Maktub

0
27
marta ko‘rilgan.

Bu voqeani menga sihatgohda dam olish chog‘ida namozxon do‘stim Nuriddin hoji aytib bergandi.

… Hamroqul bilan institutda birga tahsil olganmiz. Gapimiz bir-birimizga mos tushgani uchun to‘rt yil ijarada ham birga turdik. Juda madaniyatli va intizomli yigit. O‘qish davomida biror soat ham dars qoldirganini eslay olmayman. Uning imtihonlarga butun vujudi bilan tayyorgarlik ko‘rishi, hatto ertalab uyg‘onganda to‘shakda turib, biror mavzuni pichirlab takrorlashiga ham kulardik, ham havas qilardik.

Ammo uning odamoviligi hammaga ham yoqavermasdi. Darsda, imtihonda burro-burro javob beradigan odamning davralardagi kamgapligiga hayron qolardik. Mabodo davrada qizlar haqida gap ochilib qolsa, munosabat bildirish, qo‘shilish u yoqda tursin, kitobini qo‘ltiqlab, indamay chiqib ketardi.

Bir kuni kechasi kitobining ichiga guruhdagi qizlarning chiroyli suratlarini solib qo‘ydim. Go‘zallikdan bahra olsin, dedim-da. Nima bo‘ldi deng, u ertalab suratlarni qaytarib berib, “Do‘stim, men bilan bunday hazillashmang” dedi sovuqqina. To‘g‘risi, uning bu odatiga ko‘nikib qolgandim. “Ota-onang uylantirib qo‘yishsa, o‘sha qizni sevib ham ulgurasan”, derdim kinoya bilan.

Ana shu men bilgan Hamroqul uchinchi kursda muhabbat degan dardga yo‘liqdi. Avvaliga darslik o‘rniga she’riy kitoblar o‘qiganiga uncha e’tibor bermagandim. Lekin oqshomlari she’r yoki maktublar yoza boshlagach, qiziqsinib kuzatdim. Hatto o‘ziga bildirmay yozgan mashqini o‘qidim:

Esingdami, bir sinfda

O‘qir edik ikkovlon.

Kitoblarni qo‘yib chetga

Boshlar edik to‘polon.

Sochlaringni bildirmayin

Bog‘lar edim partaga.

Zo‘rg‘a yechib olib, keyin

Yig‘lar eding jo‘rttaga.

Mana endi yigit bo‘ldim,

Sen ham endi go‘zal qiz.

Ishqing bilan shavqqa to‘ldim,

O, qiyin menga sensiz.

Soching bilan band aylading

Bu ko‘nglimni, nachora.

Tugunlarin yecholmasdan

Men bechora ovora…

O‘h-hu, kesakdan ham olov chiqadi, deganlari rostga o‘xshaydi. Soddaroq yozgani bilan ma’noni o‘xshatibdi. Kechki suhbatlarda sekin ko‘ngliga qo‘l soldim.

– Robiya bilan bir sinfda o‘qiganmiz. U texnikumni bitirib, qishlog‘imizdagi aloqa bo‘limida ishlayapti. O‘tgan oyda uyga borganimda ko‘rib qoldim, ancha suhbatlashdik. Biram o‘zgarib, ochilib ketibdi. O‘shandan buyon har kuni ko‘rgim kelaveradi.

– Buni muhabbat deyishadi, jo‘ra. Dardi bedavoga yo‘liqibsan.

– Bilmasam… Har hafta boray desam, ota-onamdan uyalaman, bir oy xayolimda bir yildek tuyuladi.

Ular bir yilcha ishqiy maktub yozib turishdi. Hamroqul ham odamoviligini tashlab, davraga qo‘shiladigan bo‘ldi. Birga do‘stimnikiga borganda Robiyani ko‘rdim, chiroyli, shaddod qiz ekan. Aynan Hamroqulbop.

Ammo bitirish imtihonlari arafasida do‘stim negadir behalovat bo‘lib qoldi. Sal vaqt topsa, kvartiraga borib yotib oladi. She’riy kitoblar ham o‘qimay qo‘ydi. Nuqul “uf” tortadi. Bir-ikki marta so‘raganimda “Issiq havo yuragimga ta’sir qildi, shekilli” dedi va yana qanaqadir bahonalar aytdi. Nihoyat, bir kuni kechqurun qistovga olganimdan so‘ng o‘zi yorildi.

– Ota-onam bilan gaplashdim, rozi bo‘lishdi. So‘ng Robiyaga turmush quraylik, odam yuboray, dedim.

– U-chi, u nima dedi?

– Bir aniq gap aytmaydi, uni tushunolmayapman. Bilaman, mendan boshqa yigiti yo‘q, lekin har gal turli bahonalar to‘qiydi, hali vaqt bor, deydi. Bu yoqdan onam qistalang qilyapti. Boshim qotib qoldi.

Eh, muhabbat, muhabbat! Odamni ne ko‘yga soladi-ya. Kechagina bedard, darsdan boshqa narsani o‘ylamagan yigit bugun bir go‘zal ishqida devonavor bo‘lib turgani mo‘jiza emasmi? Unga achindim, chunki bunday holat o‘zimda ham kechgan. Dardli oshiq insonga gap ortiqcha, dalda berib bo‘lmaydi, chunki qalbida, vujudida kechayotgani yolg‘iz o‘ziga ayon. Lekin do‘stimni xursand etish uchun nimadir qilishim kerak…

Tuni bilan o‘ylab, vaziyatni baholab, bir yechim o‘ylab topdim. Aniqrog‘i, shumlik, hazil. Avvaliga Hamroqul ko‘nmadi, bunaqa qaltis hazil ishimizni chappa qilib yubormasin, dedi. Bir amallab tushuntirdim, biror kor-hol bo‘lsa o‘zim kafil bo‘laman, dedim. Ko‘ndi. Keyin bir qiz nomidan Hamroqulga maktub yozdim.

“Assalomu alaykum, Hamroqul aka! Sog‘liqlar yaxshimi, imtihonlar tugay deb qoldimi? Nasib bo‘lsa, ishni qayerda boshlaysiz?

Men, Xudoga shukr, yonimizdagi maktabda boshlang‘ich sinflarda dars berayapman. Texnikumda o‘qiganimda siz bilan o‘tgan onlarim eng baxtli lahzalar ekanini endi sezayapman, juda sezayapman. Sizdek oqil insondan ko‘p yaxshiliklarni o‘rgandim, siz tufayli yaxshi o‘qidim. Oldingizda qarzdorman. Bu haqda ota-onamga ham aytdim, ular Sizni duo qilishdi.

Hamroqul aka, uyimizga sovchilar kelayapti, ammo men hammasini qaytarayapman. Albatta, bu gapni aytish menga juda og‘ir va uyatli, ammo boshqa yo‘l topa olmadim. Mabodo haliyam birovni tanlamagan bo‘lsangiz, ochig‘ini aytay, sizga ko‘ngil qo‘yganman… Baxtimga omon bo‘ling.

Hurmat bilan Nuriniso”.

Ertasiga xatni pochtadan jo‘natdik. Har ehtimolga qarshi, konvert tepasiga “shaxsan o‘ziga tegsin” deb yozdim.

Aytganday, Hamroqul Robiyaga bo‘lgan ishqini ham onasiga yozgan xati orqali izhor qilgan. O‘sha xatida u “Onajon, o‘zimizning pochtada Robiya ismli qiz ishlaydi, esingizdami, mendan kichik bo‘lsa-da, bir sinfda o‘qiganmiz. Chiroyli va aqlli, menga yoqadi” deb yozgan. Chunki Hamroqul bu qizning shu xatni ochib o‘qib ko‘rishini sezgan. Shunday bo‘lgan ham. Keyin bilsa, Robiya bu xatni o‘ziga olib qo‘ygan ekan.

Eh, muhabbat, muhabbat, bunchalar sirli va sehrli tuyg‘u u! Ko‘ngil degani shunday bir mubham, lekin shunday shijoatli xilqatki, u ko‘p narsani sezadi va aytganini qiladi ham. Maktub uslubi ikkinchi bor ham ish berdi. Uch kun o‘tgach, Robiyadan do‘stimga iliq so‘zlar yozilgan xat keldi. Uning aytishicha, qiz kvartiramizga telefon qilib, uy egasiga Hamroqulga salom aytishini tayinlagan.

… Ularning to‘yi diplom olish quvonchiga ulanib ketdi. Kursdoshlar bilan borib, to‘yni rosa qizdirdik.

Bir yildan sal ko‘proq o‘tgach, do‘stim telefon qilib qoldi. Kelmasang, bo‘lmaydi, dedi. Vaqt topib kechqurun bordim, birga nonushta qildik. Men er-xotin o‘rtasida sovuqlik borligini sezdim. Robiya nimanidir bahona qilib chiqib ketdi, uning homilasi bilinib qolgandi. Hamroqul o‘sha Hamroqul-da, bir amallab ichidagi gapni oldim.

– Bir kuni sandig‘ini ochganda, ichidan menga yozilgan xat chiqqan, asrab qo‘ygan ekan-da. Nuriniso kim, haliyam u bilan uchrashib turasizmi, texnikumda o‘qiganida nima yaxshilik qilgansiz, deb qistovga oldi. Ayting-chi, do‘stim, men unga nima deyman, nima deb ishontiraman? O‘shandan beri menga Nurinisoni topib berasiz, deb gaplashmaydi, buyoqda homiladorlikning injiqligi. Yana boshim qotib qoldi.

Men Robiyani yonimizga taklif etdim. Og‘rinib kelib, stulga omonat o‘tirdi. Keyin maktub haqidagi voqeani aytib berdim. Baribir, hadigi tarqamadi, ko‘z yosh qilib oldi. Oxiri, qog‘oz olib o‘sha xatni qaytadan yoza boshladim, chunki o‘zim to‘qiganim uchun so‘zma-so‘z yodimda qolgan edi.

U xatni ko‘tarib oshxonaga chiqdi, eski maktub bilan solishtirib ko‘rdi, shekilli, chehrasi ochilib qaytib kirdi.

– Kechiring, Hamroqul aka, shuni o‘zingiz tushuntirsangiz bo‘lmasmidi. Men har xil xayolga borib yuribman. Axir, Sizni rashk qilaman-da…

Ertalabki nonushtadan so‘ng do‘stim meni avtobusgacha kuzatib qo‘ydi.

 

Farmon Toshev

 

uzas.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.