Mahliyo

0
1465
marta koʻrilgan.

Tahririyatdagi xonamda oʻtirardim. Salom berib, tortina-tortina yoshgina kelin kirib keldi. U, nari borsa, oʻn sakkizga kirgan. Homilador ekan. Yashil paltosining pastki tugmalari yetmay qolib, qadalmagan. Yuzi oppoq, soʻlim.

– Keling? – dedim.

U qarshimdagi kursiga ogʻir choʻkdi. Koʻzlari mungli edi. Gazeta tahririyatiga qandaydir tashvish yetaklab kelgani aniq.

– Vaqtingiz bormi? – dedi xijolatomuz.

– Bemalol. Ismingiz nima?

– Mahliyo.

– Nima gapingiz boʻlsa, aytavering. Oʻqiysizmi yo ishlaysizmi?

Bu savolni berishdan avval chamalab koʻrdim. Bu qizning tengdoshlari kollejda oʻqishadi. Balki, erta turmushga chiqib, oʻqiyotgandir?

– Oʻqiganimda shu ahvolga tushmasdim, – dedi u oʻksik ovozda. Rangpar yuziga tomchilagan yoshlarni kafti bilan artib, menga qaradi. – Maktabda yaxshi oʻqirdim. Sheʼr ham yozganman, – uyalib jilmaydi u. – Sizga olib kelganman.

Bu jilmayish rutubatli nigohiga nur bagʻishladi. Oʻrtamizda bir daricha ochildi goʻyo. Biz bir-birimizni tushuna boshlagandik. Endi u dadilroq boqdi:

– Sheʼrlarimga “Mahliyo” deb imzo qoʻyarrdim. Esingizda yoʻqmi?

– Toʻgʻrisi, eslolmayapman.

– Bularning bari bir yil avval mening hayotim edi. Endi, yoʻq! Suvga otilgan toshdek! – U chuqur xoʻrsindi. Oldingizga koʻnglimdagi… dardlarni aytgani keldim… Sizni oʻquvchilik paytimdan bilaman. Bitta sheʼrimni gazetada chiqargansiz…

Men oʻylanib qoldim… Yoʻq, eslay olmadim. Tahririyatga oʻquvchi, talabalar tez-tez kelib turishadi. Gazetaning ish jarayoni tigʻiz. Hammani eslab qolish qiyin. Mahliyo! Ismi chiroyli ekan.

– Maktabni bitirganimdan keyin uydagilar oʻqitishmadi, – dedi Mahliyo, – qizlar haqida har xil gaplarni eshitishgan-da. Hamma undaymas-ku, toʻgʻrimi?

– Toʻgʻri.

– Bir yil oʻtar-oʻtmas turmushga uzatishdi. Yigitning yoshi yigirma yettida ekan. Bir marta uchrashtirishdi-yu, toʻyimiz boʻldi. Oʻylab koʻring, bir umr birga yashaydigan insonning kimliginiyam bilolmadim. Umr savdosi qimor emas-ku? Nega oyoq-qoʻlimni bogʻlab oʻtga tashlashdi?!.. Ikki oycha yaxshi yashadik. Men unga bogʻlanib ham qoldim. Ishi shaharda. Qandaydir katta firmani qoʻriqlashar ekan. Harbiylar kiyimida yurardi. Uch-toʻrt kunlab uyga kelmay qolardi. Men uni sogʻinib kutadigan boʻldim.

Mahliyo ogʻir tin oldi. Keyin, boshini sarak-sarak qilib yigʻlab yubordi. Kaftlarini yuziga bosib, biroz oʻtirdi-da, yana menga qaradi:

– Men kelin boʻlgan uydagi sharoit biznikiga oʻxshamasdi. Qaynonam qattiqqoʻl. Ovqatga masalliq oʻlchab beriladi. Qora undan non yopiladi. Arzonroq-da… Hamma ishimdan kamchilik topishadi… Indamay boʻynimni egishga oʻrgandim. Hamma kelinlarda shunaqa boʻlsa kerak-da, deb oʻylardim… Mening bir narsalar yegim kela boshladi. Dogʻlanayotgan yogʻning isiga chidolmay qoldim. Qaynonamga aytganimda jahllari chiqdi:

– Nega darrov yukli boʻlding? – dedi sovuq qilib. – Kelinlik xizmatini qili-ib yursang boʻlmasmidi?

Bu gap toshdek ogʻir botdi. Uyga kirib yigʻladim. Kimsaga aytolmayman, dardim ichimda. Qaynonam uyimizgayam yubormay qoʻydi. Erim oʻn-oʻn besh kunda keladigan boʻldi. Muomalasi avvalgidekmas. Bir ogʻiz gapirtirmay, siltab tashlaydi… Boʻy yetgan qaynimning qiliqlari hammasidan oʻtib tushdi. U kunduziyam, kechasiyam birorta bahona bilan xonamga kirib kelaveradi. Boʻyi shipga yetadi. Beoʻxshov tirjayib turishidan qoʻrqaman. Gapining tayini yoʻq. Hech qayerda ishlamaydi… Oʻqish-yozishniyam bilmasdi. Uni butunlay aqlsiz deyolmaysiz, jiddiy ham emas.

Erimga undan qoʻrqishimni aytdim. “Qoʻyaver, oʻzi shunaqa, invalid, psix”, dedi.

Tez orada erim meni shaharga olib ketdi. Ijara uyda yashay boshladik. Bir kuni ishga ketib, bir oycha kelmadi. Begona joy, ochin-toʻqin, sovuqda qiynaldim. Qaytib ketay, desam undan qoʻrqaman. Homilam besh oylik boʻlgandi. Kechasi qoʻrqib, mazam boʻlmay qoldi. Ijara uyning egalari kasalxonaga olib borishdi.

Mahliyoning achchiq hikoyasi shu yerga yetganda titrab ketdim! Tirnoqqa zor yurganlar qancha?! Ularning dil iztiroblarini mana shu xonada eshitib, ahvollariga achinganman. Yigirma yetti yoshida yigit haqiqiy erkakka aylanadi. Zuryod nimaligini biladi. Hech kim tushuntirib berolmaydigan sohir tuygʻu bilan unga intiladi…

– Eringiz biror marta xabar olmadimi? Telefon-chi? Qaysi zamonda yashayapmiz axir?

– Menga uyali telefon ushlatishmasdi. Erim telefon raqamini hech kimga bermagan.

– Bir oy qanday yashadingiz?

– Ayam bilan ukam har hafta kelib pul, oziq-ovqat tashlab ketishardi. Erimni xizmat safarida dedim.

– Shunaqami…

– Shu ahvoldayam yonini olgansiz, demoqchisiz-da?.. Men unga bogʻlanib qolgandim, ishonardim! Buni tushunish uchun ayol boʻlish kerak… U kasalxonada yotganimda keldi. Ichib olgandi. Dilidagini ochiq aytdi. Yoshi oʻzidan katta xotini, toʻrt yashar oʻgʻli bor ekan… “Bolani oldirib tashla, baribir sen bilan yashamayman, aliment ham toʻlamayman. Senga, oʻrtogʻlarim bilan garov oʻynab uylanganman”, dedi.

– Garov oʻynab?!

– Qarang, shunaqasiyam boʻladimi?! – dedi Mahliyo menga qarab.

Uning koʻzlaridan duvillab yosh quyildi. Roʻmolchasini olib, yuziga bosdi. Yelkasi silkinib-silkinib yigʻladi. Koʻnglidagi faryod ana shu silsilalar bilan tashiga chiqib ketayotgandek edi. Insonni ham shunchalar oyoqosti qiladilarmi?! Insof, vijdon, diyonat, iymon qayoqda qoldi? Bunday kaslar qanday yaralib qolgan? Yer koʻtaraverar ekan-da…

Qarshimdagi xilqat hamon oʻksib-oʻksib yigʻlardi. Hali oʻzi oʻsmirlik, yoshlik zavqlariga toʻymagan, ammo ona boʻlay deb turgan Mahliyoning yuragidagi toʻfonni tushundim. Uning hayotida hammasi chalkashib ketgandi: eriga boʻlgan muhabbat, farzand kutish baxti, ayrilish, xoʻrlik…

– U shunday dedi-yu, ketdi, – Mahliyoning titroq ovozi eshitildi. – Men uchun osmon uzilib yerga tushgandi goʻyo. Dunyo zulmatga aylandi! Kasalxona yoʻlagida hushimdan ketib yiqilibman. Shifokorlar oʻzimga keltirishganda ogʻzim qurib qolgandi. Qornimda ogʻriq sezdim, bola bezovtalanardi. Suv soʻradim. “Bolamni asrab qolinglar”, dedim. Ovozim oʻzgarib qolgan, yoʻgʻon, xirqiroq edi. Qoʻrqib ketdim! Kim edim-u, kimga aylandim?! Hayot bunchalar achchiq?! Koʻnglim muz. U koʻzimga bolamni yutib yuborayotgan ajdahodek koʻrindi. “Yoʻq, bolangni unga berma!” derdi ichki bir nido. Oʻzimni bosishim qiyin boʻldi. Shifokor yoshi katta ayol edi:

– Qizim, ogʻir boʻl, – dedi. – Biz bu yerda har xil odamlarni koʻrganmiz. Odamiyligini yoʻqotganlar ham bor. Sen haqiqiy insonni dunyoga keltir! Birinchi bolani asrab qolish kerak! Hozircha, bolangga ziyon yetgani yoʻq. Keyingi hayotingni oʻzing hal qilasan. Eson-omon tugʻib olsang, farzanding yoʻl koʻrsatadi.

Umrimda bunday aqlli gaplarni eshitmagandim. Ana shunday shirin xayol bilan uxlab qoldim.

– Qaytib kelmadimi?

– Yoʻq. Dadam bilan ayam kelishdi. Ularga hammasini aytdim. Men tushgan xonadon boy-badavlat edi. Ota-onam oddiy dehqon odamlar. Hammasini allaqachon bilib yurishgan ekan. Uyga olib ketishdi.

– Eringizning uyidagilar kelishdimi?

– Yoʻq. Oʻgʻillarining xotini, bolasi borligini bilisharkan. Yuklarimni joʻnatib yuborishibdi.

– Unda, nega sizni…

– Bilmadim, nega meni baxtsiz qilishganini. Shunaqa odamlar ham bor ekan-da.

– Endi nima qilasiz?

– Kasalxonaga farrosh boʻlib ishga kirganman. Bugun homiladorlik taʼtiliga chiqdim. Farzandim tugʻilsin. Keyin, oʻqiyman, hamshira boʻlaman… Siz bularni yozing! Boshqa qizlar adashishmasin, sirayam adashishmasin!

Mahliyoning goʻzal chehrasida qatʼiyat koʻrdim. Juda yosh boʻlishiga qaramay homiladorlik unga qandaydir ulugʻvorlik baxsh etgandi. Hademay ona boʻladi. Farzandi qalbini butkul rom qilib oladi. Yashashga undaydi, yoʻl koʻrsatadi. Mahliyo buni biladi.

 

Abdujalol RAHIMOV

 

“Yoshlik”, 2014 yil 8-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.