Maktub

0
99
marta koʻrilgan.

Bu voqeani menga sihatgohda dam olish chogʻida namozxon doʻstim Nuriddin hoji aytib bergandi.

… Hamroqul bilan institutda birga tahsil olganmiz. Gapimiz bir-birimizga mos tushgani uchun toʻrt yil ijarada ham birga turdik. Juda madaniyatli va intizomli yigit. Oʻqish davomida biror soat ham dars qoldirganini eslay olmayman. Uning imtihonlarga butun vujudi bilan tayyorgarlik koʻrishi, hatto ertalab uygʻonganda toʻshakda turib, biror mavzuni pichirlab takrorlashiga ham kulardik, ham havas qilardik.

Ammo uning odamoviligi hammaga ham yoqavermasdi. Darsda, imtihonda burro-burro javob beradigan odamning davralardagi kamgapligiga hayron qolardik. Mabodo davrada qizlar haqida gap ochilib qolsa, munosabat bildirish, qoʻshilish u yoqda tursin, kitobini qoʻltiqlab, indamay chiqib ketardi.

Bir kuni kechasi kitobining ichiga guruhdagi qizlarning chiroyli suratlarini solib qoʻydim. Goʻzallikdan bahra olsin, dedim-da. Nima boʻldi deng, u ertalab suratlarni qaytarib berib, “Doʻstim, men bilan bunday hazillashmang” dedi sovuqqina. Toʻgʻrisi, uning bu odatiga koʻnikib qolgandim. “Ota-onang uylantirib qoʻyishsa, oʻsha qizni sevib ham ulgurasan”, derdim kinoya bilan.

Ana shu men bilgan Hamroqul uchinchi kursda muhabbat degan dardga yoʻliqdi. Avvaliga darslik oʻrniga sheʼriy kitoblar oʻqiganiga uncha eʼtibor bermagandim. Lekin oqshomlari sheʼr yoki maktublar yoza boshlagach, qiziqsinib kuzatdim. Hatto oʻziga bildirmay yozgan mashqini oʻqidim:

Esingdami, bir sinfda

Oʻqir edik ikkovlon.

Kitoblarni qoʻyib chetga

Boshlar edik toʻpolon.

Sochlaringni bildirmayin

Bogʻlar edim partaga.

Zoʻrgʻa yechib olib, keyin

Yigʻlar eding joʻrttaga.

Mana endi yigit boʻldim,

Sen ham endi goʻzal qiz.

Ishqing bilan shavqqa toʻldim,

O, qiyin menga sensiz.

Soching bilan band aylading

Bu koʻnglimni, nachora.

Tugunlarin yecholmasdan

Men bechora ovora…

Oʻh-hu, kesakdan ham olov chiqadi, deganlari rostga oʻxshaydi. Soddaroq yozgani bilan maʼnoni oʻxshatibdi. Kechki suhbatlarda sekin koʻngliga qoʻl soldim.

– Robiya bilan bir sinfda oʻqiganmiz. U texnikumni bitirib, qishlogʻimizdagi aloqa boʻlimida ishlayapti. Oʻtgan oyda uyga borganimda koʻrib qoldim, ancha suhbatlashdik. Biram oʻzgarib, ochilib ketibdi. Oʻshandan buyon har kuni koʻrgim kelaveradi.

– Buni muhabbat deyishadi, joʻra. Dardi bedavoga yoʻliqibsan.

– Bilmasam… Har hafta boray desam, ota-onamdan uyalaman, bir oy xayolimda bir yildek tuyuladi.

Ular bir yilcha ishqiy maktub yozib turishdi. Hamroqul ham odamoviligini tashlab, davraga qoʻshiladigan boʻldi. Birga doʻstimnikiga borganda Robiyani koʻrdim, chiroyli, shaddod qiz ekan. Aynan Hamroqulbop.

Ammo bitirish imtihonlari arafasida doʻstim negadir behalovat boʻlib qoldi. Sal vaqt topsa, kvartiraga borib yotib oladi. Sheʼriy kitoblar ham oʻqimay qoʻydi. Nuqul “uf” tortadi. Bir-ikki marta soʻraganimda “Issiq havo yuragimga taʼsir qildi, shekilli” dedi va yana qanaqadir bahonalar aytdi. Nihoyat, bir kuni kechqurun qistovga olganimdan soʻng oʻzi yorildi.

– Ota-onam bilan gaplashdim, rozi boʻlishdi. Soʻng Robiyaga turmush quraylik, odam yuboray, dedim.

– U-chi, u nima dedi?

– Bir aniq gap aytmaydi, uni tushunolmayapman. Bilaman, mendan boshqa yigiti yoʻq, lekin har gal turli bahonalar toʻqiydi, hali vaqt bor, deydi. Bu yoqdan onam qistalang qilyapti. Boshim qotib qoldi.

Eh, muhabbat, muhabbat! Odamni ne koʻyga soladi-ya. Kechagina bedard, darsdan boshqa narsani oʻylamagan yigit bugun bir goʻzal ishqida devonavor boʻlib turgani moʻjiza emasmi? Unga achindim, chunki bunday holat oʻzimda ham kechgan. Dardli oshiq insonga gap ortiqcha, dalda berib boʻlmaydi, chunki qalbida, vujudida kechayotgani yolgʻiz oʻziga ayon. Lekin doʻstimni xursand etish uchun nimadir qilishim kerak…

Tuni bilan oʻylab, vaziyatni baholab, bir yechim oʻylab topdim. Aniqrogʻi, shumlik, hazil. Avvaliga Hamroqul koʻnmadi, bunaqa qaltis hazil ishimizni chappa qilib yubormasin, dedi. Bir amallab tushuntirdim, biror kor-hol boʻlsa oʻzim kafil boʻlaman, dedim. Koʻndi. Keyin bir qiz nomidan Hamroqulga maktub yozdim.

“Assalomu alaykum, Hamroqul aka! Sogʻliqlar yaxshimi, imtihonlar tugay deb qoldimi? Nasib boʻlsa, ishni qayerda boshlaysiz?

Men, Xudoga shukr, yonimizdagi maktabda boshlangʻich sinflarda dars berayapman. Texnikumda oʻqiganimda siz bilan oʻtgan onlarim eng baxtli lahzalar ekanini endi sezayapman, juda sezayapman. Sizdek oqil insondan koʻp yaxshiliklarni oʻrgandim, siz tufayli yaxshi oʻqidim. Oldingizda qarzdorman. Bu haqda ota-onamga ham aytdim, ular Sizni duo qilishdi.

Hamroqul aka, uyimizga sovchilar kelayapti, ammo men hammasini qaytarayapman. Albatta, bu gapni aytish menga juda ogʻir va uyatli, ammo boshqa yoʻl topa olmadim. Mabodo haliyam birovni tanlamagan boʻlsangiz, ochigʻini aytay, sizga koʻngil qoʻyganman… Baxtimga omon boʻling.

Hurmat bilan Nuriniso”.

Ertasiga xatni pochtadan joʻnatdik. Har ehtimolga qarshi, konvert tepasiga “shaxsan oʻziga tegsin” deb yozdim.

Aytganday, Hamroqul Robiyaga boʻlgan ishqini ham onasiga yozgan xati orqali izhor qilgan. Oʻsha xatida u “Onajon, oʻzimizning pochtada Robiya ismli qiz ishlaydi, esingizdami, mendan kichik boʻlsa-da, bir sinfda oʻqiganmiz. Chiroyli va aqlli, menga yoqadi” deb yozgan. Chunki Hamroqul bu qizning shu xatni ochib oʻqib koʻrishini sezgan. Shunday boʻlgan ham. Keyin bilsa, Robiya bu xatni oʻziga olib qoʻygan ekan.

Eh, muhabbat, muhabbat, bunchalar sirli va sehrli tuygʻu u! Koʻngil degani shunday bir mubham, lekin shunday shijoatli xilqatki, u koʻp narsani sezadi va aytganini qiladi ham. Maktub uslubi ikkinchi bor ham ish berdi. Uch kun oʻtgach, Robiyadan doʻstimga iliq soʻzlar yozilgan xat keldi. Uning aytishicha, qiz kvartiramizga telefon qilib, uy egasiga Hamroqulga salom aytishini tayinlagan.

… Ularning toʻyi diplom olish quvonchiga ulanib ketdi. Kursdoshlar bilan borib, toʻyni rosa qizdirdik.

Bir yildan sal koʻproq oʻtgach, doʻstim telefon qilib qoldi. Kelmasang, boʻlmaydi, dedi. Vaqt topib kechqurun bordim, birga nonushta qildik. Men er-xotin oʻrtasida sovuqlik borligini sezdim. Robiya nimanidir bahona qilib chiqib ketdi, uning homilasi bilinib qolgandi. Hamroqul oʻsha Hamroqul-da, bir amallab ichidagi gapni oldim.

– Bir kuni sandigʻini ochganda, ichidan menga yozilgan xat chiqqan, asrab qoʻygan ekan-da. Nuriniso kim, haliyam u bilan uchrashib turasizmi, texnikumda oʻqiganida nima yaxshilik qilgansiz, deb qistovga oldi. Ayting-chi, doʻstim, men unga nima deyman, nima deb ishontiraman? Oʻshandan beri menga Nurinisoni topib berasiz, deb gaplashmaydi, buyoqda homiladorlikning injiqligi. Yana boshim qotib qoldi.

Men Robiyani yonimizga taklif etdim. Ogʻrinib kelib, stulga omonat oʻtirdi. Keyin maktub haqidagi voqeani aytib berdim. Baribir, hadigi tarqamadi, koʻz yosh qilib oldi. Oxiri, qogʻoz olib oʻsha xatni qaytadan yoza boshladim, chunki oʻzim toʻqiganim uchun soʻzma-soʻz yodimda qolgan edi.

U xatni koʻtarib oshxonaga chiqdi, eski maktub bilan solishtirib koʻrdi, shekilli, chehrasi ochilib qaytib kirdi.

– Kechiring, Hamroqul aka, shuni oʻzingiz tushuntirsangiz boʻlmasmidi. Men har xil xayolga borib yuribman. Axir, Sizni rashk qilaman-da…

Ertalabki nonushtadan soʻng doʻstim meni avtobusgacha kuzatib qoʻydi.

 

Farmon Toshev

 

uzas.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.