“Mangu jang”

0
202
marta koʻrilgan.

– Mayiz qancha boʻldi?

– Hech qancha! Oldin tatib koʻring, aka… Pajaliska!

– Yoʻq, rahmat. Allergiyam bor. Narxini ayting.

– Narxi arzon… Endi qoʻl qaytmasin, suxan sinmasin… Mana shu bittaginasini… Shoshmang, dumchasini olib… Ana endi “samka” boʻldi! Qalay, shirinmi? Yoqmasa, pulingiz oʻzingizga siylov…

– Yaxshi, yaxshi… Bahosini aytmaysizmi?

– Aytaman… Mabodo choʻntagingizga toʻgʻri kelmasa… Kami bor, konechno… Aytaman!

– Xoʻsh-sh, necha pul?

– Oʻzi bebaho, biroq sizga pochti bepul! Lekin, mayiz emas, murabbo… misoli moʻmiyo – ming dardga davo! Qani xaltani oching… Yoki, yana bir kaftgina yeysizmi?

– Yoʻq, oldin narxini eshitaylik-chi?!

– Narxi suv tekin… Obroʻyingizga, mana bu savlatingizga mos keladigan mayiz. Qani tortaymi?

– Siz mayizfurushmi yo masxarabozmi? Savlatning mayizga nima aloqasi bor! Narxini…

– Nima desangiz, aka… Biz rozi! Xaridor hamisha haq. Shu mayizginani yeb, ertaga yana qoʻmsab, qidirib kelmasangiz men benovat! Boʻldi endi, oching toʻrvani… Boshlanishiga oʻn kilomi, oʻttiz kilo?

– Uf-f! Oldin choʻntakka qarab fol ochishim kerakmi, axir? Kilosi necha pul deyapman?

– Men ham arzon deyapman-ku! Tuproqbaho, suv tekin… Ajoyib xosiyati bor, bu mevaning… Lekin, akaxon, buning uchun mayizning yoniga yongʻoq qoʻshib, mayiz bilan magʻizni ikkalasini “bxay-bxay” qilib qovushtirib, soʻng “sangam” qilib yesangiz…

– Hoʻ-oʻ, birodar! Men maʼruza eshitgani emas, mayiz olgani kelganman. Mana, keliningiz tuzib bergan “roʻyxat”da yana yetti-sakkiz xil masalliq turibdi… Sotish niyat bormi, oʻzi? Narxi…

– Narxi… nichevo! Turish-tarovatingizdan uch-toʻrt soʻlkavoyning betiga qaramaydigan mardi maydonga oʻxshaysiz-da. Yana narxni soʻraysiz. Ha, ot bilan tuya boʻlarmidi… Goʻsala boʻlar, boʻtaloq boʻlar… Boʻldi, qopni oching… Togʻa!

– Togʻa?! Soqolingiz kindikka tushib, oldin meni “aka” dedingiz, hay… Endi “togʻa” boʻldikmi?! Bu narxini…

– Xoʻ-oʻ, uka… Togʻa nima?! Agar molimning narxini tosh bosadigan qilib bersangiz, “pochcha” desak ham tilimizga tirsak toshmaydi! Bildingiz… Qani, sumkani…

– Yoʻ-oʻq! Shoxida yursangiz, men bargida… Narxini ayting?!

– Narxi, arzon… Toʻrvani…

– Yoʻq, narxi…

 

Muhammad OCHIL

 

“Yoshlik”, 2014 yil 2-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.