Manziliga yetmagan koʻzyosh

0
130
marta koʻrilgan.

Tibbiyot sohasida oʻqiganim sababli ishxonamizdan besh kishini malaka oshirish uchun Moskvaga yuborishdi. Moskva chiroyli shahar.

Koʻchalarida hamisha odam gavjum. Osmonoʻpar binolar odamning hayratini oshiradi. Hali kelganimizga oʻn kun ham boʻlgani yoʻq. Ammo men darrov uyni sogʻina boshladim. Malaka oshirish institutidan chiqqach, koʻchalarni biroz piyoda sayr qilgim keldi. Havo toza, salqin shabada tanga xush yoqadi. Xayollarga berilib odimlayapman. Shu payt qulogʻimga qayerdandir «Yura idyom», — degan chaqiriq eshitildi. Alanglab ovoz kelgan tomonga qaradim. Sochlari tillarang, koʻzlari moviy, oʻn sakkiz yoshlar chamasidagi yigit chopib oʻtdi-da, doʻstlari yoniga bordi. Ularning ortidan tikilgancha qoldim. Bu ismni eshitib xotiralar yopirilib keldi.

…Bu voqeaga ancha yillar boʻldi. Oʻshanda men hali yosh qizaloq edim. Yozning issiq kunlarida hovlimizda endi qurilish ishlari toʻxtagan, faqat hammom chala qolgan edi. Uni bitkazish maqsadida otam uyimizga Yura ismli kafel teruvchi ustani olib keldi. Uni koʻrib, men negadir xuddi noyob oʻyinchoqqa ega boʻlgan boladay quvongandim. Negaki, kechqurunlari men bilan berkinmachoq oʻynaydigan yangi oʻrtoq topilgan edi-da.

Yura juda kamtarin, kulib turuvchi, yuzi koʻp ichganidan qip-qizil, ogʻzidan doim vino hidi anqib turardi. U oʻzbekchada qiynalib gapirsa, men negadir quvonardim. Yura oʻzbeklarga oʻxshab bolajon edi.  Har kungi kechki ovqatdan soʻng, opalarim, akalarim uxlagani kirib ketishardi. Men boʻlsam, Yuraning har kech otamga aytadigan oʻz hayoti haqidagi hikoyalarini xuddi ertak eshitganday qulogʻimni ding qilib tinglardim. Uning hikoyalari juda ayanchli va dardli edi.

Yuraning kasbi usta boʻlgani uchun, u qishloqma-qishloq yurib kim ishga chaqirsa boradi. Bizning uyga kelishdan oldin u bir hovlida kafel tergan ekan. Bir kuni Yuraning qoʻlidan bir oʻram kafel bexosdan tushib ketadi. Uy egasi esa uni rosa doʻpposlab, bir tiyin ham bermay koʻchaga haydaydi. Shunda Yura otamga: «Koʻrdingmi, Qodir, odamlar qanaqa. Oʻshanda kaltaklardan meni tanam ogʻrimadi. Mana bu yerim — u koʻksini mushtlab, — mana bu yerim ogʻridi», — deya yigʻlardi. U yigʻidan toʻxtagach, bir nuqtaga tikilgancha, negadir maʼyus jilmayardi. Yuraning qalbida katta dard yashiringan edi. Biz buni keyin bildik.

Yoz oxirlab qolganda Yura hammomni kafellab tugatdi. Onam unga yangi koʻylak sovgʻa qildi. U bolalardek quvonib, koʻylakni darrov kiyib oldi-da, onamga uzoq minnatdorlik bildirdi. Dasturxon atrofida hammamiz televizor koʻrib, ovqatlanayotganimizda xorijiy kanallardan birida Rossiya xalqining bayramlarini koʻrsatib qoldi. Yura gapirishdan, ovqat yeyishdan toʻxtab, televizorga tikilgancha maʼyus jilmayib yigʻlardi. Otam unga ruschalab taskin berar, Yura esa xuddi yosh bolalardek qoʻllari bilan koʻzyoshlarini artar, oʻzini toʻxtatolmay, yelkalari silkinib: «Ya lyublyu svoyu Rodinu, ochen skuchayu», — deya yigʻlardi. Mitti qalbim bilan Yuraga rahmim kelar, unga qoʻshilib yigʻlardim. Oʻshanda men erkak kishining yigʻlaganini birinchi koʻrishim edi. Ayniqsa, Yuraning televizorni koʻrsatib, otamga qarab: «Tam yest papa, mama, sestra. Ya poydu svoyu Rodinu. Ya poydu», — deya aytgan soʻzlari haliyam qulogʻim ostida jaranglaydi.

Orada qancha suvlar oqib ketdi. Bir kuni biz Yuraning vafot etgani haqidagi xabarni eshitdik. Yura oʻz Vataniga qaytolmadi…

Bugun men Yura butun umr qaytishni orzu qilgan Moskva koʻchalarida yurib ketyapmanu, koʻzlarim yoshga toʻlgan. Men Yura uchun qadam tashlayotgandekman. Men Yura uchun xursandman. Ha, judayam xursandman…

 

Muhiba ISMATULLAYEVA,

OʻzDSMI talabasi

 

od-press.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.