Maktub

0
545
marta koʻrilgan.

Paulo KOELO

 (Bitik)

 Ng Chik[1] xotirasiga

 

“Maktub” – bu “yozilgan” demakdir. Arablar bezovtalanib, “Bu unchalik toʻgʻri tarjima emas”, deydilar, holbuki, haqiqatdan ham barcha narsa allaqachon yozib boʻlingan, Xudo mehribonchilik bilan bizga yordam berish uchungina ularni yozgan.

 

***

Darhaqiqat, “Maktub”ga lugʻatlarda “yozilgan”, “buyurilgan”, “taqdirda belgilangan”, “xat” maʼnolari beriladi. Bu maʼnolarning barchasini muallif taqdir bitigi ekani bilan izohlamoqda. Taqdir bitigi esa har bir falsafiy dunyoqarash, ayniqsa, diniy tasavvurlarda oʻziga xos tarzda aks etadi. Taqdir diniy falsafaning nozik va sirli, ayni chogʻda, jozibali jihati ekani barchaga maʼlum. Bu masalani anglash juda murakkab, shu sababdan ayni mana shu masalada bahs va munozaralar cheksiz. Lekin ikki narsa aniq. Birinchisi – Alloh taolo barcha narsani oldindan biluvchi Zot boʻlgani uchun ham taqdirni bitib qoʻygan. Ikkinchisi – Inson oʻz ixtiyori bilan qilgan amallari yuzasidan javob beradi, yaʼni taqdir uni bu ixtiyorda majbur etmagan, balki uning avvaldan shu ishni qilishini bilgan Zot tarafidan taqdir kitobida (lavhul-mahfuz) qayd qilingan, xolos. Zamon va makon chegaralari maxluqotlar uchun. Zero, Alloh azal va abad boʻlib, zamonni ham, makonni ham Oʻzi yaratgan. U hamma zamon va makonlarni birday koʻradi. Taqdir bitigi ayni uning Yaratuvchilik qudratidandir.

Muallif taqdir bitigi insonga Yaratganning marhamati ekanini yozar ekan, bu masalaga turli jihatdan yondashish mumkinligini koʻrsatadi. Avvalo, inson boshiga kelgan musibat, sinovlarga bardosh berishi, noumid boʻlmay olgʻa intilishi uchun taqdirga tan bera olishi muhimdir. Kimki magʻlubiyatini taqdirdan bilib, sabru matonat va umid bilan oʻz yoʻlida davom etsa, unga dunyoda omad, oxiratda mukofot berilishi tayin. Binobarin, omadlarni ham taqdirning mukofoti deb bilish va shukr qilish kamtarlikni oshirib, mol-dunyoga boʻlgan xirsni soʻndiradi. Bundan tashqari, inson hayotida uchrayotgan holatlarda uning uchun belgilangan alomatlarga eʼtiborli boʻlib boradi. Alomat borasida boʻlsa muallif keyingi qissada qisman toʻxtalib oʻtgan.

 

* * *

Sayyoh Nyu-Yorkda edi. Uchrashuv tongida uxlab qoldi, mehmonxonadan chiqayotganida, mashinasini politsiya tomonidan ortib ketilayotganini koʻrdi. Oqibati – juda kech yetib keldi. Tushlik odatiy vaqtdan ancha choʻzildi. Bu muddatda u (mashinani taqiqlangan yerda qoldirgani uchun) toʻlaydigan jarimasi haqida oʻylardi. Yaxshilikka boʻlsin. Lop etib xotirasiga kecha koʻchadan bir dollar topib olgani keldi. Ana shu dollar hamda bugun ertalabdan buyon sodir boʻlayotgan voqeliklar oʻrtasidagi ajablanarli bogʻliqlikni his qildi.

“Kim bilsin, balki bu pulni topib olishi taqdir etilgan odamdan avval men olgandirman? Ehtimol, bunga muhtoj odamning yoʻlidan olib qoʻygandirman? Balki, ayni odam oʻz nasibasini olishida xalal bergandirman?” U tezroq oʻsha puldan qutilish zarurligini anglab yetganida, yoʻlkada oʻtirgan tilanchiga koʻzi tushdi. Pulni darhol unga tutqazdi, oʻzini yelkasidan togʻ agʻdarilgandek sezdi.

“Bir daqiqa, – deydi tilanchi. – Men sadaqa tilanmayman. Men shoirman, sizga qaytish haqida sheʼr oʻqib bermoqchiman”. “Yaxshi, faqat bironta qisqarogʻini, iltimos, shoshib turgandim”, – dedi sayyoh. Tilanchi: “Hamonki yashayotgan ekansan, demak yetib kelishing lozim boʻlgan yerga hali yetmagansan”.

Muallif sayyohning oʻy va harakatlari vositasida inson amallari bilan taqdiri oʻrtasidagi bogʻliqlikni koʻrsatmoqchidek. Odatda, inson omadsizligi uchun oʻzidan oʻtgan qusurlarni hamisha ham tahlil etavermaydi. Aksincha, omadsizlikning sababini oʻzidan tashqaridagilarga bogʻlay boshlaydi. Lekin shu bilan birgalikda bu qadar chuqur tahlil odamni asosiy yoʻldan chalgʻitib qoʻyadi. Yoʻlimizda alomatlar bor – bu aniq, ammo hammasi ham biz uchun emas.

 

* * *

Kaltakesak haqida oʻylab koʻrgina. U umrining katta qismini qushlarga havas qilib yerda oʻtkazadi va oʻz turqidan, taqdiridan nadomat chekadi. “Men yerda sudralishga mahkum etilgan, besoʻnaqay, xunuk, eng badbaxt maxluqman”, deb oʻylaydi u. Axiyri, bir kuni Ona Tabiat unga pilla qoʻyishni buyuradi. Kaltakesak ajablanadi (shu topgacha u hech qachon pilla qoʻymagan edi). U oʻziga qabr qurib oʻlimga tayyor turishi lozim ekan, deb tushunadi. Hamon baxtsiz boʻlsa-da, Xudoga yolvoradi: “Endigina narsalarning shu holatiga koʻnikkan edim. Parvardigorim, sen mendan oʻsha arzimas narsani ham olib qoʻymoqchimisan?” Noiloj u pillaga oʻralib, oxirini kuta boshlaydi.

Bir necha kun oʻtib, kaltakesak goʻzal bir kapalakka aylanadi. U osmonda parvoz qilar va bundan zavqlanar edi. U hayot ajoyibotlari va Xudoning hikmatlariga lol qolardi.

Baʼzan taqdir zarbalaridan zada boʻlib, nadomat chekuvchilar ham uchraydi. Ularning baʼzilari bir kun kelib, boridan-da ayanchliroq holatga tushadilar, ammo buning hikmati yangligʻ katta bir omadga uchrashlari mumkin. Bunday boʻlmasligi ham mumkin, albatta. Ana oʻsha nadomat va armonlari bilan dunyoni tark etish ham mumkin. Bu oʻrinda haqiqiy baxt nima ekanini anglash juda muhim. Agar kishi baxtni faqat dunyo lazzatlarida deb bilsa, unda armonsiz odamning oʻzi qolmaydi. Chunki, lazzatlar shunday narsaki, ular oʻz nomi bilan lazzat, ularga toʻyib boʻlmaydi. Baxtni iymon butunligida deb, eʼtiqod qilgan kishi hech qachon nadomatlar dengiziga gʻarq boʻlmaydi, aksincha, buyuk saodat – Yaratgan Jamoliga yetishuv ishqi bilan xotirjam yashaydi.

 

* * *

Bu odam Pireney[2] vodiylarida kezar chogʻda keksa choʻponni uchratdi. Choʻpon u bilan oʻz taomini baham koʻrdi, ular uzoq vaqt hayot haqida suhbat qurdilar. Agar odam Xudoga ishonsa, oʻzining erkin emasligini tan olishi lozim. Holbuki, Xudo uning har bir qadamini kuzatib turadi, dedi u. Bunga javoban, choʻpon uni bir gʻorga olib bordi. U yerda har bir ovoz sof holda sado berar edi. “Hayot mana shu devorlar, taqdir esa, bizdan chiqayotgan ovozlardir”, dedi choʻpon. “Biz nima qilmaylik barchasi uning qalbida aks etadi va bizga xuddi shunday boʻlib qaytadi. Xudo biz qilayotgan amallarimizning aks sadosidir”.

Biron bir eʼtiqod mening hayot yoʻlimdagi erkinliklarimni chegaralab qoʻyadi, degan xulosa bilan eʼtiqodsiz yashaydiganlar juda oz boʻlsa-da, topiladi. Ammo iymon-eʼtiqodsiz yashash kishini subutsiz, masʼuliyatlarga eʼtiborsiz boʻlib qolishiga asos yaratishi mumkin. Ayni chogʻda taqdirni Xudo yozib boʻlgan, biz hech nima qila olmaymiz, degan xulosa ham behuda boʻlib, bizning oʻz ixtiyorimiz bilan qilayotgan amallarimiz taqdir bitigiga aylanganini anglash muhim.

 

* * *

Fransiya va Ispaniya oraligʻida togʻ tizmalari bor. Shu togʻlarning birida Argeles qishlogʻi joylashgan. Qishloqdan vodiyga ketaverishda esa bir tepalik bor. Har kuni choshgohda bir qariya tepalikka chiqadi, qaytib tushadi. Sayyoh ilk bora Argelesga kelganida bundan bexabar edi. Ikkinchi bor kelganida oʻsha odam bilan yoʻlda uchrashib qolib, unga eʼtibor qildi. Har gal qishloqqa kelganida qariyaning kiyimi, qalpogʻi, hassasi, koʻzoynagiga uzoq razm soldi. Qachon oʻsha qishloqni eslasa, oʻsha qariyani ham xotirlaydi. U faqat bir martagina qariya bilan gaplashgandi. Oʻshanda qariyaga bir oz hazil aralash degan: “Siz Xudoni ana u bizni oʻrab turgan azim togʻlarda yashaydi deb oʻylaysizmi?” “Xudo – dedi qariya. – Unga izn berilgan joylardagina yashaydi”.

Qariya, Xudoga ishongan odamning qalbida Xudo yashaydi, demoqchi.

 

* * *

Ustoz bir kechani shogirdlari bilan oʻtkazdi, suhbatlashib oʻtirishlari uchun gulxan yoqishni buyurdi. “Ruhiy kamolot yoʻli gulxanga oʻxshaydi. Olov yoqmoqchi boʻlgan odam, albatta, olovning diqqinafas tutuniga, koʻzlarining achishib, yoshlanishiga tayyor turishi lozim. Shu koʻyi uning iymoni uygʻonadi. Ertami kechmi olov tamom yongach, tutun yoʻqoladi, alanga issiqlik va farogʻat beradi, atrofdagi barcha narsalarni yoritadi”. “Olovni kimdir yoqib berib, bizni tutundan xoli qilsa-chi?” – deb soʻradi shogirdlardan biri. – “Kimdir shunday qilsa, u soxta ustozdir. Ustoz qayerda istamasin oʻsha yerda olov topa biladi va istagan vaqtida uni oʻchira oladi. Olov yoqishga oʻrgatmagan boʻlsa, barcha narsalarni qorongʻulikda qoldirgan boʻladi”.

 

* * *

Ustoz dedi: “Koʻzingni yum. Koʻzing ochiq holatda boʻlsa ham, shamoldagi qushlar galasini tasavvur qil. Endi, aytgin-chi, nechta qush koʻrding: Beshtami? Oʻn bittami? Oʻn oltitami? Javob qanday boʻlishidan qatʼi nazar, barcha uchun ham nechta qush koʻrganini aytib bera olish oson emas – bu kichik sinovning xulosasi bor. Qushlar galasini tasavvur qila olasan, lekin qancha qush borligi tasavvuringga sigʻmaydi. Tasavvuringdagi narsa hamon koʻz oʻngingda, shuning oʻzi savolning javobidir. Sen tasavvur etayotgan qushlar galasida nechta qush borligini sendan boshqa yana kim aytib bera oladi?!”

Insonning hayotiy maqsadini ayni shu insonning oʻzidan boshqa hech kim aniqroq aytib berolmaydi. Ustozlardan saboq olinadi, ammo maqsadni har kim oʻzi uchun oʻzi belgilaydi.

 

* * *

Bir odam Sseta ibodatxonasi yaqinida yashovchi zohidni ziyorat qilmoqchi boʻldi. Sahro boʻylab kezib, axiyri oʻsha taqvodorni topdi. “Ruhiy kamolot yoʻlidagi birinchi qadam nimadan iborat ekanligini bilmoqchi edim”, – dedi u. Zohid uni kichkina bir quduq oldiga olib keldi va quduq suvidagi oʻz aksiga qarashni buyurdi. U endi qarayman deganida, zohid suvga tosh tashlab yubordi va suv beti harakatlanib ketdi. “Sen tosh tashlayverar ekansan, men suvda oʻz aksimni koʻra olmayman”, – dedi u. “Xuddi shu kabi inson ongi Xudoni izlayverib toliqqan boʻlsa, Uni topishi maholdir”, – dedi taqvodor. “Mana shu – birinchi qadam!”

* * *

Sivilla[3] nomi bilan bir guruh mashhur bashoratchi ayollar Rim imperiyasi kelajagi haqida toʻqqizta kitob yozadilar. Kitoblarni Tiberiyga olib keladilar. “Qancha turadi?”, – deb soʻradi Rim imperatori. – “Yuz boʻnak oltin”, – deya javob berdi Sivillalar. Tiberiy[4] dargʻazab holda ularni haydaydi.

Sivillalar uchta kitobni yoqib yuboradilar va yana uning oldiga qaytadilar. “Ular hamon yuz boʻnak oltinga teng”, deyishadi Tiberiyga. U kuldi va rad etdi: “Nega endi men olti kitobga toʻqqiz kitob narxini berishim kerak ekan?” Sivillalar yana uch kitobni yoqib, qolgan uchtasi bilan keldilar. “Qiymati – hamon yuz oltin boʻlagi”. Tiberiy qiziqib, sotib olishga qaror qildi. Ammo u oʻz imperiyasi taqdirining faqat uchdan bir qisminigina oʻqishga muvaffaq boʻlgandi. Ustoz dedi: “Hayotda imkon bor ekan, aslo savdolashmaslik lozim”.

 

* * *

Oq tanli tadqiqotchi Afrika markazidagi manziliga tezroq yetish tashvishida hammollarga tezroq yurishi evaziga qoʻshimcha haq toʻlashni vaʼda qildi. Bir necha kun davomida hammollar ancha sezilarli darajada tezlashdilar. Lekin baribir, bir kuni choshgohda hammollar yuklarni yerga otib, oʻtirib oldilar. Vaʼda qilinayotgan pulning qiymatidan qatʼi nazar, olgʻa yurishdan bosh tortdilar. Tadqiqotchi ulardan nima sababdan bunday qilayotganlarini soʻraganida, dedilar: “Biz shu qadar tez harakat qildikki, endilikda nima qilayotganimizni oʻzimiz anglamay qoldik. Endi biz ruhlarimiz ortimizdan yetib kelishini kutishimiz lozim”.

 

* * *

Hamisha ham mantiqiy ish koʻrishga intilaverma. Shundan soʻng avliyo Pavel[5] dedi: “Olamning donishmandligi Xudo nazdida telbalikdir”. Mantiqiylik – kunda bitta paypoq kiygandek gap. Bir xil harakat. Ammo sayyoralar harakati-chi? Bu qayoqqa ketadi? Toki boshqalarga zarar keltirmas ekansan, oʻz fikrlaringni oz miqdorda oʻzgartirasan. Oʻzingga oʻzing tap tortmay qarshi gapir. Bu sening haqqing. Boshqalar nima deb oʻylasalar oʻylayversinlar, ular baribir nimadir oʻylaydilar-ku. Shunday ekan, chiranma. Olam seni oʻrab olishiga qoʻyib ber. Oʻz taajjubingdan shodlan. “Xudo donishmandlarni hayratga solish uchun yerda nomaqbul narsalarni ixtiyor qilgan”.

 

* * *

Olim Rodjer Penrouz doʻstlari bilan baralla suhbatlashib borar edi. U faqat koʻchani kesib oʻtayotgandagina jim boʻlardi. “Koʻchani kesib oʻtayotganimda boshimga ajoyib fikr kelgandi”, – dedi Penrouz. – “Lekin yoʻldan oʻtganimizda, bizlar suhbatimizni toʻxtab qolgan joyidan davom ettira boshladik, bir necha lahza oldin miyamga kelgan fikrni boʻlsa unutib qoʻydim”. Kun tikkaga kelganida Penrouz sababini oʻzi ham bilmagan holda juda xushvaqt edi (eyforiya): “Men bir narsani kashf qilganimni sezardim”. U oʻz kunini daqiqama-daqiqa ortga aylantira boshladi, koʻchani kesib oʻtayotgan chogʻda boshiga kelgan fikrini esladi. Bu gal yozib oldi. Zamonaviy fizikada inqilobiy vaziyatni yuzaga keltirgan qora tuynuklar nazariyasi gʻoyasi Penrouzga yoʻlni kesib oʻtayotganimizdagi sukunatni tiklay bilish qobiliyati bilan qaytdi.

 

* * *

Sahroda yashovchi avliyo Antoniy[6] huzuriga yosh bir yigit keldi. “Avliyo ota, bor-budimni sotib, qashshoqlarga tarqatdim. Shu yerda yashash uchun zarur boʻlgan ayrim narsalarnigina qoldirdim. Najot yoʻlini koʻrsatishingizni tilayman”. Avliyo Antoniy saqlab qolgan narsalarni sotib, puliga shahardan ozgina goʻsht sotib olishni, qaytishda goʻshtni tanasiga bogʻlab kelishini tayinladi. Yosh yigit aytilganidek qildi.

Yoʻlda goʻsht ilinjidagi itlar va burgutlar unga hujum qilishdi. “Men keldim”, – deya xabar berdi avliyo otaga yigit jarohatlangan tanasi va uvada kiyimlarini koʻrsatib. “Kimdir yangi yoʻlga kirar chogʻida eskisidan biron nima olib qolsa, uni oʻzining oʻtmishi qiymalab tashlaydi”, – dedi avliyo.

Ustoz dedi: “Senga bugun berilgan barcha marhamatdan bahramand boʻl. Xudoning marhamatini saqlab qoʻyib boʻlmaydi. Iloh marhamati saqlanadigan va kerak boʻlganda foydalaniladigan idish yoʻq. Foydalanmasang, tez gʻoyib boʻladi. Xudo hayotimizga kirib kelgandayoq, bizning ijodkor shaxs ekanimizni bilgan. Bizga haykal yoʻnish uchun bir kun tuproq, boshqa kuni moʻyqalam bilan mato yoki qalam bilan qogʻoz beradi. Lekin hech qachon tuproqni matoda, qalamni esa haykaltaroshlikda ishlata bilmaymiz. Har kunning oʻz moʻjizasi bor. Xudoning marhamatini qabul eting, mehnat qiling, arzimas boʻlsa-da, oʻz sanʼat durdonangizni bugunoq yarating. Ertaga boshqasini olasiz”.

* * *

Goʻzal oʻsimliklar bilan oʻralgan ibodatxona – Ispaniyaning Rio Pedra sohili uchun asl vohadir. U yerda uncha katta boʻlmagan daryo qudratli oqimga aylanadi, oʻnlab sharsharalarga ajralib tushadi. Sayyoh suvning ohangini tinglab, shu yerdan oʻtib borardi. Qoya ortidagi bir gʻor uning diqqatini tortdi. Zamonlar nuratganu tabiatning matonatli qoʻli bilan bunyod boʻlgan shaklu shamoyilga tasanno oʻqidi. R. Tahurning plastinkaga yozilgan sheʼrini esladi: “Bu qoyalarni bolgʻa emas, suv oʻzining toti, raqsi va qoʻshigʻi ila goʻzal aylagan”. Qayerda kuch boʻlsa, faqat buzishi, nafosat esa yoʻnishi mumkin.

 

* * *

Tongda Budda[7] shogirdlari bilan oʻtirar ekan, bir odam keldi. “Xudo bormi?” – deya soʻradi. “Ha, Xudo bor” – deya javob qildi Budda. Nonushtadan soʻng boshqa bir odam keldi: “Xudo bormi?” “Yoʻq, Xudo yoʻq”, – javob qildi Budda. Kun zavolida uchinchi odam ham xuddi shu savolni berdi, javoban: “Buni oʻzing uchun oʻzing hal qilishing lozim” – dedi Budda.

“Ustoz, bu qanday gap?” – dedi shogirdlardan biri. – “Bir savolga uch xil javob?” “Ular har xil odamlar edi”, – javob berdi Budda. – “Har bir odam oʻzigagina xos yoʻlda Xudoni topajak: ayrimlar qatʼiyat, boshqalar inkor, yana baʼzilar shubha bilan”.

 

* * *

Ustoz ilohiy soʻzlarni targʻib qilib yurgan chogʻida, shogirdlarining eʼtiborsizligi tufayli uyi yonib ketadi. “Ishonib topshirilgan uyga yetarli eʼtibor bermadik”, – dedi shogirdlardan biri. Zudlik bilan yongʻin oʻrnida yangi uy tiklash harakatini boshlaydilar. Lekin kutilganidan barvaqtroq qaytgan ustoz ularning ishlariga guvoh boʻladi. “Demak, narsalarimiz yangi uyni qidirayotgan ekan-da”, – dedi u quvonib. Hijolatdagi shogird boʻlgan voqeani soʻzlab beradi. “Men bir narsani tushunmayman”, – deydi ustoz. “Men hayotga ishonadigan va unda yangi sahifa ochayotgan kishilarnigina koʻrib turibman. Kim oʻzida bor narsani yoʻqotgan boʻlsa, u boshqalardan koʻra, yaxshiroq holatdadir, chunki shu damdan hamma narsa yaxshilanadi (yangilanadi)”.

 

* * *

Yosh Napoleon[8] Tulon[9] dagi toʻpga tutish vaqtida shamoldagi arqon kabi qaltirar edi. Sipoh uni doʻstiga koʻrsatdi: “Qara, u oʻlimdan qoʻrqmoqda”. “Ha, men qoʻrqaman”, – javob qildi Napoleon. – “Ammo baribir kurashni davom ettiraman. Sizlar qoʻrqinchimning yarmini tuyganlaringda ham darhol qochib qolar edinglar”. Ustoz dedi: “Qoʻrqinch koʻngilchanglik belgisi emas. Qoʻrqinch bizni qadrga, bardoshga olib chiqadi. Kimki qoʻrqinchni his qilsa-yu, choʻchitishga yoʻl qoʻymay harakatida qatʼiy davom etsa, jasoratini isbotlagan hisobdir. Lekin mushkul vaziyatlarda xavf-xatarni eʼtiborga olmasa, oʻz masʼuliyatsizligini isbotlaydi, xolos”.

 

* * *

Tongda ustoz shogirdi bilan dalalar boʻylab oʻtib borardi. Shogird, Xudoga yetishish uchun qanday parhez lozim, deya soʻraydi. Ustoz doim barcha taom muqaddas deb aytsa-da, shogird toʻla ishonmasdi. “Bizni Xudoga yaqin qiluvchi qandaydir bir taom boʻlishi lozim”, – derdi u. “Yaxshi, balki sen haqdirsan. Masalan, huv anavi qoʻziqorinlar”, – deydi ustoz. Shogird poklik va maʼrifat beruvchi qoʻziqorinlarni oʻylab hayajonlandi. Lekin qoʻziqorinlardan birini engashib olayotgan chogʻida “Ular zaharli! Agar ulardan birini yesam, til tortmay oʻlaman-ku!”, – dedi va qoʻrqib ketdi. “Unda men seni tezlikda Xudoga yetkazuvchi boshqa bir yemishni bilmayman”, – dedi ustoz.

 

* * *

Sayyoh 1981 yilning qishida ayoli bilan Praga[10] koʻchalarini kezar ekan, yon-atrofdagi binolar suratini chizayotgan bir bolani koʻrib qoladi. Ajnabiy suratlardan birini sotib olishga qaror qildi. Pulni uzatayotganida bolaning qoʻlida qoʻlqop yoʻqligini payqadi, havo – 20 dan sovuq. “Nega qoʻlqop kiymaysan?” soʻradi u. “Qalam bilan chiza olishim uchun”. Ular Praga haqida bir oz suhbatlashishdi. Bola sayyohning rafiqasi portretini bepul ishlab bermoqchi boʻldi. Yosh rassom hali ishini yakunlamay turib, ajnabiy bir gʻaroyib hodisa roʻy berganini anglab qoldi – u bola bilan besh daqiqacha suhbatlashdi, ikkalasi ham oʻz tillarida gaplashishdi. Ular oʻzaro suhbatlashish istagida xatti-harakat, tabassum, imo-ishoralarning soʻzsiz til olamiga kirib qolgan edilar.

 

* * *

Hasan doʻstini bir koʻzi ojiz xayru sadaqa soʻrab oʻtirgan masjid eshigi oldiga olib keldi. “Bu mamlakatdagi eng donishmad insondir”, – dedi doʻsti. “Qachondan buyon koʻzingiz ojiz?” soʻradi Hasan u odamdan. “Tugʻilganimdan beri”, – deb javob berdi u. “Qanday qilib donishmand boʻldingiz?” “Koʻzim ojizligiga eʼtibor qilmay, munajjim boʻlishga intildim. Osmonni koʻrolmaganim sabab yulduzlar, Quyosh, sayyoralarni tasavvur qilishim lozim edi. Xudo yaratgan narsalarga kirib borganim sari, Uning hikmatidan bahramand boʻla boshladim”.

 

* * *

Jurnalist Volter Karelli argentinalik yozuvchi Xorxe Luis Borxesdan intervyu oladi. Suhbat yakunida ular soʻzlardan xoli til va insoniyatning boshqalarni anglash iqtidori haqida suhbatlasha boshlaydilar. “Men sizga bir misol keltiraman”, – deydi Borxes. Va u gʻaroyib bir tilda gapira boshlaydi. Keyin toʻxtab, jurnalistdan nima deganini soʻraydi. Karelli javob bermasidan avval, uning yonidagi fotograf: “Bu bizning iftixorimiz”, – deydi. “Toʻppa-toʻgʻri”, – tasdiqdi Borxes. “Men buni fin tilida aytdim”.

 

* * *

Sirkdagi hayvon oʻrgatuvchi juda oddiy hiyla bilan fillarga taʼsir qiladi – hayvonlar hali yosh boʻlgan vaqtida bir oyogʻini daraxt tanasiga bogʻlaydi. Yosh filcha qanchalik urinmasin, oʻzini undan qutqara olmaydi. Bora-bora u daraxt tanasini oʻzidan kuchli deb tushuna boshlaydi. Ulgʻayib kuchga toʻlganida, daraxt tanasiga bogʻlab qoʻyilsa, qutilish uchun harakat ham qilmaydi. Xuddi fillar kabi koʻpincha bizning ham oyoqlarimiz juda moʻrt iplar bilan bogʻlangan boʻladi. Lekin bolaligimizdan daraxt tanasining kuchli ekaniga koʻnikib qolganmiz, qarshilik koʻrsatishga jurʼatimiz yetmaydi. Erkinlikni qoʻlga kiritish uchun oddiy bir jasorat yetarli ekanini anglamay yuraveramiz.

* * *

Abbat Juzeppa shu qadar koʻp ibodat qilar ediki, hech narsadan xavotirlanmay ham qolgan, uning ehtiroslari tamom yengilgandi, deydi ruhoniy. Bu soʻzlar Ssetadagi ibodatxona donishmandlaridan birining qulogʻiga yetdi. U kechki dasturxondan soʻng shogirdlarini yigʻib, “Eshitdingizmi, abbat Juzeppada vasvasa qolmabdi, kurashsiz qalb ojizlashadi. Kelinglar, Xudodan abbat Juzeppaga ogʻir sinov soʻraylik. Agar u bu sinovga bardosh bera olsa, biz yana boshqasini, tagʻin yana boshqasini soʻrayveramiz. Shu tarzda u yana sinovlarga qarshi kurasha boshlagach, biz: “Parvardigoro, bu iblisni yoʻqot”, – deya duo qilamiz. Uning Xudoga “Parvardigoro, zulmatni yengish uchun menga kuch ato et”, – deb duo qilishini soʻraymiz.

 

* * *

Kun ichida bir vaqt borki, koʻrish qiyinlashadi – bu zavol vaqtidir. Nur va zulmat aralashib, har bir narsa na toʻla yorugʻ va na toʻla qorongʻu. Aksar diniy qarashlarda bu fursat muqaddas sanaladi. Katolik mazhabi kech soat oltida “Salom Maryam” deyish lozimligini uqtiradi. Inklar (Kechua) odatiga koʻra, ikki doʻst kechgacha birga boʻlsalar, kech kirganda yana bir bor qayta “Xayrli kech” tilab salomlashadi. Gʻira-shira vaqtida inson va sayyora oʻrtasidagi muvozanat tekshiriladi. Xudo Yerning aylanishda davom etishga quvvati yetadimi-yoʻqmi bilish uchun soyani nur bilan aralashtiradi. Agar Yer qoʻrquvni yengsa, zulmat tushadi va tongdan yangi kun boshlanadi.

Zavol vaqtining oʻziga xosligi borasida turli tushuntirishlar bor. Jumladan, Sharq tabobatida bu vaqtda uxlagan odamning ruhiy kasallikka yoʻliqishi, kitob oʻqisa koʻzi xiralashishi, Paygʻambarimiz Muhammad (s. a. v.) hadislarida esa bu vaqtda “kiroman kotibayn” – har bir inson yelkalaridagi kotib farishtalar almashinuvi haqida gap boradi. Ammo ramziy maʼno borligini ham unutmaslik kerak. Inson hayotida ayrim hollarda haqiqatni anglab yetish qiyin boʻlgan muhmal va mujmal vaqtlar kechadi. Kishining iymon-irodasi sinaladi.

 

* * *

Hikmat izlab yurgan odam, “Xudo har ikki yilda bir marta shu togʻda koʻrinadi” deganlari uchun bu yerga keldi. Yil davomida oʻsgan barcha narsani yeb tugatadi. Oziq-ovqat qolmaydi, shaharga qaytishga majbur boʻladi. “Xudo adolatsiz ekan!” nido qiladi u. “Nahotki, bilmagan boʻlsa, uning ovozini eshitish uchun bir yil kutdim. Axir ochman, shaharga qaytishga majburman”. Shu vaqt farishta paydo boʻladi. “Xudo sen bilan soʻzlashishni koʻp istadi. Bir yil seni sinadi. Oʻz oziq-ovqatingni yetishtirishingni kutdi. Ammo sen nima xohlading? Kishi oʻz yashayotgan yerida hosil yetishtirmasa, u Xudo bilan soʻzlashishga loyiq emas”.

 

* * *

“Yoʻlni kesib oʻtayotgan mana bu kamtar avliyoga qaragin-a”, – dedi bir shayton boshqasiga. – “Borib uning qalbini zabt etish lozim”. “U seni eshitmaydi, u faqat rahmoniy narsalar bilan band”, eʼtiroz bildirdi sherigi. Lekin shayton oʻzining doimiy shoshqaloqligi bilan farishta Jabroil kiyimini kiydi va oʻsha odam qarshisida paydo boʻldi: “Senga yordam berish uchun keldim”. “Siz kim bilandir yanglishtirgan boʻlsangiz kerak, men hayotim davomida farishta yordamiga loyiq biron amal qilgan emasman”, – deya nimani rad etganini oʻzi ham bilmagan holda yoʻlida davom etdi avliyo.

* * *

Havvo Odamning bogʻida sayr qilar ekan, unga ilon yoʻliqdi: “Mana bu olmani ye”. Havvo Xudo oʻrgatilganidek rad qildi. “Bu olmani yeysan”, qatʼiy dedi ilon. “Shu yoʻsin sen ering uchun yanada goʻzalroq boʻlasan”. “Hojati yoʻq, unda mendan boshqa hech kim yoʻq”, – javob berdi Havvo. Ilon kuldi: “Albatta, bor”. Havvo ishonmagach, uni tepalik oʻrtasidagi quduqqa olib bordi: “U pastda. Odam uni xuddi shu yerga berkitgan”. Havvo pastga qarab, suvda goʻzal ayol aksini koʻrdi. Keyin esa, ilon tavsiya qilga olmani yedi.

 

* * *

Ustoz dedi: “Har kuni duo qiling. Hatto duolaringiz soʻzsiz va hech narsa soʻramagan holda, shuningdek, tushunish qiyin boʻlsa ham. Duoni oʻzingizga odat qilib oling. Agar oldiniga bunday qilish qiyin kechsa, oʻzingiz uchun: ‘‘Men shu hafta har kuni duo qilaman’’, – deng. Va bu ahdingizni har kuni yangilang. Shuni yodda tuting, bu bilan nafaqat sizning ruhiy olam bilan aloqangiz kuchayadi, balki shu bilan birga, siz oʻz irodangizni ham chiniqtirasiz. Muayyan uslublar bilan biz yashash uchun zarur boʻlgan tartibga oʻrganamiz. Bir kun duo qilishni unutib qoʻyib, keyingi kun ikki hissa koʻp duo qilish durust emas. Yoki bir kun yetti marta duo qilib, qolgan kunlar butun hafta davomida oʻz vazifasini ado etib boʻlgandek his qilish ham yaramaydi. Baʼzi bir narsalar, lozim darajadagi surʼat va davomiylikda kechishi kerak”.

* * *

Ustoz dedi: “Chorraha muqaddas hisoblanadi. Unda ziyoratchi qaror qabul qilishi lozim. Mana nima uchun ham maʼbudlar chorrahada uxlashadi va tamaddi qilishadi. Yoʻllar kesishadigan joyda ikkita katta kuch tutashadi: tanlanadigan va voz kechiladigan yoʻl. Ikkalasi qisqa oraliqda yagona yoʻlga aylanadi. Ziyoratchi dam olishi, ozgina uxlashi va bu yerga oʻrnashgan maʼbudlardan maslahat olishi mumkin. Lekin hech kim u yerda abadiy qolishi mumkin emas: tanlab boʻlgach, oʻzi voz kechgan yoʻl haqida oʻylamay, ketishi kerak. Aks holda, chorraha laʼnatga qoladi”.

 

* * *

Sayyohning doʻsti bir necha haftani Nepal[11] ibodatxonasida oʻtkazmoqchi boʻldi. Choshgohda ibodatxonadagi behisob ehromlarning biriga kirdi va mehrobda tabassum qilib oʻtirgan monaxni koʻrdi. “Nega kulyapsan?”, – soʻradi u. “Men bananlar mohiyatini angladim”, dedi monax qopchasini ochib undan buzilgan bananni chiqarar ekan. “Bu oʻz yoʻlini bosib boʻlgan va foydalanilmagan hayot, uning uchun endi juda kech”. Soʻng qopchasidan hali koʻm-koʻk bananni chiqardi. Bananni koʻrsatib, qaytib qopchasiga soldi. “Bu hali oʻz yoʻlini boshlamagan, oʻz mavridini kutmoqda”. Nihoyat, qopchasidan gʻarq pishgan bananni oldi, uni artib, savol beruvchi bilan boʻlishdi: “Bu – haqiqiy vaqt. Sen uni bexavotir bosib oʻtishni angla”.

 

* * *

Afrikalik donishmand shogirdini changalzordan olib oʻtar edi. U juda keksa boʻlsa-da, tez yurar, yosh shogird boʻlsa koʻp qoqilardi. Qoqiladi, soʻkinadi, sotqin yerga tuflaydi va yana ustozi ortidan ergashadi. Uzoq yurgach muqaddas yerga yetadilar. Donishmand toʻxtamasdan ortga burildi va sayohatini boshlagan tarafga qarab qayta boshlaydi. “Siz bugun menga hech nima oʻrgatmadingiz”, – deydi gʻoʻr shogird yana bir qoqilib tushgach. “Bir narsa oʻrgatdim, lekin sen buni bilmading ham”, – deydi donishmand. “Men senga hayotdagi xatolar ustida ishlashni oʻrgatdim”. “Xoʻsh, men ularga qanday muomalada boʻlay?” “Xuddi shu yiqilishlaring kabi”, – javob berdi donishmand. “Yiqilgan joyingni laʼnatlagandan koʻra, nima yiqilishingga majbur etgani haqida fikrlashing lozim”.

 

* * *

Bir kuni Ssetadagi ibodatxona bosh ruhoniysi oldiga bir zohid keladi. “Maʼnaviy ustozim meni qanday yoʻnaltirishni bilmaydi. Men uni tark etishim lozimmi?”, – soʻraydi u. Ruhoniy hech nima demaydi va zohid sahroga qaytadi. Hafta oʻtgach takror ruhoniy ziyoratiga keladi. “Maʼnaviy yoʻlga boshlovchim qanday yoʻnaltirishni bilmaydi. Uni tark etmoqchiman”. “Bu oqillik”, – dedi ruhoniy. “Kishi qalbi qanoatlanmayotganini his qilsa, u nasihat soʻray olmaydi. Mustaqil qaror qabul qilish esa, sening bundan buyon hayotda olgʻa siljishing uchun zarurdir”.

 

* * *

Ustoz dedi: “Soʻz qudratdir. Soʻz olam va odamni oʻzgartiradi. Hammamiz eshitganmiz: Odamlarga oʻzimiz haqimizdagi yaxshi narsalarni gapirmasligimiz kerak, goʻyoki ularning hasadi tufayli baxtimiz toʻziydi. Boʻlmagan gap. Gʻoliblar oʻz hayotlaridagi moʻjizalar haqida faxr bilan soʻzlashadi. Agar oʻzingizdan ijobiy quvvat taratsangiz, sizga xayrixohlardan yanada koʻproq ana shunday ijobiy quvvat olasiz. Hasad va buzilish masalasiga kelsak, faqat ana shunday quvvat taratsangizgina yuzaga kelishi mumkin. Choʻchimang. Hayotingizdagi yaxshi narsalar haqida sizni eshitayotgan har bir odamga soʻylayvering. Olam Ruhi sizning baxtli boʻlishingizni ortiq istaydi”.

* * *

“Kim zoʻr qilichboz?” – ustozidan soʻradi jangchi. “Ibodatxona maydoniga bor”, – dedi ustoz. “U yerda bir qoya bor. Qoyaga haqorat yogʻdir”. “Bu nega axir, qoya javob bermaydi-ku”. “Yaxshi, u holda qiliching bilan unga bir tushir”, – dedi ustoz. “Imkoni yoʻq, qilichim sinadi. Qoʻlim bilan hujum qilsam, barmoqlarimga zahm yetadi, qoyaga esa hech nima boʻlmaydi. Bu mening savolimga javob emas”. “Eng zoʻri shu qoyaga oʻxshashidir”, – dedi ustozi. “U qilichini qinidan sugʻirmasdanoq, hech kim unga bas kelolmasligini namoyish etib turibdi”.

* * *

Sayyoh Ispaniyaning Navarra[12] viloyatidagi San Martin de Yunks qishlogʻiga keldi, cherkov kalitini saqlaydigan ayolni topdi. Ayol kamoli ehtirom bilan tor zinalardan koʻtarilib, eshikni ochdi. Oʻrta asr ehromidagi qorongʻulik, jim-jitlik sayyohni hayajonga soldi. Suhbat asnosida peshin chogʻida ham goʻzal sanʼat asarlarini koʻrish mumkinligini bilib oladi. “Muayyan qismlarini faqat tongda koʻrish mumkin”, izoh beradi ayol. “Afsonada aytilishicha, cherkov quruvchilari bu bilan odamlarga, Xudo oʻz qudratini aniq bir vaqtdagina namoyish etadi, demoqchi boʻlganlar”.

 

* * *

Haykaltarosh Mikelanjelodan betakror asarlarni qanday yaratganligini soʻrashdi. “Juda oddiy”, – javob berdi u. “Men marmar boʻlagiga qaraganimda, unda haykalni koʻraman. Ishim undan ortiqcha joylarini olib tashlash boʻladi, xolos”. Ustoz dedi: “Har birimiz yaratishimiz taqdir etilgan sanʼat asari bor. Bu hayotimizning markaziy nuqtasidir, oʻzimizni aldashga qanchalik harakat qilmaylik – bu baxtimiz uchun juda zarur ekanini bilamiz. Odatda, bu sanʼat asari yillar qoʻrqinchi, aybdorlik va beqarorlik changiga belangan boʻladi. Agar barcha ortiqcha narsalarni olib tashlashga qaror qilsak, agar oʻz salohiyatimizga shubha qilmasak, uzoqqa boramiz. Bu sharafli yashashning yagona yoʻlidir”.

 

* * *

Oʻlim toʻshagidagi qariya yosh yigitni chorlab, unga qahramonlik haqidagi voqeani aytib beradi: u urushda bir odamning omon qolishiga yordam beradi. Yana boshpana, oziq-ovqat va himoya bilan taʼminlaydi. Qutqarilgan odam esa bexavotir joyga yetib olgach, qutqaruvchisini sotib, uni dushmanlar qoʻliga topshirmoqchi boʻlgan. “Qanday qutilib qoldingiz?” – soʻraydi yigit. “Men qochmadim. Oʻsha sotqin men edim”, – dedi chol. “Lekin, oʻzimni qahramon oʻrniga qoʻyib soʻzlashim, u menga qanchalik yaxshilik qilganini his qilish imkonini bermoqda”.

 

* * *

Ispan daʼvatchisi uch atstek[13] avliyosi yashaydigan orolga boradi. “Sizlar qanday ibodat qilasizlar?” soʻraydi avliyo ota. “Bizda faqat birgina duo bor”, – javob berdi atsteklarning biri. Biz, “Parvardigoro, sen uch yagonasan va biz ham uchtamiz. Bizga rahming kelsin”, – deymiz. “Men sizlarga Xudo eshitadigan bir duoni oʻrgatmoqchi edim”, – dedi daʼvatchi. Shundan soʻng duoni oʻrgatib yoʻlida davom etdi. Ispaniyaga qaytar vaqtda yana shu orolda boʻldi. Kema qirgʻoqqa yaqin kelganida unga qarab sohildan uch avliyoning suv yuzasida yurib kelayotganini koʻrdi. “Ota, ota”, – dedi ulardan biri. “Iltimos, bizga oʻsha Xudo eshitadigan duoni yana bir bor oʻrgatib qoʻy. Biz unutib qoʻyibmiz”. “Hojati yoʻq”, – dedi avliyo ota, moʻjizani kuzata turib. Shu tariqa u Xudodan istigʻfor oʻtindi, holbuki, Xudo hamma tillarni tushinadi.

 

* * *

Keksa xitoy donishmandi qorli maydondan oʻtib borayotib yigʻlayotgan ayolni koʻrib qoladi. “Nega yigʻidasiz?” soʻraydi u. “Sababi – hayotim, koʻzgudagi yoshligim, goʻzalligim va sevgan insonim haqida oʻylayapman. Xotirlash imkonini berishi Xudoning shafqatsizligidandir[14]. U hayotimning bahorini eslab, yigʻlashimni bilgan-ku, axir”. Donishmand qorli maydonda bir nuqtaga tikilib turdi-da oʻyladi. Ayol yigʻidan tindi: “Siz nimani koʻrib qoldingiz?”. “Atirgullar bogʻini”, – javob berdi donishmand. “Xotirlash imkonini bergan Xudo menga gʻamxoʻr. Qishda doim bahorni xotirlashimni va tabassum qilishimni U bilgan, axir”.

 

 

* * *

Ustozning yuzlab shogirdlari bor. Barchasi vaqtida ibodatni ado etadi. Faqat bittasi – mayxoʻri bundan mustasno. Ustoz olamdan oʻtar kunida shu shogirdini chaqiradi va oʻz sirlarining maxfiy jihatlarini unga oʻrgatadi. Boshqa shogirdlar norizo boʻlishdi: “Qanchalar nomus! Biz ustoz uchun borimizni ayamagandik”. Ustoz javob berdi: “Bu sirlarni oʻzim yaxshi bilgan odamgagina aytishim lozim edi. Yaxshi koʻrinadiganlar, odatda, oʻz manmanligi, kibr va chidamsizliklarini yashirishga urinadilar. Shu bois man sarmastlik nuqsoni ayon koʻrinib turgan yagona shogirdni tanladim”.

 

* * *

Padari buzrug Abram Sseta ibodatxonasi yaqinida keksa bir donishmand yashashidan xabardor edi. Oʻsha odamni topib soʻradi: “Agar yoningizda ayolni koʻrsangiz, u ayol emasligiga oʻzingizni ishontira olasizmi?” “Yoʻq”, – dedi donishmand. “Lekin oʻzimni boshqara olaman”. Padari buzrug davom qildi: “Agar sahroda tilla tangalarni koʻrib qolsangiz, ularni tosh hisoblab ketaverasizmi?” “Yoʻq”, – dedi donishmand. “Lekin oʻzimni boshqara olaman, ularni oʻsha yerda qoldiraman”. Padari buzrug yana soʻradi: “Ikki ogʻa-ini bilan koʻrishdingiz, ularning biri sizni yomon koʻradi, boshqasi esa xush koʻradi, u ikkisini ham teng koʻrarmidingiz?” Zohid aytdi: “Ichimdan zil ketsam-da, hurmat qilganga va yomon koʻrganga bir xil muomalada boʻlardim”. “Sizga kim donishmand sanalishini aytaman”, – dedi padari buzrug shogirdlariga: “Donishmand shuki, oʻz hissiyotlarini oʻldirmagan holda, ularni boshqara biladigan kishidir”.

 

* * *

“Siz nega Santyago yoʻli haqidagi hikoyani soʻzlamadingiz”, dedi ziyoratchi sayyohga ikkovlon anjumandan chiqqan chogʻlarida. “Eʼtibor bersam, koʻpchilik ziyoratchilar Santyago yoʻlida boʻladimi yoki hayot yoʻllaridami, bundan qatʼi nazar hamma qatori qadam bosishga harakat qiladilar. Oʻz ziyoratim avvalida men ham guruhimdagilardek yurishga harakat qildim. Toldim, jismimdan imkonidan ortigʻini talab qildim. Diqqatim oshdi, chap oyogʻim eti shilinib ketdi. Ikki kun yura olmadim va tushundimki, faqat oʻz surʼatimda yursamgina Santyagoga yetib borishim mumkin ekan. Bu meni boshqalardan ancha uzoqda qoldirdi, olis yoʻlni yolgʻiz bosib oʻtdim. Ammo shu voqea tufayli butun yoʻlni bosib oʻtishga muvaffaq boʻlgan surʼatimni hurmatlay boshladim. Hayotimda mana shu uslubni qoʻllaydigan boʻldim”.

 

* * *

Lidiya[15] qiroli Krez[16], Forsga hujum qilish uchun qaror qilib, yunon kohini bilan maslahatlashadi. “Taqdiringizga ulkan bir imperiyani yoʻq qilish bitilgan”, – deydi kohin. Baxtiyor Krez urush ochadi. Ikki kunlik jangdan soʻng Lidiya Fors tomonidan egallanadi, poytaxt talanadi, Krez asir tushadi. Gʻazablangan holda oʻzining Yunonistondagi elchisiga kohinni topishini, naqadar yanglishganini aytishini tayinlaydi. “Xato sizlarda”, – deydi kohin elchiga. “Siz ulkan imperiya – Lidiyani barbod qildingiz”.

 

* * *

Olmon faylasufi F. Nitsshe aytgandi: “Olamda boʻlayotgan narsalarni doimiy muhokama qilish bilan vaqtni oʻtkazish shart emas; vaqti-vaqtida xato qilib turish inson tabiatining ajralmas qismidir”. Ustoz dedi: “Shunday odamlar borki, hatto mayda chuyda narsalarda ham oʻzlarini haq deb hisoblaydilar. Ular tez-tez oʻzlariga xato qilish uchun izn bermaydilar. Natijada, olgʻa harakat qilishdan qoʻrqish hissinigina qoʻlga kiritadilar. Xato qilishdan qoʻrqish qarshimizda turgan eshikni qulflash demakdir. Qoʻrquvni bartaraf eta olsak, oʻz ozodligimiz yoʻlida dadil qadam tashlagan boʻlamiz”.

 

* * *

Sseta ibodatxonasi bosh ruhoniysidan soʻrashdi: “Xudo roziligi uchun qanday ishlar qilish kerak?” Nisteros Ota javob berdi: “Ibrohim muhojirlarga joy berdi va Xudo undan quvondi. Ilyos begonalarni xushlamasdi va Xudo undan ham rozi edi. Dovud oʻz ishlaridan faxrlanar va Xudo bundan ham rozi edi. Rimlik soqiy mehrob oldida qilgan ishlaridan uyaldi, Xudo rozi boʻldi. Jon Baptist sahroga ketdi va Xudo rozi. Yuhanno buyuk shahar Nineviyaga[17] ketdi va Xudo undan ham rozi. Qalbingdan soʻra, u nimani istaydi. Agar qalbingiz oʻz orzularingiz bilan bir yoʻlda boʻlsa, Xudo roziligi shundan”.

* * *

Buddaviy ustoz shogirdlari bilan borar ekan, ularning oʻzaro kim yaxshiroq ekani borasida bahslashayotganlarini eshitib qoladi. “Oʻn besh yildan beri meditatsiya bilan shugʻullanaman”, – deydi ulardan biri. “Ota-onam uyidan chiqib ketganimdan buyon mehr ulashib kelmoqdaman”, – deydi boshqasi. “Hamisha Budda nasihatlariga amal qilib kelmoqdaman”, – deydi uchinchisi. Qoq peshin chogʻi ular dam olish uchun bir olma tagida toʻxtaydilar. Daraxt mevalari koʻpligidan yerga tegay-tegay deb qolgan edi. “Daraxt meva bilan toʻlib toshganida shoxlari yerga egiladi. Haqiqiy donishmand – kamtarin insondir. Daraxt mevasiz boʻlsa, shoxlari yuqoridan serrayib qaraydi. Nodon oʻzini hammadan aqlli biladi”.

 

* * *

Rastada bir odam koʻza sotardi. Ayol kelib, ularni koʻzdan kechira boshladi. Ayrimlariga juda chiroyli bezak berilgan, baʼzilari umuman bezaksiz. Ayol koʻzalarning narxini soʻraydi. Ularning bari bir narxda. “Bezakli koʻza bezaksizi bilan bir narxdami, axir?” hayratlandi u. “Nega koʻproq kuch va vaqt sarflangan mahsulotning narxi kamroq sarflangani bilan bir xilda?” “Men – rassomman”, – dedi sotuvchi. – “Men oʻzim yasagan koʻzaga narx qoʻyaman, uning goʻzalligiga emas. Goʻzallik bu erkinlikdir”.

 

* * *

Shahzodani choʻqintirish marosimiga uch pari taklif etildi. Birinchisi shahzodaga oʻz muhabbatini topish neʼmatini berdi. Ikkinchisi xohlagan ishlarini qila olishi uchun mablagʻ berdi. Uchinchisi goʻzallik. Biroq barcha ertaklarda boʻlganidek yalmogʻiz paydo boʻldi. Taklif etilmaganidan alamzada yalmogʻiz shahzodani duoi bad qildi: “Senda hamma narsa bor ekan, ammo yana bir arzimas tuhfani ham olaqol. Sen neki ishga qoʻl ursang, barchasiga qobil, iqtidorli boʻlasan”. Shahzoda goʻzal, badavlat va muhabbatli boʻlib oʻsa boshladi. Lekin u Yer yuzidagi biron vazifani oxirigacha ado etolmasdi. U juda isteʼdodli rassom, haykaltarosh, musiqachi, matematik edi, ammo hech qachon oʻz ishini yakunlay olmasdi. Sababi tezda boshqa ishni qoʻliga olishga majbur boʻlar edi. Ustoz dedi: “Barcha yoʻllar bir joyga olib boradi. Ammo yoʻlni oʻzingiz tanlaysiz va oxirigacha borasiz. Barcha yoʻllar bilan borishga intilmang”.

 

* * *

Ustoz dedi: “Yoz! Nima boʻlishidan qatʼi nazar, xatmi, kundalikmi yoki oʻzing bajarmaydigan oddiy eslatmalarmi, telefonda gaplashgan gapingmi – yozaver! Yozuv vositasida biz Xudoga va atrofdagilarga yaqinlashamiz. Agar sen Olamdagi oʻz vazifangni yaxshi bilib olmoqchi boʻlsang, yoz. Oʻz qalbingni satrlarga sigʻdirishga intil, hatto uni hech kim oʻqimasa-da yoki biron kishining oʻqimasligini istasang-da yozaver. Oddiy yozuv bizga oʻz fikrlarimizni uyushtirishga va atrofimizdagi narsalarni yanada tiniqroq anglashga yordam beradi. Qogʻoz va qalam moʻjiza sodir etadi – ogʻriqni qoldiradi, orzularni amalga oshtiradi, yoʻqotilgan umidni olib keladi. Soʻz kuchga egadir”.

 

* * *

Milton Eriksson Qoʻshma shtatlarda minglab odamlar ustida amaliyot oʻtkazgan yangi psixologik trening asoschisi. U 12 yoshligida poliomiyelit bilan kasallangan. Oʻn oy oʻtgach, vrach uning ota-onasiga: “Ertalabgacha bormaydi”, – deganini eslaydi. Eriksson onasining yigʻisini eshitadi. “Tonggacha oʻlmaslikka harakat qilsam, onam bu qadar gʻussaga botmas”, – oʻylaydi u. Tong otgunicha uxlamaslikka harakat qiladi. Quyosh chiqqanida qichqirib onasini chorlaydi: “Hoy, onajon, men hamon yashayapman!”. Uydagi quvonch shu qadar ulkan ediki, shu koʻyi u bir umr oʻz uyidan qaygʻuni haydagani uchun kechalari uxlamaslikka harakat qildi. 1990 yilda insoniyatning oʻz qobiqlaridan tashqari chiqishiga imkon beruvchi noyob kitoblarni qoldirib, 75 yoshida vafot etdi.

* * *

Yosh dindor bosh ruhoniyga: “Mening yuragim olam muhabbati bilan toʻlib-toshgan, iblis vasvasasidan ozod. Endigi qadamim qanday kechadi?” Padari buzrug shogirdini tavbaga muhtoj boʻlgan betob odam ziyoratiga olib bordi. Oila aʼzolariga xotirjamlik bergach, Padari buzrug uy burchagidagi bir sandiqqa eʼtibor qildi: “Sandiqda nima bor?” “Togʻamning hech qachon kiyilmagan kiyimlari”, – dedi uning jiyani. “U bularni kiyish uchun alohida sabab boʻlishi kerak deya hisoblar edi, oqibatda, ular sandiqda chiriy boshladi”. Ruhoniy qayta turib shogirdiga: “Sandiqni unutma”, – dedi. “Agarki qalbingda ruhiy xazina bor ekan, hoziroq tasarruf et, aks holda u yoʻqolib bitishi mumkin”.

 

* * *

Sayyoh ikki doʻsti bilan Nyu-York koʻchalarini aylanar edi. Birdan nimaningdir muhokamasi bahsga aylanib, ikki hamrohi bir-birlarini haqoratlay boshlashdi. Oʻzlarini tutib olgach, qahvaxonaga kirishdi. Biri ikkinchisidan uzr soʻradi. “Oʻzing bilgan odamga zarar yetkazish juda oddiy ish ekanini angladim”, – dedi u. “Agar ajnabiy boʻlganingda oʻzimni bir oz nazorat qilgan boʻlardim. Lekin biz doʻst boʻlganimiz uchun va sen mening qanday ekanimni yaxshi bilganing uchun ham qattiq itob qildim. Odamning tabiati shunday”. Balki bu insonning asl tabiatidir. Lekin biz bu bilan kurashmogʻimiz lozim.

* * *

Bir guruh yahudiy donishmandlari yer yuzidagi eng muxtasar Konstitutsiya tuzish uchun toʻplanadilar. Yigʻilishda, ularning har biri navbatma-navbat bir oyoqda muvozanatini yoʻqotguncha turgan holda Konstitutsiya loyihasini shakllantirishga kelishib oldilar. Insoniyatni boshqara oluvchi qonunni shakllantira olgan ularning orasida eng donishmandi deya tan olinadigan boʻldi. “Xudo jinoyatkorlarni jazolaydi”, – dedi biri. Boshqalar bu qonun emas – tahdid, deyishdi. Bu ibora qabul qilinmadi. Shu chogʻda, ravvin Xillel yigʻilishga qoʻshildi. U bir oyoqda turib dedi: “Boshqalar sizning ustingizdan yuritishini xohlamagan ishlarni boshqalar ustidan yuritmang. Bu – Qonun. Boshqa hammasi izohlardir”. Shu tarzda ravvin Xillel eng zoʻr donishmand deb tan olindi.

* * *

Yozuvchi Jorj Bernard Shou haykaltarosh doʻsti J. Epstayn[18]ning mehmonxonasidagi ulkan tosh boʻlagiga eʼtibor qildi. “Bu tosh nega kerak?” – soʻradi Shou. “Hozircha bilmayman. Bu haqda oʻylayapman”, – javob berdi Epstayn. Shou hayron: “Sen oʻz ilhomingni rejalashtirmoqchimisan? Axir rassomsan, erkinliging, fikrlaringni oʻzing xohlagan vaqtda oʻzgartirish istaging haqida oʻylamaysanmi?” “Bu (oʻz fikringni oʻzgartirish) – bor-yoʻgʻi 5 gramm keladigan qogʻozni buklayotganingdagina ish beradigan holatdir. Agar 4 tonnalik narsa ustida ishlayotgan boʻlsang, sen boshqacha oʻylashingga toʻgʻri keladi”, – dedi Epstayn. Ustoz dedi: “Har birimiz oʻz ishimizni yaxshiroq bajarish yoʻlini bilamiz. Ammo inson qiyinchiliklar kutayotganini his qilsa ham oʻz oldiga chigal vazifalar qoʻyaveradi”.

 

* * *

Sahro afsonalaridan birida yaqin bir vohaga koʻchish maqsadida yuklarini tuyasiga ortayotgan kishi haqida hikoya qilinadi. Tuya ustiga gilamlar, idish-tovoq, kiyim-kechak – bor narsani ortadi, jonivor ham buni koʻtaradi. Ular yoʻlga tushgan chogʻida otasi unga sovgʻa qilgan chiroyli moviy patni eslab qoladi. Patni topib chiqib, tuya ustiga qoʻyadi. Shu chogʻda jonivor yiqilib, jon beradi. “Tuyam birgina shu patni koʻtarolmadi-ya”, – deb oʻylaydi u. Baʼzan bizning kichkinagina hazilimiz soʻnggi tomchi sifatida gʻam-anduh kosasini toshirib yuboradi.

 

* * *

“Baʼzan odamlar kinoga shu qadar berilib ketadilarki, natijada, haqiqatni unutib qoʻyadilar”, – dedi notanish kishi sayyohga. “Siz “Oʻn Vasiyat” filmini eslaysizmi? “Albatta. Muso[19] – Charlton Xeston – oʻz asosini urib, dengizni ochadi va Bani Isroil Qizil dengizdan oʻtib ketadi”. “Bibliyaga koʻra bunday emas, u yerda Xudo Musoga koʻrsatma beradi: Bani Isroilga olgʻa yurishni buyur. Ular yura boshlagachgina Muso asosini koʻtaradi va dengiz ochiladi”, – deydi u kishi. Zotan faqat jurʼatgina yoʻllarni ochishga sabab boʻladi”.

 

* * *

Quyidagi soʻzlar violonche sozandasi Pablo Kasalsom[20] tomonidan yozilgan: “Men doim qayta tugʻilaman. Har tong – hayotni yangitdan boshlash demakdir. Sakson yil avval umrimni xuddi shu tarzda boshlagan edim – lekin bu bir mexanik dastur degani emas. Baxtim uchun oʻta muhim. Uygʻonaman va fortopianoda ikkita kuy va Baxning fugasini ijro etmaman. Kuylar uyimga baraka olib kirayotgandek boʻladi. Bu hayot asrori va inson yaratilishidagi moʻjiza bilan bogʻlanishni tiklash yoʻlidir. Sakson yillik kuy men uchun hech qachon bir xil tuyulgan emas – u har gal menga qandaydir yangi, gʻaroyib xayolotni oʻrgatadi”.

* * *

Pablo Pikassodan iqtibos: “Xudo – rassomdir. U jirafa, fil va chumolini yaratdi. Holbuki, U hech qachon oʻz uslubini izlamadi, balki, neni istasa shuni qildi”. Ustoz dedi: “Biz oʻz yoʻlimizni boshlagan vaqtda kuchli qoʻrqinch yuzaga keladi. Hamma ishni toʻgʻri bajarishga majburligimizni his qilamiz. Alal-oqibat hayot bir marotaba berilajagini anglagan holda, “Hammasi mana bunday boʻlsa toʻgʻri boʻladi”, degan qoidani kim oʻylab topgan, deb qolamiz. Xudo filni, jirafa, chumolini yaratdi – nima uchun biz qandaydir qoidalar izidan borishimiz lozim? Bular boshqalar oʻz shaxsiyatlarini qanday namoyon qilayotganlarini aniqlash uchungina mavjud. Koʻpincha, biz boshqalar xatti-harakatiga qoyil qolishimiz, boshqalar xatosidan saqlanishimiz mumkin. Albatta, yashash yaxshi – lekin biz buni faqat oʻzimiz uchungina qilamiz”.

 

* * *

Bir nechta yahudiy xudojoʻylari senagogada ibodat qilar edilar. Ular bir goʻdakning: “A, B, C, D”, degan ovozini eshitadilar. Muqaddas yozuvga diqqatlarini qaratishga harakat qiladilar, lekin ovoz yana takrorlanadi: “A, B, C, D”. Ibodatni toʻxtatib ortlariga qaraganlarida bola hamon alifbo harflarini kuylar edi. Ravvin boladan soʻradi: “Nima uchun bunday qilmoqdasan?” “Chunki men muqaddas satrlarni bilmayman”. Agar harflarni ifodalasam, Xudo ulardan soʻzlar tuzadi va soʻzlardan lozim boʻlgan satrlarni shakllantiradi, deya umid qildim”. “Sabogʻing uchun sendan minnatdorman”, – dedi ravvin. “Balki men ham sen Xudoga harflarni bagʻishlaganing kabi Yer yuzidagi kunlarimni bagʻishlarman”. Ustoz dedi: “Faraz qiling, bizdagi mavjud Ilohiy ruh, goʻyoki kinoteatr ekranida namoyish etilayotgan filmga oʻxshash. Ekranda turli vaziyatlar sodir boʻladi – odamlar sevadilar, ajraladilar, xazina topadilar, nomaʼlum oʻlkalarni kashf etadilar. Qanday filmligi muhim emas. Ekran hamisha oʻsha-oʻsha. Odamlar koʻzidan yosh oqadimi, qon tomadimi bari bir – ekran oq rangiga dogʻ tushirmaydi. Kinoekran kabi Xudo har bir hayotiy qaygʻu yoki quvonch ortidadir. Buni biz oʻz filmimiz tugaganda bilamiz”.

 

* * *

Qirol tinchlik shartnomasini imzolashi lozim boʻlgan elchisini uzoq yurtga yuboradi. Elchi fursatdan sayohat maqsadida foydalanish uchun doʻstlariga xabar beradi. Doʻstlari undan tashrifni qoldirishini soʻraydilar. Elchi safarga chiqqanida esa bitim tuzishga kech boʻlgani, urush boshlangani, qirolning rejalari, elchini ushlab qolgan odamlarning ham ishlari buzilgani maʼlum boʻladi. Ustoz: “Hayotimizda faqat bitta muhim narsa bor: oʻz taqdirimiz bilan yashamoq – shu biz uchun vazifa qilib belgilangan. Biroq hamisha orzularimizni yoʻqqa chiqaruvchi nokerak tashvishlar bilan oʻzimizni ovora qilib qoʻyamiz”.

 

* * *

Sayyoh Sidney bandargohidagi shaharning ikki qismini bogʻlovchi koʻprikda turar ekan, bir avstraliyalik kelib gazetadagi eʼlonni oʻqib berishini soʻraydi. “Harflari juda kichkina”, – deydi u. “Koʻzoynagimni uyda qoldiribman, usiz oʻqiy olmayman”. Sayyoh ham koʻzoynaksiz ekanini aytib, uzr soʻraydi. “Ha, menimcha, bu eʼlonni unutganim yaxshi”, – deydi u odam. Avstraliyalik suhbatni davom ettirish niyatida unga: “Faqat ikkimizdagi holat emas, ilohiy nazar ham xira tortgan. Bu uning qariligidan emas, shuni istaganidan. Unga yaqin boʻlganlar xato qilsalar aniq-tiniq koʻrmaydi. Adolatsiz boʻlishni istamay oʻsha odamni kechiradi”, – dedi. “Yaxshi ishlar borasida-chi?”, – deya soʻradi sayyoh. “Xudo hech qachon koʻzoynagini uyida qoldirmaydi”, – deya kuldi u va nari ketdi.

 

* * *

“Ibodatdan ham muhimroq biron narsa bormi?” – soʻradi shogird ustozidan. U yon atrofdagi butadan shox qirqib kelishga buyurdi. Shogird itoat etdi. “Buta omonmi?” – soʻradi ustoz. “U hozirga qadar qanday omonlikda boʻlsa oʻshanday”, – javob beradi shogird. “Endi uning ildizini qirqib kel”, – deydi ustoz. “Bu ish bilan buta quriydi”, – injiladi shogird. “Ibodat daraxtning shoxlari, iymon uning ildizlaridir”, tushuntiradi ustoz. “Ibodatsiz iymon boʻlishi mumkin, ammo iymonsiz hech qanday ibodat boʻlmaydi”.

* * *

Muqaddas Tereza d’Avilya aytadi: “Yodda saqlang: Xudo barchamizni taklif qilgan – U sof Haqiqat ekan, biz uning taklifiga shubha qilmasligimiz lozim”. U aytadi: “Barchangiz huzurimga keling, ichishni istaganlarga suv beraman”. Agar taklif barchamiz uchun boʻlmaganida edi, Xudo aytardi: “Chanqaganlar huzurimga keling, holbuki, siz hech nima yoʻqotmaysiz. Lekin men faqat tayyorgarlik koʻrganlargagina suv beraman”. U hech qanday shartlar qoʻymaydi. Uning muhabbati boʻlgan hayot suvini olish uchun kelib soʻrashning oʻzi kifoyadir.

 

* * *

Dzen monaxlari, meditatsiya chogʻida tosh qarshisiga oʻtiradilar va deydilar: “To shu tosh bir oz oʻsmagunicha shu yerda kutaman”. Ustoz dedi: “Atrofimizdagi barcha narsalar doimiy oʻzgarishda. Quyosh har kuni yangi olam ustida porlaydi. Biz oʻzgarmas deb ataydigan narsalar yangi taklif va imkoniyatlar bilan toʻliqdir. Ammo biz har bir kun boshqasidan qanday farqlanishini bilmaymiz.

* * *

Bugun qayerdadir sizni xazina kutib turgandir. Bu balki lahzalik tabassum, balki juda katta gʻalaba, har nechuk, ahamiyatsiz. Hayot katta va kichik moʻjizalardan iborat. Hech nima zerikarli emas, chunki hamma narsa hamisha oʻzgarib turibdi. Zerikish olam mohiyatiga ziddir. Shoir T. S. Eliot yozganidek: “Koʻp yoʻllarni bosib, oʻz uyingga qayt, bor narsaga ilk marotaba koʻrayotgandek boq”.

 

Tarjima va izohlar muallifi Sarvar COBIT

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–9

 


[1] Bapendida yashovchi yaqindagina avliyolik rutbasini olgan ayol. Yashash uchun biron narsasi boʻlmagan holda, 30 yil davomida cherkov qurgan va qashshoqlarga yordam bergan. Paulo Koeloga oʻzining yozuvchilik iqtidoriga ishonishi uchun yordam bergan.             

[2] Pireney – Ispaniya, Fransiya, Andora boʻylab oʻtgan Bikay qoʻltigʻi va Oʻrta yer dengizi oraligʻidagi togʻ tizmasi. Uzunligi 450 km, balandligi 3404 metrgacha (Aneto choʻqqisi). Moʻtadil va subtropik iqlim oraligʻida.

[3] Sivillalar  (Sibillalar) – antik davr mualliflari tomonidan zikr etilgan afsonaviy bashoratgoʻylar; 12 tagacha  Sivilla boʻlgan. Mashhurrogʻi Kum Sivillasi boʻlib, qadimgi Rimda rasmiy bashoratchilik bilan shugʻullanuvchilar foydalanadigan, maqol va bashoratlardan iborat “Sivillalar kitobi” unga nisbat beriladi.             

[4] Tiberiy (Tiberius) (miloddan avvalgi 42 va milodiy 37 yy.) – Rim mperatori. Avgustning 14-avlodi. Imperiyaning moliyaviy holatini yaxshilashga erishgan.

[5] Pavel  –  nasroniy afsonalaridagi havoriylardan biri. Cherkov Yangi ahddagi 14 ta maktubni unga mansub deb qaraydi.            

[6] Buyuk Antoniy (tax. 250 – 356 yy.), nasroniy monaxligi asoschisi, zohid. Uning faoliyati qonuniy boʻlgan.        

[7] Budda  (sanskr., soʻzma-soʻz. – nurlangan) –  buddaviylik asoschisi boʻlgan bu shaxsning ismi Sidxartxa  Gautama  (miloddan avvalgi 623-544), Shimoliy Hindistondagi shakya qabilasi shohining oʻgʻli.        

[8] Napoleon I (Napoleon  Bonapart) (1769  –  1821 yy.) – fransuz imperatori. Xizmatni 1785 yilda artilleriya kichik leytenanti rutbasidan boshlagan; Buyuk Fransiya inqilobi va Direktoriya chogʻida koʻtarilgan. 1799 yil noyabrida davlat toʻntarishi qilib, birinchi konsul vazifasini olgan. Sekin astalik bilan butun hokimiyatni oʻz qoʻlga olgan va 1804 yilda imperator deb eʼlon qilingan.           

[9] Tulon – Fransiyaning Oʻrta yer dengizi sohilidagi port shahar.

[10] Praga – Chexiya poytaxti. Valtva daryosining Elbaga quyilish boʻyida joylashgan.

[11] Nepal (Nepal Qirolligi) – Janubiy Osiyodagi mamlakat. Himolayning markaziy qismlari orqali Hitoy va Hindiston bilan chegaradosh.                

[12] Navarra – Ispaniya shimolidagi tarixiy viloyat.  Bosh shahri – Pamplona.

[13] Asteklar – Meksikadagi eng katta hindu xalqlaridan biri.

[14] Xudo barcha diniy taʼlimotlarga koʻra mehribondir. Unda shafqatsizlik emas, balki “qahr” sifati borki, Uning qahru-gʻazabi faqat Oʻz irodasi bilandir. Binobarin, xudo aslida biz yaxshi koʻrgan biron narsadan bizni mosuvo etgan boʻlsa, buning oʻziga xos hikmati majud. Faqat uni hamma ham bilavermaydi. “Ehtimol, sizlar yoqtirmagan narsa (aslida) oʻzlaringiz uchun yaxshi, yoqtirgan narsalaringiz esa (aslida) yomondir. Alloh bilur sizlar esa bilmassizlar” (“Baqara” surasi 216-oyat).– tarj.).          

[15]Lidiya – qadimda aholisi lidiya qabilalaridan iborat boʻlgan Kichik Osiyodagi mamlakat. Meloddan avvalgi 7-6 asrlardagi mustaqil davlat. Melodan avvalgi 6-4 asrlarda forslar hukmida boʻlgan, keyin Aleksandra Makedonskiy davlatiga, Selevkidlar, Pergamlar va Rimga qaram boʻlgan (Osiyo viloyatining bir qismini tashkil etgan).

[16] Krez (meloddan avvalgi 595-546 yy.) – Lidiyaning soʻngi podshohi (meloddan avvalgi 560 yildan boshlab hukm surgan).          

[17] Nineviya – Ossuriyaning qadimgi shahri.

[18] Epstayn (Epstein) Jakob (Yoqub) (1880-1959) – amerika va ingliz haykaltaroshi.

[19] Muso – Bibliyaga koʻra, yahudiylarni Firʼavn zulmidan qutqarib Misrdan olib chiqib ketish uchun Xudo tomonidan tanlangan paygʻambar. U yahudiylarni Qizil dengizdan olib oʻtadi. Sino togʻida Xudo tomnidan unga 10 nasihatdan iborat vahiy nozil boʻladi.    

[20] Kasals (Casals)  Pablo (1876-1973) – ispan violonchelisti, dirijer va bastakor. 75 yil atrofida chiqishlar qilgan. Bax va boshqalarning asarlari interpretatori. Koʻplab musiqa jamoalari va tashkilotlari asoschisi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.