Mahallaning “shoiri”

0
155
marta koʻrilgan.

“Ozod domlaning beozor hazillari” turkumidan

 

Mahallamizda Toshmat aka degan kishi bor. Sodda, doʻlvor, qulogʻi ogʻirroq. Shuning uchun boʻlsa kerak, shangʻillab gapiradi. Qizimning toʻyi kuni Ozod domla boshqalardan ancha erta keldilar. “Oʻz qoʻlim bilan bir “achchiq-chuchuk” qilgim keldi”, deb shakarob qilishga tushib ketdilar. “Qoʻya qoling, ustoz, shu ishni boshqalar ham qiladi”, desak, koʻnmay, olmaning soyasida oʻtirib olib piyoz archa boshladilar.

Bir mahal Toshmat aka shangʻillab soʻrab qoldi.

– Anavi qorovulga choy-poy berdingmi?

– Qanaqa qorovul? – desam, Ozod akani koʻrsatdi.

– Anavi-da! Idorangning qorovulimi, axir?

Kulib yuboray dedim. Ozod akaning shu oʻtirishi chindan ham gʻaroyib edi. Pastak kursichada oʻtiribdilar. Tizzaga eski sochiq tashlab olgan, qoʻlida pichoq, oldida archilgan piyoz.

– Esingiz joyidami! – dedim Toshmat akaning qulogʻiga – Axir bu kishi mashhur olim Ozod Sharafiddinov boʻladilar-ku!

– A? – Toshmat aka bir sapchib tushdi. – Shu kishi-ya? – Keyin ovozini pastlatib soʻradi. – Eshitib qolmadilarmi ishqilib?

– Menimcha, eshitdilar, – dedim “shumlik” qilib. – Qarang, qovoqlarini solib oldilar. Ie, koʻzlariga yosh ham keldi shekilli, ishqalayaptilar…

Toshmat aka dovdirab qoldi. Darrov domlaning choyini yangiladi. Issiqqina non olib bordi.

– Ishqilib koʻngillari ogʻrimagan boʻlsin-da, – dedi qaytib kelib.

– Hozir indamay qoʻya qoling, jahllaridan tushsinlar, kechqurun uzr soʻraysiz, – dedim.

Kechqurungi ziyofatda Toshmat aka nozik mehmonlar davrasida oʻtirgan domlaning oldiga serqatnov boʻlib qoldi. Hali gazakni yangilaydi. Hali shoʻrva olib boradi.

Domla oʻtirgan davra yoniga borib “Kamchiliklar yoʻqmi?” deb soʻragan edim, Ozod aka noroziroq ohangda javob qildi:

– Kamchilik yoʻgʻ-u, bitta narsa ortiqchalik qilib turibdi. Anavi odam muncha boshni qotiradi? Har minutda kelaveradimi?

– Kim?

– Hov anovi doʻppili odam.

– E, umi? – dedim beparvolik bilan. – Mahallamizning shoiri-ku.

Nariroq borishim bilan Toshmat aka pildirab keldi.

– Domla xafamasmilar ishqilib?

– Xafa emaslar-ku, tarvuz soʻrayaptilar (bilamanki, domla tarvuzni jinidan yomon koʻradi).

Toshmat aka birpasda allaqayerdan kattakon tarvuz topib chiqdi. Ikkiga boʻlib “kosa” qildi. Domlaning tepasiga borib uzoq turib qoldi. Allanimalarni gapirdi. Oxiri Ozod aka qoʻlini paxsa qilib bir nima degan edi, tarvuzni koʻtargancha nari ketdi.

Aylanib yana oʻsha davraga bordim.

– Xudo xayringizni bersin, anavi odamga ayting! – dedi domla tajang boʻlib. – Gapni gapga qovushtiradimi-yoʻqmi?

– Shoir-da, shoir! – dedim yupatib. – Sizga ixlosi baland ekan, kitoblaringizni “suv” qilib ichib yuborgan ekan.

– Ixlosi uchun rahmat! – dedi Ozod aka battar tutoqib. – Nega muncha xiralik qiladi? Ikki gapning birida, kechiring, deydi. Niyati nima oʻzi?

– Nima boʻlardi! – dedim men ham “zarda” bilan. – Oʻttiz yildan buyon yozgan sheʼrlarini toʻplab yurgan ekan. Qirq bitta obshiy daftar boʻpti. Domla shuni opketsalar, deyapti.

Shunday dedim-da, burilib ketaverdim.

Toshmat aka tagʻin yoʻlimni toʻsib chiqdi.

– Yana domlaning jahllari chiqyapti shekilli?

– Shunaqaga oʻxshaydi, – dedim oʻylanib. – Endi bir ish qilasiz. Domla shoirlarni yaxshi koʻradilar. Men ham shoirman, deb qoʻya qolasiz. Shunda xursand boʻladilar.

Bu safar kabobni ikkovlashib olib bordik.

– Kechirasiz, domlajon… – dedi Toshmat aka laganni domlaning roʻparasiga qoʻyib – Bizdan xafamasmisiz ishqilib?

Domla “yana keldingmi?” degandek chimirilgan edi, Toshmat aka ovozini baralla qoʻyib shangʻilladi:

– Ammo-lekin, domlajon, shigʻirni boplaysiz-da! Men sizni gʻazallarizni yigʻlab-yigʻlab oʻqiyman! U yogʻini soʻrasangiz, domlajon, oʻzim ham shoirman, gʻazal-pazal, shigʻir-pigʻir deganday…

– Choʻrt poberi! – Ozod aka oʻrnidan turib ketdi. – Men bu yerga sizning shigʻiringizni eshitishga keldimmi? Odamni oʻz holiga qoʻyasizmi-yoʻqmi?

Oʻshandan beri Toshmat aka har koʻrganda “Domla mendan xafamasmilar?” deb soʻraydi. Ozod aka esa “Shoir qoʻshningizga ayting, Xudo xayrini bersin, shigʻirini opkemasin”, deydi.

 

Oʻtkir HOSHIMOV

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.