Maqola yozib beraman

0
391
marta koʻrilgan.

(maqola chiqarishi shart boʻlgan soha xodimlari oʻqisin)

 

Jurnalist emasman, oddiy oʻqituvchiman. Lekin maqolalarim gazeta va jurnallarda chiqib turadi. “Maqolalarim” desam, biroz notoʻgʻri boʻladi-yu, lekin mening yozganlarim boshqalarning nomidan boʻlsa ham gazetada chiqadi-da. Shuning oʻzi “qalamim” borligidan dalolat bersa kerak.

Maktabda devoriy gazeta chiqarishda oʻquvchilarga yoʻl-yoʻriq koʻrsatib, ayrim narsalarni oʻzim yozib berishimni hamkasblarim yaxshi bilardi. Shuning uchun bir kuni direktorimiz xonasiga taklif qilib, “Bir-ikkita yaxshi maqola yozib berasan, uka”, dedi.

Bizniki shunchaki havas, katta gazetalarga maqola yozmaganman, desam ham unamadi, “Salgina ega-kesimini kelishtirib, qogʻoz qoralab bersang boʻldi, u yogʻini oʻzim hal qilaman”, deb turib oldi. Maktabda ishlashim kerak, qolaversa, direktor fondi degan gaplar bor – rozi boʻlib qoʻya qoldim.

Direktorning oʻgʻli Toshkentdagi katta universitetlardan birida oʻqiydi. Nufuzli stipendiyaga hujjatlarini topshirayotgan ekan. Ana shu hujjatlar orasida gazeta-jurnallarda chiqqan maqolalari ham boʻlishi kerak ekan. Xullas, ikki kundan keyin uch-toʻrt qogʻozni qoralab berdim.

Direktorimiz aytganini qiladigan odam-da! Haqiqatan ham, men yozgan oʻsha “maqolalar” bir haftada ikkita gazetada birozgina oʻzgarishlar bilan chiqib keldi-da!

Ana shundan keyin maktabimizdan kimga toifa kerak boʻlsa yoki malaka oshirish kursida oʻqimoqchi boʻlsa, menga iltimos qiladi. Albatta, shunchaki iltimos emas, “mukofot”i bor. Yozib beraman, roʻzgʻorga harna-da!

Maqola degani aslida dars konspektining oʻzginasi. Faqatgina boshida va oxirida bitta-ikkita rasmiy gap yozilsa boʻldi. Ayrim muallimlar shuni ham bilmaydi-da!

Keyinchalik qoʻshni maktablardan ham maqola yozdirgani keladigan boʻlishdi. Hozir butun tumanda meni yaxshi bilishadi. Bir nechta Zulfiyachi qizlarga, notariuslar, ZAGS mudiralari, hatto, soliqchiyu organ xodimlariga ham maqola yozib beryapman. “Pojarniy”lar-ku doimiy mijozim. Ularning hisoboti yoki mavsumga qarab, navbatga yozib qoʻyaman.

Shu kecha-kunduzda talabalar bilan ishlayapman. Yoshlar ittifoqi kontrakt pulining bir qismini toʻlab berishi uchun oʻsha talabaning maqolasi gazetada chiqqan boʻlishi kerak ekan. Biram maza qilyapman, har kuni toʻrt-beshtagacha maqola yozaman.

Oʻzlari kelishadi yoki qoʻngʻiroq qilib, mavzuni, muallifning ism-sharifini aytishadi. Kompyuterimda mavzularga mos bir nechta “papka” ochib qoʻyganman. Bitta “poisk” beraman, aytilgan mavzu shundoq chiqib keladi. Bir-ikki satrni oʻzgartiraman-u, muallif ismini yozib, chiroyli qilib chiqarib qoʻyaman. Kelib, rozi qilib, olib ketishadi. Xullas, ishim besh.

Yaqinda direktorimiz bilan gazeta ochmoqchimiz. Shu maqolalarni boshqa gazetalarga olib borib yurishadimi, oʻzimiz chiqaramiz. Foydasi haqida gapirgandim, u kishi rozi boʻldi. Faqatgina direktorimizning nomidan ota-onasi haqidagi kitobni yozib tugatganimdan soʻng bu ishni boshlaymiz.

Ha, darvoqe, hozir kitob yozishga kirishyapman. Bir-ikki puldorlar ota-bobolari, qilayotgan ishlari haqida kitob yozishni niyat qilganini aytyapti. Mayli-da, niyatlariga yetsin, deb yozib beryapman.

Agar siz ham maqola yoki kitob yozdirmoqchi boʻlsangiz, tortinmay aytavering, kelishamiz. Lekin aytib qoʻyay, men yozgan maqolamning chiqishiga yoki kitobning chop etilishiga kafolat bermayman, faqat yozib beraman. Manzilim, telefon raqamimni tahririyatda qoldirganman…

 

“Pocherkim” koʻpchilikka tanish boʻlgani uchun ushbu maqolaga imzo qoʻymadim.

 

“Oila davrasida” gazetasidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.