Sharpalar esa tinmay yurishar, turishar, kirishar-chiqishar, tirikchilik dardida chumolilar kabi tinim bilishmasdi. “Bular charchamasmikin, axir men yashayverib charchadim-ku, bir xillikdan zerikmasmikin, – derdi Ariymaz. – Men allaqachon zerikkanman. Baski, jonimni olmasang, aqlimni olib, meni bu tussizlikdan qutqar”, – deb Axuramazdaga iltijo qilardi. Afsuski, Ulugʻ Tangrining qulogʻi bu iltijolarni eshitmasdi.

Nihoyat, pan nevarasining katta oʻgʻli boʻyiga yetib, “belbogʻi mardon” bogʻlagan yili Ariymaz oʻsha marosim boʻlishini anglab yetdi. U marosimni kun sanab kuta boshladi. Ovqatdan oʻzini tiydi. Mana, avlodlari otashkadaga chaqirtirildi. Ariymaz oʻzicha tasavvur qildi. Otashkadaning eng ulugʻ kohini  – muʼbad ularga bu marosim Ulugʻ Axuramazdaning xohishi bilan Uning Elchisi – Zardushtga vahiy orqali yetkazilgan ilohiy buyruq ekanligini, unga qarshi chiqish Yaratganga qarshi chiqish bilan tengligini, bu marosim hatto hayvonlar orasida ham amal qilinishini tushuntirayapti. Avlodlari esa ibodatxonadagi mangu olovga termilgancha bir soʻz demay, sukutga botishgan.

– Bu ishni begona avlodning birinchi vakili bajarishi kerak. Bu – muqaddas marosim!

Bosh kohinning metin nigohi va irodasi qarshisida Katta Begona “miq” etmay bosh eggan. Nihoyat, ular yuzlarida rozilik alomati zuhur etgan sukut bilan bosh ruhoniy qarshisidan – oʻzlari tiz choʻkib oʻtirgan eroniy gilam ustidan turishdi. Bosh kohin marosim kunini belgiladi.

Avlodlar otashxonadan kelishgani zahoti Ariymazga yanada mehribon boʻlib qolishdi. Kunda bir kirmaydiganlari soat sayin kirishar, uning sogʻligini surishtirishar, ayollari turli-tuman taomlar keltirishardi. Shunda Ariymazning esiga katta oʻgʻli Azamatning oʻsha soʻnggi vidolashuv kuni aytgan soʻzlari tushdi.

– Bu marosim gunoh, katta gunoh! – degandi u. – Bunday gunoh qilishdan bizning avlodni Axuramazdaning Oʻzi asrasin.

Ariymaz avlodini gunohga qoʻymaslik uchun oʻsha gunohni oʻzi qilmoqchi boʻldi. Oʻsha kundan ovqatga qayrilib qaramadi. Biroq bandasining aytgani boʻlavermas ekan. Marosim kuni, baribir, keldi.

Ariymazni ibodatxona yaqinidagi baland binoning tomiga olib chiqishdi. Uning koʻziga oʻsha qadrdon bino – otashkada koʻrinib turardi. Devorlaridan putur ketsa-da, uncha oʻzgarmabdi. Anchadan beri koʻrmagandi. Ellik yil boʻldimi, yuz yil boʻldimi, koʻrmaganiga, Oʻzi biladi!

U orqasidan Katta Begonasi itoatgoʻy va mayda qadamlar bilan yurib kelayotganini, qadam olishidan oyoqlari titrayotganligini, biroq marosim haqida nooʻrin gapirishga, uni inkor qilishga tarbiyasidagi itoatgoʻylik yoʻl qoʻymaganligini sezib turardi.

“Demak, uning qalbida men va xotinimning qaysarligi bor. Lekin uni izhor etishga jurʼati yoʻq. Mayli, hech boʻlmasa, qalbida u bundan norozi boʻlsa, koʻnglida qilayotgan ishi notoʻgʻriligini bilib, undan nafratlansa, men shunga ham roziman!”

– Men sendan roziman, bolam! Boshla! – xayolan begonasiga murojaat qildi Ariymaz.

Katta Begona titrayotgan ingichka, quvvatsiz qoʻllari bilan Katta bobosining yelkalaridan ushladi. Ariymaz beixtiyor koʻzlarini yumdi. Shunda uning esiga Azamatning otasini baquvvat qoʻllari bilan quchoqlab aytgan gaplari tushdi: “Ota, yaqinda Kun botish tomondan oq tuya mingan Xaloskor keladi va bunday laʼnati marosimu odatlarni yoʻq qiladi. Unga ergashganlar esa saodat topadilar. Bu soʻzni Ulugʻ Zardusht bashorat etgan, ota. Hademay, shunday boʻladi, ota, hademay!”

 

* * *

Ariymaz oʻzining yettinchi avlodi – begonasi tomonida tomdan itarib yuborish yoʻli bilan qatl etilgan kuni Kun botish yoqdagi oʻsha Ulugʻ Xaloskor oq tuyasiga minib, Yasrib zaminiga kirib kelgandi.

 

Zuhra MAMADALIYEVA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–6

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.